ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

O‘zbek tilining so‘z yasalish usullari xususida

Ismatillayeva Munisa, G‘aniyeva Lobar Sa’dulla qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

OʻZBEK TILINING SOʻZ YASALISH USULLARI XUSUSIDA

Ismatillayeva Munisa, L.Gʻaniyeva*
Oriental universiteti 1-kurs talabasi

*Ilmiy maslahatchi: PhD, katta oʻqituvchi

Annotatsiya. Mazkur maqolada oʻzbek tilida soʻz yasalishining derivatsion xususiyatlari
hamda uning asosiy usullari — affiksatsiya va kompozitsiya tahlil qilinadi. Soʻz yasalishining til
lugʻat boyligini oshirishdagi oʻrni yoritiladi. Shuningdek, tilshunoslikda munozaralarga sabab
boʻlayotgan affiksoid tushunchasi koʻrib chiqilib, turli olimlarning qarashlari qiyosiy asosda
tahlil etiladi.

Maqolada -xona, -noma, -obod kabi birliklarning lingvistik tabiati oʻrganilib, ularning
affiks yoki mustaqil leksik birlik ekanligi aniqlashtiriladi. Etimologik va semantik tahlil asosida
bu birliklar yordamida yasalgan soʻzlarni qoʻshma soʻzlar sifatida talqin qilish maqsadga
muvofiq ekani asoslanadi.

Kalit soʻzlar: derivatsiya, soʻz yasalishi, affiksatsiya, kompozitsiya, affiksoid, qoʻshma
soʻz, leksik birlik, morfema, semantik tahlil, etimologiya.

Аннотация. В данной статье анализируются деривационные особенности
словообразования в узбекском языке, а также его основные способы — аффиксация и
композиция. Особое внимание уделяется роли словообразования в обогащении
лексического состава языка. Рассматривается понятие аффиксоида, вызывающее
научные дискуссии, и сопоставляются взгляды различных ученых.

Анализируется лингвистическая природа таких единиц, как -xona, -noma, -obod, с
целью определения их статуса — аффикса или самостоятельной лексической единицы.
На основе этимологического и семантического анализа обосновывается
целесообразность трактовки слов с данными компонентами как сложных слов.

Ключевые слова: деривация, словообразование, аффиксация, композиция,
аффиксоид, сложное слово, лексическая единица, морфема, семантический анализ,
этимология.

Abstract. This article examines the derivational features of word formation in the Uzbek
language, focusing on its main methods—affixation and composition. Special attention is given
to the role of word formation in enriching the lexical system of the language. The concept of
affixoids, which remains a subject of debate in linguistics, is also discussed, and different
scholarly views are analyzed comparatively.

The study explores the linguistic nature of units such as -xona, -noma, and -obod in order
to determine their status as either affixes or independent lexical units. Based on etymological
and semantic analysis, the paper substantiates the interpretation of words formed with these
components as compound words.

Key words: derivation, word formation, affixation, composition, affixoid, compound
word, lexical unit, morpheme, semantic analysis, etymology.

Hammamizga ma’lumki, oʻzbek tilining lugʻat tarkibi doimo oʻzgarib, rivojlanib boradi.
Ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sohalarda paydo boʻlgan yangi-yangi tushunchalarni nomlash

ehtiyoji tufayli tilimizda yangi soʻzlar yuzaga keladi. Yangi soʻzlar ikki xil yoʻl bilan vujudga
keladi:

1. Har bir tilning oʻz ichki imkoniyati asosida.
2. Boshqa tillardan soʻz olish hisobiga.
Har bir tilning ichki imkoniyati asosida yangi soʻzlarning hosil qilinishida shu tilda oldin
mavjud boʻlgan soʻzga qoʻshimcha qoʻshish usuli yoki soʻz qoʻshish usuli katta ahamiyatga
ega.
Oʻzbek tili rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan Abdurauf Fitrat oʻzining “Sarf” asarida
“Tillarning boyimoqlarini, kengaymoqlarini qulaylashtirgʻan” soʻz yasash “yoʻli (arabcha
aytkanda, ishtiqoq yoʻli)dir”, – deb ta’kidlab oʻtgan.
Hozirgi oʻzbek adabiy tilida soʻz yasalishi mustaqil soha boʻlib, unda yangi soʻz
yasash usullari va soʻz yasalishi bilan bogʻliq hodisalar oʻrganiladi, tahlil etiladi va
amaliyotga tatbiq etiladi. “Soʻzga affiks qoʻshish bilan yangi soʻz hosil qilish affiksatsiya
usuli bilan soʻz yasalishi deyiladi: ishchi, sportchi, paxtakor. Oʻzbek tilida affiks qoʻshib soʻz
yasashdan tashqari, birdan ortiq oʻzakni (mustaqil ma’noli morfemani) qoʻshish orqali ham
yangi soʻz yasaladi. Soʻz yasashning bu usuli kompozitsiya usuli deyiladi. Kompozitsiya
usuli bilan qoʻshma soʻzlar yasaladi: oybolta, atirgul, har vaqt kabi”.80
Akademik Azim Hojiyev hozirgi oʻzbek tilida soʻz yasalishining eng faol usuli
sifatida affiksatsiya usulini ta’kidlab, bunda soʻz yasovchi affikslardan tashqari oʻz xususiyati
bilan affikslarga juda yaqin turadigan -xona, - noma, -xush, -obod kabi soʻz-affikslar ham
mavjud ekanligi va ularning tilda affiksoidlar nomi bilan yuritilishini aytib oʻtgan.81
Professor Shavkat Rahmatullayev esa “ Affiksoid deb asli leksik birlik boʻlib,
keyinchalik xuddi affiks kabi grammatik ma’no ifodalashga xizmat qilib, affiks kabi bir
necha leksemalarga qoʻshilib kelish xususiyatiga ega boʻlgan birlikka aytiladi”,– degan
fikrni ilgari surgan.
Tilshunos olim Azim Hojiyev asariga koʻra, -xona affiksoidi asosdan anglashilgan ish,
harakatga moʻljallangan joy ma’nosini bildiruvchi ot yasaydi: dars + xona, qabul + xona, ish
+ xona kabi. Professor Shavkat Rahmatullayev ham -xona affiksoidiga shunday ta’rif bergan.
Yuqorida keltirib oʻtilgan fikrlarga zid oʻlaroq “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”da
“Qoʻshib yozish” boʻlimining 38-bandida -xona affiksoidi soʻz ekanligi va qoʻshma ot
yasashi belgilab oʻtilgan: Xona, noma, poya, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz,
sifat, talab kabi soʻzlar yordamida yasalgan qoʻshma ot va qoʻshma sifatlar qoʻshib yoziladi:
qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat, orombaxsh,
kamquvvat, bugʻdoyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, suvtalab kabi”82.
Soʻz yasalishi masalalari oʻzbek tilshunosligida doimo muhokama markazida boʻlib
kelgan muhim nazariy yoʻnalishlardan biridir. Xususan, qoʻshma soʻzlar va affiksoidlar
muammosi bu borada turli yondashuvlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Ta’kidlab oʻtilgan
dalillarga tayanadigan boʻlsak, qabulxona, choyxona, darsxona, ishxona, ruxsatnoma,
talabnoma, tabriknoma kabi birliklarni qoʻshma soʻzlar sirasiga kiritish ilmiy jihatdan asosli
koʻrinadi. Chunki qoʻshma soʻzlar, odatda, birdan ortiq mustaqil ma’noli morfemalarning
birikishi natijasida hosil boʻladi va ularning tarkibiy qismlari alohida holda ham ma’no anglatadi.

80 A.Hojiyev. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. – T.: Oʻqituvchi, 1980. – B. 171.
81 Koʻrsatilgan manba: – B. 173.
82 Oʻzbek tilining kirill va lotin alifbolaridagi imlo lugʻati. – T.: Sharq, 1999, – B. 15.

Ma’lumki, sodda soʻz bilan qoʻshma soʻz oʻrtasidagi asosiy farq shundaki, sodda soʻz
tarkibida bitta mustaqil ma’noli morfema mavjud boʻladi, qoʻshma soʻz esa kamida ikki yoki
undan ortiq mustaqil leksik birliklarning birikishidan tashkil topadi. Shu nuqtai nazardan
qaraganda, yuqoridagi misollarda qatnashayotgan xona va noma komponentlari mustaqil leksik
birlik sifatida ham mavjud boʻlib, ular semantik jihatdan toʻliq qiymatga ega.

Biroq oʻzbek tilshunosligida bu masalaga nisbatan yagona qarash mavjud emas.
Jumladan, ayrim tadqiqotchilar, xususan, Azim Hojiyev, xona, noma kabi birliklarni affiksoid
sifatida talqin qilib, yuqoridagi soʻzlarni affiksatsiya usuli bilan yasalgan sodda soʻzlar qatoriga
kiritadi. Affiksoid tushunchasi esa, odatda, oʻzining dastlabki mustaqil leksik ma’nosini qisman
saqlagan, biroq grammatiklashuv jarayonida affiksga yaqinlashgan birliklarga nisbatan
qoʻllanadi.

