AHMET UMITNING DETEKTIV ROMANLARIDA INSON
RUHIYATINING BADIIY TALQINI
Karimova Shaxnoza Shuxrat qizi
PhD, TDSHU oʻqituvchisi
Annotatsiya. Mazkur maqolada 2000-yillardan keyingi turk romanchiligidagi poetik
oʻzgarishlar Ahmet Umit ijodi misolida tahlil qilingan. Tadqiqotda zamonaviy turk
adabiyotining globallashuv, urbanizatsiya, siyosiy va mafkuraviy jarayonlar ta’sirida
shakllangan yangi estetik xususiyatlari yoritilgan. Ahmet Umitning “Sis ve Gece” (“Tuman va
tun”) hamda “Kukla” (Qoʻgʻirchoq”) romanlari asosida detektiv janrning psixologik,
sotsiologik va falsafiy unsurlar bilan boyishi hamda inson ruhiyatining badiiy talqini tadqiq
etilgan. Shuningdek, yozuvchining detektiv janrni an’anaviy qoliplardan chekinga holda, uni
jamiyat va inson tabiatini ochib beruvchi badiiy vositaga aylantirgani koʻrsatib berilgan.
Kalit soʻzlar: Turk romanchiligi, Ahmet Umit, detektiv roman, psixologizm, zamonaviy
turk adabiyoti.
Аннотация. В данной статье на примере творчества Ахмета Умита
анализируются тематические и поэтические трансформации турецкого романа после
2000-х годов. В исследовании освещаются новые эстетические особенности современной
турецкой литературы, сформировавшиеся под влиянием глобализации, урбанизации,
политических и идеологических процессов. На основе романов Ахмета Умита «Туман и
ночь» и «Кукла» рассматривается обогащение детективного жанра психологическими,
социологическими и философскими слоями, а также художественная интерпретация
проблем человеческой психологии, отчуждения. Кроме того, показано, как писатель
выводит детективный жанр за рамки традиционных канонов, превращая его в
художественное средство раскрытия общества и человеческой природы.
Ключевые слова: Турецкий роман, Ахмет Умит, детективный роман, психологизм,
современная турецкая литература.
Abstract. This article analyzes the thematic and poetic transformations in Turkish novels
after the 2000s through the works of Ahmet Ümit. The study highlights the new aesthetic features
of modern Turkish literature shaped by globalization, urbanization, and political and ideological
processes. Based on Ahmet Ümit’s novels Sis ve Gece and Kukla, the research examines how the
detective genre is enriched with psychological, sociological, and philosophical layers, as well as
the artistic interpretation of human psychology. In addition, the article demonstrates how the
writer moves the detective genre beyond traditional patterns and transforms it into an artistic
means of revealing society and human nature.
Keywords: Turkish novel, Ahmet Ümit, detective novel, psychologism, modern Turkish
literature.
Kirish. Turk adabiyoti tarixida Orhan Pamukning Nobel mukofotini qoʻlga kiritishi
dunyo hamjamiyatida turk adabiyotiga boʻlgan qiziqishni yanada orttirdi. Bu oʻz navbatida turk
adabiyotining dunyo kitobxonlariga moslashuvini ham keltirib chiqardi. Xususan, roman janri
mazmun va shakl jihatidan yangi bosqichga kirdi. 2000-yillardan keyingi davr turk romanchiligi
ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, globallashuv jarayonlari, urbanizatsiya, ommaviy madaniyatning
kengayishi hamda raqamli kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi bilan chambarchas bogʻliq
holda shakllandi. Ushbu davr romanlarida an’anaviy realist tasvir usullaridan voz kechilib,
postmodern poetika, koʻp qatlamli bayon, matnlararo aloqadorlik, anaxronik va murakkab syujet
unsurlari, psixologik ichki monologlarga asoslangan yangi badiiy tafakkur yuzaga keldi. Turk
adabiyotining avvalgi bosqichlarida asosiy e’tibor milliy identitet, modernizatsiya muammolari
va jamiyat-realistik tendensiyalarga qaratilgan boʻlsa, 2000-yillardan keyingi romanlarda
individual ong, xotira, ruhiy begonalashuv, identitet inqirozi, tarixiy yuzlashuv va shaxsning
ichki parchalanishi markaziy mavzular sifatida namoyon boʻldi. Shu jihatdan mazkur davr turk
romanini faqat yangi mavzular emas, balki yangi estetik qarashlarning turli xil janrlarda
shakllanishi ham olib keladi. Bu davr yozuvchilari orasida Ayfer Tunch, Murat Uyurkulak,
Burhan Soʻnmez, Hasan Ali Toptash, Hakan Gunday, Ahmet Umit, Barish Bichakchi kabi
adiblar alohida oʻrin egallaydi. Ularning asarlarida tarixiy-ijtimoiy hamda individual qadriyatlar,
shahar va qishloq hayotininh qarama-qarshiligi, ruhiy begonalashuv hamda modern insonning
ma’naviy boʻshligʻi turli poetik shakllar orqali ifodalandi.
