IMOM ISMOIL BUXORIY ASARLARI KLASSIFIKATSIYASI
Sayyora Ulfatillayeva,
Oriental universiteti katta oʻqituvchisi, PhD
https://zenodo.org/records/17339974
Annotatsiya. Imom Ismoil Buxoriy asarlari klassifikatsiyasi mavzusi musulmon
olamida muhim oʻrin tutgan buyuk hadis olimi Imom Buxoriy hayoti va faoliyatini
oʻrganish zaruriy asoslarni taqdim etadi. U, eng avvalo “Sahihi Buxoriy” asari bilan
tanilgan boʻlib, bu asar hadis ilmining yuksak naʼmunasidir. Ushbu maqolada Imom
Buxoriyning boshqa asarlari taʼrifi ham keltirilgan boʻlib, ularning yaratilish davri va
islom tarixidagi oʻrni koʻrsatiladi.
Kalit soʻzlar: Islom, muhaddis, ilm, odob ahloq, komil inson, shariat, hadis,
sunnat.
Abstract. The topic of classification of the works of Imam Ismail Bukhari
provides the necessary foundations for studying the life and work of the great hadith
scholar Imam Bukhari, who held an important place in the Muslim world. He is known
primarily for his work "Sahih Bukhari", which is a high example of the science of
hadith. This article also describes other works of Imam Bukhari, indicating the period
of their creation and their place in the history of Islam.
Keywords: Islam, hadith scholar, science, morality, perfect person, Sharia,
hadith, sunnah.
IX asrda Markaziy Osiyoda turli din ilmlari, tabobat va aljabr fanlarini chuqur
oʻzlashtirib, ularning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar yetishib chiqqan.
Jumladan, buyuk faylasuf Abu Nasr al-Forobiy, jugʻrofiya fani olimi Abul Abbos
Ahmad ibn Muhammadin, Muhammad ibn Nasir Al-Fargʻoniy, mashhur tabib Abu Ali
Ibn Sino, hadis ilmi podshosi va “Sahih al Buxoriy” kitobining muallifi Muhammad
ibn Ismoil Al-Buxoriy kabi buyuk allomalar davri edi.
Ibrohim Shaabon Abu Abdulloh Muhammad bin Ismoil Buxoriyninig “Sahihul
Buxoriy” toʻplamini “Muhammad paygʻambarning sunnatlari boʻyicha eng asosiy
manba”1, deb taʼriflaydi va Imom Buxoriyning hayoti va ijodiy faoliyati borasida qator
maʼlumotlarni jamlaydi va ushbu maʼlumotlar yordamida allomaning oʻz zamonida
ham, undan keyingi barcha davrlarda ham muhaddislar orasida baland ilmiy nufuzga
ega ekanligini dalillaydi.
Muallif Imom Buxoriy haqida arab olimlari tomonidan bildirilgan hamda ilm
olamida maʼlum va mashhur boʻlgan bir qancha taʼriflarni keltiradi. Tarixchilar
rivoyat qilishadiki, Molik bin Anas va Hammod bin Zayddan, Abdulloh bin Muborak
tomonidan rivoyat qilingan rivoyatga koʻra, Imom Ismoil Buxoriyning kichkinalik
paytida koʻzlari koʻrmay qoladi. Onasi tushida Ibrohim (a.s.) ni koʻradi va u zot bu
onaga deydi: “Ey ayol, sening zorlanib juda koʻp yigʻlaganlaring va koʻpdan-koʻp
1 Ibrohim Shaabon. Imom Buxoriy.. hadisda amirul mo’minin. // Maqola. الإمام البخاري.. أمير المؤمنين في
الحديث2018. 14 iyun. 05:59. / https://www.elbalad.news/3347781.
duolar qilganliging sababidan Alloh oʻgʻlingga koʻz nurini qaytardi. Tongda Allohning
irodasi ila bola koʻra boshladi”1. Koʻplab adabiyotlarda Buxoriy otasidan ayrilgach
onasi qoʻlida tarbiya olgani, 7 yoshida Qurʼonni, 10 yoshida esa mingdan ortiq
hadislarni yod olgani aytib oʻtiladi. Bu ishda u shunday muvaffaqiyatga erishdiki, u
“Qurʼon qorisi” sifatida tanilib, “Hofiz” [حافظ]unvoniga sazovor boʻldi, u qayerda
boʻlmasin, Muhammad paygʻambar hadislarini toʻgʻri sharhlab berardi2.
