HURMAT KATEGORIYASINING PRAGMALINGVISTIK
XUSUSIYATLARI
Tulyaganova Dinara Iskandarovna
Oriental universiteti 1-kur magistranti
Annotatsiya. Mazkur maqola tilshunoslikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan
pragmalingvistikada hurmat kategoriyasining namoyon boʻlish qonuniyatlariga bagʻishlanadi.
Hurmat tushunchasi shunchaki grammatik koʻrsatkichlar majmuasi emas, balki muloqot
ishtirokchilarining ijtimoiy maqomi va ehtiyojlarini tartibga soluvchi murakkab pragmatik vosita
sifatida tahlil qilingan va nutqiy aktlar muvaffaqiyatiga ta’siri ilmiy dalillangan.
Kalit soʻzlar: pragmalingvistika, hurmat kategoriyasi, ijtimoiy deiksis, politess, illokutiv
maqsad, muloqotiy strategiya, presuppozitsiya.
Annotasion. This article is dedicated to the patterns of manifestation of the category of
respect in pragmalinguistics, which is one of the priority areas of linguistics. The concept of
respect is not merely a set of grammatical indicators, but is analyzed as a complex pragmatic
tool that regulates the social status and needs of communication participants, and its influence
on the success of speech acts has been scientifically proven.
Key words: pragmalinguistics, respect category, social deixis, politeness, illocutionary
goal, communication strategy, presupposition.
Аннотация. Данная статья посвящена закономерностям проявления категории
вежливости в прагмалингвистике, являющейся одним из приоритетных направлений
лингвистики. Понятие уважения проанализировано не просто как комплекс
грамматических показателей, а как сложный прагматический инструмент,
регулирующий социальный статус и потребности участников общения, и научно
доказано его влияние на успех речевых актов.
Ключевые слова: прагмалингвистика, категория уважения, социальный дейксис,
политесс, иллокутивная цель, коммуникативная стратегия, пресуппозиция.
Zamonaviy antropotsentrik tilshunoslikda til birliklarining muloqot jarayonidagi amal
qilish qonuniyatlarini oʻrganish markaziy oʻringa chiqdi. Xususan, hurmat kategoriyasi
pragmalingvistik tahlil obyekti sifatida oʻziga xos murakkablikka ega. An’anaviy tilshunoslikda
mazkur kategoriya koʻproq leksik-semantik va morfologik (masalan, egalik va shaxs-son
qoʻshimchalari) hodisa sifatida talqin etilgan boʻlsa, pragmalingvistik aspektda uning illokutiv
kuchi (soʻzlovchining maqsadi) va perlokutiv effekti (tinglovchiga ta’siri) birinchi darajali
ahamiyat kasb etadi. «Pragmatika» atamasi (yunoncha faoliyat, harakat ma’nosida) semiotika –
belgilarning umumiy nazariyasi asoschilaridan biri boʻlgan Ch.Morris tomonidan ilmiy
muomalaga kiritilgan43. Olim Charlz Pirs gʻoyalarini rivojlantirgan holda semiotikani uch
qismga ajratdi: 1) semantika – belgilarning voqelik obyektlariga munosabati toʻgʻrisidagi
ta’limot; 2) sintaktika – belgilar oʻrtasidagi munosabatni oʻrganish; 3) pragmatika – belgilarning
43 Моррис Ч.У. Из книги “Значение и означивание” // Семиотика. – М., 1983. – С. 118-132; Финн В.К.
Семиотика // Философский энциклопедический словарь. – М., 1983. – С. 601-602.
interpretatorlar, ya’ni belgilar tizimidan foydalanuvchilarga munosabati haqidagi ta’limot.
Shunday qilib, pragmatika real muloqot jarayonlarida belgilarning xatti-harakatlarini oʻrganadi44.
I.P.Susovning tahliliga koʻra, pragmatizm falsafasining asosiy tamoyili Ch.Pirsga tegishli
boʻlib, unga koʻra yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarga qarab qiymatni hisobga olish,
muvaffaqiyatga olib boruvchi va amaliy natija beruvchi faoliyatni tanlash nuqtayi nazaridan
koʻrib chiqilishi kerak. Interpretant, aynan, pragmatizm falsafasi nazarda tutgan vaziyatlarni
oʻziga singdiradi45.
Pragmalingvistikada hurmat kategoriyasining fundamental asosi sifatida P. Braun va S.
Levinson tomonidan ishlab chiqilgan “Xushmuomalalik nazariyasi” xizmat qiladi. Ushbu
nazariyaga koʻra, har bir ijtimoiy subyekt muloqotda oʻzining “yuz”ini (image) saqlashga
intiladi46. Bu nazariyaga koʻra hurmat kategoriyal birliklari ikki xil maqsadda ishlatiladi.
