YEVROPA FONDLARIDAGI XORAZM ADABIY MANBALARI
Nargiza Adambayeva,
Oriental universiteti Tillar-2 kafedrasi dotsenti, PhD
https://zenodo.org/records/17339964
Annotatsiya. Soʻnggi yillarda qadim tariximiz va boy madaniyatimizni tiklash,
buyuk allomalarimiz qoldirgan maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish va targʻib qilish,
yosh avlodni shu ezgu anʼanalar ruhida tarbiyalash boʻyicha koʻp xayrli ishlar qilindi.
Navbat bu yoʻnalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga etib keldi.
Ayniqsa, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari oldida qadim qoʻlyozmalarimiz
xazinasini boyitish, xorijda saqlanayotgan ilmiy merosimizni, buyuk
mutafakkirlarimizning jahon ilm-fani va sivilizasiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos
hissasini targʻib etish kabi dolzarb vazifalar turibdi.
Kalit soʻzlar: adabiy muhit, madaniyat, manba, qoʻlyozma, adabiyot, kutubxona,
nasr, nazm.
Abstract. In recent years, much good work has been done to restore our ancient
history and rich culture, to deeply study and promote the spiritual heritage left by our
great scholars, and to educate the younger generation in the spirit of these noble
traditions. The time has come to raise work in this area to a qualitatively new level. In
particular, higher education and research institutions face urgent tasks such as
enriching the treasury of our ancient manuscripts, promoting our scientific heritage
preserved abroad, and the incomparable contribution of our great thinkers to the
development of world science and civilization.
Keywords: literary environment, culture, source, manuscript, literature, library,
prose, poetry.
Har bir millat adabiyoti badiiy tafakkurning ajralmas qismini tashkil etadi. Jahon
xalqlarining qiziqishi va oʻqishi badiiy adabiyot ahamiyatini belgilovchi asosiy
mezonlardan hisoblanadi. U yoki bu xalqning jahonda tanilishi, eng avvalo, oʻsha xalq
madaniyati, sanʼati va adabiyotining qanday miqyosda tarqalishi va tan olinishiga
bogʻliqdir.
Prezidentimizning 2017 yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash,
tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
qarori ham ana shu vazifalarni bajarishga qaratilgan va buning uchun mustahkam
huquqiy asoslarni yaratib berishi bilan ahamiyatlidir. Ayni damda bu vazifalar
innovasion loyihalar doirasida amalga oshirilmoqda
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilayotgan “Yevropa
fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarning
maʼlumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” deb
nomlangan innovasion loyiha doirasida bir qancha professor olimlar faoliyat yuritadi.
Mazkur loyiha obʼekti — Yevropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud
boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalar boʻlib, ilmiy maqsad — ular haqidagi maʼlumotlar
bazasini yaratish. Ushbu yangiliklarni aniqlash maqsadida 2021 yil dekabr oyida
Germaniya, 2022 yil mart oyida Fransiya, Vengriya kutubxonalariga ilmiy safar
uyushtirildi. Natijada Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan bir qancha qoʻlyozmalar
aniqlandi, ayrimlarining fotonusxalari olib kelindi.
Germaniyada turkiy qoʻlyozmalarni toʻplash va oʻrganish XVII asrning oxirgi
choragidan boshlangan. Siyosiy arbob Fridrix Velgelm tashabbusi bilan 1661 yilda
barcha xususiy kutubxonalar birlashtirilib, Berlinda yirik kutubxona tashkil etiladi. Bu
maskan hozirda Berlin davlat kutubxonasi deb nomlanadi. Unda sharq boʻlimi mavjud
boʻlib, fondida 41 ming 600 ta arabiy, forsiy, turkiy, yapon, koreys kabi sharq
qoʻlyozmalari, jumladan, oʻzbek adabiyotining nazmiy va nasriy durdonalari
saqlanadi. Bu kutubxonadan tashqari Gota, Myunxen, Drezden shaharlaridagi
kutubxonalar fondida ham turkiy qoʻlyozmalar mavjudligi maʼlum boʻldi. Xususan,
Oʻzbekistonda yoʻq jami 19 ta qoʻlyozma aniqlandi. Ularni oʻrganish barobarida nemis
olimlari bilan tajriba almashildi.
