ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Tarbiyaviy texnologiyalardan foydalanishning ta’lim jarayonidagi ahamiyati

Nargiza Mirsagatova

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TARBIYAVIY TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISHNING TA’LIM
JARAYONIDAGI AHAMIYATI

Nargiza MIRSAGATOVA,
Oriental universiteti,

Pedagogika va psixologiya
kafedrasi katta o‘qituvchisi

Annotatsiya. Maqolada ta’lim jarayonini tashkil etishda tarbiya
texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari, vazifalari hamda pedagogning
tarbiyaviy ishlarni tashkil etishga nisbatan kompleks yondashuvi borasidagi
masalalar yoritilgan.

Kalit soʻzlar: tarbiya jarayoni, tarbiya texnologiyalari, kompleks
yondashuv, tarbiyaviy ish rejasi.

Аннотация. В статье истолковываются возможности применения
технологий воспитания в формировании учебного процесса и задачи
комплексного подхода педагога относительно организации воспитательных
работ.

Ключевые слова: процесс воспитания, технологии воспитания,
комплексный подход, план воспитания.

Annotation. In the article there are infrpreted the possibilities, duties of
using the technologies of nurture in the Formation of educational process as well
as the tasks of educators concerning a complex approach in the or ganization of
educaive proceedings.

Keywords: educative proceedings, nurturing technologies, complex
approach, nurturing plan.

«Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi
avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va
istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini
kengaytirishga bevosita bog‘liq»61…

Mamlakatimiz insonparvar va demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borar
ekan, o‘z fuqarolarining, ayniqsa yangi jamiyat barpo etishga bel bog‘lagan, o‘sib
kelayotgan avlod va bo‘lajak mutaxassislarning ma’naviy shakllanishiga alohida
e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri o‘sib

61 «Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam
poydevoridir» – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi. – «Xalq so‘zi»
gazetasi. 2017-yil, 8-dekabr.

kelayotgan yosh avlodni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, intellektual umuman har bir
sohada rivojlangan davlatlar kadrlari bilan bemalol raqobatga kirisha oladigan,
jahon hamjamiyati safidan munosib o‘rin egallashga qodir bo‘lgan, o‘z kuchini
ezgu maqsadlarga safarbar eta oladigan kadrlar qilib tayyorlashdan iborat.

Bu harakatlar natijasi ta’lim muassasalarida yosh avlodga zamonaviy
bilimlarni puxta o‘rgatish, ularda keng dunyoqarash hamda tafakkur ko‘lamini
hosil qilish, ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishda ta’limiy-tarbiyaviy
ishlarni samarali tashkil etishga bog‘liqdir. Zero, yurtning porloq istiqbolini
yaratish, uning nomini jahonga keng yoyish, ulug‘ ajdodlar tomonidan yaratilgan
ilmiy madaniy merosni jamiyatga namoyish etish, ularni boyitish, mustaqil
O‘zbekistonning barcha sohalarda rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy
egallashini ta’minlash yosh avlodni barkamol shaxs hamda yetuk mutaxassis qilib
tarbiyalashga bog‘liq.

Mazkur masalaning mazmun-mohiyati, yoshlarda yuksak ma’naviy-axloqiy
sifatlarni shakllantirish masalalari tarbiya texnologiyalari orqali singdirishga
bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiluvchi manbalarda o‘z aksini topgan.

Ta’lim jarayonida tarbiyaviy texnologiyalardan foydalanishning
xususiyatlari to‘g‘risidagi qarashlar qator pedagog va psixolog olimlar
M.Saidaxmedov, N.Almetov, Z.N.Nishonova, N.N.Azizxodjayeva, J.Tolipova,
M.T.Mirsoliyeva, B.Xodjayev va boshqalar tomonidan yaratilgan manbalarda o‘z
aksini topgan.

Ta’lim muassasalarida tarbiyaviy texnologiyalardan foydalanishning ilmiyamaliy imkoniyatlarini tadqiq qilish ikki muhim holatni yuzaga keltiradi:

- birinchidan, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoni sifat
ko‘rsatkichiga ega bo‘lish ta’minlansa;

- ikkinchidan, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘rganuvchilar
ma’naviy-axloqiy rivojlanib, ma’lum ko‘nikma, malaka va tajribaga ega
bo‘lishlariga xizmat qiladi.

