ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ommaviy axborot vositalari orqali inklyuziv ta’lim jarayonida tolerant munosabatlarni rivojlantirish metodikasi

Jabborova Nilufar Shavkatovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI ORQALI INKLYUZIV TA’LIM
JARAYONIDA TOLERANT MUNOSABATLARNI RIVOJLANTIRISH

METODIKASI

https://zenodo.org/records/17959806

Jabborova Nilufar Shavkatovna,
Oriental universiteti Axborot siyosati
masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi

Annotatsiya: Maqolada XXI asrdagi pedagogik paradigmalar, inklyuziv ta’lim,
tolerantlik va bag‘rikenglikning jamiyatdagi ahamiyati hamda ularning umumiy ta’lim
jarayonida qo‘llanilishi tahlil qilingan. Inklyuziv ta’limning nazariy va amaliy asoslari,
jumladan, bolalarning maksimal rivojlanishi va ijtimoiy integratsiyani ta’minlashga
qaratilgan strategik yondashuvlar muhokama qilingan. Shuningdek, ommaviy axborot
vositalari va media kontent orqali tolerantlik va bag‘rikenglikni shakllantirishning
pedagogik va ijtimoiy ahamiyati yoritilgan. Maqolada O‘zbekistondagi huquqiy
bazalar va ilmiy-amaliy tavsiyalar ham ko‘rib chiqilgan.

Kalit so‘zlar: inklyuziv ta’lim, tolerantlik, bag‘rikenglik, pedagogika, ijtimoiy
integratsiya, media vositalari, XXI asr ta’limi.

Abstract: This article analyzes 21st-century pedagogical paradigms, inclusive
education, tolerance, and empathy, as well as their significance in society and
application in general education. The theoretical and practical foundations of inclusive
education are discussed, including strategic approaches aimed at maximizing
children’s development and ensuring social integration. Furthermore, the pedagogical
and social role of mass media and media content in promoting tolerance and empathy
is highlighted. The article also examines the legal frameworks and scientific-practical
recommendations relevant to the development of inclusive education in Uzbekistan.

Keywords: inclusive education, tolerance, empathy, pedagogy, social integration,
media tools, 21st-century education.

“Inklyuziv ta’lim – bu nafaqat pedagogik yo‘nalish, balki inson huquqlarini
ta’minlashga qaratilgan umuminsoniy harakatdir”.
(YuNESKOning 2020-yildagi hisobotidan)

XXI asrda pedagogik paradigma an’anaviy bilim berishdan tashqari, inson
huquqlari, teng imkoniyatlar va barqaror ijtimoiy muhitni ta’minlash vazifalarini ham
o‘z zimmasiga oldi. Zamonaviy ta’limning strategik vazifasi nafaqat ma’lumot berish,
balki har bir o‘quvchining shaxsiy va ijtimoiy salohiyatini rivojlantirish hamda uni
global resurs sifatida shakllantirishdan iboratdir. Shu nuqtai nazardan, inklyuziv ta’lim
konsepsiyasi imkoniyati cheklangan yoki maxsus ehtiyojli bolalarning umumta’lim
jarayoniga to‘liq integratsiyasini ta’minlovchi pedagogik va ijtimoiy strategiya sifatida
muhim ahamiyat kasb etadi.

Inklyuziv ta’limning nazariy asoslari shuni ko‘rsatadiki, u barcha o‘quvchilar
uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash

va tolerant munosabatlarni rivojlantirish orqali ijtimoiy integratsiya hamda shaxsiy
rivojlanishning strategik prediktori sifatida xizmat qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash
tashkiloti (WHO)ning 2022-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra dunyo aholisining bir
milliardga yaqini imkoniyati cheklangan deb baholanadi. Shularning 240 milliondan
ortig‘ini bolalar va o‘smirlar tashkil qiladi. Ular ta’lim jarayonida turli to‘siqlarga duch
kelmoqda. Bu ko‘rsatkichlar inklyuziv ta’limning global darajadagi ijtimoiy va
pedagogik ahamiyatini yaqqol tasdiqlaydi1.

