MUAMMO VA YECHIMLAR
Buyuk Saljuqiylar (1038-1157) davrida fiqh fani rivoji
Rajapov Pirnazar
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi,
IRCICA kafedrasi tadqiqotchisi
e-mail: rajapovpirnazar@gmail.com
Tel.: +998 99 847-75-94
Annotatsiya: Ushbu maqolada XI-XII asrlarda Buyuk Saljuqiylar davlati (1038-
1157) da fiqh ilmi rivojiga hissa qo‘shgan Abu Is’hoq She’roziy, Abu Nasr ibn Sabbog‘
Bag‘dodiy, Abdulvohid ibn Ismoil Ruyoniy va Abu Bakr Shoshiy kabi buyuk
muhaqqiqlar ilmiy faoliyati va o‘sha davr ilmiy muhitida tutgan o‘rni ochib berilgan.
Kalit so‘zlar: Buyuk Saljuqiylar davlati, fiqh, Abu Is’hoq She’roziy, Bag‘dod
Nizomiya madrasasi, Abu Nasr ibn Sabbog‘ Bag‘dodiy, Abdulvohid ibn Ismoil
Ruyoniy, Abu Bakr Shoshiy.
Annotation: This article reveals the scientific activity of great faqihs such as Abu
Ishaq Shirazi, Abu Nasr ibn Sabbagh Baghdadi, Abdul Wahid ibn Ismail Ruyani and
Abu Bakr Shashi, who contributed to the development of fiqh science in the Great
Seljuk Sultanate (1038-1157) in the XI-XII centuries and their place in the scientific
environment of that time.
Keywords: The Great Seljuk Sultanate, fiqh, Abu Ishaq Shirazi, The Nizamiya
Madrasah at Baghdad, Abu Nasr ibn Sabbagh Baghdadi, Abdul Wahid ibn Ismail
Ruyani, Abu Bakr Shashi.
Afrikadan tashqari deyarli butun Islom olamiga hukmronlik qilgan saljuqiylar
davrida siyosiy barqarorlik ta’minlandi. Saltanat sarhadlari bo‘ylab madrasa,
kutubxona va zoviyalar qurilib, ularga vaqflar ajratilishi natijasida ilm-fan va
madaniyat taraqqiy etdi.
To‘g‘rulbey (431/1040-455/1063), Alp Arslon (455/1063-465/1072), Malikshoh
(465/1072-485/1092) va Sanjar (511/1118-552/1157) kabi saljuqiy sultonlar olimlarga
hurmat ko‘rsatib, butun mamlakat bo‘ylab ilm-ma’rifatni yoyishga harakat qilganlar.
To‘g‘rulbey fath etilgan shaharlarga kirgach, birinchi navbatda olimlar va shariat
peshvolarini ziyorat qilardi. Sulton Alp Arslon davrida esa madrasalar mamlakatning
chekka hududlarida ham bunyod etila boshlandi. U shaxsiy tushumining bir qismini
kambag‘allarga, 1/10 qismini esa olimlarga xayr-ehson qilardi [14:43]. Malikshoh esa
o‘zi tashkil qilgan madrasalar va ilmiy-madaniy muassasalardan tashqari har yili olim
va mutasavviflarga 300 ming dinor (oltin) mablag‘ ajratardi [9:255; 10:67].
Islom olamining buyuk mutakallim, faqih, mufassir va muhaddislarining
aksariyati Saljuqiylar davrida yetishib chiqdi. Jumladan, fiqh ilmi yuqori darajaga
ko‘tarildi. Fiqh ilmini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor kuchayib, bir qator mashhur
muhaqqiqlar yetishib chiqdi.
Abu Is’hoq She’roziy (393/1003-476/1083) She’rozning shimolidagi Feruzobod
shahrida tug‘ilgan. Olim Abu Abdulloh She’roziy, Abu Abdulloh al-Jallob, Abu
MUAMMO VA YECHIMLAR
Ahmad Bag‘dodiy kabi olimlardan ta’lim olgan [8:352]. Uni Bag‘dod Nizomiya
madrasasining ilk mudarrisi sifatida e’tirof etishgan [2:184-186]. Nizomulmulk
Bag‘dod Nizomiya madrasasini Abu Is’hoq She’roziy uchun qurdirgan edi [8:354].
