ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

“Dinshunoslik” fani asosida yoshlar ongida dunyoviylik va diniylik muvozanatini ta’minlashning ahamiyati

Mirakbarova Dildora

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUAMMO VA YECHIMLAR

“Dinshunoslik” fani asosida yoshlar ongida dunyoviylik va diniylik
muvozanatini ta’minlashning ahamiyati

Mirakbarova Dildora,
Oriental universiteti dotsent v.b.,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Annotatsiya: Har bir insonning moddiy ehtiyojlari bor bo‘lgani kabi, ma’naviy
ehtiyojlari ham mavjud. Ikkisining ham inson kamolotida o‘rni beqiyos. Ma’naviy
ehtiyojlarimizdan biri – din hisoblanadi. Din to‘g‘risida olib borilgan ilmiy ishlar
natijasidan ayon bo‘ladiki, dindorlik butun bashariyatning umumiy sifati bo‘lib, unda
qadimgilar ham, hozirgilar ham barobardir. Bu jarayonlar har bir davrda o‘ziga xos
ko‘rinishda namoyon bo‘lgan va taraqqiy etgan. Yangi O‘zbekistonda olib
borilayotgan tadqiqotlar va islohotlar esa ham diniy, ham dunyoviy bilimlar hamda
qadriyatlarning mushtarakligini ta’minlashdan iboratdir.

Kalit so‘zlar: Yoshlar, diniy bag‘rikenglik, “Dinshunoslik” fani, ta’lim, tarbiya,
diniylik, dunyoviylik, bilim, qadriyat.

Annotation: Everyone has material as well as spiritual needs. Both of them play
an incomparable role in the development of humanity. One of our spiritual needs is
religion. From the results of scientific works on religion it is clear that religiosity is a
common quality of all humanity, both ancients and moderns are equal in it. These
processes manifested and developed in their own way in each era. Research and
reforms carried out in the new Uzbekistan are aimed at ensuring a commonality of both
religious and secular knowledge and values.

Keywords: Youth, religious tolerance, the science of “Religious studies”,
education, upbringing, religiosity, secularism, knowledge, value.

Yangi O‘zbekiston millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga
tayangan holda o‘z hududida barcha uchun tenglik va vijdon erkinligini ta’minlaydi.
Ushbu tamoyillar xalqimiz uchun yot tushuncha bo‘lmay, balki uning azaliy bo‘lgan
milliy va diniy qadriyatlarini ifodalaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganlaridek, «...Bizning davlatimiz ko‘p millatli va ko‘p
konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat
vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz,
xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an’analari muhim rol
o‘ynamoqda».[1:464]

O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat bo‘lib, asosiy Qomusimizning 35-
moddasida «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga
e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni
majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi»,[2] deb belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi aholisining 94% islom diniga, 3,5% ga yaqini esa
boshqa diniy konfessiyalarga mansub kishilarni tashkil etadi. Respublikamizda 16
diniy konfessiya mavjud bo‘lib, diniy konfessiyalar asosida 2276 ta diniy tashkilot

MUAMMO VA YECHIMLAR

faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2093 tasi islomiy, 166 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6
tasi bahoiylik tashkilotlari, 1ta Krishnani anglash jamiyati va 1 nafar budda
ibodatxonasi mavjud. Bundan tashqari, Respublikamizda konfessiyalararo Bibliya
jamiyati ham faoliyat yuritmoqda.

