ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Turk rasmiy muloqotida intervyu janrining o‘rganilishidagi yondashuvlar

Annazarova Tamilla Dilshod qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TURK RASMIY MULOQOTIDA INTERVYU JANRINING
OʻRGANILISHIDAGI YONDASHUVLAR

https://zenodo.org/records/17731726

Tamilla Annazarova,
Oriental universiteti Tillar-2 kafedrasi

turk tili oʻqituvchisi

Annotasiya: Maqolada intervyu janrining rasmiy muloqotdagi oʻrni va
funksional xususiyatlari turli fanlar nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Intervyu
institutsional diskurs turi sifatida baholangan hamda uning kommunikativ-struktur
jihatlari, savol-javob formati, rasmiylik darajasi va nutqiy strategiyalari oʻrganilgan.
Turk tilshunosligi doirasida olib borilgan tadqiqotlar asosida rasmiy kontekstdagi
intervyularning lingvopragmatik xususiyatlari aniqlangan. Mavjud tadqiqotlarda
metodologik aniqlik, intervyu turlarining belgilanishi hamda tahlil usullarining izchil
yoritilmagani aniqlangan. Intervyuning rasmiy muloqotdagi janr va kommunikativ
birlik sifatidagi roli ochib berilgan.

Kalit soʻz: rasmiy muloqot, intervyu, diskurs, kommunikativ diskurs,
kommunikativ tahlil, rasmiy kontekst.

Abstract: The article examines the role and functional features of the interview
genre within formal communication across various disciplinary perspectives. The
interview is considered an institutional discourse type, with focus on its
communicative-structural aspects, question–answer formats, degree of formality, and
speech strategies. Based on studies in Turkish linguistics, the pragmatic characteristics
of interviews in formal contexts are analyzed. A lack of methodological clarity,
typological classification of interviews, and analytical procedures in existing research
is identified. The interviewʼs function as a genre and communicative unit in official
discourse is outlined, highlighting its significance for further linguistic and
interdisciplinary studies.

Keywords: formal communication, interview, discourse, communicative
discourse, communicative analysis, formal context.

Intervyu tushunchasi turli sohalar nuqtai nazaridan farqli taʼriflarga ega:
sotsiologik, sotsiolingvistik, antropologik, jurnalistik va boshqalar. Oʻzbek milliy
ensiklopediyasida mazkur tushuncha quyidagicha taʼriflanadi: intervyu (ing. Interview
— uchrashuv) — publisistika janri boʻlib, jurnalistning bir yoki bir necha shaxs bilan
dolzarb masalalar yuzasidan suhbati. U ikki turga boʻlinadi: 1. Xabar — asosan,
axborot yetkazish maqsadida oʻtkaziladi; 2. Tahlilda — muhim voqea, hodisa va
hujjatlar sharhda beriladi. Mazkur ishimizda shu taʼrifga asoslanamiz.

Intervyu va uning turlari haqida soʻz borgach, ushbu muloqot shaklining rasmiy
muloqot tizimidagi oʻrni va ahamiyati haqida ham toʻxtalish lozim. Rasmiy muloqot
kitobiy uslublar qatoriga kirib, ogʻzaki nutq shaklida boʻlishi bilan birga, yozma nutq
shaklida ham aks etiladi. Rasmiy muloqot majlislar, tantanali yigʻilishlardagi

chiqishlar, qabul marosimlari, davlat va jamoat arboblarining maʼruzalari,
uchrashuvlar, intervyular va hokazolarni oʻz ichiga oladi. Rasmiy muloqot insonlararo
munosabatlarning nihoyatda muhim va mutlaqo rasmiy sohalariga xizmat qiladi: davlat
hokimiyati va aholi oʻrtasidagi, davlatlar oʻrtasidagi, korxonalar, tashkilotlar,
muassasalar oʻrtasidagi, shaxs va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar.1

Ayni paytda, rasmiy muloqotda mazmunning nihoyatda muhimligini inobatga
olgan holda, bir tomondan, har qanday noaniqlik, turlicha talqin qilinish imkoniyatini
istisno qilishi lozim. Boshqa tomondan esa, rasmiy muloqotga mavzular doirasining
nisbatan cheklanganligi xos. Rasmiy muloqotning shu ikki xususiyati unda anʼanaviy,
barqaror til vositalarining mustahkamlanishiga va nutq qurilishining maʼlum shakl
hamda uslublarini ishlab chiqilishiga olib kelgan. Boshqacha aytganda, rasmiy
muloqot quyidagilar bilan tavsiflanadi: nutqning yuqori darajadagi tartibga
solinganligi (ifoda vositalari va ularni qurish usullarining belgilangan zaxirasi
mavjud), rasmiylik (bayonning qatʼiyligi; soʻzlar odatda oʻzining toʻgʻridan-toʻgʻri
maʼnosida qoʻllaniladi, obrazlilik deyarli yoʻq, badiiy til vositalari juda kam hollarda
ishlatiladi) va shaxsiylikdan xoli boʻlish (rasmiy nutq aniq shaxsiylik va
individuallikdan qochadi).