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, BMT, YuNESKO, YuNISEF kabi xalqaro
tashkilotlar inklyuziv ta’lim va tolerantlik madaniyatini rivojlantirishda ommaviy
axborot vositalarining kuchli ta’siri mavjudligini alohida ta’kidlaydilar. Xususan,
Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida maxsus teledasturlar va internet portallari
orqali bolalarda imkoniyati cheklangan tengdoshlariga nisbatan ijobiy munosabatni
shakllantirishga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, AQSHda inklyuziv ta’lim jarayonini
qo‘llab-quvvatlaydigan media kampaniyalar amalga oshirilib, keng jamoatchilik
ongini o‘zgartirishga erishilgan. Yaponiyada “NHK” telekanali orqali efirga
uzatiladigan maxsus multfilmlar bolalar ongida turli millat, imkoniyat va turmush
tarzini qabul qilish madaniyatini shakllantiradi. Skandinaviya mamlakatlarida esa
bolalar uchun ishlab chiqilgan mobil ilovalar orqali tolerantlik, hamdardlik va
bag‘rikenglik g‘oyalari turli o‘yinlar asosida singdiriladi.

O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga katta
e’tibor qaratilmoqda. Prezident farmon va qarorlari hamda ta’lim tizimida amalga
oshirilayotgan islohotlar doirasida imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llabquvvatlash, ularni umumiy ta’lim maktablariga jalb etish, maxsus dastur va
mediaproektlarni ishlab chiqishga jiddiy qadamlar qo‘yilmoqda. Xususan, milliy
telekanallarda inklyuziv ta’lim mavzusida maxsus ko‘rsatuvlar va ijtimoiy roliklar
namoyish etilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda esa tolerantlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi
mediamateriallar tarqatilmoqda.

Tolerantlik inklyuziv ta’limning markaziy pedagogik kategoriyasi sifatida
qaraladi. U turli jismoniy, ruhiy, madaniy va ijtimoiy farqlarga qaramay insonlarni
hurmat qilish hamda ular bilan teng huquqlarda muloqot qilish qobiliyatini ifodalaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1995-yilda qabul qilingan “Tolerantlik
prinsiplari deklaratsiyasi” tolerantlikni ma’naviy majburiyat va siyosiy-huquqiy
zarurat sifatida belgilaydi. Agar ta’lim muhitida tolerantlik shakllantirilmasa, ijtimoiy
ajralish, diskriminatsiya va ksenofobiya holatlari ko‘payishi mumkin.2 Shu bois,
inklyuziv ta’lim jarayonida tolerant munosabatlarni rivojlantirish nafaqat imkoniyati
cheklangan bolalar, balki barcha o‘quvchilarning ijtimoiy integratsiyasi va shaxsiy
kamoloti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.3

Pedagogik nuqtai nazardan qaralganda, mediatarbiyaviy usullar tolerant
munosabatlarni shakllantirishning samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.
Masalan, inklyuziv sinflarda o‘quvchilarga multimedia vositalari orqali chuqur

1 World Health Organization (WHO). (2022). Global report on health equity for persons with disabilities. Geneva: WHO
Press.
2 Шерматова, М. (2021). Ўзбекистонда инклюзив таълимнинг ҳуқуқий асослари ва ривожланиш истиқболлари.
Педагогика ва психология журнали, №4, 45–52-бетлар.
3 Абдуллаев, А. (2022). Толерантлик ва маънавият: таълим тизимидаги инновацион ёндашувлар. Тошкент:
Ўқитувчи нашриёти.

ma’naviy tarbiya berish, ijtimoiy roliklar va videosyujetlardan foydalanish,
shuningdek, tolerantlik mavzusidagi kinofilm va multfilmlar namoyishi o‘quvchilar
ongini shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Bu jarayonda pedagogning vazifasi
olingan axborotni izohlab berish va uni o‘quvchilarning hayotiy tajribasi bilan bog‘lab
talqin qilishdan iboratdir. Shu bilan birga mediatexnologiyalarni qo‘llashda muayyan
muammolar ham mavjud. Xususan, ayrim hollarda ommaviy axborot vositalarida
diskriminatsion stereotiplar yoki noto‘g‘ri talqinlar uchrab turadi. Bu esa tolerantlik
g‘oyalariga zid bo‘lib, o‘quvchilar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.1 Shu bois,
inklyuziv ta’lim jarayonida pedagoglar va media mutaxassislar hamkorlikda ishlashi,
o‘quvchilarga yo‘naltirilgan mediakontent esa ilmiy-pedagogik asosda tayyorlanishi
zarur.

Zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida inklyuziv ta’lim jarayonida
tolerantlikni shakllantirishning yana bir yo‘li virtual ta’lim muhitini yaratishdir.
Masalan, onlayn vebinarlar, multimediaviy platformalar, elektron kitoblar va maxsus
mobil ilovalar orqali o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatish
mumkin. Bunday platformalarda imkoniyati cheklangan bolalar ham o‘z bilim va
tajribalarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ularga nisbatan
tengdoshlari orasida hurmat va insoniy munosabatni shakllantiradi.

