ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Alisher Navoiy merosida so‘z mas’uliyati va nutq odobi

Komilova Robiya Ravshanovna, Abdujabborova Yulduz Qahramon qizi, Egamova Shoxida Djalilovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ALISHER NAVOIY MEROSIDA SOʻZ MAS’ULIYATI VA NUTQ
ODOBI

Komilova Robiya Ravshanovna, Abdujabborova Yulduz Qahramon qizi, Egamova
Shoxida Djalilovna*

Oriental universiteti talabalari
Ilmiy rahbar: f.f.n., dotsent*

Annotatsiya. Ushbu maqolada Alisher Navoiyning muloqot madaniyatiga oid oʻgitlari
bugungi kunning komil insonini tarbiyalashdagi oʻrni tahlil qilinadi. Nutq madaniyati shaxsning
ma’naviy dunyosi, axloqiy yetukligi va jamiyatdagi mavqeini koʻrsatuvchi asosiy koʻzgu ekanligi
yoritib beriladi. Mutafakkir asarlarida ilgari surilgan gʻoyalarning yoshlar tarbiyasidagi
hayotiyligi, ularning soʻzlashuv mahoratini oshirish va milliy merosimizni e’zozlashdagi
ahamiyati ilmiy jihatdan dalillanadi.

Kalit soʻzlar: Alisher Navoiy, nutq madaniyati, muloqot odobi, komil inson, barkamol
shaxs, ma’naviy-axloqiy tarbiya, soʻz qudrati, milliy merosi, nutqiy kompetensiya, milliy
qadriyatlar, soʻz odobi.

Аннотация. В данной статье анализируется роль наставлений Алишера Навои о
культуре общения в воспитании совершенного человека современности. Подчёркивается,
что культура речи является главным зеркалом, отражающим духовный мир личности, её
нравственную зрелость и положение в обществе. Научно обосновывается жизненная
важность идей, выдвинутых в произведениях мыслителя, для воспитания молодёжи, их
значение в совершенствовании речевых навыков и уважении к нашему национальному
наследию.

Ключевые слова: Алишер Навои, культура речи, этикет общения, совершенный
человек, гармонично развитая личность, духовно-нравственное воспитание, сила слова,
национальное наследие, речевая компетенция, национальные ценности, речевой этикет.

Annotation. This article analyzes the role of Alisher Navoi's teachings on communication
culture in educating the perfect human being of today. It is highlighted that the culture of speech
is the main mirror that shows the spiritual world, moral maturity and position of a person in
society. The vitality of the ideas put forward in the works of the thinker in the education of young
people, their importance in improving their speaking skills and respecting our national heritage
is scientifically proven.

Keywords: Alisher Navoi, speech culture, communication etiquette, a perfect person, a
perfect personality, spiritual and moral education, the power of the word, national heritage,
speech competence, national values, speech etiquette.

Alisher Navoiy — xalqimizning buyuk farzandi, oʻz davrining yirik davlat va jamoat
arbobi, ulugʻ shoir hamda mutafakkirdir. U nafaqat badiiy ijod sohasida, balki adabiyotshunoslik
va tilshunoslik yoʻnalishlarida ham oʻlmas ilmiy meros yaratgan.

Xususan, oʻzbek adabiy tilining shakllanishi va taraqqiyotida beqiyos oʻrin tutgan alloma
sifatida u tilning soʻz boyligini kengaytirish bilan birga, uning cheksiz imkoniyatlarini ilmiy
asosda dalillab bergan. Navoiy oʻzining Muhokamat ul-lugʻatayn asarida turkiy tilning, jumladan

