MUAMMO VA YECHIMLAR
Kaykovusning “Qobusnoma” asarida barkamol shaxs tarbiyasi
Mirsagatova Nargiza
Oriental universiteti Pedagogika fakulteti katta o‘qituvchisi,
Annotatsiya: Ushbu maqola Kaykovusning “Qobusnoma” asariga bag‘ishlangan
bo‘lib, unda barkamol avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashning mazmun -
mohiyati yoritilgan. Maqolada barkamol shaxs tarbiyasiga oid misollardan atroflicha
foydalanilgan.
Kalit so‘zlar: barkamol shaxs, pand-nasihat, ruhiy hissiyot, mehnat, ilmiy
yangilik.
Аннотация: Данная статья посвящена произведению Кайковуса
«Кобуснома», в котором с духовно-нравственной точки зрения раскрывается
содержание и сущность воспитания зрелого поколения. В статье широко
используются примеры совершенного воспитания личности.
Ключевые слова: совершенная личность, совет, духовное чувство, труд,
научная инновация.
Abstract: This article is dedicated to the work "Kobusnoma" by Kaikovus, in
which the content and essence of raising a mature generation from a spiritual and moral
point of view is explained. In the article, the examples of perfect personality education
are extensively used
Key words: perfect personality, advice, spiritual feeling, work, scientific
innovation.
Bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama barkamol, ma’naviy va moddiy
hayot uyg‘unligi fazilatlarini o‘zida mujassam etgan shaxslar sifatida tarbiyalash
ta’lim-tarbiya tizimining dolzarb masalasidir.
Ushbu masalaning yechimlaridan biri sifatida X-XI asrning yirik namoyandasi
Unsuralmoniy Kaykovusning “Qobusnoma” asariga to‘xtalmoqchimiz. Asardan
oldimizga qo‘yilgan vazifani, ya’ni ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi fazilatlarini
egallagan shaxslarni tarbiyalashda samarali foydalanish mumkin. “Qobusnoma”
Kaykovusning o‘g‘li Gilonshohga pand-nasihatlar tarzida yozilgan asar bo‘lib, har bir
bob ta’lim-tarbiya borasida o‘ziga xos ulkan ne’matdir.
Asarning “Mol jam etmoq zikrida” deb nomlangan bobida shaxsda ma’naviy va
moddiy hayot uyg‘unligi fazilatlarini rivojlantirishda o‘ziga xos fikr-mulohazalar
yuritiladi. Masalan:
“Ey farzand, o‘zingni mol jam etmakdin g‘ofil tutmag‘il va lekin har narsani
etmak tilasang jahd qilg‘il, toki halollik bila jam bo‘lsun va hamisha senga boqiy
hamda yoqimli bo‘lsun” [3]. Bu orqali alloma har bir insonni boy-badavlat hayot
kechirish uchun dangasa bo‘lmasdan mol to‘plashga chorlaydi, lekin boylikka halollik
yo‘li bilan erishish lozimligini va bunda to‘plagan boyliklari unga yoqimli bo‘lishini
uqtiradi. Yoki:
MUAMMO VA YECHIMLAR
“Jam etg‘ondin so‘ng yaxshi saqlag‘il va har botil ish uchun uni qo‘ldin
bermag‘il, nedinkim saqlamoq yig‘ishdin mushkuldir. Agar kerak vaqtda zarur ish
uchun olib xarj qilib uni o‘rnini to‘ldirg‘il... Molni doimiy turar deb unga ko‘ngil
qo‘ymag‘il. Toki biror vaqt u yo‘q bo‘lsa tangdil bo‘lmag‘aysan” [3].
Kaykovusning yuqoridagi fikrlari orqali shaxsda moddiy boylikka nisbatan ongli
munosabatni tarbiyalash uchun xizmat qilishi mumkinligini ko‘rish qiyin emas.
Fikrimizning isboti sifatida yana bir misol:
“Agar molsizlikdan qashshoq bo‘lsang, aqldan boy bo‘lmoqqa harakat qil,
chunki mol bila boy bo‘g‘ondan aql bila boy bo‘lg‘on yaxshiroqdir. Aql bila mol jam
etsa bo‘lur, ammo mol bila aql o‘rganib bo‘lmas. Bilg‘ilki, aql bir qimmatbaho narsaki,
uni o‘g‘ri ololmas, u o‘tda yonmas va suvda oqmas” [3].
Adib insonlarning eng yaxshi fazilatlarini ularning, xulq-atvorini xislatlarini ham
uch xilga bo‘ladi: aql, to‘g‘rilik, juvonmardlik (insonparvarlik, saxiylik, qo‘li
ochiqlik). Kaykovusning fikricha, insonlarning hammasi shunday sifatlarga ega
bo‘lishni istaydilar, lekin bu xislatlarga hamma ham erisha olmaydi. Chunki ulardagi
ba’zi xislatlar: jumladan, sustkashlik, befahmlik, hovliqmalik uning yaxshi xislatga
erishishidagi, ya’ni ma’naviy barkamollik yo‘lini berkitib qo‘yadi. Demak, Kaykovus
hamma masalaga insonning o‘zi sababchi deb hisoblaydi.
