XORAZMSHOHLAR DAVRI TARIXI VA TARIXIY GEOEGRAFOIYASI
XORAZMSHOHLAR SALTANATINING TARIXIY-SIYOSIY
GEOGRAFIYASI
Raximov Sherbek Kamolovich
O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti
Maxsus fanlar sikli o‘qituvchisi, mayor
rahimovserbek305@gmail.com
Annotatsiya: Mazkur maqolada Xorazmshohiylar davlatining shakllanishi, siyosiy
va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, hamda uning tanazzuliga olib kelgan omillar
tahlil qilingan. Unda Anushteginiylar sulolasining (1097–1231) Xorazm, Eron va
Kavkazorti hududlarida o‘rnatgan hukmronligi, shuningdek, Qutbiddin
Muhammad, Otsiz, Alovuddin Takash va Muhammad Xorazmshohlarning davlatni
mustahkamlash yo‘lidagi faoliyati yoritib berilgan. Tadqiqot natijasida XII–XIII
asr boshlarini Xorazmshohiylar davlatining “oltin davri” deb atash mumkinligi
ilmiy jihatdan asoslangan.
Kalit so‘zlar: Xorazmshohiylar davlati, Anushteginiylar sulolasi, Otsiz,
Muhammad Xorazmshoh, Turkon xotun, Saljuqiylar, mo‘g‘ullar bosqini, madaniy
yuksalish, “oltin davr”.
Аннотация: В статье анализируются становление, политическое и
социально-экономическое развитие государства Хорезмшахов, а также
факторы, приведшие к его упадку. Особое внимание уделяется правлению
династии Ануштегинидов (1097–1231) в Хорезме, Иране и Закавказье, а
также деятельности хорезмшахов Кутбиддина Мухаммада, Атсыза,
Аловуддина Такаша и Мухаммада по укреплению государства. В результате
исследования научно обосновано называть XII – начало XIII веков «золотым
веком» государства Хорезмшахов.
Ключевые слова: Государство Хорезмшахов, династия Ануштегинидов,
Отсиз, Мухаммад Хорезмшах, Туркон-хатун, Сельджуки, монгольское
нашествие, культурный расцвет, «золотой век».
Abstract: This article analyzes the formation, political and socio-economic
development of the Khorezmshah state, as well as the factors that led to its decline.
It highlights the rule of the Anushteginid dynasty (1097–1231) in Khorezm, Iran,
and Transcaucasia, as well as the activities of Qutbiddin Muhammad, Atsiz,
Alovuddin Takash, and Muhammad Khorezmshahs in strengthening the state. As a
result of the research, it is scientifically justified to call the 12th–early 13th
centuries the “golden age” of the Khorezmshah state.
Keywords: Khwarazmshah state, Anushteginid dynasty, Atsiz, Muhammad
Khwarazmshah, Turkan Khatun, Seljuks, Mongol invasion, cultural prosperity,
“Golden Age”.
Xorazmshohiylar davlati tushunchasi asosan qadimiy va boy tarixga ega
Xorazm yurtiga nisbatan ishlatiladi. Geografik jihatdan nihoyatda qulay
joylashuvi, xalqaro karvon yo‘llari tutashgan markaz sifatida Xorazmni badavlat
va obod o‘lkaga aylantirgan. Bu zamin qadimdan madaniyat va hunarmandchilik
markazi sifatida mashhur bo‘lgan.
Xorazmshohlar davlatida Anushteginiylar sulolasi (1097–1231) hukmronlik
qilgan bo‘lib, ular faqat Xorazmda emas, balki Eron va Kavkazorti hududlarida
ham o‘z ta’sirini o‘rnatgan qudratli sulola edi. Ular qudratga kelishidan avval esa
Xorazm Saljuqiylar tasarrufida bo‘lgan.
