ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Zamondan oshgan she’riyat: Alisher Navoiy va tazkira sahifalarida abadiyat

Haqiqat Bunyatova

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ZAMONDAN OSHGAN SHEʼRIYAT:
ALISHER NAVOIY VA TAZKIRA SAHIFALARIDA ABADIYAT

Haqiqat Bunyatova,
Ozarbayjon Respublikasi Prezident ishlari boshqarmasi
huzuridagi “Ozarbayjon” nashriyoti bosh mutaxassisi,

Boku, Ozarbayjon
b_heqiqet@mail.ru
https://zenodo.org/records/17339770

Annotatsiya. Maqsud Shayxzodaning “Tazkirachilik tarixidan (Alisher
Navoiyning ozarbayjonlik tazkira yozuvchisi shogirdi haqida)” nomli asari Almaz Ulvi
Binnatova tarjimasida ozarbayjon tilida chop etilgan 1. Ushbu tadqiqotda Alisher
Navoiyning adabiy dahosi, tazkirachilik anʼanalaridagi oʻrni, uning ijodining miqyosi
va davrida erishgan obroʻsini yoritishga qaratilgan. Navoiy nafaqat lirik, balki epik
ijodi bilan ham hali tirikligida mashhurlikka erishgan boʻlib, bu shuhrat faqat Turkiston
bilan cheklanmay, Hijoz, Nishapur, Isfahon kabi shaharlargacha yoyilgan edi. Ushbu
asarda tadqiqotchi muallif Maqsud Shayxzoda Abulfaraj Ali ibn al-Husayn ibn
Muhammad ibn Ahmad al-Qurashiy al-Isfahoniy (897–967) tomonidan tuzilgan
“Kitab al-Aghoni” (“Qoʻshiqlar majmuasi”), Abu Mansur as-Saolibiy (961–1038)ning
“Yatimat ad-dahr” (“Zamonaning durdonasi”), Ahmad ibn Umar ibn Ali Nizomiy
Arouziy Samarqandiy (asl ismi: Nizomiy Arouziy Samarqandiy) (1110–1161)ning
“Chahor maqola” (“Toʻrt suhbat”), Nuriddin Muhammad Awfiy (1171–1233)ning
“Lubab al-albab” (“Koʻngillarning magʻzi”), Fariduddin Attorning “Tazkirat ulawliyo”, Navoiy zamondoshi Davlatshoh ibn Alauddavla Samarqandiy (1438–
1491)ning “Tazkirat ush-shuaro”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” va
“Bahoriston” (asarining yettinchi boʻlimi – “gulshani” – shoirlarga bagʻishlangan),
Navoiyning “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat” asarlari haqida qisqacha
toʻxtalib oʻtgach, muallif asosiy maqsadiga oʻtadi.

Maqsud Shayxzoda ushbu tadqiqotida Alisher Navoiy tazkira maktabining
davomchisi hisoblangan ozarbayjonlik shogirdi – adib Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy
Kitobdor) asari misolida Sharq klassik tazkira anʼanasi haqida soʻz yuritadi. Muallif
taʼkidlaydiki, tazkiralar nafaqat adabiy maʼlumotlar toʻplami, balki davr sheʼriyatini
tizimlashtirish va uni kelajak avlodlarga yetkazish nuqtayi nazaridan muhim manbadir.
U tazkiralarning tuzilish tamoyillari va boʻlimlarini, ularning yozilish sabablarini
hamda ularning tizimli xususiyatlarini sharhlab beradi.

Maqsud Shayxzoda Navoiy taʼsirining faqat oʻz davri bilan cheklanmaganini,
balki umumturkiy adabiyot taraqqiyotida ulkan bir bosqich boʻlganini umumlashtiradi.
U bu taʼsirning Ozarbayjon adabiyotida Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor)
misolida qanday namoyon boʻlganini tahlil qilib, Navoiy maktabining umumturkiy
adabiy anʼanadagi oʻrnini mustahkamlaydi.

Kalit soʻzlar: Alisher Navoiy, tazkirachilik, Maqsud Shayxzoda, Sodiqbek
Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor), “Majmaʼ ul-xavoss”, Almaz Ulviy Binnatova.

