ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Alisher Navoiy va Rizoiy Payvandiy hikoyalari

Shafoat Hasanova

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ALISHER NAVOIY VA RIZOIY PAYVANDIY HIKOYALARI

Shafoat HASANOVA,
Oriental universiteti,

Sharq tillari kafedrasi
prof. v.b., filologiya fanlari doktori

Annotatsiya. O‘zbek adabiyotshunosligida «Mantiq ut-tayr» turidagi
dostonlarni o‘rganish Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonini tadqiq qilish
masalasi bilan bog‘liq bo‘lib, har doim mutaxassislarning diqqat markazida
turgan. «Mantiq ut-tayr» mavzusida turkiy tilda qalam tebratgan ijodkorlardan
yana biri Mavlono Xoja Qozi Payvandiy Rizoiy (XVIII аsr) bo‘lib, u yaratgan
«Qush tili» dostonining hozircha yagona deb hisoblanib keluvchi qo‘lyozmasi
127-inventar raqami ostida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi
fondida saqlanib kelmoqda.

Rizoiy Payvandiy bu dostonni yaratishda Jaloliddin Rumiy, Fariduddin
Attor, Abdurahmon Jomiy asarlaridan foydalanish bilan birga, Alisher
Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonini ham sinchiklab o‘rganib chiqqan. Chunki
Rizoiy dostoni bilan Alisher Navoiy mazkur asarining qiyosi shuni ko‘rsatadiki,
har ikki dostondagi qator hikoyalar syujetida bir-birlariga yaqinlik va aksar
o‘rinlarda aynan bir hikoyaning har ikkala ijodkorga xos bo‘lgan badiiy
talqinning guvohi bo‘lamiz.

Kalit soʻzlar: Alisher Navoiy, Rizoiy Payvandiy, «Lisonu-t-tayr», «Qush
tili», doston, hikoya, g‘oya, mazmun, shakl, ijodiy talqin.

Аннотaция. Изучение произведений типа «Мантику-т-тайр» в
узбекской литературе связано с изучением произведения Алишера Навои
«Лисон ут-тайр» и всегда находилось в центре внимания специалистов.
Мавлоно Ходжа Кази Пайванди Ризой (XVIII век) – один из авторов,
писавших на тюркском языке на тему «Мантику-т-тайр». Единственная
рукопись созданного им произведения «Птичий язык» хранится в фонде
Государственного музея литературы имени Алишера Навои под
инвентарным номером 127.

При создании этого произведения Ризаи Пайванди использовал
произведения Джалалиддина Руми, Фаридуддина Аттора, Абдурахмана
Джами, а также внимательно изучил «Лисону-т-тайр» Алишера Навои.
Потому что сравнение произведения Ризаи с творчеством Алишера Навои
показывает, что в сюжете серии рассказов в обоих произведениях мы видим

близость друг к другу и в большинстве мест художественную интерпретaцию
одного и того же сюжета, характерную для обоих художников.

Ключовые словая: Алишер Навои, Ризои Пайванди, «Лисон ут-тайр»,
«Птичий язык», эпос, рассказ, идея, содержание, форма, творческая
интерпретaция.

Annotation. In Uzbek literature, the study of epics of the type «Mantiq uttayr» is associated with the study of Alisher Navoi's epic «Lison ut-tayr» and has
always been in the spotlight of experts. Mavlono Khoja Qоzi Payvandi Rizoi
(XVIII acp) was one of the authors who wrote in Turkish on the theme of
«Mantiq ut-tayr». The only manuscript of the epic «Language of the Bird’s»
created by him is kept in the fund of the State Museum of Literature named after
Alisher Navoi under inventory number 127.

In creating this epic, Rizai Payvandi used the works of Jalaliddin Rumi,
Fariduddin Attor, Abdurahmon Jami, as well as carefully studied Alisher Navoi's
epic «Lison ut-tayr». Because the comparison of this work of Alisher Navoi with
the epic of Rizoi shows that in the plot of a number of stories in both epics we see
the closeness to each other and in most places the artistic interpretation of the
same story, which is characteristic of both artists.