1. Ijobiy yuz (Positive face) ni ifodlash uchun: Shaxsning oʻz gʻoyalari va shaxsiyati
boshqalar tomonidan tan olinishi va ma’qullanishiga boʻlgan ehtiyoji. BU holatda maqsad
tinglovchi bilan umumiy aloqani kuchaytirishga qaratiladi. Xusuan, akademik doiralarda
hamkasblarga nisbatan domla, ustoz kabi ijtimoiy deyksisning qoʻllanilishi shaxsning ijtimoiy
“men” ini (ijobiy yuzini) qoniqtirishga xizmat qiladi.
2. Salbiy yuz (Negative face): Shaxsning mustaqilligi, harakatlari boshqalar tomonidan
cheklanmasligi va shaxsiy hududining daxlsizligiga boʻlgan ehtiyoji. BU nutqiy jarayonda
maqsad tinglovchining erkinligini cheklamaslik. Hurmat kategoriyasi bu yerda “toʻsiq”
vazifasini oʻtaydi. Iloji boʻlsa..., vaqtingiz boʻlsa..., qoʻlingizdan kelsa, kabi modal qurilmalar
tinglovchiga “yoʻq” deyish imkoniyatini qoldiradi. Bu ijtimoiy deyksisning masofalanish
funksiyasidir.
Hurmat kategoriyasi aynan mana shu ikki ehtiyojni muvozanatga solish, ya’ni “yuzga tahdid
soluvchi aktlar” (Face Threatening Acts – FTA) ni yumshatish funksiyasini bajaradi.
Hurmat kategoriyasining pragmatik mohiyati uning ijtimoiy deyksis bilan aloqadorligida
yaqqol koʻrinadi. Ijtimoiy deyksis muloqot ishtirokchilari oʻrtasidagi ijtimoiy masofani (social
distance) til vositalari orqali markirovka qiladi. Ijtimoiy deyksis – bu til birliklarining muloqot
ishtirokchilari oʻrtasidagi ijtimoiy iyerarxiya va masofani aks ettirish xususiyatidir. Hurmat
kategoriyasi esa ushbu tizimning ochiq ifodalanish shaklidir. Ijtimoiy deyksis faqatgina shaxsni
koʻrsatish emas, balki soʻzlovchi va tinglovchi oʻrtasidagi masofani va ijtimoiy mavqeyini ham
aks ettiradi. Oʻzbek tilining tabeatidan kelib chiqib yondashsak, siz olmoshi nafaqat hurmat,
balki ijtimoiy himoya vositasidir. Masalan, notanish shaxsga sen deb murojaat qilish – uning
ijtimoiy hududiga (salbiy yuziga) ruxsatsiz bostirib kirish hisoblanadi. Hurmat kategoriyasining
ijtimoiy deyksisda yuzga chiqishini quyidagi tahlillar asosida koʻrishimiz mumkin (Qarang: 1-
rasm).
44Madaminova M.S. Matn pragmatik tavsifida sintaktik birliklarning oʻrni. – T.: Bookmany print, 2023. – B. 5.
45 Сусов И.П. Лингвистическая прагматика. – М.: Восток-Запад, 2006. – С. 8; Сусов И.П. Семиотика и
лингвистическая прагматика // Язык, личность и дискурс. – Тверь: 1990. – С. 125-133.
46 Brown P., Levinson S.C. Politeness: Some Universals in Language Usage. – Cambridge University Press, 1987. –
P. 18.
Deyksis turi Lisoniy vositasi Ijtimoiy-psixologik natijasi
Hokimiyat Unvonlar, status nomlari (Janob Iyerarxik farqni qat’iylashtiradi.
deyksisi rais, Professor).
Birdamlik Qarindoshlik terminlari (Aka, Ijtimoiy masofani qisqartiradi,
deyksisi uka, amaki). ishonchni oshiradi.
Ishonch deyksisi “Siz baraka topkur”, “Siz Tinglovchining ijobiy yuzini
bilasiz” stimullaydi.
1-rasm. Hurmat kategoriyasining ijtimoy deyksisdagi pragmatik funksiyalari.
Hurmat kategoriyasi qaysi lisoniy irliklar bilan ifodalanishidan qat’iy nazar muloqot
jarayonida yuzaga chiqadigan hodisadir. Uning mohiyatidan kelib chiqib, ijtimoy deyksisni
yuzaga chiqarishdan vazifalari asosida quyidagicha tasnifladik.
1. Nisbiy deyksis: Bu soʻzlovchi va tinglovchi oʻrtasidagi farqni ifodalaydi. Masalan,
oʻzbek tilidagi murojaat shakllari (Siz/sen, ustoz, domla, janob) tinglovchining soʻzlovchiga
nisbatan ierarxik pogʻonada qayerda ekanligini belgilaydi. bu lisoniy birliklarning muloqot
ishtirokchilari oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlarni, iyerarxik masofani va statuslar nisbatini aks
ettiruvchi koʻrinishidir. Absolyut deyksisdan farqli oʻlaroq (bu yerda status oʻzgarmas, masalan:
prezident), relatsional deyksis subyektlarning bir-biriga nisbatan pozitsiyasiga qarab oʻzgaradi.
