MUAMMO VA YECHIMLAR
Ma’rifatparvarlik harakatining ta’lim tizimida tutgan o‘rni
Alijonova Gulnozaxon
Oriental universiteti
Tarix kafedrasi dotsenti v.b.
XIX asr oxiriga kelib asrlar mobaynida ilm-fanning beshigi bo‘lib kelgan sharq
madrasalari jadallik bilan sxolastik3 qarashlar tomon inqirozga uchradi. Bu asrga kelib
Yevropada sanoatlashgan fan-texnika inqilobi yuz berayotgan bir paytda Rossiya
musulmonlari, jumladan, Turkiston ham jadid va qadim munozaralari ichida edi.
Jadidchilik harakati Rossiya imperiyasining barcha hududlarida keng yoyilgani va
o‘zining keng qamrovli ekani bilan ajralib turardi. Mazkur harakatdagi ta’lim
islohotlari Turkiston va Tatariston mintaqalarida alohida ahamiyat kasb etdi hamda
mazkur harakatning ta’lim tizimida tutgan o‘rni mana shu hududlar orqali atroflicha
o‘rganildi.
Idil-Ural4 mintaqasidagi musulmonlarda ta’lim tizimi asosan Buxoroda tahsil
olgan mudarrislar tomonidan amalga oshirilgan. Tabiiyki, XIX asr oxiri – XX asr
boshlariga kelib zamon talabiga javob bera olmay qolgan eski maktab va madrasa
tizimi isloh etilishi lozim bo‘lgan. Shu boisdan ham bir guruh taraqqiyparvarlar milliy
matbuot sahifalarida o‘z ta’lim islohotlariga doir maqolalarini nashr qildirgan.
Idil-Ural mintaqasidagi eski maktab va madrasalarning ta’lim tizimi xalqning
iqtisodiy hayotiga moslashgan holda faoliyat olib borgan. Masalan, o‘quvchilar
oktyabr va yanvar oylari o‘rtasida maktab-madrasada tahsil olishgan va fevral oyining
boshlaridan aprel oyining o‘rtalariga qadar madrasani tark etishgan. Chunki
o‘quvchilar issiq kunlarda qishloq xo‘jaligi ishlariga yordamlashgan5. Qolaversa, dars
o‘tiladigan juda qisqa fursatlarda ham o‘quvchilarning aksariyati darsga istagan paytda
kelib, xohlamaganda kelishmagan. O‘z navbatida ota-onalar ham farzandlarining
ta’lim olishlariga mas’uliyat bilan qarashmagan. Bunday o‘qitish tizimi muvaffaqiyatli
natijalarni bera olmagan.
Rizouddin ibn Faxriddin mintaqadagi o‘quvchilarning ta’lim olish holati xususida
to‘xtalib, shunday deydi: “Maktablarda bolalar yetti yil davomida tahsil olishadi. Yetti
yildan so‘ng o‘quvchi-bolalarning dars tahsillari tamomiga yetdi, deb hisoblanib,
o‘qish to‘xtatilgan. Biroq, ba’zi bir o‘z farzandi taqdirini o‘ylagan otalar bolalariga
o‘zlari tahsil berishga harakat qilar edilar” [1].
Rizouddin ibn Faxriddin fikricha, bolalar yetti yil mobaynida tahsil olsalar-da,
ta’limdan kutilgan samara ijobiy xarakterga ega bo‘lmagan. Olimning “Men o‘zim
yetti yoshimdan o‘qishni boshlab, yigirma uch yil mobaynida umrimni madrasada
o‘tkazgan bo‘lsam-da, bir marta ham qalam yo‘nib beruvchi, qalamni nima uchun
3 Sxolastika (yunoncha “scholastikos” – ilmga oid) – diniy dunyoqarashni nazariy asoslashga intiluvchi diniy falsafa.
4 Idil-Ural (tatarcha “Idel-Ural”, ruscha “Иделъ-Урал”) so‘zi tom ma’noda Volga-Ural – Sharqiy Yevropadagi tarixiy
mintaqa bo‘lib, hozirgi Rossiya hududida joylashgan.
5 XIX asr oxirida Idil-Ural mintaqasida ta’lim faqat qish oyida olib borilgani sababli, o‘quv davrini “Qish yili” deb atash
urf bo‘lgan.
MUAMMO VA YECHIMLAR
ushlash kerak va uni qay tarzda yozish uchun ishlatish kerakligini o‘rgatuvchi, yozuv
va imlo to‘g‘risidagi xatolarimni qarab, tuzatuvchi bo‘lmadi” deb yozganida ham ana
shu samarasizlikning sabablarini misol sifatida keltiradi.
