P.I DEMEZON QARASHLARIDA BUXORO SHAHRI HAMDA
KARVONSAROYLARI
https://zenodo.org/records/17732394
Oʻtanov Xurshid Sheraliyevich,
Sarbon universiteti katta oʻqituvchisi
Annotatsiya. Ushbu maqolada P.I. Demezonning XIX asrning I yarmida Oʻrta
Osiyoga qilgan sayohati davomida Buxoro shahri topografiyasiga doir toʻplagan
qimmatli xulosalari, xususan sharif shaharning karvonsaroylari toʻgʻrisida keltirgan
maʼlumotlari yoritilgan va tahlil qilingan.
Kalit soʻzlar: Demezon, karvonsaroy, masjid, verst, fut, Miyonqol, Registon,
esdalik, hammom, qamoqxona.
Abstract. This article discusses and analyzes Demezonʼs valuable insights into
the topography of Bukhara during his travels to Central Asia in the first half of the 19th
century, in particular about the caravanserais of the city.
Keywords: Demezon, caravanserai, mosque, verst, foot, Miyankol, Registan,
memorial, bath, prison.
XIX asrlarda Buxoro xonligi, keyinchalik esa amirligidagi chet el
tadqiqotchilarining esdalik, qayd, hamda asarlari alohida tadqiqot obyekti sifatida
hozirga qadar oʻrganilmagan boʻlsa-da, oʻlkadada faoliyat yuritgan xorijlik ayrim
tadqiqotchilar asarlari diqqat markazida turgan. Bu manbalarda asosiy urgʻu oʻz
mamlakatlari manfaatiga berilgan boʻlib, Buxoro amirligining ichki siyosatini,
iqtisodiyotini, mavjud harbiy qudratini oʻrganishdangina iborat boʻldi deyish asosli
emas. Zero, har bir tashrif buyurgan elchi, sayyoh va savdogar eng avvalo oʻlkani real
va haqqoniy tadqiq etishga kirishgan.
P.I Demezon 1807-yilda Shamsiya shahrining Sardiniya qirolligida, shifokor
oilasida tugʻilgan. P.I. Demezon dastlab Qozon universitetida tahsil olgan, bilimdon
talaba sifatida “Xalq taʼlimi vazirligi” tomonidan sharqshunos G.M.Vlangalidan sharq
tillarni oʻrganish uchun Rossiyaga, Sankt-Peterburgga yuborilgan. 1830-yil 6-avgustda
Sharq adabiyotida nomzodlik darajasi bilan taqdirlangan. Ushbu nom bilan
universitetda 1831-yilning 26-fevraligacha, yaʼni Orenburgda xizmat qilish uchun
yuborilguniga qadar faoliyat olib borgan. 1831-yilda, P.I.Demezon Orenburg harbiy
gubernatoriyasiga olti yil muddatga xizmat qilishga yuborilgan[1.204-bet].
Orenburgga kelgan P.I.Demezon 1-apreldan faoliyatini boshlagan. Bundan
tashqari, 1831-yil 4-sentabrdan boshlab u “Orenburg chegara komissiyasining
tarjimoni” sifatida roʻyxatga olingan. Oʻqituvchi va tarjimon sifatida faoliyat yuritish
Piter Ivanovichga sharqiy tillar, sharqiy urf-odatlar va sharqona axloq haqidagi
bilimlarini boyitishga yordam bergan. P.I. Demezon xavfsizligi uchun oʻzini tatar
mullasi Mirza Jafar deb tanishtirgan [2. 78-bet].
P.I.Demezon 1831 yil ning 29-dekabr sanasida buxoroga yetib keldi ayni shu
vaqtdan boshlab uning asosiy tadqiqot ishi boshlanadi[3.10-bet].
P.I Demezonning Buxoro shahri haqida, “Buxoro shimoliy kenglikning 41 dan 37
gradusigacha va sharqiy uzunlikning 61 va 66 daraja oraligʻida joylashgan boʻlib,
taxminan 10 ming kvadrat mil maydonni egallaydi”. P. I. Demezon oʻzining (“Записки
о Бухарском ханстве”) esdaligida garchi Buxoroni yetti viloyatga boʻlingan deya
taʼkidlasada, jami 9 viloyat nomlarini va keyinroq esa 10-viloyat sifatida Maymanani
keltirib oʻtgan. Jumladan: 1. Qorakoʻl, 2. Buxoro, 3. Karmana, 4. Miyonqol yoki
Kattaqoʻrgʻon, 5. Samarqand, 6. Jizzax, 7. Qarshi, 8. Sabiya (Sabiab) - Oksus daryosi
boʻyida, 9. Janubiy okruglari bilan Balx.