Mazkur adabiy jarayon va uning mahsuli bugungi kunda oʻzbek kitobxonlariga ham
begona emas. Bugungi kunga qadar oʻzbek kitobxonlari zamonaviy turk adabiyoti tamal toshini
otgan Namiq Kamol, Reshat Nuri Guntekin, Orhan Kamol, Sabahaddin Ali, Aziz Nesin kabi
atoqli yozuvchilar bilan bir qatorda Orhan Pamuk, Elif Shafak, Fotih Duman, Omina
Shanlioʻgʻli, Zulfu Livaneli kabi zamonaviy turk yozuvchilari asarlari bilan yaqindan tanishlar.
Yuqorida ismi qayd etilgan yozuvchilar bilan bir qatorda yangi turk adabiyotining bunyod
etilishiga oʻz hissasini qoʻshayotgan yozuvchilar detektiv janrining ustasi Ahmet Umit ijodi ham
alohida ahamiyat kasb etadi. Yozuvchining tarix, kriminal syujet, ijtimoiy qadriyatlar va
zamonaviy inson psixologiyasini uygʻunlashtirgan holda turk detektiv romanchiligida oʻziga xos
yoʻnalishi oʻzbek kitobxonlari uchun yangilik sifatida e’tibor tortishi mumkin.
“Adabiyotning asosiy maqsadi inson ruhiyatini ochib berishdir”85, deb ta’kidlagan
yozuvchi Ahmet Umit 1960 yilda Gaziantep shahrida tugʻilgan. Otasi gilam savdosi bilan
shugʻullangan boʻlsa, onasi tikuvchilik qilgan. Koʻp farzandli oilada ulgʻaygan yozuvchining
bolalik davri keyinchalik uning asarlaridagi ijtimoiy muhit tasvirlariga ham ma’lum darajada
ta’sir koʻrsatgan. U dastlab Gaziantep Otaturk litseyida tahsil olgan. Keyingi ta’limini
Diyorbakirning Ergani tumanida davom ettiradi. Bu davr oʻz navbatida yozuvchining
dunyoqarashi shakllanishida muhim oʻrin tutadi. Yozuvchining bolalik yillari Turkiyada
mafkuraviy qarama-qarshiliklar keskinlashgan yillar boʻlib, yosh avlod ongida siyosiy va
ijtimoiy masalalarga nisbatan faol munosabatni shakllantirgan edi. 1979 yili Ahmet Umit
Istanbulga kelib, Marmara universitetining Davlat boshqaruvi fakultetida tahsilini davom
ettiradi. 1980-yillarda Turkiyada harbiy rejim hukmron boʻlgan murakkab siyosiy muhit
yozuvchining faoliyatiga ham bevosita ta’sir qiladi. Aynan shu davrda yozilgan bir hisobot uning
ilk hikoyasi sifatida Pragada chop etilgan “Barış ve Sosyalizm Sorunları” jurnalida qirq xil tilda
nashr qilinadi. Ushbu hisobot Ahmet Umitning adabiy faoliyatidagi dastlabki muhim
qadamlardan biri boʻldi. Yozuvchi 1986 yilgacha Moskva Ijtimoiy fanlar akademiyasida tahsil
oladi. Moskva davri Ahmet Umit ijodiy tafakkurining shakllanishida muhim bosqich boʻlib,
85 Ahmet Ümit: “Edebiyatın asıl amacı insan ruhunu anlamaktır.” nomli suhbatdan olingan.
https://oggito.com/icerikler/ahmet-umit-edebiyatin-asil-amaci-insan-ruhunu-anlamaktir-/4618
keyinchalik yozilgan “Kar Kokusu” (“Qor qoʻrquvi”)86 romanida ushbu siyosiy va mafkuraviy
muhit keng yoritiladi.
