MUAMMO VA YECHIMLAR
Tarix fanlari tarmogʻida manbashunoslikning oʻrni va uni oʻqitishning
zamonaviy tendensiyalari
Axmedov Sanjar
Oriental universiteti dotsenti v.b., t.f.f.d. (PhD)
Annotatsiya: Ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimida tarix fani eng asosiy va kerakli
fanlardan biri hisoblanadi. Zero, tarix fani talaba-yoshlarda milliy gʻurur, tanqidiy
fikrlash va oʻtmishdan ibrat olib kelajakni qurish kabi ijobiy xislatlarni shakllantirishga
xizmat qiladi. Tarix fanlari turkumiga kiradigan manbashunoslik fani esa, shu kabi
maqsadlarni oʻz ichiga olgani holda, yana bir qator qoʻshimcha jihatlarga ham ega.
Tarixning ushbu sohasini turli davrlar va manzillar asosida oʻrganish shu jihatdan ham
dolzarb hisoblanadi. Maqolada tarix fanining mazkur yoʻnalishini yangilanayotgan
oliy taʼlim tizimida innovatsion usullardan foydalangan holda samarali tashkil etish
yoʻllari muhokama qilingan.
Kalit soʻzlar: Tarix, manbashunoslik, qoʻlyozma, pedagogika, axborot
texnologiyalari, zamonaviy taʼlim vositalari.
Annotation: In the system of social and humanitarian sciences, history is
considered one of the most essential and necessary subjects. Indeed, the study of
history helps students develop positive qualities such as national pride, critical
thinking, and learning from the past to build a better future. The field of source studies,
which is part of the historical sciences, not only serves these purposes but also includes
several additional aspects. Studying this area of history through various periods and
sources is therefore considered highly relevant. This article discusses effective ways to
organize the teaching of this branch of history in the modern higher education system,
using innovative methods.
Keywords: History, source studies, manuscripts, pedagogy, information
technology, modern educational tools.
Kirish
Globallashayotgan jahon mehnat bozori mutaxassislar uchun bir qator murakkab
talablar qoʻyadi. Oliy taʼlim muassasalari, avvalambor, mehnat bozori uchun kadrlar
yetishtirib berishi hisobga olinsa, masala biroz oydinlashadi. Oliy taʼlim
muassasalarida Manbashunoslik fani faqat tarix yoʻnalishiga ixtisoslashgan
yoʻnalishlar doirasida tashkil etiladi va chuqurlashgan tarzda esa, tor doiradagi
mutaxassislar uchungina oʻtiladi. Tarix yoʻnalishini tugatgan talaba-yoshlar taʼlim
tizimida, ijtimoiy sohalarda, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarda
faoliyat olib boradi. Taʼlim tizimi kuchli bilimga, yaxshi tarbiyaga va boshqa ijobiy
fazilatlarga ega boʻlgan mutaxassislarni ishga jalb etishga harakat qiladi. Ijtimoiy soha
tashkilotlari ham shu kabi jihatlarga eʼtibor qaratadi. Oliy taʼlim muassasasining nufuzi
bitiruvchilarining ish bilan taʼminlanishi va mehnat bozorida xaridorgirligi bilan
baholanadi va baholanishi shart. Shu sabadan ham, oliy taʼlim muassasalari taʼlim
berishning innovatsion usullaridan foydalanishi, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan
MUAMMO VA YECHIMLAR
yaxshilashi talab etiladi. Mamlakat rivojining asosiy vositalari sifatida iqtisodiyot
tarmoqlarining turli koʻrinishlari koʻrsatiladi. Shu bilan birga, jamiyat rivojining eng
muhim jihatlaridan biri bu gumanitar fanlar majmui hisoblanadi. Albatta, davlatning
jahon hamjamiyatida oʻz oʻrnini egallashi uchun iqtisodiy barqarorlik muhim, lekin
shu bilan birga, ijtimoiy-gumanitar fanlar rivojisiz farovonlikni toʻliq taʼminlash
mumkin emas. Insoniyat tarixida sodir boʻlgan jarayonlarni qayta tiklash, ularni
oʻrganish va asl haqiqatni yuzaga chiqarishdan maqsad – kelajakni qurishda
oʻtmishdagi xatolar va yutuqlardan unumli foydalanishni nazarda tutadi.
Tahlil va natijalar
Manbashunoslik tarix fanlarining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib, u tarixiy
hujjatlar, yozma manbalar va boshqa dalillar asosida tarixiy jarayonlarni tadqiq qilish
bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda manbashunoslik ilmi jadal rivojlanib, zamonaviy
taʼlim metodlari orqali oʻqitilmoqda.
