ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Badiiy asar poetikasida obraz tushunchasi evolyutsiyasi va nazariy asoslari

Suyunova Maftuna Do‘sqobil qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

BADIIY ASAR POETIKASIDA OBRAZ TUSHUNCHASI EVOLYUTSIYASI
VA NAZARIY ASOSLARI

https://zenodo.org/records/17732185

Suyunova Maftuna Doʻsqobil qizi,
Oriental universiteti katta oʻqituvchisi

Annotatsiya. Ushbu maqolada badiiy asar poetikasida obraz tushunchasining
tarixiy-evolyutsion rivoji va nazariy asoslari tahlil qilinadi. Aristotelning “mimesis”
konsepsiyasidan boshlab, Gegelning gʻoya va shakl uygʻunligi haqidagi estetik
qarashlari, Belinskiyning obrazni “jonli ifoda” sifatida talqin qilishi, XX asr
strukturalizm va semiotika oqimlari (Sossyur, Bart, Lotman) hamda poststrukturalizm
(Derrida) yondashuvlari qiyosiy oʻrganiladi. Obrazning falsafiy, estetik, semiotik va
diskursiv talqinlari orqali uning sanʼatdagi markaziy kategoriyalardan biri sifatidagi
ahamiyati ochib beriladi. Maqola badiiy obrazni faqat voqelikni aks ettiruvchi nusxa
emas, balki maʼno yaratuvchi, madaniyat xotirasini saqlovchi va oʻquvchi bilan
muloqotda shakllanadigan dinamik konstruktsiya sifatida koʻrsatadi.

Kalit soʻzlar: Badiiy obraz, poetika, mimesis, estetika, semiotika, strukturalizm,
intertekstualizm, poststrukturalizm, madaniy kod, dekonstruksiya.

Abstract. This article examines the historical-evolutionary development and
theoretical foundations of the concept of the artistic image in poetics. Beginning with
Aristotleʼs concept of mimesis, it considers Hegelʼs views on the unity of idea and
form, Belinskyʼs interpretation of the image as a “living expression,” and proceeds to
the 20th-century currents of structuralism and semiotics (Saussure, Barthes, Lotman)
as well as poststructuralist approaches (Derrida). The philosophical, aesthetic,
semiotic, and discursive interpretations of the image are analyzed to highlight its
central role as one of the key categories in art. The article argues that the artistic image
is not merely a reflection of reality but rather a meaning-generating construction that
preserves cultural memory and dynamically takes shape in the interaction between text
and reader.

Keywords: Artistic image, poetics, mimesis, aesthetics, semiotics, structuralism,
intertextuality, poststructuralism, cultural code, deconstruction.

Kirish. Adabiyotshunoslikda obraz tushunchasi asosiy ilmiy kategoriyalardan
biri hisoblanadi. Badiiy adabiyotning mohiyati va badiiy asarning estetik qimmatini
aniqlashda obraz nima ekanini tushunish juda muhim. Obraz badiiy ijodning asosiy
tarkibiy qismi, mavjudlikning subyektiv idrok etilishi va uning badiiy ifodasidir. Obraz
badiiy asarda muallifning hayot hodisalari, shaxslar, voqealar va gʻoyalarni sanʼat
qonuniyatlari asosida qayta ishlab, badiiy shaklda ifoda etishida namoyon
boʻladi. Obraz reallikning oddiy nusxasi emas, balki yozuvchining estetik tanlovi,
ideallari va dunyoqarashi orqali shakllangan badiiy umumlashmadir.

Obraz tushunchasining ildizlari qadim davrlarga borib taqaladi. Yunon faylasufi
Aristotelning “Poetika” asari badiiy obrazning falsafiy va estetik mohiyatini

