MUAMMO VA YECHIMLAR
Mustafo Cho‘qay merosida “milliy ziyoli” tushunchasi va tavsifi (“Yosh
turkiston” jurnali materiallari asosida)
Alijonov Muslimbek,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti katta o‘qituvchisi, PhD
Annotatsiya: Ushbu maqolada Turkistonning ozodligi uchun kurash olib borgan
Mustafo Cho‘qayning milliy ziyoli tushunchasi to‘g‘risidagi mulohazalari tahlil
etilgan.
Kalit so‘zlar: Mustafo Cho‘qay, Turkiston, “Yosh Turkiston” jurnali, jadidchilik,
bolsheviklar, millat, xalq.
Annotation: This article analyzes the opinions of Mustafa Chokai, who fought
for the freedom of Turkestan, about the concept of a national intellectual.
Keywords: Mustafa Cho‘kai, Turkistan, “Yosh Turkistan” magazine, Jadidism,
bolsheviks, nation, people.
XX asr Turkiston tarixida o‘zining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy nuqtayi
nazardan murakkabligi bilan alohida ajralib turadi. Bu asrda o‘zbek xalqi siyosiy
qaramlik holatiga tushib qolib, undan chiqish yo‘lida turli xil jabhalarda kurash olib
bordi. Olib borilayotgan kurashni g‘alaba bilan yakunlash shubhasiz, millat ichidan
yetishib chiqqan milliy ziyolilarning sifat darajasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq edi. Buni
o‘z vaqtida turkistonlik jadidlarning liderlaridan biri bo‘lmish Mustafo Cho‘qay (1891-
1941) ham teran anglagan edi.
1891-yil 7-yanvarda To‘rg‘ay o‘g‘li Cho‘qayning oilasida, Oqmasjid shahrida
dunyoga kelgan [1, 72], 1902-yilda Toshkentga kelib rus gimnaziyasiga o‘qishga kirib,
uni 1910-yilda eng a’lochi bitiruvchilardan biri sifatida tamomlagan, Turkiston general
gubernatorining tarjimonlik bo‘yicha taklifini rad etib, Sankt-Peterburg
universitetining huquqshunoslik fakultetida o‘qishni davom ettirgan holda keyingi
hayotini Turkistonning erki va ozodligi uchun kurashga bag‘ishlagan Mustafo
Cho‘qay, shubhasiz, o‘zining olib borgan faoliyati bilan xalqimiz tarixidagi yorqin
siymolardan biri hisoblanadi.
Iqtidorli qahramonimiz 1914-yilda huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyatli
tamomlab, 1917-yil aprelda Orenburgga keladi. Mustafo Cho‘qay Peterburgdan
Orenburgga qarab kelar ekan, u turkistonliklarning mustamlakachi hukumat qo‘li
ostida naqadar xo‘rlanayotganligini, huquqsiz qoldirilganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi
va bu hodisalar kelgusida Mustafo Cho‘qayning zehniyatida ulkan evrilishga olib
keldi: “Men Peterburgdan Orenburg tomon ketib borayotganimda yo‘lda Penza
shahrida o‘z turkistonliklarimizga duch kelib qoldim. Bu yerda Turkiston ishchilari
bilan to‘lgan o‘nlarcha vagonlar bir chetga chiqarib tashlangan ekanlar. Belgilangan
yerga yetisha olmay qoldirib ketilgan, unutilgan turkistonliklar o‘zlari ham nima
qilishlarini bilmay o‘tirar edilar. Bu bechoralarning holi oqibatlaridan xabar oladigan
bir kishi ham yo‘q. Shu tarzda unutilgan turkistonliklar nima qilishlarini bilmay nochor
MUAMMO VA YECHIMLAR
ahvolda qolgan edilar… Nihoyat, o‘zim borib ishchi askar sho‘rosi boshliqlari va
viloyat komissari bilan qisqagina bir majlisda bo‘lib, ishchilarni Turkistonga qaytarib
yuborish qarorini chiqartirdim” [2, 16]. Bu hol, shubhasiz, mustamlakachi hukumatga
nisbatan Mustafo Cho‘qayning qalbida cheksiz nafrat va kurash tuyg‘usini
alangalatgani aniq.