Ommaviy axborot vositalari inklyuziv ta’limda tolerantlikni rivojlantirishda
asosiy pedagogik va ijtimoiy vosita sifatida xizmat qiladi. Axborot makonidagi media
resurslar jamiyat ongi va ijtimoiy fikrni shakllantirishda yuqori ta’sir kuchiga ega
bo‘lib, ta’lim islohotlari, ijtimoiy reklama, mediasyujetlar va ommaviy interaktiv
dasturlar orqali bag‘rikenglik, hamdardlik va insonparvarlik kabi qadriyatlarni targ‘ib
qiladi. Buyuk Britaniya, Kanada va Finlyandiya tajribalari shuni ko‘rsatadiki,
ommaviy axborot vositalari orqali muntazam ravishda tarqatiladigan ijtimoiy reklama
va hikoyalar jamiyatda tolerant munosabat darajasini sezilarli ravishda oshirgan.

O‘zbekistonda ham inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun huquqiy va
institutsional baza shakllantirilgan. 2020-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi
Qonun barcha fuqarolar uchun teng ta’lim imkoniyatlarini ta’minlash va inklyuziv
ta’lim tizimini rivojlantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, 2021-yilda qabul qilingan
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun nogironligi
bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini va ta’limda barobar
imkoniyatlarini kafolatlaydi. Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatlar inklyuziv ta’lim
jarayonida tolerant munosabatlarni rivojlantirish, ijtimoiy integratsiya va inson
huquqlarini himoya qilish uchun zarur huquqiy maydon yaratadi.

Inklyuziv ta’lim amaliyotida har bir o‘quvchining ta’lim shakli, tili va o‘qish
joyini tanlash huquqi markaziy ahamiyatga ega. Nogironligi bo‘lgan bolalar
umumta’lim muassasasini tanlagan taqdirda ular uchun maxsus sharoitlar yaratiladi va
ular umumta’lim jarayoniga to‘laqonli jalb etiladi. Bag‘rikenglik esa pedagogik va
psixologik nuqtai nazardan boshqalarni qabul qilish va hurmat qilish qobiliyatini

1 Шерматова, М. (2021). Ўзбекистонда инклюзив таълимнинг ҳуқуқий асослари ва ривожланиш истиқболлари.
Педагогика ва психология журнали, №4, 45–52-бетлар.

ifodalaydi. Uning maktab davrida shakllanishi insonning kelajakdagi ijtimoiy va
shaxsiy salohiyatini rivojlantirishning asosiy sharti hisoblanadi1.

Gordon Allportning tadqiqotlariga ko‘ra bag‘rikenglik yoki intolerantlik
xususiyatlari erta bolalikda shakllanadi va bolalar mehr-muhabbat hamda xavfsizlik
muhiti orqali rivojlanadi. Amaliyotda inklyuziyani joriy etishda qator muammolar
uchraydi: maxsus ehtiyojli bolalar uchun qulay muhit va reabilitasiya texnologiyalari
yetishmasligi, pedagogik kadrlarning cheklanganligi, jamiyatning nogiron bolalarning
huquqlarini tan olishda bexabarligi, ota-onalarning sog‘lom va nogiron bolalarni bir
sinfda o‘qitishga noroziligi, ijtimoiy va psixologik moslashuvda qiyinchiliklar,
shuningdek boshqa ishtirokchilarning nogiron o‘quvchilarni rad etishi.

Shu bois har bir ta’lim muassasasining asosiy vazifasi — maxsus ehtiyojli
bolalarga to‘g‘ri pedagogik munosabatni shakllantirish, maxsus pedagoglarni
tayyorlash va bag‘rikenglikni targ‘ib qilishdan iboratdir2.

Bag‘rikenglikni rivojlantirish jarayoni barcha ishtirokchilarning faolligini talab
qiladi. Bular o‘qituvchilar va inklyuziv ta’lim mutaxassislari jumladan, logopedlar,
defektologlar, psixologlar, audiologlar, reabilitatsiya pedagoglari, ota-onalar va
vasiylar, shuningdek o‘quvchilarni o‘z ichiga oladi. Bu jarayonda ommaviy axborot
vositalari muhim vosita bo‘lib, mediakontent orqali ijobiy obrazlar yaratish,
muvaffaqiyat tarixlari va interaktiv dasturlar orqali jamiyatda bag‘rikenglik,
hamdardlik va hamkorlik qadriyatlari shakllantiriladi.

