OʻZBEK XALQ MAQOLLARIDA ARABCHA LEKSIKANING
QOʻLLANISHI VA SEMANTIK IMKONIYATLARI
Sharipova Ominaxon Ismogʻil qizi, Egamova Shoxida Djalilovna*
Oriental universiteti Arab filologiyasi ta’lim yoʻnalishi 502-guruh talabasi
*Ilmiy rahbar: f.f.n., dotsent
Annotatsiya. Ushbu maqolada oʻzbek paremiyologiyasida arabcha leksik qatlamning
shakllanishi, rivojlanish bosqichlari va funksional-semantik xususiyatlari tahlil qilinadi.
Shuningdek, oʻzbek xalq maqollari tarkibida uchraydigan arabcha oʻzlashmalar tematik
jihatdan tasniflanib, ularning ilm-ma’rifat, diniy tushunchalar, ijtimoiy hayot, insoniy fazilatlar
va boshqa semantik maydonlardagi qoʻllanishi misollar asosida koʻrsatib beriladi. Tadqiqot
natijalari arabcha qatlam oʻzbek paremiyologik fondining muhim tarkibiy qismi ekanini, u xalq
donishmandligi, axloqiy qadriyatlar va lingvokulturologik mazmunni ifodalashda alohida oʻrin
tutishini ilmiy asoslaydi.
Kalit soʻzlar: oʻzbek paremiyologiyasi, arabcha leksik qatlam, oʻzlashma soʻzlar, maqol
va matallar, tematik guruhlash, semantik tahlil, funksional xususiyatlar, lingvokulturologik
yondashuv, diniy terminlar, ilm-ma’rifat leksikasi, tarixiy til aloqalari, leksik tizim.
Аннотация. В данной статье анализируются формирование, этапы развития и
функционально-семантические особенности арабского лексического пласта в узбекской
паремиологии. Кроме того, арабские заимствования, встречающиеся в узбекских
народных пословицах, классифицируются с тематической точки зрения, а их
использование в науке, религиозных понятиях, социальной жизни, человеческих качествах
и других семантических областях показывается на примерах. Результаты исследования
научно обосновывают, что арабский пласт является важной составляющей узбекского
паремиологического фонда, занимает особое место в выражении народной мудрости,
нравственных ценностей и лингвокультурологического содержания.
Ключевые слова: узбекская паремиология, арабский лексический пласт,
заимствованные слова, пословицы и поговорки, тематическая группировка,
семантический анализ, функциональные особенности, лингвокультурологический подход,
религиозные термины, лексика науки и просвещения, исторические языковые связи,
лексическая система.
Annotation. This article analyzes the formation, developmental stages, and functionalsemantic features of the Arabic lexical layer in Uzbek paremiology. Additionally, Arabic
borrowings found in Uzbek folk proverbs are classified thematically, and their application in the
fields of science, enlightenment, religious concepts, social life, human qualities, and other
semantic fields is demonstrated through examples. The results of the study scientifically
substantiate that the Arabic layer is an important component of the Uzbek paremiological fund,
which plays a special role in expressing folk wisdom, moral values and linguocultural content.
Keywords: Uzbek paremiology, Arabic lexical layer, borrowed words, proverbs and
sayings, thematic grouping, semantic analysis, functional features, linguocultural approach,
religious terms, scientific and educational vocabulary, historical language relations, lexical
system.
Ma’lumki, Oʻrta Osiyoda arablar hukmronligi davrida oʻzbek va arab tillari oʻrtasida faol
til aloqalari shakllandi. Bu davrda arab tili davlat boshqaruvi, din, ilm-fan va rasmiy yozishmalar
tili sifatida keng qoʻllanildi. Natijada oʻzbek tili bir tomondan arablarning ogʻzaki nutqi bilan,
ikkinchi tomondan esa rivojlangan arab yozma adabiy tili bilan bevosita munosabatga kirishdi.
Arab tili mahalliy aholiga, ayniqsa, diniy va ilmiy sohalarda, majburiy tarzda oʻrgatildi
hamda asta-sekin ijtimoiy hayotning muhim tarkibiy qismiga aylandi. Shu jarayon natijasida
mahalliy aholi vakillari oʻz ona tili bilan bir qatorda arab tilida ham soʻzlashish va yozish
koʻnikmalarini egallay boshladilar.
Arablar Oʻrta Osiyoga kirib kelgach, hududda mavjud boʻlgan turkiy run yozuvi,
xorazmiy va sugʻd yozuv tizimlari asta-sekin siqib chiqarilib, ularning oʻrniga arab yozuvi joriy
etildi. Bu jarayon arab tili va yozuvining ijtimoiy-madaniy hayotdagi mavqeini yanada
mustahkamlab, uning ta’sir doirasini kengaytirdi.
