ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: diplomatik hamkorlik tarixidan

Rustamboyev Islomjon Doniyor o‘g‘li

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

OʻZBEKISTON–SAUDIYA ARABISTONI: DIPLOMATIK HAMKORLIK
TARIXIDAN

https://zenodo.org/records/17732339

Rustamboyev Islomjon Doniyor oʻgʻli,
Oriental universiteti katta oʻqituvchisi

islomjonrustamboyev@gmail.com
ORCID: 0009-0005-5400-1038

Annotatsiya. Ushbu maqola Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi
diplomatik aloqalarning shakllanishi, 1992-yildagi rasmiy tashrif va uning tarixiysiyosiy ahamiyatini yoritadi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Saud al
Faysal boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi ikki davlat oʻrtasida diplomatik, diniy
va madaniy hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilgan. Maqolada oʻzaro
ishonch, islomiy qardoshlik va strategik sheriklik tamoyillari asosida shakllangan
aloqalar tahlil qilinadi.

Kalit soʻzlar: Oʻzbekiston, Saudiya Arabistoni, diplomatik munosabatlar, islom
qardoshligi, tashqi siyosat, Saud al Faysal, rasmiy tashrif, diniy hamkorlik, madaniy
aloqalar.

Abstract. This article explores the formation of diplomatic relations between
Uzbekistan and Saudi Arabia, focusing on the politically significant 1992 visit. Led by
Prince Saud Al-Faisal, the Saudi delegation helped strengthen bilateral ties based on
Islamic brotherhood, mutual respect, and strategic partnership. The analysis highlights
how religious, diplomatic, and cultural cooperation emerged as key foundations of this
historic relationship.

Keywords: Uzbekistan, Saudi Arabia, diplomatic relations, Islamic brotherhood,
foreign policy, Saud Al-Faisal, official visit, religious cooperation, cultural ties.

1991-yilda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, yangi siyosiy
yoʻnalishda xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish, ayniqsa, musulmon dunyosi bilan
munosabatlarni mustahkamlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ana shu jarayonda
Saudiya Arabistoni bilan oʻrnatilgan diplomatik munosabatlar va ikki tomonlama
aloqalar milliy tariximizda muhim voqea boʻlib qoldi.

Sobiq sovet imperiyasi parchalanganidan keyin, aksariyat arab mamlakatlari kabi,
Saudiya Arabistoni ham Oʻzbekistonning davlat mustaqilligini birinchilar qatorida
1991-yilning dekabrida rasman eʼtirof etdi va oʻzaro diplomatik munosabatlar
oʻrnatish istagini bildirdi[1. 115B]. Ikki xalq oʻrtasidagi tarixiy aloqalar va mushtarak
qadriyatlar birligi hamkorlikning boshlash uchun zamin yaratib berdi.

Shuningdek, mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimizni: dunyoning oʻttiz
mamlakati Oʻzbekiston Respublikasini tanidi, tan oldi. Turkiya, Amerika Qoʻshma
Shtatlari, Kanada, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston,
Hindiston, Xitoy singari yirik davlatlar ana shular jumla sidandir. Bu ishonch ruhimizni
koʻtardi, kelajakka yoʻlimizni ochib berdi [2. 289B]. Oʻzbekiston respublikasi

209

mustaqillikning ilk onlaridanoq dunyoning yetakchi davlatlari qatorida arab
dunyosidagi yetakchi mamlakatlar ham yurtimiz bilan diplomatik munosabatlar
oʻrnatib yaxshi hamkorlik aloqalar yoʻlga qoʻyishga harakat boshlashgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga Saudiya Arabistoni
qiroli Fahd ibn Abdul Aziz al Saud tomonidan yoʻllangan tabrik maktubi ikki davlat
oʻrtasidagi ilk samimiy munosabatlarning yuzaga kelganini koʻrsatadi. Maktubda
shunday soʻzlar bitilgan:

“Birodarim Islom Karimov janobi oliylariga!
Oʻzbekiston Respublikasining muhtaram Prezidentiga!
Sizga eson-omonlik, Allohning marhamati va siylovi yor boʻlgʻay! Qardosh
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganligi munosabati bilan shaxsan Sizga
va Oʻzbekiston xalqiga chin qalbdan tabrik yoʻllayotganimdan hamda musulmon
millati muammolarini hal etishning mustahkam tayanchi va barqarorlikni
taʼminlashning ajralmas qismi boʻlmish Sizning mamlakatingizga samimiy
tilaklarimni yoʻllayotganimdan gʻoyat mamnunman”[3]. Qirol, shu bilan birga,
Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Saud al Faysal al Saudning
Oʻzbekistonga tashrifi doirasida ushbu maktubni shaxsan yetkazishini ham maʼlum
qilgan.
1992-yilning fevralida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Saud al-
Faysal ibn Abdulaziz Ol Saudning Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi, Tashrif chogʻida
mamlakatlarimiz oʻrtasida elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish
toʻgʻrisida protokol imzolandi [1. 115B]. Bu voqea ikki davlat oʻrtasida rasmiy
aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi.
1992-yil 19-fevral kuni Prezident Islom Karimov Saudiya Arabistoni
delegatsiyasini qabul qildi. Suhbat davomida Prezident respublikamizdagi siyosiyiqtisodiy vaziyat, mustaqillikdan keyingi davlat siyosati va xalqaro aloqalar haqida
batafsil maʼlumot berdi. Shu bilan birga, u achinch bilan quyidagini taʼkidladi:
“hozircha Saudiya Arabistoni bilan aloqamizni koʻngildagidek deb boʻlmaydi. Buning
esa, ochiq aytish kerak, maʼlum sabablar bor: shu paytgacha sizlarni bizga nuqul
yomonlab kelishardi, oʻz navbatnda sizlarda ham biz haqimizda yolgʻon-yashiq gaplar
tarqatishgan. Bu – har ikkala davlat oʻrtasiga nizo solish uchun qilinardi, albatta.
Mana endi oramizga hech kim nifoq sololmaydi, endi Oʻzbekiston bilan Saudiya
Arabistoni oʻrtasida mustahkam birodarlik aloqalari oʻrnatiladi, deb ishonaman.
Sizning tashrifingizni ana shu jabhadagi ilk qadam deb hisoblayman, Nasib etsa, biz
ham yurtingizga borib, xalqingiz bilan, sizlarda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bilan
yaqindan tanishishga muyassar boʻlamiz” [4]. Bu soʻzlar ikki davlat oʻrtasidagi oldingi
tarixiy noaniqliklar va yolgʻon axborotlarni bartaraf etish zaruratini aks ettiradi.
Shahzoda Saud al Faysalning tashrifi juda katta siyosiy ahamiyatga ega boʻlib,
ikki tomonlama diplomatik munosabatlarning boshlanish nuqtasi boʻldi. 1992-yil 20-
fevral kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri U.
Abdurazzoqov bilan uchrashdi. Uchrashuvda muhim kelishuvlarga erishildi. Shu kuni
ikki davlat oʻrtasida oʻzaro diplomatik munosabatlar oʻrnatish, Ar-Riyod shahrida
Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasini, Toshkentda Saudiya Arabistoni elchixonasini
ochish haqidagi hujjatga qoʻl qoʻyildi.

210

Shuningdek, Saudiya Arabistoni rasmiy delegatsiyasi 20-fevral kuni Oʻrta Osiyo
musulmonlari diniy boshqarmasiga tashrif buyurdi. Boshqarma raisi, muftiy
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf mehmonlarga quyidagicha soʻz qildi:
“Oʻzbekiston mustaqil respublika deb eʼlon qilingandan keyin dinga katta eʼtibor
berilayotganligi, respublika musulmonlarining chet ellardagi birodarlari bilan aloqalari
mustahkamlanib borayotganligi toʻgʻrisida” axborot berdi [4]. Uchrashuv musulmon
dunyosidagi oʻzaro qardoshlik, maʼnaviy yaqinlik va diniy hamjihatlikni yanada
mustahkamlashga xizmat qildi.

Shahzoda Saud al Faysal al Saud nafaqat Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri,
balki jahondagi eng nufuzli diplomatlardan biri hisoblanar edi. U 1942-yilda tugʻilgan,
Prinston universitetining iqtisod fakultetini tamomlagan. Neft siyosati va xalqaro
munosabatlarda katta tajribaga ega boʻlgan. Saudiyadagi eng nufuzli siyosat
arboblaridan biri Saudiya delegatsiyasiga faqat eng muhim xalqaro va arablararo
anjumanlarda rahbarlik qiladi. Aynan uning yetakchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston
bilan diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻydi va strategik sheriklik asoslarini
mustahkamladi.

1992-yildagi Saudiya Arabistoni rasmiy delegatsiyasining tashrifi va unda
erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston tashqi siyosatining yangi davrini boshlab berdi. Bu
tashrif nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik aloqalarning, balki islomiy
qardoshlik, madaniy va maʼnaviy yaqinlikning ham ramziy ifodasi boʻldi.

“Sizlarni xorijiy mamlakatning rasmiy delegatsiyasi aʼzolari emas, balki oʻz
qardoshlarimiz va doʻstlarimiz deb hisoblayman” [4] dedi suhbat soʻngida Oʻzbekiston
respublika prezidenti Islom Karimov.

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi diplomatik aloqalarning
shakllanishi, ayniqsa 1992-yildagi shahzoda Saud al Faysal boshchiligidagi
delegatsiyaning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi, ikki davlat tarixida yangi bosqichni
boshlab berdi. Bu tashrif orqali ikki tomonlama munosabatlarning asosiy tamoyillari
oʻzaro hurmat, ishonch, diniy va madaniy yaqinlik mustahkamlandi. Tashrif davomida
erishilgan kelishuvlar nafaqat siyosiy aloqalarni rivojlantirishga, balki islomiy
qardoshlik va strategik sheriklikning mustahkam asoslarini yaratishga xizmat qildi.
Oʻzbekistonning mustaqillik davridagi ilk tashqi siyosiy qadamlaridan biri sifatida bu
voqea nafaqat tarixiy, balki hozirgi kundagi hamkorlikning ham poydevori boʻlib
qolmoqda. Shu bois, Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari mintaqaviy
barqarorlik va islom ummatidagi birlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
1. Солиҳ Иноғомов. Саудия Арабистони Подшоғлиги. Тошкент. “Фан”.
1998 йил.
2. Ислом Каримов. Ўзбекистон мустақилликка эришиш остонасида —Т.:
«Ўзбекистон», 2011.
3. Ҳалқ сўзи. 1992 йил 22 февраль. Шанба. 39-сон.
4. Ҳалқ сўзи. 1992 йил 21 февраль. жума. 38-сон.
5. A Brief History of Saudi Arabia, Second Edition Text copyright 2010, 2004 by
James Wynbrandt; foreword by Fawaz A. Gerges

211