Abstract. Maqsud Shaykhzadeʼs work "From the History of Tazkirah Writing
(On Alisher Navoiʼs Azerbaijani Disciple in Tazkirah Literature)", translated into
Uzbek by Almaz Ulvi Binnatova, has been published. The study explores how Alisher
Navoiʼs artistic genius echoed through the tazkirah (biographical anthology) tradition,
highlighting the scope of his literary influence and his widespread fame during his
lifetime. Navoiʼs lyrical and epic works gained significant renown not only in
Turkestan but also reached cities such as Hejaz, Nishapur, and Isfahan.

After a brief review of key classical Eastern tazkirahs such as Kitab al-Aghani
(Abulfaraj al-Isfahani), Yatimat al-dahr (Thaʼalibi), Chahar Maqala (Nizami Aruzi),
Lubab al-albab (Nūr al-Din Muhammad Aufi), Tadhkirat al-awliya (Attar), Tadhkirat
al-shuʼara (Dawlatshah Samarqandi), Nafahat al-uns and Baharestan (Jami), as well as
Navoiʼs own Majalis al-Nafais and Nasayim al-Muhabbat, the study shifts its focus to
an Azerbaijani follower of Navoiʼs tradition – Sadiq bey Sadiqi (Sadiqi Kitabdar). In
this research, Maqsud Shaykhzade examines the classical tradition of Eastern tazkirah
writing through the legacy of Sadiqi Kitabdar. He emphasizes that tazkirahs are not
only collections of biographical data but also structured sources that preserve and
transmit poetic traditions across generations. He analyzes the structure, purpose, and
literary systems of these anthologies.

In conclusion, Shaykhzade demonstrates that Navoiʼs influence did not end in his
time; rather, it represents a significant stage in the development of Turkic literature,
particularly in Azerbaijani contexts, solidifying Navoiʼs place in the wider Turkic
literary tradition.

Keywords: Alisher Navoi, tazkirah writing, Maqsud Shaykhzade, Sadiq bey
Sadiqi (Sadiqi Kitabdar), Majmaʼ al-Khawass, Almaz Ulvi Binnatova

Asosıy qısm. XVI asrdan boshlab Yaqin va Oʻrta Sharqda paydo boʻlgan koʻplab
tazkira mualliflari oʻz asarlarini yozar ekanlar, buyuk Navoiyning muborak ilhomi va
nafasini yuraklarida his qilganlar. Ulardan Sodiq bek Sodiqiyning “Tazkirat ul-
Majmaʼ ul-xavoss”, Sam Mirzo qalamiga mansub “Tuhfayi-Somiy”, Lutfali bekning
“Otashgaday-i-Ozar” kabi asarlarni misol keltirish mumkin. Bizni ayniqsa Sodiq bek
Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor)ning tazkirasi qiziqtiradi. Bu hol, albatta, bejiz emas.

Birinchidan, “Majmaʼ ul-xavoss” muallifi ozarbayjonlik boʻlsa-da, asarini oʻzbek
tilida (uning ifodasi bilan aytganda, “chigʻatoycha”) yozgan;

ikkinchidan, Navoiy tazkirachilik maktabi anʼanalari “Majmaʼ ul-xavoss”da
ayniqsa ravshan ifodalangan;

uchinchidan, bu tazkiradagi materiallar va shoirlar oʻzbek adabiyoti tarixiga
bevosita daxldordir;

toʻrtinchidan esa, ushbu tazkiraning muallifi hanuzgacha oʻzbek oʻquvchisi uchun
yetarlicha tanish boʻlmagan yozuvchidir 2; 3; 4; 5.

