OGAHIYNING “RIYOZU-D-DAVLA” ASARIDAGI BADIIY
NASR POETIKASI: RITMIK TUZILMALAR VA LAFZIY-
MA’NAVIY SAN’ATLAR UYGʻUNLIGI
Asqarova Zulayxo Yangiboyevna
Xorazm Ma’mun akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada Muḥammad Rizo Ogahiyning “Riyozu-d-davla” asaridagi
badiiy nasr poetikasi tahlil qilingan, uning ritmik tuzilmalari va lafziy-ma’naviy san’atlar
uygʻunligi koʻrsatib berilgan. Xorazm tarixnavislik maktabi vakillari, xususan, Munis va Ogahiy,
tarixiy voqealarni faqat faktologik tarzda emas, balki badiiy-estetik uslubda ifodalashi misollar
orqali tahlil qilingan. Maqolada “Riyozu-d-davla” asarining badiiy qimmati, xususan, maqruba
nazm-u nasr, saj’, tarse’ (tarsi’) va tanosub san’atlarining qoʻllanilishi orqali nasriy matnning
musiqiyligi va ritmik oʻqilishi, shuningdek, mazmuniy chuqurligi manbadan olingan adabiy
parchalar orqali asoslangan.
Аннотация: В данной статье проанализирована поэтика художественной прозы
в произведении Мухаммада Ризо Огахи "Риязу-д-давла," показана гармония его
ритмических структур и словесно-духовных искусств. Представители Хорезмской школы
историографии, в частности, Мунис и Огахи, анализируют исторические события не
только в фактологическом, но и в художественно-эстетическом стиле на примерах. В
статье художественная ценность произведения "Риязу-д-давла," в частности,
музыкальность и ритмическое чтение прозаического текста посредством использования
макруба поэзии и прозы, садж', тарсе' (тарси') и искусства танасуб, а также глубина
содержания, обоснованы литературными фрагментами, взятыми из источника.
Abstract: This article analyzes the poetics of prose in Muhammad Rizo Ogahiy's work
"Riyozu-d-davla," demonstrating its rhythmic structures and the harmony of verbal-spiritual
arts. Representatives of the Khorezm school of historiography, in particular, Munis and Ogahi,
express historical events not only in a factual way, but also in an artistic and aesthetic style. The
article substantiates the artistic value of the work "Riyazu-d-davla," in particular, the musicality
and rhythmic reading of the prose text through the use of maqruba nazm-u nasr, saj', tarse'
(tarsi') and tanosub arts, as well as the depth of content through literary excerpts taken from the
source.
Kalit soʻzlar: Ogahiy, Riyozu-d-davla, badiiy nasr, saj’, tarse’, Xorazm tarixnavislik
maktabi, ritmik tuzilmalar, lafziy-ma’naviy san’at.
Ключевые слова: Огахи, Риязу-д-давла, художественная проза, садж', тарсе',
Хорезмская школа историографии, ритмические структуры, словесно-духовное
искусство.
Keywords: Ogahiy, Riyozu-d-davla, literary prose, saj', tarse', Khorezm school of
historiography, rhythmic structures, verbal-spiritual art.
XIX asr Xorazm adabiy-madaniy muhiti oʻzbek mumtoz adabiyoti va tarixnavisligi
taraqqiyotida muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda yaratilgan tarixiy asarlar nafaqat
muayyan davr voqealarini qayd etuvchi manba sifatida, balki yuksak badiiy-estetik qimmatga
ega boʻlgan adabiy yodgorliklar sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Xorazm tarixnavislik
maktabining yirik namoyandalari boʻlgan Shermuhammad Munis va Muhammad Rizo Ogahiy
oʻz asarlarida tarixiy voqelikni oddiy xronologik bayon tarzida emas, balki badiiy tafakkur bilan
uygʻunlashgan holda ifodalashga intilganlar.