oʻzbek tilining fors tilidan qolishmasligini asosli dalillar bilan koʻrsatib, uning nihoyatda boy va
ifodaviy imkoniyatlarga ega til ekanligini isbotlaydi. Natijada, mutafakkirning mazkur qarashlari
oʻzbek tilining ijtimoiy-madaniy nufuzini yuksaltirishda muhim ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Alloma oʻzbek tilining cheksiz imkoniyatlarini undagi lugʻaviy vositalarning shakl va
mazmun munosabatini chuqur tahlil qilish orqali namoyon etadi. Xususan, eski oʻzbek tilidagi
soʻzlarning nozik semantik xususiyatlari — omonimiya, sinonimiya, antonimiya, koʻp ma’nolilik
hamda tasviriylik kabi hodisalarni ilmiy asosda yoritish orqali u keyingi avlodlar uchun muhim
ilmiy-nazariy manba yaratishga erishgan.

Alisher Navoiy butun ijodiy faoliyati davomida tilning sofligi, ravonligi, loʻndaligi,
aniqligi va ifodaviyligini ta’minlash gʻoyasini izchil ilgari suradi. Ijodkor tilga alohida e’tibor
bilan yondashib, uni insonni hayvonot olamidan ajratib turuvchi eng muhim belgi sifatida talqin
etadi hamda bu fikrni oʻz asarlarida takror-takror ta’kidlaydi:

Soʻzdurki, nishon berur oʻlikka jondin,
Soʻzdurki, xabar berur jonga jonondin.

Insonni soʻz ayladi judo hayvondin.
Yoki: Tangriki, insonni qilib ranji roz,
Soʻz bila hayvondin ancha imtiyoz.[2]
Mazkur baytlar Alisher Navoiyning soʻz qudrati va inson nutqiga boʻlgan yuksak
ehtiromini yaqqol namoyon etadi. Mutafakkir talqinida soʻz insonni hayvonot olamidan ajratib
turuvchi eng muhim belgi, uning ma’naviy olamini aks ettiruvchi asosiy vositadir.
Mutafakkir nutq odobini komil inson tarbiyasining ajralmas qismi sifatida koʻradi. Uning
fikricha, har bir inson oʻz soʻziga mas’ul boʻlishi, uni oʻrinli, mazmunli va ta’sirchan tarzda
qoʻllashi zarur. Soʻzning ortiqcha, nooʻrin yoki zararli qoʻllanishi inson sha’niga putur
yetkazadi, jamiyatda esa ma’naviy muhitning izdan chiqishiga sabab boʻladi. Shu bois Navoiy
nutqda ixchamlik, aniqlik, ma’nodorlik va muloyimlik tamoyillariga amal qilishni zarur deb
biladi.
Navoiy qarashlarida nutq odobi axloqiy me’yorlar bilan uzviy bogʻlangan. U rostgoʻylik,
samimiyat, hurmat va andishani soʻzlash jarayonining asosiy shartlari sifatida ilgari suradi.
Xususan, yolgʻon, gʻiybat, haqorat va qoʻpol soʻzlarni keskin qoralab, bunday nutq shakllari
insonning ma’naviy qashshoqligini ifodalashini ta’kidlaydi. Aksincha, goʻzal, oʻrinli va ma’noli
soʻz insonni yuksaltiradi, uning obroʻ-e’tiborini oshiradi hamda jamiyatda sogʻlom muloqot
muhitini shakllantiradi.
Shuningdek, Navoiy nutqning tarbiyaviy va estetik ahamiyatiga ham alohida urgʻu
beradi. Uning nazarida, badiiy soʻz nafaqat ma’no yetkazadi, balki tinglovchi yoki oʻquvchiga
estetik zavq bagʻishlaydi, uni fikrlashga undaydi va ruhiy kamolot sari yetaklaydi. Shu jihatdan,
nutq odobi nafaqat til me’yorlariga rioya qilish, balki soʻz orqali goʻzallik va ma’naviyatni ifoda
eta olish san’ati hamdir.
Shoir soʻzlash madaniyatini inson ichki dunyosining koʻzgusi sifatida baholab, ushbu
hayotbaxsh gʻoyani oʻzining bebaho adabiy merosiga chuqur singdirgan. Sharq mutafakkirlari
tomonidan axloq-odobning asosi sifatida e’tirof etilgan soʻzlash san’ati Navoiy ijodida yanada
yuksak darajada talqin etilib, oʻziga xos badiiy joziba va estetik zalvor kasb etadi.
Alisher Navoiy nazarida soʻz nihoyatda ulkan qudratga ega boʻlib, uning kuchi insonni
hayratga soladi. Shoir talqinida soʻz bu olamdagi barcha boylik va qimmatbaho ne’matlardan
ustun turadi. Biroq uning asl mohiyatini anglash va haqiqiy qiymatini belgilashda hatto nutq
egalari ham ojizlik qiladi. Bu fikrlar mutafakkirning quyidagi hikmatli qarashlarida oʻz ifodasini