«Din» so‘zi «itoat», «parhez», «e’tiqod», «hisob», «ishonch», «mukofot»,
«hukm», «yo‘l tutish» degan ma’nolarni bildiradi. Din ilohiy yo‘l-yo‘riqlar, Alloh
taolo buyurgan hukmlar, ibodatlar va aqidalar majmuidir.[4:7] Diniy dunyoqarashga
ko‘ra, dunyo, tabiat, insonni “Boriy” sifatiga ega bo‘lgan, ya’ni yo‘qdan paydo
qilguvchi Alloh taolo yaratgan, degan aqidaga amal qilinadi. Inson og‘ir holatga
tushganda beixtiyor Alloh taolodan yordam so‘raydi, oh-u nola chekadi, Unga duo
qilib, Uning yordami bilan mushkul vaziyatdan chiqa olishiga ishonadi. Qaysi diniy
ta’limot bo‘lishidan qat’iy nazar, dindorlik, Allohning borligiga bo‘lgan e’tiqod
insonning qon-qoniga singib ketgan. Insonning Alloh taologa, yaxshilikning
mukofotlanishi va yomonlikning muqarrar jazoga tortilishiga bo‘lgan ishonchi uni
doimo to‘g‘ri yo‘lga boshlab, yomon illatlardan asraydi.

O‘zbekiston Respublikasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi»
qonunining 8-moddasida «Ta’lim tizimi va din» munosabatlari tartibga solingan
bo‘lib, unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgandir.
Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta’lim
muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining
dunyoviy ta’lim olish huquqi, ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar,
ta’minlanadi. Har kim diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olish
huquqiga ega» [3] deb belgilangan. Vatanimizda biror bir dinga oid bo‘lgan fanlar
diniy ta’lim muassasalarida chuqur o‘rgatiladi. Lekin dunyoviy tusdagi ta’lim
muassasalarida ham yoshlarni turli noqonuniy harakatlarga tushib qolishlarini oldini
olish, mafkuraviy kurashlardan ularni himoya qilish, o‘ziga xos ma’naviy immunitet
hosil qilish maqsadida «Dinshunoslik» fani o‘quv dasturlaridan joy olgan.

Lekin, afsuski, ma’lum bir vaqt, aniqrog‘I, 4-5 yil davomida oliy ta’lim
muassasalarida nomutaxassis bo‘lgan talabalar o‘quv yuklamasidan ijtimoiy fanlar
qisqartirildi, «Dinshunoslik» fani esa olib tashlandi. Ba’zi olimlar tomonidan ijtimoiy
fanlarni faqatgina ushbu soha mutaxassislari egallashlari lozim, qolgan nomutaxassis
yo‘nalishlarga ushbu bilimlar zarur emas degan fikr ilgari surildi. Oradan o‘tgan 4-5
yil muddat ushbu fikri noo‘rin ekanligini, har bir talaba yoshlar uchun ijtimoiy fanlar,
jumladan, «Dinshunoslik» fani naqadar ahamiyatli ekanligini isbotladi. Aslida,
bugungi shiddat bilan kechayotgan zamonimizda axloqiy, diniy va huquqiy normalarni
o‘zaro uyg‘unlikda hayotimizga tatbiq etish, ularni yoshlarga tushunarli tarzda
yetkazish turli nizoli vaziyatlarni, jumladan diniy, oilaviy, ijtimoiy munosabatlarda yuz
berishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida qadimgi diniy tasavvurlar,
milliy va dunyoviy dinlar tarixi, shakllanish jarayoni, ta’limotini o‘rganishdan tashqari
zamonaviy diniy oqimlar, diniy sektalar, noqonuniy diniy faoliyat, diniy ekstremistik
harakatlar va ularning asl mohiyati, diniylik va dunyoviylikning muvozanatini topish
kabi mavzularda darslar olib boriladi.

MUAMMO VA YECHIMLAR

Dinshunoslik fani darslarini talaba yoshlarga qanchalik qiziqarli, tushunarli
bo‘layotganini bilish hamda ushbu fanni o‘tishda yana nimalarga e’tibor qaratishni
o‘rganish maqsadida pilotaj, ya’ni sinov ko‘rinishida kichik anonim so‘rovnoma
o‘tkazdik. Ushbu anonim so‘rovnomada Toshkent davlat agrar universitetining ikkita
patok («Yurisprudensiya (qishloq xo‘jaligi huquqi») va «O‘simliklar karantini va
himoyasi») yo‘nalishlaridagi 9 ta guruh talabalari ko‘ngilli tarzda ishtirok etdilar.
So‘rovnoma ochiq strukturali holatda bo‘lib, talabalardan o‘z fikr-mulohazalarini erkin
bayon etishlari so‘raldi.