Buxoro shahri dengiz sathidan 1200 fut balandlikda joylashgan. 30 fut
balandlikdagi va 26 fut kenglikdagi 11 ta qalin devor bilan oʻralgan [4.56-bet].
(Buxoro dastlab toʻrtburchak devor bilan oʻralgan. Shaharning dastlab toʻrt, keyinroq
yetti darvozasi qurilgan. VIII asrda shahriston kengaytirilib, atrofi oʻn bir darvozali
devor bilan oʻrab olingan[5.152-bet]).
Olim keltirishicha:
1. Vobkentga olib boradigan - Hazrati Imom; ularning orqasida seshanba va
payshanba kunlari ishlaydigan ot bozorlari mavjud.
2. Shergiron - amirning bogʻiga va Xiva yoʻliga olib boradi
3. Chorbaxga olib boradigan - Talipoch;
4. Chorjoʻyga olib boradigan – Oʻgʻlon;
5. Qorakoʻl;
6. Shayx Jalol;
7. Namozgoh va Kobul yoʻllariga olib boradigan - Namozgoh;
8. Qarshiga olib boradigan - Qarshi;
9. Buxorodan 12 vers ( Verst - taxminan 1.1 km ga teng uzunlik oʻlchov birligi)
uzoqlikdagi Bahouddinning qabriga olib boradigan - Mozori Sharif;
10. Samarqand.
P.I.Demezonning fikricha, ushbu darvozalarning har biri uchun qabriston mavjud.
Eng katta qabriston Mozori Sharif darvozasi orqasida joylashgan.
“Shahar 366 kvartalga boʻlingan boʻlib, ularning har birida uncha katta boʻlmagan
masjid, imom, muazzin va oqsoqol mavjud. Oqsoqol- shayx yoki tuman oqsoqoli,
odatda, ular eng avvalo donoligi va halolligiga ishonadigan eski savdogarlar orasidan
tanlangan. Uning oldiga oʻz kvartalidagi savdogarlar oʻrtasidagi minglab kichik
mojarolarni hal etish vazifasi qoʻyilgan. Agar oqsoqol tomonlarni murosaga keltira
olmasa, ish qoziga oʻtadi va murakkab holatlarda qoʻshbegiga yetkaziladi, uning
qaroridan deyarli hech qachon shikoyat qilinmaydi”[6. 57-bet].
Buxoro koʻchalari tor. Odatda koʻchalar 5-8 fut (fut- ingliz, rus masofa oʻlchov
birligi, 30,48 santimetrga teng.) kenglikda. Eng keng koʻchalar odatda 10-12 futdan
oshmaydi. Baʼzi koʻchalar 4 futdan kengroq emas. Ushbu son-sanoqsiz qiyshiq va loyli
koʻchalarning nomlari yoʻq. Buxoroning bosh maydoni - Registon saroy darvozasi
qarshisida joylashgan. Bu maydon garchi juda katta boʻlsa-da, odamlar, tuyalar, otlar,
eshaklar, kichik chodirlar, mollar va har xil oziq-ovqat bilan shunchalik gavjumki,
harakatlanish uchun atigi ikkita tor oʻtish joyi qolgan. Ulardan biri saroy eshiklaridan
qarama-qarshi suv omboriga, ikkinchisi Dor-ush-shifo madrasasidan Tukumduzi
bozoriga olib boradi. Registon ortida, iflos maydonda qullar bozori joylashgan. Ushbu
bozor faoliyati dushanba va payshanba kunlari tongda, odatda uch soatdan oshmaydi.
Bu yerda faqat qullar namoyish etiladi va savdo bitimlari deyarli har doim Buxoroga
kelganlarning bu baxtsizlarni sotish uchun toʻxtab turgan karvonsaroylarida tuziladi.