tushuntirgan ilk manbalardan biri hisoblanadi. Aristotel bu asarida obrazni nafaqat
sanʼatning asosiy elementi, balki inson tajribasini tushunish va tizimlashtirishning
muhim vositasi sifatida koʻrib chiqadi va badiiy obrazni “mimesis” – tabiat va
hayotning taqlidi, lekin uning ideal mohiyatini ochib beradigan taqlid sifatida
tushuntiradi1. Aristotel obrazni narsaning ajralmas qismi sifatida koʻrgan.
“Adabiyotda xarakter darajasiga koʻtarila oladigan yagona obraz bu inson obrazi
sanaladi. Hamma obrazlar ham xarakter boʻla olmaydi. Xarakter asosan oʻzida toʻrt
maqsadni ifodalaydi: qahramonning oliyjanob boʻlishi, xarakterning mardonavorligi
(asosan erkaklarga xos), xarakterning ishonchli yaʼni hayotiy boʻlishi va ularning
izchilligi”2. Aynan obraz narsa nima ekanligini belgilaydi va uning mukammalligini
taʼminlaydi; u shunchaki voqelikning oddiy aks etishi emas. Aristotel taʼlimotiga
koʻra, “Voqelik badiiy obraning asosi, yaʼni ilk obrazidir. Badiiy asar esa, u yoki bu
obrazni joʻngina, toʻppa-toʻgʻri aks ettirishni maqsad qilib qoʻymaydi. Badiiy asar
bizni hamisha badiiy obrazni uning asosi bilan taqqoslashga majbur etishi kerak”3.
Demak, badiiy obraz real dunyoning oddiy nusxasi emas, balki uning mohiyatini
ifodalovchi ideal shaklidir. Aristotelning obraz haqidagi qarashlari keyingi davrlarning
adabiy-estetik tafakkuriga chuqur taʼsir koʻrsatdi va hozirgi kunda ham oʻzining
dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.

Gʻarbiy Yevropa estetik tafakkurida obraz haqidagi qarashlarning rivojlanishiga
G.V.F. Gegelning “Estetika” asari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Gegel uchun badiiy
obraz – bu ideya bilan uning material koʻrinishi oʻrtasidagi toʻliq moslik, gʻoyaning
oʻzini moddiy shaklda ifodalashi edi4. Gegel obrazni shunchaki koʻrinish yoki nusxa
sifatida emas, balki mazmun (gʻoya) va shaklning birligi sifatida talqin qiladi.
Uningcha, sanʼatdagi goʻzallik — bu gʻoyaning badiiy obraz orqali mukammal
ifodalanishi”5dir. Gegelning obraz haqidagi estetik qarashlari Yevropa va jahon
adabiyoti nazariy qarashlari rivojiga salmoqli ulush qoʻshdi. Rus adabiyotshunosligida
V.G.Belinskiy obrazning falsafiy-estetik mohiyatini chuqur oʻrgandi. U obrazni
“mavhum fikrning jonli va toʻla ifodasi” deb taʼriflab, uning konkretlik va tipiklik
xususiyatlarini alohida taʼkidladi. Belinskiy yozgan edi: Sheʼriyat, yoki badiiy
adabiyot, ilmiy va mantiqiy emas, balki obrazli fikrlashdir... Rassom obrazlar orqali
fikrlaydi; u haqiqatni mavhumlik sifatida emas, balki jonli individual holatlarning jonli
sintezi sifatida koʻradi va koʻrsatadi6”. V.Belinskiy adabiyotning ilmdan farqini toʻgʻri
taʼkidladi. Ilm aniq tushunchalar, gipotezalar va mantiqiy xulosalar yordamida
ishlaydi, adabiyot esa haqiqatni jonli, konkret obrazlar va hayotiylik holatlari orqali
ifodalaydi.

XX asr Yevropa adabiyotshunosligida strukturalizm (F. de Sossyur, K. Levi-
Stross, R. Yakobson) va keyinchalik semiotik (R. Bart, Y. Lotman, U. Eco) qarashlar

1 Аристотель. Поэтика.- Тошкент, Адабиёт ва санъат, 1980. – Б.18.
2 Arastu. Poetika. Axloqi Kabir. Ritorika. Tarjimonlar: Ummat To‘ychiyev, Mahkam Maxmud. – Toshkent: O‘zbekiston
milliy ensiklopediyasi, 2018. – B.43.
3 “Поэтика” рисоласи ҳақида / Аристотель. Поэтика. –Тошкент, Адабиёт ва санъат, 1980. –Б.103.
4 Hegel G.V.F. Lectures on Aesthetics. Printed in Great Britain by Antony Rowe Lid, Chippenham. Clarendon press.
Oxford. Reprinted 1988. – P.225.
5 Hegel G.V.F. Aesthetics. The Work of Art as a Product of Human Activity. ©Oxford University Press 1975. –P.25.
6 Белинский В.Г. Взгляд на русскую литературу 1847 года // Полное собрание сочинений: Т. 10. – М.: Издво АН СССР, 1956. – С.307–308.