Orenburgdagi madrasalarning dars jadvali asosan diniy bilimlar va axloqni
o‘rgatishga qaratilgan bo‘lib, aniq va tabiiy fanlar deyarli o‘qitilmagan. Masalan,
o‘quvchi birinchi yili alifboni o‘rgangach, qo‘lbola usulda tayyorlangan taxtachaga
“Fotiha” surasi o‘yib yozilgan va yodlangan. Ushbu sura yodlanganidan so‘ng “Shariat
al-imon” nomli kitobdan ba’zi joylari taxtachaga yozilib o‘quvchilarga yodlatilgan.
Qayd etish kerakki, garchi bu darslarni qisqa fursatda o‘zlashtirish imkoni bo‘lsa-da,
biroq ta’lim tizimidagi o‘qitish metodining yomonligi va samarasizligi natijasida ba’zi
o‘quvchilar ikki-uch yil mobaynida tahsilni o‘zlashtirishgan.
Ikkinchi bosqichda “Haftiyak”ning ba’zi qismlari o‘qitilgan. Uchinchi bosqichda
esa yana “Haftiyak” va “Bedavom” nomli kitob o‘qitilgan. Tahsilning to‘rtinchi yilida
“Fazoil ash-shuhur” (Mashhurlarning fazilatlari), “Taqiyyun ajab” va “Yusuf va
Zulayxo” kabi kitoblar o‘rgatilgan. Beshinchi yili “Sabot al-ojizin” (Ojizlar saboti),
“Rohati dil” (Ko‘ngilning rohati), “Mo‘jizatnoma”, “Nasihat as-solihiyn”, “Haftiyak
tafsiri”, “Ustuvoniy” (Iymonning asoslari to‘g‘risidagi kitob), “Boqirg‘on” va “Sayful-muluk” kabi kitoblardan dars o‘tilgan. Tahsilning oltinchi yilida arab va fors tilini
o‘rgatish boshlangan. Bolalarda biroz qiroat rivojlangach, “Qirq hadis”, “Shurutu-ssolat” (Namozning shartlari), “A’moli” (Aqida to‘g‘risidagi kitob), “Ta’allumu-ssolat” (Namozni o‘rgatishga bag‘ishlangan kitob), “Yak hikoyat” (Bir hikoya),
“Tuhfatu-l-muluk”, “Kofiya” (arab tili grammatikasi to‘g‘risidagi kitob) va boshqa shu
kabilarga o‘xshash kitoblar o‘qitilgan. Tahsilning yettinchi yilida esa “Majmau-llatoyif” (Latifalar majmuasi), “Kitabu-l-lubab”, “Daqoiq al-axbor” (Xabarlarning
manbasi), “Hadiya as-suluk”, “Nisobu-l-axbor” kabi kitoblardan dars berilgan.
Yuqorida nomlari keltirilgan asarlarning o‘rniga ba’zi madrasalarda boshqa
kitoblardan ham tahsil berilgan bo‘lsa-da, biroq Idil-Ural mintaqasidagi aksariyat
boshlang‘ich madrasalardagi ta’lim jarayonida yuqoridagi kitoblardan foydalanilgan.
Lekin hali mintaqada alohida matbaalar vujudga kelmagani sababli ta’lim
muassasalarini kitoblar bilan ta’minlash ishi nihoyatda og‘ir ahvolda bo‘lgan. Bu esa
o‘z navbatida maktablardagi dars sifatining yomon holga kelib qolishiga olib kelgan.
Yetti yillik tahsil muddati tugagach, ta’lim olishni istagan o‘quvchilar
mintaqadagi, xususan, Orenburgdagi madrasalarga o‘qishga kirgan yoki Buxoroga
sayohat qilgan. Alohida qayd etish kerakki, umumiy tahsil muddati insonning 40
yoshigacha davom etgan. Bu esa, tabiiyki, mintaqa taraqqiyparvarlarini qoniqtirmagan
va natijada ular ushbu holatni isloh qilishga harakat qilishgan. Harakat boshida
Shahobiddin Marjoniy (1818-1889), Husaynxon Fayzxoniy (1821-1866), Qayum
Nosiriy (1825-1902), Zaynulloh Rasuliy (1833-1917), Fotih Karimiy (1870-1937),
Muhammad Zohir Begiev (1870-1902), Shamsuddin Qultoshiy (1856-1930),
Abdurashid Ibrohim (1857-1944), Ismoil Gaspirali (1851-1914) va Rizouddin ibn
Faxriddin kabi ziyolilar bor edi.