So‘rovnomada 77 nafar ishtirokchi qatnashdi. Unda ishtirok etgan talabalarning
52 tasini (67,5%) qizlar tashkil etsa, 25 tasini (32,4%) yigitlar tashkil etdi.
Respondentlarning yoshi so‘ralgan bandga ishtirokchi yigitlar 18-21, qizlar esa 18-23
atrofidagi yosh ko‘rsatkichlarini yozishgan.

«Dunyoviylik atamasini siz qanday tushunasiz?» degan savolga talabalar ushbu
atamani insonlarga xoslagan holatda tushuntirishga harakat qilishgan. 13 ta (16,8%)
respondent «Zamon bilan hamnafaslik bilan birgalikda diniy bilimga ega inson», 3 tasi
(3,8%) «Din va zamonaviylikni o‘zaro bog‘lay olgan inson», 8 nafari (10,3%)
«Dunyoviy bilimni egallagan o‘qimishli inson», 10 ta (12,9%) ishtirokchi «Faqat
zamon bilan hamnafas inson», 3 nafari (10,3%) «Dinga qaramaslik, boshqa
davlatlarning yashash tarziga taqlid qilish», 4 nafar (5,1%) respondent «Dinga
sig‘inmaydigan, kiyimlari ham Yevropacha bo‘lgan inson», 1 tasi (1,2%) «Har bir
millat o‘z millatiga mansub kiyinishi va hokazolarni tushunaman», 3 tasi (10,3%)
«Musulmon bo‘lmagan odamlarni tushunaman» deb javob berganlar.

«Diniylik atamasini siz qanday tushunasiz?» degan savolga esa 18 ta respondent
(23,3%) «Islomdagi farz va sunnatlarni o‘z vaqtida bajaradigan insonni», 3 ta (10,3%)
ishtirokchi «Avvalo tashqi ko‘rinishi, misol, o‘g‘il bolalarni soqol qo‘yishi, qizlarni
hijob o‘rashi»ni, 8 tasi (10,3%) «Faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladigan pok iymonli
inson»ni, 5 tasi (6,4%) «Dinda belgilangan tartibda hayot kechirish»ni, 2 nafari (2,5%)
«Qalban dinga bo‘lgan e’tiqod»ni, 2 tasi (2,5%) «Dunyodan uzilgan va faqat diniy
hayot kechiradigan insonni tushunaman», 3 ta (10,3%) ishtirokchi «Faqat musulmon
bo‘lgan odamni tushunaman» deb javob berganlar.

Bizning fikrimizcha, «dunyoviylik» tushunchasi «insonparvarlik», «vijdon
erkinligi», «tolerantlik» kabi prinsiplarga asoslanib, biror-bir diniy qarash, g‘oyani
barcha xalqlar, millatlar uchun asos qilib olmaslik tamoyilini o‘zida mujassam etadi.
«Diniylik» esa insonning qalbi, ruhiyati, emotsional holati bilan bog‘liq tushuncha
bo‘lib, u inson kamolotiga hissa qo‘shadi, jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga
soladi va unda ezgu fazilatlarning keng yoyilishiga xizmat qiladi.

«Asosan dinga oid ma’lumotlarni qaysi manbaalardan olasiz?» degan savolimizga
talabalardan 21 nafari (27,7%) kitoblardan ma’lumot olishini, 4 tasi (5,1%) uyidagi
yoshi kattalar, ota-onasidan so‘rashini, 1 nafari (1,2%) «Instagramdan», 8 tasi
«Islom.uz saytidan», 1 tasi (1,2%) «Muslim.uz saytidan», 1 tasi (1,2%) «Oyat.uz
saytidan», 14 nafari (18,1%) «Youtube yoki domlalar ma’ruzalaridan», 8 tasi (10,3%)
«Googledagi turli xil saytlardan» ma’lumot olishlarini aytishgan. 1 nafar (1,2%) talaba
dinga oid umuman ma’lumot qidirmasligini aytgan. Talabalar dars davomida Din

