ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Tilshunoslikda assotsiativ portret atamasining mohiyati

Durdona Lutfullayeva

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUAMMO VA YECHIMLAR

Tilshunoslikda assotsiativ portret atamasining mohiyati

Lutfullayeva Durdona
Filologiya fanlari doktori, professor

Annotatsiya: Maqolada til assotsiatsiyalarining hosil bo‘lishi, assotsiatsiyalar
obyektining til egalari ongida shakllangan assotsiativ portretini tasvirlashdagi
ahamiyati yoritiladi. Shuningdek, assotsiativ verbal portret atamasining tilshunoslikda
va boshqa fanlarda qo‘llanishi, mohiyati ochib beriladi.

Kalit so‘zlar: assotsiatsiya, verbal assotsiatsiya, assotsiativ portret, lisoniy ong,
assotsiativ verbal portret, somatik leksika.

Annotation: The article highlights the formation of associations in language, the
importance of associations in describing the associative portrait of an object that has
developed in the minds of native speakers. The use and meaning of the term
“associative verbal portrait” in linguistics and other disciplines are also revealed.

Keywords: association, verbal association, associative portrait, linguistic
consciousness, associative verbal portrait, somatic lexemes.

Ma’lumki, inson biror bir voqelikni tilda aks ettirar ekan, ushbu voqelik bo‘yicha
o‘zida hosil bo‘lgan assotsiatsiyalarga ham murojaat qiladi. Deylik, til egasi biror bir
o‘simlikka, masalan, atirgulga tavsif bermoqchi. U avvalo, atirgul bo‘yicha o‘zida
mavjud bo‘lgan bilim va tasavvurlari (atirgulning qanday o‘simlik ekanligi, qayerda
o‘sishi, rangi, hidi, atirgul unda qanday tasavvurlar hosil qilganligi kabilar)ga tayanadi.
Atirgul haqidagi ushbu bilim va tasavvurlar har bir til egasida turli assotsiatsiyalarni
hosil qilishi tabiiy. Bunday assotsiatsiyalar til egalarining atirgulga tavsif berishlarida
muhim o‘rin tutadi. Atirgul bo‘yicha yuzaga keladigan assotsiatsiyalar har bir til
egasida bir-biridan farqlanishi sababli unga berilgan tavsiflar ham turlicha bo‘ladi. Bu
holat tashqi olamning tilda voqelanishi muammosi tadqiqida inson assotsiatsiyalarini
o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.

Tilshunoslikda o‘tgan asrning so‘nggi choragidan boshlab insonda til birliklariga
nisbatan hosil bo‘ladigan verbal assotsiatsiyalarni o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratila
boshlandi. Natijada til egalarida verbal assotsiatsiyalarning hosil bo‘lishi
qonuniyatlari, assotsiatsiyalarning lingvistik tabiati, funksional xususiyatlari yuzasidan
ilmiy-nazariy qarashlar shakllandi. Verbal assotsiatsiyalarning tilda aks etgan
olamning konseptual tabiatini aniqlashda ham muhim ahamiyat kasb etishi asoslandi.
Til birliklari tadqiqiga assotsiativ yondashuv verbal assotsiatsiyalarning insonning
tashqi olam haqidagi bilim va tasavvurlari, lisoniy ongi, xotirasi, leksik birliklar
zaxirasi, hatto yoshi, jinsi, kasbi, millati, jamiyatda bajaradigan ijtimoiy rollari kabilar
bilan aloqasini o‘rganishga yo‘l ochdi.

Keyingi yillarda ushbu sohada til egalari ustida jamoaviy tarzda o‘tkaziladigan
assotsiativ tajribalar asosida tashqi olamning til egalari ongidan o‘rin olgan lisoniy
obrazi (portreti)ni aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda, ayniqsa,
jamiyatda ko‘zga ko‘ringan mashhur kishilar (xalq qahramonlari, adiblar,

MUAMMO VA YECHIMLAR

siyosatchilar, san’at, madaniyat ahllari kabilar) yoki biror bir millatning til egalari
ongida hosil bo‘lgan assotsiativ portretini aniqlash va unga lingvistik tavsif berish
dolzarb muammodir. Bunday assotsiativ portretlar til birliklarining assotsiativ
xususiyatini ochib berishi bilan birga, muayyan kishilarning jamiyat a’zolari
tasavvuridagi obrazini yaratishga, ular haqidagi tasavvurlarni umumlashtirishga
xizmat qiladi.

