ONA TILI DARSLARIDA OʻQUV LUGʻATLARIDAN
FOYDALANISHNING AHAMIYATI
Qayumova Ozoda Botir qizi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻqituvchisi
Annotatsiya. Ushbu maqolada ona tili darslarida oʻquv lugʻatlaridan metodik ahamiyati
yoritiladi. Oʻquv lugʻatlari oʻquvchilarning soʻz boyligini kengaytirish, soʻz ma’nolarini toʻgʻri
anglash, imlo va talaffuz me’yorlariga rioya qilish, grammatik hamda uslubiy bilimlarini
mustahkamlashda muhim manba hisoblanadi. Maqolada oʻquv lugʻatlaridan foydalanishning
“Soʻzni izohlash”, “Sinonim tanlash”, “Kontekstga mos soʻzlarni topish” kabi samarali usullar,
shuningdek, ularni dars jarayoniga integratsiya qilish imkoniyatlari tahlil etiladi.
Kalit soʻzlar: oʻquv lugʻati, usul, topshiriq, soʻzni izohlash, sinonim tanlash, tarjima
lugʻati, kontekst, oʻzlashma soʻzlar.
Аннотация. В данной статье освещается методическое значение использования
учебных словарей на уроках родного языка. Учебные словари рассматриваются как
важный источник расширения словарного запаса учащихся, правильного понимания
значений слов, соблюдения орфографических и орфоэпических норм, а также закрепления
грамматических и стилистических знаний. В статье анализируются эффективные
методы использования учебных словарей, такие как «толкование слова», «подбор
синонимов», «нахождение слов, соответствующих контексту», а также возможности
их интеграции в учебный процесс.
Ключевые слова: учебный словарь, метод, задание, толкование слова, подбор
синонимов, переводной словарь, контекст, заимствованные слова.
Abstract. This article highlights the methodological significance of using learner’s
dictionaries in native language lessons. Learner’s dictionaries are considered an important
source for expanding students’ vocabulary, developing a correct understanding of word
meanings, observing spelling and pronunciation norms, and strengthening grammatical and
stylistic knowledge. The article analyzes effective methods of using learner’s dictionaries, such
as “explaining the meaning of a word,” “selecting synonyms,” and “finding words appropriate
to the context,” as well as the possibilities of integrating them into the teaching process.
Keywords: learner’s dictionary, method, task, word explanation, synonym selection,
translation dictionary, context, borrowed words.
Ona tilini oʻqitish ancha murakkab, chunki oʻquvchilarining nutqining koʻp qismini
koʻcha leksikasi, jargonizmlar tashkil qiladi. Oʻquvchilarda til tayyorgarligining qoniqarsiz
darajada ekanligi past oʻzlashtirish koʻrsatkichlarining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.
M.Baranov ta’kidlaganidek, ona tili darslarida lugʻat bilan maxsus ishlash oʻquvchilarning lugʻat
boyligini oshirish va nutqiy faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi [1: 51].
Birinchidan, bu oʻquvchilar lugʻat boyligini oshirishga xizmat qiladi; ikkinchidan, ogʻzaki va
yozma nutqda kommunikativ funksiyalarni takomillashtirish imkonini beradi. Kommunikativ
komtensiyasi rivojlangan oʻquvchining lugʻat boyligi yetarli boʻladi, u axborotni aniq tushunadi
va tezroq qabul qiladi. K.D. Ushinskiy “Soʻz ma’nosiga chuqur kirib borishga odatlanmagan
bola uning haqiqiy mazmunini toʻliq anglamaydi va ogʻzaki hamda yozma nutqda undan erkin
