ONGLI VATANPARVARLIK KOMPONENTLARINI TALABA-QIZLARDA
RIVOJLANTIRISH ZARURIYATI
https://zenodo.org/records/17732885
Xaydarova Raʻno Anvarovna,
TDShU katta oʻqituvchisi
Annotatsiya. Mazkur maqolada talaba-qizlarda ongli vatanparvarlikni
shakllantirish masalasi ijtimoiy-pedagogik nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Ongli
vatanparvarlik oddiy hissiyot emas, balki shaxsning fuqarolik ongini, milliy va
umuminsoniy qadriyatlarga munosabatini belgilovchi murakkab fenomen sifatida
yoritiladi. Tadqiqotda uning tarkibiy tuzilmasi mazmunan sharhlanadi. Shuningdek,
ushbu komponentlarni rivojlantirish omillari koʻrsatib beriladi.
Kalit soʻzlar: ongli vatanparvarlik, talaba-qizlar, motivatsion komponent,
kognitiv komponent, aksiologik komponent, xulqiy-amaliy komponent, tanqidiy
fikrlash, loyiha asosida taʼlim, soft skills, oila va mahalla.
Abstract.This article analyzes the issue of developing conscious patriotism
among female students from a socio-pedagogical perspective. Conscious patriotism is
presented not merely as an emotional feeling, but as a complex phenomenon that
defines an individualʼs civic consciousness, as well as their attitude towards national
and universal values. The study conceptually examines its structural components and
explains their essence. In addition, the article identifies the main factors contributing
to the development of these components.
Keywords: conscious patriotism, female students, motivational component,
cognitive component, axiological component, behavioral-practical component, critical
thinking, project-based learning, soft skills, family and community.
Bugungi globallashuv va raqamli axborot oqimlari sharoitida yosh avlodning
maʼnaviy-axloqiy qiyofasini shakllantirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda.
Xususan, sharq tillari filologiyasi yoʻnalishida tahsil olayotgan talaba-qizlar nafaqat til
va adabiyot bilimlarini egallaydi, balki turli xalqlarning tarixi, madaniyati va
qadriyatlari bilan bevosita tanishadi. Bu esa ularda milliy oʻzlik va fuqarolik
pozitsiyasini mustahkamlash, ongli vatanparvarlik fazilatlarini rivojlantirish
zaruriyatini kuchaytiradi.
Ongli vatanparvarlik oddiy emotsional hissiyot emas, balki shaxsning ijtimoiy
hayotda ongli tanlovi, fuqarolik burchi va qadriyatli yoʻnalishlarini oʻzida
mujassamlashtirgan murakkab fenomen sifatida talqin etiladi. Uning tarkibida
motivatsion, kognitiv, qadriyatli va amaliy komponentlar uygʻun holda namoyon
boʻladi. Shu bois, talaba-qizlarda ushbu komponentlarni rivojlantirish - ularning
intellektual salohiyatini, ijtimoiy faolligini va milliy gʻururini shakllantirishning
muhim pedagogik sharti hisoblanadi.
Mazkur maqolada talaba-qizlarda ongli vatanparvarlik komponentlarini
rivojlantirish zaruriyati ijtimoiy-pedagogik omillar nuqtai nazaridan asoslanadi hamda
zamonaviy taʼlim jarayonida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan nazariy va amaliy
yondashuvlar yoritiladi.
Ongli vatanparvarlik tushunchasi pedagogika, psixologiya va sotsiologiyada
shaxsning fuqarolik burchi, milliy qadriyatlarga munosabati va ijtimoiy faoliyatidagi
ongli tanlovlarini ifodalovchi murakkab fenomen sifatida talqin qilinadi. Bu
yondashuvda vatanparvarlik faqat hissiy kechinma emas, balki motivatsion, kognitiv,
qadriyatli va amaliy komponentlarning integratsiyasi orqali shaxs ongida
shakllanadigan tizimli sifatdir.
Sharq mutafakkirlari merosida ongli vatanparvarlikning nazariy ildizlari aniq
koʻrinadi. Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida jamiyat farovonligini
bilimli va axloqan barkamol fuqaro faoliyati bilan bogʻlab, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani
davlat taraqqiyotining sharti sifatida taʼkidlagan. Ibn Sino oʻzining “Kitob ush-shifo”
asarida taʼlim va tarbiyaning shaxs rivojidagi oʻrnini asoslab, maʼrifatli avlodni milliy
gʻurur va maʼnaviy mustahkamlikning tayanchi sifatida koʻrsatadi. Alisher Navoiy
asarlarida esa til va adabiyotga eʼtibor, milliy oʻzlikni anglash va madaniy merosga
hurmat orqali vatanparvarlik qadriyatlari shakllantiriladi.