Registonda katta suv ombori atrofida quyidagilar joylashgan:
Bazari Qagʻoz (qogʻoz bozori) - qogʻoz, patlar (qamish) va baʼzan eski kitoblarni
topishingiz mumkin boʻlgan shahardagi yagona joy[7. 57-bet].
1. Churchinfurush nomi bilan mashhur boʻlgan bozor; baqqollar, maishiy texnika
doʻkonlari, poyabzal ishlab chiqaruvchilar va boshqalar mavjud. Bundan tashqari,
masjid yonida paxta iplari, fors va yunon gilamchalari sotiladi. Aynan shu maydonda
qatl etish Mir Haydar davridan beri amalga oshirilgan. Ammo hozirgi xon davrida bu
ishlar yo oʻtin bozori maydonida yoki Devonbegi suv ombori yonida sodir boʻlmoqda.
“Buxoroda boʻlishim davomida ikkita jinoyatchi osildi, ulardan biri oʻgʻrilik,
ikkinchisi esa qotillik qilgan edi. Odatda, qatl oldidan jinoyatchining tomoqlari
kesiladi. Ammo, baʼzan xon qatldan oldin “Boʻgʻilmish” (Boʻgʻish) deb buyruq beradi
va jinoyatchining tomogʻi kesilmasdan osiladi. Ayniqsa, ogʻir holatlarda, xon
odamlarda qatl orqali qoʻrqinchli taʼsurot qoldirishni xohlaganda, jinoyatchi Mir
Arabning katta minorasidan tashlanadi. Masalan, 1830- yilda buxorolik odam qotillik
va qarindoshlararo nikohda ayblanib, minoradan tashlab yuborilgan. Ammo haqiqiy
dahshat boshqa, aybdor “Bit xana” (yoki Kana xona) deb nomlanuvchi qamoqxonada
chiriydi. Bu dahshatli qamoqxona chayonlar va zaharli hasharotlar bilan toʻlib-toshgan,
uning oxiri ogʻriqli va oʻlimdir. U yerda tashlab ketilgan baxtsiz odam ikkinchi yoki
uchinchi kuni dahshatli qiynoqlarda vafot etadi. Uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar
uchun odatda jinoyatchining yelkalariga yoki tovoniga tayoq yoki qamchi bilan
darralab uriladi”, - deb yozadi muallif oʻz esdaliklarida. Bundan koʻrinib turibdiki,
sodir etilgan jinoyatlar uchun uning turiga qarab keskin jazo choralari koʻrilgan. Bu
kabi qimmatli maʼlumotlardan Buxoro amirligidagi qonunchilik tizimi haqida ham
yorqin tasavvurga ega boʻlish mumkin.
P.I. Demezon, shuningdek Buxorodagi mavjud zindonlar haqida ham fikr
yuritgan. “Buxoroda faqat ikkita qamoqxona bor. Ulardan biri saroyda. Ushbu qatʼiy
qoʻriqlanadigan qamoqxona davlat jinoyatchilari uchun moʻljallangan. ikkinchisi esa
saroyning orqasida, Mir Arab madrasasidan uncha uzoq boʻlmagan joyda [8. 58-bet].
Buxoroda Chorsu (chorraha) nomi bilan mashhur beshta yopiq bozor mavjud. Bu
Chorsui Kalon (katta bozor), Chorsui Zargaron (kumush va oltin buyumlar
sotuvchilari), Chorsui Sarrafon (pul almashtiruvchilar), Chorsui Berinj (guruch) va
tuyalar uchun egarlar ishlab chiqariladigan Tukumdoʻzi kabilar mavjud. Ushbu yirik
bozorlarning har birida kichik bozorlar ham bor. Shuningdek, tim deb nomlanuvchi
boshqa ikkita yopiq bozor ham mavjud. Birinchi timda Buxoroda ishlab chiqarilgan
adras, roʻmolcha va poyabzallar, ayollar poyabzali hamda turli ipak matolar sotiladi.
Ikkinchisi esa Timi Safed (oq bozor) unda faqat rus va ingliz matolari sotiladi.
Shaharning barcha bozorlarini roʻyxatga olish juda uzoq vaqt talab etadi. Biz
oʻzimiz, bu katta bozorlardan tashqari, har bir chorrahada Seri Bazar nomi bilan
mashhur boʻlgan kichik bozorlar borligini koʻramiz.