Yozuvchi 1989 yildan boshlab butun e’tiborini adabiyotga qaratadi. Dastlab she’riyat
bilan shugʻullangan yozuvchi “Sokağın Zulası” nomli she’riy toʻplamini nashr ettiradi. Uning
she’r, hikoya va maqolalari turli adabiy nashrlarda chop etila boshlaydi. 1992 yilda “Çıplak
Ayaklıydı Gece” hikoyalar toʻplamining nashr etilishi Ahmet Umitning turk kitobxonlari orasida
tanilishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, 1990-yillardan boshlab yozuvchi detektiv janrga jiddiy
murojaat qila boshlaydi va shu yoʻnalishda oʻziga xos uslub yaratishga muvaffaq boʻladi.
Ma’lumki, XX asrning ikkinchi yarmi hamda XXI asr boshlarida jahon adabiyotida
detektiv janrning rivojlanishi yangi bosqichga koʻtarilgan. Jamiyatdagi siyosiy oʻzgarishlar,
mafkuraviy qarama-qarshiliklar, urbanizatsiya jarayonlari va inson ruhiyatidagi
murakkabliklarning kuchayishi natijasida detektiv adabiyot oddiy jinoyat voqealarini
tasvirlovchi janr boʻlib qolmay, balki ijtimoiy, psixologik va falsafiy mazmun kasb etgan badiiy
yoʻnalishga aylangan. Gʻarb adabiyotida shakllangan bu janr turk adabiyotiga dastlab mashhur
asarlarning tarjimalari orqali kirib keladi. Turk adabiyotidagi ilk detektiv asar esa Ahmad Mitxat
Afandining “Esrâr-ı Cinâyât” (“Jinoyat sirlari”) asari hisoblanadi. Detektiv janrini kitobxonlar
orasida ommalashtirgan yozuvchi esa Peyami Safa hisoblanib, uning Cingoʻz Rejai obrazi
mashhurligi borasida Agata Kristining Puarosidan ortda qolmaydi.
Janr Najip Fozil Kisakurek, Nozim Hikmat, Holida Adib Adivar, Kamol Tahir, Pinar Kur
kabi yozuvchilar ijodi orqali Sharq adabiy muhitiga ham kirib kelib, turk milliy adabiyotining
estetik talablari asosida yangi koʻrinish olgan. Turk adabiyotida detektiv janri deganda Ahmet
Umit nomi alohida ahamiyat kasb etadi. Yozuvchi turk detektiv adabiyotini yangi bosqichga olib
chiqib, uni siyosiy, psixologik va falsafiy mazmun bilan boyitishga muvaffaq boʻldi. Yozuvchi
ijodi orqali uzoq vaqt davomida turk adabiyotida chuqur badiiylikka ega boʻlmagan janrni
klassik detektiv roman qoliplarini saqlagan holda ijtimoiy va psixologik mazmun yuklash orqali
badiiyligini orttiradi. Uning romanlarida jinoyat voqealari oddiy tergov jarayoni emas, balki
inson ruhiyatini ochib beruvchi vosita sifatida namoyon boʻladi.
Detektiv janrining badiiy xususiyatlari Stiven Van Dayn tomonidan ilgari surilgan
tamoyillar klassik detektiv janrining shakllanishida muhim mezonlardan biri sifatida qaraladi.
Unga koʻra: “Detektiv asarda sevgi munosabatlari asosiy oʻringa chiqmasligi, fantastik
unsurlardan foydalanilmasligi, uzun tasvir va detallarga ortiqcha oʻrin berilmasligi kerak.
Shuningdek, maxfiy tashkilotlar, mafioz tuzilmalar yoki xalqaro mojarolar detektiv syujet
mohiyatini susaytirishi hamda janrdagi jinoyat asosan shaxsiy ziddiyatlarga tayangan holda
qurilishi lozim boʻlib, voqea yechimida jinoyatning tasodif yoki oʻz joniga qasd ekanligi yuzaga
chiqishi detektiv asar mohiyatiga toʻgʻri kelmaydi87”. Shuni ta’kidlash joizki, har bir detektiv
asar mazkur qoidalarga toʻliq boʻysunmaydi, aksincha, janrning oʻziga xosligi aynan shu
me’yorlarni qayta talqin qilish yoki ularga boʻysunmaslik orqali namoyon boʻladi. Shu bois
detektiv adabiyot bir tomondan qat’iy kompozitsion tizimga ega boʻlsa, ikkinchi tomondan
doimiy ravishda yangilanib boruvchi, dinamik va ochiq janr sifatida namoyon boʻla oladi.