Tarbiyaviy jarayonga texnologik yondashuv zamonaviy pedagogika
sohasining eng dolzarb masalalaridan biridir. «Tarbiya – ma’naviy manbalar va
hozirgi zamon talablari va ehtiyojlarini nazarda tutgan holda o‘qituvchining
ta’lim oluvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan o‘zaro ommaviy va nazariy
muloqotidir»62.

Ta’lim va tarbiya bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan jarayon bo‘lib,
o‘qituvchi ta’lim oluvchilarga faqat nazariy bilim berib qolmasdan, balki ularni
yaxshi odob-axloqli, imonli, e’tiqodli, ma’naviyatli shaxs sifatida tarbiyalashga
mas’uldir.

62 Абдулла Авлоний. Туркий Гулистон ёхуд ахлоқ. – Тошкент: Ўқитувчи, 1967. – Б. 25.

Abdulla Avloniy o‘zining «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida inson
kamolotida tarbiyaning rolini alohida ta’kidlab yozadi: «Janobi haq insonlarning
asl xilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila
qorani ayiradigan qilib yaratgan. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga
yetkazmoq tarbiya vositasida bo‘ladi. Agar bola yaxshi tarbiya topib, buzuq
xulqlardan saqlanib, go‘zal xulqlarga odatlanib katta bo‘lsa, har kim qoshida
maqbul, baxtiyor bir inson bo‘lib chiqadi. Agar tarbiyasiz, axloqi buzilib o‘ssa,
nasihatni qulog‘iga olmaydigan, har xil buzuq ishlarni qiladigan, nodon, johil bir
rasvoyi olam bo‘lib qoladi. Tarbiya qiluvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning
badanidagi kasaliga davo qilgani kabi tarbiyani bolaning vujudidagi johil
maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan
berib, katta qilmog‘i lozimdir. Zeroki, amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmoqqa
amr qilinganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo‘lishining asosiy panjasi
tarbiyadir.

Axloqimiz binosining go‘zal va chiroyli bo‘lishiga tarbiyaning zo‘r ta’siri
bordir»63.

Tarbiya jarayoni – bu shaxsning shakllanishiga maqsadli yo‘naltirilgan,
pedagog va ta’lim oluvchilar hamkorligi uchun maxsus tashkil etilgan,
boshqariladigan va nazorat qilinadigan, o‘zining pirovard maqsadi sifatida
shaxsni shakllantiradigan jarayondir.

Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:
– yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy qarashlarini, axloqiy bilim va tasavvurlarini,
ma’naviy savodxonligini yanada o‘stirish;
– milliy-ma’naviy qadriyatlar, ularning mazmuni, mohiyatiga doir bilim,
ko‘nikma va malakalarini takomillashtirish;
– yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy madaniyatini oshirish;
– axloqiy fazilatlarning milliy mustaqillik, yuksak insoniy fazilatlar bilan
chambarchas bog‘liq ekani ongli va puxta o‘zlashtirilishiga erishish;
– yoshlar ma’naviyatiga xavf tug‘diruvchi ichki omillar: mahalliychilik,
tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik, poraxo‘rlik, bilimsizlik, madaniyatsizlik,
milliy qadriyatlarni mensimaslik singari illatlarga qarshi kurasha olish
xususiyatlarini shakllantirish;
– mustaqillikka xavf tug‘diruvchi tashqi omillar: diniy ekstremizm,
aqidaparastlik, vahhobiylik, akromiylik, hizb ut-tahrir, missionerlik, kosmopolitizm
oqimlarining tahdididan o‘zini himoya eta olish va ularga qarshi kurasha olish
ko‘nikmalarini hosil qilish;
– milliy-madaniy merosimizni, buyuk allomalarimizning hayotiy va ilmiy

63 Абдулла Авлоний. Туркий Гулистон ёхуд ахлоқ. – Тошкент: Ўқитувчи, 1967. – Б. 25.

faoliyatini, milliy qadriyatlarimizni muntazam o‘rganib borish uchun shaxsiy
qiziqishlarni shakllantirish;

– madaniyatimiz, adabiyotimiz va san’atimiz tarixidagi yodgorliklarning asl
mohiyatini to‘g‘ri anglash, talqin qilish va izohlay olishga doir ko‘nikma va
malakalarni shakllantirish;

– adabiyot va san’atga doir masalalarni, milliy-ma’naviy qadriyatlar mazmuni
va mohiyatini ilmiy-mantiqiy jihatdan bilish, ulardagi yuksak insoniy tushuncha va
tamoyillarni his etish, bahs yurita olishlariga erishish;

