MUAMMO VA YECHIMLAR
Oʻrta Osiyo xonliklarining iqtisodiy munosabatlarida savdo yoʻllari ahamiyati
(rus olimlari asarlari asosida)
Vaxabov Azizjon
“The Knowledge Academy” ta’lim muassasasining
oʻquv ishlari boʻyicha direktor muovini
Tel.: +998 97 487-33-43
Annotatsiya: Maqolada Oʻrta Osiyo xonliklari oʻrtasidagi savdo yoʻllari va
ularning iqtisodiy, madaniy hamda ijtimoiy ahamiyati tahlil qilinadi. Asosiy urgʻu esa
karvon va suv yoʻllari kabi transport yoʻllarining tuzilishi, ularning savdo-sotiqdagi
roliga qaratilgan. Buxoro, Qoʻqon va Xiva xonliklari oʻrtasidagi savdo aloqalari va
xalqaro savdo yoʻllarining rivojlanishi batafsil yoritilgan. Xususan, Oʻrta Osiyo
xonliklarining Rossiya, Hindiston, Eron, Afgʻoniston va boshqa davlatlar bilan savdosotiq faoliyati, karvon yoʻllaridagi qiyinchiliklar va xavfsizlik masalalari bayon
qilingan. Savdo yoʻllari nafaqat tovar, balki madaniy va ilmiy bilimlar almashinuvi
uchun ham xizmat qilgan. XIX asrning oʻrtalariga kelib, savdo yoʻllarining mintaqa
iqtisodiy rivojlanishidagi muhim ahamiyati tahlil qilinadi.
Kalit soʻzlar: Oʻrta Osiyo xonliklari, karvon yoʻllari, ichki va tashqi savdo,
amirlik.
Abstract: The article analyzes the trade routes between the Central Asian
khanates and their economic, cultural, and social significance. The main emphasis is
placed on the structure of transport routes such as caravan and water routes and their
role in trade. The trade relations between the Bukhara, Kokand, and Khiva khanates
and the development of international trade routes are thoroughly covered. In particular,
the trade activities of the Central Asian khanates with Russia, India, Iran, Afghanistan,
and other countries, the challenges of caravan routes, and security issues are discussed.
The trade routes served not only for the exchange of goods but also for the exchange
of cultural and scientific knowledge. By the mid-19th century, the significant
importance of trade routes in the region's economic development is analyzed.
Keywords: Central Asian khanates, caravan routes, internal and external trade,
emirate.
Kirish
Savdo aloqalarining yuksalib borishida qadimiy karvon yoʻllarining oʻziga xos
ta’siri boʻlib, bu yoʻllar XIX asrning oʻrtalarigacha savdo-sotiq rivojida muhim rol
oʻynab kelgan. Oʻrta Osiyo xonliklari oʻrtasidagi oʻzaro savdo yoʻllari tekisliklar,
taqirliklar, baland-pastliklar, qumliklar, togʻlik joylar, qir-adirlar, jarliklar, dovonlar
orqali oʻtganligi uchun ularni qat’iy nazorat qilish ishi qiyinchilik tugʻdirardi. Ayniqsa,
mavsumiy muammolar, ba’zi yoʻnalishlarning faqat mavsumiy amal qilishiga sabab
boʻlgan. Hamma vaqt ham yoʻllar xavfsizligi toʻliq ta’minlanmagan. Odatda savdo
yoʻllari davlat xazinasi hisobidan ta’mirlanmasdi, koʻp hollarda hashar yoʻli bilan ular
qurilar, ta’mirlanib turilardi.
MUAMMO VA YECHIMLAR
Tahlil va natijalar
Oʻrta Osiyo xonliklari oʻrtasidagi oʻzaro savdo yoʻllari oʻzining tuzilishi,
xususiyatiga koʻra karvon yoʻllari va suv yoʻllariga boʻlingan. Ichki savdoda ot arava
yuradigan yoʻllardan ham foydalanilgan, ammo ular juda kam edi. Ichki savdo-sotiq,
asosan, yuk ortilgan hayvonlar yuradigan yoʻllar orqali olib borilib, savdo yoʻllarida,
asosan, ot, tuya, xachir, ba’zan esa eshaklardan ham foydalanilgan. Karvon yoʻllari
ham yoʻlning tuzilishi va xususiyatiga qarab bir-biridan farqlangan. Chunonchi,
tekisliklar orqali yuriladigan yoʻl, baland-pastliklar (qir-adir) orqali yuriladigan yoʻl,
togʻliklar (dovon) orqali yuriladigan yoʻl. Suv yoʻllari ham yuklarni tashuvchi
transport vositasiga qarab farqlangan: an’anaviy qayiqchilik yoʻli va kemachilik
(motor, dvigateli bor) yoʻli va hokazo.
