ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Inklyuziv ta’limda tahsil olayotgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilarning kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirishda qo‘llaniladigan samarali metodlar

Toyirova Madina

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

INKLYUZIV TAʼLIMDA TAHSIL OLAYOTGAN ALOHIDA TAʼLIM
EHTIYOJLARI BOʻLGAN OʻQUVCHILARNING KOMMUNIKATIV

KOʻNIKMALARINI RIVOJLANTIRISHDA QOʻLLANILADIGAN
SAMARALI METODLAR

https://zenodo.org/records/17732865

Toyirova Madina,
A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat

milliy instituti mustaqil tadqiqotchisi

Annotatsiya. Mazkur maqolada inklyuziv taʼlim muhitida tahsil olayotgan
alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan (ATEB) oʻquvchilarning kommunikativ
koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish masalalari tahlil qilinadi. Kommunikativ
kompetensiyani rivojlantirishda qoʻllaniladigan metodlarning nazariy asoslari, amaliy
yondashuvlari hamda samarali usullari yoritiladi. Shuningdek, metodlarni qoʻllash
jarayonida pedagogning roli, taʼlim muhitining moslashtirilishi va oʻquvchilarning
individual xususiyatlarini inobatga olish masalalari muhokama qilinadi.

Tayanch kalit soʻzlar. inklyuziv taʼlim, alohida taʼlim ehtiyojlari, kommunikativ
koʻnikmalar, metodlar, ijtimoiylashuv, hamkorlik.

Abstract. This article analyzes the issues of developing and enhancing the
communicative skills of students with special educational needs (SEN) studying in an
inclusive educational environment. It discusses the theoretical foundations, practical
approaches, and effective methods used to develop communicative competence. The
article also examines the teacherʼs role in the application of these methods, the
adaptation of the educational environment, and the consideration of studentsʼ
individual characteristics.

Keywords: inclusive education, special educational needs, communicative skills,
methods, socialization, collaboration.

Globallashuv sharoitida taʼlim tizimi oldida turgan dolzarb vazifalardan biri —
barcha oʻquvchilarning, jumladan, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan (ATEB)
bolalarning ham sifatli taʼlim olishlarini taʼminlashdir. Inklyuziv taʼlim — bu
imkoniyati cheklangan bolalar bilan sogʻlom tengdoshlarini birgalikda oʻqitishga
qaratilgan yondashuv boʻlib, unda asosiy eʼtibor bolalarning ijtimoiylashuvi, shaxsiy
rivojlanishi hamda kommunikativ koʻnikmalarini shakllantirishga qaratiladi.

Kommunikativ koʻnikmalar oʻquvchilarning jamiyatga moslashuvi, oʻz fikrini
ifoda etishi, suhbat qurishi va muloqot madaniyatini egallashida muhim omil
hisoblanadi. Shu sababli, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar bilan ishlashda
maxsus metodlardan foydalanish pedagoglar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilarda kommunikativ koʻnikmalarni
rivojlantirishning ahamiyati. Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar, odatda,
nutqiy rivojlanishda, ijtimoiy muloqotda, oʻz fikrini aniq ifoda etishda yoki
tinglovchini tushunishda qiyinchiliklarga duch keladilar. Bunday oʻquvchilar uchun

370

kommunikativ kompetensiyani shakllantirish, taʼlim jarayonida faol ishtirok etish,
sinfdoshlar va pedagoglar bilan samarali muloqot qilish, ijtimoiy moslashuv, kelajakda
kasbiy faoliyatga tayyorlanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shu boisdan, kommunikativ koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan metodlar
inklyuziv taʼlimning ajralmas qismi hisoblanadi.

Inklyuziv taʼlim sharoitida oʻquvchilarning kommunikativ koʻnikmalarni
rivojlantirishda quyidagi metodlarni qoʻllansh samarali hisoblanadi.

Dialogik metod. Dialog asosida tashkil etilgan mashgʻulotlarda oʻquvchi oddiy
savol-javoblardan boshlab, murakkab muloqot shakllarigacha oʻzlashtiradi.
Pedagoglar savollarni soddalashtirishi, koʻmakchi soʻzlardan foydalanishi lozim. Bu
metod oʻquvchilarda nutqiy faollikni oshiradi.

Rolli oʻyinlar (dramatizatsiya). Rolli oʻyinlar orqali oʻquvchilar turli ijtimoiy
vaziyatlarda oʻzini tutish, soʻzlashish va muloqot qilishni mashq qiladilar. Masalan:
“Doʻkonda xarid qilish”, “Kutubxonada suhbat”, “Shifokor qabulida” kabi vaziyatli
oʻyinlar. Bu usul ijtimoiy muloqot koʻnikmalarini mustahkamlaydi.

