MUAMMO VA YECHIMLAR
O‘zbekistonda muzey-qo‘riqxonalar tashkil etilishi tarixidan
Yarkulov A.
Oriental universiteti, Tarix fakulteti,
Tarix kafedrasi dotsenti, PhD
Annotatsiya: Ushbu maqolada O‘zbekistonda muzey-qo‘riqxonalarining tashkil
etilishi, ularning tarixi va O‘zbekiston uchun ahamiyati haqida so‘z yuritiladi. Mavjud
muzey-qo‘riqxonalar bilan birga yangilarini tashkil etish hozirgi kunning muhim
vazifalaridan biri ekanligi ko‘rsatib berilgan.
Kalit so‘zlar: muzey-qo‘riqxona, Ichan qal’a, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz,
Termiz, Qo‘qon va Sarmishsoy davlat muzey-qo‘riqxonalari, arxeologiya
yodgorliklari, madaniy meros, YUNESKO.
Abstract: This article gives information about the establishment of museumreserves in Uzbekistan, their history and importance for Uzbekistan. It has been shown
that the creation of new museums along with the existing ones is one of the important
tasks of today.
Keywords: museum-reserve, Ichankala, Bukhara, Samarkand, Shahrisabz,
Termiz, Kokand and Sarmishsay state museum-reserves, archaeological monuments,
cultural heritage, UNESCO.
Kirish
Hozirgi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir davrda yashamoqdamiz.
Buning o‘z navbatida ijobiy va salbiy ta’sirlari bor. Salbiy ta’sirlaridan biri bu madaniy
meros obyektlarining yo‘qolib borishi, ularga zarar yetkazilishi hisoblanadi. Madaniy
meros obyektlari bu tariximizning saqlanib qolgan, bizga qadimgi davrlar haqida
tasavvur uyg‘otuvchi va guvohlik beruvchi moddiy yodgorliklardir. Ularni saqlab
qolish, kelajak avlodga yetkazish, hamda samarali muhofaza qilish va foydalanish
masalalari hamisha dolzarb bo‘lgan. Muzey-qo‘riqxonalar tashkil etilishi ularning
muhofazasini ta’minlash bilan birga, mamlakatimizning kelgusidagi iqtisodiyotining
rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqot natijalari
O‘zbekistonda hozirgi paytda (2024-yil holatiga ko‘ra) 7 ta davlat muzeyqo‘riqxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular Ichan qal’a, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz,
Termiz, Qo‘qon va Sarmishsoy davlat muzey-qo‘riqxonalaridir. Bu muzeyqo‘riqxonalardan Ichan qal’a, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Qo‘qonlarda
arxeologiya yodgorliklari ham bo‘lsa-da, me’morchilik yodgorliklari ko‘proq qismni
tashkil etadi. Termizda esa arxeologiya yodgorliklari ko‘proq. Sarmishsoy esa
arxeologiya yodgorliklari majmuidan iborat.
O‘zbekiston hududida muzeylarning shakllanishi Xorazmda ancha erta
boshlangan. O‘z davrining davlat arbobi, tarixchi olim Abulg‘ozi Bahodirxon
davridayoq antiqa buyumlarni to‘plash va aholiga namoyish qilish boshlangan bo‘lib,
uni xalq tilida “Ajoyibxona” deb atashgan [4. 17].
MUAMMO VA YECHIMLAR
Birinchi muzey-ko‘rgazma 1920-yil 27-aprel kuni Butunxorazm xalq vakillari I
Qurultoyi qatnashchilari tomonidan xonlar qarorgohi Ko‘hna Arkdagi Arzxonada
ochilgan va “Xalq muzeyi” deb nom berilgan. Keyinchalik muzey Toshhovli saroyiga
ko‘chiriladi. 1939-yilda Nurullaboy saroyida “Inqilob tarixi”, 1960-yilda
“O‘lkashunoslik muzeyi” ochilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar kengashining
1967-yil 30-noyabr 616-sonli qarori bilan Xiva shahrining qadimgi qismi
“Qo‘riqxona” deb e’lon qilingan va Vazirlar kengashining 1969-yil 21-iyul 343-sonli
qaroriga ko‘ra Qo‘riqxona bilan Muzey birlashtirilib, Xiva “Ichan qal’a” Davlat tarixiy
me’moriy muzey-qo‘riqxonasi tashkil qilingan. Shunday qilib, “Ichan qal’a” davlat
muzey-qo‘riqxonasi 1967-yilda “Ochiq osmon ostidagi qo‘riqxona” statusini oladi [2.10].