Oʻzbek jadidchilik harakati namoyandalari ham yoshlar, ayniqsa ayollarni savodli
qilish orqali milliy uygʻonish va maʼnaviy mustahkamlash gʻoyasini ilgari surgan.
Ularning taʼlim va tarbiya haqidagi qarashlari bugungi kunda ham ongli
vatanparvarlikni rivojlantirish metodologiyasi uchun muhim nazariy asos boʻlib
xizmat qiladi
Zamonaviy yondashuvlarda esa ongli vatanparvarlikni shakllantirish tanqidiy
fikrlash bilan uzviy bogʻliq ekani taʼkidlanadi. Tanqidiy fikrlash jarayonida talabalar
ijtimoiy-siyosiy hodisalarga xolis baho berishni, milliy qadriyatlarni boshqa
madaniyatlar kontekstida anglashni, oʻz pozitsiyasini ongli ravishda asoslashni
oʻrganadi. Xaydarova R.A. tadqiqotida qayd etilganidek, pedagogika va psixologiya
fanlari orqali talaba-qizlarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish vatanparvarlikni
chuqurlashtiruvchi omil sifatida qaraladi
Bundan tashqari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar - loyiha asosida taʼlim,
interfaol metodlar va ijtimoiy faoliyatga yoʻnaltirilgan topshiriqlar talaba-qizlarda
ongli vatanparvarlikni rivojlantirishning samarali yoʻllari sifatida eʼtirof
etilmoqda.Chunki mazkur metodlar talabalarda mustaqil fikrlash, jamoaviy ishlash,
masʼuliyatli qaror qabul qilish kabi fuqarolik kompetensiyalarini kuchaytiradi.
Ongli vatanparvarlik mazmunini yanada chuqurroq anglash uchun uning tarkibiy
tuzilmasini koʻrib chiqish zarur. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ongli vatanparvarlik
quyidagi asosiy komponentlardan iborat:
➢ Motivatsion komponent - ongli vatanparvarlikning eng muhim poydevori - bu
shaxsning ichki motivlari va qadriyatli yoʻnalishlari bilan bogʻliq jihatlaridir. Vatanga
muhabbat, fidoyilik, masʼuliyat hissi shaxsning fuqarolik pozitsiyasini belgilab beradi.
Bu komponentda talaba-qizlar oʻz shaxsiy intilishlarini jamiyat oldidagi burch bilan
uygʻunlashtiradi. Masalan, Vatan ravnaqi uchun intilish nafaqat shaxsiy orzu, balki
ijtimoiy masʼuliyat sifatida qabul qilinadi. Shu bois motivasion komponent ongli
vatanparvarlikning emotsional-dinamik kuchini taʼminlaydi.
➢ Kognitiv component - kognitiv komponent bilim va intellektual salohiyat
bilan bogʻliq boʻlib, talabalarning milliy tarix, madaniyat, qonunchilik va zamonaviy
ijtimoiy jarayonlardan xabardor boʻlishini oʻz ichiga oladi. Talaba-qizlarda milliy
qadriyatlarni chuqur oʻrganish, huquqiy va mediamadaniyatni rivojlantirish ongli
vatanparvarlikni mustahkamlaydi. Shu orqali ular nafaqat milliy merosni qadrlaydi,
balki uni zamonaviy global jarayonlar kontekstida anglashga oʻrganadi.
➢ Aksiologik (qadriyatlarga oid) komponent - bu komponent shaxsning
qadriyatlar tizimi orqali namoyon boʻladi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarning
uygʻunligi talabalarda adolat, inson huquqlariga hurmat, tinchliksevarlik va madaniy
merosni asrash kabi fazilatlarni mustahkamlaydi. Shu sababli aksiologik komponent
ongli vatanparvarlikning maʼnaviy-axloqiy asosini belgilaydi. Talabalarda “mening
Vatanimga sadoqatim, shu bilan birga insoniyatga hurmatim” degan qarash
shakllanadi.
