ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

O‘zbek tilshunosligida frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlariga oid tadqiqotlar

Boborajabov Muhammadiqbol Emomaliyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUAMMO VA YECHIMLAR

O‘zbek tilshunosligida frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlariga oid
tadqiqotlar

Boborajabov Muhammadiqbol
Oriental universiteti stajor-o‘qituvchisi

mboborajabov62@gmail.com

Annotatsiya: Maqolada o‘zbek tilidagi frazeologizmlarning lingvomadaniy
aspektda o‘rganilganlik darajasi ochib berilgan. O‘zbek tilshunoslarining
frazeologizmlarda aks ettirilgan lingvomadaniy xususiyatlarga bildirgan fikrlari tahlil
etilgan. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan tadqiqot ishlari va ularda keltirilgan
fikrlardan iqtiboslar keltirilgan. Iqtiboslar o‘zaro solishtirilib tahlil va munosabat
bildirilgan.

Kalit so‘zlar: frazeologizm, lingvomadaniy, kognitiv, ramz, stereotip, etalon,
stkruktural tip, onomastik komponent, antroponim, toponim, etonim, zoonim, astronim,
kosmonim, xrononim, faleronim.

Abstract: The article reveals the level of study of phraseology in the Uzbek
language in linguistic and cultural aspects. It analyzes the opinions of Uzbek linguists
on the linguistic and cultural features reflected in phraseology. It quotes research works
carried out in this direction and the views presented in them. Quotations are compared,
analyzed, and reacted upon.

Keywords: phraseologism, linguistic, cognitive, symbol, stereotype, standard,
structural type, onomastic component, anthroponym, toponym, etonym, zoonym,
astronym, cosmonym, chrononym, phaleronym.

Kirish
O‘zbek tilshunosligida frazeologizmlarni lingvomadaniy aspektda o‘rganish
asosan XXI asrning dastlabki yillarida amalga oshirila boshlandi. Chunki
lingvokulturologiya dunyo tilshunosligida mustaqil soha sifatida XX asrning 90-
yillarida ajralib chiqqan bo‘lsa-da, o‘zbek tilshunosligida XXI asrning boshlarida kirib
keldi. Lingvokulturologiyaning o‘zbek tilshunosligiga kirib kelishi ushbu sohada bir
qator tadqiqot ishlarining amalga oshirilishiga turtki bo‘ldi. Jumladan, Sh. M.
Sultonova, M.A. Rajabova, O. I. Bayagitov, R.I. Zaripova, G. S. Qurbonova, D.D.
Niyazmetova, F.S. Azizova, F. M. Mamatova va yana bir qancha tilshunoslar
tomonidan yaratilgan tadqiqot ishlari shular jumlasidandir.

Tahlil va natijalar
XXI asrgacha bo‘lgan davrda o‘zbek tilshunosligida frazeologizmlarni o‘rganish
asosan quyidagi ikki yo‘nalishda olib borildi:
O‘zbek tilidagi frazeologizmlarining ayrim struktural tiplari (masalan, fe’l
frazeologizmlar, ravish frazeologizmlar, gapga teng frazeologizmlar) maxsus o‘rganila
boshlandi;
Frazeologizmlarning badiiy-uslubiy xususiyatlarini o‘rganish, ularning ifodatasvir vositalari tizimida tutgan o‘rnini tadqiq qilishni davom ettirish;

MUAMMO VA YECHIMLAR

Bunday yo‘nalishdagi ishlarda asosan yangi ilmiy soha - frazeologiyaning
ko‘pgina o‘ziga xos muammolari o‘rganildi va o‘zbek adabiy tilining frazeologik
tarkibi yangi frazeologizmlar tahlili hisobiga boyib bordi.

O‘zbek tilidagi frazeologizmlarni o‘rganishda Sh. Rahmatullayevning xizmatlari
beqiyos. Ayniqsa, olimning 1966-yilda nashr etilgan “O‘zbek frazeologiyasining ba’zi
masalalari” nomli monografiyasi diqqatga sazovordir. Olim o‘zining ushbu ishida
frazeologizmlarning omonimlik, sinonimik, antonimik xususiyatlarini chuqur tahlil
etgan bo‘lib, bundan tashqari ularning leksik birlik sifatidagi boshqa belgixususiyatlarini ham yoritib bergan. Monografiyaning yana bir o‘ziga xos xususiyati
frazeologik omonimlar, frazeologik paronimlar va frazeologik paraformalarning farqli
jihatlari ajratib berilganligidadir. Bundan tashqari Sh. Rahmatullayev o‘zbek tilining
izohli frazeologik lug‘ati va frazeologizmlarga oid yana bir qancha ilmiy ishlarni
amalga oshirgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, olim frazeologizmlarning lingvo-madaniy
jihatlarini tadqiq etmagan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘zbek tilshunosligida lingvokulturologik sohada
amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlari oxirgi o‘n yillikda yuzaga kela boshladi. Quyida
ayrim tadqiqot ishlarida o‘zbek tilidagi frazeologizmlarning turli yondashuvlar bilan
lingvomadaniy aspektda o‘rganilishini ko‘rish mumkin.