Haqiqatan ham, Sodiq
bek Sodiqiy (Sodiqiy
Kitobdor) ham 1601–1602-
yillarda, yetmish yoshdan
oshgan paytida Isfahonda
asarlarini tartibga solayotgan
chogʻida, kulliyotiga yozgan
muqaddimasida oʻz kelib
chiqishi haqida quyidagicha
yozadi: “Tavbaning kichik
va zaif quli Sodiq bek
Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor)
shu bilan bayon qiladiki,
tengdoshlarimga maʼlum boʻlganidek, men Xudobandali nomi bilan mashhur boʻlgan
turk qabilasidanman. Shoh Ismoil yurish va zuhuri bilan maydonga chiqqan yillarda
Shom diyori (yaʼni Suriyada) yashagan bizning qabilamiz oʻz ixtiyori bilan marhum
shohga yordam va koʻmak koʻrsatish niyatida ulugʻ pirimizning darvozasiga bosh
urgandi. Bizning qabila koʻchmanchi boʻlib, mol-mulk egasi boʻlgani sababli shahar
atrofida istiqomat qilish qabila ahli hayot tarziga mos kelmagani bois, Ozarbayjon va
Iroq yaylovlariga joylashdilar. Qabilamiz boshliqlari hisoblangan kishilar – ushbu
matn muallifining bobolari, otasi va qabilaning boshqa oqsoqollari poytaxtda yashab
kelganlar va hozir ham poytaxtda yashaydilar. Demak, Sodiqiyning oʻz iqroriga koʻra,
u asl ozarbayjon nasllaridan boʻlgan bir shaxs boʻlib, nasldan-naslga otalari va bobolari
Tabriz shahrida yashaganlar. Ushbu maqolada koʻzlangan asosiy maqsadimiz –
Sodiqiyning hayoti va ijodini atroflicha oʻrganish emas, balki uning faqat Navoiyga
oid asari haqida mulohaza yuritishdan iboratdir.” [6:38], deya qayd etib, oʻzining ilmiy
va adabiy shakllanishida klassik ustoz-shogird anʼanalariga asoslanganini koʻrsatadi.
Bu fakt Sodiqiyning nafaqat badiiy didga ega shoir, balki oʻz davrining ilmiy-adabiy
muhitida yetishgan, tizimli taʼlim olgan bir ziyoli ekanini isbotlaydi.

Asarning, yaʼni “Majmaʼ ul-xavoss”ning ahamiyatini yanada oshiradigan
jihatlardan biri shundaki, uning tuzilishida Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”iga
nafaqat oʻxshashlik, balki maʼlum maʼnoda unga javob yoki ilova xususiyati bor.
Sodiqiy bu asarida faqat shoirlargina emas, balki musiqachilar, xonandalar,
naqqoshlarni ham tazkiraga kiritgan. Shu jihatdan, “Majmaʼ ul-xavoss” nafaqat
adabiyotshunoslar, balki umuman madaniyat tarixi bilan shugʻullanuvchi
tadqiqotchilar uchun ham qimmatli manba hisoblanadi.

Asarda keltirilgan materiallar geografik hamda tematik jihatdan keng qamrovli.
Unda faqatgina Tabriz va Isfahon shaharlaridan boʻlgan sanʼatkorlar emas, balki
Shiraz, Bagʻdod, Hamadon, Kirmon va boshqa hududlardan chiqqan shaxslar haqida
ham maʼlumotlar mavjud. Bu esa Sodiqiyning oʻz zamonasining madaniy hayotini
keng koʻlamda kuzatganini va turli muhitlardagi sanʼatkorlarni yaqindan taniganini
koʻrsatadi. Bundan tashqari, Sodiqiy oʻz tazkirasida sanʼatkorlarning faqat ijodiy
faoliyatigina emas, balki ularning shaxsiyati, xulqi, ijtimoiy mavqei va maʼnaviy
fazilatlari haqida ham qaydlar bergan. Bu xususiyat uni Navoiy tazkirachilik
anʼanasining davomchisi boʻlish bilan birga, maʼlum maʼnoda uni rivojlantirgan shaxs

sifatida namoyon qiladi. Alisher Navoiy taʼsiri Sodiqiy asarida koʻplab jihatlardan his
qilinadi: shoirlarga beriladigan baholash mezonlarida, ularning ijodini mazmun va
shakl nuqtai nazaridan tahlil qilishda, tazkiradagi til va uslubda. Ammo Sodiqiy ayni
vaqtda oʻz davrining real voqeliklarini aks ettirishga ham harakat qilgan va yangi
madaniy fenomenlarni ham oʻzining asariga qoʻshgan. Bu esa uni faqat taqlidchi emas,
balki ijodiy va zamondoshlarining sanʼat dunyosini chuqur anglaydigan muallif
darajasida namoyon qiladi. Shunday qilib, Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor)ning
“Majmaʼ ul-xavos” asari Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”idan keyin yozilgan
boʻlsa-da, faqat uning davomchisi emas, balki yangi davrning sanʼat va madaniyat
manzarasini aks ettiradigan mustaqil tazkiradir. Uning muallifi – Tabrizlik Sodiq bek
Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) – bu anʼanani munosib ravishda davom ettiruvchi va
rivojlantiruvchi sifatida qabul qilinishi lozim.