➢ Xulqiy-amaliy komponent - ongli vatanparvarlik faqat nazariya yoki histuygʻuda emas, balki konkret amaliy faoliyatda koʻrinishi kerak. Talabalarning
koʻngilli faoliyatda ishtiroki, turli ijtimoiy loyihalarda qatnashishi, jamoat ishlari orqali
faollashuvi bu komponentning asosi hisoblanadi. Shuningdek, fuqarolik masʼuliyati,
ekologik tashabbuslar, mahalla va taʼlim muassasalaridagi amaliy ishtirok ongli
vatanparvarlikni kundalik hayotiy tajribaga aylantiradi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, ongli vatanparvarlik shunchaki tabiiy
ravishda shakllanib qolmaydi. Uning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli roʻyobga
chiqarish uchun ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlar va maʼlum omillar zarur boʻladi.
Mazkur omillar shaxsning oilaviy muhitdan tortib, taʼlim tizimi va keng jamoatchilik
hayotigacha boʻlgan turli bosqichlarda faoliyatini belgilab beradi. Shu bois quyida
ongli vatanparvarlikni rivojlantirishda asosiy omillar sifatida oila va mahalla, maktab
hamda oliy taʼlim muassasalari, shuningdek zamonaviy pedagogik yondashuvlarning
roli koʻrib chiqiladi.
Oila - shaxsda milliy qadriyatlarni singdirishning dastlabki va eng muhim ijtimoiy
muhiti hisoblanadi. Ota-onalar farzandlarda Vatanga muhabbat, hurmat va sadoqatni
bolalikdan shakllantiradi. Mahalla esa oʻzining ijtimoiy-emotsional funksiyalari orqali
yoshlarni jamiyat hayotiga faol qoʻshadi. Jadidchilik harakatida ham aynan ayollar va
qizlarning savodxonligi jamiyatni yangilash va milliy uygʻonishning zaruriy sharti
sifatida koʻrilgan edi. Shu bois oila va mahalla uygʻunligida shakllangan fuqarolik
masʼuliyati ongli vatanparvarlikning poydevorini tashkil etadi.
Biroq oila va mahallada boshlangan bu jarayon maktab va oliy taʼlim tizimi orqali
izchil davom ettirilmasa, vatanparvarlik fazilatlari yetarlicha mustahkamlanmaydi. Shu
nuqtai nazardan, taʼlim muassasalari keyingi hal qiluvchi boʻgʻin sifatida alohida
ahamiyat kasb etadi.
Maktab davrida milliy qadriyatlarga oid dastlabki tasavvurlar shakllanadi, oliy
taʼlim muassasalarida esa bu jarayon intellektual va amaliy asoslarda chuqurlashadi.
Oʻzbekistonda xorijiy, xususan sharq tillarini oʻrganayotgan talaba-qizlar boshqa
madaniyatlar bilan bevosita tanishish jarayonida oʻz milliy qadriyatlarini chuqurroq
anglaydi va mustahkamlaydi. Universitet hayoti nafaqat bilim olish jarayoni, balki
ijtimoiy loyihalarda ishtirok, madaniy tadbirlar, ilmiy izlanishlar orqali ongli
vatanparvarlikni rivojlantirishga keng imkoniyat yaratadi.
Shunday qilib, taʼlim muassasalari nafaqat bilim beruvchi, balki ongli
vatanparvarlikni shakllantiruvchi ijtimoiy-pedagogik maydon sifatida namoyon
boʻladi. Bu jarayon samaradorligi esa zamonaviy pedagogik yondashuvlar - loyiha
asosida taʼlim, tanqidiy fikrlash va soft skills integratsiyasiga bevosita bogʻliqdir.
Zamonaviy pedagogik texnologiyalar ongli vatanparvarlikni rivojlantirishda
samarali vosita hisoblanadi. Masalan, loyiha asosida taʼlim (Project-Based Learning)
talabalarni real muammolarni hal qilishga jalb etadi, ijodkorlik va ijtimoiy faollikni
oshiradi. Tanqidiy fikrlash esa talabalarga madaniy, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni
ongli tahlil qilish imkonini beradi hamda vatanparvarlikni shunchaki hissiy qabul qilish
emas, balki ilmiy-nazariy asosda idrok etish koʻnikmasini shakllantiradi. Shu bilan
birga, kommunikativ koʻnikmalar, jamoada ishlash, yetakchilik va muammoni hal
qilish kabi soft skills talabalarning ijtimoiy faol fuqarolar sifatida shakllanishini
taʼminlaydi.
