ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Jizzax viloyati yengil va kimyo sanoat sohalarining respublika iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni (XX asrning 70–80-yillari misolida)

Abdusodiqov Marufjon

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUAMMO VA YECHIMLAR

Jizzax viloyati yengil va kimyo sanoat sohalarining respublika iqtisodiy
taraqqiyotidagi o‘rni (XX asrning 70-80-yillari misolida)

Abdusodiqov Marufjon
Oriental universiteti, Tarix kafedrasi o‘qituvchisi

Annotatsiya: Maqolada XX asrning 70-80-yillarida Jizzax viloyatida yengil va
kimyo sanoat korxonalarining hududiy xususiyatlari va uning respublika iqtisodiy
taraqqiyotidagi o‘rni masalalari ochib berilgan. Unda paxta yakkahokimligi va boshqa
xomashyoga ixtisoslashgan sohalarning viloyat sanoat taraqqiyotidagi holati va bu
boradagi qator muammolar bayon qilingan.

Kalit so‘zlar: Jizzax viloyati, sanoat, korxona, iqtisodiyot, mahsulot, paxta,
sovxoz, xo‘jalik, sovet, qishloq, shahar, kimyoviy modda.

Abstract: The article reveals the regional characteristics of light and chemical
industrial enterprises in the Jizzakh region in the 70s and 80s of the 20th century and
their role in the economic development of the republic. It describes the cotton
monopoly and the regional industrial development of industries specializing in other
raw materials, as well as a number of problems in this regard.

Key words: Jizzakh region, industry, enterprise, economy, product, cotton, state
farm, farm, Soviet, village, city, chemical substance.

Kirish
Qishloq xo‘jalik mahsulotlariga ishlov berish, undan unumli foydalanish,
sohaning yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari bilan bog‘liqligi agrosanoat
majmuining tarkibiy qismidir. Qishloq xo‘jaligi respublikamiz xalq xo‘jaligining
qadimdan rivojlanib kelayotgan tarmog‘idir. O‘zbekiston o‘zining to‘qimachilik va
oziq-ovqat mahsulotlari bilan azaldan mashhur bo‘lib kelgan. Bu yerda tikilgan
beqasam to‘nlar, atlas va adraslar, attorlik buyumlari va ip-gazlamalar “Buyuk ipak
yo‘li” orqali xorijiy mamlakatlarga chiqarilganligi tarixiy manbalardan ma’lum.
Paxtachilik, uni qayta ishlash va to‘qimachilik sohalari XX asrning 70-80-yillarida
Jizzax viloyatida rivojlandi. Uzoq-yillar asosan paxtachilik, shu asosda yengil sanoat
ishlab chiqarishga va ko‘proq xomashyo yetishtirishga yo‘naltirilishi hamda
ixtisoslashib qolishi natijasida qator sohalar bir yoqlama rivojlandi. Bu, shubhasiz,
yengil va kimyo sanoat sohalarida ham aks etdi.

Tahlil va natijalar
Mazkur maqolani yozish jarayonida biz XX asr 70-80-yillarida Jizzax viloyati
yengil sanoatini ikki guruhga bo‘lgan holda tahlil etdik. Birinchi guruhga qishloq
xo‘jalik mahsulotlarini dastlabki qayta ishlaydigan paxta tozalash, pillakashlik,
qorako‘l terisiga, kanop tolasiga ishlov berish, jun yuvish kabi tarmoqlar kiradi.
Ikkinchi guruhga aholi va xalq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun keng iste’mol mollari -
to‘qimachilik, ip-gazlama, trikotaj, shoyi gazlama, tikuvchilik, poyabzal, mo‘yna,
gilam, shuningdek, attorlik mollari, chinni idishlar kabi mahsulotlar ishlab
chiqaradigan tarmoqlar kiradi [1:98].

MUAMMO VA YECHIMLAR

O‘rganilayotgan davrda sanoat tarmoqlari uchun xomashyoni qayta ishlovchi
paxta zavodlari asosan Paxtakor, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Arnasoy, Zarbdor, Zafarobod
tumanlarida va sovxozlarda tashkil etildi. Jizzax trikotaj mahsulotlari fabrikasi trikotaj
(ust kiyim, bolalar kiyimi) mahsulotlari ishlab chiqaradigan sanoat korxonasi 1976-
yilda Toshkent “Malika” trikotaj birlashmasi filiali negizida Jizzax shahrida tashkil
qilingan. 1982-yilda Jizzax trikotaj birlashmasiga aylantirilgach, uning qoshida
Hamroqul Nosirov nomidagi va “Marjonbuloq” tikuv fabrikalari tashkil etilgan.