Abu Is’hoq She’roziy saljuqiylar davrining mashhur shofe’iy faqihlaridan hisoblanadi.
Shuningdek, olim tabaqot kitoblarida zamonasining ilmli, zohid, ibodatgo‘y, taqvodor
va saxovatli shaxsi sifatida e’tirof etilgan.
She’roziyning shofe’iy mazhabidagi asosiy hukmlar va mazhab ichidagi ixtilofli
masalalar keltirilgan “al-Muhazzab fiy fiqhil-imam ash-Shofe’iy”, madrasalarda
mudarrislar talabalarga o‘qitib yod oldirtirgan “at-Tanbeh fi furu’il-fiqh ash-Shofe’iy”,
fiqhdagi ixtilofli masalalar aqidaviy uslubda bayon qilingan “at-Tabsira fiy usulilfiqh”, sahobalar davridan to XI asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davrdagi mashhur
faqihlarning qisqacha tarjimayi holi keltirilgan “Tabaqot al-fuqaho” kabi fiqhga oid
asarlari mavjud.
Shuningdek, She’roziyning kalomga oid “al-Ishora ila mazhabi ahlil-haq” va
“Aqidatus-salaf” nomli asarlari bizgacha yetib kelgan. Muallif “Aqidatus-salaf”
asarida xanbaliylar va ash’ariylar orasida kechgan ixtiloflarni ochib bergan. Xususan,
asarning o‘sha davrdagi xanbaliylar tarafdori, abbosiy xalifaning amakivachchasi, Abu
Ja’far Abdulxoliqning ash’ariylarga qarshi qaratilgan tanqidlariga javoban yozilgani
haqida ma’lumotlar mavjud. Qushayriyning o‘g‘li Abu Nasr xanbaliylarni tajsim
(mujassima)6 bilan ayblagan. Natijada bu holat ash’ariylar va xanbaliylar o‘rtasida
ziddiyat keltirib chiqargan. Ziddiyat yanada keskinlashgach, Ibn Qushayriyni qoʻllabquvvatlagan She’roziy Nizomulmulkga xat yozib, xanbaliylar ustidan shikoyat qilgan.
Holat Ibn Qushayriy hamda xanbaliylar yetakchisi va Abu Ja’far tarafdorlari o‘rtasida
to‘qnashuvlar kelib chiqishigacha boradi. Saljuqiylar sultoni va vaziridan cho‘chigan
xalifa ikki tarafni yarashtiradi. Hanbaliy mazhabi vakillarining asarlarida She’roziy
Abu Ja’fardan uzr so‘ragani va ash’ariylik ta’limoti qarashlaridan uzoqlashgani
keltirilgan bo‘lsa-da, Shofe’iy manbalarida buning haqiqatga zid ekanligi ta’kidlangan
[2:184-186; 4:19-21]. She’roziyning “al-Ishora ila mazhabi ahlil-haq” asarida esa
o‘zlarini ilm va haq ahli sifatida da’vo qilib chiqqan bid’at ahllarining Islom e’tiqodi
bilan bog‘liq qarashlarini tanqid qilgan hamda ahli haq qanday bo‘lishi kerakligini
qisqacha ifodalab, sunniylik e’tiqodiy asoslarini himoya qilgan.
Abu Nasr ibn Sabbog‘ Bag‘dodiy (400/1009-477/1084) Bag‘dodda tug‘ilgan [1:2;
3: 437; 5:218]. Ibn Sabbog‘ Abu Ali ibn Shodon va Abulhusayn Muhammad ibn
Husayn Qattondan hadis, qozi Abu Toyyib Tabariydan fiqh ilmini o‘rgandi [1:2]. Ibn