Manbashunoslik tarixchilarga oʻtmish hodisalarini oʻrganishda va qayta tiklashda
asosiy vosita sifatida xizmat qiladi. Har qanday tarixiy tadqiqot, birinchi navbatda, aniq
va ishonchli manbalarga tayangan holda oʻtkazilishi lozim. Bu yoʻnalishda
manbashunoslar tarixiy hujjatlar, arxeologik topilmalar, rasmiy yozuvlar va shunga
oʻxshash turli xil axborot manbalarini tanlash, tahlil qilish va qayta ishlash orqali
tarixiy bilimlarni boyitadi. Hozirgi kunda tarixiy manbalarning turlari kengayib
bormoqda. Jumladan, raqamlashtirilgan manbalar, internetdagi arxivlar va virtual
muzeylar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy taʼlimda raqamli texnologiyalar katta ahamiyat kasb etadi. [3] Arxiv
hujjatlari va kitoblarning raqamlashtirilishi manbashunoslik uchun yangi imkoniyatlar
yaratdi. Talabalar internet orqali onlayn arxivlarga kirish imkoniyatiga ega boʻlib, ular
oʻquv jarayonida tezkor manba topish va uni tahlil qilish qobiliyatini oshiradi.
Bugungi kunda manbashunoslik darslarida interfaollik katta ahamiyatga ega.
Talabalar oʻz mustaqil tadqiqotlarini olib borishlari, turli xil manbalarni qiyoslab tahlil
qilishlari, virtual va amaliy loyihalar orqali tarixiy voqealarni qayta tiklashlari mumkin.
Bunday yondashuvlar yordamida oʻquvchilar manbalarni oʻrganishda faol ishtirok
etadi. Manbashunoslikni oʻqitishdagi yana bir muhim tendensiya bu tanqidiy tahlil va
manbalarni baholash qobiliyatini rivojlantirishdir. Bu bilan talabalar yozma
manbalarning haqiqiyligini aniqlash va uning ijtimoiy-siyosiy va madaniy kontekstiga
qarab baholashni oʻrganadi. Bu ularni ishonchli maʼlumotni boshqasidan ajrata bilish
va xolis tahlil qilish qobiliyati bilan taʼminlaydi.
Hozirgi davrda global tarixiy tadqiqotlar ham manbashunoslikka yangi bosqich
olib keldi. Har xil madaniyatlar va tarixiy manbalar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni
oʻrganish tarixchilar uchun muhim tendensiyaga aylandi. Bu yosh tadqiqotchilarning
turli mamlakatlar tarixi bilan tanishishlariga va ularni taqqoslashlariga zamin yaratadi.
Bunda oliy taʼlim muassasasining zamonaviy informatsion texnologiyalar bilan
taʼminlanganligi ham muhim rol oʻynaydi. Informatsion va multimedia vositalarining
mavjudligi oʻqituvchiga darsni qiziqarli va maʼlumotlarga boy tarzda tashkil etishga
imkon beradi. Oʻz navbatida professor-oʻqituvchidan ham zamonaviy qurilmalardan
samarali foydalana bilish talab etiladi. Imkoniyatlarning mavjudligi, lekin undan
MUAMMO VA YECHIMLAR
foydalana bilmaslik taʼlim sifatiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Professor-oʻqituvchining
mahorati innovatsion metodlardan foydalanishi bilan ham baholanishi mumkin.
Manbashunoslik fanini oʻqitishdan maqsad tarixda sodir boʻlgan voqeahodisalarni birlamchi manbalardan oʻrganish, hozirda sodir boʻlayotgan jarayonlar
bilan qiyosiy oʻrganishni nazarda tutmogʻi lozim. Bunda “qiyosiy tahlil” metodini
qoʻllash maqsadga muvofiq. Xususan, fan dasturiga kiritilgan “Qadimgi davrning
tarixiy manbalari: eron, hind, yunon va rim ayrim yozma manbalari”, “XIII-XIV asr
manbalari, temuriylar davriga oid manbalar” mavzulari boʻyicha maʼruza oʻtish
chogʻida manbalarning qaysi biridan ishonchli maʼlumotlar olish mumkin? kabi savol
bilan talabalarga murojaat qilish, ularning fikrlarini tinglash va yoʻnalish berish yaxshi
samara beradi. Qiyosiy tahlil natijasida talabada mantiqiy fikrlash koʻnikmasi ortib
boradi. Bu boshqa mavzularda ham albatta takrorlanib turishi, savollar mazmuni rangbarang boʻlishi dars mashgʻulotining qiziqarli boʻlishini kafolatlaydi.
Zamonaviy pedagogikada keng qoʻllanilayotgan “keys stadi” metodi ham yaxshi
samara berishi koʻplab tadqiqotlarda isbotlangan. Mazkur metodni manbashunoslik
fanini oʻqitishda ham qoʻllab yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bu metod zamirida
turli vaziyatlarning tahlili yotadi. Uning ahamiyati talaba-yoshlarni jamoa boʻlib
ishlashga oʻrgatishidadir. Ular maʼlumotlar asosida turli voqea-hodisalarni tahlil qiladi
va turlicha qarorlar chiqaradi, bunda albatta birgalikda ish olib boradi. Misol uchun,
“Sovet davri manbalari” mavzusini oʻtishda ushbu metoddan foydalanib, voqealarning
turli versiyalarini ishlab chiqish, toʻgʻri va notoʻgʻri qarorlar haqida fikr yuritish
mumkin boʻladi. Buni oʻzlashtirishdan maqsad tarixiy jarayonlarni tahlil qilish orqali
kelajak rejalarining versiyalarini shakllantirish va natijada eng maqbul qarorni olishga
oʻrgatish hisoblanadi.