foydalanish koʻnikmasiga ega boʻlmaydi; bu kamchilik esa boshqa fanlarni oʻrganishda ham
unga doimiy qiyinchilik tugʻdiradi”, deb ta’kidlaydi. [2]. Soʻz orqali oʻquvchilar til
qonuniyatlarini anglaydi, uning aniqligi, goʻzalligi, ifodaliligi, boyligi va murakkabligiga
ishonch hosil qiladi. Shu bois darsning muhim tarkibiy qismi aynan soʻz bilan tanishish va uning
barcha jihatlarini anglashga qaratilishi lozim. Umumta’lim maktablarida oʻqitish amaliyotida
turli tipdagi lugʻatlar hamda oʻquv qoʻllanmalardan samarali ta’lim vositasi sifatida foydalaniladi
[4:79]. Mengliyev B.M., Bahriddinova B.M. “Oʻzbek tilining soʻz tarkibi oʻquv lugʻati” 2007-
2009.; O.Shukurov, B.Boymatova “Oʻzbek tilining ma’nodosh soʻzlar oʻquv lugʻati” 2007-
2009.; Mengliyev B.M., Bahriddinova B.M., Xoliyorov Oʻ. “Oʻzbek tilining soʻz yasalishi oʻquv
lugʻati” 2008.; Toʻrayeva U., Shodmonova D. “Oʻzbek tilining zid ma’noli soʻzlar oʻquv lugʻati”
2007-2009.; Islomov I., Bobojonov Sh. “Oʻzbek tilining soʻzlar darajalanishi oʻquv lugʻati”
2007-2009.; Xamrayeva Y., “Oʻzbek tilining oʻzlashma soʻzlar oʻquv lugʻati” 2007-2009.;
Mengliyev B., Xudoyberdiyeva M. “Oʻzbek tili iboralari oʻquv lugʻati” 2007- 2009.; Nafasov T.,
Nafasova V. “Oʻzbek tilining oʻquv toponimik lugʻati” 2007.; X. Suvonova, G.Turdiyeva
“Oʻzbek tilining shakldosh soʻzlar oʻquv lugʻati” 2007-2009.; X.Norxoʻjayeva “Oʻzbek tilining
eskirgan soʻzlar oʻquv lugʻati” 2006.; Nafasov T., Nafasova V. “Oʻzbek tilining talaffuzdosh
soʻzlar oʻquv lugʻati” 2008. Bunday turdagi lugʻatlar ona tili darslarida amaldagi darsliklarga
qoʻshimcha manba sifatida oʻqituvchi tomonidan samarali qoʻllanishi mumkin. Oʻquv lugʻatlari
oʻquvchilarning soʻz boyligini kengaytirish, til tuzilmalari va lingvistik bilimlar bilan tanishish
imkonini beruvchi muhim vosita sifatida ogʻzaki nutqni shakllantirishda beqiyos ahamiyatga
ega. Lugʻatlardan foydalanish jarayonida oʻquvchilar yangi soʻzlar va ularning ma’nolarini
oʻzlashtiradi, talaffuz ustida ishlaydilar hamda nutqda aniqlik va ravonlikka erishadilar [3:820].
Ona tili oʻqituvchilari dars jarayonida quyidagi vazifalarni bajarishi kerak boʻladi:
a) oʻquvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda ularning faol lugʻatini kengaytirish;
b) soʻzlardan eng aniq va maqsadga muvofiq foydalanishga oʻrgatish;
c) nutqdan adabiy me’yorga mos kelmaydigan, shevaga xos yoki eskirgan soʻzlarni chiqarib
tashlashga yordam berish.
Mazkur muammo bilan bogʻliq holda quyidagi metodik masalalar yuzaga keladi: lugʻat
materialini tanlash, uni oʻrganish ketma-ketligini belgilash, soʻz ma’nosini ochib berish
usullarini aniqlash. Shu bilan birga, oʻquvchilarning oʻquv lugʻatlaridan foydalanib soʻz
boyligini egallashiga xizmat qiluvchi metodik usullar tizimini ishlab chiqish zarur. “Lugʻatdan
foydalanish jarayoni oʻquvchidan bir qator lingvistik va metodik koʻnikmalarni egallashni talab
etadi. Xususan, soʻzlarning imlosi va talaffuzini aniqlash, grammatik ma’lumotlarni toʻgʻri
sharhlash, omonimiya, polisemiya, frazeologik birliklar hamda atamalar bilan ishlash lugʻaviy
kompetensiyaning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi “[5:79]. Lugʻatdan samarali foydalanish
faqat soʻzning ma’nosini topish bilan cheklanmaydi. Oʻquvchi lugʻat maqolasida berilgan imlo,