Umuman olganda Germaniya kutubxonalarida jami 239 ta turkiy qoʻlyozma
koʻzdan kechirildi. Shundan 43 tasi Navoiy asarlari, qolganlari tarix, falsafa, til,
adabiyotga oid asarlar edi. Ular orasida Bobojon Sanoiyning Xorazm tarixiga oid asari
ham boʻlib, u boshqa qoʻlyozma fondlarida mavjud emasligi, asl nusxaligi bilan ajralib
turadi. Bobojon Sanoiy bu asarini “Maʼorif un-nasab” deb nomlagan. Unda Xorazm
tarixiga oid mulohazalar nasriy va nazmiy usulda yozilgan boʻlib, tarix va adabiyot
fani uchun qimmatli ahamiyat kasb etadi, tarixiy faktlar bayonida turli xil rivoyatlar,
sheʼrlardan foydalanilgan.
Bu asarni sharqshunos olim Vasiliy Bartold 1929 yilda Germaniya
kutubxonalariga ilmiy safari chogʻida koʻradi va ilm-fanga birinchi boʻlib axborot
beradi. Olim asarning umumiy xususiyatlari haqida oʻz fikrini bildirar ekan, Bobojon
Sanoiy katta iqtidor egasiligini, uning qoʻlyozma asari Germaniyada emas, oʻz yurtida
yoki Leningradda saqlanishi kerakligini taʼkidlagan edi. Oʻzbekistonda Bobojon
Sanoiyning adabiy-irfoniy merosi maʼlum darajada oʻrganilgan, ammo aynan bu asari
tadqiq qilinmagan. Oʻzbek adabiyotshunosligidagi dastlabki maʼlumotlarni Najmiddin
Komilov yozib qoldirgan. Shohida Shakirova tadqiqotida Bobojon Sanoiyning “Kanz
ul-maorif” va “Hadiqai azhor” asarlari matnshunoslik va adabiy manbashunoslik
yoʻnalishida tadqiq etilgan.
Xullas, tadqiqotlar jarayonida Xorazm tarixining noyob durdonasi — 400 betdan
iborat qoʻlyozmani topishimiz oson boʻlmadi. Chunki Vasiliy Bartold asar nomini
“Tavorixi Xorazmshohiya” deb keltirgan. Ammo Berlin kutubxonasi katalogida asar
nomi “Maʼorif un-nasab” deb yozilgan. Bu farqning sababini qoʻlyozmani oʻzimiz
koʻrgach aniqlashtirishga muvaffaq boʻldik. Haqiqatda qoʻlyozma boshida muallif asar
nomini “Maʼorif un-nasab” deb atagan, asar oxirida esa tarixiy tafsilotlar xarakteridan
kelib chiqib “Tavorixi Xorazmshohiya” deb yozilgan. Asar va uning muallifi haqidagi
barcha maʼlumotlar: yaratilish tarixi, tarkibi, tili, ibtidosi va intihosi xususida
qoʻlyozmaning oʻzidan bilib olish mumkin. Masalan, muallif oʻzi va taxallusi haqida
shunday yozadi: “Chun bu faqir Mullo Bobojon ibn Xudoyberdibek manqit Eshbugʻa
qabilasidin, maʼno ahli eshiklarining gadoyi, al-mutaxallus bil Sanoiy gʻafarallohu
taʼolo...”. Demak, asar muallifining ismi Bobojon, taxallusi Sanoiy boʻlgan.