Natijada arab tili nafaqat diniy, balki ilmiy va rasmiy muomala vositasi sifatida turkiy va
eroniy tillarga sezilarli darajada ta’sir koʻrsatdi. Oʻsha davrda madaniy saviyasi yuqori boʻlgan
oʻzbek va tojik xalqlarining vakillari ham mavjud ijtimoiy-siyosiy sharoit ta’sirida oʻz ilmiy va
badiiy meroslarini asosan arab tilida yaratishga majbur boʻldilar.
Shuni alohida ta’kidlash mumkinki, arab tilidan soʻz oʻzlashtirilishiga olib kelgan omillar
ichida quyidagilar muhim rol oʻynagan: a) arablar istilosi; b) islom dinining keng tarqalishi; d)
arab yozuvining qoʻllana boshlanganligi; e) madrasalarda arab tilining oʻqitilishi; f) turkiy-arab
ikki tilliligining (bilingvizmning) tarkib topganligi; g) olim-u fuzalolarning arab tilida ijod
qilganligi va b.[4]
Alisher Navoiy “Muhokamat-ul lugʻatayn” asarida arab tilining xususiyatlarini
quyidagicha ta’riflaydi: “Barchasidin arab tili fasohat oyini bila mumtoz va balogʻat taz’yini bila
moʻjiza tirozdurkim, hech takallum ahlining munda da’vosi yoʻqdur... (barchasidan arab tili
nafislik bilan ajralgan va badiiylik bezagi bilan moʻjiza koʻrsatuvchandirki, bunda hech bir til
ahllarining da’vosi yoʻq)”[1].
Til, falsafa va badiiy ijodning oʻziga xos hodisasi sifatida yuzaga kelgan xalq maqollari
folklorning ixcham shakli, ammo teran mazmunga ega boʻlgan bir janridir. Har biri tilimiz
koʻrkini, nutqimiz nafosatini, aql-farosat va tafakkurimiz mantiqini hayratomuz bir qudrat bilan
namoyish etgan va eta oladigan bunday badiiyat qirralari xalqimizning koʻp asrlik hayotiy
tajribalari va maishiy turmush tarzining bamisoli bir oynasidir[6].
Oʻzbek xalq maqollari tilining lugʻat tarkibida arab tilidan kirib oʻzlashgan soʻzlar
salmoqli oʻrin egallaydi. Ushbu leksik birliklarni mazmuniy-xususiyatlariga koʻra quyidagi
mavzuviy guruhlar asosida tasniflash mumkin:
1. Ilm–ma’rifat, madaniyat, ta’lim-tarbiya bilan bogʻliq nomlar [2]: ilm, qalam, kitob, fan,
ta’lim, maktab, dars, tarbiya, tahsil muallim, ma’rifat va boshqalar:
Bir sinalgan tajriba
Yetti kitobdan afzal.
Qalam kuchi farmon bilan,
Qilich kuchi darmon bilan.
Maktab - kema, ilm – dengiz.[6]
2. Joy-makon va zamon tushunchalarini anglatuvchi nomlar: davr, dunyo, tarix, asr, vaqt,
manzil, ariq, mahalla, maskan, olam, vatan, sahar, samo (osmon, falak), fasl, qal’a, tabiat,
sahro, arz (yer, zamin), magʻrib, mashriq, mamlakat, masjid, madrasa, subh (tong payti), dahr
(olam; dunyo), nahor (kunduz), ummon (dengiz, bahr) va boshqalar:
Vatani borning baxti bor,
Mehnati borning - taxti.
Olim aytgani – olam aytgani,
Podshoh aytgani - yurt aytgani.
Mamlakatning tayanchi din emasdir, adolat.
Vaqting ketdi - baxting ketdi.
3. Oy nomlari: hamal (qoʻzi), savr (hoʻkiz, sigir), javzo (egizak), saraton (qisqichbaqa),
asad (arslon), sunbula (bugʻdoy boshogʻi), mezon (tarozi), aqrab (chayon) qavs (yoy), hut (katta
baliq) va boshqalar:
Savr degan sonli qish,
Men javzongdan qoʻrqaman.
Saratonda suv qoʻy,
Asadda tek qoʻy.
Hamal kirdi - ekinlarga amal kirdi.
Asad - hosilingni yasat.
4. Antroponim va toponimlar: Abdulhakim, Gʻarb, Sharq, Yaman, Shom (joy nomi),
Luqmon, Ehrom, Majnun, Shirin, Xizr va boshqalar:
Abdulhakim ovga chiqdi,
Orqasidan gʻovgʻa chiqdi.
Qizil koʻrsa, Xizr yoʻldan chiqar.
Laylini koʻrish uchun
Majnunning koʻzi kerak.
Nasib etsa kelar Shom-u Iroqdin,
Nasib yitsa ketar qosh-u qoboqdin.