Ma’lumki, assotsiativ portret atamasi dastlab psixolingvistik aspektdagi
tadqiqotlarda insonning psixologik tasavvurlariga asoslangan portretini tasvirlashda
qo‘llangan. Keyinchalik bu atama assotsiativ tilshunoslikda ham ishlatila boshladi.

Assotsiativ portret atama tarkibidagi portret so‘zi fransuzcha “portret” so‘zidan
olingan bo‘lib, “biror bir narsaning tasviri” ma’nosini anglatadi. Portret so‘zi dastlab
har qanday obyekt tasviriga nisbatan ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ko‘plab fan
sohalarida inson obrazi tasviriga nisbatan ham qo‘llanmoqda. Jumladan, tasviriy
san’atda biror bir shaxs yoki kishilar guruhining ichki dunyosi, ruhiyatini ochib
berishga qaratilgan tashqi qiyofasi tasviriga nisbatan portret atamasidan foydalaniladi
[1:4]. Ushbu fan sohasida portret mustaqil janrni anglatuvchi atama bo‘lib, modelning
vizual jihatdan obrazini yaratish maqsadini ko‘zda tutadi. Bunday portretda aniq
shaxsning haqiqiy holatdagi tashqi qiyofasi aks etadi [2].

Psixologiyada turli tipdagi kishilarning psixologik portretini hosil qilishda portret
atamasidan foydalaniladi va u “insonning muayyan tavsiflari yig‘indisi”ni anglatadi [3].

Badiiy adabiyotda adabiy portret atamasi uchraydi. Bu atama adabiyotda
“personaj tashqi qiyofasining tavsifi, tasviri”ga nisbatan ishlatiladi va personaj fe’latvorining yozuvchi eng muhim deb hisoblagan jihatlarini ochib berishga xizmat qiladi [4].

Lingvistikada, psixolingvistika va assotsiativ tilshunoslikda assotsiativ portret
atamalari ishlatiladi. Masalan, M.R.Badriddinova nomzodlik dissertatsiyasida
assotsiativ portret atamasidan foydalanib, tatar tili misolida assotsiativ stomatologik
portret tushunchasiga tavsif bergan [5:31]. Uning qayd etishicha, “stomatologik portret
o‘zinikini o‘zgalardan ajratishga imkon beradigan hamda o‘ziga va boshqalarga
muvofiq bo‘lgan tafsilotlarni beruvchi hisobning muayyan boshlang‘ich nuqtasi
sanaladi” [6:8].

Ushbu ishda tadqiqotchi inson gavda tuzilishini tasvirlovchi lisoniy portretga
nisbatan assotsiativ somatologiki portret atamasini qo‘llagan. Undan oldinroq
M.R.Qurbonaliyeva ham maqolasida inson gavda tuzilishining lisoniy tasviriga
nisbatan somatologiki portret atamasidan foydalangan [7:45-69].

Ma’lumki, assotsiativ portret atamasi “obyektning inson assotsiatsiyalari asosida
hosil qilingan tashqi qiyofasi”ni anglatadi. Ushbu atama tarkibida qo‘llangan
assotsiativ so‘zi tilshunoslikda “til birliklarining bir-birini yodga tushirishi, xotirada
tiklashi”ga nisbatan ishlatiladi.

Tilshunoslikda assotsiativ portret atamasini adabiyot va tasviriy san’at sohalarida
ishlatiluvchi atamadan farqlash maqsadida assotsiativ verbal portret atamasi ham
qo‘llaniladi. Bu o‘rinda verbal atamasi “tashqi olamning til vositalarida aks
ettirilishi”ga nisbatan ishlatiladi. Demak, assotsiativ verbal portret deganda
“obyektning inson assotsiatsiyalari asosida hosil qilingan lisoniy qiyofasi” tushuniladi.