rivoji badiiy obrazni “aks ettirish” doirasidan chiqarib, uni belgi va tizim sifatida
oʻrganishga yoʻnaltirdi. Mashur tilshunos Ferdinand de Sossyur qarashlari asosida,
R.Bart badiiy obrazni murakkab semiotik tizim, yaʼni maʼnoni yetkazib beruvchi
belgilar majmui sifatida koʻrdi. Uning fikricha, obraz faqatgina real dunyoning nusxasi
emas, balki maʼnoni shakllantiruvchi madaniy konstruktsiya hamdir. R.Bart
taʼkidlaganidek, adabiy obraz reallikning taqlidi emas, balki oʻz realligini yaratuvchi
tizimdir1”. F.Sossyur tilni belgilar tizimi sifatida talqin qilgan boʻlsa, R.Bart shu
konsepsiyani adabiyotga tadbiq qilib, badiiy obrazni maʼnoni uzatuvchi kodlar,
belgilar majmui sifatida talqin qildi. R. Bart uchun obraz “madaniy konstruktsiya”
boʻlib u voqelikni shunchaki badiiy tarzda yaratmaydi, balki uni yangi belgilar
asosida qayta quradi. R. Bart qarashlari asarni qabul qilish jarayonida oʻquvchi rolini
kuchaytiradi. Obraz endi yozuvchi badiiy niyati bilan cheklanmay, madaniy
konteksda yashaydigan belgilar tizimiga aylandi. Obraz shunchaki aks ettiruvchi
nusxa emas, balki maʼno yaratuvchi madaniy belgidir. Bu qarashlar intertekstual va
diskursiv yondashuvlarga zamin yaratadi. Ammo bu nazariy yondashuvda real voqelik
va badiiy obraz oʻrtasidagi referensial bogʻlanish ( obraz bilan u koʻrsatgan voqelik
oʻrtasidagi munosabat) susayadi, bu esa obrazning ijtimoiy-estetik jihatlarini chetlab
oʻtish xavfini tugʻdiradi. Moskva semiotika maktabi yetakchisi Yuriy Lotman ham
obrazni madaniy kod va semiotik makon sifatida talqin qildi. Uning nazariyasiga koʻra,
badiiy asar turli tillar (madaniy kodlar) oʻrtasidagi chegarada mavjud boʻlib, obraz shu
chegaraviy hodisaning mahsulidir. Y.Lotman yozgan edi: “Shartli belgi tasviriy
belgiga funksional jihatdan tenglashtirilishi adabiyot uchun qiziqarli oqibatlarga olib
keladi. Tabiiy til materiali shartli boʻlishiga qaramay, butun jamiyat uchun shu qadar
tushunarli boʻlganki, uning shartliligi boshqa, ixtisoslashgan tillar fonida sezilmay
qoladi. Shu jarayonda ikkilamchi tasviriy belgi yuzaga keladi (anʼanaviy
adabiyotshunoslikdagi “obraz” tushunchasiga mos keladi)”2. Y. Lotman fikricha obraz
oddiy soʻzdan farq qiladi. Soʻz shunchaki shartli belgi – yaʼni biz kelishib olgan
narsaning nomidir. Masalan, “daraxt” deganda hamma daraxtni tasavvur qiladi, lekin
soʻzning oʻzi daraxtga oʻxshamaydi. Obraz esa soʻzning badiiy shaklda ishlatilishi
orqali tasvirga aylanadi. Oʻquvchi uni oʻqiganda, xuddi koʻz oldida oʻsha tushuncha
jonlanayotgandek boʻladi. Shu sababli obraz koʻproq haqiqatga yaqin tuyuladi.
Y.Lotmanning fikricha, Obraz ikki tomonlama tabiatga ega. Bir tomondan, u syujet
voqealarida ishtirok etadigan qahramon yoki predmet boʻilsa, kkinchi tomondan, u
madaniyat xotirasidagi kodlarni faollashtiruvchi belgidir. Masalan, Alpomish obrazi
oʻzbek madaniy semiosferasida qahramonlik, sadoqat, milliy xotirani anglatadi, ammo
boshqa madaniyatlarda u ekzotik qahramon sifatida qabul qilinishi mumkin. Shu
sababli, Lotman obrazni tahlil qilayotganda uni faqat qahramon sifatida emas, balki
madaniy belgilar tizimidagi tugun sifatida koʻradi. Lotmanning obraz haqidagi
yondashuvi adabiyotshunoslikka yangilik kiritdi. Obrazni madaniyat xotirasi va
semiotik tizimlar bilan bogʻlash orqali uning funksional va tarixiy jihatlarini chuqur
ochdi. Bu yondashuv orqali adabiyot jamiyat xotirasining faol mexanizmi sifatida