Buxoroning koʻplab karvonsaroylari yagona reja asosida qurilgan. Ular katta
kvadrat shakldagi ikki qavatli binolardir, ularning tashqi devorlarida shaharning
deyarli barcha binolaridagi kabi derazalar yoʻq. Birinchi qavatda eshiklari hovliga
ochiladigan tor chuqur omborxonalar joylashgan; ikkinchi qavatda savdogarlar,
hunarmandlar, hindlar, buxoroliklar yoki tatarlar tashrif buyurishadi. Omborxonalarga,
shuningdek, ikinchi qavatdagi xonalarga yorugʻlik eshik orqali yoki eshik ustiga
oʻyilgan kichik derazalar orqali kiradi. P. I. Demezon oʻzining (“Записки о Бухарском
ханстве”) esdaligida Buxorodagi mavjud karvonsaroylarni 25 ta ekanligini
taʼkidlagan boʻlsada, 23 ta karvonsaroy haqida maʼlumotlarni keltirgan [9. 58-bet].
Bu karvonsaroylar aholisi har qanday oʻyin-kulgilar taqiqlangan va mirshablar
tomonidan kaltaklanish xavfisiz oʻynash, kulish, chekish mumkin boʻlmagan shaharda
juda qimmatli boʻlib koʻrinadigan baʼzi imtiyozlardan foydalanadi. Hindlar, afgʻonlar
bir soʻz bilan aytganda, barcha xorijliklar karvonsaroylarda chekishadi, lekin
buxoroliklar bu yerda ham zavq olishga jurʼat etmaydilar. Ular oʻz vatandoshlari
oldida juda koʻp va chet elliklarga qaraganda koʻproq ehtiyot boʻlishadi. Lekin bu
oʻzbek zodagonlari va ularning xizmatidagi odamlarga taalluqli emas. Mirshablar
ularning oʻz uylarida sodir boʻlayotgan narsalarga aralashishga jurʼat eta olmaydi.
Buxoroda xorijliklarning eʼtiborini, albatta, koʻplab masjidlar tortadi. Eski masjidlar
qurilishi bilan ham diqqatga sazovordir[10. 24-bet]. Butun shaharda faqat uchta katta
masjid bor, u yerda juma kunlari umumiy namozlar oʻqiladi. Birinchisi, Kalon masjidi
- Mir Arab minorasi yaqinida joylashgan va qizil Arslon xon tomonidan qurilgan.
Ikkinchisi Gavkushon (qassoblar) masjidi, uchinchisi - saroyga juda yaqin.
P.I.Demezon esdaligida keltirilishicha “bulardan tashqari, yana ikkita jome
masjidi bor: Bozori Alar (tutatqi bozori) yaqinida joylashgan Magʻoki va Misgaron
(qalay bozori) katta bozorlari yaqinida joylashgan masjid”.
Buxoroda muazzinning chaqiruvi (azon) iymonlilarni namozga chorlaydi, kunda
besh marta odamlarni harakatga keltiradi. Har bir inson qadamini tezlashtiradi va
shoshma-shosharlik bilan hech boʻlmaganda, namozdan oldingi tahorat qilish uchun
masjidga yoki suv omboriga shoshiladi.
Turkiston va ayniqsa, Buxorodagi mozorlar yoki muqaddas qabrlar soni shahar
va qishloqlar atrofi, katta yoʻllar bilan, bir soʻz bilan aytganda, ular yashaydigan barcha
joylar bilan oʻrab olingan. Koʻpincha katta shaharlar yonida joylashgan mozorlar
yaqinida madrasa va amirlar yoki dindor odamlar tomonidan qurilgan goʻzal
masjidlarni koʻrishingiz mumkin. Buxorolik boy xonadon vakillari oʻz navbatida
oʻzini nomdor va shu bilan birga eʼzozli avliyolar, shayxlar abadiy orom olayotgan
qabristonda dafn etishlarini vasiyat qiladilar. Bu vasiyatlar har doim katta daromad
keltirib chiqarmoqda, ular haqli ravishda xoʻjayinlarga, azizlarning avlodlariga tegishli
boʻlib, ular sharafiga bu inshootlar qurilgan. Katta yoʻllar yoki aholi punktlaridan
uzoqda dafn etilgan azizlarning qabrlariga kamroq tashrif buyurishadi[11. 62-bet].
