ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

XIX–XX asrlarda islomiy ma’rifatning milliy uyg‘onish jarayonidagi roli

Sobirov Zuhriddin Najmiddin o‘g‘li

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

XIX–XX ASRLARDA ISLOMIY MAʼRIFATNING MILLIY UYGʻONISH
JARAYONIDAGI ROLI

https://zenodo.org/records/17732363

Sobirov Zuhriddin Najmiddin oʻgʻli,
Oriental universiteti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi

sobirovzuhridddin@gmail.com

Annotatsiya. Maqolada XIX–XX asrlarda Turkiston oʻlkasida yuzaga kelgan
milliy uygʻonish jarayonida islomiy maʼrifatning oʻrni keng tahlil etiladi. Jadidchilik
harakatining shakllanishi, yangi usul maktablari, diniy-maʼrifiy qarashlar, matbuot va
adabiyotdagi yangiliklar misolida millatni uygʻotish jarayonlari yoritilgan.
Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov,
Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy singari jadid ziyolilarning iqtiboslari keltirilib,
ularning tarixiy merosi ilmiy asosda tahlil qilinadi. Shuningdek, maʼrifatparvarlik
gʻoyalari mustaqillik va milliy oʻzlikni anglash yoʻlidagi muhim omil sifatida koʻrib
chiqiladi.

Kalit soʻzlar: islomiy maʼrifat, milliy uygʻonish, jadidchilik, yangi usul
maktablari, maʼrifatparvarlik, milliy ong.

Annotation: The article provides an in-depth analysis of the role of Islamic
enlightenment in the national revival of Turkestan during the 19th–20th centuries.
Through the examples of the Jadid movement, new-method schools, religious and
educational ideas, as well as press and literature, the processes of awakening the nation
are examined. Quotations and ideas from Mahmudkhodja Behbudi, Abdulla Avloni,
Munavvarqori Abdurashidkhanov, Abdurauf Fitrat, and Sadriddin Ayni are included,
analyzing their historical legacy as a significant factor in shaping national identity and
independence ideals.

Keywords: Islamic enlightenment, national revival, Jadidism, new-method
schools, educational reform, national consciousness.

Oʻzbekiston tarixida XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yuzaga kelgan
Jadidchilik harakati oʻzining diniy-maʼrifiy va milliy uygʻonish gʻoyalari bilan muhim
ahamiyat kasb etadi. Bu davrda Turkiston chor Rossiyasi mustamlakasi tarkibida
boʻlib, xalqning diniy, madaniy va maʼnaviy hayoti qator cheklovlarga duchor etilgan
edi. Ana shunday murakkab sharoitda jadid ziyolilari jamiyatni taraqqiy ettirish, xalqni
jaholat va qoloqlikdan chiqarish yoʻlini islomiy maʼrifatda koʻrdilar. Jadidlar oʻz
faoliyatida Sharq uygʻonish davri mutafakkirlari – Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy,
Imom Buxoriy merosidan, shuningdek, islomiy dunyoqarashdan ilhomlandilar. Shu
bilan birga, ular zamonaviy Gʻarb taraqqiyotidan ham xabardor boʻlib, uni milliy va
dini qadriyatlar bilan uygʻunlashtirishga intildilar. Mahmudxoʻja Behbudiy
taʼkidlaganidek: “Dunyoning ishlari ilm va maʼrifat ila tartib topur”. Bu fikr
jadidlarning asosiy gʻoyaviy yoʻnalishini ifodalaydi.

Jadidchilik harakati bir necha asosiy yoʻnalishlarni qamrab oldi: yangi usul
maktablari ochish, milliy matbuotni rivojlantirish, teatr va adabiyot orqali xalqni
uygʻotish, siyosiy-ijtimoiy mustaqillik gʻoyalarini targʻib qilish. Ayniqsa, ularning
islomiy maʼrifatga bergan eʼtibori jamiyatda dinning haqiqiy maʼnaviy kuch sifatidagi
rolini namoyon etdi. Shunday qilib, jadidchilik nafaqat madaniy-maʼrifiy harakat, balki
milliy istiqlol yoʻlidagi muhim mafkuraviy tayanch sifatida ham tarixga kirgan.

Islom dini tarixida ilm va maʼrifat har doim yuksak qadrlangan. Qurʼoni
Karimning ilk oyatlaridan biri – “Iqroʻ!” (“Oʻqi!”) amri musulmonlar hayotida bilim
olishning muqaddas burch ekanini bildiradi. Shu sababli, ilk musulmon jamiyatidan
boshlab taʼlim-tarbiya, madrasa va kutubxonalarning barpo etilishi ilmiy taraqqiyotga
asos boʻldi.