Sh. M. Sultonova o‘zining “Diniy frazeologizmlar transformatsiyasi: semantik va
lingvomadaniy aspektlar” nomli doktorlik dissertatsiyasida frazeologizmlarning
teolingvistika obyekti sifatida o‘rganilishi ularning lingvomadaniy xususiyatlariga
bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishini ta’kidlab o‘tadi. Turkiy tillarda diniy leksikaning
o‘rganilishiga bo‘lgan e’tibor kam ekanligi, diniy frazeologik birliklarning tadqiqi
masalasi dolzarb muammolardan biri ekanligi ushbu dissertatsiyada o‘z aksini topadi.
Ushbu tadqiqot ishida o‘zbek va rus tillaridagi diniy frazeologizmlarning lisoniy tavsifi
va lingvomadaniy xususiyatlari yoritilgan. Shuningdek, tadqiqotda
frazeologizmlarning milliy-madaniy xususiyatlari, ularning olam manzarasidagi o‘rni,
milliy-konfessional xususiyatlari va aksiologik jihatlari ochib berilgan. Tadqiqotda
keltirilishicha, diniy frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlarini o‘rganish til
lug‘at fondining boyishiga, jahonshumul jarayonning tilga ta’sirini anglashga yordam
beradi. Olima o‘z tadqiqot ishida ma’lum konfessiyaga xos diniy frazeologizmlar
denotativ (asl) ma’nosi yoki milliy madaniyatning ramzlar, etalonlar, realiyalar,
stereotiplar kabi assotsiativlar orqali millatning diniy tafakkuri, dunyoqarashi
to‘g‘risidagi madaniy axborotni ifodalashini keltiradi. Masalan, o‘zbek xalqida yashil,
oq ranglar diniy urf-odatlar jihatidan ijobiy ramziylikni anglatadi. Shuning uchun
ushbu ranglarni ifodalovchi so‘zlarning frazeologik birliklarda, jumladan, diniy
frazeologizmlarda uchrashi tabiiy hol. Masalan, ko‘k kiymoq (azador bo‘lmoq); ko‘k
tashlamoq – oq kiyar qilmoq (aza davrini yakunlash); oq qilmoq (farzandining
gunohlari uchun undan voz kechmoq; oqpadar farzand (otaning qarg‘ishini olgan
farzand) va hokazo [1.32].

Bundan tashqari, o‘lim konseptining frazeologizmlarda aks etishi ularga diniy tus
beradi va o‘zbek xalqi madaniyatida o‘z ifodasini topadi. Masalan, o‘lim haq, bir
boshga bir o‘lim, o‘lim qosh bilan qovoq orasida, narigi dunyoga ravona bo‘lmoq,

MUAMMO VA YECHIMLAR

olamdan o‘tmoq, asfalasofilinga ravona bo‘lmoq, jahannamga yo‘l olmoq, o‘tib
qolmoq, jon bermoq, omonatini topshirmoq, bandalik qilmoq va hokazo [1.33].

Ushbu tadqiqot ishidan ayon bo‘ladiki, o‘zbek tilshunosligida diniy fenomenga
ega frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlari o‘rganilgan. Biroq Sh.
Sultonovaning o‘zi aytganidek, “din – til – inson” uchligi doirasida frazeologizmlarni
o‘rganish zamonaviy tilshunoslikda hali tadqiq etilmagan ishlardan biri bo‘lib
qolmoqda.

