ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ranglar idroki va assotsiatsiya

Durdona Lutfullayeva

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

RANGLAR IDROKI VA ASSOTSIATSIYA

Durdona LUTFULLAYEVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi,

O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti
kafedrasi professori, f. f. d.

Annotatsiya. Ushbu maqolada insonning ko‘rish sezgisi orqali ranglarni idrok
etishi, ranglar haqidagi bilim va tasavvurlari, hamda assotsiatsiyalarining tilda
namoyon bo‘lishi masalasi yoritilgan. Til egalarida rang-tus ifodalovchi so‘zlarga
nisbatan individual va jamoaviy assotsiatsiyalarning hosil bo‘lishi, shuningdek,
verbal assotsiatsiyasining milliy-madaniy xususiyatlari ochib berilgan.

Kalit so‘zlar: Ranglar assotsiatsiyasi, ranglar idroki, assotsiatsiyalarning
milliy-madaniy xususiyatlari, individual assotsiatsiyalar, jamoaviy assotsiatsiyalar.

Аннотация. В данной статье рассматривается вопрос восприятия цветов
человеком посредством чувства зрения, знаний о цветах и проявления их в
ассоциациях; формирование индивидуальных и коллективных ассоциаций по
отношению к словам, выражающих цвет, выявляются национальнокультурные особенности вербальных ассоциаций.

Ключевые слова: Цветовые ассоциации, цветовое восприятие,
национально-культурные особенности ассоциаций, индивидуальные
ассоциации, коллективные ассоциации.

Annotation. This article highlights the issue of human perception of colors
through the sense of sight, knowledge about colors and their manifestation in
associations; the formation of individual and collective associations in relation to
words expressing color, national and cultural characteristics of verbal associations
are revealed.

Keywords. Color associations, color perception, national and cultural
characteristics of associations, individual associations, collective associations.

Muayyan obyektning insondagi ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hidlash, hamda
teri sezgisi orqali his qilingan belgisi har gal ushbu obyekt ko‘zga tushganda
xotiramizda gavdalanadi. Yoki uning nomi eshitilganda ushbu obyektga xos belgixususiyatlar, u bilan yondosh va o‘xshash bo‘lgan obyektlar assotsiativ tarzda yodga
keladi. Masalan, o‘tloq, qor, qarg‘a so‘zlari eshitilganda yoki o‘qilganda o‘tloqning
oldindan his qilingan yashil rangi, qorning oqligi, qarg‘aning qora rangda ekanligi
ko‘z oldimizga keladi. Bu jarayonda predmetlarning insondagi ko‘rish sezgisi orqali
his qilingan rang bo‘yog‘i ongda (predmet + rang) assotsiativ aloqasini hosil qiladi.

Demak, “assotsiativ munosabat til birliklarining inson psixologik tasavvuriga

asoslangan munosabati bo‘lib, “biri ikkinchisini yodga solish” mexanizmini aks
ettiradi. Bu munosabat asosida assotsiatsiya tushunchasi yotadi”5.

Shunisi xarakterliki, tashqi olamdagi predmetlar, ularning belgi-xususiyati

haqida inson sezgi organlari orqali aniqlangan bilimlar birlamchi bo‘lib, ularning

mazkur predmetga makon va zamonda aloqador, o‘xshash yoki yondosh predmetlar

bo‘yicha ilgari egallangan bilimlar bilan taqqoslanishi natijasida qiyoslanuvchi

predmetlarning umumiy va o‘xshash jihatlari aniqlanadi. Shu o‘rinda ashyolarning

umumiy va o‘xshash belgilari inson xotirasida bir-birini yodga solib turuvchi

assotsiativ qatorlarga birlashadi. Ushbu qonuniyat tilda ham namoyon bo‘ladi.