Sabbog‘ “Faqihul-Iroq” hamda “Faqihul-Iroqayn” nomlari bilan shuhrat qozongan
[5:217; 11:193]. Xanbaliy mazhabi namoyandalaridan Abulvafo ibn Aqil Zafariyning
so‘zlariga ko‘ra, Ibn Sabbog‘ Bag‘dodda 30 yil qozi ul-quzzotlik qilgan Muhammad
ibn Ali Damg‘oniy (vaf. 478/1085) bilan bahs-munozara qila oladigan darajadagi
shofe’iy faqihi bo‘lgan [1:2]. Xatib Bag‘dodiy (vaf. 463/1071), Abulmuzaffar
Sam’oniy (vaf. 489/1096), Abu G‘olib ibn Sabbog‘ (vaf. 492/1099), Abu Mansur ibn
Sabbog‘ Bag‘dodiy (vaf. 494/1100), Abu Nasr Raboiy (vaf. 507/1113), Abu Bakr
6 Allohni jism deb hisoblaydiganlar yoki unga jismoniy xususiyatlarni nisbat beradiganlar toifasini ifodalovchi atama.
MUAMMO VA YECHIMLAR
Shoshiy (vaf. 507/1114), Abulvafo ibn Aqil Zafariy (vaf. 513/1119), Haririy (vaf.
516/1122), Ibn Amura (vaf. 517/1123), Ibn Rutabiy (527/1133) va Abu Ali Fariqiy
(vaf. 528/1134) kabi mashhur olimlar Ibn Sabbog‘ning shogirdlari bo‘lishgan [1:3-5].
Ibn Sabbog‘ o‘zining “Kitob ash-shomil fil-fiqh” nomli shofe’iy fiqhiga oid asari
bilan tanilgan [7:164-165]. Ibn Xalliqon ushbu asar shofe’iylarning naql va dalillari
jihatidan eng sahih kitobi ekanini ta’kidlab o‘tgan [5:217; 11:193]. Ibn Sabbog‘
saljuqiylar davrining yetakchi olimlaridan edi. Ibn Sabbog‘ qisqa muddat Bag‘dod
Nizomiyasida mudarrislik ham qilgan. U shofe’iy fiqhida mashhur faqih Abu Is’hoq
She’roziy bilan ayni maqomda bo‘lgani, hatto undan ham o‘zib ketgani haqidagi
ma’lumotlar mavjud. Ibn Sabbog‘dan fiqh ilmini o‘rganish uchun Islom olamining turli
o‘lkalaridan Bag‘dodga ko‘plab talabalar kelgan.
“Ikkinchi Shofe’iy” nomi bilan tanilgan shofe’iy faqih va muhaddis Abulmahosin
Faxrul-Islom Abdulvohid ibn Ismoil Ruyoniy (415/1024-502/1108) Tabaristonning
Ruyon shahrida tug‘ilgan. Omul Nizomiyasida mudarrislik qilgan. Bir muddat
Tabaristonda qozilik ham qilgan. 502/1108-yil bergan bir fatvosi tufayli Omul jome’
masjidida ismoiliya fidoyilari tomonidan o‘ldirilgan. Ruyoniy fiqh va tasavvufga oid
40 ga yaqin asar yozgan bo‘lib, uning asarlari XIII asrda ham mazkur sohalarga doir
muhim adabiyotlar sifatida foydalanilgan. U “Bahrul-mazhab fi furu’i mazhabil-Imom
ash-Shofe’iy” asarida fiqhiy masalalarga ahli sunna val jamoa yo‘nalishining barcha
mazhablari nuqta’i nazaridan yondashishi bilan asarni mazhablararo qiyosiy fiqh kitobi
holiga keltirgan. “Hilyatul-mo‘min fil-furu” asarida esa “Bahrul-mazhab” da qo‘llagan
metodiga zid ravishda naql bilan kifoyalanmay, o‘zi ham ijtihod qilgan. Aksariyat
masalalarda shofe’iy mazhabining emas, molikiy mazhabi qarashlarini qabul qilgan
[5:198-199; 7: 167; 12:106-107; 15:260-262].