Intervyu tushunchasining oʻrganilganlik darajasini tadqiq qilish jarayonida uning
quyidagi sohalarda tahlil qilinganligining guvohi boʻldik.

Tilshunoslik sohasida intervyu diskursiv va kommunikativ tahlil qilinib, u
institutsional diskurs turi sifatida koʻrib chiqiladi. Unda soʻzlashuv strategiyalari va
taktikasi, savol turlari, javoblarning tuzilishi, nutqiy aktlar, muloyimlik darajasi va
manipulyativ mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, intervyuer va intervyu
beruvchining soʻzlashuvdagi roli va oʻzaro munosabatlari alohida oʻrganiladi.
Pragmatik jihatdan intervyudagi implitsit maʼnolar, nutqiy maqsadlar va kontekstual
omillar tahlil etiladi. Sotsiolingvistika nuqtai nazaridan intervyu turli ijtimoiy guruhlar
nutq amaliyotini oʻrganish vositasi sifatida qaraladi. Gender, yosh, ijtimoiy maqom,
dialekt farqlari kabi omillar inobatga olinadi. Lingvostilistik va janr hususiyatlari tahlil
qilinganda intervyu ommaviy, rasmiy, ilmiy yoki siyosiy sohalardagi janr sifatida
oʻrganiladi. Jurnalistika, siyosat va boshqa sohalardagi intervyu tilining oʻziga xos
xususiyatlari tahlil qilinadi. Jurnalistika va mediakommunikatsiyalar sohasida
intervyu mediamatnning asosiy janri sifatida qaraladi. Uning tuzilishi, maqsadli
yoʻnalishi, jamoatchilik ongiga taʼsir koʻrsatish xususiyatlari va savol berish texnikasi
oʻrganiladi. Axborotli, portretli, muammoli kabi turli intervyu shakllari ajratiladi.
Sotsiologiya va madaniyatshunoslik sohasida intervyu sifatli tadqiqotlarning (chuqur
intervyu, fokus-guruhlar va h.k.) asosiy usuli sifatida faol qoʻllaniladi. U ijtimoiy
voqelik haqida empirik maʼlumot olish usuli sifatida oʻrganiladi. Psixologiya va
psixolingvistika sohasida intervyu shaxsiy xususiyatlar, motivatsiya va emotsional
holatni tahlil etishda qoʻllaniladi. Unda ishtirokchilarning ogʻzaki va noverbal xattiharakatlariga eʼtibor qaratiladi. Siyosatshunoslik sohasida intervyu taʼsir koʻrsatish
vositasi, imidj shakllantirish va manipulyativ texnologiya sifatida tahlil etiladi. Siyosiy
intervyular, ishontirish strategiyalari va siyosatchi obrazini yaratish jarayonlari

1 Narkhodjaeva, Khurshida. (2023). Characteristics of Official Communication Culture. Anglisticum. Journal of the
Association-Institute for English Language and American Studies, 13(3), 1-12. https://doi.org/10.58885/ijllis.v13i3.41nk

oʻrganiladi. Bu xususda Brinkmann, S., & Kvale, S. (2015), Seidman, I. (2019),
Junnier, F., (2024), Белановский, С. А. (2001), Петрова, Л. Е. (2023), Чеховский,
И. В. (2009), Dömbekci, H. A., & Erişen, M. M. (2022), Karahan, S., Uca, S., &
Güdük, T. (2022), Kekezoğlu, E. (2004), Polat, A. (2022), Turancı, E. (2023), Uslu,
F., & Demir, E. (2023), Асамова, У. (2023), Shamsiddinova, D. (2024), Yusupova, N.
(2023), Ибрагимова, Р. (2022), Худойназарова, Д. (2023) lar tadqiqotlarga murojaat
etish mumkin. Bu tadqiqotlarda intervyudan foydalanishning metodologik jihatlari
batafsil yoritilmagan, xususan, qaysi turdagi intervyu qoʻllanganligi — chuqur
intervyu, yarim tuzilgan yoki toʻliq tuzilgan intervyu ekanligi aniq koʻrsatilmagan;
shuningdek, respondentlarni tanlash mezonlari va tartibi hamda olingan javoblarni
tahlil qilish usullari haqida ham batafsil maʼlumot berilmagan, bu esa tadqiqotni
takrorlash va tanlangan usulning ilmiy masalalar kontekstida asoslanganligini
tushunishni sezilarli darajada qiyinlashtiradi. Shu oʻrinda aniqlashtirish joiz-ki,
tadqiqotimiz tilshunoslik sohasidagi izlanishlarga asoslanadi.