Kelgusida inklyuziv ta’limda mediatarbiyaning samarali bo‘lishi uchun maktab
va oliy ta’lim muassasalarida “Media savodxonlik va tolerantlik” fanini joriy qilish,
pedagoglar uchun mediapsixologiya va mediapedagogika sohasida malaka oshirish
kurslarini tashkil etish, bolalar va ota-onalar uchun tolerantlik mavzusida maxsus
teleko‘rsatuvlar va onlayn kurslar ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro tajribani milliy
an’analar bilan uyg‘unlashtirgan holda zamonaviy mediatexnologiyalarni ta’lim
jarayoniga joriy qilish zarur. Shu tariqa ommaviy axborot vositalari orqali inklyuziv
ta’limda tolerant munosabatlarni shakllantirish nafaqat ta’lim tizimi, balki butun
jamiyat ma’naviy muhitini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa kelajak avlodning
bag‘rikeng, do‘stona va insonparvar ruhda voyaga yetishini ta’minlaydi. Tolerantlik
tushunchasi pedagogikada nafaqat ma’naviy-axloqiy, balki ijtimoiy-psixologik
kategoriya sifatida ham talqin etiladi. Inklyuziv ta’lim jarayonida tolerantlik har bir
shaxsning shaxsiylik, erkinlik va tenglikka bo‘lgan huquqini hurmat qilishga
asoslanadi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari jamiyatda bag‘rikeng
munosabatlarni shakllantirishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.

Tolerant munosabatlarni ommaviy axborot vositalari orqali rivojlantirish turli
nazariy asoslarga tayanadi. A.Banduraning ijtimoiy o‘rganish nazariyasiga ko‘ra
bolalar media obrazlarni kuzatish orqali muayyan xulq-atvor modellarini o‘z hayotida
qo‘llaydi. G.Alportning kontakt gipotezasi esa ijtimoiy muloqot va hamkorlik
jarayonida tolerantlikni kuchaytiradi; media esa bu jarayonni bilvosita ta’minlab, turli
guruhlar o‘rtasida ijobiy munosabatlar o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Sh.Gerbner va

1 Тўхтаева, Н. (2020). “Инклюзив таълим жараёнида педагогларнинг тайёргарлиги ва малака ошириш
масалалари”. – Ижтимоий фанлар журнали, №2, 67–74-бетлар.
2 Шерматова, М. (2021). “Ўзбекистонда инклюзив таълимнинг ҳуқуқий асослари ва ривожланиш истиқболлари”.
– Педагогика ва психология журнали, №4, 45–52-бетлар.

hamkasblari ishlab chiqqan kultivatsiya nazariyasiga ko‘ra ommaviy axborot vositalari
orqali uzluksiz takrorlanadigan g‘oyalar shaxs ongida uzoq muddatli qiymatlar va
ijtimoiy normalarni shakllantiradi. Shuningdek, parasotsial muloqot nazariyasi
insonning media qahramonlari bilan ruhiy aloqa orqali turli ijtimoiy guruhlarga
nisbatan munosabatini o‘zgartirishini asoslaydi.1

Xorijiy tajribalardan ma’lumki ko‘plab mamlakatlarda media ta’lim inklyuziv
jarayonlarning muhim qismi sifatida joriy etilgan. Masalan, Finlyandiyada maxsus
tayyorlangan teledasturlar va hujjatli filmlar orqali o‘quvchilarda nogiron
tengdoshlarga hurmat tuyg‘usi shakllantirilmoqda. Germaniyada maktablardagi media
klublar orqali o‘quvchilar inklyuziv mavzulardagi videolarni muhokama qiladilar.

O‘zbekiston amaliyotida ham OAV orqali inklyuziv qiymatlarni targ‘ib qilishga
alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Inson va qonun”, “Biz bilan birga” kabi
ko‘rsatuvlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayoti va yutuqlari keng yoritilmoqda.
Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi
videoroliklar tarqatilmoqda. Ta’lim muassasalarida esa media savodxonlik darslari
joriy etilib, o‘quvchilar axborotni tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmasiga ega
bo‘lishmoqda.