Ichan qal’a Xiva shahrining tarixiy markazi bo‘lgan ichki shahar qismidir. Bu
yerda xon saroylari, ma’muriy markaz binolari, madaniyat muassasalari va aholi turarjoylari joylashgan. O‘rta asrlar an’anasiga ko‘ra, shaharning bu qismi devor bilan o‘rab
olingan. Qisqa qilib aytganda, Ichan qal’a o‘rta asrlar shahrining saqlanib qolgan
yorqin namunasi hisoblanadi.
Xiva shahrining tarixiy markazi jahon tarixidagi tutgan o‘rni va insoniyat
sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini hisobga olgan holda, 1990-yilda YUNESKO
Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga “Ichan qal’a” nomi bilan kiritilgan.
Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi XX asr boshidan buyon turli nomlar ostida
shakllanib borgan va faoliyat yuritgan: (Buxoro muzeyi (1922-1947), Buxoro oʻlkani
oʻrganish muzeyi (1947-1983), Buxoro davlat badiiy-meʼmorchilik muzeyqoʻriqxonasi (1983-2017). Muzey-qo‘riqxona Buxoro viloyatidagi 18 ta muzey va bir
necha tarixiy yodgorliklarni o‘zida birlashtirgan.
Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi asosan shaharning tarixiy markazini o‘z ichiga
oladi. Bu yerda X asrdan XX asr boshlariga qadar bunyod etilgan juda ko‘plab tarixiy
yodgorliklar saqlanib qolgan. Ayniqsa, Shayboniylar davri me’moriy yodgorliklar
aksariyat ko‘pchilikni tashkil etadi. Yodgorliklarning yonma-yon joylashuvi o‘rta
asrlar shahri ko‘rinishlarini eslatib turadi.
Buxoro shahri ko‘p asrlar davomida islom olamining markazlaridan biri sifatida
mashhur bo‘lib kelgan. Bu yerda butun Markaziy Osiyo, balki ko‘plab islom
mamlakatlaridan ilm istovchilar kelib ta’lim olishgan. Bu esa Buxoro shahrining
insoniyat tarixidagi ahamiyatini yanada oshiradi.
1993-yilda Buxoro shahrining eski shahar qismi YUNESKO Umumjahon merosi
obyektlari ro‘yxatiga “Buxoro tarixiy markazi” nomi bilan qabul qilingan.
Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasidagi dastlabki muzey bu Amir Temur tarixi
va moddiy madaniyati muzeyi bo‘lib, u XVI asrda qurilgan Chubin madrasasida
joylashgan. 2019-yilda Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi Shahrisabz tarixiy
markazi negizida tashkil etilgan. Hozirgi paytda Shahrisabzdagi Temur va temuriylar
davridan to XX asr boshlariga qadar bo‘lgan davrda qurilgan tarixiy yodgorliklar
davlat muzey-qo‘riqxonasining asosini tashkil etadi. Qayd etib o‘tish kerakki, 2000-
yilda Shahrisabz tarixiy markazi YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida birinchi muzey o‘lkaning arxeologik,
numizmatik, etnografik va geologik topilmalar kolleksiyalari negizida 1874-yilda
MUAMMO VA YECHIMLAR
tashkil etilgan va 1896-yilda esa rasman muzey sifatida faoliyat yurita boshlagan.
1911-yilda muzey turli bo‘limlardan tashkil topgan maxsus yangi qurilgan binoga
ko‘chib o‘tgan. 1978-yilda u Samarqandning tarixiy qismidagi butun dunyoga mashhur
bo‘lgan Registon majmuasiga joylashtirilgan. 1982-yilda uning asosida Samarqand
davlat muzey qo‘riqxonasi tashkil etildi [1. 21].