1 Barthes R. Rhetoric of the Image. In: Image, Music, Text. – London, Fontana Press. 1975. –P.32-51.
https://monoskop.org/images/0/0a/Barthes_Roland_Image-Music-Text.pdf
2 Lotman J. The structure of the artistic text. English translation copyright by the University of Michigan. 1977. – P.55-
56.

talqin qilinadi. Lotmandan keyin poststrukturalizm va dekonstruksiya oqimlari
doirasida fransuz olimi Jak Derrida obrazni barqaror maʼnoga ega belgidan koʻra
oʻyin holatidagi belgi sifatida tushuntirdi. Uning fikricha, matndagi obrazlar hech
qachon yakuniy, qatʼiy maʼnoga ega emas – ular boshqa belgilar bilan cheksiz oʻzaro
aloqada boʻladi. Derrida oʻzining mashhur “Structure, Sign, and Play in the
Discourse of the Human Sciences” traktatida shunday yozadi: “Barqaror, yagona
mazmun yoki “transsendental belgilanuvchi” hech qachon belgilar tizimidan
tashqarida mavjud emas, maʼno doimiy ravishda boshqa belgilar bilan farq va
munosabatlar orqali shakllanadi va bu jarayon hech qachon tugamaydi”1 (“... the
central signified, the original or transcendental signified, is never absolutely present
outside a system of differences. The absence of the transcendental signified extends the
domain and the interplay of signification ad infinitum”). Bu qarash obrazni muallif
tomonidan bir marta yaratilgan va yakuniy haqiqatni aks ettiruvchi birlik sifatida emas,
balki til ichidagi belgilar oʻyini sifatida tushuntiradi. Obraz hech qachon bitta qatʼiy
maʼnoga ega emas, balki boshqa obrazlar, ramzlar va belgilar bilan uzluksiz aloqada
boʻlib, oʻz mazmunini doimiy ravishda yangilab turadi. Shu sababli, badiiy obraz har
doim ochiq, koʻp qatlamli va dinamik konstruktsiya boʻlib qoladi va maʼnolar
oʻyini orqali oʻz haqiqatini yaratadi. Derridaning ushbu nazariyasi obrazni klassik
estetik qarashlardagi kabi barqaror, tayyor mazmun sifatida emas, balki cheksiz
semantik almashinuv jarayonidagi hodisa sifatida tushunishga yoʻl ochdi. Bu bilan u
poststrukturalistik yondashuvda obrazni doimiy harakatdagi, yakuniy maʼnoga ega
boʻlmagan, lekin oʻquvchi va matn oʻrtasida yangi talqinlarni tugʻdiruvchi tizimiy
oʻyin elementi deb taʼriflaydi.

Xulosa. Obraz tushunchasi adabiyotshunoslikda turli davrlarda turlicha
izohlangan boʻlsa-da, uning badiiy asardagi markaziy roli doimo saqlanib qolgan.
Aristotel mimesisidan boshlangan jarayon Gegelning gʻoya va shakl nazariyasiga,
Belinskiyning tipiklik konsepsiyasiga, Bart va Lotmanning semiotik yondashuviga
hamda Derridaning dekonstruktiv qarashlariga qadar uzluksiz rivojlanib keldi.
Bugungi kunda obrazni faqat voqelik aks ettiruvchisi sifatida emas, balki madaniy
xotira, maʼno yaratuvchi tizim va oʻquvchi bilan muloqotda shakllanadigan dinamik
birlik sifatida talqin qilish dolzarbdir.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. “Поэтика” рисоласи ҳақида / Аристотель. Поэтика. –Тошкент, Адабиёт ва санъат,
1980. –Б.103.

2. Arastu. Poetika. Axloqi Kabir. Ritorika. Tarjimonlar: Ummat Toʻychiyev, Mahkam
Maxmud. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2018. – B.43.

3. Barthes R. Rhetoric of the Image. In: Image, Music, Text. – London, Fontana Press. 1975. –
P.32-51. https://monoskop.org/images/0/0a/Barthes_Roland_Image-Music-Text.pdf

4. Derrida Jacques. Structure, Sign and Play in the Discourse of the Human Sciences in Writing
and Difference, trans. Alan Bass London: Routledge, 2006. – P. 351-370.
//https://eve.gd/derrida/1966-StructureSignAndPlay.pdf

5. Hegel G.V.F. Aesthetics. The Work of Art as a Product of Human Activity. ©Oxford
University Press 1975. –P.25.

1 Derrida Jacques. Structure, Sign and Play in the Discourse of the Human Sciences in Writing and Difference, trans.
Alan Bass London: Routledge, 2006. – P. 351-370. //https://eve.gd/derrida/1966-StructureSignAndPlay.pdf