Xiva xonligi bilan Buxoro amirligi oʻrtasidagi savdo-sotiq aloqalarida karvon
yoʻli bilan birga Amudaryo suv yoʻlidan ham foydalanilgan boʻlsa, Buxoro amirligi
bilan Qoʻqon xonligi oʻrtasida esa quruqlik va togʻliklardan oʻtadigan karvon yoʻllari
asosiy savdo yoʻllari hisoblangan.
Xonliklarning oʻzaro savdo-sotiq aloqalari va sharq dunyosi bilan
munosabatlarida savdo va karvon yoʻllari muhim rol oʻynagan. Qoʻqon xonligining
tashqi savdo aloqalarida Buxoro amirligi yetakchi mavqeni egallagan. Bu ikki davlat
bir-biri bilan chegaradosh boʻlganligi sababli, ularni koʻplab karvon yoʻllari bogʻlab
turgan. Xususan, Qoʻqon xonligining markaziy qismi hisoblangan Fargʻona vodiysi va
Buxoro amirligini bogʻlagan koʻplab soʻqmoq yoʻllar bilan birga, ikki yirik karvon
yoʻli mavjud boʻlgan. Ularning birinchisida, Qoʻqondan chiqqan karvon Beshariq,
Mahram, Xoʻjand, Oʻratepa, Zomin, Jizzax, Yangiqoʻrgʻon va Samarqand orqali oʻtib
Buxoroga borgan, ikkinchisida Qoʻqondan chiqqan karvon Beshariq, Mahram,
Xoʻjand, Oʻratepa, Jom, Ravot, Jizzax, Yangiqoʻrgʻon va Samarqand orqali Buxoroga
kelgan. Birinchi karvon yoʻli 526 verst [9:435] masofadan iborat boʻlgan boʻlsa,
ikkinchi karvon yoʻli 615 verst edi [4:176]. Qoʻqon - Buxoro orasida karvonlar 20-23
kun atrofida manzilga yetib borgan va bu yoʻllarda tuya, otlar bilan birga Qoʻqon
aravalaridan ham keng foydalanilgan. XIX asrning 20-yillarida Buxoroda boʻlgan Y.K.
Meyendorf, “Qoʻqonlik savdogarlar Buxoroga oʻz mollarini aravada keltiradilar”, -
deb yozgan edi [3:108]. Qoʻqon - Buxoro karvonidagi asosiy yuk tashuvchi
hisoblangan tuya uchun ob-havo va siyosiy vaziyatga qarab, 2 tillodan 3,75 tillogacha
xizmat haqi berilgan [2:142].
Rossiya istilosi arafasida Qoʻqon xonligining yirik shaharlaridan biri
Toshkentdan ham Buxoro amirligi shaharlariga boradigan alohida karvon yoʻllari
mavjud boʻlgan. Toshkentdan chiqqan karvon Chinoz, Rovot, Jizzax, Yangiqoʻrgʻon,
Arabxona orqali Buxoroga kelgan va bu karvon yoʻli 498 verst masofadan iborat
boʻlgan. Shuningdek, amirlik shaharlariga boradigan 518 verstli Toshkent, Chinoz,
Jizzax, Yangiqoʻrgʻon, Oqqoʻrgʻon, Samarqand, Buxoro karvon yoʻli ham mavjud edi.
P.I. Nebolsin ma’lumotlariga koʻra, yuqoridagi ikki yirik karvon yoʻlidan tashqari,
Buxorodan Toshkentga Qoʻqon orqali keluvchi 711 verstli Buxoro, Gʻijduvon,
Yangiqoʻrgʻon, Xatirchi, Payshanba, Jizzax, Zomin, Oʻratepa, Xoʻjand, Mahram,
Beshariq, Qoʻqon, Shaydon, Toʻytepa, Toshkent karvon yoʻli ham mavjud boʻlgan
MUAMMO VA YECHIMLAR
[4:188-189]. Toshkent va Buxoro amirligining yirik shaharlaridan biri Samarqand
oʻrtasida Chinoz va Mirzorabot choʻli orqali aholi yashaydigan hududlarni chetlab
oʻtadigan 13 bekatdan iborat 272 verstli alohida arava yoʻli ham mavjud boʻlgan.