Turk tilshunosligida intervyu janri rasmiy kontekstda keng qamrovli tarzda
oʻrganilmagan boʻlsa-da, bir qator turk olimlarining ishlari ushbu masalaning
chegaralarini belgilashga yordam beradi. Ular orqali nutq amaliyoti hamda rasmiy
muloqotning kommunikativ hususiyatlari yoritiladi. Tadqiqotimizda quyidagi ishlarni
koʻrib chiqamiz.

Özge Demirelning “A Research On The Differences Between Business
Negotiation Styles Of Turkish And American Managers” (manba: Dergipark) nomli
maqolasida intervyu biznes muloqot diskursi sifatida talqin qilingan. Unda Turkiya va
AQSH rasmiy doira vakillari oʻrtasidagi muzokaralar uslublaridagi oʻziga xosliklar
tahlil qilingan. Muallif intervyuni empirik tadqiqot usuli sifatida qoʻllaydi, bu esa
biznes muhitida ishlatiladigan rasmiy kommunikativ modellarning tahlilini amalga
oshirish imkonini beradi. Muzokaralarda ishtirok etganlar bilan oʻtkazilgan intervyular
orqali dalillarni keltirish, uslubiy ifoda vositalari va diskursdagi biznes muloqot doirasi
darajasidagi farqlar aniqlanadi.1

Didar Akarning “The macro contextual factors shaping business discourse: The
Turkish case” nomli tadqiqoti Turkiyada rasmiy diskurs shakllanishiga taʼsir etuvchi
madaniy va institutsional omillarni yoritadi. Intervyu janri tadqiqotning markazida
turmasa-da, ushbu ish formal kommunikasiya janrlarini, jumladan intervyuni, tahlil
qilish uchun muhim nazariy asos boʻlib xizmat qiladi.2

Çağan Günning “An analysis on the daytime woman talk shows in Turkey” nomli
magistrlik dissertasiyasi (manba: METU ochiq kutubxonasi) Turkiyadagi kunduzgi
ayollar tok-shoulari doirasida olib borilgan intervyularni oʻrganadi. Tok-shou
koʻngilochar koʻrsatuv namunasi boʻlsa ham muallif intervyuning tuzilmasi, rollarning
taqsimlanishi va leksik-grammatik xususiyatlarini tahlil qiladi. Tadqiqotda
intervyuning struktur tuzilmaviy jihati nutqiy akt nuqtai nazaridan tahlil qilingan.3

1 Demiral, Ö. (2018). A Research On The Differences Between Business Negotiation Styles Of Turkish And American
Managers. Ege Akademik Bakış Dergisi, 18(2), 199–212. https://dergipark.org.tr/en/pub/eab/article/499119
2 Akar, D. (2002). The macro contextual factors shaping business discourse: The Turkish case. ResearchGate.
https://doi.org/10.13140/RG.2.1.3236.4643
3 Gün, Ç. (2006). An analysis on the daytime woman talk shows in Turkey (Magistrlik dissertatsiyasi). Middle East
Technical University, Graduate School of Social Sciences. https://open.metu.edu.tr/handle/11511/16588

Emre Seyrekning “Türkiyeʼde İşe Gömülmüşlük Üzerine Yapılan Araştırmaların
İçerik Analizi” nomli maqolasi ishchilarning ishga boʻlgan qiziqishi va ishtirokini
oʻrganishga bagʻishlangan boʻlib, unda intervyu va soʻrovnoma asosiy empirik usullar
sifatida qoʻllaniladi. Mazkur ishda muallif intervyuning janr xususiyatlariga alohida
eʼtibor qaratmaydi, biroq intervyu jarayonida yuzaga kelgan dialoglar va nutq
strategiyalari rasmiy diskursni pragmalingvistik va diskursiv tahlil qilish uchun foydali
manba deb qaraydi.1