Buxorodan 12 verst masofada joylashgan Bahouddin Naqshbandiyning qabri eng
koʻp tashrif buyurilganlardan biridir18. Bu yerda har chorshanba kuni katta bozor
ochiladi. Qabr terak va chinorlar bilan oʻrab olingan suv omborining yaqinidagi keng
maydonda joylashgan. Bir tomondan, Xoʻja oilasining qabrlari va boy ehsonlar bilan
bu huquqni sotib olgan boshqa odamlar joylashgan qabriston hisoblanadi. Boshqa
tomonda uchta masjid bor. Ulardan biri ikki yil oldin hozirgi qushbegi tomonidan
qurilgan. Qolgan ikki tomonni devor va kichik daraxtzor qoplaydi. Bu yer muqaddas
va siz unga masjid singari, faqat poyabzalsiz kirishingiz mumkin. Kecha davomida bu
erga tashrif buyuruvchilar soni juda koʻp. Bahouddin Naqshband ziyoratgohida masjid
va qabrni oʻrab turgan keng bogʻlar buxoroliklar tomonidan juda muqaddas deb
hisoblaniladi. Bu yerda hamma narsa diniy mazmunga ega va dindor odamlar bilan
hamisha gavjum. Haftada bir marta xon avliyoning qabriga tashrif buyuradi, lekin bu
yerga bir kun oldin yoki bozor kuni paydo boʻlishdan qochadi. Mozori Sharifning
oʻzida juda yaxshi bogʻ va u yerda joylashgan kichik hajmga ega hovli mavjud. Buxoro
darvozasidan mozor qishlogʻiga kirish uchun 10 verst uzunlikdagi masofa mavjud.
Seshanba kuni Mozori Sharif darvozasi yonida yuzlab eshaklar va otlar qator turadi.
Ulardan birini 1 tanga evaziga sayohat qilish uchun yollashingiz mumkin. Sizga eshak
yoki otni beradigan kishi sizni piyoda kuzatib boradi va siz oʻtirgan hayvonni quvib
yuradi. Yaxshi tayyorgarlik koʻrgan bu odamlar 50-60 daqiqalik yoʻlni osongina bosib
oʻtishadi.
Boshqa Osiyo shaharlariga nisbatan, Buxoroda reja asosida qurilgan jamoat
hammomlari juda koʻp va mashhurdir. Buxoroda 50 ga yaqin hammom bor. Ikkita eng
katta hammom - Tukumdoʻzi va Misgaron. Hammomlarini (ularning egalari) isitish
uchun shahar atrofidan ehtiyotkorlik bilan yigʻilgan har qanday oʻtin va axlatdan
foydalanish mumkin, ular binoning ichki hovlisida quyoshda quritiladi. (Hammom
orqa tomonidan goʻlax orqali isitilgan va xona harorati 30-45 darajaga yetgan[12. 45-
bet]). P.I.Demezon xotiralari Buxoro xonligi hayotining turli jihatlarini qamrab oladi.
Esdaliklarida juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan inshootlar - ziyoratgohlar,
mozorlar, koʻchalar, uylar, maktablar, madrasa, masjidlar, hammomlar haqida
maʼlumotlar keltirilgan. Umuman olganda, har bir narsa eng aniq va batafsil tarzda,
aniq raqamlar va qiziqarli maʼlumotlar bilan tasvirlangan. P.I.Demezonning qaytishi
bilan P.Saveliev, 1834-yilning iyulida esa K.K.Rodofinikin uning safariga eʼtibor
qaratdi va ilmiy rejani yuqori baholadi.. Piter Ivanovichning kelajagi haqida qisqacha
toʻxtalsak, Orenburgda xizmat qilganidan keyin, 1836-yilning bahorida Sankt-
Peterburgga keldi. Shu yilning 18-aprelidan boshlab Tashqi ishlar vazirligi Osiyo
boʻlimi Sharqshunoslik boʻlimi professori etib tayinlandi (uning ish haqi yiliga 4 ming
rubl boʻlgan edi). P.I.Demezonning ilmiy hayoti diplomatik faoliyat bilan chambarchas
bogʻliq.