Toshkent - Buxoro yoʻlida karvon ob-havoga qarab 12-18 kun harakatlangan va bu
karvon yoʻllarida tuya, ot va aravalar xizmatidan foydalanish mumkin boʻlgan. Buxoro
- Toshkent karvon yoʻlida tuya uchun 2,25, 2,5 va 2,75 tillogacha haq to‘langan [1:179].
Qoʻqon xonligi bu karvon yoʻllari vositasida Buxoro amirligi bilan birgalikda
Xiva xonligi, Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Arab davlatlari, Turkiya va boshqa
mamlakatlar bilan ham savdo aloqalarini amalga oshirgan.
Qoʻqon va Xiva xonliklari oʻrtasida kam boʻlsa ham kichik-kichik karvonlar yil
boʻyi borib turgan [5:18]. Ular, asosan, Buxoro - Xiva karvon yoʻlidan foydalangan
boʻlib, Buxorodan Xivagacha 340 verst masofa boʻlgan va karvon bu yoʻlni 10 kunda
bosib oʻtgan. Qoʻqon xonligi Xiva xonligi bilan asosan, Buxoro amirligidan oʻtgan
karvon yoʻllari va amirlik bozorlari orqali savdo aloqalarini olib borgan boʻlsa ham
ikki mamlakatni toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydigan Toshkent orqali oʻtgan karvon yoʻli
mavjud boʻlgan. Toshkentdan chiqqan karvon Jizzax, Forish va Balti - Saudir,
Boʻtabek, Beychapan, Odinboy, Yuzquduq, Moybuloq, Mingbuloq, Buzauboy, Kosay,
Sorbuloq quduqlari va Oqqamish orqali Xivaga borgan. Toshkent - Xiva karvon yoʻli
804 verst masofadan iborat boʻlgan va asosan choʻllardan oʻtgan hamda tuyalardan yuk
tashuvchi vosita sifatida foydalanilgan. Shuningdek, Xiva va Qoʻqon xonligi oʻrtasida
Sirdaryo orqali ham savdo aloqalari amalga oshirilgan. Xususan, 1819-1820-yillarda
Oʻrta Osiyoda boʻlgan Nikolay Muravyev esdaliklarida qayd etilishicha, Xiva xonligi
Amudaryo orqali Buxoro va Balx bilan, Sirdaryo orqali Toshkent va Qoʻqon bilan
aloqa qilgan. Biroq, Sirdaryo orqali oʻtgan daryo yoʻli uzoqligi va katta kemalar
qatnashi uchun imkoniyat yoʻqligi natijasida undan savdogarlar juda kam foydalangan.
Natijada, Buxoro amirligi orqali Qoʻqon - Xiva savdosi oʻz ahamiyatini saqlab qolgan.
Qoʻqon xonligining Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Arab davlatlari, Turkiya va
boshqa mamlakatlar bilan savdo aloqalarida Buxoro shahri muhim ahamiyat kasb
etgan. Qoʻqon - Buxoro yoki Samarqand - Qobul karvon yoʻlida ot, tuya bilan birga
aravalar xizmatidan foydalanilgan boʻlsa, Qobuldan Peshovar, Moʻlton hamda boshqa
Hindiston shaharlariga boruvchi karvonlarda esa, asosan, ot va tuyalar xizmatidan
foydalanishga majbur boʻlganlar. Buxorodan Qobulgacha masofa 985 verst boʻlib,
karvon bu yoʻlda 22-25 kun harakatlangan. Qobuldan Peshovargacha masofa 320 verst,
8 kunlik yoʻl edi. Buxoroda Hindistonning yirik port shahri Kalkuttaga borish uchun
karvon 169 kunlik, 6760 verst masofani bosib oʻtishi kerak boʻlgan [6:175].
Hindiston - Qobul - Buxoro - Qoʻqon karvon yoʻli nihoyatda ogʻir va xavfli
hisoblangan boʻlib, shu boisdan ham Panjob va shikarpurlik afgʻon va hindlar bu
yoʻnalishdagi karvonlarni nazorat qilib kelgan. Bu qabila a’zolarining koʻp sonli
tuyalari mavjud boʻlgan va ular karvonni qoʻriqlash bilan birga yuk ortilgan tuyalari
uchun ham savdogarlardan yuk haqi olgan. Xususan, XIX asrning 60-yillarida
savdogarlar Peshovar - Buxoro yoʻnalishidagi har bir yukli tuya uchun 8,5 Buxoro
tillosi toʻlaganlar [1:121].