Keywords: Alisher Navoi, Rizoi Payvandi, «Lison ut-tayr», «Language of
the Bird’s», epic, story, idea, content, form, creative interpretation.

Mavlono Rizoiyning «Qush tili» dostoni Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr»
asari kabi g‘oyaviy-tematik yo‘nalish jihatidan sermazmun bo‘lib, unda inson
ma’naviy kamolotiga asosiy urg‘u berilgan. Bu vazifa ayniqsa asarning o‘ziga
xos badiiy mazmun va shaklga ega bo‘lgan jihatlarida yaqqol ko‘zga tashlanib
turadi.

Rizoiyning «Qush tili» dostonining yaratilishida «Mantiq ut-tayr»
turkumidagi dostonlar va ularning paydo bo‘lishida Sanoiy, Ibn Sino,
Shahobiddin Suhravardiy, Ahmad G‘azzoliy kabilarning asarlari bevosita ilk
manba vazifasini o‘tagan bo‘lsa, Islom dini tarixi, Qur’oni Karim va hadislar
asarning o‘ziga xosligi, syujet va kompozitsion tuzilishining betakrorligini
ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Qolaversa, dostonning o‘ziga xos
ijodiy talqini, hikoyalar va ularda ilgari surilgan g‘oyalarning yangicha badiiy
ifodasi – bularning hammasi Rizoiy badiiy tafakkurining ijod mahsuli,
deyishimizga asos bor. Dostonning g‘oyaviy yo‘nalishi va unga kirgan
hikoyalarning aksariyati Sharq xalqlarining qadimiy afsona va rivoyatlarining
(«Tojir va uning to‘tisi», «Shukasaptati» (hind), Rustam, Zol, Zahhok,
«Shohnoma», «Qazosi yetgan kishi», «Fil va to‘rt ko‘r», «Masnaviyi ma’naviy»

(eron), «Qays va Layli» (arab), «Nil daryosining o‘zani haqidagi hikoya» (arab),
«Abraham» (yahudiy), «Jinlar haqidagi hikoya» (xitoy) va hokazo) shoir
ijodxonasida o‘zining qayta sayqalini topib, o‘zgacha talqin va g‘oyalar bilan
dunyoga kelgan ijod mahsuli ekanligidan dalolat beradi. Shu nuqtai nazardan
Rizoiy «Qush tili» dostonining yaratilishida o‘zidan oldingi salaflarining adabiy
an’analarini davom ettirish bilan birga, o‘z davridagi hayotiy voqealar jarayonida
vujudga kelgan kuzatishlaridan unumli istifoda etib, ularni doston mavzusi bilan
mohirona bog‘laganligini ham qayd etib o‘tish lozim.

Tariqat yo‘liga kirgan har bir solikning piri bo‘lmog‘i asosiy shartlardan
biridir. Pir va murid o‘rtasidagi o‘zaro so‘fiyona aloqalar va pirning muridlarning
axloqiy tarbiyasiga alohida e’tibor berganligi to‘g‘risida juda ko‘p ajoyib
hikoyalar va rivoyatlar mavjud. Shu mavzuni yoritishga Alisher Navoiyning
«Lison ut-tayr» dostonida ham alohida ahamiyat berilgan. Shunday hikoyalardan
biri Shayx Turob Naxshabiy va uning bir muridi haqidagi tamsil diqqatga
sazovordir12. Hikoyada solik uchun illatli hisoblangan tashqi go‘zallik, zebu
ziynat va go‘zal liboslarga haddan tashqari ko‘ngil qo‘ygan murid bu nomaqbul
yo‘ldan qaytarilib, hidoyat yo‘liga kirgiziladi. Shu mazmunga yaqin hikoya
Mavlono Rizoiy asarida ham keltiriladi. Unda Sulton Boyazid Bistomiyning
muridi pirga «Sizdek ulug‘ zotning shogirdi bo‘la turib, menga hech g‘ayb eshigi
ochilmadi» mazmunidagi so‘zlar bilan shikoyat qiladi. Sulton Boyazid Bistomiy
muridiga: «Bas, senga to‘g‘ri yo‘l shuki, zohiringni devonavor qilib, botinan nafs
g‘uli bilan jang qil!» – deb unga hidoyat yo‘lini ko‘rsatadi.