Viloyatda yengil sanoat rivojida kadrlar masalasi asosiy masalalardan biri edi.
Shu bois, yengil sanoat uchun xomashyo hisoblangan paxta, jun yetishtirish maqsadida
aholini ko‘chirish siyosati olib borildi. Xususan, aholining dashtli tumanlar (Nurota,
Forish, G‘allaorol, Qo‘shrabot, Payariq va boshqa tumanlar)dan ko‘chishi aynan XX
asr 70-80-yillariga to‘g‘ri keldi. Masalan, 1967-yildan Paxtakor tumani va shu tumanga
qarashli Samarqand, Akmal Ikromov sovxozlari, 1975-yil Arnasoy, 1979-yil Zarbdor
tumanlari tashkil etiladi. 1974-1987-yillarda yuqorida qayd etilgan tumanlardan 1000
dan ortiq yangi oilalar Arnasoy tumanidagi Y.Fuchik, Konev, Timoshenko,
Rokossovskiy, Voroshilov, Mirzacho‘l tumanidagi Sovetskaya Rossiya, O‘zbekiston,
Toshkent, Abay, Oktyabr tumanidagi Uch qahramon, Fayzulla Xo‘jayev, Do‘stlik
tumanidagi 12, 13, 13a, 27, Paxtakor tumanidagi 25, 26, 26a, 28, 29, 30 sovxozlarga
ko‘chib o‘tdilar, u yerlarda paxta tozalash zavodlarida mehnat qildilar [2:49].

Shu davrda va undan so‘ng Jizzax, Mirzacho‘l dashtlarining o‘zlashtirilishi tufayli
yana ko‘plab yosh oilalar Mirzacho‘l, Paxtakor, Arnasoy, Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod
tumanlariga, Jizzax shahriga, Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahriga ko‘chib
o‘tadilar. Yangi paxtachilik tumanlariga aholi cho‘lni o‘zlashtirishda, yangi davlat
xo‘jaliklari tashkil etishda, yangi turar-joylar, maktablar, kommunal-maishiy obyektlar
barpo etishda mehnat qilganlar. 1962-1979-yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 30
ga yaqin ana shunday paxtachilik xo‘jaliklari tashkil etilgan bo‘lib, shu yillarda
minglab oilalar mazkur xo‘jaliklarga ko‘chib o‘tdilar.

Bu davrda Mirzacho‘lda Sirdaryo, Shirin, Guliston, Yangiyer, Paxtakor, Do‘stlik,
Gagarin singari shaharlar, 10 ga yaqin paxtachilikka ixtisoslashgan tikuv sexlari,
paxtaga birlamchi ishlov beruvchi korxonalar tashkil etildi. Umuman, o‘nlab shahar
tipidagi posyolkalarda 30 dan ortiq yengil sanoat korxonalari bunyod etildi, ular asosan
paxtani qayta ishlab, kalava holatiga keltirib bergan xolos. Ammo bunday
korxonalarning tashkil etilishi kadrlar tanqisligiga barham berishga doir zarur choratadbirlar ishlab chiqishni talab qildi.

Respublika hukumati 1966-yil 22-yanvarda “Qishloq xo‘jaligi xodimlarini
tayyorlash va malakasini oshirish to‘g‘risida” qabul qilgan Qarori asosida 1966-yilda
Mirzacho‘l zonasi uchun 2135 ta ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash vazifasi
qo‘yildi. Bundan tashqari, kadrlar taqchilligiga barham berish maqsadida Mirzacho‘lga
Namangan viloyatidan 250 ta oila ko‘chirildi. Shuni ham ta’kidlash joizki, ilgari
murakkab texnika vositalari bilan tanish bo‘lmagan kishilardan malakali mutaxassislar
tayyorlash, belgilangan vazifalarni talab darajasida bajarish uchun ko‘p vaqt kerak edi.
1946-yilda SSSR Moliya xalq komissarligi O‘zbekiston sovxozlarining ishchilariga
yakka tartibda uy qurish uchun 100 ming so‘m pul ajratdi [3:49].