– har bir shaxsda munozaraga kirisha olish malakasini shakllantirish;
– ma’naviyat va yuksak axloqiy fazilatlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan
tadbirlarni tashkil qilish.
Tarbiya jarayoni mas’uliyat talab etadigan uzluksiz jarayon bo‘lib, u nafaqat
auditoriyada, balki auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlarda, tarbiyaviy va axborot
soatlarida, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda amalga oshiriladi. Buning uchun esa
auditoriyada va auditoriyadan tashqari faoliyat tizimining muvaffaqiyatli
loyihasini yaratish hamda shaxsiy yondashuvni talab etadi.
Ta’lim jarayonida tarbiyaviy texnologiyalardan foydalanishda pedagogik
jarayondagi har bir faoliyatni alohida loyihalash, pedagogik hamkorlik va
pedagogik jihatdan to‘g‘ri yondashuv talab etiladi.
Tarbiya texnologiyalaridan foydalanish quyidagi majburiy talablarni
bajargan holda kompleks yondashuvni amalga oshiradi:
– tarbiyalanuvchilarga uch yo‘nalish – ongi, hissi va axloqi bo‘yicha ta’sir
ko‘rsatiladi;
– tarbiya (tashqi pedagogik ta’sir) va shaxsning o‘zini-o‘zi tarbiyalashi
tabiiy ravishda o‘zaro qo‘shilib ijobiy natijalarga erishiladi.
Ta’lim jarayonida tarbiya texnologiyasining vazifalari quyidagilardan iborat:
– Vatanparvar shaxsni tarbiyalash;
– Shaxsning ma’naviyatini shakllantirish;
– Mehnatkash insonning iqtisodiy tafakkurini tarbiyalash;
– Ruhiy-jismoniy sog‘lomlikni tarbiyalash;
– Kishining tabiat bilan munosabatini uyg‘unlashtirish;
– Shaxsda individuallik va jamoaviylikni tarbiyalash.
Ta’lim muassasalarida tashkil etilgan tarbiyaviy jarayon ish reja tuzishni
talab etadi. Tarbiyaviy ish rejani tuzish qoidalarini quyidagicha ifodalash
mumkin:
– diagnostik asos;
– ta’lim oluvchilarning o‘ziga xos xususiyatlarini, jamoaning mahorat
darajasi va shakllanganligini hisobga olish;

– tarbiyaviy jarayonda asosiy mazmuniy komponentlarga muvofiq faoliyat
aniq yo‘nalishining ifodalanishi;

– muddatlarini, tadbirlarni o‘tkazish shakllarini, ishtirokchilarini aniq
belgilash;

– rejaning qulayligi, realligi va aniqligi.
Shu bilan birga, pedagogdan chuqur bilim, malaka, tajriba, xohish talab
etgani kabi ta’lim oluvchilardan ham intilish, mas’uliyat, shu narsaga nisbatan
ehtiyojni talab etadi.
Hozirgi kunda «Barkamol shaxsni shakllantirish muammosining ijtimoiy
zarurat sifatida e’tirof etilayotganligini nazarda tutadigan bo‘lsak, tarbiya
jarayonini tashkil etishga nisbatan yangicha yondashuvni qaror toptirish, mazkur
jarayonni texnologiyalashtirishga erishish muhim pedagogik vazifalardan biri
ekanligini yanada chuqurroq anglaymiz»64.
«Tarbiyaviy tadbirlar – turli xil moddiy va ma’naviy ehtiyojlarga javob
beruvchi, tarbiyaviy maqsadlarning yagona majmuasiga bo‘ysundirilgan, bir-biri
bilan o‘zaro hamkorlik qiluvchi, o‘zida bir butun ta’limni ko‘zda tutgan
tarbiyaviy ta’sir majmuasidir. Ta’lim jarayoni alohida darslardan tashkil topgani
kabi tarbiyaviy tadbirlardan tarbiya jarayoni vujudga keladi»65.
Ana shunday maqsadlarga to‘liq javob beradigan tarbiya jarayonini tashkil
etishda pedagog tomonidan yo‘l qo‘yiladigan e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik, bu
ishga chin dildan yondashmaslik turlicha salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi
mumkin.
Kompleks yondashuvning zarur sharti – tarbiyaga aloqador bo‘lgan barcha
ijtimoiy institutlar va muassasalar, birinchi navbatda, ommaviy axborot vositalari,
adabiyot, san’at, oilalar, maktablar, huquq-tartibot organlari, jamoalar va
guruhlarning harakatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirishdir. Shaxsga berilgan
xislatlar aniq tarbiyaviy ishlar sistemasi orqali shakllantiriladi. Bu ishlar alohida
kompleks xarakterga ega bo‘lib, ayni vaqtda aqliy, jismoniy, axloqiy, estetik va
mehnat tarbiyasining tabiiy qo‘shilgan jarayonini amalga oshirishni talab etadi,
ya’ni axloqiy tarbiya mehnat va estetik tarbiya bilan, aqliy tarbiya jismoniy va
axloqiy tarbiya bilan, mehnat tarbiyasi aqliy tarbiya bilan bog‘liq.
Tarbiya nazariyasi bo‘limi ham tarbiyaviy vazifalarni kompleks hal etish
lozimligini tatbiq etadi va amaliyotga soddalashtirilgan yondashuv maqsadini
taklif etadi. Kompleks yondashuv tarbiya jarayoni va uni boshqarishga tizimli
yondashuvni ko‘zda tutadi. Agar tarbiyada ishtirok etuvchi ichki va tashqi omillar
hamda ular orasida aloqaning mavjudligi hisobga olingan bo‘lsa, shundagina