Mazkur asargacha ham Xorazm tarixiga oid asarlar boʻlgan. Masalan, Abulgʻozi
Bahodirxonning “Shajarai turk”, Munis va Ogahiyning “Firdavs ul iqbol” asarlari
shular jumlasidandir. Bobojon Sanoiyning bu asari oʻzigacha boʻlgan tarixga oid
asarlardan koʻra sodda, tushunarli tilda yozilgan. Sababi asarni yozishga undagan,
oʻsha davrda vazir boʻlgan Hasanmurod Qushbegi (1864) bu asarning tili oddiy xalq
uchun ham tushunarli boʻlishi kerakligi talabini qoʻyadi: “....Lekin koʻb-koʻb iʼboratda
fasohat va balogʻat izhor etib soʻzga tatvil va takmil berib hikoyatini el fahmidin uzoq
qilibdurlar. Ondogʻkim, bu zamon ahlining zehnlari ul maʼoniylar vaqtidin qosir va
ojizdur. Ul sababdin san bir torix jamʼ etgilkim, soʻzi muvxabar va oʻzi muxtasar
boʻlsun. Ul tariqadakim, zamon ahlining hushlari etushgudek, balkim avom ahli
tushgudek nusxa yozgʻil, tokim sandin va bizlardin yodgor boʻlsun” .
Asar anʼanaviy hamdu sano bilan boshlangan, muqadima, beshta bobdan iborat.
Muallif yozgan quyidagi izohdan maʼlum boʻlishicha, asar soʻnggida xotima yozish
ham rejalashtirilgan, ammo bu qism qoʻlyozmada oʻz aksini topmagan. “Emdi, bu
kitobi mustatob bir muqaddima birla besh bob va bir xotimagʻa taqsim topdi.
Muqaddima Hazrati Sohibqiron Eltuzarxoni jannatmakonning xonligʻ zamonlaridagʻi
baʼzi oʻzlarigʻa xos boʻlgʻon voqeʼalar bayonidadurkim, sohibqironligʻ iqbolining
osori erdi. Avvalgʻi bob Hazrati Odam alayhissalomdin to Nuh alayhissalomgʻacha
bayon topar. Ikkilanji bob Yofas bin Nuh alayhimussalomdin to Qoʻngirot jamoasining
zikri va magʻul podshohlarining voqeʼalarining bayoni turur. Uchlanji bob Qurlos
avlodidin podshoh boʻlgʻonlarning marotiblari bayonida turur. Toʻrtlanji bob Hazrati
podshoh sohibqiron yaʼni Eltuzarxonning obovu ajdod va ato bobolarining bayonida
turur. Beshlanji bob Eltuzarxonning anodin boʻlgʻonlaridin to bu zamongʻacha va bu
kitob yozilgʻon vaqtgʻa tegru har ne ishlar, bu Xevaq va Xorazm dorus-saltanasida
paydo boʻlubdur, oning bayonida turur. Xotimai kitob har avliyoi iʼzom va ulamoi
kirom va umaroi zavial ehtirom va sohibi davlat beklar va pokiza tabiʼat tabiʼat shoirlar
va donishmand fozillar va falotun fikrat hakimlar va yana bir nechta ajoyib va gʻaroyib
ishlarkim, Eltuzarxonning vaqtida va ondin soʻngra to bu kungacha boʻlub oʻtubdur,
borchasi mujmalan hikoyat etilur inshaallohu taʼolo vahidihal aʼziz”. Xorazm tarixiga
oid “Maʼorif un-nasab” qoʻlyozmasini oʻqish va oʻrganish jarayonida Bobojon
Sanoiyning haqiqatda ham iqtidor egasi ekanligiga amin boʻldik. Asarda tarixiy
voqealar bayoni barobarida ming misradan ortiq sheʼriy parchalar ham berilgan.
Galdagi izlanishlar ushbu qoʻlyozmani toʻliq tabdil, tahlil va talqin qilishni taqozo
etadi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, ilmiy safarimiz davomida Germaniya
kutubxonalarida Alisher Navoiy asarlarining 43 ta qoʻlyozma nusxasi borligini
aniqladik. Ularning eng koʻpi (35 ta) Berlin davlat kutubxonasida saqlanadi. Ular
orasida shoirning “Xamsa”, “Lison ut tayr”, “Majolis un nafois”, “Xamsat ul
mutahayyirin”, “Mahbub ul qulub” kabi asarlari, devonlari mavjud boʻlib, turli
davrlarda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxalar sanaladi. Qoʻlyozmalar orasida “Mahbub
ul qulub” asarining 1238 hijriy yilda koʻchirilgan noyob nusxasi ham mavjud.
Germaniyaning Myunxen shahridagi kutubxonada Navoiyning 4 ta qoʻlyozma asari
borligi maʼlum boʻldi. Ular shoirning “Majolis un nafois”, “Tarixi mulki ajam “ asarlari
va 2 ta sheʼriy devonidan iborat.