Bu nuqtai nazardan, Xayyampur tomonidan ushbu qoʻlyozmani topish va nashr
etish nafaqat matnni ilmiy muhitga taqdim qilish, balki Navoiyning maktab taʼsir
doirasining XVI–XVII asrlarda Yaqin va Oʻrta Sharqda qanday keng tarqalganini yana
bir bor isbotlaydi. Sodiqiy yigirma yoshida ota-onasini jangda yoʻqotib, merosdan
mahrum holda qashshoqlikka yuz tutadi. Shu sababli u mamlakatni tark etib, qalandar
sifatida dilimsoz hayot kechiradi. Hamadonda Amirxon Musulavi uni himoya ostiga
olgan va sanʼat bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratgan. Sodiqiy nafaqat adabiyot,
balki musiqa, rassomlik va xattotlik sohalarida ham katta mahorat koʻrsatgan.
Zamonaviy siyosiy muammolar tufayli u ichki urushlarda ishtirok etgan, janglarda
jasorat koʻrsatgan. Uning bilimdonligi va obroʻsi inobatga olinib, II Ismoil
kutubxonasida, keyinchalik esa Shayh Abbos davrida kitobdor lavozimida ishlagan.
Bu lavozim oʻsha davrning nufuzli ilmiy-madaniy maqomi hisoblangan. Sodiqiy
yoshlikda shah xizmatiga eʼtibor bergan boʻlsa-da, keyinchalik Behzod sanʼatiga
qiziqib, rassomlikni oʻrgangan va ustod Mozaffar Alining shogirdi boʻlgan. Uning aniq
vafot etgan sanasi maʼlum boʻlmasa-da, XVI asr boshlarigacha ijod qilganligi maʼlum.

Maqsud Shayxzoda Sodiqiy ijodini chuqur tahlil qilgan holda yozadi:
“Sodiqiy umrining oxirlarida fors, ozarbayjon va oʻzbek tillarida yozgan asarlarning
roʻyxatini oʻzi tuzgan. Uning asosiy asarlari quyidagilardan iborat:

1. “Zubdat al-kalam” (“Soʻzning qaymogʻi”) – Islom hukmdoriga bagʻishlangan
qasida, natija va monqabalarning toʻplami.

2. “Fathnama-yi Abbasi namdor” – Firdavsiy “Shohnoma” ruhida yozilgan
doston.

3. “Sharhi-hal” – Nizomiyning “Maxzan ul-asror”i va Sadinining “Bustan”i
uslubida yozilgan maqola va hikoyalar toʻplami.

4. “Divani-qazalliyat” – Turli yillarda yozilgan lirik sheʼrlar toʻplami.
5. “Sadd va Said” – Nizomiy “Xosrov va Shirin” dostonining vaznida yozilgan
masnavi.
6. “Majmaʼ ul-xavoss” – Tazkira janrida yozilgan asar.
7. “Qanun us-suwar” – Rassomlik va chizma sanʼati haqidagi nazariy asar.
8. “Maktublar” – Oʻzbek va fors tillarida yozilgan maktublar toʻplami.
9. “Tazkirat ush-shuaro” – Sodiqiy salaflari va zamondoshlari shoirlar hayoti va
ijodiga bagʻishlangan, musannif risola; “Risalo-yi muamma” nomi bilan ham tanilgan.
10. “Hazayyat” – Hissi xuzur va farovonlik haqida risola.

Kulliyotining muqaddimasida Sodiqiy shuni bildiradi: ustiga, u nazm va nasrda
koʻplab tahniyye (tabrik, madh), taziye (qaygʻu, yas), sana (madhiya), hajv (satira,
hazil) va muammolar yozgan, lekin oʻquvchini charchatmaslik uchun ularning
nomlarini sanab oʻtmagan.” Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) XVI asrda
yashagan, shia mazhabiga mansub boʻlsa-da, dini toʻqnashuvlarga aralashmagan,
sheʼriyat va madaniy birlikni targʻib qilgan maʼrifatparvar bir shaxs edi. U Alisher
Navoiy taʼsirida yozgan “Majmaʼ al-xavoss” nomli tazkirasida 333 nafar shoirning
hayoti va ijodi haqida maʼlumot bergan. Asar oʻzbek (oʻsha davrda “chigʻatoy”) tilida
yozilgan boʻlib, Navoiy adabiy anʼanalarining davomchisi sifatida katta ahamiyatga
ega. Asarning fors va turk madaniyatlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtashi, Navoiyga
va ona tilga boʻlgan muhabbatning ifodasidir. Biroq zamonaviy tadqiqotchilar baʼzan
ushbu asarning tili va muallifining kimligini notoʻgʻri tahlil qiladilar. Aslida esa
Sodiqiy turkiy tillarda adabiy merosni asrash va davom ettirishni maqsad qilgan.
Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiyning ozarbayjonlik shogirdi Sodiq bek Sodiqiy
(Sodiqiy Kitobdor) bilan bogʻliq tazkiranavislik faoliyatiga oid tadqiqotlarida bir qator
muhim masalalarni umumlashtiradi. Uning bu yoʻnalishdagi tadqiqotlarida asosan
quyidagi jihatlar eʼtiborga olinadi:

Maqsud Shayxzoda umumlashtiradi: Alisher Navoiy nafaqat oʻz davrining yirik
shoiri, balki katta bir adabiy maktabning asoschisi boʻlgan. Bu maktab faqat Markaziy
Osiyoda emas, balki Ozarbayjon adabiy muhitida ham kuchli iz qoldirgan. U
Navoiyning taʼsirida shakllangan shoirlarning – ayniqsa Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy
Kitobdor)ning – ijodini shu maktabning davomchisi sifatida baholaydi. Maqsud
Shayxzoda taʼkidlaydi: Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) – Navoiyning bevosita
shogirdi boʻlmasa-da, maʼnaviy-adabiy shogirdidir. Uning sheʼriyatida Navoiyning
lirikasining, gʻoyalarining, badiiy tilining va soʻfiylik bilan bogʻliq qarashlarining
izlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Shu jihatdan Maqsud Shayxzoda Sodiq bek Sodiqiy
(Sodiqiy Kitobdor) ijodini Navoiy anʼanalarining davomi sifatida koʻrsatadi. Maqsud
Shayxzoda tazkiranavislik faoliyatini – yaʼni mashhur shaxslar hayoti va ijodining
hujjatlashtirilishini – ham Navoiy, ham Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) ijodi
kontekstida oʻrganadi. U taʼkidlaydi: Navoiy bu janrni Sharq adabiyoti anʼanalarida
shakllantirgan va uning bu sohadagi taʼsiri keyingi davrlarda – jumladan Sodiq bek
Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) kabi shoirlar davrida ham davom etgan. Bu yerda
umumlashtirish, tazkiraning faqat biografik faktlarni emas, balki gʻoya-estetik
yoʻnalishlarni ham aks ettirishi nuqtayi nazaridan baholanadi. Maqsud Shayxzoda
Navoiyning taʼsiri faqat oʻz davri bilan cheklanib qolmaganini, balki umummilliy
turkiy adabiyot taraqqiyotida muhim bosqich boʻlganini umumlashtiradi. U bu
taʼsirning Ozarbayjon adabiyotida – Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) timsolida –
qanday namoyon boʻlganini tahlil qilgan holda, Navoiy maktabining umummilliy
turkiy adabiy anʼanadagi oʻrnini mustahkamlab beradi.

Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiy bilan boshlangan klassik tazkirachilik
maktabini tizimli tarzda yoritib beradi va bu anʼananing faqatgina Navoiy davrida
emas, balki keyinchalik forslar, turklar – jumladan, ozarbayjonlik mualliflar orasida
ham davom etganini koʻrsatadi. Risolasida “Majmaʼ ul-xavoss” (Sodiq bek Sodiqiy
(Sodiqiy Kitobdor), “Tuhfayi-Somiy” (Som Mirzo), “Otashkadayi Ozar” (Lutfali bay
Ozar) kabi tazkiralar kontekstual tarzda keltiriladi va Sharq adabiyotining turli til

hamda madaniyat maydonlariga qanday yoyilgani tushuntiriladi. Risola Navoiy
maktabiga mansub tazkira namunalarining yozilgan tillarini – arab, fors, chigʻatoy
(“oʻzbek”) va turk tillarini keng qamrovda oʻrganadi. Ayniqsa, chigʻatoy (yaʼni oʻzbek
tili) tilida yozilgan tazkiralarga – masalan, Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor)ning
asariga – alohida eʼtibor qaratiladi. Shayxzoda bu yerda yuzaga kelgan terminologik
xatoliklarni tahlil qiladi hamda “oʻzbek”, “ozarbayjon”, “chigʻatoy” atamalarining
tarixiy kontekstini ochib beradi. Risolaning muhim jihatlaridan biri shuki, unda Navoiy
maktabining taʼsiri faqatgina uning davri bilan chegaralanmasdan, ayniqsa XVI–XVII
asrlarda Movarounnahr, Tabriz, Usmoniylar va Ozarbayjon orasida adabiy koʻprik
sifatida xizmat qilgani koʻrsatiladi.