5. Xususiyat va belgi ifodalaydigan soʻzlar:
a) ijobiy xususiyat anglatuvchi soʻzlar: aziz, magʻrur, qimmat, saxiy, azamat, muqaddas,
halol, oliy, mashhur, odil va boshqalar:
Saxiy topsa, boʻlib yer,
Baxil topsa bosib yer.
Xon odil boʻlmasa, xonumonidan ayrilar,
Boy halol boʻlmasa, bor molidan ayrilar.
b) salbiy xususiyat anglatuvchi soʻzlar: zolim, baxil, qallob, harom, ahmoq, vahshiy,
yovvoyi, gʻofil, maxluq, munofiq, makkor, josus, maddoh, kazzob (yolgʻonchi) va boshqalar:
Bir soʻzning yuzi yoriq,
Munofiqning yuzi choriq.
Baxilning bogʻi koʻkarmas,
Koʻkarsa ham meva bermas.
Mol haromga chiqmoqchi boʻlsa, egasi sabab.
Ahmoqda aql boʻlmas,
Aqlli baxil boʻlmas.
v) muayyan holat xususiyatini anglatuvchi soʻzlar: miskin, xazin, magʻrur, yetim, faqir,
asir, muhtoj, raqib, xasta, majruh, zaif va boshqalar:
Amirning oshidan, faqirning mushti yaxshi.
Asir boʻlishdan oʻlim yaxshi.
Yetim, yetim demangiz, Yetim xaqqin yemangiz.
6. Mavhum tushuncha ifodalovchi soʻzlar: xayol, hayot, qadr, haq (chin, rost), balo, fikr,
nur (ziyo), alam, zulm, jahl, umr, gʻam, rohat, jafo, shafqat, sabr, xizmat, lazzat, matonat,
qasam, manfaat, muhabbat, hasrat, xato, haqiqat, qalb, quvvat, vafo, ishq, mehnat, fahm, odob,
maqsad, tole, ehson, insof, kayf-safo va boshqalar:
Bir nafaslik muhabbat,
Boshga keltirar ofat.
Sabr qilsang gʻoʻradan holva bitar.
Sabrsizlar oʻz oyogʻidan yitar.
Mehnat qilmay rohat topmas,
Urugʻ sepmay ekin oʻrmas.
7. Mansab, kasb–xunar, unvon va mashgʻullik tushunchalarini anglatuvchi soʻzlar: qozi,
sulton, jallod, soʻfi, mulla, hokim, dallol, hakim, tabib, kasb, imom, kotib, hoji, xodim, rais,
najjor (duradgor), olim, kosib, vazir, amir, qassob, fohisha, shayx (soʻfilar boshligʻi; eshon),
zohid (dunyoviy ishlardan yuz qaytarib, toat-ibodat bilan mashgʻul boʻlgan shayx), arbob
(amaldorlar), qalandar (darvesh), mufti, jallob (tuyoqli mol olib sotuvchi) va boshqalar:
Avom tabib – ofati jon.
Imom och qolsa, bozor kezar,
Soʻfi och qolsa - mozor.
Xotin – erning vaziri.
Jallob - turgan-bitgani qallob.
Mullaning aytganini qil,
Qilganini qilma.
8. Qush parranda va hayvon nomlari bilan aloqador soʻzlar: bulbul, hayvon, maymun,
qumri (kaptarlar turkumiga mansub qush), mol (yirik shoxli uy hayvonlari), tovus, aqrab
(chayon), sava va boshqalar:
Sava ishi sayramoq.
Hoʻkiz ishi xirmon yanchmoq.
Moʻminning chirmandasi yorilsa,
Gardishi maymunga oʻyinchoq boʻlar.
Gulsiz bulbul - unsiz bulbul.
0. Inson-shaxs tushunchasi bilan aloqador soʻzlar: inson, xalq, oila, jamiyat, ittifoq, odam, avlod,
qavm, xaloyiq, zavja (xotin), qabila, nikoh va boshqalar:
Xalq puflasa, boʻron boʻlur,
Uni kim tinchita olur.
Inson shuhrati – boylik,
Sogʻliq - ulugʻ boylik.
Odamning yuziga boqma, soʻziga boq.
9. Inson tomonidan yaratilgan narsa va hodisalar nomi: soat, sham, bino, atir, shakar, oyna,
qafas, sandiq, qulf, imorat va boshqalar:
Sandigʻi toʻla sepi boʻlguncha,
Yurak toʻla epi boʻlsin.
Basharang qiyshiq boʻlsa, oynadan oʻpkalanma.
Atir suvin sepgan bilan,
Sarimsoq xushboʻy hid bermas.