Imom Buxoriyning “Al-Jomi as-sahih” ( Ishonarli toʻplam) deb nomlangan 4 jild
(juz) dan iborat hadislar toʻplami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis
toʻplamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir. Toʻplamda Muhammad
paygʻambar hadislaridan tashqari, fiqh (islom huquqshunosligi), islom marosimchiligi,
axloq-odob, taʼlim-tarbiya hamda oʻsha davr tarixi va etnografiyasiga doir maʼlumotlar
ham mavjud.
“Al-Jomeʼ as-sahih” asarining yozilishi haqidagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak,
manbalarda bu asarning yozilishiga bir necha turtkilar sabab boʻlganligi keltirilgan.
Firabriy bu haqda shunday degan: “Men Imom Buxoriyning kotibi Muhammad ibn Abu
Hotamning: “Men tushimda Imom Buxoriyni koʻrdimki, ul kishi Paygʻambar
alayhissalomning ortidan ergashib ketur erdi. Rasulluloh yurib borurdilar, har safar
oyoqlarini koʻtarganlarida Abu Abdulloh Buxoriy qadamini ayni oʻshal joyga
qoʻyardi”, degʻonlarini eshitgʻonmen””3.
Yana bir manbada keltirilishicha: Al Hofiz ibn Hajar: Imom Buxoriyning mazkur
kitobni yozishga boʻlgan azmu qarorlariga hadis va fiqh bobida moʻminlar amiri
boʻlmish ustozlari Isʼhoq ibn Rohvayhning “Rasululloh sallallohu alayhi vassalamning
muborak sunnatlaridan iborat bir muxtasar toʻplam yaratsangizlar edi!” degan soʻzlari
quvvat baxsh etdi, dedilar. Bu xususida Imom Buxoriyning oʻzlari: “Ustozimning ana
shu soʻzlari qalbimga chuqur oʻrnashib qolib, “Al-jomeʼ as-sahih”ni yozishga
kirishdim”, degan ekanlar. Ul kishi yana bunday deb aytgan ekanlar: “Men tushimda
Rasululloh sallallohu alayhi vassallamni koʻrdim, ul zotning roʻparalarida turib,
yelpigʻich bilan muborak yuzlaridan nimanidir haydayotgan emishman. Soʻng men bir
taʼbirchidan soʻrab edim, u: “Siz janob Rasulullohdan yolgʻon haydaysiz”, dedi. Ana
shu tushim meni “Al-jomeʼ as-sahih”ni yozmoqqa ilhomlantirdi”4
Imom Buxoriyning hadis toʻplash, tasniflash va tekshirishdagi yuksak mezonlari
hadis ilmi uchun namuna boʻlib qolgan. U hadislarni isnod (rivoyatchilar zanjiri) va
matn (hadisning maʼnosi) jihatdan qattiq nazorat qilgan va faqat eng ishonchli
hadislarni oʻz toʻplamiga kiritgan.
Asarda hadis rivoyatchilarining hayoti, xulqi va ilmiy darajasi haqida maʼlumotlar
berilgan. Bu maʼlumotlar hadis ilmi uchun juda muhim hisoblanadi.
Imom Buxoriy boshqa bir qancha asarlar ham yozgan:
1 Ibrohim Shaabon. Imom Buxoriy.. hadisda amirul mo’minin. // Maqola. الإمام البخاري.. أمير المؤمنين في
الحديث2018. 14 iyun. 05:59. / https://www.elbalad.news/3347781.
2 https://www.journal.buxdupi.uz/index.php/journal-buxdupi/article/download/260/216 2021.20-
may 6
3 Shayx Abdussalom al-Mubarakfuriy Hazrat Imom al-Buxoriy. // Arab tilidan U.Uvatov tarjimasi. –
Toshkent: Toshkent Islom universiteti, 2015. B.118.
4 Imom al-Buxoriy – muhaddislar sultoni. // Nashrga tayyorlovchilar Usmonxon hoji Temirxon o‘g‘li
va Baxtiyor Nabixon o‘g‘li – Toshkent: O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi,1998. B. 55-56.