Turkiston zaminidan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar islomiy maʼrifatning yorqin
namoyondalari boʻldilar. Masalan, Imom al-Buxoriy (810–870) hadis ilmi rivojiga
beqiyos hissa qoʻshib, musulmon dunyosida eʼtirof etilgan “Al-jomeʼ as-sahih” asarini
yaratdi. Abu Iso at-Termiziy, Burhoniddin al-Margʻinoniy, Mahmud az-Zamaxshariy
kabi olimlar ham ilmiy-maʼrifiy merosning bebaho xazinasini qoldirdilar. Sharq
uygʻonish davri mutafakkirlari ham jadidlarning maʼrifiy qarashlariga katta taʼsir
koʻrsatgan. Abu Nasr Forobiy (873–950) oʻzining “Fozil odamlar shahri” asarida ilmfan va adolatli jamiyat gʻoyalari haqida soʻz yuritgan. Ibn Sino (980–1037) esa
tibbiyot, falsafa va taʼlim masalalarida jahon ilmiy tafakkuriga ulkan taʼsir koʻrsatdi.
Alisher Navoiy (1441–1501) esa ilm va maʼrifatni xalqning axloqiy-maʼnaviy
kamolotining asosiy omili sifatida ulugʻlagan.

Jadid ziyolilari aynan shu tarixiy ildizlardan oziqlandilar. Ular uchun Sharq
uygʻonish davri allomalari bilim va maʼrifatni diniy eʼtiqod bilan uygʻun holda
koʻrganligi oʻziga xos ibrat boʻldi. Abdulla Avloniy oʻzining “Turkiy guliston yoxud
axloq” asarida shunday yozadi: “Ilm – hayotning chirogʻi, jaholat – zulmatdir. Ilmsiz
millat boshqasiga tobeʼ boʻlur”. Bu fikr jadidlarning islomiy maʼrifatni xalqni
ozodlikka yetaklovchi qudrat sifatida tushunganini koʻrsatadi.

Shuningdek, jadidlar Qurʼon va hadis ilmlaridan ham bevosita taʼsirlandilar.
Behbudiy oʻz maqolalarida tez-tez “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”
degan hadisni eslatgan. Bu ulugʻ iqtibos jadidlarning asosiy daʼvati – xalqni ilm va
maʼrifatga undashni yanada asosliroq qilgan. Islomiy maʼrifatning bunday boy tarixiy
ildizlari XIX asr oxiri – XX asr boshida Turkiston jadidchiligining shakllanishi uchun
mustahkam asos boʻlib xizmat qildi.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston xalqlari ijtimoiy-siyosiy jihatdan
murakkab sharoitda yashar edilar. 1860–1870-yillarda chor Rossiyasi bosqini
natijasida Buxoro amirligi, Xiva xonligi va Qoʻqon xonligi mustaqilligini yoʻqotdi,
Turkiston oʻlkasi Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshib olindi. Bu esa mahalliy
xalqning siyosiy erkinligini cheklabgina qolmay, diniy va maʼnaviy hayotiga ham
jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Chor maʼmuriyati tomonidan yangi soliq tizimi, yer-suv siyosati
joriy qilindi. Rus-tuzem maktablari ochildi, biroq bu maktablarda asosan rus tili va
Rossiya imperiyasiga sadoqat ruhida taʼlim berilar, musulmon bolalarini milliy va dini
qadriyatlardan uzoqlashtirish maqsadi koʻzlanar edi. Mahalliy madrasalar esa oʻsha
davrda asosan diniy fanlarga yoʻnaltirilgan boʻlib, zamonaviy fanlar deyarli
oʻqitilmasdi. Natijada Turkiston xalqlari ilmiy taraqqiyotdan orqada qolib ketdi. Ana

shunday sharoitda milliy ziyolilar, jumladan, jadidlar xalqni maʼrifat orqali uygʻotish
gʻoyasini ilgari surdilar. Ular Turkistonni jaholat va mustamlaka asoratidan
qutqarishning yagona yoʻli sifatida yangi usul maktablarini ochish, matbuotni
rivojlantirish, teatr, adabiyot va tarixiy asarlar orqali xalq ongini uygʻotishni tanladilar.

Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining mashhur maqolalaridan birida shunday yozgan
edi: “Millatim, sen uygʻon! Chunki sening jaholating sababidan boshqalar sening
ustingda hukmronlik qilmoqda”. Bu daʼvat oʻsha davr Turkiston xalqi ruhiyatining
ifodasi edi. Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov singari
ziyolilar xalqni ilm va maʼrifatga chorlar ekan, ular bu gʻoyani diniy asoslar bilan
mustahkamlab bordilar. Chunki islomda ilm olish farz hisoblanadi. Shu davrda jadidlar
tomonidan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qoʻqon va boshqa shaharlarda yangi usul
maktablari ochildi. Bu maktablarda Qurʼon va hadis ilmlaridan tashqari, arifmetika,
geografiya, tarix, tabiatshunoslik kabi dunyoviy fanlar ham oʻqitila boshladi. Bu
yangilik xalq orasida katta qiziqish uygʻotdi. Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek:
“Maktab hayot-mamot masalasidir. Maktab yoʻq millat – yoʻqolgan millatdir”.
Demak, XIX–XX asrlarda Turkiston milliy uygʻonishining asosi xalqni maʼrifatga
chorlash, ilm orqali ozodlik va taraqqiyot sari yetaklash gʻoyasida mujassam edi.

Jadidlar oʻz faoliyatida Qurʼon va hadisga koʻp bora murojaat qildilar. Ular “ilm
olish har bir musulmonga farz” degan mashhur hadisni asosiy shior sifatida qabul
qildilar. Bu hadis ularning barcha maʼrifatparvarlik faoliyatini diniy jihatdan asoslab
berdi. Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining “Padarkush” dramasida jaholat va
nodonlikning oqibatlarini koʻrsatib, ilmli avlodgina millatni qutqarishi mumkinligini
taʼkidladi: “Ilm – bizni zulmatdan nur sari yetaklovchi mashʼaldir. Kim ilmni tark etsa,
u millatiga xiyonat etgan boʻlur”. Shu tariqa, Behbudiy ilmni nafaqat shaxsiy fazilat,
balki milliy burch sifatida talqin qildi. Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq”
asarida ilmni milliy taraqqiyotning bosh omili sifatida koʻrsatib, shunday yozadi: “Ilm
– insonning bezagi, jaholat – xalqning razolati. Ilm ila millat baland boʻlur, jaholat ila
past boʻlur”. Avloniy uchun ilm faqat dunyoviy foyda emas, balki axloqiy komillikka
eltuvchi vosita ham edi. Shu bois u maktablarni ochishga, darsliklar yozishga va teatr
orqali tarbiya berishga katta ahamiyat berdi. Abdurauf Fitrat jadidchilikning eng yirik
nazariyotchilaridan boʻlib, u diniy va dunyoviy fanlarning uygʻunligini targʻib qildi.
Uning “Munozara” asarida Buxorodagi eski usul maktablarining kamchiliklari ochib
beriladi. Fitrat shunday yozadi: “Madrasalarimizda Qurʼon oʻqilar, ammo tafsiri
oʻqilmas. Fiqh oʻqilar, ammo hayotga tatbiq qilinmas. Bu jaholat emasmi?” Fitrat bu
orqali diniy bilimni ham yangicha usulda, zamonaviy fanlar bilan birga oʻqitish
zarurligini koʻrsatdi. Sadriddin Ayniy oʻz xotiralarida eski maktabdagi sharoitni
tasvirlab, oʻqituvchilarning zoʻravonligi va ilmiy saviyaning pastligini tanqid qilgan
edi. U keyinchalik yangi usul maktablarida dars bergan va jadidlarning
maʼrifatparvarlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlagan. Ayniy shunday yozgan: “Eski
maktab – jaholat maskani, yangi maktab – najot manbai edi”.

Jadidlarning diniy-maʼrifiy qarashlari Qurʼon va hadisga, Sharq mutafakkirlari
merosiga tayanib, ilmni millatni qutqaruvchi eng asosiy kuch sifatida talqin qildi.
Ularning fikricha, ilm va maʼrifatni egallash musulmonlar uchun faqat dunyoviy emas,
balki diniy burch hamdir. Shu bois ular maʼrifatni milliy uygʻonish va istiqlolga olib
boruvchi yoʻl sifatida targʻib etdilar. Jadidlar uchun islomiy maʼrifat nafaqat diniy va

madaniy taraqqiyot manbai, balki milliy ozodlik harakatining mafkuraviy poydevori
edi. Ular ilmni millatni uygʻotuvchi, jaholatni yenguvchi, istiqlol sari eltuvchi kuch
sifatida talqin etdilar.