Parij milliy kutubxonasi ham Sharq qoʻlyozmalari boʻyicha yirik fondlardan biri
sanaladi. U erda jami 2010 ta turkiy qoʻlyozma borligi aniqlandi. Ular orasida qadim
oʻzbek (chigʻatoy), turk, qozoq, qirgʻiz, turkman va bosha turkiy xalqlarga oid
qoʻlyozmalar bor. Qoʻlyozmalarning eng qadimiysi XIII asrga taalluqli. Biz
kutubxonada kuzatgan asarlar tarixiy, badiiy, diniy, tilshunoslik, etnografiya, musiqa
va hokazalarga oid turkiy qoʻlyozmalardir. 229 ta turkiy qoʻlyozma orasidan, jami 22
ta Oʻzbekistonda yoʻq qoʻlyozmalar aniqlandi. Ularni oʻrganish asnosida Sorbonna
universiteti sharqshunos ustozlari, talabalari bilan uchrashildi, tajriba almashildi va
akademik hamkorlik masalalari kelishib olindi.
Parij milliy kutbxonasida topilgan eng noyob qoʻlyozmalardan biri Kamoliddin
Husayn Xorazmiyning (1466-1551) “Nasihatnomai Shohiy” asaridir.
Husayn Xorazmiy Kubraviya tariqatining Husayniya silsilasi asoschisi, oʻz
davrining olimu ulamosi, shoiri davroni boʻlgan. Ogahiy Husayn Xorazmiy haqidagi
“Miftohut tolibin“ asarini forschadan turkiyga oʻgirgan. Samarqandda bir muddat
yashab ijod etgan Husayn Xorazmiy sharafiga “Maxdumi Xorazmiy” (2002)
jamgʻarmasi tashkil etilgan. Husayn Xorazmiyning ibratli hayoti va ijodi dunyo
tasavvufshunos olimlari tomonidan koʻp bor eʼtirof etilgan, ammo oʻzbek
filologiyasida adib ijodi deyarli oʻrganilmagan.
Biz “Evropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy
qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron
platformasini yaratish” loyihasi asosida Finlyandiya, Avstriya, Niderlandiya, Italiya
kabi Yevropa davlatlarida saqlanayotgan turkiy qoʻlyozmalarni oʻrganishni ham
rejalashtirganmiz.
Loyihaning ilmiy ahamiyati shundaki, xorijiy fondlardagi turkiy
qoʻlyozmalarning ilmiy istifodaga olib kiritilishi bilan qadimiy va boy tarixga ega
oʻzbek tili va adabiyotining teran ildizlarini, mumtoz tafakkur olamida ajdodlarimiz
koʻtarilgan choʻqqilarni XXI asr zaminida real his qilish imkoni paydo boʻladi.
Loyiha doirasida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Jahon
adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga hamda oʻzbek adabiyoti
durdonalarini chet tillariga tarjima qilish va nashr etish tizimini takomillashtirish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 14 avgustdagi “Internet jahon axborot
tarmogʻida milliy kontentni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”
qarorlarida hamda kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan barcha meʼyoriyhuquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish imkoni mavjud.
Yevropada saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarni oʻrganish barobarida va eng yangi
texnologik metodlar asosida Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy
qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasi va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasi
yaratiladi.
ADABIYOTLAR
1. Xalliyeva G.I., Adambayeva N.K., Sharq Renessansining buyuk vakili
Husayn Xorazmiy. Sharq-u Gʻarb Renessans adabiyoti: Navoiy va Shekspir
mavzuidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya materiallari. 2022;1(1).
2. Yusupalieva S. Developing Students Communicative Competence using
Authentic Materials with Information Technologies //International Journal of
Industrial Engineering, Technology & Operations Management. – 2024. – Т. 2. – №.
2. – С. 59-62.
3. Egamberdieva, F., & Egamberdieva, S. (2024). Cognitive and neurolinguistic
aspects of advertising discourse perception. International Journal of Industrial
Engineering, Technology & Operations Management, 2(2), 52-58.