64 O‘.Tolipov, M. Usmonboyeva. Pedagogik texnologiyalarning tatbiqiy asoslari. – Toshkent: Fan, 2006. – B. 236.
65 R.Ishmuhamedov va boshqalar. Tarbiyada innovatsion texnologiyalar. – Toshkent, 2010. – B. 7.

boshqaruv samarali bo‘lishi mumkin. Buning uchun mazkur omillar va ularning
ta’sir etish xarakteri haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish kerak.

Tarbiyaviy ishlar asosida ikki: faol va kompleks yondashuv yotadi.
Birinchisi faoliyatning turli ko‘rinishlarini tashkil etishni talab etadi: bilish,
mehnat, ijtimoiy, badiiy, sport va erkin muloqot.
Ikkinchisi esa, yuqorida ta’kidlanganidek, faoliyat barcha ko‘rinishlarining
yagona jarayonga ta’siri bilan tabiiy “qo‘shilib” ketishida ko‘rinadi.
Tarbiyaviy ishlar ayni paytda o‘ziga axloqiy, estetik, siyosiy va intellektual
ta’sirni qamrab oladi. Faoliyatga oid yondashuv tarbiya yo‘nalishiga ishora qilsa,
kompleks yondashuv uning mazmun xarakterini belgilaydi.
1) pedagogik maqsad – vaziyat, tarbiyaviy maqsadning asosiy va bog‘liq
tomonlarini shakllantirish;
2) rejalashtirish;
3) tashkil etish va tayyorlash;
4) ishni bevosita amalga oshirish;
5) erishilgan natijalar tahlili.
Shunday qilib, kompleks yondashuv – bu tarbiyaviy ta’sir va o‘zaro
hamkorlik maqsadlari, vazifalari, mazmuni, metodi va shakllarining birligidan
iborat.
Tarbiya texnologiyasi asosida tarbiyaviy jarayon yotadi. Ta’lim oluvchilar
faoliyatini tashkil etish ular tomonidan erishiladigan natijalarni rejalashtirish va
unga erishish usullari, bu usullarni modellashtirish, ishlab chiqilgan reja va
modellarni ro‘yobga chiqarish, bu rejalarni amalga oshiruvchi shaxsning faoliyati
va axloqini boshqarish kabilar hisoblanadi.
Ta’lim jarayonida tarbiyaviy texnologiyalardan foydalanish tarbiya natijalariga
asoslanib, tarbiyaning maqsad va vazifalarini oydinlashtirish, tarbiya jarayonining
har bir bosqichini alohida-alohida loyihalash, tarbiyaning shakl, metod va
vositalarini aniq belgilab olishga qaratilgan tizimli jarayon.
Texnologik yondashuv imkoniyati tarbiya jarayonining o‘zida uning ko‘p
omilliligi – ko‘plab omillar ta’siriga uchrashi, natijalarning tezda namoyon
bo‘lmasligi, tarbiyachi faoliyatining (bevosita yoki bilvosita) yo‘naltirilganligi, ko‘p
bosqichlilik bilan bog‘liq ravishda mujassamdir.
Demak, ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy jarayonni tashkillashtirish
birinchidan, tarbiya tizimining milliy xususiyatlaridan kelib chiqib, amalga
oshirilishi; ikkinchidan, mazkur muassasalarda tarbiyaviy texnologiyalarning
nazariy va amaliy asoslari aniq belgilab olinishi – tarbiyaviy texnologiyalardan
amalda foydalanishda ta’lim oluvchilarning individual o‘ziga xosligi va tarbiya

mazmunining yosh davrlari uchun mosligi tamoyiliga amal qilinishi tarbiyaviy
texnologiyalarning asosiy mohiyatini tashkil etadi.