Ahmet Umitning “Sis ve Gece” (“Tuman va tun”) romani yozuvchining ushbu badiiy
konsepsiyasini yaqqol aks ettiruvchi asarlardan biridir. Roman voqealari Turkiyaning 1990-
yillardagi siyosiy muhiti, maxsus xizmat tashkilotlari faoliyati va insoniy munosabatlar asosida
86 Ümit, A. Kar kokusu. — İstanbul: Everest Yayınları, 2018. — 384 s.
87 Ван Дайн С. Двадцать правил для писания детективных романов
(1928) //Как сделать детектив. М:. Радуга, 1990. С.38-41.
rivojlanadi88. Asar markazida MİT xodimi Sedat obrazi turadi. Qahramon sevgan ayoli Mine
gʻoyib boʻlgach, uni izlar ekan, chigal voqealar silsilasini boshidan oʻtkazadi. Bir qarashda
roman detektiv syujetga asoslangan boʻlsa-da, asarning ichki mohiyati inson ruhiyatidagi
ziddiyatlarni ochib berishga qaratilgan. Sedat obrazi orqali yozuvchi insonning ichki yolgʻizligi,
jamiyat bilan begonalashuvi va ma’naviy choʻkishini tasvirlaydi. Uning davlat organlarida
faoliyat yuritishi asta-sekin oʻz hayotidan uzoqlashishiga olib keladi. Minega boʻlgan muhabbat
Sedat uchun oddiy hissiy bogʻliqlik emas, balki hayotdagi ichki boʻshliqni toʻldirish vositasiga
aylanadi. Shu sababli qahramonning ruhiy iztiroblari roman davomida tobora chuqurlashib
boradi. Yozuvchi Sedatning ichki kechinmalarini tasvirlash orqali insonning oʻzligidan
qochishga urinishi va natijada yanada katta ruhiy inqirozga duch kelishini koʻrsatadi.
Roman markazidagi Mine obrazi esa mavhumlik va sir timsoli sifatida gavdalanadi. U
voqealarning asosiy markazida boʻlsa-da, roman davomida toʻliq ochilmaydi. Mine haqidagi
noaniqliklar, uning Fahri bilan munosabati, Sedatga boʻlgan hislari va oxir-oqibat fojiaviy oʻlimi
asardagi dramatizmni yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, Mine oʻlimining tasodifiy tarzda Sedat
qurolidan chiqqan oʻq natijasida sodir boʻlishi romanning psixologik va falsafiy ahamiyatini
kuchaytiradi. Bu orqali yozuvchi aybdorlik hissi, taqdir va inson ojizligi kabi tushunchalarni
badiiy jihatdan talqin etadi.
Asarda boshqa qahramonlar ham ma’lum ijtimoiy va mafkuraviy qatlamlarning ifodasi
sifatida tasvirlanadi. Melike, Sevim kabi ayol obrazlari orqali oilaviy munosabatlar, sadoqat va
baxt izlash muammolari yoritiladi. Mustafa va Yildirim obrazlari esa davlat tizimidagi qoʻrquv,
manfaat va mafkuraviy inqirozning ramziy ifodasiga aylanadi. Ayniqsa, Yıldırım obrazi orqali
yozuvchi siyosiy tizim ichidagi ishonchsizlik va manipulyatsiya muammolarini koʻrsatishga
harakat qiladi. Romanda Istanbulning mashhur markazlarini emas, balki chekka va unutilgan
mahallalarini tasvirlash orqali asarga tabiiylikni orttiradi. Qahramonlar nutqida argo va xalqona
ifodalarning qoʻllanishi voqealarning hayotiyligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, yozuvchi
metafora, tashbeh va epitetlardan ham mahorat bilan foydalanadi. “Kalbim ileri giden bozuk bir
saat gibi hızla atıyor” — “Qalbim oldinga ketgan buzuq soat kabi dukillab ketyapti” kabi
tasvirlar qahramonning ruhiy holatini ta’sirchan ifodalashga xizmat qiladi 89. Romandagi uzun
tasvirlar klassik detektiv roman an’analariga zid boʻlsa-da, ular asarning psixologik va falsafiy
mohiyatini ochishda muhim estetik vazifani bajaradi. Bundan koʻrinadiki, Ahmet Umit uchun
detektiv roman faqatgina qotilni topishga asoslangan syujet emas, balki jamiyatdagi yashirin
muammolarni ochib beruvchi badiiy vosita hisoblanadi. Shu sababli uning romanlarida siyosiy
muhit, davlat tizimi, mafkuraviy qarama-qarshiliklar va inson psixologiyasi oʻzaro chambarchas
bogʻliq holda tasvirlanadi.