Jamoaviy ishlash metodi. Kichik guruhlarda bajariladigan topshiriqlar — plakat
chizish, loyiha yaratish, sheʼr oʻqish, suhbatlar tashkil qilish — oʻquvchilarni
hamkorlikka undaydi. Guruh ichidagi muloqot kommunikativ kompetensiyaning
rivojlanishiga zamin yaratadi.

Vizual va multimediya vositalaridan foydalanish. Alohida taʼlim ehtiyojlari
boʻlgan oʻquvchilar uchun koʻrgazmali materiallar — rasmlar, piktogrammalar,
videolar juda samarali hisoblanadi. Bu vositalar orqali ular soʻzlarni aniqroq tushunadi
va oʻz fikrini ifoda qilishda yordamchi vositalardan foydalanadi.

“Savol-javob” va “Intervyu” metodlari. Oʻquvchilar juftlikda yoki guruhda
suhbat tashkil etish orqali savol berish va javob qaytarishni oʻrganadilar. Bu usul
muloqot madaniyatini, suhbat qurishda navbat kutish, fikrni qisqa va aniq ifodalash
koʻnikmalarini shakllantiradi.

Musiqa va ritmik mashgʻulotlar. Nutqiy faoliyatida qiyinchiliklari boʻlgan bolalar
uchun qoʻshiq aytish, sheʼr oʻqish, ritmik oʻyinlar ham samarali. Bunda bolalar
tovushlarni aniq talaffuz qilish, intonatsiyani tushunish va his qilishni oʻrganadilar.

Metodlarni qoʻllashda pedagogning roli muhim va ahamiyatlidir. Pedagog
kommunikativ metodlarni qoʻllashda oʻquvchilarning individual rivojlanish
xususiyatlarini hisobga olish, oʻquv muhitini qoʻllab-quvvatlovchi, ijobiy psixologik
muhit yaratish, ragʻbatlantirish va motivatsiya berish, nutqiy faoliyatni sodda
jumlalardan murakkabga qarab bosqichma-bosqich rivojlantirishga alohida eʼtibor
qaratishi zarur:

Pedagogik kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, inklyuziv sinflarda kommunikativ
metodlardan tizimli foydalanilganda, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilarda
nutqiy faollik oshadi, ularning ijtimoiylashuvi yengillashadi, oʻz-oʻzini ifoda etish
qobiliyati rivojlanadi, sinf jamoasida tolerantlik va hamkorlik muhiti shakllanadi.

Xulosa qilib aytganda, inklyuziv taʼlimda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan
oʻquvchilarning kommunikativ koʻnikmalarini rivojlantirish ularning taʼlim jarayonida
muvaffaqiyat qozonishlari, jamiyatga moslashuvlari va kelajakda mustaqil hayotga
tayyorlanishlari uchun zarurdir. Dialogik metod, rolli oʻyinlar, guruhli ishlash, vizual

371

vositalardan foydalanish, savol-javoblar va musiqiy-ritmik mashgʻulotlar eng samarali
metodlar sirasiga kiradi.

Pedagoglarning metodlarni toʻgʻri tanlashi, moslashtirilgan muhit yaratishi va har
bir oʻquvchining individual xususiyatini hisobga olishi kommunikativ kompetensiyani
samarali rivojlantirishga olib keladi. Shu tariqa, inklyuziv taʼlim nafaqat bilim berish,
balki jamiyatda muloqotga kirisha oladigan, oʻz fikrini erkin ifoda etadigan shaxsni
shakllantirishga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-oktabrdagi
“Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim berishga oid normativ-huquqiy
hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” gi 638-son qarori.
2. Vygotskiy L.S. “Pedagogik psixologiya.” – Moskva: Pedagogika, 1991.
3. UNESCO. (2020). Inclusion and Education: All means all. Global Education
Monitoring Report. Paris: UNESCO Publishing.
4. D.Nazarova. Zaif eshituvchi bolalarni inklyuziv taʼlimga jalb etish jihatlari/
“Himoyaga muhtoj guruhdagi bolalar va ularning oilalariga majmuaviy yordamning
samarali modeli-ularning jamiyatga ijtimoiylashuvini taʼminlash omili sifatida”
mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya/Samarqand. 2020
5. D.Nazarova. Inklyuziv taʼlim jarayonida qoʻllaniluvchi metodlar tavsifi /
Zamonaviy uzluksiz taʼlim sifatini oshirish: innovatsiya va istiqbollar” mavzusida
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya/TDPU2020
6. Axmedova D., Joʻraeva M. Inklyuziv taʼlim metodikasi. – Toshkent: Fan va
texnologiya, 2021.

372