Kaykovus insonning ruhiy dunyosini ikki guruhga bo‘ladi: jismoniy sezgini, ya’ni
hid bilish, eshitish, ko‘rish, ushlab ko‘rish ta’m bilish sezgilarini “modda” bilan ruhiy
hissiyotni, ya’ni tafakkur, yod olish, so‘zlamoq, xayol kabilarni “jon” bilan bog‘laydi.
Birinchisi, moddiy hayot, ikkinchisini ruhiy hayot natijasi deb ko‘rsatadi. U bu
xususiyatlarni inson aqli bilan uyg‘unligini e’tirof etadi va juvonmardlik,
donishmandlik, o‘sish, oliyjanoblik - bularning hammasi oliy aql tashabbusi bilan
insonda shakllanadi, deb qaraydi va tan jon bilan, jon nafas bilan, nafas aql bilan
tirikdir, degan xulosaga keladi. Nafsni jilovlay bilish insonga xos zaruriy fazilat
ekanligini quyidagicha talqin etadi.
“Agar moling ko‘p bo‘lsa, uni taqdir va tadbir bila ishga yaratg‘il. Nedinkim
taqdir va tadbir bila yarolg‘on ozgina mol taqdirsiz va tadbirsiz ko‘p moldin
yaxshiroqdir”. Yana “Agar mol oz bo‘lsa ham yaxshi saqlamoqni vojib bilg‘ilki, har
kishi oz narsani saqlay olmasa, ko‘p narsani ham saqlay olmag‘usidur. Mol jam etarda
kohinlik qilmag‘il, bu badbaxtlikning shogirdidur. O‘zingga ranj berg‘il, ya’ni o‘zing
mashaqqat tortg‘il, nedinkim mol qiyinchilik bila yig‘iladi va kohinlik bila yo‘q bo‘lur.
Donolar debdurlarki: “Harakat qiling, to obodon bo‘lg‘aysizlar va ozga qanoat qiling,
toki mollaringiz ko‘p bo‘lg‘ay, yumshoq tabiatli va shirin so‘z bo‘ling, do‘stingiz ko‘p
bo‘lg‘ay” [3].
Endi quyidagi fikrga diqqatimizni qaratsak. Bunda:
“... mol har qancha aziz bo‘lsa ham uni do‘stlardin darig‘ tutmag‘il. Har holda
molni go‘ringga olib bormagungdur. Ammo daxling na chog‘liq bo‘lsa, xarjing ham ul
miqdor bo‘lsun. Shunda senga qashshoqlik mashaqqati yuzlanmag‘ay. Har kishiki
xarjini daxlini oz qilsa, hech vaqt qashshoq bo‘lmagay.
Bor molingga qanoatda bo‘lg‘il, qanoat tugalmas ganjdur va senga taqsim etilg‘on
nasiba, kundalik ovqat senga, albatta yetishgusidir” [3].
MUAMMO VA YECHIMLAR
To‘g‘ri, deydi alloma, mol yoqimli, azizdir, lekin u har qancha aziz bo‘lsa-da uni
o‘zing bilan go‘rga olib ketolmaysan. Daromading qancha bo‘lsa, shunga qarab xarajat
qilsang, hayoting yomon bo‘lmaydi, kambag‘al bechora ham bo‘lib qolmaysan. Boriga
shukur qilsang, ertasi kungi nasibangni topasan, ko‘nglingni xotirjam qil, demoqchi
bo‘ladi.
Shu bilan birga, “Qobusnoma” asari insonga to‘g‘ri ro‘zg‘or tebratish yo‘llarini
ham o‘rganish mumkinligidan darak beradi. Bunday xulosaga kelishimizga quyidagi
pand-nasihatlarni asos qilib oldik.
“... Ro‘zg‘oringning zaruriy ishlarida taqsir nuqson ko‘rguzmag‘il. Joningg‘a
jabr qilmag‘il: mol har nechakim azizdur, ammo joningdan aziz emasdur. Mol jam
etmakda xato qilmag‘il, har odam o‘z ishida xato qilsa saodatdan mahrum bo‘lg‘ay...
muddaolaridin bebahra qolg‘ay, nedinkim, rohat mehnatdadur. Shundoqki, bugunning
rohati kechagi mehnatning natijasidur” [3].
Bu mulohazalar har bir insonni ro‘zg‘or ishlariga o‘ta e’tiborli bo‘lishga,
ro‘zg‘orning to‘kis bo‘lishi uchun doim mehnat qilish lozimligini uqtirib, kechagi
mehnatning natijasi bugungi totli rohat ekanligini tushuntiradi. Topgan molingning
ikki qismini oilaga, ya’ni ro‘zg‘orga sarflashni va qolganini o‘z ehtiyoji uchun sarflash
mumkin deydi. Mana bu fikrlardan ta’lim-tarbiya jarayonida mahoratkorona, o‘rinli
foydalanish orqali oilaparvarlik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan shaxslarni
tarbiyalash uchun dasturulamal bo‘la oladi.