Hozirgi zamon pedagogikasida tarbiya pedagogning ta’lim oluvchi shaxsiga
oddiy ta’sir ko‘rsatishi emas, balki pedagoglar va ta’lim oluvchilarni aniq bir
maqsadga qaratilgan, bir-biri bilan hamkorlikda qiladigan munosabatlari va
o‘zaro ta’sir ko‘rsatishi ekanligi alohida ta’kidlash mumkin. Bugungi kunda
shunchaki bilim egasi bo‘lgan insonni emas, balki ijodkor, o‘z iste’dodi bilan
ajralib turuvchi ishbilarmon, tashabbuskor shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazish
zamon talabidir.

Buning uchun o‘qituvchi pedagogik faoliyatini takomillashtirish muhim
ahamiyatga ega. Maqsadga erishish uchun bir necha yo‘lni bosib o‘tish lozim:

– birinchi yo‘l – o‘quv-pedagogik faoliyat yo‘li bo‘lib, u o‘z o‘quv
predmetini, pedagogika, psixologiya, metodika fanlarini ilmiy texnikaviy
taraqqiyot va davr talablari darajasida bilishni nazarda tutadi.

– ikkinchi yo‘l – shaxsiy faoliyat yo‘li bo‘lib, u o‘ziga, o‘z ishiga,
hamkasblariga, o‘quvchilarga, ularning ota-onalariga bo‘lgan munosabatini
bildirib, o‘z mavqeyini tushunishi, o‘z-o‘ziga baho berish, o‘z-o‘zini anglash,
mustaqil ravishda bilimini oshirishga intilish, o‘zini-o‘zi kamolotga yetkazish,
bunyodkorlikka, ijodkorlikka, tadbirkorlikka layoqatini, yangilikka muntazam
intilishini anglatadi.

– uchinchi yo‘l – ijtimoiy-pedagogik faoliyat yo‘li bo‘lib, u o‘qituvchitarbiyachining o‘quvchilarni, jamoani “ko‘ra bilishini”, o‘quvchi yoshlarning
qiziqishi va talablarini, ular duch keladigan qiyinchiliklarni oldindan anglay
olishini; har bir o‘quvchi-tarbiyalanuvchining individual-psixologik
xususiyatlarini ilg‘ay olishini; darsda va darsdan tashqari tarbiyaviy tadbirlarni
tashkil qilish bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malakalarning shakllanganligini; turli
ijtimoiy – foydali ishlarga o‘quvchilarni jalb eta olishini; fanga, hayotga,
san’atga, ijtimoiy-foydali mehnatga havas uyg‘ota olish kabi qobiliyati
qirralarining mavjudligini anglatadi;

– to‘rtinchi yo‘l – axborot-kommunikativ faoliyat yo‘li bo‘lib, u o‘qituvchi –
tarbiyachining ma’lumot-axborotga ega ekanligini; voqelik, pedagogik olamdagi
voqea-hodisalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qurollanganligini; axborot va
kommunikativ texnologiyalardan ma’lumotlar ola bilishini, uni o‘z tafakkur
elagidan o‘tkazib, hamkasblari, o‘rtoqlari, o‘quvchilariga yetkaza olish
qobiliyatiga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. «Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy
ettirishning mustahkam poydevoridir» – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga
bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi. – «Xalq so‘zi» gazetasi. 2017-yil, 8-dekabr.

2. R. Ishmuhamedov va boshqalar. Tarbiyada innovatsion texnologiyalar. – Toshkent,
2010.

3. O‘.Tolipov, M.Usmonboyeva. Pedagogik texnologiyalarning tatbiqiy asoslari. –
Toshkent: Fan, 2006.

4. Aбдулла Авлоний. Туркий Гулистон ёхуд ахлоқ. – Тошкент: Ўқитувчи, 1967.