MUAMMO VA YECHIMLAR
Qoʻqon xonligining tashqi savdo aloqalarida Buxoro - Mashhad karvon yoʻli ham
muhim ahamiyat kasb etgan. Bu yoʻl orqali xonlik savdogarlari turkman qabilalari,
Eron, arab davlatlari, Turkiya va boshqa gʻarb mamlakatlari bilan savdo aloqalarini
amalga oshirgan. Savdo karvonlari Mashhad, Hirot, Balx, Buxoro yoʻnalishidagi 341
verst masofani ob-havo va siyosiy vaziyatga qarab 18-22 kunda bosib oʻtgan hamda
tuyalar ijarasi uchun 3 tillo berilgan. Shuningdek, nisbatan yaqinroq boʻlgan Mashhad,
Marv, Chorjoʻy, Buxoro karvon yoʻli ham mavjud boʻlib, bu yoʻlda qaroqchilar koʻp
boʻlganligi sababli undan savdogarlar kam foydalanganlar. Oʻrta Osiyo savdogarlari
Hindiston bilan savdo aloqalarida Buxoro - Qobul - Peshovar yoʻlidan tashqari Eron
orqali oʻtgan ushbu karvon yoʻlidan ham foydalanganlar. Shimoliy Hindiston va
Afgʻonistonda notinchlik hukm surgan vaqtlarda Bombay va Kalkutta
bandargohlaridan joʻnagan savdogarlar Fors qoʻltigʻidagi Bendar Abbos bandargohiga
va u yerdan Mashhad - Marv - Buxoro yoki Mashhad - Hirot - Buxoro yoʻnalishida
Oʻrta Osiyoga kelgan. Afgʻonistonda notinchlik uzoq vaqt hukm surishi natijasida bu
yoʻl XIX asr birinchi yarmidan boshlab Oʻrta Osiyo - Hindiston savdosida oʻz oʻrniga
ega boʻla boshlagan.
Xulosa qilib aytganda, Oʻrta Osiyo xonliklari oʻrtasidagi savdo yoʻllari, ayniqsa,
karvon yoʻllari XIX asrning oʻrtalariga qadar mintaqaning iqtisodiy rivojlanishida
katta ahamiyat kasb etgan. Ushbu yoʻllar orqali nafaqat tovarlar, balki madaniy va
ilmiy bilimlar ham almashilgan. Har bir xonlikning geografik joylashuvi, tabiiy
sharoitlar, xavfsizlik va siyosiy barqarorlik savdo-sotiqning hajmi va sifatiga ta’sir
qilgan. Xususan, Buxoro, Qoʻqon va Xiva xonliklari oʻrtasidagi ichki va tashqi savdo
yoʻllarining rivoji xalqaro savdo aloqalarini yoʻlga qoʻyish va kengaytirishga yordam
bergan. Savdo yoʻllarida karvonlarning ogʻir sharoitlarda harakatlanishi, yoʻllarning
xavfsizligi va texnik xizmat koʻrsatilishi qiyin boʻlgan, ammo bu aloqalar iqtisodiy
faoliyatda barqaror oʻrin egallab kelgan. Buxoro, Qoʻqon va Xiva xonliklarining
Rossiya, Eron, Hindiston, Afgʻoniston va arab davlatlari bilan aloqalari savdo yoʻllari
orqali amalga oshirilgan, bu esa Oʻrta Osiyoning tashqi savdosida muhim rol oʻynagan.
Rossiya istilosi arafasida xonliklar savdo-sotiqni yanada kengaytirishga urinishgan
boʻlsa-da, kelajakda bu yoʻllar ahamiyatini yoʻqotib boradi. Umuman olganda, karvon
yoʻllari mintaqaning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hayotida oʻziga xos oʻrin egallab,
mintaqa tarixida chuqur iz qoldirgan.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. Бухара // Туркестанский сборник. Том 30. 1870.
2. Кокан // Туркестанский сборник. Том 30. 1870.
3. Мейендорф Е.К. Путешествие из Оренбурга в Бухару. – Москва. 1975.
4. Неболъсин П.И. Очерки торговли России с Средней Азией. – СПб. 1856.
5. О путяхь сообшения // Проекть устава товаришества для развития
торговли Среднею Азию. Сост. С. Хрулев. – СПб. 1863.
6. Путешествие в Среднюю Азию Николая Муравьева (1819-1820) //
История Узбекистана в источниках. – Ташкент, 1988.
7. Oʻzbekiston Milliy Ensklopediyasi. – Toshkent, 2-tom. 2001.