Kaykovusning “Qobusnoma” asarini tahlil qilib, har bir bobni yoritishda o‘ziga
xos hikoyatlardan mohirona foydalanganini ko‘rishimiz mumkin. Quyida biz “Tijorat
va bozorgonlik rasmi zikrida” deb nomlangan bobdagi bir hikoyatni keltirishni lozim
deb topdik, chunki bu hikoyat biz mulohaza yuritayotgan, ya’ni shaxsda ma’naviy va
moddiy hayot uyg‘unligi fazilatlarini tarbiyalash masalasiga oydinlik kiritish uchun
xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.
Hikoyat: Shundoq eshitdimki, bir kishini qo‘ylari bag‘oyat ko‘p edi. U har kuni
qo‘ylarini sog‘ib, har na hosil bo‘lg‘on sutni qo‘y egasining oldiga kelturur erdi. Qo‘y
egasi ul sutga yarim hissa suv qo‘shib, cho‘ponga sotg‘il deb berur erdi. Cho‘pon unga
bundoq nasihat berur erdi: “Ey xo‘ja, musulmonlarga xiyonat qilmag‘ilki, o‘zingga
zarar yetkarursan”. Ul kishi cho‘ponning nasihatini eshitmadi va ul ishni qilur erdi.
Bir kecha bahor vaqtida cho‘pon qo‘ylarni osoyishi uchun bir sel oqadig‘on past
joyga qo‘ymish va o‘zi baland joyga chiqib, uyquga bormish erdi. Ittifoqo ko‘p
yomg‘ir yog‘ib, sel oqib kelib qo‘ylarni oqizib ketdi va barcha qo‘ylar halok bo‘ldi.
So‘ngra cho‘pon shaharga keldi. Qo‘y egasi unga dedi: “Bugun nima uchun sut
kelturmading?” Cho‘pon dedi: “Ey xo‘ja, men senga necha bor: “Sutga suv
qo‘shmag‘il, oxirini o‘ylag‘il”, - dedim. Lekin mening so‘zimni hargiz eshitmading.
Oxiri sutga qo‘shg‘on suvlaring hammasi yig‘ilib, o‘tgan kecha bir sel bo‘lib shunday
oqdiki, hamma qo‘ylarni oqizib ketdi”.
Bas, ey farzand, xiyonatdin qochg‘ilki, har kishi bir martaba xiyonat qilsa, unga
hech odam aslo e’timod qilmas. Rostlikni pesha qilki, norostlik ulug‘ qaroqchilikdur.
Olmoq va sotmoqda muloyim bo‘lg‘il va kishiga va’da qilmag‘il, agar va’da qilsang
xilof etmag‘il. Olg‘uvchi odamga yolg‘on so‘z demag‘il va agar so‘z desang, rost
MUAMMO VA YECHIMLAR
so‘zni aytg‘il... Muamalada olmoq va bermoq hujjatiga ogoh bo‘lgil, hujjat bermoq
tilasang, toki avval haqni qo‘lga olmag‘uncha hujjatni qo‘ldin bermag‘il [3].
Alloma hikoyat orqali molingga o‘zgalarning moli deb qaragin, o‘zgalarning
molini o‘z molingdan ham afzalroq, ziyodroq deb bilgin, omonatga hech qachon
xiyonat qilmagin, bu ishing hech qachon senga foyda keltirmaydi. Agar to‘g‘ri
bo‘lsang, el nazariga tushasan, xalq seni izzat-hurmat qiladi. Nopoklik, o‘zgalar moliga
xiyonat qilish sharmandalikka olib keladi va el orasida bosh ko‘tarolmay qolishingga
sabab bo‘ladi, demoqchi.
Ushbu hikoyatni baholi qudrat mulohaza qilib, “Qobusnoma” asari orqali
ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan barkamol shaxsni
tarbiyalashda nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini his qilish qiyin bo‘lmasa kerak.
Bugungi ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda o‘tmishda yaratilgan ulkan ma’naviy va
moddiy merosdan foydalanishning o‘rni va ahamiyati haqida qayta-qayta
gapirilayotgani barchamizga ma’lum.
Ana shu buyuk sharq mutafakkirlari qatori Kaykovus singari nodir iste’dod sohibi
ham bor. U qoldirgan merosni bugungi kunda o‘rganish va ularni yoshlar ma’naviy
tarbiyasida qo‘llash olimlar, pedagoglar, ustoz murabbiylar zimmasidagi eng muhim
vazifalardan biri bo‘lib turibdi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Mirziyoyev Sh. M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga
quramiz. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2017.
2. B. X. Umumiy pedagogika nazariyasi va amaliyoti. – Toshkent, 2017.
3. Kaykovus Qobusnoma. – Toshkent: “O‘qituvchi”, 1998.
4. Nishonova S. Komil inson tarbiyasi. – Toshkent: Istiqlol, 2003.