MUAMMO VA YECHIMLAR

XX asrning 50-80-yillarida qo‘riq va bo‘z yerlarning yuragi hisoblangan Sirdaryo
va Mirzacho‘l hududlarini yoppasiga paxtachilikka ixtisoslashtirishga kirishiladi.
Tadqiqotchi O. Komilovning yozishicha, 1956-1986-yillar oralig‘idagi 30-yil ichida
Mirzacho‘lda 360 ming gektar qo‘riq yerlar o‘zlashtirilib, paxta ekishga
moslashtiriladi va yuqori darajada mexanizatsiyalashtirilgan 60 ta davlat xo‘jaliklari
tashkil etilgan [4:96]. 1974-yildan boshlab o‘zlashtirilgan cho‘l va qo‘riq yerlarga
Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax viloyatining tog‘ va dashtli tumanlaridan 600
dan oshiqroq oilalar “majburiy-ixtiyoriy” ravishda ko‘chirilgan. Markazning
respublikada olib borgan ma’muriy-hududiy bo‘lish siyosati natijasida 1973-yilda
O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi qaroriga muvofiq Jizzax vohasi tumanlarining
Samarqanddan uzoqligi inobatga olinib respublika tarkibida yangi Jizzax viloyati
tashkil etildi.

Jizzax vohasining XX asr suronli yillari tarixi haqida so‘z borganda, taniqli davlat
va jamoat arbobi, atoqli adib Sharof Rashidov siymosi gavdalanadi. Sharof Rashidov
Jizzax shahrida (1917-1983) tavallud topgan. Sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan
O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishi, uning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini
yuqori bo‘lishida ushbu davlat va jamoat arbobining hissasi benihoya kattadir. Sharof
Rashidov O‘zbekiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining Birinchi kotibi sifatida 1959-
1983-yillarda faoliyat olib bordi. Sir emaski uning rahbarlik faoliyati O‘zbekiston
tarixining o‘ta ziddiyatli, zalvorli va og‘ir damlariga to‘g‘ri keldi. Mana shunday
sharoitda Sharof Rashidov o‘zining mohir siyosatchi ekanligini ko‘rsata oldi, xalqning
ishonchini qozona bildi, uning dardlarini tinglay bilish mahoratiga ega rahbar edi, deya
ta’rif beradi T. Alimardonov o‘zining “O‘chmas sharaf” kitobida. U har qanday yo‘l
bilan bo‘lmasin Markazning ishonchini qozonishga, kuchli byurokratik tizim
changalidan O‘zbekistonning ulushini ajratib olishga muvaffaq bo‘ldi. Buning
natijasida u o‘z xalqining manfaatlari foydasiga ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar qilishga
erishdi [5:65]. O‘zbekiston, tom ma’nodagi agrar respublika darajasidan industrialagrar respublikaga aylandi.

Ayniqsa, XX asrning 70-80-yillarida O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi
siyosatining kuchaytirilishi natijasida respublika qishloq xo‘jaligida turli zaharli
kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanish avj oldi. Mazkur davrda qishloq xo‘jaligida
qo‘llanilgan 70 xilga yaqin zaharli kimyoviy moddalarning atigi 1 foizi
zararkunandalarga ta’sir qilgan bo‘lib, qolgan 99 foizi tuproq, suv, havo, o‘simlik va
oziq-ovqat mahsulotlarini zaharlagan. Ahvol shu darajada fojiali tus olgan ediki,
g‘o‘zalarni defoliatsiya qilish jarayonida ming-minglab tonna zaharli kimyoviy
moddalar odamlar boshi uzra sepildi. Zaharli kimyoviy moddalarni g‘o‘zalarga sepish
jadal ravishda ortib borishi oqibatida faqat sakkizinchi besh yillikning o‘zida (1966-
1970) aviatsiya bilan bajariladigan kimyoviy ishlar hajmi 34,3 foizga ko‘paydi [6:96].