M.A. Rajabovaning “Onomastik komponentli frazeologik birliklarning lingvomadaniy jihati va tarjima muammolari (ingliz, o‘zbek va rus tillari materialida)” nomli
doktorlik dissertatsiyasida uchta tildagi onomastik komponentli frazeologizmlarning
semantik xususiyatlari, milliy-madaniy qirralari, urf-odatlaridagi mushtaraklik,
ularning bir-biriga o‘xshash va farqli jihatlari ochib berilgan. Uning ta’kidlashicha,
onomastik birliklar dunyo xalqlarining qadimgi tarixi, yashash tarzi, turmush tajribasi
va dunyoqarashi bilan bog‘liq holda frazeologizmlar tarkibida yashab keladi. Ushbu
tadqiqot ishida frazeologizmlar antroponim, toponim, zoonim, astronim, kosmonim,
xrononim, faleronim, geortonim, dokumentonim, ergonim, idealim, xromatinim,
biblionim komponentli frazeologizmlarga bo‘lingan holda o‘rganilganligini ko‘rish
mumkin. Olimaning fikricha, bunday komponentlar frazeologizmlarning ramziytimsoliy ma’nolarini kuchaytirishga xizmat qiladi, muayyan xalqning milliy-madaniy
xususiyatlarini namoyon etadi. Frazeologizmlar tarkibidagi muayyan ism va
nomlarning dominantlashuvi xalqlarning asrlar davomida shakllangan urf-odat va
an’analariga ham bog‘liqdir. Joy nomlari qatnashgan aksar frazeologizmlar esa milliymadaniy sharoitda vujudga keladi va tilning frazeologik qatlamini boyitadi. Uch til
doirasidagi frazeologizmlarning ayrim turlari semantik jihatdan bir-biridan farq qilsa,
ba’zilarida ekvivalentlik holati kuzatiladi. [2.21].

Ushbu tadqiqot ishidan o‘zbek tilshunosligida onomastik komponentli
frazeologizmlarni ingliz va rus tillari bilan o‘zaro qiyoslagan holatda o‘rganilganligini
kuzatish mumkin. Biroq ularni nafaqat g‘arb tillari, balki sharq tillari, jumladan, arab
tili bilan ham o‘zaro qiyoslash, o‘xshash va farqli jihatlarini yoritish dolzarb
masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O. I. Bayagitovning “O‘zbek muloqot nutqidagi frazeologik birliklar: kognitiv va
lingvokulturologik tamoyillari” nomli doktorlik dissertatsiyasida frazeologizmlarning
pragmatik va lingvokulturologik xususiyatlari ochib berilgan. Tadqiqotda
frazeologizmlar sotsial xoslangan va madaniy xoslangan frazeologik birliklarga
bo‘linib, ularning kognitiv va lingvomadaniy xususiyatlari yoritib berilgan. Shu bilan
birga, ushbu tadqiqot ishida keltirilishicha og‘zaki muloqotda qo‘llaniladigan
frazeologizmlar xalqlarning milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berishda o‘ta muhim
qurol hisoblanadi. Og‘zaki muloqotda qo‘llaniladigan frazeologizmlarning
lingvomadaniy xususiyatlarini aniqlashda til birligidan foydalanuvchi shaxsning yoshi
va gender xususiyatlarini inobatga olish asosiy omillardan biridir. O‘zbek muloqot
nutqidagi frazeologizmlarning aksar qismi olqish va qarg‘ish ma’nolariga ega. Bunday
frazeologizmlarda o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan turmush tarzi, olamning konseptual
anglashilishi, kognitiv holatining nutqda voqealanishi u yoki bu shaklda o‘z aksini

MUAMMO VA YECHIMLAR

topadi. O‘zbek erkak va ayol nutqining leksik, frazeologik jihatdan xoslanishi, ayniqsa,
qarg‘ish va so‘kishda yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Masalan: Juvonmarg
bo‘lsin, og‘zidan qoni kelsin, uyi kuysin, kalta qaytsin, sochi taxtada taralsin, izi
kuysin, oti o‘chsin, ko‘ziga tuproq to‘lsin, yuzini teskari qilsin, jazosini xudo bersin,
biri ikki bo‘lmasin, kosasi oqarmasin, buyurmasin, xudodan topsin, o‘g‘il-qizining
huzurini ko‘rmasin, go‘r tortsin, tuxumi qurisin va hokazo [3.19].