Demak, oila va mahallada boshlangan qadriyatlar taʼlim tizimida
mustahkamlanib, zamonaviy pedagogik texnologiyalar yordamida amaliyotga tatbiq
etilgandagina ongli vatanparvarlik toʻlaqonli shakllanishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ongli vatanparvarlik shaxsda oddiy hissiyot
darajasidan chiqib, fuqarolik ongini, milliy qadriyatlarga sodiqligini va ijtimoiy
faolligini belgilovchi kompleks sifatida namoyon boʻladi. Uning motivatsion, kognitiv,
aksiologik va xulqiy-amaliy komponentlari oʻzaro integratsiyada talaba-qizlarning
intellektual salohiyatini oshiradi, milliy gʻurur va fuqarolik masʼuliyatini
mustahkamlaydi.
Shuningdek, mazkur komponentlarning samarali shakllanishi tabiiy ravishda
emas, balki maqsadli pedagogik jarayon orqali yuzaga chiqishi mumkin. Oila va
mahalla qadriyatlarni singdirishning dastlabki muhitini taʼminlasa, maktab va oliy
taʼlim tizimi ularga nazariy va amaliy asos beradi, zamonaviy pedagogik
texnologiyalar esa yoshlarning ijtimoiy faolligi va mustaqil fikrlashini kuchaytiradi.
Demak, ongli vatanparvarlikni rivojlantirish koʻp omilli, bosqichma-bosqich va izchil
jarayon sifatida qaralishi zarur.
Xulosadan kelib chiqib, quyidagi tavsiyalarni berish mumkin:
1. Oila va mahalla bilan hamkorlikni kuchaytirish - yoshlarning maʼnaviy-axloqiy
tarbiyasida ota-onalar va mahalla yetakchilarining ishtirokini tizimli yoʻlга qoʻyish,
ular uchun maxsus maʼnaviy-maʼrifiy dasturlar ishlab chiqish.
2. Taʼlim muassasalarida ongli vatanparvarlikni shakllantirishga qaratilgan
integratsiyalashgan yondashuvlarni keng joriy etish – tarix, adabiyot, huquq va ijtimoiy
fanlarni loyihaviy topshiriqlar, tanqidiy fikrlash mashqlari bilan uygʻunlashtirish.
3. Zamonaviy pedagogik texnologiyalardan tizimli foydalanish - Project-Based
Learning, soft skills mashgʻulotlari va interfaol metodlarni muntazam tatbiq etish
orqali talabalarda fuqarolik masʼuliyati va ijtimoiy faollikni rivojlantirish.
Adabiyotlar roʻyxati:
1. Абу Наср Форобий. Фозил одамлар шаҳри. – Тошкент: Янги аср авлоди,
2017. – 320 б.
2. Беруний А. Танланган асарлар. II т. Ҳиндистон / А.Расулов,
Ю.Ҳакимжонов, Г. Жалолов тарж. – Тошкент: Фан, 1965. – 538 б.
3. Clark, R.C., Mayer, R.E. E-Learning and the Science of Instruction. – New
Jersey: Wiley, 2016. – P. 101–120.
4. Хайдарова Р.А. Влияние критического мышления на развитие
патриотизма // Inter Education & Global Study, ilmiy nazariy va metodik jurnal. –
2024, № 3(2). – B. 142–150.
5. Xaydarova R.A., Filologiya yoʻnalishi talaba-qizlarining vatanparvarligini
rivojlantirishda loyiha taʼlim texnologiyasidan samarali foydalanish // Oʻzbekiston
olimlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari. - 2025, № 1, B. 188–193.
6. Khaydarova R. Project-Based Educational Technology as a Method for
Developing Social Activity of Students // Intersections of Faith and Culture: American
Journal of Religious and Cultural Studies. – 2025. – Vol. 3, Issue 3. – P. 44–47.
7. Xaydarova R.A. Filologiya taʼlim yoʻnalishidagi talaba-qizlarda ongli
vatanparvarlikni rivojlantirishda loyihaviy faoliyatga tayangan metodik yondashuv //
Qoʻqon davlat pedagogika instituti ilmiy xabarlari. – 2025, № 7(С). – В.644-651.
8. Xaydarova R.A.Tanqidiy fikrlash va jadidchilik merosi asosida talabaqizlarda vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish // “Yangi Oʻzbekiston barpo etishda
jadidlar gʻoyalarining oʻrni” respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. –
Toshkent, 2025. – B. 97–101.