Ko‘rinib turibdiki, har ikki hikoyada ham asosiy g‘oya zohiran devonavor,
ruhan musaffo bo‘lmoqqa undalmoqda. Ular orasidagi farq shuki, Navoiy
hikoyasida bu maqsad o‘git-nasihatlarni qulog‘iga olmagan muridni keskin
choralar, ya’ni, so‘yilgan qo‘yning ichak-chavoqlarini boshiga ko‘tartirib,
bozorda aylantirish orqali tavbasiga tayantirilsa, Rizoiyda Sulton Boyazid
Bistomiyning muridiga qilgan o‘git-nasihatlari orqali erishiladi. Alisher Navoiy
bu hikoyani bir qushning uning mijozida turli-tumanlikka moyillik kuchliligi va
bu mijozni bir xil to‘g‘ri ohangga solish uchun yo‘l-yo‘riqlar so‘rab, bergan
savoliga Hudhud javobi va uning tamsili sifatida keltiradi. Mavlono Rizoiy esa
mazkur hikoyani talab iqlimi bobida keltirganligi ham bejiz emas.

Shu o‘rinda Rizoiy Payvandiyning Qur’oni karimdagi «As’hobi kahf»13
voqeasini bayon etib, uni talab iqlimi hikoyasiga xulosa sifatida keltirganligini

12 Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. 12-том. – Тошкент: Фан, 1996. – Б. 152.
13 As’hobi kahf – G‘or sohiblari. Ular yetti birodar bo‘lishib, Haq ta’ologa kuchli e’tiqod qo‘yishgan va zolim
kofir podshohi Daqyonus zulm jazosidan qo‘rqib g‘orga berkinib olishgan. Ularga bir it ham sadoqat bildirib (13-
qo‘shilgan. Ular 309 yil Xudoning qudrati bilan uxlashgan. It esa, mijja qoqmay, ularni qo‘riqlagan ekan.
(Боситхон бин Зоҳидҳон. Жавоҳир ул-ҳикоя. – Тошкент, 2004. – Б. 214).

alohida ta’kidlab o‘tmoq zarurdir. Unda iymon yo‘lidagi fidoiylik haqida so‘z
boradi. As’hobi kahf Alloh ta’olo irodasi bilan o‘z iymonlarida 300 yildan ortiq
sobit turadilar. Rivoyatga ko‘ra, ularni yashiringan g‘orlarida Qitmir nomli it
birga qo‘riqlab turgan ekan.

Rizoiy bu keltirilgan iqtibosdagi it – Qitmir obraziga o‘zining alohida
e’tiborini qaratib, Kahf surasining 22 oyatidan14 yana bir misol keltirib, itning
tavsifi orqali talab iqlimiga keltirilgan hikoyaga ibratomuz yakun yasaydi. Unda
it hidoyat ahliga xizmat qilganligidan odam o‘rnida ko‘riladi. Bu g‘oya quyidagi
misralar orqali o‘zining yorqin ifodasini topgan:

Kimki tajrid ahliga hamdam bo‘lur,
Garchi it bo‘lsakim, ul odam bo‘lur.
Itki Kahf as’hobig‘a hamdam edi,
Haq alardin oni oltinchi dedi15.
Rizoiy Payvandiy fikriga ko‘ra, Talab iqlimini bosib o‘tgan solik qalbida
ishq uchqunlari paydo bo‘ladi. Rizoiy Parvardigorning iroda sifati haqida so‘z
yuritib, Hazrati Muhammad (s.a.v.)ning hadislarini keltiradi. Bu hadisni Alisher
Navoiy “Lison ut-tayr” asarining na’t qismida bayon qilgan. Qiyoslang:
Alisher Navoiy:
Chun xaloyiqdin oni mumtoz etib,
«Kuntu kanzan» sirrig‘a hamroz etib.
Boshig‘a qo‘yub hidoyat tojini,
Qismati aylab sharaf me’rojini16.
Rizoiy:
Ya’ni olam kavnig‘a uldur sabab,
Kuntu kanzandur munga nassi ajab.
O‘z zuhurin sevdi ul ganjin xafiy,
Istadi izhor etarga sabr fiy.
Bas yaratdi barcha mavjudotni,
Toki bilgay har biri ul Zotni17.
Mazkur har ikki asarda keltirilgan «Kuntu kanzan maxfiyan fahbabtu an
u’rafa» hadisning mazmuni «Yashiringan xazina edim, o‘z zuhurimni namoyon
qilmoqni iroda qildim» mazmunini anglatadi. Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlab
o‘tish kerakki, Rizoiy «Qush tili» dostonida Qur’oni karim va hadislardan juda

14 Kahf surasi 22 oyat. Mazmuni: «(Boshqalari) beshta bo‘lib oltinchilari itlaridir» deb g‘aybga tosh oturlar
(taxminan gap soturlar)».
15 Мавлоно Хожа Қози Пайвандий Ризоий. Қуш тили. – Тошкент, 2009. – Б. 277-278.
16 Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. 12 том. – Тошкент: Фан, 1996. – Б. 9.
17 Мавлоно Хожа Қози Пайвандий Ризоий. Қуш тили. – Тошкент, 2009. – Б. 280.

ko‘p misollar keltiradi va muhimi o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun
iqtiboslarning o‘zbek tilidagi mazmunini ham bayon etadi.

Rizoiy ishq iqlimi bobiga Tommat ul-kubro laqabli Murshid haqidagi
hikoyani keltiradi. Alisher Navoiy esa Asma’iy ismli kishining Hajga qilgan
safari haqidagi hikoyani ishq vodiysi bobiga misol tariqasida bayon qiladi. Lekin
bu hikoyalarda bir-biriga yaqin jihatlar va hech bir o‘xshashlik yo‘q bo‘lishiga
qaramay, ulardagi g‘oya bir mazmunga xizmat qilganligi bilan diqqatga
sazovordir.

Alisher Navoiy dostonining na’t qismida dunyodagi hamma narsalarni
yaratishdan maqsad inson ekanligini quyidagi misralar orqali bayon qilgan bo‘lsa:

Ofarinishdin qilib inson g‘araz,
Oni aylab xalq ichinda be avaz.
Ko‘nglin oning maxzani irfon qilib,
Ul tilism ichra o‘zin pinhon qilib,
Rozi maxfiy ganj o‘lub bu turfa jism,
Sun’idin ul ganj hifzig‘a tilism18.
Rizoiy buni quyidagicha ifodalaydi:
Kim avvalda maqsudi umur,
To tamom o‘lmas umur, etmas zuhur.
Chun g‘araz Odamdin avval uldurur,
Lojaram, oxirda zohir-o‘qdurur.
Uylakim, Odam jahondindur g‘araz,
Ul guzini olam ondindur g‘araz.
Bas, nechuk Odam jahondin so‘ngradur,
Ul guzida xilqat ondin so‘ngradur.
Bordurur aql ollida beishtiboh,
So‘ngra kelmaklik kamolig‘a guvoh.19
Har ikkala shoir Fariduddin Attorning badiiy ijodkorligiga yuqori baho
beradi. Har ikki san’atkor dostonlarida inson va vahdati vujud konsepsiyasini
majoziy uslubda yoritib berish masalasini hal qilish muammosi yotadi. Har ikkala
dostonning kompozitsion tuzilishi va g‘oyaviy mazmuni va qahramonlar tizimi
mazkur maqsadni amalga oshirishga qaratilganligi bilan bir-biriga yaqindir. Lekin
buni har ikkala ijodkor o‘ziga xos falsafiy qarashlar va badiiy-estetik prinsiplar
asosida hal qiladilar.
Rizoiyning «Qush tili» asarida ko‘proq diniy-falsafiy yo‘nalish ustunlik
qilsa, Navoiyda ijtimoiy-falsafiy qarashlar uning o‘ziga xosligini belgilab turadi.