talaffuz, grammatik belgi, uslubiy xususiyat va ma’no qirralarini toʻgʻri anglay olishi zarur. Shu
bois lugʻat bilan ishlash jarayoni oʻquvchilarda mustaqil izlanish, soʻz ma’nolarini farqlash,
ularni nutqiy vaziyatga mos qoʻllash hamda lugʻaviy kompetensiyani rivojlantirishga xizmat
qiladi. Ona tili darslarida lugʻatlar bilan ishlashning bir necha usullari mavjud:
“Soʻzni izohlash” usuli. Bu samarali usullardan biri boʻlib, oʻquvchilarga soʻz ma’nolarini
tushunishga yordam beradi. Usul samarali boʻlishi uchun oʻqituvchi oʻquvchilarga lugʻatlarning
tuzilishini tushuntirishi lozim. Shu orqali oʻquvchilar lugʻatda yoʻnalish topish, undan mustaqil
foydalanish koʻnikmasiga ega boʻladilar. Bu koʻnikmani yanada rivojlantirish uchun zarur
ma’lumotlarni topish maqsadida muntazam ravishda oʻquvchilarni lugʻatlarga murojaat qilishga
yoʻnaltirish kerak. Mazkur usulni amalga oshirish uchun quyidagi topshiriqlardan foydalanish
mumkin:
a) lugʻat tuzilishi tushuntirilgandan soʻng, bilimlarni mustahkamlash hamda kerakli ma’lumotni
mustaqil topish uchun oʻquvchilarni yana lugʻatga yoʻnaltirish;
b) oʻquvchilarga oʻzlarining izohli, orfografik va boshqa lugʻatlarini yaratishni taklif etish;
c) har bir dars boshida lugʻat ishlari va lugʻat diktantlarini oʻtkazish;
d) barcha turdagi lugʻatlarni koʻrib chiqib, soʻngra kerakli lugʻat turini aniqlashga doir
vazifalar berish.
Sinonim tanlash usuli. Sinonim tanlash usuli oʻquvchilarga koʻp ma’noli soʻzlarning
ma’nolarini aniqlash va tushunishga yordam beradi. Mazkur usul bilan ishlash jarayonida
“Oʻzbek tilining ma’nodosh soʻzlar oʻquv lugʻati” dan foydalanilamiz. Lugʻat bilan ishlash
orqali oʻquvchilar sinonimlarning asosiy belgilarini oʻrganadi, sinonimlardan oʻrinsiz
foydalanish mumkin emasligini anglaydilar. Yozma ishlardagi nutqiy xatolarni tuzatishda,
shuningdek, ogʻzaki nutqni shakllantirishda ham ma’nodosh soʻzlar bilan ishlash muhim
ahamiyat kasb etadi. Bu usulni amalga oshirish uchun quyidagi topshiriqlardan foydalanish
mumkin:
a) oʻqituvchi bergan matndan sinonimik juftliklarni topish;
b) takrorlarni bartaraf etish maqsadida sinonimlardan foydalangan holda insho va esse yozish;
c) sinonimlar xato qoʻllangan matnlarni tahlil qilish va tuzatish.
Shuningdek, sinonimlar ustida ishlash nutqda takroriylikni kamaytirib, fikrni rang-barang va
aniq ifodalash imkonini beradi.
Oʻzlashma soʻzlar lugʻati bilan ishlash oʻquv lugʻatlaridan foydalanishning samarali va
qiziqarli usullaridan biri hisoblanadi. Mazkur usul oʻquvchilarga oʻzlashma soʻzlarning ma’nosi,
kelib chiqishi, talaffuzi va qoʻllanish xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Bu jarayonda
tarjima lugʻatlaridan foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etadi, chunki ular orqali oʻzlashma
soʻzlarning toʻgʻri talaffuzi hamda nutqiy qoʻllanish imkoniyatlarini oʻrganish mumkin. Ushbu
usulni samarali tashkil etish maqsadida oʻquvchilarga quyidagi topshiriqlarni berish tavsiya
etiladi:
a) oʻzlashma soʻzlarning ma’nolarini topish maqsadida lugʻatlarga murojaat qilish;
b) oʻzbek tilidagi matnda qoʻllangan chet tillaridan kirib kelgan soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilish
va mazkur soʻzlarning qaysi tilga mansubligini aniqlash.