10. Kiyim-kechak va unga aloqador nomlar: libos, atlas, mato, jubba (shayxlar kiyadigan toʻn),
mandal (roʻmol), las (yuzi silliq gazlama) va boshqalar:
Atlas yamogʻi atlasga munosib,
Shol yamogʻi - sholga.
Qimmatbaxo toshlar va ular bilan bogʻliq tushunchalar nomi: dur, yoqut, sadaf, sikka (tamgʻa
urilgan kumush yoki oltin tanga) va boshqalar:
Har sadafdan dur boʻlmas,
Har kampirdan qiz boʻlmas.
Minnatli sikkadan beminnat chaqa yaxshi.
11. Oʻsimlik, daraxt va ular bilan aloqador tushunchalar nomi: sumbul (bir turli xushboʻy qora
rangli oʻsimlik), sumbula (boshoq), rayhon, shajar (daraxt), xurmo va boshqalar:
Baxilning yerida sumbul koʻkarmas.
Sumbul taqimda,
Yigit koʻzi unda.
Sumbula tugʻsa, suv sovir,
Tarozi tugʻsa, tong sovir.
12. Oʻlim bilan bogʻliq tushunchalar nomi: ajal, janoza, lahat, qabr, qazo, tobut va boshqalar:
Mushukning ajali kelsa arslon bilan oʻynashar.
Qalin bergandan keyin oʻlik kuyov ham tobutda yotmas.
Qazosi yetsa, qozi oʻlar.
13. Miqdor oʻlchov birliklari nomi: tanob (0,25 gektarga teng yer maydoni), qadam (70-80 sm
ga teng uzunlik oʻlchovi), misqol (4,8 grammga teng ogʻirlik oʻlchov birligi ) va boshqalar:
Dard botmonlab kelsa ham, misqollab chiqar.
Oʻzbek xalq maqollari tilida bulardan tashqari avom (oddiy savodsiz kishilar), a’mol
(amallar, ishlar), kasr (zarar, ziyon), magʻfirat (kechirish, yarlaqash, gunohidan oʻtish),
mujohid (din uchun kurashuvchi), luob (tupurik, soʻlak) kabi turli sohalarga oid arabiy lugʻaviy
birliklar ham qoʻllangan.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, arab tili uzoq asrlar davomida mintaqada din,
fan va davlat tili vazifasini bajargani sababli, oʻzbek paremiyalarining (maqol va matallarining)
lugʻat tarkibiga chuqur singib ketgan. Bu qatlam shunchaki oʻzlashma emas, balki tilimizning
ajralmas qismiga aylangan.
Arabcha soʻzlar maqollarda faqat diniy terminlar bilan cheklanib qolmay, ilm-fan (kitob,
maktab, dars), ma’naviyat (axloq, iymon, sabr), ijtimoiy hayot (vazir, hamyon, qarz) va tabiat
hodisalari (hamal, savr, falak) kabi oʻndan ortiq keng koʻlamli mavzuviy guruhlarni qamrab
oladi.
Maqollar tarkibidagi arabcha birliklar oʻzbek xalqining mentaliteti, diniy qarashlari va
falsafiy mushohadalarini ifodalashda yetakchi vosita boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, mavhum
tushunchalarni (baxt, qismat, ofat) aniq obrazlar orqali yetkazishda ushbu leksikaning semantik
yuklamasi yuqori ekani aniqlandi.
Tadqiq etilgan maqollar oʻzbek va arab xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik madaniy va
lingvistik aloqalarning koʻzgusi hisoblanadi. Arabcha qatlam oʻzbek paremiyologik xazinasini
boyitish bilan birga, maqollarning badiiyligi va emotsional ta’sirchanligini ta’minlovchi muhim
omil boʻlib xizmat qilmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. Oʻn besh tomlik. 14-tom (Muhokamat-ul
lugʻatayn). – Toshkent: Fan, 1967. – 106-b.
2. Begmatov E. Oʻzbek tili leksikologiyasi. – Toshkent: Fan, 1985.
3. Doniyorov R. Oʻzbek tili texnik terminologiyasi tarixidan. – Toshkent: Fan, 1977.
4. Jamolxonov H. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. – Toshkent, 2005.
5. Madayev O. Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi. – Toshkent: Oʻqituvchi, 2010.
6. Nizomiddinov M. Oʻzbek tilidagi arabcha oʻzlashmalar lugʻati. – Toshkent: Fan, 1991.
7. Oʻzbek xalq maqollari. Ikki tomlik. (Tuzuvchilar: T. Mirzayev, B. Sarimsoqov va b.). –
Toshkent: Fan, 1987–1988.
8. Shomaqsudov Sh., Shorahmedov Sh. Ma’nolar maxzani (Oʻzbek xalq maqollarining izohli
lugʻati). – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
9. Usmanova Sh. Lingvokulturologiya. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2014.