Shu bilan birga mavjud holat tahlili qator muammolarni ham ko‘rsatadi: mahalliy
media kontentning yetarli emasligi, ijtimoiy reklama va roliklar tizimli ishlab
chiqilmayotgani, o‘qituvchilarning media savodxonlik darajasi pastligi hamda media
ta’sirining uzoq muddatli mexanizmlari yetarlicha tadqiq etilmagani. Bu muammolarni
hal qilish maqsadida istiqbolda milliy media kontentni yaratish va uni ta’lim jarayoniga
integratsiya qilish, inklyuziv ta’limda media resurslardan foydalanish bo‘yicha
metodik qo‘llanmalar tayyorlash, pedagoglar uchun media savodxonlik kurslarini
tashkil etish va ilmiy tadqiqotlar bazasini kengaytirish kabi vazifalarni amalga oshirish
zarur.

Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib quyidagi metodik tavsiyalar va amaliy
yo‘nalishlar ishlab chiqildi:

Media vositalari orqali tolerantlikni targ‘ib qilish metodikasi. Media
jamiyatning ijtimoiy ongini shakllantirish va stereotiplarni bartaraf etishda eng
samarali vositalardan biridir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki vizual va interaktiv
kontent insonlarning hissiy va xulqiy reaksiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu
munosabat bilan quyidagi strategiyalar tavsiya etiladi:

• Televidenie, radio va ijtimoiy tarmoqlarda inklyuziv kontent yaratish:
bolalar va ota-onalar uchun mo‘ljallangan qisqa videolar, intervyular, reportajlar va
animatsion roliklar orqali inklyuziv ta’limning afzalliklari yoritilishi mumkin. Bu usul
bolalar va yoshlar orasida ijtimoiy bag‘rikenglik hissini shakllantirishga xizmat qiladi.

• Maqolalar, blog va onlayn forumlar orqali targ‘ibot: pedagogik va
psixologik tadqiqotlarga tayangan maqolalar va blog postlar jamiyatning ijtimoiy
ongini kengaytirishi mumkin. Shu bilan birga forumlar va onlayn platformalar orqali
jamoatchilik bilan interaktiv muloqot olib borish, stereotiplar va noto‘g‘ri qarashlarni
bartaraf etish imkonini beradi.

1 United Nations. (1995). Declaration of Principles on Tolerance. General Conference of UNESCO, Paris.

• Muvaffaqiyat hikoyalarini vizual va interaktiv shaklda taqdim etish:
imkoniyati cheklangan shaxslar hayotidagi muvaffaqiyatli voqealarni fotosuratlar,
videolar, infografikalar va interaktiv materiallar orqali taqdim etish orqali jamiyatda
empatiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hissini oshirish mumkin.

2. Pedagogik interaktiv usullar. Interaktiv metodlar bolalarning hissiy, ijtimoiy
va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotlar shuni
ko‘rsatadiki, o‘quvchilarning hissiy va ijtimoiy ko‘nikmalari o‘yin va dramatik
mashg‘ulotlar orqali tezroq rivojlanadi. Samarali usullar quyidagilardan iborat:

• Rolli o‘yinlar va psixodrama: bolalarda bag‘rikenglik, hamkorlik va empatiya
ko‘nikmalarini shakllantirish uchun turli vaziyatlarda rol o‘yinlari va psixodrama
mashg‘ulotlari tashkil etish tavsiya qilinadi. Bu orqali bolalar boshqalar nuqtai nazarini
his qilishni o‘rganadilar.

• Ertak terapiyasi va sezgi asosidagi o‘yinlar: imkoniyati cheklangan bolalar
bilan hamdo‘stlikni rivojlantirish, ularning hissiy holatini tushunish va ijtimoiy
integratsiyasini ta’minlash maqsadida ertaklar, dramatik o‘yinlar va sezgi
mashg‘ulotlaridan foydalanish mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ertaklar orqali
ijtimoiy rollarni o‘rganish bolalarda empatiya va muloqot ko‘nikmalarini oshiradi.

• Brayl alifbosi va eshitish moslamalari: imkoniyati cheklangan bolalarni
qo‘llab-quvvatlash va hissiy tajriba berish uchun Brayl alifbosi, eshitish
texnologiyalari va boshqa moslamalar pedagogik jarayonga joriy etilishi lozim. Bu
usullar bolalarning o‘zaro integratsiyasini rag‘batlantirib, ularning ijtimoiy qabul
qilinishiga hissa qo‘shadi.