XIX–XX asr boshlarida Turkiston xalqi siyosiy jihatdan mustamlakaga aylanib,
oʻz taqdirini mustaqil belgilash imkoniyatidan mahrum boʻldi. Biroq diniy ong va
islomiy qadriyatlar xalqni birlashtiruvchi kuch boʻlib qolaverdi. Jadid ziyolilari bu
haqiqatni anglab, milliy uygʻonish gʻoyalarini aynan islomiy maʼrifat bilan
uygʻunlashtirdilar.

Mahmudxoʻja Behbudiy taʼkidlaganidek: “Millatni qutqaradigan – ilm va dinning
uygʻunligidir. Agar biz ilmni din bilan qoʻshmasak, na dunyoda, na oxiratda najot
topamiz”. Demak, jadidlar uchun diniy maʼrifat xalqni ozodlikka undovchi mafkuraviy
tayanch edi. Jadid ziyolilari milliy oʻzlikni tiklashni xalqni jaholatdan chiqarish bilan
chambarchas bogʻladilar. Avloniy shunday degan edi: “Milliy maktab – millatning
qalʼasi. Agar qalʼa qulsa, millat ham qulaydi”. Bu fikr xalq taʼlimini istiqlol
gʻoyasining asosi sifatida talqin qilinishini koʻrsatadi. Abdurauf Fitrat esa istiqlol
uchun maʼnaviy tayyorgarlikning muhimligini urgʻulab yozadi: “Millat ozod boʻlishi
uchun avval ongda ozod boʻlishi lozim. Ongni esa ilm va maʼrifat ozod qiladi”. Jadidlar
islomiy maʼrifatni siyosiy-ijtimoiy qarashlar bilan bogʻlab, milliy mustaqillik yoʻlida
mafkuraviy kurash olib bordilar. Ularning koʻpchiligi – Fitrat, Behbudiy,
Munavvarqori – siyosiy tashkilotlar tuzishda faol ishtirok etdilar. Buxoro, Samarqand
va Toshkentda ular oʻz fikrlarini matbuot va teatr orqali targʻib qildilar. Sadriddin
Ayniy oʻz xotiralarida jadidlarning Buxorodagi faoliyati haqida yozib, ularni “xalqni
zulmatdan chiqaruvchi mashʼallar” deb ataydi. Bu jihat islomiy maʼrifatni milliy ong
va istiqlol gʻoyalari bilan bevosita bogʻlanganini yaqqol koʻrsatadi.

Jadidchilik harakatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri matbuot va adabiyot
orqali xalqni uygʻotish, ilm-maʼrifatni targʻib qilish boʻldi. XIX asr oxiri va XX asr
boshlarida matbuot xalq ongini shakllantirishda beqiyos ahamiyat kasb etgan, jadidlar
esa bu qudratli vositani millatni uygʻotish yoʻlida keng qoʻlladilar.

Turkiston jadidlari tomonidan bir qator gazetalar va jurnallar nashr etildi. Ular
orasida “Taraqqiy” (1906), “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908), “Sadoi Turkiston”
(1914), “Oyna” (1913–1915) alohida oʻrin tutadi. Bu nashrlar oʻzbek va turkiy xalqlar
maʼnaviy-maʼrifiy hayotida yangi davrni boshlab berdi. Mahmudxoʻja Behbudiy 1913-
yildan boshlab Samarqandda “Oyna” jurnalini chiqardi. U oʻz maqolalarida ilm, axloq,
tarbiya, millatning birligi va mustaqilligi haqida yozar edi. Behbudiy shunday degan:
“Matbuot – millatning koʻzi va qulogʻidir. Agar koʻz va quloqni yoʻqotsak, qanday
yashaymiz?” Bu fikr jadidlar uchun matbuotning naqadar muhimligini yaqqol
ifodalaydi.

Jadidlar faqat matbuot bilan cheklanib qolmadilar, balki badiiy adabiyot va teatr
orqali ham xalq ongiga taʼsir qildilar. Behbudiyning “Padarkush” dramasida jaholat
qurboni boʻlgan oila fojeasi tasvirlanadi. Ushbu asar xalqni ilmga, maʼrifatga undovchi
kuchli targʻibot vositasi boʻldi. Abdulla Avloniy, Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy
kabi jadid adiblari ham drama va sheʼrlari orqali milliy uygʻonish gʻoyalarini yoydilar.
Avloniy oʻzining sheʼrlarida shunday degan edi: “Millatni uygʻotmoq uchun matbuot,
adabiyot va maktab birlashmogʻi lozim”.