Xorazm tarixnavislik maktabi vakillaridan biri Muhammad Rizo Ogahiy “Riyozu-d-
davla” asarlarda tarixiy haqiqatni ifodalashda faqat quruq faktologiya bilan cheklanmagan.
Uning tarixiy asarlarida nasr va nazm chegaralarining “yuvilib ketishi”, nasriy matnning she’riy
ohang kasb etishi kuzatiladi. Mumtoz filologiyada bu hodisa maqruba nazm-u nasr (nazm va
nasr yaqinligi) deb ataladi va noyob badiiy san’atlardan sanaladi. Atoulloh Husayniy bu san’atga
shunday ta’rif beradi: “Maqruba nazm-u nasr andoq kalomdin iboratturkim, zohiran nasr boʻlur
va agar ba’zi soʻzlarin ajratib, ul soʻzlarning oxirgʻi harflarin keyingi jumlagʻa qoʻshsalar, ul
kalomni nazm tarzida oʻqimoq mumkin boʻlur. Mutaaxxirlar muni goʻzal deb hisob qilurlar va
koʻproq maktubu ruq’alarda ishlaturlar”. [1:90]
Ogahiyning “Riyozu-d-davla” asaridagi nasriy qismlar, ayniqsa, muqaddima va
boblarning boshlanish qismlari aynan shu san’at talablariga javob beradi. Muarrix voqealar
bayonida saj’ (qofiyadosh nasr) elementlaridan shu qadar mahorat bilan foydalanadiki, nasriy
jumlalarni kichik ritmik boʻlaklarga ajratib, she’r kabi oʻqish imkoniyati tugʻiladi. Masalan,
asarning xon vafoti va qalam tasviriga bagʻishlangan quyidagi oʻrniga e’tibor qarataylik:
“Mazomini bade’a ayvonining oromguzini, ma’oniyi rafe’a devonining sohibi nigini, ya’ni
xomayi badoye’ma’nus sahifa masnadigʻa julus qilib...” (RD, 252a).
Ushbu jumlani maqruba nazm-u nasr qonuniyatiga koʻra quyidagicha she’riy misralarga
ajratish mumkin:
Mazomini bade’a ayvonining oromguzini,
↕ ↕ ↕ ↕
ma’oniyi rafe’a devonining sohibi nigini, ya’ni xomayi badoye’ma’nus sahifa masnadigʻa
julus qilib...
Bu oʻrinda oromguzini va sohibi nigini soʻzlaridagi -ini orqali hosil qilingan saj’i
mutavoziy, shuningdek, ayvon va devon soʻzlaridagi ohangdoshlik nasriy matnga musiqiylik
bagʻishlagan. Ogahiy bu uslub orqali oddiy tarixiy jarayonni (kitob yozishga kirishishni) yuksak
badiiy tashbehlar (qalamning sahifa taxtiga oʻtirishi) bilan ifodalaydi. Shuningdek, Ogahiy ushbu
ritmik nasrni Qur’oni Karim oyatlaridan iqtibos keltirish orqali mantiqiy yakunlaydi. Matn
davomida Muhammad Rahimxonning vafoti tasvirlanar ekan, muarrix shunday yozadi: “...ul
kechakim, irodayi azaliy va mashiyyati lamyazaliy muqtazosicha qazo hukmigʻa rizo berib,
“vallāhu yad‘ӯ ilā dāri-s-salāmi” (Alloh (odamlarni) salom diyori (jannat)ga chorlaydi”,
“Yunus” surasi, 25-oyat) karimasin nidoyi xushnavosin some’ayi jon bila istismoʻ qilib...” (RD,
252a). Bu yerda nasriy matndagi azaliy, lamyazaliy kabi qofiyadosh soʻzlarning ritmik oqimi
oyatdagi ilohiy chorlov mazmuniga uygʻunlashib, asardagi pafosni kuchaytirgan.