18 Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. 12 том. – Тошкент: Фан, 1996. – Б. 9.
19 Мавлоно Хожа Қози Пайвандий Ризоий. Қуш тили. – Тошкент, 2009. – Б. 44-45.

Rizoiyning «Ul kishikim kelturur iymon ba g‘ayb, bu anga hodiy erur beshaku
rayb» deyishidan «Qush tili» dostonining solik uchun rahnamo-dastur vazifasini
o‘tashi uchun yaratilganligi fikrimizning yana bir isboti bo‘la oladi. Buning yana
bir isboti Rizoiy o‘z oldiga qo‘ygan maqsadni amalga oshirishda Qur’oni karim
va hadislardan juda ko‘p iqtiboslar keltirib, ularning sharhiga katta e’tibor
qaratadi. Hikoyalarning aksar qismi ham diniy-falsafiy ruhda yozilganligi bu
dostonning diniy-falsafiy masalalarni hal qilishga qaratilganligiga dalolatdir. Shu
bois bo‘lsa kerak, Alisher Navoiy dostonida keltirilgan hikoyalar, Rizoiy
dostonidagi hikoyalardan o‘z mohiyati bilan farq qilib turadi. Rizoiy
Payvandiyning mazkur Tammat ul-kubro laqabli murshidning oldiga bir
qariyaning kelib ishqu dardi holini bayon qilganligi haqidagi hikoyadan g‘araz
qariyaning tavbasi-yu tazarrulari qabul qilinib, uning Gulgun ismli Siyiston shohi
qiziga bo‘lgan majoziy ishqining haqiqiy ishqqa aylanganligi mumtoz adabiyotda
keng tarqalgan Farhod bilan Shirin, Layli va Majnun dostonlariga qilingan
murojaatlar, shuningdek Sulaymon alayhissalomning Bilqisga bo‘lgan muhabbati
orqali o‘ziga xos qilib ochib berishdir. Rizoiy Payvandiy ishq iqlimi ta’rifini
yakunlab, ma’rifat iqlimi bayoniga o‘tadi.

Rizoiy ta’kidlaganidek, Alloh taoloni bilish nafs ma’rifati bilan chambarchas
bog‘liqdir. Chunonchi, hadisda shunday deyilgan: «Man arafa nafsahu faqad
arafa rabbahu»20.

Mazmuni: O‘zini bilgan Xudoni biladi. Bunda u Zotning ilohiy sifatlari ayon
bo‘ladi va shundagina Mutlaq borliq Subhonahu taolo ekanligi aniq ma’lum
bo‘ladi.

Rizoiy bu yo‘llarni har bir solik o‘ziga tasavvur qilishi lozimligi haqida
gapirib, qadimgi hind va mumtoz adabiyotda mavjud bo‘lgan hikoyaga murojaat
etadi. Unda ko‘zlari ko‘r bo‘lgan to‘rt ojiz fil a’zolarini paypaslab, uni o‘zlariga
tasavvur qilganliklari haqida gap boradi. Rizoiy bu hikoyani o‘ziga xos tarzda
ifodalab beradi.

Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonida bu rivoyat Rizoiyniki singari
ma’rifat vodiysi vasfiga tamsil sifatida keltiriladi va unda hind hikoyasi o‘zining
yangi bir talqini namunasiga aylantirilgan. Hind hikoyasida ko‘zi ojiz
yo‘lovchilar filning to‘rt a’zosini paypaslab, xartumini ilonga, oyog‘ini ustunga,
qornini meshga, dumini kema arqoniga o‘xshatgan bo‘lsalar, Navoiy ham fil
a’zolarini o‘ziga xos tarzda bayon etish bilan birga filning boshqa a’zolarini ham
tavsiflab, uni bir butunlikda tasvirlab, ko‘rlarning tasavvurlarini jamlaganda fil
obrazi hosil bo‘lishini qayd etadi va soliklarning ma’rifat maqomiga turli-tuman

20 Фарҳанги истилоҳоти ва таъбироти урфоний. – Теҳрон, 1303. – Б. 814.

yo‘llar orqali bosib o‘tish imkoniyatlari mavjudligini ramziy ishoralar orqali
o‘ziga xos badiiy bo‘yoqlar orqali ochib berishga erishadi.

Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» asarida bu hikoya «Filning
shakl-u shamoyili ustida ixtilof etishgani» sarlavhasi ostida keltirilgan. Unda fil
bir qorong‘u uyga kiritiladi va unga kirganlar filning xartumini paypaslab
tarnovga, qulog‘ini bahaybat yelpig‘ichga, oyog‘ini ustunga, ustini xontaxtaga
o‘xshatishadi. Ko‘rinib turibdiki, Jaloliddin Rumiy bu hind hikoyasini asar
talablaridan kelib chiqib, o‘ziga xos tarzda talqin qilgan21.

Alisher Navoiy ham, Rizoiy ham bu hikoyadagi fil a’zolarini hind
manbaidagi tavsifdan o‘zgacharoq tarzda bayon qilishga harakat qilganlar. Shu
bois ham har ikkala ijodkor bu qadimiy hikoyani o‘ziga xos tarzda yoritib
berganlar. Masalan, Alisher Navoiy fil xartumini hind hikoyasidagi kabi kulcha
bo‘lib yotgan ilon sifatida emas, balki bo‘rttirib ko‘rsatish va o‘quvchiga
ta’sirliroq tasvirlash maqsadida uni ajdarho qiyofasida, dumini kema arqoniga
emas, balki zaharli bir ilonga o‘xshatishi hikoyaning o‘ziga xosligini
ta’minlashga qaratilgan ijod mahsuli sifatida baholanishga loyiqdir. Rizoiy ham
shunday ijodiylikka erishish maqsadida fil xartumini karnayga, oyog‘ini esa bir
ajoyib oliy ustunga o‘xshatadi va hokazo.

Alisher Navoiy bilan Rizoiy dostonlaridagi bu maqom tavsifidagi yana bir
muhim monandlik shundan iboratki, har ikkala dostonda ham iymon bilan kufr,
faqirlar bilan mulk sohiblari qiyoslanadi. Iymon ahliga ma’rifat zarur bo‘lsa, kufr
ahliga jaholat, kufr ahli «Lot» butiga e’tiqod qilsa, iymon ahlining fikru yodi
Alloh bilandir. Bu g‘oya har ikki dostondagi ma’rifat maqomining ta’rifiga asos
qilib olingan. Har ikkala asar o‘rtasidagi ularni farqlab turadigan jihatlar ham bor.
Rizoiy bu iqlimni bayon qilishda qur’oniy tamsillarga tez-tez murojaat etadi.
Rizoiy Ma’rifat iqlimi tavsifida Rasuli Akramning «Biz seni va ma’rifating
haqqini bilmadik», - degan hadisiga va Al-Isro surasidagi «Kimki bu (dunyoda)
ko‘r (gumroh) ekan, bas, u oxiratda ham ko‘r va butunlay yo‘ldan ozuvchidir»22
mazmunidagi 72 oyatni keltirib, uni nazm orqali sharhlab beradi va bu iqlimga
tamsil sifatida Shayx Kirmoniy (r.a.) hikoyasini keltiradi.

Rizoiy Payvandiy Tavakkul to‘shasiga misol sifatida umri qazosiga yetgan
bir banda haqida hikoya keltiradi. Bu hikoya Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr»
asarida ham bor. Unda qushlarning savol-javobi oralig‘ida qushlardan birining
yo‘l asnosida halok bo‘lishi mumkinligini sabab qilib safardan voz kechganidan
so‘ng Hudhudning javobiga misol tariqasida keltiriladi. Navoiyning bu
hikoyasida qazo yetganda o‘lim barhaq ekanligi g‘oyasi ilgari surilgan. Rizoiy