1917-yildagi oktyabr inqilobidan keyin bolsheviklar kuchayishi bilan Turkiston
musulmonlarining Toshkentdagi siyosiy faoliyati tugatilgach, Qoʻqonda Oʻrta Osiyo
turklari tarixidagi birinchi zamonaviy davlat tuzilmasi Turkiston Muxtoriyati eʼlon
qilindi. Tashkil etilgan hukumatda Mustafo Cho‘qay avval tashqi ishlar vaziri, keyin
esa bosh vazir lavozimlarida faoliyat olib bordi. Alohida qayd etish kerakki, Mustafo
Cho‘qayning Qo‘qon Muxtoriyati davridagi faoliyati juda ham murakkabliklar ichida
kechdi. 1918-yilning fevralida Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach, Mustafo
Cho‘qay Orenburg, Mangʻishloq, Boku va Tbilisi shaharlarida bolsheviklar
hukmronligiga qarshi siyosiy faoliyatini davom ettiradi. Biroq, bu shaharlar ham birinketin bolsheviklar qoʻliga oʻtgach (1921-yilning mart oyida) Rossiyani tark etib
Istanbulga boradi. Lekin, Istanbulda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lolmagach, u yerda
bir necha oy qolib, xotini bilan Parijga ko‘chib ketadi. Mustafo Cho‘qay 1929-yilning
dekabr oyida “Yosh Turkiston” jurnalining ilk sonini aynan Parij shahrida tayyorlab
nashr ettiradi.
Bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l, orttirilgan ulkan tajriba Mustafo Cho‘qayni
xorijdan turib ilmiy izlanishlar olib borishga, Turkiston taraqqiyparvarlarining
bolsheviklar bilan olib borgan kurashdagi muvaffaqiyatsizliklarining asl sabablarini
topishga undadi. Va nihoyat, u har bir millatning taraqqiyoti va tanazzuliga sabab
bo‘ladigan omilni ziyolilarda ko‘rdi. Mustafo Cho‘qay tomonidan “Yosh Turkiston”
jurnalining 1931-yilgi 18-sonida chop etilgan “Milliy ziyoli” nomli maqolasi ana shu
mavzuga bag‘ishlangan edi.
“Yosh Turkiston” jurnalida eng ko‘p maqola yozgan muallif Mustafo Cho‘qay
bo‘lib, uning 230 ta maqolasi nashr etilgan. Bu borada u yaqqol peshqadam
hisoblanadi. Mustafo Cho‘qay o‘z maqolalarini “M”, “M.Ch”, “Ch.M”, “Mustafo”,
“Cho‘qay o‘g‘li Mustafo” va “Ch” kabi imzolar bilan e’lon qilgan [3, 136]. Mustafo
Cho‘qay “Milliy ziyoli” nomli maqolasini “Cho‘qay o‘g‘li Mustafo” taxallusi ostida
chop ettirgan.
Mustafo Cho‘qay o‘zining ushbu maqolasida “Milliy ziyoli deganda kimni
tushunish kerak?” degan savolni o‘rtaga tashlab, bu mavzuda atroflicha o‘zining
mulohazalarini bildirgan. Mustafo Cho‘qayning fikricha, har bir tahsil ko‘rgan odamni
ziyoli deyish to‘g‘ri emas.
Avvalo, Mustafo Cho‘qay “Milliy ziyoli” tushunchasiga ta’rif berishning
murakkab ekanligini, ilk qarashda ushbu masalaning javobi oson ko‘rinsa-da,
haqiqatdan bu so‘roqqa to‘g‘ri javob berish ancha mushkulligini qayd etib o‘tadi.
Uning fikricha, har o‘qigan, tahsil ko‘rgan odamni ziyoli deb atash va u mansub
bo‘lgan millatning “Milliy ziyoli” sinfidan sanash mumkin emasligini ta’kidlab: “Biz
yolg‘iz belgili (aniq – M.Alijonov) bir g‘oya orqasidan yurgan va belgili va yalpi g‘oya
tevaraginda to‘plang‘on o‘qimishlilarnigina ziyoli deb atay olamiz. “Milliy ziyoli”lar
MUAMMO VA YECHIMLAR
sinfiga esa, o‘z xalqiga siyosiy, ijtimoiy va ruhiy yo‘lda xizmat etmakchi bo‘lg‘on
ziyolilargina kira oladirlar” [4, 3-4] deb yozadi.
Mustafo Cho‘qay ziyolilarning vazifasi yuksak va muqaddas bo‘lishligi bilan
birga, juda ham og‘ir ekanligini e’tirof etgan holda, xalqni millat holiga aylantirish, til,
din va an’ana jihatidan bir bo‘lgan odamlarni o‘zaro birlashtirish, ijtmoiy nuqtayi
nazardan bir bog‘lam holatiga keltirish kabi yuksak va tarixiy bir vazifani bajarishning
eng og‘ir yuki ham “milliy ziyolilar”ning yelkasiga tushishini ta’kidlaydi.
Maqolasining shu o‘rnida Mustafo Cho‘qay nemis faylasuflari Immaunel Kant
va Fixtlerdan misol keltirib, ularning “xalq” va “millat” tushunchalariga bergan
ta’riflarini eslab o‘tgan. Ularning fikricha, “xalq” o‘z iroda va shaxsiyatiga ega
bo‘lmasdan, boshqalarning qaramog‘ida bo‘lgan insonlar jamoasi tushuniladi. “Millat”
deganda esa boshqalarga tobe’ bo‘lmasdan o‘z idorasiga (boshqaruv organiga –
M.Alijonov) va shaxsiyatga molik bo‘lgan xalq tushuniladi. Faylasuflarning fikricha
“xalq” bir obyekt, “millat” esa bir subyektdir [4, 4].