Sulolaning asoschisi Anushtegin bo‘lib, uning davrida Xorazm gullabyashnagan, iqtisod va madaniyat rivoj topgan. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha,
XI–XII asrlarda bu o‘lkada temirchilik, kulolchilik, shishasozlik va qurilish kabi
kasb-hunarlar yuksak darajada rivojlangan. [Yuldosheva 2023:356]
Tarix sahifalariga nazar tashlasak, Xorazm hududi IX–X asr oxirigacha
Somoniylar davlatining tarkibida bo‘lgan. Biroq X asr oxiri va XI asr boshlariga
kelib, Xorazm hokimi Ma’mun I hamda uning o‘g‘li Ali ibn Ma’mun Somoniylar
davlati qulagach, mustaqil davlat barpo etish istagida harakat boshlaydilar. Ammo
o‘sha davrda Movarounnahrda qudratli Qoraxoniylar, Xurosonda esa kuchli
G‘aznaviylar hukmron edi. Shu bois Xorazm davlati ularning oldida ojiz bo‘lib,
ko‘pincha Mahmud G‘aznaviy va uning o‘g‘li Mas’udga qaram holda yashagan.
Keyinchalik G‘aznaviylar davlati inqirozga yuz tutib, Xurosonda Saljuqiylar
hukmronligi o‘rnatilgach, Xorazm dastlab mustaqil siyosat yuritishga urindi.
Ammo bu holat uzoqqa cho‘zilmadi – tez orada Xorazm Saljuqiylarga tobe bo‘lib
qoldi. Shunday bo‘lsa-da, xalqning qalbida mustaqillikka intilish kuchaydi, ular
o‘z davlatchiligini tiklash yo‘lida harakat boshladilar. [Saidboboyev 2010:112]
Xorazmning mustaqillik uchun kurashi XII asrning ikkinchi choragida
boshlangan. Ayniqsa, Saljuqiylar hukmdori Malikshoh davrida Xorazmni mustaqil
boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan sarkarda – Anushtegin o‘z sulolasiga asos
soldi. U turk qavmlaridan chiqqan bo‘lib, uning avlodlari – Qutbiddin Muhammad
(1097–1127) va Jaloliddin Otsiz (1127–1156) davrida Xorazm siyosiy jihatdan
kuchayib, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti yuksala bordi.
Anushteginiylar sulolasi tobora mustahkamlanar ekan, bu jarayonda
Qutbiddin Muhammad muhim rol o‘ynadi. Garchi u “Xorazmshoh” unvonini qayta
tiklab, nom qozongan bo‘lsa-da, aslida u hanuz Saljuqiylar davlatining sadoqatli
noibi sifatida faoliyat yuritgan.
Xorazmning to‘liq mustaqillikka erishish yo‘lidagi burilish esa uning
o‘g‘li – Otsiz (1127–1156) nomi bilan bog‘liq. U Sulton Sanjar tomonidan Xorazm
noibi etib tayinlangan bo‘lib, aynan uning davrida Xorazm o‘z siyosiy
mustaqilligiga yaqinlashgan edi. [Bobobekov 2007:65]
Xorazmshoh Otsiz dastlab otasi singari saljuqiylarga sadoqat bilan xizmat
qilgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, agar Otsiz hukmronligining dastlabki
davrida (1127–1138) u Sulton Sanjarga chin dildan itoat etgan bo‘lsa, keyingi
yillarda (1138–1156) u o‘zining azaliy orzusi – mustaqil Xorazm davlatini barpo
etishga erishgan. Otsiz mavjud imkoniyatlardan ustalik bilan foydalangan holda,
Xorazmshohlar davlatining hududini kengaytirish siyosatini boshlab berdi. U
tadbirkor hukmdor sifatida Sulton Sanjar farmonlariga bo‘ysunmay, Saljuqiylarga
qaram bo‘lgan bir qancha yerlarni o‘z tasarrufiga kiritdi. [Bobobekov 2007:66]
O‘rta asr tarixchilari – Rashididdin, Ibn al-Asir, an-Nasaviy va boshqalar
Otsiz faoliyatini yuksak baholab, uni “Saljuqiylar saltanatining ustunlaridan biri”
deb ta’riflaganlar.