Intervyu fanlar tarkibidagi umumiy bir hodisa sifatida oʻrganilib, diskursning
yuqorida taʼkidlangan ikki jihati nuqtai nazaridan, kommunikativ yondashuv doirasida
oʻrganilgan boʻlsa-da, ular media intervyular, biznes muloqot intervyulari mavzulari
doirasidadir. Koʻrilgan turk tadqiqotchilarining ishlari yoki rasmiy shaxslar (masalan,
mansabdor shaxslar, rasmiy ekspertlar) bilan oʻtkazilgan haqiqiy intervyularni tahlil
qilishga qaratilmagan, yoki intervyu faqat maʼlumot toʻplash usuli sifatida ishlatilgan.
Yaʼni, janr sifatida, uning tuzilishi, rasmiylik darajasi, pragmatikasi, rollari, murojaat
shakllari oʻrganilmagan. Taʼkidlash joizki, intervyu ham bosma ham ogʻzaki
koʻrinishga ega boʻlib, mazkur ishimizda intervyuning ogʻzaki turi xususida fikr
yuritildi.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻilishi mumkin. Intervyuni rasmiy muloqot kontekstida
oʻrganish zarurati nima uchun dolzarb? Nima sababdan bu mavzuga murojaat qilish
ehtiyoji mavjud? Til - biror oʻquv qoʻllanma yoki bir kitob koʻrinishida mavjud emas.
U nutqiy janrlar yigʻindisi tarkibida mavjuddir. Ayrim hollarda uslub, uslubshunoslik
(stilistika) deyilishi mukin. Umuman til - nutqning bir turidir. Shu nuqtai nazardan
qaralganda, tilning bir qismi sifatida aks etuvchi rasmiy muloqotdagi intervyu
hodisasini oʻrganish turk tilini oʻqitish amaliyotini amalga oshiruvchi mutaxassislar,
turli rasmiy, biznes, ishbilarmonlik treyninglari tayyorlovchi mutaxassislariga nazariy
va amaliy asos boʻlishi mumkin. Tadqiqot natijalaridan ilmiy izlanishlar olib borishda,
ilmiy maqolalar, risola va oʻquv qoʻllanmalar ishlab chiqishda, shuningdek, boshqa
turdagi ilmiy-amaliy izlanishlarda samarali foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Shu bilan birga, axborotni qabul qilish va qayta ishlashda koʻrish kanali ahamiyati
ortdi, yozma nutqda ogʻzaki nutq taʼsiri ostida verbal va noverbal komponentlar
funksiyalarining qayta taqsimlanishi yuz berdi. Shunday qilib, ayni haqiqatning oʻzi
kommunikasiyaning noverbal komponentini tadqiq qilishga undamoqda, u esa yangi
ilmiy paradigmalar doirasida oʻrganilayotgan markaziy obyektlardan biriga
aylanmoqda.

Yuqorida tahlil qilingan manbalar shuni koʻrsatadiki, rasmiy diskursda intervyu
janriga oid maxsus tadqiqotlar hozircha yetarli emas. Bu janr turli ilmiy ishlarda
bilvosita yoki yordamchi komponent sifatida oʻz aksini topgan. Ushbu intervyular
maʼlumot toʻplash usuli sifatida; rasmiy muloqot vositasi sifatida; televizion hamda
korporativ diskurs elementlari sifatida qoʻllaniladi. Tahlillar turk tilida intervyu
janrining lingvopragmatik tahlili uchun dastlabki qoʻzgʻalish nuqtasi vazifasini oʻtadi.
Kelgusida intervyularni paralingvistik va kommunikativ xususiyatlari asosida
chuqurroq oʻrganish istiqbollari mavjud.

1 Seyrek, E. (2023). Türkiye’de İşe Gömülmüşlük Üzerine Yapılan Araştırmaların İçerik Analizi. Iğdır Üniversitesi Sosyal
Bilimler Dergisi, (31), 396–412. https://dergipark.org.tr/tr/pub/igdirsosbilder/article/1193179

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Narkhodjaeva, Khurshida. (2023). Characteristics of Official Communication
Culture. Anglisticum. Journal of the Association-Institute for English Language and
American Studies, 13(3), 1-12. https://doi.org/10.58885/ijllis.v13i3.41nk
2. Demiral, Ö. (2018). A Research On The Differences Between Business
Negotiation Styles Of Turkish And American Managers. Ege Akademik Bakış Dergisi,
18(2), 199–212. https://dergipark.org.tr/en/pub/eab/article/499119
3. Akar, D. (2002). The macro contextual factors shaping business discourse:
The Turkish case. ResearchGate. https://doi.org/10.13140/RG.2.1.3236.4643
4. Gün, Ç. (2006). An analysis on the daytime woman talk shows in Turkey
(Magistrlik dissertatsiyasi). Middle East Technical University, Graduate School of
Social Sciences. https://open.metu.edu.tr/handle/11511/16588
5. Seyrek, E. (2023). Türkiyeʼde İşe Gömülmüşlük Üzerine Yapılan
Araştırmaların İçerik Analizi. Iğdır Üniversitesi Sosyal Bilimler Dergisi, (31), 396–
412. https://dergipark.org.tr/tr/pub/igdirsosbilder/article/1193179