3. Ota-onalar va pedagoglarning malakali ishtiroki. Tolerantlik va inklyuziv
ta’limning samaradorligi ota-onalar va pedagoglarning faol ishtiroki bilan uzviy
bog‘liqdir. Muhim yo‘nalishlar quyidagilar:

• Maxsus pedagoglar uchun malaka oshirish kurslari va treninglar:
pedagoglar va mutaxassislar uchun inklyuziv ta’lim, psixologik yordam va
kommunikatsiya metodikalarini o‘z ichiga olgan kurslar tashkil etish tavsiya qilinadi.
Bu orqali pedagoglar zamonaviy metodlarni qo‘llashga tayyor bo‘ladilar.

• Ota-onalarni inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb qilish: ota-onalar bilan
seminarlar, uchrashuvlar va interaktiv mashg‘ulotlar orqali bag‘rikenglik, hamkorlik
va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini rivojlantirish mumkin. Bu nafaqat
bolalarning ijtimoiy rivojlanishiga, balki oilaviy muhitning barqarorligiga ham ijobiy
ta’sir ko‘rsatadi.

• Psixologik qo‘llab-quvvatlash: bolalar va ota-onalar uchun psixologlar
tomonidan ijtimoiy va emotsional qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish orqali inklyuziv
muhit mustahkamlanadi. Shu bilan birga bu usul tushkunlikni kamaytirish va o‘zaro
hurmatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu metodika amaliyotga tatbiq etilganda media vositalari va pedagogik
interaktiv metodlar orqali tolerantlik madaniyati shakllanadi. Bu esa inklyuziv ta’lim
jarayonining samaradorligini oshirish, bolalarning hissiy va ijtimoiy rivojlanishini
rag‘batlantirish hamda barqaror ijtimoiy muhit yaratishga imkon beradi. Bundan
tashqari ota-onalar, pedagoglar va jamoatchilikning faol ishtiroki orqali jamiyatda
hamjihatlik, bag‘rikenglik va empatiya qadriyatlari mustahkamlanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inklyuziv ta’limda tolerantlikni shakllantirish
jarayonida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosdir. Media vositalari jamiyat
ongiga eng tez ta’sir ko‘rsatuvchi mexanizmlardan biri hisoblanadi. Televidenie, radio,
matbuot va ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali bag‘rikenglik g‘oyalari, inklyuziv
ta’limdagi ijobiy tajribalar va muvaffaqiyat tarixlari keng yoritilishi jamiyatda ijtimoiy
mas’uliyat, hamdardlik va teng huquqlilik g‘oyalarini mustahkamlaydi. OAV orqali
tarqatiladigan roliklar, maqolalar, intervyular va maxsus ko‘rsatuvlar nafaqat bilim
berish jarayoniga, balki butun jamiyatda ijobiy munosabatni shakllantirishga xizmat
qiladi. Shu tariqa OAV va ta’lim tizimi o‘rtasidagi uzviy hamkorlik orqali tolerantlik
darajasi oshiriladi, inklyuziv muhit rivojlanadi va barqaror jamiyat qurilishi uchun
mustahkam zamin yaratiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
Qonunchilik manbalari:

1. O‘zbekiston Respublikasi. (2020). “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun (O‘RQ–637-
son, 23.09.2020). Toshkent.

2. O‘zbekiston Respublikasi. (2021). “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning
huquqlari to‘g‘risida”gi qonun (O‘RQ–719-son, 15.06.2021). Toshkent.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. (2021). Inklyuziv ta’lim
tizimini rivojlantirish konsepsiyasi. Toshkent.

Milliy manbalar:
1. Shermatova, M. (2021). O‘zbekistonda inklyuziv ta’limning huquqiy asoslari
va rivojlanish istiqbollari. Pedagogika va psixologiya jurnali, №4, 45–52-betlar.
2. Abdullaev, A. (2022). Tolerantlik va ma’naviyat: ta’lim tizimidagi
innovatsion yondashuvlar. Toshkent: O‘qituvchi nashriyoti.
3. Tohtaeva, N. (2020). Inklyuziv ta’lim jarayonida pedagoglarning
tayyorgarligi va malaka oshirish masalalari. Ijtimoiy fanlar jurnali, №2, 67–74-betlar.

Xalqaro manbalar:
1. UNESCO. (2020). Global Education Monitoring Report 2020: Inclusion and
education – All means all. Paris: UNESCO Publishing.
2. World Health Organization (WHO). (2022). Global report on health equity
for persons with disabilities. Geneva: WHO Press.
3. United Nations. (1995). Declaration of Principles on Tolerance. General
Conference of UNESCO, Paris.