Shahobiddin Marjoniy ularning ichida eng peshqadamlaridan biri bo‘lgan.
Marjoniy 1818-yilda Qozon shahri atrofidagi Yabinchi qishlog‘ida tug‘ilgan. Oilasi
MUAMMO VA YECHIMLAR
Marjon shajarasiga borib taqalgani sababli “Marjoniy” nisbasi bilan tanilgan. Bobosi
Mulla Subhon yigirma besh yil imomlik qilgan, so‘ngra savdo-sotiq bilan
shug‘ullangan. Otasi Mulla Bahouddin Buxoroda tahsil olgan, amir tomonidan unga
hurmat-e’tibor ko‘rsatilgan [1.6-7].
Marjoniy dastlab Qozonda so‘ng Buxoro va Samarqandda Fozil ibn Ashur
Xo‘jandiy (vaf. 1271/1855), Abdulmo‘min Xo‘ja ibn O‘zbek Xo‘ja Buxoriy Afshanjiy
(vaf. 1283/1866), Xudoyberdi ibn Abdulloh Boysuniy (vaf. 1264/1848), Bobo Rofiy
Xo‘jandiy (vaf. 1285/1868), Muhammad Sharif ibn Atoulloh Buxoriy (vaf.
1260/1844), Qozi Abu Said (vaf. 1265/1849) kabi olimlardan tahsil olgan.
Marjoniy Buxoroda yashagan davrdayoq ta’limga doir islohotchilik dasturini
ishlab chiqqan. Dastur quyidagicha edi:
1. Madrasalarda o‘qitiladigan hoshiya va sharh kabi fanlar dars jadvallaridan
olib tashlansin;
2. Madrasalarda Qur’oni karim, hadis, ularning tarjimalari va islom tarixi kabi
fanlar o‘tilsin;
3. Arifmetika, tarix, jo‘g‘rofiya, tabobat, handasa, mantiq, falsafa va boshqa
dunyoviy fanlarni o‘qitishga qarshilik ko‘rsatilmasin; [8: 24]
4. Madrasa darslari aniq bir jadval va tartib asosida qayta isloh qilinsin [2:110].
Shahobiddin Marjoniy Buxoroda 10 yil tahsil olgani sababli bu yerdagi ta’lim
jarayonidan to‘la-to‘kis xabardor bo‘lgan. U o‘zining bevosita kuzatishlari natijasida
yuqoridagi islohot dasturini ishlab chiqqan. Garchi uning ushbu dasturi amirlik elitasi
va bir guruh ulamolar tomonidan qattiq qarshilikka uchragan bo‘lsa-da, biroq u o‘zidan
katta iz qoldirdi. Buni Turkiston milliy matbuotida Shahobiddin Marjoniy to‘g‘risida
chop etilgan qator maqolalardan ham bilish mumkin[3:15].
Husaynxon Fayzxoniy (1821-1866) ham tatar taraqqiyparvarlari orasida muhim
shaxsiyatlardan biri hisoblanadi. Arab, fors va rus tillarini mukammal bilgan
Husaynxon Fayzxoniy tarix va pedagogik faoliyati bilan tanilgan. Fayzxoniy
tilshunoslik, tarix va pedagogikaga doir tadqiqotlari bilan mashhurlikka erishish bilan
bir qatorda, “islohi madoris”, ya’ni madrasalar islohotiga doir qarashlari bilan ham o‘z
zamondoshlari ichida katta mavqe qozongan. Uning islohotchilikka doir qarashlari
“Risola” va “Islohi madoris” deb nomlangan asarlarida aks etgan bo‘lib, bugungi
kunda ular Qozon davlat universitetidagi Labachevskiy ilmiy kutubxonasida №. 4371
va №. 4372 inventar raqamlari ostida saqlanib kelinmoqda. Shu bilan birga uning
ushbu risolalari to‘g‘risida Ahmad Zakiy Validiy ham ma’lumot bergan bo‘lib, asarlar
o‘zida eski usuldagi maktab va madrasa tizimini butkul yangilashni maqsad qilib
olganini qayd etgan[4:78].