topadi: “Soʻzning qudrati har qanday silsilalardan ustundir”, “Soʻz shunday gavharki, uning
martabasini aniqlashdan nutq egalari ojizdir”.
Аlishеr Nаvоiy mаyin, yoqimli, shirаli оvоz bilаn soʻzlаsh оdоbi hаqidа shundаy yozаdi:
“Soʻzni koʻnglungdа pishqоrmаgunchа tilgа kеltirmа, hаrnаkim koʻnglungdа boʻlsа, tilgа
surmа” [2].

Alisher Navoiy yaxshi soʻzning inson ruhiyati va jismoniy holatiga ijobiy ta’sir
koʻrsatishini alohida ta’kidlaydi. Uning talqinicha, yaxshi soʻz inson joniga ozuqa bagʻishlab,
tanani rohatlantiradi, hatto majoziy ma’noda oʻlik badanlarga ham hayotiy ta’sir oʻtkazadi.
Aksincha, yomon soʻz nafaqat tirik insonga ozor yetkazadi, balki uning kayfiyati va ruhiyatini
izdan chiqaradi. Shu orqali mutafakkir nutqda soʻz qoʻllash bilan bogʻliq odob-axloq
mezonlarining mohiyatini chuqur ochib beradi. Shoir ushbu qarashlari orqali insonni oʻz nutqiga
mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. U soʻz orqali yetkazilgan ma’naviy jarohatning ogʻir va
bitmasligini, aksincha, yaxshi soʻzning inson ruhiyatiga quvvat beruvchi, barqaror va uzoq
davom etuvchi ma’naviy ozuqa ekanligini alohida ta’kidlaydi. Alisher Navoiy oʻzining boy
adabiy-ilmiy merosida nutq madaniyati va soʻz odobiga alohida e’tibor qaratgan mutafakkir
sifatida namoyon boʻladi. U soʻzni insonni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi eng muhim
belgi, tafakkur va ma’naviyatning ifodasi deb baholaydi. Navoiy talqinida soʻz nafaqat aloqa
vositasi, balki insonning ichki dunyosi, axloqiy qiyofasi va ruhiy kamolotini namoyon etuvchi
asosiy mezondir: “Ogʻziga kelganni demoq — nodonning ishi, oldiga kelganni yemoq —
hayvonning ishi.”

Alisher Navoiyning katta hayotiy tajribalari asosida yaratilgan, pand-nasihat ruhidagi
Mahbub ul-qulub asarida inson va odamiylik, chin insoniy fazilatlar keng targʻib etiladi. Mazkur
asarda shoirning tilga va soʻzga munosabati, shuningdek, til orqali insonga yetadigan ijobiy va
salbiy oqibatlar haqidagi teran fikrlari hikmatlar va donolik namunalarida yorqin ifodasini
topgan.

Alisher Navoiy yolgʻonsoʻzlikni keskin qoralaydi. Uning ta’kidlashicha, yolgʻon soʻz
oxir-oqibat kishini sharmandali holatga olib keladi. Bu fikr shoirning quyidagi hikmatli soʻzida
ifodalanadi: “Har kimningki soʻzi yolgʻon — yolgʻonligi bilingach, uyatga qolgʻon”.

