BUXORO XONLIGIDA HUKMDORLARNI TAXTGA KOʻTARISH
QOIDALARI VA ANʼANALARI
https://zenodo.org/records/17732383
Nurmuxammadov Sharofitdin Shermaxammat oʻgʻli,
Sarbon universiteti “Filologiya va ijtimoiy fanlar”
kafedrasi katta oʻqituvchisi
Annotatsiya. Mazkur maqola Buxoro xonligida hukmdorlarni taxtga koʻtarish
boʻyicha tarixiy qoidalar va anʼanalarni tahlil qiladi. Unda Chingiziylarning oq kigizda
xon koʻtarish anʼanasi, Amir Temur tomonidan joriy etilgan Koʻktosh anʼanasi ham
koʻrib chiqilgan. Shuningdek, turkiy xalqlar va moʻgʻullarda qadimdan mavjud
boʻlgan Oq kigizga koʻtarish marosimi, odatlari, qoidalari yoritilgan.
Kalit soʻzlar: sulola, Chingiziy, oq kigiz, anʼana, udum, taxt, xon, hukmdor,
valiahd, Amir Temur, Koʻk tosh, xon koʻtarish, marosim, jarga, qurultoy.
Abstract. This article analyzes the historical rules and traditions of enthroning
rulers in the Bukhara Khanate. It examines the Chingizid tradition of raising a khan on
a white felt rug, as well as the Blue Stone tradition introduced by Amir Temur. It also
sheds light on the ancient customs, rules, and ceremonies of being raised on a white
felt rug, which were prevalent among Turkic peoples and Mongols.
Keywords: dynasty, Chingizid, white felt rug, tradition, custom, throne, khan,
ruler, heir apparent, Amir Temur, Blue Stone (Koʻk Tosh), enthronement of a khan,
ceremony, jarga, kurultai.
Qadimdan Movarounnahrda mavjud boʻlgan davlatlarning boshqaruv tizimida
hukmdorlik anʼanalari va unvonlarida “xon”larning alohida ahamiyati boʻlgan. Bu
unvonga sulolaviy tizim asosida erishilgan va uning Turondagi davlatlar boshqaruvida
uzviy davom etishi Chingizxon nomi bilan bogʻliq. Davlatning ichki va tashqi
siyosatini tartibga solishda Chingizxon tomonidan eʼlon qilingan qonunlar toʻplami –
“Yasoq” muhim rol oʻynaydi.
Shayboniylar va ashtarxoniylar davriga kelib oq kigiz va koʻk tosh udumlari
uygʻunlashtirildi. Oʻzbek sulolalari davrida oʻzbek xonlari bunga qoʻshimcha ravishda
temuriylar davrida Moʻgʻulistondan keltirilgan, dastlabki vaqtda Koʻksaroyda turgan
“Koʻk tosh” (taxt toshi deb ham yuritiladi) ustiga tantanali oʻtirish odati ham boʻlgan.
Ehtimol, bu shayboniylar oʻzlarini rasman temuriylar davlatining qonuniy egalari deb
hisoblashlarining ramziy ifodasi boʻlsa ajab emas. Bu davrda marosim tartibi
quyidagicha edi: marosim oʻtkaziladigan zalga farroshlar (gilamlarni toʻshaydigan
xizmatkorlar) gilamlar, paloslar toʻshab, taxt oʻrnatardilar; taxtga oʻtirishning qulay
vaqtini aniqlardilar va shundan keyingina sultonlar, amaldorlar, musulmon
ruhoniylarining vakillari taklif etilardi. Munajjimlar belgilagan vaqtda xonni oq
namatga oʻtqazishar, namatning chetlaridan zodagon urugʻ vakillari ushlab turishardi.
Soʻng yangi saylangan xonni taxtga oʻtqazishar va sovgʻa-salomlar ulashilgan ziyofat
boshlanardi. Shu bilan birga, xon marosimda ishtirok etgan har bir kishiga qimmatbaho
227
toʻn inʼom etardi. Keyin xon sharafiga xutba oʻqilib, uning nomi bitilgan tanga zarb
etilardi.