MUAMMO VA YECHIMLAR

Biror bir obyektning inson ongida hosil bo‘lgan assotsiativ portretini aniqlashda shu
obyekt bo‘yicha kishilarda yuzaga kelgan assotsiatsiyalarga murojaat qilinadi. Insonda
bunday assotsiatsiyalar obyektni ko‘rish yoki nomini eshitish, o‘qish orqali idrok
etilishi natijasida hosil bo‘ladi. Assotsiatsiyalarga turtki beruvchi obyekt assotsiativlisoniy tasvir obyekti sanaladi. U inson tomonidan hissiy, aqliy usullarda idrok
etilgandagina assotsiatsiya obyektiga aylanadi. Bunday obyekt narsa-predmetlar,
kishilar va boshqa jonzotlar, o‘simliklar, davlatlar, shahar, qishloq kabi obyekt
nomlaridan tashkil topishi mumkin. Masalan, til egalarining biror bir shaxs (jamoat
arbobi, siyosiy rahbar, adib, san’atkor kabi jamiyatning taniqli kishilari) yoki millat
haqida bilgan, eshitgan bilim va tasavvurlari asosida hosil bo‘lgan assotsiatsiyalari shu
shaxs yoki millatning assotsiativ verbal portretini hosil qilishga xizmat qiladi.

Tilshunoslikda muayyan bir obyektning assotsiativ verbal portreti ushbu obyekt
nomini bildiruvchi birlik bo‘yicha til egalari ustida o‘tkaziladigan assotsiativ tajriba
materiallari asosida shakllantiriladi. Shu sababli ushbu portret verbal, ya’ni til
materiallariga asoslangan tasvir hisoblanadi.

Assotsiativ verbal portretda kishilarning lisoniy tasvir obyekti haqidagi bilim va
tasavvurlari, qarashlari til vositalari orqali voqelanadi. Assotsiativ verbal portret orqali
obyektning individual va jamoa lisoniy ongidagi umumlashgan obrazi, uning o‘ziga
xos xususiyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘linadi. Shu bilan birga, tilda milliy
ongning aks etishi masalasi haqida ham muayyan xulosalar chiqarish mumkin bo‘ladi.

Tilshunoslikda til egalari ongida aks etgan muayyan shaxs (yoki millat)ning
assotsiativ verbal portretini aniqlashda ko‘pincha somatik birliklar assotsiatsiyasidan
foydalaniladi. Bu bejiz emas, albatta. Inson biror bir shaxs qiyofasini tasavvuriga
keltirar ekan, dastlab uning ko‘z oldida bu shaxsning gavda tuzilishi tiklanadi.
Insonning gavda tuzilishi uning assotsiativ verbal portretini yaxlit tasvirlashga imkon
beradi. Shu jihatdan assotsiativ verbal portret tasvirida somatik birliklar
assotsiatsiyasiga alohida o‘rin beriladi. Y.A. Sorokinning fikricha, “somatikonlar
shaxsning o‘ziga razm solishiga, vital va mental dunyosining yaxlit holda ko‘rishiga
imkon beradi” [8, 36].

Darhaqiqat, til egalarida somatik birliklar bo‘yicha hosil bo‘lgan assotsiatsiyalar
shaxsning assotsiativ verbal portretini shakllantiruvchi tayanch birliklar sanaladi.
Ammo ular shaxsning nafaqat gavda tuzilishi, balki etnik belgisi, yoshi, jinsi haqida
ham ma’lumot bera oladi. Bunday etnik portretlarda lisoniy tasvir obyekti bo‘lgan
shaxs (yoki millat) haqidagi umumlashma tasavvurlar aks etadi. Zero, somatik birliklar
bo‘yicha til egalarida hosil bo‘lgan assotsiatsiyalar etnik shartlangan bo‘lganligi
sababli ham milliy assotsiativ verbal portretlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb
etadi.

MUAMMO VA YECHIMLAR

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Левин И.Л. Портретный образ в живописной ассоциативной композиции
с введением архитектурного мотива // Учеб. метод. пособие. Нижегор. гос.
архитектурно-строительный унивеситет. – Нижний Новгород: ННГАСУ, 2020. –
106 с.
2. Бакумова Е. В. Ролевая структура политического дискурса: Дисс. ... канд.
филол. наук.
3. Бедретдинова М.Р. Характер и структура ассоциативных портретов.
Автореф. дисс. … канд. филол. наук. – Москва, 2002.
4. Бедретдинова М.Р. Характер и структура ассоциативных портретов.
Автореф. дисс. … канд. филол. наук. – Москва, 2002.
5. Курбангалиева М.Р. Татарские и русские соматологические портреты //
Язык. Сознание. Коммуникация. – № 4. – Москва, 1998. – С. 45-69.
6. Сорокин Ю.А. Антропоцентризм и антропофилия: доводы в пользу
второго понятия // Язык, сознание, коммуникация. – Москва, 1998. – Вып.4. – C.
36.