Shu oʻrinda, “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari” ga murojaat qiladigan boʻlsak, unda
mazkur tipdagi birliklar koʻproq qoʻshma soʻz sifatida talqin etilishi kuzatiladi. Bu esa affiksoid
tushunchasining zarurati borasida savollar tugʻdiradi. Darhaqiqat, agar soʻz yasash jarayonida
mustaqil leksik birliklar faol ishtirok etib, yangi ma’no hosil qilayotgan boʻlsa, ularni alohida
affiksoid sifatida ajratish ilmiy jihatdan har doim ham oʻzini oqlamaydi.

Tilshunos Q.Sapayevning fikricha, oʻzbek tilida -xona, -noma, -obod kabi affiksoidlar
mavjud boʻlib, ular bilan bir qatorda xuddi shu shakldagi mustaqil soʻzlar ham ishlatiladi. Bu esa
mazkur birliklarning ikki tomonlama — ham leksik, ham soʻz yasovchi vosita sifatida faoliyat
yuritayotganini koʻrsatadi. Biroq bu holatni boshqacha talqin qilish ham mumkin: ya’ni soʻz
yasashda tayyor leksik birliklardan foydalanilib, kompozitsiya usuli orqali yangi soʻz hosil
qilinadi. Shunday ekan, tabiiy savol tugʻiladi: agar tilimizda mustaqil shaklda mavjud boʻlgan
soʻzlar yetarli boʻlsa, ularni nega alohida affiksoid sifatida talqin qilishimiz kerak?

“Oʻzbek tilining etimologik lugʻati” ma’lumotlariga murojaat qiladigan boʻlsak, noma
leksemasi tojik tilidan kirib kelgan boʻlib, “xat”, “yozma murojaat” ma’nolarini anglatadi. Xona
leksemasi ham tojik tiliga mansub boʻlib, “uy ichidagi alohida boʻlim”, “xona” ma’nosini
bildiradi. Obod esa tojikcha sifat boʻlib, “gullab-yashnagan, farovon” ma’nolarini ifodalaydi. Bu
ma’lumotlar mazkur komponentlarning dastlab mustaqil leksik birlik boʻlganini va hozirgi kunda
ham bu xususiyatini saqlab qolganini tasdiqlaydi.

Masalan, taklifnoma soʻzini tahlil qiladigan boʻlsak, u arabcha taklif (“chaqiriq”, “taklif
qilish”) va tojikcha noma (“xat”) komponentlaridan tashkil topib, “taklif xati” ma’nosini
anglatadi. Xuddi shuningdek, darsxona soʻzi arabcha dars (“saboq”, “oʻquv mashgʻuloti”) va
tojikcha xona (“boʻlim”, “joy”) birliklarining birikishidan hosil boʻlib, “dars oʻtiladigan joy”
ma’nosini ifodalaydi. Bu misollar mazkur birliklarning kompozitsiya usuli orqali yuzaga kelgan
qoʻshma soʻzlar ekanligini yaqqol koʻrsatadi.

Demak, etimologik va semantik tahlil natijalari ham ushbu birliklarni qoʻshma soʻz
sifatida talqin qilishni qoʻllab quvvatlaydi. Shu asosda xulosa qilish mumkinki, affiksoid
tushunchasini ortiqcha ravishda keng qoʻllash til tizimining murakkablashuviga, shuningdek,
nazariy jihatdan ikki xil talqinning yuzaga kelishiga olib keladi. Bu esa, ayniqsa, tilshunoslikni
oʻrganayotgan oʻquvchilar uchun ma’lum darajada tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi
mumkin.

Shu boisdan, bizning fikrimizcha, xona, noma, obod kabi birliklar yordamida hosil
qilingan soʻzlarni affiksatsiya emas, balki kompozitsiya (qoʻshish) usuli asosida yuzaga kelgan
qoʻshma soʻzlar sifatida talqin qilish maqsadga muvofiqdir. Bu yondashuv nafaqat ilmiy jihatdan
izchil, balki oʻzbek tilining ichki qonuniyatlariga ham mos keladi.

Foydalanilgan adabiyotlar
1. Erkaboyeva N. Oʻzbek tilidan ma’ruzalar toʻplami. – Toshkent: Navroʻz. 2016. – 400 b.
2. Fitrat A. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2006. – 336 b.
3. Hojiyev A. Oʻzbek tili soʻz yasalishi tizimi. – Toshkent, 2007. – 109 b.
4. Hojiyev A. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1980. – 207 b.
5. Oʻzbek tilining kirill va lotin alifbolaridan imlo lugʻati. – Toshkent: Sharq, 1999. – 368 b.
6. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati. I jild. – Toshkent: Universitet. 2000.
– 600 b.
7. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati. III jild. – Toshkent: Universitet. 2009.
– 268 b.
8. Rahmatullayev Sh. Hozirgi adabiy oʻzbek tili. – Toshkent: Universitet. 2006. – 475 b.
9. Sapayev Q. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. – Toshkent. 2006. – 290 b.