Odatda, xon oʻlimidan soʻng “valiahd” xon etib saylanar edi. Xon nomzodini
koʻrsatishda mehtar, qoʻshbegi va yasovulboshi katta rol oʻynaganlar. Hech shubha
yoʻqki, yuqori tabaqa aʼyonlari va xon urugʻlari tor doirada oʻtkaziladigan saylov
avvaldan kelishib qoʻyilgan boʻladi, xonni tayinlash esa rasmiy bir marosimdek gap
edi. Yangi xon eʼlon qilingach, marhum xon dafn etilib, “davr falonchi xon davri” deb
jarchilar jar solardilar[1, B-460].
Amerikalik olim Tomos Velsford xonlarni taxtga chiqarish jarayonini quriltoy
deb ataydi[2, P-82]. Shayboniylar va ashtarxoniylar sulolasi boshqaruvi davrida xon
koʻtarish marosimida kigiz ustiga oʻtkazilgan va koʻk toshga eltilgan. Eʼtiborlisi
shundaki, bu sulolalar vakillari kigiz va koʻktoshdan baravar foydalanadilar.
Ashtarxoniylar davrida ham Samarqanddagi koʻktoshga oʻtirish – taxtni qonuniy
egalladi maʼnosini bildirgan. Eʼtiborlisi, bu davrda koʻktosh va kigiz ustiga xonni
oʻtkazish marosimlari bir-biriga qoʻshilib ketgan. Yaʼni, kigiz koʻktosh ustiga yozilgan
va uning toʻrt burchagidan ushlagan amaldorlar uni baland koʻtarishgan.
Ashtarxoniylar sulolasi davrida hukmdorlarning taxtni egallashi xon koʻtarish
marosimi orqali amalga oshirilgan[3, C-105]. Diqqatga loyiq tomoni shundaki,
ashtarxoniylar davrida, xususan, XVII asrda ham Samarqandda koʻktoshga oʻtirish
orqali xonlik taxtini egallash anʼanasidan ham foydalanganlar. Bundan koʻrinadiki,
Chingizxon bilan bir qatorda, Amir Temurning ham hokimiyatiga ehtirom va huquqiy
asos sifatida qaralgan. Natijada bu davrda koʻktosh va kigiz ustiga xonni oʻtkazish
marosimlari bir-biriga qoʻshilib ketgan. Yaʼni, kigiz koʻktosh ustiga yozilgan va uning
toʻrt burchagidan ushlagan amaldorlar uni baland koʻtarishgan[4, P. 21-32]. Jumladan,
Muhammad Amin Buxoriyning “Muhit at-tavirix” asarida Abdulazizxon (1645-
1681)ning 1645-yil Xoʻjanddan Samarqandga kelgani va Amir Temurning taxtiga
oʻtirganligi haqida maʼlumotlar mavjud[5, B-38].
Xonlar qurultoyda saylangan boʻlib, manbalarda bu marosimda amaldorlarning
joylashuv tartiblari haqida ham maʼlumotlar saqlanib qolgan. Jumladan, XVII asr
muarrixi Muhammad Tolibning yozishicha, eng oldingi oʻrinda xon taxti joylashgan.
Hukmdorning chap tarafidagi birinchi joyni naqib lavozimidagi shaxs egallagan.
