ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Qadimgi So‘g‘dda chorvador aholi madaniyati kelib chiqishi tarixidan

Sultonov E.

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

IJTIMOIY-GUMANITAR FANLARNI O‘QITISHDA
TALABALAR MUSTAQIL ISH DARSLARINI TASHKIL ETISH:

MUAMMO VA YECHIMLAR

Qadimgi So‘g‘dda chorvador aholi madaniyati kelib chiqishi tarixidan

Sultonov E.
Oriental universiteti, Tarix fakulteti,

Tarix kafedrasi katta o‘qituvchisi

Ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishi natijasida dastlab dehqonchilik va
chorvachilik bir negizda tirikchilik manbai sifatida Neolit davridayoq paydo bo‘lgan
bo‘lsa-da, bronza davridagi mehnat taqsimoti natijasida bu ishlab chiqarish sohalari
bir-biridan ajraladi.

Endilikda ular alohida-alohida xo‘jalik yuritish sohalariga aylanishadi. Qadimgi
chorvadorlar chorvachilik bilan shug‘ullanish bilan birga o‘ziga xos moddiy madaniyat
ham yaratishadi. Bu moddiy madaniyatning ildizlari bronza davriga borib taqaladi.

Markaziy Osiyoning janubida bronza davridan oldin ham chorvachilik bilan
bog‘liq moddiy ashyolar mavjud bo‘lganligi, ular hali dehqonchilikdan to‘liq ajralib
chiqmasdan ham mavjud bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Jumladan, eneolit va
bronza davrlariga tegishli hozirgi Turkmaniston hududidagi Nomozgoh manzilgohida
asosan qo‘lda yasalgan idishlarni ko‘rish mumkin. Ular qora, qizil, sariq ranglarga
bo‘yalgan. Qorin qismi sharsimon ko‘rinishda. Geometrik naqshlar bilan bezatilgan.
Idishlar dastlab bir xil rangda, ya’ni “monoxrom” qilib bo‘yalgan bo‘lsa, keyinchalik
“polixrom” turli ranglardan foydalanilgan.

Sopol buyumlar odam “antromorfik” va hayvonlar “zoomorfik” suratlari bilan
ham bezatilgan. Ayniqsa ular orasida qo‘y va echkilarning tasvirlari ko‘p uchraydi
[4:7]. Bu esa chorvachilikning aholi xo‘jalik yuritishida muhim rol o‘ynaganligidan
dalolat beradi.

Chorvachilik xo‘jaligining rivojlanib borishi jarayonlarini o‘rganish ishlari 1950-
yillardayoq Y. G‘ulomov boshchiligida O‘zFA tarix va arxeologiya institutining
Mohandaryo arxeologiya guruhi tomonidan tizimli ravishda amalga oshirila
boshlangan edi. Buxoro viloyati hududida joylashgan Budjayli va Qizilqir qabrlarining
o‘rganilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yerdagi qabrdan chiqqan ashyolar bronza
davridagi aholining xo‘jalik yuritishi, turmush tarzi haqida juda qiziqarli va ishonchli
ma’lumotlarni bergan. Topilgan buyumlar o‘sha davrdagi Yevroosiyo dashtlarida keng
tarqalgan madaniyatlardan biri “Andronova madaniyati”ga xos ekanligi aniqlangan.

Dasht aholisi madaniyatiga xos bo‘lgan bunday madaniyat namunalari butun
Markaziy Osiyoning ko‘plab hududlaridan topib o‘rganilgan. Masalan, Xorazmdagi
Ko‘kcha-3 qabr yodgorligi va Oqchadaryo va Uzboy deltasidan topilgan yuzlab
manzilgohlardan, Zarafshon daryosining quyi qismidan yodgorliklarning butun bir
komplekslari, Toshkent viloyatidan bir qator bronza davrining dasht qabrlari, Farg‘ona
vodiysidagi Qayroqqum cho‘lidan bir qancha manzilgohlar va 3 ta qabr,
Qirg‘izistonning O‘sh shahri yaqinidagi Sulaymontovda bronza davri sopol buyumlari
parchalari topib o‘rganilgan [1:35-36]. Mana shuning o‘zi ham “Andronova
madaniyati”ining Markaziy Osiyo hududlarida qanchalik keng tarqalganligidan dalolat
beradi.

228

IJTIMOIY-GUMANITAR FANLARNI O‘QITISHDA
TALABALAR MUSTAQIL ISH DARSLARINI TASHKIL ETISH:

MUAMMO VA YECHIMLAR

Quyi Zarafshon hududlarida O‘zFA tarix va arxeologiya institutining
Mohandaryo arxeologiya guruhi tomonidan bir qancha tadqiqotlar olib borilgan bo‘lib,
natijada 40 dan ortiq neolit davri hamda 20 dan ortiq bronza davri manzilgohlari
o‘rganiladi. 1963-yilda Zamonbobo, Qorako‘l va Katta Tuzkon atroflarida bronza
davriga oid manzilgohlardan Andronova madaniyatiga oid ko‘plab ashyolar topib
o‘rganilgan. Ashyolarning o‘rganilishi natijasida bu davrda chorvachilik xo‘jaligining
rivojlanib borishini ko‘rish mumkin. Sopol buyum parchalarining ko‘pchiligi
geometrik naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, mayda tosh, qum va maydalangan sopol
parchalari qo‘shib tayyorlangan. Qo‘lda yasalganligi sababli qalin hisoblanadi.