Maqruba nazm-u nasr san’atining yana bir yorqin namunasini hukmdorning ov va sayr
tasviriga bagʻishlangan satrlarda koʻrish mumkin. Ogahiy nasrdagi ichki qofiyalar (tarse’) orqali
matnni zichlashtiradi: “Goho yigitlik muqtazosi va sipohiygarlik taqazosi bila... koʻngul
qabziyatining daf’i va badan sihhatining naf’i va zamon malolatining raf’i uchun...” (RD, 251b).
Ushbu matnni quyidagicha ritmik tuzilmada tahlil qilish mumkin:
Goho yigitlik muqtazosi va
sipohiygarlik taqazosi bila...
koʻngul qabziyatining daf’i va
badan sihhatining naf’i va
zamon malolatining raf’i uchun...
Bu oʻrinda muqtazosi – taqazosi hamda daf’i – naf’i – raf’i soʻzlari orasidagi
qofiyalanish (saj’i mutarraf) matnning oʻqilishini yengillashtiradi va ma’noni kuchaytiradi.
Ogahiy faqat shakl bilan cheklanmay, mazmunda ham murakkab tashbehlarni qoʻllaydi.
Masalan, xonning shikori (ovi) tasvirida “shikori jamshidiy dostonigʻa xatti butlon chekar erdi”
(RD, 251b) deyish orqali, xonning ovdagi mahorati afsonaviy Jamshid ovlarini ham yoʻqqa
chiqarishini (undan oʻtib ketishini) gʻuluv (mubolagʻa) san’ati orqali ifodalaydi.
Xorazm tarixnavislik maktabi vakillari, xususan, Munis va Ogahiy oʻz asarlarida tarixiy
voqelikni badiiy jihatdan yuksak saviyada ifodalash uchun mumtoz she’riyatga xos boʻlgan
noyob badiiy san’atlardan unumli foydalanganlar. Shulardan biri tarse’ (yoki tarsi’) san’ati
boʻlib, u nasriy matnning musiqiyligi va ritmik tuzilmasini mukammallashtirishga xizmat qiladi.
Mumtoz adabiyotshunoslikda ushbu san’atga berilgan ta’rif aytilishcha, “Aksar arab
fusahosining qavliga koʻra andin iboratturkim, ikki boʻlak kalomning, xoh nazm boʻlsun, xoh
nasr, har boʻlagidagʻi har bir lafz ikkinchi boʻlagidagi anga muqobil lafz bila vaznda teng
boʻlgʻay va oxirgi harfta muvofiq yoki yaqin boʻlgʻay. Ba’zilar yaqinliqni ham shart
qilmapturlar. Ammo ajam shuarosi nazdida lafzlarning oxirgʻi harfta muvofiq kelmagi
sharttur”.[1:90] Ogahiyshunos olim N.Jabborov ta’kidlaganidek, “Ogahiy nasrida qoʻllangan saj’
koʻp jihati bilan mumtoz she’riyatga xos tarse’ (tarsi’) san’atini eslatadi.”[4:27] Bu fikrni
“Riyozu-d-davla” asaridagi koʻplab oʻrinlar ham tasdiqlaydi. Muarrix tarixiy shaxslar va
voqealarni tasvirlashda soʻzlarni shunchaki ketma-ket tizmaydi, balki ularni vazn, qofiya va
ma’no jihatidan oʻzaro mutanosib juftliklar (muqobillar) shaklida joylashtiradi. Masalan,
asardagi Muhammad Rahimxonning taxtga oʻtirishi (julusi) tasviriga bagʻishlangan quyidagi
parchada tarse’ning mukammal namunasini koʻrish mumkin: “...xurshidi jahontob shahriyori
falaki rif’atintisob masnadida qaror tutgʻandek, hazrati sohibqironi sulaymonmakon tamkini
tamom bila saltanat avrangiga ohang qilib...” (RD, 253a).
Ushbu jumladagi soʻzlarning oʻzaro munosabatini (tarse’lanishini) quyidagi sxema
asosida tahlil qilish mumkin:
Xurshidi jahontob shahriyori...