Bu esa odamlar yashaydigan tabiiy muhitga halokatli tarzda salbiy ta’sir qilib,
xavfli kasalliklar va odamlar o‘rtasida o‘lim darajasi oshishiga sabab bo‘ldi, inson
genetikasida xatarli o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. Respublikadagi qishloqlarning
paxta dalalari bilan tutashib ketganligi muammoni yanada og‘irlashtirgan. Qishloq
aholisi g‘o‘zaga ishlov berish vaqtida zaharlangan. Natijada, aholi o‘rtasida turli

MUAMMO VA YECHIMLAR

kasalliklar avj olib borgan va o‘z-o‘zidan ravshanki, nogiron bolalar soni ham ortib
borgan. 1967-yilda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan zaharli
pestitsidlarning 27 turidan foydalanilgan bo‘lsa, 1989-yilga kelib, ularning soni 80
tadan oshgan. Mazkur davrda suv resurslari tarkibidagi pestitsid qoldiqlari miqdori
sobiq Ittifoq bo‘yicha 1,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2,7
foizga teng bo‘lib, aholining surunkali kasalliklarga duchor bo‘lishiga zamin yaratgan.
Butifos kabi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tuproq, suv va havoda uzoq vaqt saqlanib,
ularning konsentratsiyasi juda katta ijtimoiy-ekologik xavfni keltirib chiqargan [7:65].
Bu moddalar qo‘llanilgan joylarda O‘rta Osiyoning jazirama iqlim sharoiti orqali
ularning ta’siri 3,5 km gacha tarqalishi mutaxassislar tomonidan qayd etilgan.

Mazkur muammolarni Jizzax viloyatidagi xo‘jaliklar misolida tahlil qiladigan
bo‘lsak, o‘rtacha aholi jon boshiga 99 kg. dan oshiqroq zaharli moddalar ishlatilgani
ma’lum bo‘ladi. Masalan, 1991-yilda viloyat qishloq xo‘jaligida jami 9553 tonnaga
yaqin kimyoviy zaharli moddalar ishlatilgan bo‘lsa, 68 ming tonnadan ziyod kimyoviy
o‘g‘itlar dalalarga sochilgan. Bularning hammasi aholi salomatligida og‘ir asoratlar
qoldirgan. Respublika qishloq xo‘jaligida zaharli kimyoviy moddalar boshqa
hududlarga nisbatan 5 barobar ko‘p ishlatilishi oqibatida tug‘ilayotgan har ming
go‘dakdan 58 tasi yoshiga yetmay vafot etishi kuzatilgan [8].

Xulosa
Umuman, o‘sha paytdagi paxta yakkahokimligi, mustamlaka tuzumiga xos, bir
yoqlama rivojlangan iqtisodiyotning halokatli oqibatlari, avvalo, odamlarning turmush
tarzida, eng muhimi, ularning jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasining o‘ta
pastligida, tomorqa yerlarining keskin kamayib borishida, millatning salomatligi,
uning genofondiga salbiy ta’sirlarning kuchayishida, bolalar va onalar o‘limining avj
olishida, o‘lkamizning ekologik nochor holatida va boshqa ko‘plab masalalarda
namoyon bo‘ldi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Asanov G, Nabixonov M, Safarov I. O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy
jo‘g‘rofiyasi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1994.
2. O‘zbekiston sanoati strukturasidagi progressiv siljishlar. – Toshkent: Fan.
1974.
3. Tolipov F.S. Moziyga bo‘ylashgan maskan. – Toshkent. 2008.
4. Davletov R. 1946-1980-yillarda Mirzachoʻl hududidagi migratsion jarayonlar
// Jamiyat va innovatsiyalar. 2021-yil, dekabr.
5. Karimov I. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – Toshkent:
O‘zbekiston, 2011.
6. Xaydarov X. Jizzax viloyati tarixi. – Toshkent: Mehnat,1996.
7. Alimardonov T. O‘chmas sharaf - Sharof Rashidov hayoti va faoliyati tarix
ko‘zgusida. – Toshkent. 2017.
8. Begimqulov J. XX asrning 80-yillari oxirida Oʻzbekistonda ijtimoiy-ekologik
vaziyatning ogʻirlashuvi (Jizzax viloyati qishloq aholisi hayoti misolida) // Jamiyat va
innovatsiyalar. 2021-yil, dekabr.