21 Мавлоно Жалолиддин Румий. Маснавийи маънавий. III жилд. Форсийдан Жамол Камол таржимаси. –
Тошкент, 2003. – Б. 114.
22 Абдулазиз Мансур. Қуръони карим маъноларининг таржимаси. – Тошкент, 2001. – Б. 289.

ham mazkur hikoyaning biroz o‘zgartirilgan variantini keltiradi. U Qur’oni
karimning Moida surasi 23 oyatidagi Tavakkul haqidagi iqtibosni keltirib
tavakkul to‘shasiga quyidagicha izoh beradi:

Chun tavakkul qilg‘on ul basturur,
Bas tavakkul qilmag‘on nokasturur,
Chun taraddud birla daf’ o‘lmas qazo,
Bas kerakdur munda taslimu rizo.
Bu xulosani yanada kuchaytirish maqsadida mazkur hikoyani keltiradi.
Taqdir ishorasi bilan qazosi yetgan bir kishining jonini Azroil ertasi kun Hind
elida olmog‘i lozim ekan. U esa Hindistondan ancha olisda. Bu bandaning bir
kecha-kunduz ichida Hindistonda bo‘lishiga ko‘zi yetmagan Azroil unga g‘azab
bilan qarab uni tahlikali holatga soladi. Banda qattiq iztirobga tushib, o‘limdan
qutulmoq maqsadida Sulaymon payg‘ambardan uni Hind o‘lkasiga yeldirmog‘ini
iltijo qilibdi. Payg‘ambar uning iltimosini qabul aylab, shamolga amr qilib, bir
zumda Hindistonga uchirib yuboribdi. Rizoiyning hikoyasi shu joygacha Alisher
Navoiy keltirgan hikoya bilan o‘xshash. Keyingi voqealar Alisher Navoiyda yo‘q.
Ertasi kuni Ezidi23 taolo Azroilni bu bandaga qazo muddati yetmasdan burun
unga g‘azab bilan nazar solgani uchun unga tanbeh beribdi va uning dargohida
taqdir va qadar barhaq ekanligini ta’kidlabdi. Bu voqeani shoir quyidagicha
tasvirlaydi:
Ne isha qilding yo‘q ergach xayru shar,
Ul musulmong‘a g‘azab birla nazar?
Dedi oni ko‘rdimu qildim tonga,
Bas taajjubdin nazar soldim anga.
Kim manga hukm erdikim ul kun oning,
Ruhini Hind ichra qabz etgay aning,
Bas ajab qoldim oni munda ko‘rub,
Kim bu kunda Hindga yetmas yurub.
Bu hikoyaga Rizoiy quyidagicha yakun yasaydi:
Lojaram chun sa’yu jahdu iktisob,
Daf’ qilmasdur qazoni hech bob.
Bas tavakkuldur boridin xo‘broq,
Barchadin taslimdur mahbubroq.
Alisher Navoiy dostonidagi bu hikoya bilan Rizoiy keltirgan hikoyani
qiyoslar ekanmiz, har ikkala asardagi mavzu, hikoyadagi qahramonlar silsilasi va
ularning voqealar rivoji va yakunidagi ishtiroki va hatto qissadan hissa, ya’ni,
xulosasi ham bir-biriga monand ekanligini ko‘ramiz. Har ikkala asar qazosi

23 Qadimgi turkiy manbalarda shu atama “tangri” ma’nosida qo‘llanilgan

yetgan qahramon, uning jonini olmoq uchun kelgan farishta Azroil, uning qahr
bilan bandani qo‘rqitishi, o‘lim xavfidan qo‘rqqan bu bandaning Sulaymon
payg‘ambardan uni Hindistonga uchirib yuborishni iltimos qilganligi va nihoyat
uning Hind eliga kelib tushib o‘z qazosini o‘zi bajo keltirganligi o‘ziga xos badiiy
uslublarda ifodalangan. Navoiyda bu hikoya qushlardan birining bu safarda halok
bo‘lishi mumkinligiga javoban yozilgan bo‘lib, ajali yetgan inson uchun u
qayerda bo‘lmasin o‘lim barhaq ekanligiga ishora qilinsa, Rizoiyda bu hikoya
uchinchi to‘sha-tavakkulga misol tariqasida keltiriladi. Shoir bu to‘shada
qushlarga yo‘lning azobu uqubatlari haqida gapirib, yo‘l asnosida Ibrohim alayhis
salom kabi o‘tdan kechmoq, Foruq singari zahar yutmoq-qisqasi yo‘l
qiyinchiliklariga bardosh berib, maqsad sari tavakkul qilib intilmoq kerakligini
bayon etadi.