“Al-Adab ul-mufrad” (Adab durdonalari) – asar IX asrda (hijriy III asr)
yaratilgan. Bu davr Islom olamida hadis ilmi rivojlangan, turli maktablar shakllangan
davr edi. Asarning asosiy mavzusi: odob-axloq, insoniy munosabatlar va shaxsiy
kamolot. U asosan islomiy axloqiy meʼyorlarni, turli xulq-atvor va xarakter
xususiyatlarini oʻz ichiga olgan hadislarni toʻplagan. Bu kitob oʻquvchilarga
musulmon shaxsi qanday boʻlishi kerakligi, oʻzaro munosabatlarni qanday yoʻlga
qoʻyishi, qanday yaxshi fazilatlarga ega boʻlishi zarurligi kabi mavzularda yordam
beradi. Asar turli mavzularga oid hadislardan tashkil topgan (masalan, ota-ona bilan
munosabat, qoʻshnilar bilan munosabat, mehmon kutish, sadaqa berish va hokazo).
Imom Buxoriy har bir mavzuga oid eng sahih hadislarni tanlab, ularni asarga kiritgan;
“Kitob afol il-ibod” (lbodat qiluvchilarning feʼl-atvori haqidagi kitob) – asar IX
asrda (hijriy III asr) yaratilgan boʻlib, bu davr Islom olamida ilmiy va diniy faoliyatlar
rivojlangan, turli aqidaviy va fiqhiy maktablar oʻrtasida bahs-munozaralar kuchaygan
davr edi. Imom Buxoriy oʻz davrining yetuk muhaddisi va faqih olimi sifatida sunnatni
himoya qilish, bidʼatlarga qarshi kurashish va islom aqidasini toʻgʻri tushuntirishga
harakat qilgan. Asarning maqsadi: “Kitob Afʼol ul-Ibod” asari Jabriya va Muʼtazila
kabi oqimlarning inson ixtiyori, qullarning amallari va taqdir masalasidagi gʻoyalariga
raddiya berish maqsadida yozilgan. Asar orqali Imom Buxoriy Allohning qudrati va
qullarning ixtiyori oʻrtasidagi munosabatni tushuntirish, islom aqidasini sobit qoldirish
va jamiyatda toʻgʻri eʼtiqodni tarqatishga intilgan. Kitobning asosiy mavzusi
bandalarning amallari, ularning iymon bilan bogʻliqligi, ixtiyor va taqdir masalalaridir.
Asarda iymonning mohiyati, amalning iymon bilan bogʻliqligi, qalbdagi niyatlarning
ahamiyati, insonning amallariga boʻlgan masʼuliyati kabi mavzular Qurʼon va Sunna
dalillari bilan yoritilgan;
“Kitob bad il-maxluqot” kitobining asosiy mavzusi olamning yaratilishi, gʻayb
olami, farishtalar, jinlar, insoniyatning yaratilishi, Odam Ato va Havo onadan
boshlanishi kabi masalalarga bagʻishlangan hadislar. Bu kitobda islomiy kosmologiya,
yaʼni dunyo va undagi maxluqotlarning paydo boʻlishiga oid islomiy qarashlar bayon
etilgan;
“At-tarix al-kabir” (Katta tarix). Bu asarni muallif oʻn sakkiz yoshida Madinaimunavvaradagi al-Masjid an-Nabaviy (Paygʻambar masjidi) da yozgan. Kitobda
sahobalar, tobeinlarning izdoshlaridan rivoyat qilgan hadislar va ularning ismlari alifbo
tartibida joylashtirilgan;
“At-tarix al-avsat” (Oʻrta tarix). Bu kitobda Imom Buxoriy Abdulloh ibn
Abdusallom al-Haffof va Zanjaviyh ibn Ahmad al-Lubod sahobalardan rivoyat
qilganlar;
“At-tarix as-sagʻir” (Kichik tarix). Muhaddisning bu asari hadis tarixiga oid
qimmatli asar boʻlib, unda mashhur sahobalar, tobeinlar va tobeinlar izdoshlarining
naslu nasablari, vafot etgan yillari, oʻzaro muloqotlari hamda isloh qilinganlari bayon
etilgan. Imom Buxoriy bu asarga yilma-yil tartib berib, agar bir sanani tugatsa, u sanada
vafot etgan mashhur shaxslarni, sodir boʻlgan boshqa muhim ishlarni zikr etib, undan
soʻng keyingi sanani boshlagan;
“Asomiy as-sahoba” (Sahobalar ismlari kitobi). Imom Buxoriydan avval biror
muallif sahobalar toʻgʻrisida kitob yozgani maʼlum emas. Muallif bu kitobda qator
sahobalarning ismlari, ularning siyratlari va ular solnomalari haqida yozgan. Bu kitob
juda muhim mavzuga bagʻishlangan boʻlib, uning ilmiy ahamiyati katta;
“Kitob ul-vuhdon” (Yagonalar haqida kitob). Imom Buxoriy bu sohada ham
birinchilardan boʻlib yana bir buyuk asar yaratgan va bu asarda faqat bir hadis rivoyat
qilgan sahobalarni zikr qiladi1.