MUAMMO VA YECHIMLAR

ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan e’lon qilingan qonuniy va noqonuniy bo‘lgan
saytlar ro‘yxati bilan tanishtirilgan. Lekin, afsuski, ayrim talabalar mafkuraviy
xurujlarni hali ham jiddiy inobatga olmasdan Googledagi ma’lumotlari tekshirilmagan
turli saytlar bilan kifoyalanib qolayotganlari achinarli hol.

«Dinshunoslik fani haqida qanday xulosaga keldingiz?» degan bandga
talabalarning 36 nafari (46,7%) ushbu fan juda kerakli ekanligini qayd etishgan. 2 tasi
(2,5%) fanga qiziqtira olish ko‘p hollarda ustozning darsni sodda va tushunarli qilib
yetkaza olish qobiliyatiga bog‘liq ekanligini aytgan.

«Nima deb o‘ylaysiz, inson ham diniy, ham dunyoviy hayotni birdek olib borishi
mumkinmi?» degan savolga 32 ta (41,5%) respondent «Dunyoviy va diniy bilimni bir
vaqtda olib borish mumkin. Bu foydali, ikkala jihat ham insonga kerak» deb javob
berdilar. 8 nafar (10,3%) ishtirokchi «Ha mumkin, bu odamni o‘ziga bog‘liq» degan
bo‘lsa, 4 ta (5,1%) talaba «Mumkin emas, chunki islomda taqiqlangan kasblar bor, agar
dunyoviy hayot kechirsangiz dinga zid bo‘lgan ishlarni qilishingizga to‘g‘ri keladi»
deganlar.

Bizning fikrimizcha, dunyoviy va diniy bilimlar uyg‘unligi har bir soha rivojiga
ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. «Diniylik» va «dunyoviylik» tushunchalari dunyo, inson
hayotining mohiyatiga o‘ziga xos tarzda qarash, munosabat bildirish usuli sanaladi. Bu
ikki tushuncha bir-biriga zid emas, balki ular asosida olingan bilimlar bir-birini yanada
to‘ldirib, qo‘llanilayotgan sohani muvozanatga keltira oladi.

Talabalardan fan bo‘yicha taklif va tavsiyalari so‘ralganda ular quyidagi fikrni
keltirganlar: 8 nafar (10,3%) respondent «Domla, imomlar bilan uchrashuvlar, master
klasslar tashkil etishni yoki masjid, cherkovlarga amaliy tashrif buyurishni»
xohlashlarini aytganlar. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalaridan ma’lum bo‘ladiki,
talabalarda dinga oid mavzularga qiziqish kuchli. Ularning qiziqishlarini to‘g‘ri yo‘lga
yo‘naltirish, fikr-mulohazalarini obyektivlashtirish, axborotdan foydalanish
ko‘nikmasini hosil qilish lozim.

Chiroyli, namunali tarbiyani diniy ta’limotlarsiz, ularda belgilangan komillik
mezonlarisiz tasavvur qilish qiyin. Zero, har bir insonparvarlikni targ‘ib qiluvchi din
odamlarda insoniy fazilatlarni shakllantirishga, mehr-muruvvatga, axloq-odob
qoidalariga rioya qilishga undaydi.

Adabiyotlar ro‘yxati:
1. Mirziyoyev Sh.M. «Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib,
yangi bosqichga ko‘taramiz». 1-jild. – Toshkent: «O‘zbekiston» nashriyoti, 2017 yil.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. https://lex.uz/docs/6445145
3. O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar
to‘g‘risidagi» 699-son qonuni. https://lex.uz/docs/5491534.
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Mo‘minning me’roji” Mufassal
namoz kitobi. – Toshkent: “HILOL-NASHR” nashriyoti, 2018 yil.