Shuningdek, Mustafo Cho‘qay dunyoda ziyolilarning ishtirokisiz
shakllanmagan millat yo‘qligini urg‘ulab, o‘z navbatida ziyolilar ham xalq ichidan
tayanadigan insonlarsiz hech qanday ish qila olmasligini ta’kidlagan. Bir so‘z bilan
aytganda millatni shakllantirish uchun xalq va ziyoli o‘rtasida mustahkam aloqa va
o‘zaro hamjihatlik bo‘lishi kerak: “Xalqni millat holig‘a aylantirish, ya’ni uni yot
hokimiyatlarning amri ostidagi tobe’liqdan qutqarib o‘z irodasiga ega, mustaqil bir
shaxsiyat holig‘a qo‘ya bilish kabi asos g‘oyaga erishmak uchun milliy ziyoli tabaqasi
bilan xalq orasinda o‘zaro hamohanglik bo‘lishi kerakdir. Ana shu hamohanglikka
erishish, ya’ni xalq tilagini to‘g‘ri va oydin bir shaklda o‘rtag‘a chiqarish, aytilg‘on
g‘oyag‘a erishish uchun ish va faoliyat prog‘ro‘mi (dasturi – M.Alijonov) tuzish
ziyolilarning vazifasidir” [4, 4-5].
Mustafo Cho‘qayning fikricha, yolg‘iz vazifani bajarish istagi milliy ziyolilar
uchun kamlik qiladi. Endi uning oldida “…o‘z xalqiga qanday yo‘llar bilan xizmat eta
bilish va xalq bilan anglashadirg‘on yalpi bir “tilni” belgilash kabi yanada muhimroq
qurollar topa bilish” vazifasi turibdi.
Bundan tashqari Mustafo Cho‘qay g‘arbda tahsil olishni rejalashtirgan millat
ziyolilarini g‘arbning ilm-fanini o‘rganish bilan cheklanib, uning ma’naviy-axloqiy
qadriyatlaridan uzoq turish kerakligidan, g‘arbga xos, biroq milliy qadriyatlarga zid
keluvchi siyosiy qarashlardan ogohlantiradi. Uning fikricha, g‘arbda tahsil olib, ilmfandan tashqari yevropacha axloq va madaniyatni o‘ziga singdirganlik fojiadir. Shu
sababdan ham u Turkiston xalqini o‘z bolalarini rus maktablarida o‘qitishiga qarshi
turgan.
Mustafo Cho‘qay bunga misol sifatida Cho‘qon Valixonovni keltiradi. Jumladan,
muallif: “Cho‘qon o‘tgan asrning o‘rtalarinda, Turkiston ruslar tomonidan istilo
etilayotgan vaqtda yashag‘ondir. Bu kishi so‘ng darajada qobiliyatli bo‘lg‘on sahro
bolasi rus (g‘arb) ta’siri ostida o‘sgan. U o‘z davridagi mashhur ruslar bilan masalan,
Dostoyevskiy bilan yaqin munosabatda edi. Cho‘qonning g‘arbchiligi shu darajaga
borg‘on ediki, u rus missionerlarining qozoq-qirg‘izlar ichida olib borayotgan
faoliyatini yoqlar edi. Garchi, bizning g‘arb tahsilini ko‘rgan kishilarimiz ichindan
MUAMMO VA YECHIMLAR
hech kimning “g‘arbchilig‘i” Cho‘qon darajasiga bormag‘on bo‘lmasa-da, uning
hayotiy darslari har doim ko‘z oldimizda jonlanib turishi kerak” deb ta’kidlagan [4, 6].
Xulosa o‘rnida aytganda, Mustafo Cho‘qay “milliy ziyoli” doimo millati uchun
foydali bo‘lgan yalpi g‘oya atrofida harakat qilishi kerakligini, shunchaki tahsil olishlik
bilan shaxs milliy ziyoli bo‘lib qolmasligini urg‘uladi.
Bundan tashqari u yoshlarni g‘arb ilm-fanini o‘rganishga da’vat etish bilan birga,
milliy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan yevropacha madaniyatdan saqlanishga, doimo
Turkiston xalqining milliy qadriyatlari atrofida uyushishga chaqirdi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. H. Oraltay. Alaş-Türkistan Türklerinin Milli Istiqlal Parolasi. – Istanbul: 1973.
2. M. Cho‘qay. Istiqlol jallodlari. – Toshkent: “Tirilish nashriyoti”.
3. Tülay Köseoğlu. Sovyetler'in Türkistan'i Dönüştürme Siyasetine Muhalefet:
Yaş Türkistan Dergisi (1929-1939). Doktora Tezi. – İstanbul: 2014.
4. M. Cho‘qay. Milliy ziyoli // “Yosh Turkiston” jurnali. 1931-yil may. – №. 18.