Abu Bakr Faxrul-Islom Muhammad ibn Ahmad Shoshiy (429/1037-507/1114)
asli Shosh (Toshkent) dan bo‘lib, Mayyafariqin shahrida tug‘ilgan. Bag‘dodda Abu
Is’hoq She’roziyga muridlik qildi. 482/1089-yildan Bag‘doddagi Tojiya madrasasida
mudarrislik faoliyatini boshladi. Bir muddat Bag‘dod Nizomiya madrasasida ham
mudarrislik qildi. Abbosiy xalifa Mustazhir Billah (487/1094-512/1118) ga bag‘ishlab
“Hilyatul-ulamo fi ma’rifati mazahibil-fuqaho” va uning o‘g‘li Mustarshid Billah
(512/1118-529/1135) ga bag‘ishlab “al-Umda fi furu’ish-shofe’iyya” nomli shofe’iy
fiqhiga oid asarlar yozgan [6:219-221; 7:167; 13:70-78; 15:393-394].
Xulosa qilib aytish mumkinki, saljuqiylar davrida saltanat sarhadlari bo‘ylab
madrasalar tashkil qilinishi natijasida ilm-fan sohasiga bo‘lgan e’tibor va rag‘bat oshdi.
Shuningdek, mavjud ulamolarni mudarris sifatida madrasalarga jalb qilish orqali butun
mamlakat bo‘ylab ilmiy-madaniy muhit shakllandi. Natijada Islom ilmlari taraqqiy
etdi. Jumladan, fiqh sohasida qalam tebratgan Abu Is’hoq She’roziy, Ibn Sabbog‘,
Ruyoniy, Abu Bakr Shoshiy, kabi buyuk allomalar yetishib chiqdi.
MUAMMO VA YECHIMLAR
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
1. Abdülkerim Özaydın. Bağdat Nizamiye medresesi müderrisi Ebû Nasr
Ibnü’s-Sabbāğ (ö. 477/1084) // Tarih, sayı 68, 2018. – S. 1-14.
2. Bilal Aybakan. Şîrâzî, Ebû İshak // Türkiye Diyanet Vakfı İslâm
Ansiklopedisi, C.39. – İstanbul: TDVY, 2010. – S. 184-186.
3. Ibn Asir. Al-Komil fit-tarix ,(الكاميل في التاريخ)VIII jild. – Bayrut: Dar al-Kutub
al-ilmiyah, 1987. – 532 b.
4. Ibn Rajab. Az-Zayl ala tabaqotil-hanabila, I jild. – Qohira: As-Sunna al-
Muhammadiyyah, 1952. – 454 b.
5. Ibn Xalliqon. (وفيات الاعيان وانباء ابناء الزمان)Vafoyat al-a’yon va anbau abna azzamon, III jild. – Bayrut: Dorus-sadr, 1978. – 524 b.
6. Ibn Xalliqon. (وفيات الاعيان وانباء ابناء الزمان)Vafoyat al-a’yon va anbau abna azzamon, IV jild. – Bayrut: Dorus-sadr, 1978. – 490 b.
7. İbrahim Kafesoğlu. Büyük Selçuklu imparatoru Sultan Melikşah. – İstanbul:
Milli Eğitim Basımevi, 1973. – 201 s.
8. M.Akın. Ebû İshâk Eş-Şîrâzî’nin Akâide Dair İki Eseri ve Kelâmî Görüşleri
// Diyanet İlmî Dergisi, C.57, Sayı: 1, 2021. – S. 349-376.
9. Osman Turan. Selçuklular tarihi ve Türk-İslâm medeniyeti. – İstanbul: Turan,
1969. – 478 s.
10. Sadriddin Husayniy. Axbor ad-davlat as-Saljuqiyya – .(أخبار الدولة السلللقجو ية)
Lohur: Panjob universiteti nashriyoti, 1933. – 245 b.
11. Salohiddin Safediy. Naktul-himyan fiy nukatil-umyan. – Qohira: Al-
Jamaliyyah, 1911. – 344 b.
12. Sam’oniy. Al-Ansob, III jild. – Bayrut: Dar al-Janan, 1988. – 578 b.
13. Tojuddin Subqiy. Tabaqot ash-shofe’iyyatul-kubro ,(طبقات الشللافةية الكبرى)VI
jild. – Qohira: Doru ihyail-kutub al-arabiyya, 1992. – 560 b.
14. Yahya Akyüz. Türk Eğitim Tarihi. – Ankara: Pegem Akademi Yayınları,
2008. – 529 s.
15. Zahabiy. Siyaru a’lamu an-nubala, XIX jild. – Bayrut: Al-Resalah, 1984. –
681 b.