Maqsud Shayxzoda bu aloqalarni tazkiralar orqali, ular qaysi tilda yozilganidan
qatʼi nazar, turkiy tillar adabiyotining yagona madaniy maydon ekanini taʼkidlab,
umumlashtiradi. Risola doirasida tazkiralarning anʼanaviy tuzilma tamoyillari –
geografik, sulolaviy, alifbo tartibi, mavzuviy guruhlash va boshqalar – tizimli tarzda
umumlashtiriladi. Maqsud Shayxzoda klassik tazkira uslublarining qanday tuzilganini
va ularning ijtimoiy funksiyasini yoritadi: yaʼni biografik maʼlumot, uslub, shaxsiy
munosabatlar, voqea-latifa, sheʼr namunalarini oʻz ichiga olgan koʻp qirrali janr
sifatida tahlil qiladi. Risola mazmuniga koʻra, tazkirachilik janri milliy tafovutlarga
emas, balki madaniy-genetik yoʻnalishlarga qaratilishi kerak. Shayxzoda mavzuning
siyosiy va mazhabiy kontekstda buzib talqin etilgan holatlarini – xususan chigʻatoy
atamalariga oid zamonaviy yondashuvlarni – tanqid qiladi va yanada obʼyektiv ilmiy
yondashuv zarurligini uqtiradi. Maqsud Shayxzoda ushbu risolasida Alisher Navoiy
maktabining paydo boʻlishi, taraqqiyoti va postklassik bosqichlarini, turli
qoʻlyozmalar va til sohalari orqali tazkirachilik anʼanasini umumlashtirib beradi. U
tazkira janrini til tarixi, adabiy tuzilma va madaniy-siyosiy kontekst nuqtayi nazaridan
tizimlashtirib, Sharq adabiyotidagi funksiyasini toʻliq ilmiy tadqiqot darajasiga
koʻtaradi.

Xulosa qilib aytganda, Maqsud Shayxzoda tazkira faoliyatini – yaʼni mashhur
shaxslarning hayoti va ijodini hujjatlashtirishni – Navoiy va Sodiq bek Sodiqiy
(Sodiqiy Kitobdor) ijodi doirasida tahlil qiladi. U koʻrsatadiki, Navoiy bu janrni Sharq
klassik adabiyotida shakllantirgan va uning bu sohadagi taʼsiri keyingi davrlarda –
jumladan, Sodiq bek Sodiqiy (Sodiqiy Kitobdor) kabi shoirlar davrida ham davom
etgan. Bu yerda umumlashtirish sifatida tazkirachilik nafaqat biografik faktlarni, balki
gʻoya-estetik yoʻnalishlarni ham aks ettirishi jihatidan baholanadi.

ADABIYOTLAR:
1. Şeyxzadə, Maqsud. Təzkirəçilik tarixindən (Əlişir Nəvainin azərbaycanlı
təzkirəçi şagirdi haqqında) risalə (ön söz müəllifi, tərcümə edən və nəşrə hazırlayan
nəvaişünasAlmaz Ülvi Binnətova. – Bakı, Füyuzat, 2025, 64səh.
2. Şeyxzadə, Maqsud. Qəzəl mülkünün sultanı (Əlişir Nəvainin yaradıcılığı
haqqında) (ön söz müəllifi, tərcümə edən və nəşrə hazırlayan nəvaişünas Almaz Ülvi
Binnətova. – Bakı, Elm və təhsil, 2025, 416 səh.
3. “Məcmuəl-xavos” haqqında bax: “Müxtəsər Azərbaycan ədəbiyyatı tarixi”, I
cild. – Bakı, 1943
4. Araslı, Həmid. “XVII-XVIII əsr Azərbaycan ədəbiyyatı tarixi”, Bakı, 1956

5. Ğəniyeva, Suyima. Nəvainin “Məcalisun-nəfais” əsərinin təsirilə yazılmış
təzkirə // “Özbək dili və ədəbiyyatı məsələləri”, 1963, №6.

6. Kəndli, Qafar. Sadiq bəy Sadiqinin həyat və yaradıcılığından bəzi qeydlər //
“Azərbaycan ədəbiyyatı məsələləri” toplusu. Bakı, 1964, səh. 218-19.

7. Ülvi (Binnətova), Almaz. Şərq təzkirəçilik tarixindən (dərs vəsaiti). – Bakı,
“Avropa”, 2019. - 166 səh.