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi
O‘zbekiston hukumatining 1982-yil 26-maydagi 397-sonli qarori bilan tashkil etilgan.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining shakllanishi bilan eng qadimgi davrdan
XIX asrgacha bo‘lgan davrlardagi yodgorliklarni o‘z ichiga olgan hudud vujudga keldi.
Ular: Afrosiyob arxeologiya yodgorligi, shaharning temuriylar davri qismi, shaharning
XIX asrning oxirlarida Yevropa uslubida qurilgan qismi hisoblanadi. Afrosiyob
arxeologiya yodgorligi Samarqand shahrining eng qadimgi davridan boshlab uning
shakllanishi, rivojlanish bosqichlarini ko‘rsatib turishi bilan ahamiyatlidir. Uning
ayniqsa, antik va o‘rta asrlardagi (to XIII asrda mo‘g‘ullar bosqiniga qadar)
shaharsozlik madaniyati, san’at va diniy qarashlar haqida ma’lumot beruvchi Markaziy
Osiyodagi etalon yodgorlik sifatida qaralishi muhim e’tiborga molikdir. Mo‘g‘ullar
bosqinidan keyin inqirozga yuz tutgan shaharning janubiy qismida yangi shahar qad
ko‘taradi. Shaharning bu qismi temuriylar davrida shakllanadi va gullab-yashnaydi.
Shahar strukturasi to XIX asrga qadar juda kam o‘zgarishlar bilan yetib kelgan. 1868-
yilda ruslar tomonidan shahar bosib olingandan keyin temuriylar davri qismidan
g‘arbda yevropaliklar uchun alohida yangi shahar qismi quriladi. Bu yerga mahalliy
aholi kirishi taqiqlangan. Shu bilan shaharning tarixiy qismi shakllanadi. 2001-yilda
Samarqand shahrining tarixiy qismi shu uch hudud asosida YUNESKO Umumjahon
merosi obyektlari ro‘yxatiga “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” [3] nomi bilan
kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan
takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4068-sonli qaroriga muvofiq
Buxoro davlat badiiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasi, Samarqand davlat birlashgan
tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi, Xiva “Ichan qal’a” davlat muzeyqo‘riqxonasini tegishlicha “Buxoro”, “Samarqand”, “Ichan qal’a” davlat muzeyqo‘riqxonalari etib qayta nomlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi
““Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonalari
faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 443-son qaroriga muvofiq “Sarmishsoy”,
“Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonalari tashkil etilgan.
Ulardan Sarmishsoy davlat muzey-qo‘riqxonasi hududi “Sarmishsoy qoyatosh
rasmlari”, Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasi hududining Termiz tarixiy markazi qismi
“Qadimgi Termiz”, Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi hududi “Qo‘qon tarixiy
yodgorliklari” nomi ostida 2021-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan
YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan
bo‘lib, hozirgi kunda uning dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan.
MUAMMO VA YECHIMLAR
Davlat muzey-qo‘riqxonalarining muhofaza va qo‘riqlanadigan chegaralari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi “Moddiy
madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga
kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘isida”gi 119-sonli
qarori bilan belgilangan.
Xulosa
Shunday qilib, mamlakatimizdagi 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlarini
muzeylashtirish ishlarini jadallashtirish bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini
yo‘qotmagan masalalardan biri hisoblanadi. Ularni muzey- qo‘riqxonalarga aylantirish
bilan birga, doimiy ravishda monitoring qilib borish, ilmiy tadqiqotlarni izchillik bilan
davom ettirish va ular haqidagi ma’lumotlarni ommalashtirib borish muhim ahamiyat
kasb etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Abdurasulova B.A. O‘zbekistonda tashkil etilgan muzey-qo‘riqxonalar haqida
(Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi misolida). // 20th-International Conference on
Research in Humanities, Applied Sciences and Education Hosted from Berlin,
Germany. https://conferencea.org. November 27th 2023.
2. Bobojonov D. Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. – Xiva, 2008.
3. World Heritage List. https://whc.unesco.org/en/list/
4. Қурязова Д. “Ўзбекистон музейлари ва уларнинг мустақиллик давридаги
фаолияти”. Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун тақдим
этилган диссертация. – Тошкент: 2009.