Undan keyin shahzodalar va otaliq mansabi va soʻng qolgan amaldorlar birin-ketin oʻz
nufuziga qarab joylashgan. Xonning oʻng tomonida dastlab shayxulislom va qozi,
keyingi oʻrinlarda qolgan diniy mansab egalari oʻtirishgan[6, B. 206-208]. Bu
marosimdagi yigʻilish tartibi jarga deb atalib, taxtning ikki tomonidan doira shakl ni
hosil qilgan holda oʻtirilgan. Vali Muhammadxon 1605-yil Balx viloyatidan
Samarqandga kelib, taxtga oʻtirish asnosida Xoja Tojiddin va uning ukasi
Abdurahimxojalar xonni qutlash uchun kelishgan va ularga xon ehtirom koʻrsatib,
majlisda oʻzining oʻng tomonidan joy bergan. Tarixchi J.Sangirovning tadqiqotlariga
koʻra, taxtga oʻtirish marosimida mahalliy hokimlarning ham ishtirok etish tartibi
mavjud boʻlgan. Masalan, 1702-yil Ubaydullaxon taxtga oʻtirganida, tabriklash uchun
Urgut hokimi Ollohberdibiy Buxoroga yoʻl oladi. Ammo, markaziy hukumatdan
maxsus yorliq olmasdan kelgani sababli jazoga tortiladi. Va aksincha, yorliq asosida
tashrif buyurgan Samarqand hokimi Muhammad Rahimbiy yuz yaxshi kutib olinadi[7,
B-112]. Ashtarxoniylar davri muallifi Samandar Termiziyning guvohlik berishicha,
228
jargadagi eng oldingi oʻrinda taxt joylashgan boʻlib, unda xon oʻrin egallagan. Xonning
oʻng va chap tomonida nufuziga qarab shahzodalar, amaldorlar va qabila sardorlari oʻz
oʻrinlarini egallashgan[8, B-154]. Buxoroga Abdulazizxon davrida tashrif buyurgan
elchilar esdaliklarida jargada amaldorlarning joylashuv tartibini oʻzlari koʻrgani
boʻyicha tariflashgan. Unga koʻra, xonning chap tomoni eng eʼtiborli hisoblangan va
chap tomonning boshida naqib lavozimidagi shaxs turgan. Rus tadqiqotchisi
A.Alekseyev ham hukmdorning chap tomoni oʻta moʻtabar ekanligini taʼkidlab,
birinchi joyni naqib lavozimidagi shaxs egallaganligini qayd etadi[9, C-140].
Muhammad Tolibning guvohligicha, xonning oʻng tomonidagi dastlabki oʻrinlarni
shayxulislom va bosh qozi egallagan boʻlsa, V.Bartoldning davom etib yozishicha,
oʻng tomonda oliy qozidan soʻng naqshbandiya xojasi, sadr, sudur, harbiy qozi, aʼlam
va birin-ketin qolgan diniy ulamolar oʻrin olishgan[10, C. 394-395]. Qurultoyda
oʻtirishdagi amaldorlarning joylashuv tartibi saroyda oʻtkaziladigan turli bayram
tadbirlari va toʻy-u tomoshalar uchun ham deyarli xos boʻlgan deyish mumkin.
Masalan, Boqi Muhammadxonning Imomqulixon va Nadr Muhammadxonlar uchun
oʻtkazgan toʻyida ham xuddi shu tartibda barcha oʻz joyini egallaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Zamonov A., Egamberdiyev A. Oʻzbekiston tarixi. IV-qism. T.: Bayoz, 2022.
– B. 460.
2. Thomas Welsford. The Tuqay-Timurid Takeover of Greater Ma wara alnahr,
1598 – 1605. – Boston: 2013. – P. 82.
3. Ахмедов Б.А. История Балха. – Т.: Фан, 1982. – C. 105.
4. Ron Sela. The “Heavenly Stone” (Koʻk Tash) of Samarqand. // Journal of the
Royal Asiatic Society. Vol. 17. No. 1. 2007. – P. 21 – 32.
5. Муҳаммад Амин Бухорий. Муҳит ат-таворих. / Форс тилидан таржима,
кириш ва изоҳлар муаллифлари Д.Юсупова, У.Ҳамраев. – Т.: Фан, 2020. – Б. 38.
6. Муҳаммад Толиб. Матлаб ут-толибин. / Ўзбек тилига таржима, сўзбоши
ва изоҳлар муаллифлари Ғ.Каримий, Э.Миркомилов. – Т.: Мовароуннаҳр, 2016.
– Б. 206-208.
7. Sangirov J. Oʻzbek davlatchiligi tarixi: ashtarxoniylar davri boshqaruv tizimi.
PhD dissertatsiyasi. – T., 2024. – B. 112.
8. Хожа Самандар Термизий. Дастур ул-мулук. / Форс-тожик тилидан
таржима, сўзбоши, изоҳлар муаллифи Ж.Эсонов. Т.: Ғафур Ғулом номидаги
Адабиёт ва санъат нашриёти. 1997. – Б. 154.
9. Алексеев А.К. Политическая история Тукай-тимуридов по материалам
персидского историчаского сочинения Бахр ал-асрар. – Санкт-Петербург: 2006.
– С. 140.
10. Бартольд В.В. Церемониал при дворе узбекских ханов в XVIII в. Т. II. Ч.
2. – Москва: Наука, 1964. – С. 394 – 395.
229