SAʼDIY SHEROZIY “GULISTON” ASARINING OʻZBEK TILIDAGI
TARJIMALARI TARIXI VA ULARNING MAʼNAVIY-AHAMIYATI
https://zenodo.org/records/17727324
Turdiyev Jahongir,
Oriental universiteti Tillar-1 kafedrasi dotsenti, PhD
Annotatsiya: Fors-tojik adabiyotining yirik namoyandasi Saʼdiy Sheroziy
ijodining durdonasi “Guliston” asarining oʻzbek tiliga tarjimalari, ularning tarixiy
bosqichlari va badiiy hamda ilmiy ahamiyati tahlil qilinadi. Tarjimalar oʻzbek
adabiyoti va maʼnaviyat tarixida tutgan oʻrni bilan ahamiyatlidir.
Kalit soʻzlar: Saʼdiy Sheroziy, “Guliston”, tarjima, mulla Murodxoʻja,
maʼnaviyat, taʼlim-tarbiya.
Abstract. The article analyzes the Uzbek translations of “Gulistan,” the
masterpiece of the great representative of Persian-Tajik literature Saadi Shirazi,
focusing on their historical stages, artistic features, and scholarly significance. These
translations hold great importance for their role in the history of Uzbek literature and
spiritual culture.
Keywords: Saadi Shirazi, “Gulistan,” translation, Mulla Murodkhoja,
spirituality, education and upbringing.
Kirish. Saʼdiy Sheroziy oʻzining teran falsafiy mushohadalari,
insonparvarlik gʻoyalari, axloqiy pand-nasihatlarga boy asarlari bilan jahon
adabiyotining yirik siymosiga aylangan. Uning “Guliston” asari — nafaqat forstojik adabiyoti, balki butun musulmon Sharqi madaniyatining bebaho
durdonasidir.
Saʼdiy oʻz asarini yaratgan davr — XIII asrning oʻrtalari, yaʼni insoniyat
tarixida siyosiy beqarorlik, ijtimoiy adolatsizlik kuchaygan bir zamon edi. Ana
shunday sharoitda u “Guliston” orqali jamiyatni ezgulikka, halollikka, adolat va
insofga chorlagan. Shu bois asar oʻz zamonidan oʻtib, har bir davr uchun dolzarb
maʼnaviy dasturga aylandi.
“Guliston”ning oʻzbek tiliga tarjima qilinishi esa alohida ilmiy va madaniy
hodisa hisoblanadi. Chunki bu tarjimalar orqali nafaqat fors-tojik adabiy merosi
oʻzbek xalqiga yaqinlashtirildi, balki oʻzbek adabiy tili, uslubiy tafakkuri va
tarjima madaniyati ham boyidi. Tarjimalar asarda mujassam maʼnaviy-axloqiy
gʻoyalarni xalq ongiga singdirish, yosh avlodni insonparvarlik va odob-axloq
ruhida tarbiyalashda muhim vosita boʻlib xizmat qildi.
“Guliston” asarining oʻzbek tilidagi tarjimalari, ularning yaratilish tarixi,
badiiy va ilmiy xususiyatlari, tarjimonlarning maqsad va uslublari tahlil
qilinganda, Sayfi Saroyi, Mulla Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli, Gʻafur Gʻulom
kabi tarjimonlarning hissasi yaqqol koʻzga tashlanadi.
25
Asosiy qism. Saʼdiy Sheroziy (Mushrifiddin ibn Muslihiddin ibn Abdulloh)
- XIII asr fors-tojik adabiyotining yirik vakili boʻlib, “Guliston” va “Boʻston”
asarlari bilan jahon adabiyoti xazinasiga beqiyos hissa qoʻshgan. Uning
“Guliston” asari 1258-yilda yozilgan boʻlib, sakkiz bobdan iborat pandnoma
sifatida maʼnaviy-axloqiy kamolotga xizmat qiladi. Asardagi hikmat va qissalar
insonni ezgulik, mehnatsevarlik, halollik va ilmga intilish ruhida tarbiyalaydi.
“Guliston” oʻz davridayoq xalq orasida mashhur boʻlgan, oʻnlab lugʻat va
sharhlar yozilgan, madrasalarda asosiy axloq darsligi sifatida oʻqitilgan. Asar
XVII asrdan boshlab Yevropa tillariga tarjima qilina boshlangan boʻlib,
fransuzcha (1634), nemischa (1635), keyinchalik ruscha va boshqa koʻplab
tillarda nashr qilingan.
Oʻzbek tiliga tarjimalar tarixi esa XIV asr oxiriga borib taqaladi. 1391–
1392-yillarda Sayfi Saroyi tomonidan “Guliston bit-turkiy” nomi bilan ijodiy
tarjima amalga oshirilgan. Keyinchalik XIX asrda Ogahiy, XX asrda esa
Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli, Gʻafur Gʻulom, Shoislom Shomuhamedov,
Rustam Komilovlar tomonidan tarjimalar yaratilgan.
Mulla Murodxoʻjaning 1909-yilda Toshkentda nashr etilgan “Shavqi
Gulistoni musavvar” asari ilmiy-tanqidiy asosda tayyorlangan boʻlib,
“Guliston”ning eng toʻliq oʻzbekcha talqinidir. Unda asliyat va tarjima yonmayon berilgan, forsiy va arabiy iboralarga izohlar yozilgan, shuningdek asar
rasmlar bilan bezatilgan. Tarjimonning maqsadi asarni maktab va madrasa
oʻquvchilari uchun soddalashtirib, tushunarli qilish boʻlgan. Shu sababli ushbu
tarjima badiiy emas, balki filologik (ilmiy) xarakterga ega.
“Guliston”dagi hikoyatlar bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan.
Unda inson mehnatsevarligi, rostgoʻylik, ilmga hurmat, yosh avlod tarbiyasi kabi
umuminsoniy qadriyatlar kuylanadi. Saʼdiy “Kimga yoshlikda berilmas odob,
ulgʻaygach, boʻladi baxtsiz” deya tarbiyaning erta yoshdan boshlanishi
zarurligini uqtiradi.
Xulosa. Saʼdiy Sheroziy “Guliston” asari orqali butun insoniyatni ezgulik,
insonparvarlik va maʼnaviy poklikka daʼvat etgan. Uning oʻzbek tilidagi
tarjimalari, xususan Mulla Murodxoʻja tomonidan yaratilgan “Shavqi Guliston”
nafaqat adabiy, balki maʼrifiy meros sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ham bu asar yoshlarni axloqiy yetuklikka, milliy
qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim manba boʻlib xizmat
qilmoqda.
Adabiyotlar roʻyxati
1. Saʼdiy Sheroziy. Guliston. Tehron, 1258.
2. Sayfi Saroyi. Guliston bit-turkiy. XIV asr qoʻlyozmalari.
3. Mulla Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli. Shavqi Gulistoni musavvar. Toshkent,
1909.
4. Jumaniyoz Sharipov. Oʻzbekistonda tarjima tarixidan. Toshkent: Fan, 1965.
26