Misol uchun, u Rossiyadagi missiya tarkibida bir yil (1840-1841) Tehronda va
1841-yilning dekabrida “Osiyo departamentida ikkinchi oʻrinbosar” diplomatik
lavozimiga tayinlangan. 1843-yilning boshida sharqiy tillar boʻlimi boshligʻi F.I.
Adelung vafot etgandan soʻng P.I. Demezon 1872-yilda isteʼfoga chiqqunga qadar
taʼlim boʻlimining rahbari lavozimida faoliyat yuritdi. Keyinchalik, 1843- yilda Piter
Ivanovich Rossiya fuqaroligini olgan. 1846-yilda N.Veselovskiyning soʻzlariga koʻra,
u “Sharqshunoslik va Sharq sharqshunosligi mutaxassisi”, deb tan olingan[13. 68,105
betlar]. Tadqiqotchi Rossiya Arxeologiya jamiyati asoschilaridan biriga aylandi.
P.Demezon 1857-yildan Parijda yashagan, u yerda XVII asrning Sharqshunoslik
adabiyoti yodgorligi boʻlgan Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxonning "Kitobi-
Shajarayi-turk" matnini va fransuz tarjimasini tanqidiy nashrga tayyorlay boshlaydi.
Ushbu nashr Orenburgdagi xizmatida V.D. Dahl tomonidan sotib olingan va Fanlar
akademiyasining Osiyo muzeyiga sovgʻa qilingan qoʻlyozma asosida tayyorlangan.
Biroq, olim va diplomatning ogʻir ishi sababli uni tugatishga vaqti boʻlmagan
(P.I.Lerh buni tugatgan). Piter Ivanovich Demezon 1873-yili Parijda vafot etgan.
XULOSA VA TAKLIFLAR.
P.I. Demezon esdaligining Buxoro amirligining XIX asrdagi meʼmoriy
topografiyasini oʻrganishdagi oʻrni beqiyosdir. Ushbu esdalik rus tadqiqotchilari
qiziqish doirasiga kiruvchi meʼmoriy obidalarni oʻrganish masalasini oʻz ichiga oladi.
Buxoro ijtimoiy munosabatlari tarixi doimo birinchi planda turishi barobarida, xorijiy
tadqiqotchilar tomonidan meʼmoriy obidalarni tarixiy topografik, arxeologik, badiiy
meʼmorchilik, maishiy-xoʻjalik, madaniy-maʼrifiy, diniy aspektda oʻrganish oʻz
ahamiyatini yoʻqotmagan. Qoʻyilgan muammo yuzasidan tarixiy adabiyotlarning
qanchalik koʻp boʻlishidan qatʼi nazar, ularga tarixshunoslik jihatdan baho berish hali
hamon amalga oshirilmagan. Maqolaning oʻziga xosligi ham shunda.
Foydalanılgan adabıyotlar
1. Халфин Н.А. Россия и ханства Средней Азии (первая половина XIX в.).
Москва.: “Наука”. 1974.
2. А. Р. Мухамеджанов, Т. Нигматов. Некоторие источники к истории
взаимоотношений Бухары и Хивы с Россией. Тошкент 1957-г.
3. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983
4. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983
5. M.M. Vaxitov, SH.R. Mirzayev. “Meʼmorchilik. 1- qism Meʼmorchilik tarixi”
Tafakkur nashriyoti -Toshkent .: 2010.
6. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983.
7. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983.
8. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983.
9. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983.
10. Татаринова А. Семимесячный плен в Бухарии. Издание Маврикия
Осиповича Вольфа. Санктпетербургь –Москва.: 1867.
11. Записки о Бухарском ханстве (Отчёты П.И.Демезона и Виткевича). – М.,
Гл. редакция восточной литературы. Из-во «Наука».-1983
12. Қиличев Р.Э. Қиличева М.Р. Марказий Осиёнинг тарихий-меъморий ва
археологик ёдгорликлари, “Дурдона” нашриёти.
13. Веселовский Н.И. Прием в России и отпуск среднеазиатских послов в
XVII и ХУШ столетиях. //Журнал Министерства народного просвещения. СПб.,
1884. Кн.У.