Husaynxon Fayzxoniy ta’lim masalasida keng fikrli bo‘lgan. Olim bolalarga
ta’lim berishda eski usul maktablarini tanqid qilgan holda, mudarrislarning
tadrijiylikka amal qilmasdan obro‘ uchun intilayotganini ta’kidlaydi. Jumladan, u
“Eski maktab o‘qituvchilari o‘z o‘quvchilarini tezlik bilan bilimlarni egallashga
undaydi. Bu bilan ular o‘z shogirdlarini qisqa fursatda baland martabaga olib
chiqmoqchi bo‘lishadi. Biroq, ta’limda tadrijiylikka amal qilmaganliklari va
shoshqaloqliklari natijasida xulqi hamda ilmi yaxshi bo‘lmagan o‘quvchilar yetishib
MUAMMO VA YECHIMLAR
chiqadi. Maktab o‘qituvchilari garchi shogirdlari hech narsani o‘qiy olmasalar-da,
“Mening shogirdlarim “Mulla Jaloliy”, “Sharhi Mulla Jomiy”, “Shamsiya” va “Sharhi
aqoid” kabi kitoblarni qisqa fursatda o‘qib tugatganlar” deb maqtanib yuradi. Natijada
o‘quvchilarning yarmidan ko‘pi o‘ziga nima kerakligini, o‘qigan darslari nima foyda
keltirganini bilmaydi. Madrasalardagi bunday mudarrislar esa faqatgina pul uchun
kurashadilar”, deb yozadi[6:114]. Fayzxoniy o‘z fikrini davom ettirib, mudarrislar
imkon qadar ko‘proq shogirdga ega bo‘lishga harakat qilishini, o‘zini barcha fanlar
bo‘yicha mutaxassis deb e’lon qilib, turli fanlarni o‘qita olish mahoratiga ega
ekanligini da’vo qilishlaridan hayratga tushadi. Chunki Fayzxoniyning fikricha, har bir
fan va har bir mavzu alohida san’atdir. Agar biror kishi san’atning birida mahoratga
ega bo‘lsa, u boshqa sohalarda bunchalik iqtidorga ega bo‘la olmaydi. Fayzxoniy o‘z
mulohazalarini Ibn Xaldunning “Muqaddima” asarida qayd etilgan quyidagi jumlalar
bilan dalillaydi: “...deylik, bir mudarris alohida shaxs, barcha ilmlarni bilguvchi. Lekin
u bir-biridan qobiliyati va saviyasi jihatidan farq qiladigan shogirdlarga shunchalik
ko‘p kitoblardan qanday qilib to‘g‘ri saboq bera oladi? Bu insonning imkoniyatlaridan
tashqaridadir”[7:15]. Fayzxoniy ziyrak pedagog sifatida bolaning o‘zlashtirish
darajasini juda yaxshi tushundi, his qildi va shunga ko‘ra har bir bolaning qobiliyat va
darajasiga mos keluvchi o‘qitish dasturi ishlab chiqish kerakligini ta’kidladi.
Rizouddin ibn Faxriddin ham tatar ziyolilari qatorida ta’lim masalasiga katta
e’tibor qaratgan holda, milliy matbuot sahifalari orqali o‘z fikrlarini bildirib bordi.
Jumladan, u ta’lim islohotiga doir qarashlarini Orenburgda chop etilgan “Vaqt”
gazetasining 1906-yildagi 16, 28, 29-sonlarida e’lon qilingan “Maktab va
shogirdlarimiz” nomli turkum maqolalari orqali ommaga havola etdi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati:
1. Rizouddin ibn Faxriddin. Rihlat al-Marjoniy. – Qozon: 1897.
2. Solih ibn Solih Abdullin. Marjoniy. – Orenburg: Maorif, 1915.
3. Muzaffar A. Marhum Marjoniy haqinda. “Sadoi Turkiston” gazetasi. 1915-
yil 29-yanvar – № 57.
4. Abdulg‘ofur Tohuriy Shahobiddin Marjoniy hazratlari. “Al-Isloh” jurnali.
1916-yil – № 21.
5. Zakiy Validiy. Husayn afandi Fayzxonovning tarjimai holina oid xabarlar //
“Sho‘ro” jurnali. 1912-yil – № 16. – B. 495.
6. Послание. (Рисаля). Положение татар-мусулман в России // Хусаин
Фаизханов. Жизн и наследие: историкодокументалный сборник // пер. со
старотат. А. М. Ахунова и И. Ф. Гимадеева; сост. и отв. редактор
Д.В.Мухетдинов. — Н. Новгород: ИД Медина, 2008. См.
http://www.idmedina.ru/books/encyclopedia//4239
7. Rizouddin ibn Faxriddin. Maktab va shogirdlarimiz // “Vaqt” gazetasi. 1906-
yil 18-aprel. – №. 16.
8. Dilnoza Jamalova. Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati (XIX
asr oxiri, XX asr boshlari). – Toshkent: Muharrir, 2021.