“Kontekstga mos soʻzlarni topish” usuli. Mazkur usul bilan ishlash jarayonida
topshiriqning shartlari oʻquvchilarga oldindan tushuntirilishi muhim. Tushunilishi qiyin boʻlgan
soʻzlar boʻlsa, bu soʻzning izohi matn ostida beriladi. Oʻquvchilar soʻzning ma’nosini
oʻrgangach, uning qayerda va qanday qoʻllanishini aniqroq tushunadilar. Bu usulni amalga
oshirish uchun quyidagi topshiriqlardan foydalanish mumkin:
a) matn ostida izohi berilgan soʻzlar koʻrib chiqiladi, keyin matnni oʻqib, ajratilgan soʻzlardan
kontekstga mosini toʻgʻri tanlash;
b) muayyan uslubdagi matnni oʻqigandan soʻng, undagi uslubiy xató soʻzlarni matnda toʻgʻri
qoʻllash.
Ona tili darslarida yuqorida qayd etilgan metodik usullar asosida oʻquv lugʻatlaridan faol
foydalanish oʻquvchilarning nutqiy kompetensiyasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb
etadi. Lugʻat bilan ishlashga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar natijasida oʻquvchilarning faol lugʻat
boyligi yangi soʻzlar bilan boyiydi, lugʻatlardan mustaqil foydalanish koʻnikmalari shakllanadi
hamda zarur ma’lumotni lugʻat tarkibidan maqsadli izlab topish malakasi rivojlanadi.
Shuningdek, lugʻatlardan olingan ma’lumotlar asosida matn yaratish va ogʻzaki nutq
mashqlarida ishtirok etish oʻquvchilarning nutqini mazmunan boyitish, fikrni aniq, izchil va
ifodali bayon etish qobiliyatini takomillashtirishga xizmat qiladi. Jumladan, maktablarda ona tili
darslarida lugʻatlar bilan ishlashda quyidagi usullardan foydalanish mumkin:
1.1-rasm
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, soʻz boyligi qanchalik keng boʻlsa, oʻquvchi oʻz fikrini
shunchalik aniq, ravon va mantiqan izchil ifodalay oladi. Lugʻatlar bilan ishlash jarayonida
oʻquvchilar yangi soʻzlarning ma’nosini oʻzlashtiradilar, ularni turli nutqiy vaziyatlarda
qoʻllashni oʻrganadilar hamda sinonim, antonim, omonim kabi leksik birliklar oʻrtasidagi
munosabatlarni anglaydilar. Bu esa nutqning ifodaviyligini oshiradi, takroriylikni kamaytiradi va
fikrning aniqligini ta’minlaydi. Xususan, sinonim, antonim, iboralar va maqollar ustida
muntazam ishlash zarur [9]. Chunki ular tilning ifodaviy imkoniyatlarini kengaytiruvchi muhim
vositalar boʻlib, oʻquvchining lugʻat boyligini oshirishga xizmat qiladi. Sinonimlar ustida ishlash
nutqda takroriylikni kamaytirib, fikrni rang-barang va aniq ifodalash imkonini beradi.
Antonimlar esa qarama-qarshi ma’nolarni solishtirish orqali tushunchalarni chuqurroq anglashga
yordam beradi. Iboralar va maqollar bilan ishlash esa oʻquvchilarning nutqini obrazli, ta’sirchan
qilishga yordam beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Баранов М. Т. Обогащение словарного запаса учащихся на уроках русского языка. –
М., 1991. – 51 с.
2. Ушинский К. Д. Собрание сочинений. – М.: Изд-во АПН РСФСР, 1948. – Т. 2. –С. 558.
3. Ahmedova, A. (2025). Ona tili darslarida oʻquv lugʻatlaridan foydalanishning
oʻquvchilarning ogʻzaki nutq kompetensiyasini rivojlantirishdagi didaktik asoslari.
Maktabgacha va maktab ta’limi, 3(12), 14 –18.
4. Ипполитова Н.А. Средства обучения русскому языку. – М., 1991. – 79 с.
5. Khuskivadze, E. (2025). Research on dictionary use in teaching languages: Findings of the
survey conducted with school teachers. Online Journal of Humanities ETAGTSU, 10, 92–
102. https://doi.org/10.55804/jtsu2346-8149.2025.09.09
6. Carstens А. (2013). Language Teaching and Dictionary Use: An Overview // Lexikos.
Vol.23, №1. P.87–98.
7. Шарипова, Ш. Ш. (2024). Методы использования словарей на уроках русского языка
// Journal of New Century Innovations. №66(1). С.21–30.
8. Sayidahmedov N. Yangi pedagogik texnologiyalar. – Toshkent: Moliya, 2003.