Demak, bu hikoyadan o‘z yo‘lini tanlagan solik barcha azob-u uqubatlarga
bardosh berishi, maqsad sari intilmog‘i, hamisha Allohga tavakkul qilib uning
visoliga erishishda sa’y-harakat qilmog‘i vojib ekan, degan yakuniy xulosa
chiqadi.

Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish joizki, inson taqdirdagi qazo hukmidan
qochib qutulolmasligi haqidagi mazkur hikoya Rashid Jumaev ta’kidlaganidek24,
Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»sida ham mavjud. Alisher Navoiy bu hikoyani
o‘z asarida o‘ziga xos badiiy uslubda bayon qilgan. Buyuk mutafakkir bu hikoya
mazmunini yana kuchaytirib, uni o‘zining falsafiy-estetik qarashlariga moslagan
va asosiy diqqat-e’tiborni inson o‘zidagi nafs va hirsni bog‘lamoqqa chorlashi
kerak, degan xulosaga keladi.

Xulosa. Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonida asosiy qoliplovchi
hikoya ichida hikoyalar keltirish usuli qo‘llanilgan. Mavlono Rizoiyning «Qush
tili» dostonida ham shu usul keng tadbiq etilgan. Lekin Mavlono Rizoiy
dostonining kompozitsion tuzilishida Navoiynikidan bir oz farqli jihati shundan
iboratki, ijodkor qoliplovchi hikoyalar ichidagi hikoyalarga Qur’oniy iqtiboslar
va hadislarni ham kiritib, ularni o‘sha hikoyalarning ajralmas qismiga
aylantirgan.

Rizoiy Payvandiy «Qush tili» dostonida jami 87 ta hikoya va iqtiboslar
keltirib, ularni doston tarkibiga kirgan tamsillar orqali tasdiqlab borish yo‘lini
tutadi. Bu iqtiboslarning aksariyati ma’lum bir tasavvufiy tushunchalarni
yorqinroq ochib berishga bag‘ishlangan hikoya va rivoyatlarning g‘oyaviy
mazmunini ifodalashda muhim o‘rin tutib, asar syujeti va kompozitsion
tuzilishida o‘ziga xos vazifani bajaruvchi badiiy vosita sifatida ajralib turadi.

24 Рашид Жумаев. Анъана ва издошлик. // Тил ва адабиёт журнали. – №1. – Тошкент, 2021. – Б. 30-33.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. Абдулазиз Мансур. Қуръони карим маъноларининг таржимаси. – Тошкент, 2001.
2. Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. 12 том. – Тошкент:
Фан, 1996.
3. Мавлоно Жалолиддин Румий. Маснавийи маънавий. III жилд. Форсийдан Жамол
Камол таржимаси. – Тошкент, 2003.
4. Мавлоно Хожа Қози Пайвандий Ризоий. Қуш тили. – Тошкент, 2009.
5. Рашид Жумаев. Анъана ва издошлик//Ўзбек тили ва адабиёти, 2002. – №1. – Б.
30-33.
6. Фарҳанги истилоҳоти ва таъбироти урфоний. – Теҳрон, 1303.
7. Khasanova Sh. Stories of Alisher Navoi and Rizoi Payvandi (On the Example of
«Lison ut-tayr» and «Qush tili» (The Language of Birds)). International Journal of Early
Childhood Special Education (INT-JECSE), 14 (1): 1321-1325. DOI: 10.9756/INT-
JECSE/V14|1.221151. 10.03.2022.