O‘zbekiston hududining shimoliy qismlarida bronza davrida Buxoro, Xorazm,
Qoraqalpog‘iston va ularga yondosh joylarda chorvachilik va ovchilik bilan
shug‘ullanuvchi qabilalar tarqalganligini ko‘rish mumkin [4:13]. Ularning kulolchilik
buyumlari odatda ko‘zasimon yoki qozonsimon ko‘rinishga ega va geometrik naqshlar
bilan bezatilgan. Kulolchilik buyumlari pishirilmagan, balki quritilgan.

O‘zbekiston hududida dastlab bronza davri yodgorliklarini o‘rgangan Yahyo
G‘ulomov o‘sha davr aholisi Xorazm, Mohandaryo, Chust va Dalvarzin atroflarida
chorvachilik va ovchilik qilib ko‘chib yurishgan [3:20], degan fikrni aytib o‘tgan.

Bu yerda chorvachilikdan yaylov xo‘jaligi ko‘rinishiga taxminan eramizdan
oldingi birinchi ming yillikning birinchi choragida o‘tilgan deb xulosa qilingan [2:60].

Temir asriga kelib turli metal buyumlarning ko‘payishi sodir bo‘lgan davrda ham
dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan aholi yonma-yon yashashda davom
etadi. Buni O‘zbekistonning turli hududlarida kuzatish mumkin. Qadimgi Baqtriya
hududidagi, hozirgi Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanidagi Qiziltepa arxeologiya
yodgorligida charxda va qo‘lda tayyorlangan sopollarni uchratish mumkin. Ularda
chorvador aholi xo‘jaligining an’anaviy ishlab chiqarish usullari uchraydi. Shundan
kelib chiqib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan aholi jamoalari
birgalikda yashagan deb aytish mumkin.

Shu davrda Toshkent atroflarida tarqalgan “Burg‘ulik madaniyati” ning o‘ziga
xos tomoni shundaki, bu madaniyatga mansub jamoalar ko‘proq chorvachilik, shu
bilan birga, dehqonchilik bilan ham shug‘ullangan. Turar joylari janubiy viloyatlardagi
singari ko‘p xonali me’moriy yechimga ega uylar qurmasdan, balki yarim yerto‘la
shaklidagi uylardan foydalanganlar. Bunday uylar neolit davridan buyon davom etib
kelayotgan an’anaviy turar joylar hisoblanadi. Albatta, ularga ba’zi o‘zgarishlar
kiritilgan bo‘lishi mumkin.

Qadimgi So‘g‘d hududi esa markazi voha bo‘lishi bilan birga, shaharlarning atrofi
dasht, tog‘ hududlari bilan o‘ralgan. Bu esa shaharlar atrofida dehqonchilik bilan birga
chorvachilik ham xo‘jalik yuritishning asosiy vositalaridan biri bo‘lganligidan dalolat
beradi. Chunki, dasht va tog‘ hududlarida asosiy tirikchilik manbasi bu hozirgacha
chorvachilik hisoblanadi. To‘g‘ri, tog‘ oldi va dasht hududlarida dehqonchilik bilan
ham shug‘ullanishgan. Ular asosan, tog‘ oldi hududlarida korizlar bilan sug‘oriluvchi,
dashtlarda esa lalmikor dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar.

Shunday qilib, O‘rta Osiyoda mezolitning oxirlari, neolit davrining boshlarida
dastlabki hayvonlar qo‘lga o‘rgatilgan bo‘lsa, bronza davridan boshlab chorvachilik

229

IJTIMOIY-GUMANITAR FANLARNI O‘QITISHDA
TALABALAR MUSTAQIL ISH DARSLARINI TASHKIL ETISH:

MUAMMO VA YECHIMLAR

bilan shug‘ullanuvchi aholi qatlami alohida xo‘jalik yurita boshlaydi. Ularning
madaniyati esa keyinchalik o‘troq, yarim ko‘chmanchi va ko‘chmanchi chorvador
aholi madaniyatining rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qadimgi So‘g‘d hududida ham bronza davrida chorvador aholi madaniyati
shakllanadi. Bu ularning manzilgohlaridan topilgan moddiy ashyolarida yaqqol
namoyon bo‘lgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Аскаров А. Памятники андроновской культуры в низовьях Зарафшана.
ИМКУ, Вып. 3. – Ташкент, 1962.
2. Аскаров А. Новые находки андроновской культуры в низовьях
Зарафшана. ИМКУ, Вып. 6. – Ташкент, 1965.
3. Ғуломов Я. Ўзбекистонда археология. – Тошкент: “Қизил Ўзбекистон”,
“Правда востока” ва “Ўзбекистони сурх” бирлашган нашриёти, 1956.
4. Исомиддинов М. Сополга битилган тарих. – Тошкент: “Фан”, 1992.

230