Otsiz vafotidan so‘ng hokimiyat uchun kurashlar boshlandi. Bu kurashda
uning katta o‘g‘li Elarslon (1156–1172) g‘olib chiqib, taxtni egalladi. U otasining
siyosatini davom ettirib, ayniqsa Xuroson mintaqasiga katta e’tibor qaratdi. Ammo
hukmronligining so‘nggi yillarida Xorazm Qoraxoniylar va Qoraxitoylar bosqiniga
uchradi. Shu yurishlardan birida Elarslon kasallikka chalinib vafot etdi (1172).
Shundan so‘ng uning o‘g‘illari Alovuddin Takash va Sultonshoh Mahmud
o‘rtasida uzoq davom etgan taxt uchun kurashlar boshlandi. Nihoyat, 1172-yil
dekabrida Takash Qoraxitoylar malikasi Chen Tiyon yordami bilan rasman taxtni
egalladi. Biroq aka-uka o‘rtasidagi nizo yana bir muddat davom etdi. Takash o‘z
davrida faol istilochilik yurishlarini olib borib, Afg‘oniston va Eronning katta
qismini Xorazm qo‘liga kiritdi. Natijada Xorazmshohlar davlati hududi ikki
baravar kengaydi. U vafot etgach, o‘g‘li Muhammad Xorazmshoh (1200–1220)
taxtga chiqdi. [Matlyubov 2016:16]
Takash o‘z vorisiga markazlashgan, mustahkam davlat va qudratli qo‘shin
meros qoldirdi. Muhammad Xorazmshoh davrida esa davlat yanada yuksaldi va
Yaqin Sharqdagi eng qudratli saltanat darajasiga yetdi. Bu davrda Xorazmshohlar
davlati Kaspiy dengizidan Fors qo‘ltig‘igacha, Kavkazdan Hindikush tog‘larigacha
cho‘zilgan ulkan hududni o‘z ichiga olgan edi.
Davlatning poytaxti Urganch shahri bo‘lib, u Sharqning yirik madaniy va
savdo markazlaridan biriga aylandi. 1206-yildan boshlab Movarounnahrni
Qoraxitoylar qaramligidan ozod etish harakati boshlandi, 1210-yilda Talos vodiysi
jangida qoraxitoylar mag‘lubiyatga uchradi va Yettisuvgacha bo‘lgan yerlar
Xorazm tasarrufiga o‘tdi. [Matlyubov 2016:17]
Garchi Sulton Muhammad Xorazmshoh kuchli, markazlashgan davlat
hukmdori sifatida tanilgan bo‘lsa-da, tarixchilar ta’kidlashicha, u onasi Turkon
xotunning ta’siri ostida bo‘lgan. U onasiga qarshi hech qachon chiqmagan.
Tarixchi an-Nasaviy bu holni ikki sabab bilan izohlaydi:
- birinchidan, sulton onasining mehrini qadrlagan;
- ikkinchidan, mamlakatdagi amirlarning aksariyati onasining urug‘idan
bo‘lgan.
Turkon xotun “Jahon hokimi” degan yuksak laqab bilan tanilgan. Uning
shaxsiy muhrida shunday bitik yozilgan edi:“Ismat ud-dunyo vad-din Ulug‘
Turkon malika niso al-olamiyon”. Xorazmshoh saroyida 27 ta hukmdor va
ularning vakillari sadoqat ramzi sifatida itoat kamarlarini bog‘lab, oltin nog‘oralar
chalgan, davlat hukmdori esa “Iskandari Soniy” (Ikkinchi Iskandar) deb
ulug‘langan. Biroq tashqaridan qudratli ko‘ringan bu ulkan saltanat aslida ichki
jihatdan mustahkam emas edi. Natijada, bu davlat tashqi bosimga – ayniqsa,
mo‘g‘ullar bosqiniga bardosh bera olmadi. Muhammad Xorazmshoh o‘zidan keyin
o‘g‘li Jaloliddin Manguberdiga (1220–1231) parchalanib ketgan, kuchsiz saltanatni
meros qoldirdi. [Islomova 2023:132]
Tarixiy manbalarda Jaloliddin Manguberdi haqida ko‘plab ma’lumotlar
uchraydi. Ulardan eng to‘liq va ishonchlisi tarixchi Shahobiddin Muhammad
Nasafiy tomonidan yozilgan. 1231-yilda Jaloliddinning vafoti bilan nafaqat buyuk
lashkarboshi hayotdan ko‘z yumdi, balki xorazmshohlar unvoni va butun sulola
ham o‘z yakuniga yetdi.