Yuqoridagi misollar shuni ko‘rsatadiki, muayyan bir xalqning urf-odatlari,
dunyoqarashi va yashash tarzi ularning og‘zaki muloqot nutqlarida, jumladan,
frazeologik birliklarda o‘z aksini topadi. O‘zbek tilshunosligida amalga oshirilgan
ushbu tadqiqot ishi o‘zbek xalqining milliy-madaniy xususiyatlarini ular qo‘llaydigan
frazeologizmlar orqali ochib berishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Z. Sh. Jumayeva o‘zining “Frazeologik birliklarning semantik va lingvokulturologik tadqiqi” nomli tadqiqot ishida frazeologizmlarni kiyim komponentli
frazeologizmlar, oziq-ovqat komponentli frazeologizmlar, zoonim komponentli
frazeologizmlar, rang komponentli frazeologizmlar, son komponentli frazeologizmlar
kabi alohida guruhlarga ajratib, ularning lingvomadaniy xususiyatlarini keltiradi.
Tadqiqotda keltirilishicha, xalqlar madaniyati nafaqat ularning tilida, balki kiyinish,
oziq-ovqat iste’moli, ranglarni idrok etish va boshqa xatti-harakatlarida ham namoyon
bo‘ladi. Lingvokulturologiya esa ushbu masalalarni chuqur o‘rganuvchi ijtimoiy soha
hisoblanadi. Ushbu dissertatsiyada o‘zbek xalqining kiyinish madaniyati bilan bog‘liq
bo‘lgan frazeologizmlar, o‘zbek milliy oshxonasiga oid leksemalar ishtirokida yuzaga
kelgan frazeologizmlar, hayvon nomlarini ifodalovchi leksemalarga xalqlarning ijobiy
va salbiy qarashlari, sonlarning olam lisoniy manzarasini o‘zida aks ettirishi,
shuningdek, ranglarning turli xalqlar madaniyatida ifoda etadigan ramzlari bayon
etilgan. Olimaning ta’kidlashicha, bizning muhim vazifalarimizdan biri o‘zbek tilidagi
frazeologik birliklarda uchraydigan boshqa millat vakiliga yot tushunchani ilg‘ab
olishga yordam berishdan, milliy iboralarimiz yaralishi tarixi, diaxronik kelib chiqishi,
o‘zga millat e’tiqodiga mansub insonlar farazida frazeologik birliklarimiz
jozibadorligini anglab olishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi lozim [ 7.19].

Xulosa
Keltirilgan tadqiqot ishlaridan tushuniladiki, o‘zbek tilshunosligida ham
frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlarini yoritish, asosan, ularni boshqa til
frazeologizmlari bilan o‘zaro qiyoslash orqali amalga oshirilgan. Chunki ma’lum bir
xalqning madaniyati ularni boshqa xalqlar bilan solishtirgandagina bilinadi. O‘zbek
tilidagi frazeologizmlar, asosan, ingliz, nemis, fransuz, rus tillaridagi frazeologizmlar
bilan o‘zaro qiyoslangan bo‘lib, arab tilidagi frazeologizmlar bilan solishtirilmagan.
Ushbu yo‘nalishda tadqiqot ishlarini amalga oshirish o‘zbek tilshunosligida muhim
ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Султонова Ш. М. Диний фразеологизмлар трансформацияси: семантик
ва лингвомаданий аспектлар. Филол. фан. бўйича фалс. докт. (PhD) … дисс.
автореф. –Тошкент, 2022. – 80 б.

MUAMMO VA YECHIMLAR

2. Раджабова М. А. Ономастик компонентли фразеологик бирликларнинг
лингвомаданий жиҳати ва таржима муаммолари (инглиз, ўзбек ва рус тиллари
материалида). Филол. фан. бўйича фалс. докт. (PhD) … дисс. автореф. – Бухоро,
2020. – 53 б.

3. Bayjigitov O. I. O‘zbek muloqot nutqidagi frazeologik birliklar: kognitiv va
lingvokulturologik tamoyillari. Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD) … diss. avtoref. –
Qarshi, 2023. – 53 b.

4. Zaripova R.I. Ingliz va o‘zbek tillarida oddiy so‘zlashuv nutqiga xos
frazeologizmlarning adabiy normaga munosabati. Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD)
… diss. Avtoref. – Buxoro, 2020. – 49 b.

5. Qurbonova G. S. Fransuz va o‘zbek tillarida onomastik komponentli
frazeologizmlarning milliy-lisoniy xususiyatlari. Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD)
… diss. avtoref. – Toshkent, 2019. – 50 b.

6. Niyazmetova D. D. Ingliz va o‘zbek tillarida oziq-ovqat komponentli
frazeologizmlarning lingvokulturologik xususiyatlari. Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt.
(PhD) … diss. avtoref. – Toshkent, 2021. – 60 b.

7. Jumaeva Z. Sh. Frazeologik birliklarning semantik va lingvokulturologik
tadqiqi. Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD) … diss. avtoref. – Jizzax, 2021. – B. 25.

8. Azizova F.S. Oliy ta’lim muassasalari talabalariga ingliz tili
frazeologizmlarini o‘rgatishning lingvomadaniy xususiyatlari (ingliz va o‘zbek tillari
misolida). Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD) … diss. avtoref. – Toshkent, 2018. –
55 b.

9. Mamatova F. M. Ingliz va o‘zbek frazeologizmlarida oilaviy an’ana va
munosabatlarning lingvomadaniy tadqiqi. Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD) … diss.
avtoref. – Toshkent, 2022. – 52 b.

10. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati-Toshkent:
O‘qituvchi, 1978.- 407 b.

11. Berdiyorov X., Rasulov R., Yo‘ldoshev B. O‘zbek frazeologiyasidan
materiallar. I qism. - Samarqand, 1976.