Matbuot bilan bir qatorda, jadidlarning eng katta yutugʻi — yangi usul
maktablarini tashkil etish boʻldi. Ular Turkistonning koʻplab shahar va qishloqlarida
maktablar ochib, zamonaviy fanlarni Qurʼon va hadis ilmlari bilan uygʻun holda
oʻqitdilar. Munavvarqori Abdurashidxonov Toshkentda ilk yangi usul maktabini
tashkil etganlardan biri boʻlib, taʼlim dasturiga tarix, geografiya, arifmetika kabi
fanlarni kiritdi. Bu yangilik mustamlakachilik davridagi madaniy siyosatga qarshi
milliy uygʻonishning eng muhim qadami edi. Matbuotda chop etilgan maqolalar,
teatrda sahnalashtirilgan asarlar, maktablarda oʻqitilgan darsliklar — bularning
barchasi xalqni ilm-maʼrifatga, milliy ongni tiklashga chorlagan yagona harakatning
tarkibiy qismlari edi. Shunday qilib, jadidlar maʼrifatni nafaqat diniy farz, balki milliy
ozodlik uchun qurol sifatida talqin etdilar.

Bugungi globallashuv davrida jadidlar merosi nafaqat tarixiy bir hodisa, balki
zamonaviy taraqqiyot uchun ham ibrat va dasturulamal vazifasini bajaradi. Chunki ular
ilgari surgan asosiy gʻoya — ilm, maʼrifat, milliy ong va diniy qadriyatlarni
uygʻunlashtirish bugungi mustaqil Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga
hamohangdir. Jadidlar taʼlim sohasida tub islohotlarni amalga oshirishga harakat
qildilar. Ularning “yangi usul maktablari” zamonaviy fanlarni oʻqitishga asos boʻlgan.
Abdulla Avloniy shunday degan edi: “Millatning taraqqiyoti — maktabdan boshlanur.
Maktab yoʻqsiz xalqning ertasi yoʻqdir”. Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga
oshirilayotgan taʼlim islohotlari — yangi oʻquv dasturlari, xalqaro tajribalarni joriy
qilish, diniy-maʼnaviy merosni taʼlim tizimiga singdirish — aslida jadidlarning
orzulari bilan uygʻunlashadi. Soʻnggi yillarda mamlakat rahbariyati tomonidan jadidlar
merosini oʻrganish, ularning asarlarini qayta nashr qilish, ilmiy tadqiqotlarni
rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezident Sh. Mirziyoyev shunday degan
edi:

“Jadid bobolarimiz xalqni ilmga, ozodlikka, istiqlolga chorlagan. Ularning
orzulari bugun roʻyobga chiqmoqda”. Demak, jadidlar merosi XXI asrda ham milliy
tiklanish, mustaqillikni mustahkamlash, yoshlarni maʼrifat ruhida tarbiyalash kabi
dolzarb masalalarda bebaho manba boʻlib xizmat qilmoqda.

Jadidchilik harakati XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida yuzaga
kelgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning eng muhim va dolzarb mahsuli sifatida xalq
tarixiga kirgan. Ularning asosiy maqsadi — millatni jaholatdan chiqarish, islomiy
qadriyatlar va zamonaviy ilmni uygʻunlashtirish, xalqni maʼrifatga chorlab, milliy ong
va istiqlol gʻoyalarini shakllantirishdan iborat edi. Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla
Avloniy, Fitrat, Munavvarqori kabi jadid ziyolilarning ilmiy, adabiy, siyosiy faoliyati
Oʻzbekiston tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Ularning yozgan asarlari, boshlab bergan
maktablari, tashkil etgan matbuoti milliy uygʻonishning poydevorini yaratdi.

Bugungi XXI asr sharoitida jadidlar merosi oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq, balki
aksincha, yanada dolzarblashmoqda. Demak, jadidlarning merosini chuqur oʻrganish,
ularning gʻoyalarini yosh avlod tarbiyasida qoʻllash — bu tarixiy xotirani asrash,
millatni kelajakka ishonch bilan yetaklash demakdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Avloniy A. Turkiy Guliston yoxud axloq. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi
adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1992. – 128 b.

2. Behbudiy M. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Maʼnaviyat, 1997. – 352 b.
3. Munavvarqori Abdurashidxonov. Maqolalar va risolalar. – Toshkent: Fan,
2003. – 280 b.
4. Qosimov B. Jadidchilik: maʼrifat va milliy ong. – Toshkent: Fan, 2000. – 240
b.
5. Ziyo A. Oʻzbek jadidchiligi tarixi. –Toshkent: Maʼnaviyat, 2001. – 310 b.
6. Mirziyoyev Sh. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi. – Toshkent: Oʻzbekiston,
2021. – 464 b.