↕ ↕ ↕
Hazrati sohibqironi sulaymonmakon...
Bu yerda xurshid – hazrat; jahontob – sohibqiron, shahriyor – sulaymonmakon soʻzlari
nafaqat vazn jihatidan, balki mazmunan ham bir-birini toʻldiruvchi, kuchaytiruvchi birliklar
sifatida qoʻllangan.
Ogahiy tarixiy nasrining oʻziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, muarrix matnni
shakllantirishda bir vaqtning oʻzida ham shakliy (tovush), ham ma’noviy (semantik) san’atlarni
uygʻunlashtiradi. Xususan, “Riyozu-d-davla” asaridagi Muhammad Rahimxonning taxtga
oʻtirishi tasvirlangan quyidagi parcha buning yorqin dalilidir: “...julusi sharofatma’nusi
yumnidin sipehri niliyrang avrangigʻa hamsang qildi va hukumat tojigʻa ibtihoji tamom bila
ragʻbat koʻrguzub, toraki muboraki nisbatidin oftobi olamtob afsarigʻa hamsar qildi...” (RD,
253a).
Ushbu matnda Ogahiyning soʻz zargari sifatidagi mahorati bir necha sathda namoyon
boʻladi:
Birinchidan, ohangdoshlik. Muarrix soʻzlarni shunday tanlaydiki, ular nafaqat vazn
jihatidan, balki tovush tarkibiga koʻra ham oʻzaro qofiyalanib, ichki ritmni yuzaga keltiradi.
Birinchi juftlikda avrang (taxt) va hamsang (koʻchma ma’noda: teng, barobar) soʻzlari
oʻrtasidagi -ang tovush birikmasi ohangdoshlik yaratgan. Ikkinchi juftlikda afsar (toj) va hamsar
(tengdosh, boshma-bosh) soʻzlaridagi -sar unsuri oʻzaro qofiyalanib, musiqiylikni ta’minlagan.
Bunday fonetik uygʻunlik (alliteratsiya va assonans) nasriy matnning oʻqilishini yengillashtiradi
va unga she’riy joziba bagʻishlaydi.
Ikkinchidan, ma’noviy mutanosiblik. Parchada tanosub (murootu-n-nazir) san’atining
murakkab silsilasi qoʻllanilgan. Ogahiy bir-biriga ma’no jihatidan yaqin yoki bogʻliq boʻlgan
soʻzlarni ikkita asosiy guruhga (semantik maydonga) ajratib, ularni parallel ravishda qoʻllaydi: a)
samoviy (kosmogonik) tushunchalar silsilasi: sipehr (osmon) – niliyrang (koʻk) – oftob (quyosh)
– olamtob (olamni yorituvchi); 2) saltanat (hokimiyat) ramzlari silsilasi: julus (taxtga oʻtirish) –
avrang (taxt) – hukumat – toj – torak (boshning tepa qismi, toj oʻrni) – afsar (toj).
Ogahiy ushbu ikki silsilani oʻzaro qiyoslash orqali hukmdorning martabasini yuksak
miqyosga koʻtaradi, ya’ni yerdagi avrang (taxt) – osmon – sipehrga hamsang (teng) qilib
koʻrsatiladi; hukmdor boshidagi toj (afsar) – koʻkdagi “oftob” (quyosh) bilan hamsar
(tengdosh; juft) darajasiga qoʻyiladi.
Demak, ushbu kichik parchada Ogahiy tarse’ vositasida shakliy goʻzallikni
(ohangdoshlikni), tanosub vositasida esa mazmuniy teranlikni (qiyos va mubolagʻani) bir
nuqtada birlashtira olgan. Bu esa “Riyozu-d-davla” asarining yuksak badiiy-estetik qimmatini
belgilovchi asosiy omillardan biridir.