Eng qiziqarli va samarali metodlardan yana biri munozara-debat metodi
hisoblanadi. Bu metoddan koʻplab mavzularni oʻtishda foydalanish mumkin. Xususan,
“Memuar asarlarning manba sifatidagi o‘rni” mavzusini oʻtishda bu metodning
ahamiyati kattaroq boʻlishi mumkin. Bunda talabalar 3 guruhga boʻlinadi va har bir
guruhga memuar asarlarning boshqa turdagi manbalardan afzalligini himoya qilish
vazifa qilib beriladi. Talabalar bu jarayonda manba turlarining mazmun-mohiyati bilan
yanada chuqurroq tanishadi. Oʻzlariga berilgan manba turini bor bilimlarini ishga solib
oqlaydi. Bahs-munozara jarayonida talabalarda mavzu boʻyicha bilim va koʻnikmalar
mustahkamlanadi, tanqidiy fikrlash, oʻzgalar fikrini hurmat qilish, mustaqil fikr bildira
olish, oʻz qarorida qatʼiy turish kabi xislatlar shakllanadi. Bu boʻlajak mutaxassis
uchun eng kerakli va ish beruvchilar doim talab qiladigan koʻnikmalar hisoblanadi.
Seminar mashgʻulotlarini tashkil etishda “savol va baho” metodidan foydalanish
yaxshi samara beradi. Talaba-yoshlarda ayrim hollarda seminar mashgʻulotlariga
yaxshi tayyorlanmaslik, yetarli bilimga ega boʻlsa-da, oʻz nutqini yetkazib bera
olmaslik holatlari koʻp kuzatiladi. Bunday holatlarda mazkur metodning ahamiyati
kattaroq boʻladi. Roʻyxat boʻyicha talaba seminar mavzusini soʻzlab berish uchun
taklif qilinadi va boshqa talabalardan oʻtilgan mavzular boʻyicha qiziqarli, aniq
savollar berish soʻraladi. Savol-javoblarda eng faol ishtirok etgan talabalar
MUAMMO VA YECHIMLAR
ragʻbatlantiriladi. Buning yaxshi tomoni shundaki, talaba doimo hushyorlikka,
izlanishga, ragʻbat hosil qilishga, hamda bilim olishga erishadi.
Talabalarning darsga boʻlgan diqqatini jamlash, ularning zerikarli maʼruza
tinglashdan qutqarish uchun “davom eting” metodi ham yaxshi samara berishi
mumkin. Bundan koʻzlangan maqsad talabalarning diqqat va qiziqish bilan dars
mashgʻulotida ishtirok etishga undash hisoblanadi. Xususan, professor-oʻqituvchi
biron bir talabaning dars jarayonida boshqa ishlar bilan band boʻlib faol ishtirok
etmayotganligini payqagan zahoti undan mavzuni davom ettirishni soʻraydi. Bu butun
auditoriyadagi barcha talabalarning hushyorligi ortishiga, faol ishtirok etishga harakat
qilishga undaydi.
Xulosa
Manbashunoslik tarix fanlarida ajralmas muhim boʻgʻin hisoblanadi va u
zamonaviy taʼlim tendensiyalari bilan yanada boyib bormoqda. Raqamli
texnologiyalar, interfaol taʼlim metodlari va kritik tahlil koʻnikmalari yordamida bu
sohadagi taʼlim samaradorligi oshib bormoqda. Yangi imkoniyatlar yordamida
manbashunoslik tarixni oʻrganishda va tadqiq qilishda ham muhim vazifalarni
bajarishda davom etadi. Yangilanayotgan Oʻzbekistonda barcha sohalarda boʻlgani
kabi mamlakat tarixini xolis va tarixiy faktlarga tayangan holda tadqiq etish maqsadga
muvofiq hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Суслов А. Ю., Салимгареев М. В., Хамматов Ш. С. Инновационные
методы преподавания истории в современном вузе // Образование и наука. –
2017. – Т. 19. – №. 9. – С. 70-85.
2. Moncrieffe M. L. Teaching history and the changing nation state: transnational
and international perspectives // Journal of education for teaching: international
research and pedagogy. 2017. Vol. 431. – Р. 124–126.
3. Sayfutdinova G. B. The Creation of multimedia presentations for History with
the help of information and communication technologies (ICT). // Bulletin of the Kazan
State Energy University. 2013; 4: 136–138. (In Russian)
4. Георгиева Н. Г. Историческое источниковедение: теоретические
проблемы. Учебник. – “Издательство”, “Проспект”, 2015.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.02.2022-yildagi “Qadimiy yozma
manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida” PQ-126-son qarori.