Xorazm o‘zining eng yuksak taraqqiyot bosqichiga chiqqan, qudratli davlat
sifatida tanilgan paytda, uning atrofida qang‘li, qipchoq, turkman va tub xorazm
(sart) qabilalari birlashib, Bag‘dod xalifaligiga qarshi yurishga tayyorgarlik
ko‘rayotgan edi. Ammo aynan shu paytda, shafqatsiz Chingizxon boshchiligidagi
mo‘g‘ul lashkarlari Xorazm yerlariga vahshiylarcha bostirib kiradi. Tashqaridan
qudratli ko‘ringan bu davlat ichkarida chuqur qarama-qarshiliklar, nizolar bilan
zaiflashgan edi. Natijada, bu bosqin Xorazmshohlar davlatining tanazzuliga sabab
bo‘ldi va buyuk Xorazmshohlar sulolasi tarix sahnasidan butunlay chiqib ketdi.
Xorazm davlatchiligining rivojlanishida muhim burilish yasagan XII- XIII asr
boshlari davlatning tabir joiz bo‘lsa “oltin davri” bo‘ldi. Ushbu davr Xorazmda
anushteginiylar sulolasidan chiqqan chiqqan hukmdorlar Otsiz, Takash va Sulton
Muhammadxon Xorazmshoh mamlakatni boshqarishning yanada mukammal
tizimi, tartiboti va uslublarini yarata olganligi bilan yanada ahamiyatli hisoblanadi.
Shunga qaramasdan davlat sarhadlari naqadar bepoyon o‘lkalarga tutashib
ketmasin, biroq haqiqiy markazlashgan davlatchilik asoslari yaratilmadi. Xolisona
yondoshilsa, Xorazmshohlar davlati o‘z davrining ilm-fan va madaniyati rivoji
bilan avlodlar yodida o‘chmas iz qoldirdi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Yuldosheva 2023 – Yuldosheva B. IX–XIII asr boshlarida Movarounnahrdagi
ijtimoiy-iqdisodiy voqealar tarixiy-geografiyasi. Gospodarka i Innowacje. 41,
2023.
2. Saidboboyev 2010 - Saidboboyev Z. Tarixiy geografiya. – Toshkent. “Noshir”,
2010.
3. Bobobekov 2007 - Bobobekov X. O‘zbekiston tarixi. – Toshkent. “Fan”, 2007.
4. Matlyubov 2016 - Matlyubov A. 55 sulola tarixi. – Toshkent. “A.Navoiy”, 2016.
5. Islomova 2023 - Islomova S. IX-XIII asrlarda Movarounnahrning siyosiy-tarixiy
geografiyasi. Miasto Przyszłości, 41, 2023.
XORAZMSHOHLAR DAVRIDA TARIXIY GEOGRAFIYA
Muallif: Allaberganov Azizbek Saparboyevich Toshkent Davlat Tibbiyot
Universiteti, Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o’qituvchisi
azizbekallaberganov1985@gmail.com
Annotatsiya: Ushbu maqolada Xorazmshohlar davlati (XI asr oxiri – XIII asr
boshi) tarixiy geografiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqotda Xorazm vohasining tabiiy va
iqtisodiy-geografik xususiyatlari, davlat hududining kengayishi, hamda Amudaryo
va Kaspiy dengizi oralig‘idagi strategik joylashuvining ahamiyati yoritilgan.
Sug‘orish tizimlari, savdo yo‘llari va Urganch (Ko‘hna Urganch) kabi
shaharlarning Ipak yo‘lidagi o‘rni ko‘rsatib beriladi. Maqolada o‘rta asr arab va
fors manbalari — al-Biruniy, al-Istaxriy, Yoqut al-Hamaviy asarlaridan