Asarning boshqa bir oʻrnida Ogahiy vafot etgan xon (Muhammad Rahimxon) va uning
abadiyatga rihlati haqida soʻz yuritar ekan, yana tarse’ga murojaat qiladi: “Mazomini bade’a
ayvonining oromguzini, ma’oniyi rafe’a devonining sohibnigini...” (RD, 252a). Bu yerda
mazomin (mazmunlar) – ma’oniy (ma’nolar), bade’a (goʻzal) – rafe’a (yuksak), ayvon – devon,
oromguzin – sohibnigin juftliklari orqali muallif fikrni zichlashtirishga va emotsional
ta’sirchanlikka erishgan.
Xorazm tarixnavislik maktabi taraqqiyotida badiiy uslub, xususan, tarixiy voqelikni
ifodalashda til imkoniyatlaridan foydalanish masalasi muhim oʻrin tutgan. Bu jarayon bir tekis
kechmagan boʻlib, turli davrlarda muarrixlar oldiga qoʻyilgan talab va maqsadlardan kelib chiqib
oʻzgarib turgan. Xususan, Munis va Ogahiy tomonidan asos solingan yuksak badiiy uslub (saj’,
istiora va majozga boy til) keyingi davr muarrixlari, masalan, Muhammad Yusuf Bayoniy
tomonidan oʻziga xos tarzda tanqidiy baholangan. Bayoniy oʻzining “Shajarayi xorazmshohiy”
asarida ustozlarining uslubiga toʻxtalar ekan, shunday yozadi: “Munis mirob imtisolan liamrihi-loliy bir kitob boshlab, onda turluk hunar bila iboratlar yasab, majozu istiora sulukin masluk
tutub, andogʻ fasohatu balogʻatning dodin berdikim, mushohadasi mujibi hayrat erdi. Ogahiy
ham Munis mirobning birodarzodasi va dastparvardasi erdi va oning uslubida majozu istiora
bilan soʻz bayon etar erdikim, kalomini diqqati sababidin omma xalqi maolin fahm eta bilmas
erdilar.” [2:14]
Ushbu iqtibosdan koʻrinadiki, XIX asr Xorazm adabiy muhitida tarixni san’at darajasiga
koʻtarish, ya’ni “turluk hunar bila iboratlar yasash” tendensiyasi ustuvor boʻlgan. Biroq Bayoniy
bu uslubning murakkabligini, keng xalq ommasi uchun tushunarsizligini qayd etib, oʻz asarida
boshqacha yoʻlni tanlaganini ta’kidlaydi: “Bas, tamomi oboyi izom-u ajdodi kiromlarimizning
voqeotu holatlarin ilo yavmino hazo takallufoti munshiyonadin oriy bӯlgʻon iboroti
mutadovalaning zimnida majozu istioradin kanora tutub, iyjoz-u ixtisor bilan tarix sahifasiga
sabt etilgay, tokim ommayi atrok eshitgan hamono betaraddudi xotir fahmlagaylar.”[2:12]
Aynan shu nuqtada Ogahiyning “Riyozu-d-davla” asaridagi uslubiy oʻziga xoslik
namoyon boʻladi. Ogahiy uchun tarix – faqat faktlar bayoni emas, balki yuksak badiiy-estetik
hodisadir. Uning asarlaridagi “murakkablik” oʻziga xos ilmiy-badiiy funksiyani bajaradi.
Xususan, asar muqaddimalarida qoʻllanilgan davlatchilik terminologiyasi va diniy-falsafiy
mushohadalar uygʻunligi buni yaqqol koʻrsatadi.