Bu borada uning “Kukla” (“Qoʻgʻirchoq”) nomli romani ham alohida ahamiyatga ega
boʻlib, unda begonalashuv tushunchasi syujetning markaziy nuqtasi hisoblanadi. Roman
voqealari murakkab siyosiy va ijtimoiy muhit fonida rivojlanadi. Asar bosh qahramoni Adnan
ismli jurnalist atrofida qurilgan boʻlib, uning oʻtmishi, siyosiy qarashlari va oilaviy
munosabatlari roman davomida bosqichma-bosqich ochib berilgan90. Unda Adnan va ukasi
Doʻgʻanning turli siyosiy qarashlari asar konfliktini belgilab beradi. Aka-uka oʻrtasidagi qaramaqarshilik nafaqat oilaviy, balki mafkuraviy ziddiyat sifatida ham namoyon boʻladi. Roman
davomida Adnan va Doʻgʻan bir-birini begonadek qabul qiladi. Bu esa asardagi asosiy
88 Ümit, A. Sis ve gece. — İstanbul: Om Yayınevi, 2000. — 352 s.
89 Ümit, A. Sis ve gece. — İstanbul: Om Yayınevi, 2000. — 166 s.
90 Ümit, A. Kukla. — İstanbul: Doğan Kitap, 2006. — 480 s.
konfliktlardan birini yuzaga keltiradi. Roman Pinokkio haqidagi mashhur ertak motivi bilan
boshlanadi. Ushbu intertekstual murojaat orqali yozuvchi insonlarning ma’lum siyosiy kuchlar
va yashirin tizimlar tomonidan boshqariladigan “qoʻgʻirchoq”ka aylanishi gʻoyasini ilgari suradi.
Doʻgʻan obrazi aynan shunday ramziy ma’noga ega. Ahmet Umit roman davomida jamiyatdagi
ayrim yashirin tashkilotlarning inson taqdiriga qanday ta’sir koʻrsatishini ochib beradi. Shu
jihatdan “Kukla” oddiy detektiv roman emas, balki siyosiy-psixologik roman sifatida ham
ahamiyatlidir. Asarda qahramonlar bir-birini siyosiy qarashlari, ijtimoiy mavqei yoki shaxsiy
munosabatlari sababli begonalashtiradi. Adnan Doʻgʻanni jinoyatchi, mafkuraviy jihatdan xavfli
shaxs sifatida qabul qiladi. Doʻgʻan esa bolaligidan oʻgay oilada oʻzini begona his qilgani uchun
Adnan va uning otasiga nisbatan nafrat bilan yashaydi. Ahmet Ümit roman orqali insonning
boshqasini tushunish oʻrniga uni chetlashtirishga moyilligini koʻrsatadi. Ayniqsa, siyosiy
ziddiyatlar kuchaygan davrlarda jamiyatdagi guruhlar bir-birini dushman sifatida koʻra boshlashi
asarda muhim mavzulardan biri hisoblanadi.
Roman davomida Ahmet Umit inson ruhiyatidagi qoʻrquv, ishonchsizlik va yolgʻizlik
hissini chuqur tasvirlaydi. Adnan obrazi orqali yozuvchi oʻtmishdagi siyosiy kurashlar inson
ruhiyatida qanday iz qoldirishini koʻrsatadi. Adnan hayotdan charchagan, umidsizlikka tushgan
va jamiyatdan uzoqlashgan qahramon sifatida namoyon boʻladi. Uning Doʻgʻanga boʻlgan
nafrati faqat mafkuraviy emas, balki shaxsiy ruhiy jarohatlar bilan ham bogʻliq. Shu jihatdan
roman qahramonlari ichki konfliktlar orqali ochib beriladi.