Shuningdek, mutafakkir yolgʻon soʻzni achchiq til bilan qiyoslab, bunday nutqning
zararli ta’sirini yanada kuchliroq ochib beradi: “Achchiq til nayzadek sanchiladi”. Bu orqali u
soʻzning nafaqat ma’naviy, balki ruhiy jarohat yetkazuvchi qudratini ham ta’kidlaydi.

Alisher Navoiy achchiq tilning nayzadek sanchilib, inson qalbiga chuqur jarohat
yetkazishini ta’kidlaydi. Uning talqinicha, yolgʻon soʻz ham xuddi shunday ma’naviy ozor
manbai boʻlib, inson ruhiyatiga salbiy ta’sir koʻrsatadi. Shu bois alloma chin soʻzni eng moʻtabar
qadriyat sifatida e’tirof etib, soʻzlarning mazmuniy va axloqiy jihatdan farqlanishini quyidagicha
izohlaydi: “Soʻzning bir-biridan farqi koʻpdir, ammo yolgʻondan yomonroq turi yoʻqdir”.

Alisher Navoiy soʻzning qudrati uning ifoda shakli orqali namoyon boʻlishini alohida
ta’kidlaydi. Shu bois shoir soʻzning turli koʻrinishlarini — yumshoq va qattiq, chuchuk va
achchiq, foydali va befoyda kabi turlarini nutqdagi qoʻllanishi nuqtai nazaridan tahlil etadi.

Mazkur qarama-qarshi tushunchalar soʻz qoʻllash madaniyatining muhim mezonlari
sifatida talqin etilib, shoir satrlarida oʻzining yorqin badiiy-ifodaviy aksini topgan:

Har kimki chuchuk soʻz elga izhor aylar,
Har nechaki agʻyor durur yor aylar.
Soʻz qatigʻi el koʻngliga ozor aylar,

Yumshogʻi koʻngillarni giriftor aylar.[4]

Antik davrlardan buyon notiqlik san’ati harbiy mahorat bilan bir darajaga qoʻyilgan. Bu
bejiz emas, zero qudratli qoʻshin kuchi bilan zabt etib boʻlmaydigan hududlar va xalqlarni soʻz
qudrati hamda mantiqiy tafakkur vositasida boʻysundirish mumkin. Аlishеr Nаvоiy:

Оlibmеn tахti fаrmоnimgʻа оsоn
Chеrik chеkmаy Хitоydin tо Хurоsоn. [1]
dеydi.
Cherik — lashkar va qoʻshin ma’nosini anglatuvchi qadimiy istilohdir. Hazrat Navoiy
hech qanday harbiy kuch ishlatmay turib, Xitoydan Xurosongacha boʻlgan keng sarhadlarni
qalam tebratish orqali ma’naviy jihatdan fath etgani bilan haqli ravishda faxrlanadi. Darhaqiqat,
shoirning ijtimoiy-siyosiy nufuzi va xalq qalbini zabt etish darajasi har qanday harbiy
sarkardadan yuksak boʻlgan. Zero, Sulton Husayn Boyqaro ham oʻzining maxsus risolasida ulugʻ
shoirning bu mislsiz qudratini e’tirof etib, uni “Soʻz mulkining sohibqironi” deya sharaflagan
edi.
Soʻzning sеhrigа, qudrаtigа, sаrkаrdа bаjаrа оlmаydigаn vаzifаni soʻz sоhibqirоni
uddаlаgаnligigа yanа bir hikоyatni misоl qilib kеltirish mumkin. Hikоyat mаzmunigа koʻrа
Husаyn Bоyqаrо uzоqdа shikоr bilаn mаshgʻul ekаn. Sаrоydа mаlikа оgʻir, bеtоb yotgаn ekаn.
Kunlаrdаn bir kuni mаlikа hаyotdаn koʻz yumibdi. Аmmо pоdshоhgа oʻlim хаbаrini еtkаzishgа
hеch kim jur’аt etmаbdi. Shundа sаrоy а’yonlаri soʻz sаrkаrdаsi Nаvоiygа murоjааt qilishibdi.
“Shоhgа shum хаbаrni еtkаzgаn kishi, shubhаsiz, jаzоgа mаhkum boʻlаdi. Mushkulni fаqаt
sizning tаdbirkоrligingiz, suхаndоnligingiz оsоn qilishi mumkin”, - dеyishibdi. Shundа Nаvоiy
bir sаtr shе’r yozib bеribdi. Uni chоpаr оrqаli Husаyn Bоyqаrоgа yеtkаzishibdi. Pоdshоh
oʻqibdi:
Sаrvigulning sоyasidа soʻldi gul, nеtmоq kеrаk? [2]
Husаyn Bоyqаrо dаrhоl misrаning mаzmunini tushunibdi. Hеch bir tаlvаsаgа
tushmаsdаn, vаzminlik bilаn shе’riy sаvоlgа shе’riy jаvоb yozibdi:
Sаrvidin tоbut yasаb, guldin kаfаn etmоq kеrаk![2]
Sаrоy аhli chоpаr kеltirgаn хаtni oʻqib, soʻzning qudrаtigа qоyil qоlishibdi, dаfn
mаrоsimigа kirishishibdi [5].
Buyuk mutafakkirning soʻzlash madaniyatiga doir qarashlari bugungi kunda barkamol
shaxsni ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy jihatdan tarbiyalashning muhim mezonlaridan biri sifatida
xizmat qilishi shubhasizdir.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, Alisher Navoiyning til va soʻzlash
madaniyatiga doir qarashlari inson ma’naviyati, axloqiy kamoloti hamda ijtimoiy muomalasining
muhim mezoni sifatida namoyon boʻladi. Mutafakkir soʻzning qudrati, uning inson ruhiyatiga
ijobiy yoki salbiy ta’siri, nutqda soʻz tanlash mas’uliyati kabi jihatlarni chuqur tahlil qilib, chin
soʻz, rostgoʻylik, yumshoqlik va ma’rifiylikni asosiy fazilat sifatida ilgari suradi. Shuningdek, u
yomon soʻz, yolgʻon va achchiq tilni keskin qoralab, bunday nutq inson qalbiga jarohat
yetkazishini ta’kidlaydi. Natijada, Navoiy talqinida soʻzlash madaniyati insonning insoniyligini
belgilovchi asosiy omillardan biri sifatida talqin etiladi. Demak, mutafakkir merosi bugungi
kunda ham barkamol shaxsni tarbiyalash, yosh avlodda nutq madaniyatini shakllantirish hamda
ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda muhim nazariy va amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. 8-jild. – T.: Fan, 1991. – 300 b.
2. Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. 14-jild. – T.: Fan, 1998. – 192 b.

3. Alisher Navoiy. Muhokamat ul-lugʻatayn. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – 160 b.
4. Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy (Gʻaroyib us-sigʻar). 1-jild. – T.: Fan, 1987. – 400 b.
5. Jumaxoʻja Nusratullo Atoullo oʻgʻli. Istiqlol va ona tilimiz. – T.: 1998. – 47-b.
6. Ortiqov A. Nutq madaniyati va notiqlik san’ati. – T.: Oʻqituvchi, 2002. – 120 b.
7. Qoʻngʻurov R., Begmatov E., Tojiyev Yo. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. – T.: 1992.
8. Rasulov R., Moʻydinov Q. Oʻqituvchi nutqi madaniyati va notiqlik san’ati. – T.: 2020.
9. Oʻrinboyev B., Soliyev A. Notiqlik mahorati. – T.: 1984.