Soʻzlovchi va tinglovchi munosabati (Eng keng tarqalgan turi, masalan, oʻzbek tilidagi siz/sen
farqlanishi), soʻzlovchi va referent (uchinchi shaxs) munosabati ( uchinchi shaxs haqida
gapirganda unga nisbatan hurmat formalarini qoʻllash, masalan, u emas, ulari yoki ustoz),
soʻzlovchi va kuzatuvchi (auditoriya) munosabati (muloqotni chetdan kuzatayotgan shaxsning
mavqeyiga qarab til shaklining oʻzgarishi).
2. Absolyut deyksis: Jamiyatda oʻrnatilgan qat’iy unvonlar va ijtimoiy statuslarni
ifodalovchi birliklar. Bu lisoniy birliklarning muloqot ishtirokchilari oʻrtasidagi nisbiy
munosabatlarga (yaqinlik yoki uzoqlikka) bogʻliq boʻlmagan, balki shaxsning jamiyatdagi
barqaror ijtimoiy statusini ifodalovchi turi hisoblanadi. Nisbiy deyksisda shakllar vaziyatga
qarab oʻzgarsa, absolyut deyksisda shaxsning ijtimoiy unvoni yoki lavozimi muloqot
kontekstidan qat’i nazar oʻzgarmas saqlanadi. Absolyut deyksisning parametrlari soʻzlovchiga
yoki tinglovchiga yoʻnaltirilgan boʻladi.
Muloqot jarayonida hurmat shakllarining qoʻllanilishi quyidagi pragmatik maqsadlarga
yoʻnaltirilgan boʻladi:
A. Strategik yumshatish (mitigatsiya) da buyruq, rad javobi yoki tanqid kabi
"tajovuzkor" nutqiy aktlar hurmat koʻrsatkichlari yordamida yumshatiladi. Masalan, "Eshikni
yop!" (imperativ) akti oʻrniga "Iltimos, iloji boʻlsa, eshikni yopib qoʻysangiz" (interrogativprekativ) shaklining qoʻllanilishi tinglovchining "salbiy yuzi"ga boʻlgan bosimni kamaytiradi.
B. Ijtimoiy presuppozitsiya hurmat shaklini tanlash soʻzlovchining tinglovchi haqidagi
dastlabki bilimiga, ya’ni presuppozitsiyasiga asoslanadi. Agar soʻzlovchi tinglovchining
maqomini notoʻgʻri baholasa va notoʻgʻri hurmat formulasini tanlasa, muloqotning
muvaffaqiyatsizligi (pragmatic failure) yuzaga keladi.
D. Kontekstual transformatsiyada hurmat kategoriyasi doimo statik boʻlmaydi.
Muloqot jarayonida “Siz” dan “Sen” ga yoki aksincha oʻtish pragmatik ma’noga ega. Masalan,
yaqin munosabatdagi insonlarning toʻsatdan rasmiy hurmat shakllariga oʻtishi muloqotda
“sovuqlashish” yoki “norozilik” signali sifatida interpretatsiya qilinadi.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, hurmat kategoriyasi pragmalingvistikaning murakkab va
koʻp qirrali hodisasidir. U faqat etiket qoidalarini bajaribgina qolmay, balki muloqot
ishtirokchilari oʻrtasidagi ijtimoiy muvozanatni saqlaydi, nutqiy aktlarning illokutiv kuchini
modulyatsiya qiladi, madaniyatlararo muloqotda milliy-madaniy konnotatsiyalarni tashiydi.
Umuman, hurmat kategoriyasini oʻrganish muloqot samaradorligini oshirish va nutqiy hamkorlik
tamoyillarini chuqurroq anglash imkonini beradi. Qolaversa, hurmatni ifodalovchi kategorial
lisoniy birliklar xoh morfoligik, leksik yoki sintaktik vositalar boʻlishidan qat’iy nazar yoshni,
jinsni, ijtimoiy mavqeni va aytiladigan fikrning ijobiy yoki salbiy mazmunini aniqlash imkonini
beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Brown P., Levinson S.C. Politeness: Some Universals in Language Usage. – Cambridge
University Press, 1987. – 323 p.
2. Grice H.P. Logic and Conversation. – New York: Academic Press, 1975. – 179 p.
3. Сафаров Ш. Прагмалингвистика. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энсиклопедияси,
2008. – 320 б.
4. Сусов И.П. Лингвистическая прагматика. – Москва.: Восток-Запад, 2006. – 200 c.
5. Сусов И.П. Семиотика и лингвистическая прагматика // Язык, личность и дискурс. –
Тверь: 1990. – С. 125-133.
6. Madaminova M.S. Matn pragmatik tavsifida sintaktik birliklarning oʻrni. – Toshkent:
Bookmany print, 2023. – 101 b.