Ahmet Umit asarda Istanbul tasvirlariga ham alohida e’tibor qaratadi. Yozuvchi
shaharning oʻzgarib borayotgan qiyofasi orqali jamiyatdagi ma’naviy inqirozni ifodalaydi. Eski
Istanbulning samimiy muhiti yoʻqolib, uning oʻrnini beton binolar va begonalashgan insonlar
egallagani ta’kidlanadi. Bu tasvirlar roman atmosferasidagi melankolik ruhiyatni kuchaytiradi.
Shahar faqat voqealar sodir boʻladigan makon emas, balki qahramonlarning ruhiy holatini aks
ettiruvchi ramziy obraz sifatida ham namoyon boʻladi. Yozuvchi roman davomida detektiv
janrining an’anaviy elementlaridan foydalansa-da, uni psixologik va falsafiy unsurlar bilan
boyitadi. Jinoyat va qotillik voqealari faqat syujetni harakatga keltirish vositasi emas, balki inson
va jamiyat tabiatini anglash usuli sifatida xizmat qiladi. Ahmet Umitga koʻra, jinoyat orqali
davrning siyosiy va ijtimoiy muammolarini tushunish mumkin. Shu sababli “Kukla” romanida
jinoyat mavzusi mafkuraviy manipulyatsiya va insonning ichki tanazzuli bilan bogʻliq holda
tasvirlanadi.
Umuman olganda, “Kukla” romani Ahmet Umit ijodidagi muhim asarlardan biri boʻlib,
unda detektiv syujet psixologik, sotsiologik va mafkuraviy qatlamlar bilan uygʻunlashgan.
Roman orqali yozuvchi jamiyatdagi begonalashuv, siyosiy qarama-qarshilik, insonning oʻzligini
yoʻqotishi va haqiqatni izlash jarayonini badiiy jihatdan yoritadi. Asarda “oʻzga” va “shubha”
tushunchalari qahramonlarning ruhiy holatini ochib beruvchi asosiy vositalardan biri sifatida
xizmat qiladi. Shu jihatdan “Kukla” nafaqat detektiv roman, balki zamonaviy turk jamiyatining
murakkab ijtimoiy va psixologik muammolarini aks ettiruvchi koʻp qatlamli badiiy asar
hisoblanadi.
Xulosa XXI asr boshlaridan boshlab turk romanchiligi mazmun va poetika jihatidan
yangi bosqichga koʻtarildi. Globallashuv, urbanizatsiya, siyosiy va ijtimoiy oʻzgarishlar
zamonaviy turk romanining mavzu va shakliga sezilarli ta’sir koʻrsatdi. Natijada romanlarda
individual ong, milliy qadriyatlar, begonalashuv, identitet inqirozi hamda insonning ichki ruhiy
parchalanishi yetakchi mavzulardan biriga aylangan. Mazkur jarayonda Ahmet Umit ijodi turk
detektiv romanchiligini yangi bosqichga olib chiqqani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Yozuvchi klassik detektiv janri imkoniyatlarini kengaytirib, uni psixologik, falsafiy va ijtimoiy
mavzular bilan boyitdi. Uning romanlarida jinoyat voqealari faqat syujet qurish vositasi emas,
balki inson ruhiyatini, jamiyatdagi mafkuraviy ziddiyatlarni hamda ma’naviy inqirozni ochib
beruvchi badiiy mexanizm sifatida xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Каримов, И. Adabiy janrlar va zamonaviy nazariya: Detektiv janr misolida. — Toshkent:
Fan, 2015. — 256 b.
2. Ван Дайн, С. Двадцать правил для писания детективных романов (1928) // Как сделать
детектив. — М.: Радуга, 1990. — С. 38–41.
3. Ümit, A. Kar kokusu. — İstanbul: Everest Yayınları, 2018. — 384 s.
4. Ümit, A. Kukla. — İstanbul: Doğan Kitap, 2006. — 480 s.
5. Ümit, A. Sis ve gece. — İstanbul: Om Yayınevi, 2000. — 352 s.