Imom Buxoriyning asarlari Oʻzbekiston olimlari tomonidan juda keng
oʻrganilmoqda. Xususan, muhaddisning “Al-adab al-mufrad” asarini oʻzbek tilidagi
ilk tarjimasi olim Sh.Boboxonov tomonidan nashr qilingan2. Nashrga asarning bir
qismigina kiritilgan boʻlsa ham ilmiy doiralarda u oʻzining munosib oʻrnini egalladi.
Keyinchalik Z.Islomov va A.Abdullayevlar tomonidan “Al-adab al-mufrad” birinchi
nashriga kiritilmagan qismlari toʻldirilgan holda, kitobxonlarga asardan foydalanishni
yengillashtirish maqsadida bir-biriga yaqin mavzudagi hadislar birlashtirilib, asar
tarkibidagi odob-axloqqa oid hadislardan saylanma nashr etildi.
ADABIYOTLAR
1. Imom al-Buxoriy – muhaddislar sultoni. // Nashrga tayyorlovchilar Usmonxon
hoji Temirxon oʻgʻli va Baxtiyor Nabixon oʻgʻli – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy
Ensiklopediyasi,1998. B. 55-56.
2. Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni. // Nashrga tayyorlovchilar Usmonxon
hoji Temirxon oʻgʻli va Baxtiyor Nabixon oʻgʻli. – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy
Ensiklopediyasi, 1998. – 129 b.
3. Imom al-Buxoriy, Al-adab al-mufrad (Adab durdonalari). – Toshkent:
Oʻzbekiston, 1990; Imom Buxoriy. Al-adab al-Mufrad. // Tarjimonlar Sh.Boboxonov,
N.Abdumajid. – Toshkent: Movarounnahr, 2006. B. 99-110.
4. Shayx Abdussalom al-Mubarakfuriy Hazrat Imom al-Buxoriy. // Arab tilidan
U.Uvatov tarjimasi. – Toshkent: Toshkent Islom universiteti, 2015. B.118.
5. Ibrohim Shaabon. Imom Buxoriy.. hadisda amirul moʻminin. // Maqola. الإمام
البخاري.. أمير المؤمنين في الحديث2018. 14 iyun. 05:59. /
https://www.elbalad.news/3347781.
6. Ibrohim Shaabon. Imom Buxoriy.. hadisda amirul moʻminin. // Maqola. الإمام
البخاري.. أمير المؤمنين في الحديث2018. 14 iyun. 05:59. /
https://www.elbalad.news/3347781.
7. https://www.journal.buxdupi.uz/index.php/journal-
buxdupi/article/download/260/216 2021.20-may 6
1 Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni. // Nashrga tayyorlovchilar Usmonxon hoji Temirxon oʻgʻli
va Baxtiyor Nabixon oʻgʻli. – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi, 1998. – 129 b.
2 Imom al-Buxoriy, Al-adab al-mufrad (Adab durdonalari). – Toshkent: O’zbekiston, 1990; Imom
Buxoriy. Al-adab al-Mufrad. // Tarjimonlar Sh.Boboxonov, N.Abdumajid. – Toshkent:
Movarounnahr, 2006. B. 99-110.