“Riyozu-d-davla”ning an’anaviy hamd qismiga e’tibor qaratadigan boʻlsak, muallif
baroati istihlol (soʻz boshida maqsadga ishora qilish) san’atidan foydalangan holda, siyosiyijtimoiy atamalarni ilohiy qudrat tavsifiga singdirib yuboradi: “Moliku-l-mulkekim, mulki
bezavoli inqilobi zamondin nuqsonpazir ermas, Sohibu-l-qudratekim, qudrati loyazali andin
oʻzga hech kishiga dast bermas. Goho ojiznavoz lutfi notavonening qabzayi tasarrufigʻa ojizligʻ
vufuridin “tuʼti-l-mulka man tashāʼu” fahvosi bila jahon mulkigʻa sohibixtiyorligʻ topshurub,
shahriyorligʻ masnadigʻa mindurur, goho takabburgudoz qahri tavonoyening sari purgʻururidin
“va tanzi’u-l-mulka mimman tashāʼu” muaddosi bila mamlakatdorligʻ afsarin olib xorligʻ
sarhadigʻa yetkurur” (RD, 246a).
Ushbu parchada Ogahiy saj’ (qofiyadosh nasr) san’atidan mahorat bilan foydalanib, mulk,
inqilobi zamon, qabzayi tasarruf, jahon mulki, sohibixtiyorligʻ, shahriyorligʻ, masnad,
mamlakatdorligʻ, afsar (toj) kabi oʻnlab davlatchilik terminlarini qoʻllaydi. Lekin bu shunchaki
lugʻaviy boylik namoyishi emas. Muarrix Qur’oni karimning “Oli Imron” surasi, 26-oyatidan
iqtibos keltirish orqali, ya’ni “Sen xohlagan kishiga hukmronlik ato etursan” (tuʼti-l-mulka man
tashāʼu) va “xohlagan kishingdan hukmronlikni tortib olursan” (va tanzi’u-l-mulka mimman
tashāʼu) oyatlarini tarixiy kontekstga kiritib, hukmdorga quyidagi muhim gʻoyani uqtiradi:
1. Shoxlik – Allohning omonatidir, u doimiy emas.
2. “Takabburgudoz qahr” (kibrni erituvchi gʻazab) har qanday magʻrur shohni ham
“xorligʻ sarhadigʻa” tushirishi mumkin.
Demak, Ogahiy uslubidagi “murakkablik” va “badiiy bezak” aslida teran siyosiy-falsafiy
mazmunni ifodalashning eng maqbul vositasi boʻlgan. U oddiy faktlarni qayd etishdan koʻra,
tarix falsafasini yaratishga intilgan mutafakkir sifatida namoyon boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, Muhammad Rizo Ogahiyning “Riyozu-d-davla” asari Xorazm
tarixnavislik maktabining yuksak badiiy-estetik an’analarini oʻzida mujassam etgan muhim
adabiy-tarixiy yodgorlik hisoblanadi. Asarda tarixiy voqealar bayoni oddiy faktologik ifoda bilan
cheklanib qolmay, balki saj’, tarse’, tanosub, istiora, mubolagʻa kabi mumtoz badiiy san’atlar
vositasida chuqur poetik tizim asosida ifodalangan.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. Атоуллоҳ Ҳусайний. Бадойиъу-с-санойиъ. ‒ Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги
Адабиёт ва санъат нашриёти, 1981. ‒ Б. 400.
2. Баёний Муҳаммад Юсуф. Шажарайи Хоразмшоҳий. ‒ Тошкент: Ғ. Ғулом номидаги
Адабиёт ва санъат нашриёти, 1994. ‒ Б. 104.
3. Исҳоқов Ё. Сўз санъати сўзлиги. – Тошкент: Ўзбекистон, 2014. – Б. 328.
4. Муҳаммад Ризо Огаҳий. Риёзу-д-давла. // Абу Райҳон Беруний номидаги
Шарқшунослик институти қўлёзмалар фонди, № 5364, II. ‒ 355 б.
5. Муҳаммад Ризо Эрниёзбек ўғли Огаҳий. Асарлар. 3-жилд. Зубдату-т-таворих. ‒
Тошкент: Шарқ, 2019. ‒ Б. 256.
6. Рашид ад-Дин Ватват. Сады волшебства в тонкостях поэзии (Хадаик ас-сихр фи
дакаик аш-ши‘р). – Москва: Наука, 1985.