Inson muloqot jarayonida biror predmet nomini eshitganda ushbu predmetning

oldindan sezgi organlari orqali idrok etilgan belgi-xususiyati tasavvurida jonlanib,

beixtiyor uni aks ettiruvchi til birligi xotirasiga keladi. Masalan, o‘zbek tili egalari

ustida o‘tkazilgan assotsiativ tajribalarda qon so‘ziga berilgan qizil assotsiatsiyasi

ko‘ruv sezgisi, kulgi so‘ziga berilgan piq-piq assotsiatsiyasi eshitish sezgisi, rayhon

so‘ziga nisbatan berilgan xushbo‘y assotsiatsiyasi hid sezgisi yordamida egallagan

bilimlarining lisoniy xotirasida tiklanishi natijasida yuzaga kelgan. Bunday

assotsiatsiyalar nutqqa ko‘chganda tarkibiy qismlari o‘zaro assotsiativ bog‘langan

so‘z birikmalari yoki gaplarni yuzaga keltiradi. Ushbu holat o‘zaro assotsiativ

bog‘langan birliklar nutqda jumlalarni hosil qilishda muhim o‘rin tutishini

ko‘rsatadi. Masalan, qon qizil rangda, piq-piq kulgi, xushbo‘y rayhon kabilar o‘zaro

assotsiativ bog‘langan birliklarning sintagmatik munosabatga kirishuvi asosida

yuzaga kelgan. Shunisi xarakterliki, predmetlarning inson sezgi a’zolari yordamida

his qilingan belgisi doimiy va o‘zgarmas bo‘lsa, ushbu belgi ikkinchi marta qayta

his qilinmasa-da, u assotsiativ tarzda inson xotirasida tiklanaveradi. Masalan, ko‘ruv

sezgisi asosida paxta so‘ziga nisbatan hosil bo‘lgan oppoq, tun so‘ziga berilgan

qorong‘i assotsiatsiyasi, paxtaning teri sezgisi orqali his qilingan yumshoqlik belgisi

va unga nisbatan yuzaga kelgan yumshoq assotsiatsiyasi doimiy assotsiatsiya

sanaladi. Bunday assotsiatsiyalar predmetlarning doimiy, o‘zgarmas belgisi asosida

hosil bo‘ladi va doim shundayligicha qoladi.

Tabiatda shunday predmetlar ham mavjudki, ularning muayyan belgi-

xususiyati vaqt o‘tib o‘zgarishga uchrashi mumkin. Predmetlarning inson

tomonidan ilgari his qilingan birlamchi belgisi o‘zgarishga uchrasa, bu belgi asosida

yuzaga kelgan ilk assotsiatsiya ham o‘zgarib, ikkilamchi assotsiatsiyaga yo‘l

ochiladi. Bunday vaziyatda inson tomonidan his qilingan birlamchi belgi haqidagi

ma’lumot keyingi davrda idrok etilgan ikkilamchi belgi o‘rnini egallaydi. Natijada

ushbu belgi asosida ikkilamchi assotsiatsiya yuzaga keladi. Masalan, olmaning

5 Лутфуллаева Д. Ассоциатив тилшунослик назарияси. – Тошкент: Meриюс, 2017. – Б. 7.

shirin ta’mi haqidagi tasavvur uning ta’mi yo‘qolib yoki o‘zgarib, qayta his

qilinganda u haqidagi birlamchi tasavvur o‘zgaradi. Buning natijasida birlamchi

tasavvur ikkilamchi tasavvurga o‘rin bo‘shatadi. Demak, narsa-predmetlarning

ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hidlash va teri sezgisi orqali his qilingan doimiy

belgilari qatorida muayyan vaqt o‘tib o‘zgarishga uchrashi mumkin bo‘lgan belgilari

ham mavjud bo‘lib, ular inson assotsiatsiyalarining doimiy, birlamchi yoki

o‘zgaruvchan ikkilamchi xarakterga ega bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Xullas, inson sezgi a’zolari orqali qachonlardir idrok etilgan narsa-predmetlar,

ularning belgi-xususiyatlari haqidagi bilimlar mazkur predmetlar nomi eshitilganda

assotsiativ tarzda xotirada tiklanadi. Bu holat olamni idrok etishda inson sezgi

organlarining o‘rni yuqori darajada ekanligini asoslaydi.

Rang-tus bildiruvchi birliklar bo‘yicha til egalarida hosil bo‘lgan

assotsiatsiyalarda insonning ranglar haqidagi tasavvurlari, ranglarga munosabati,

ranglar bilan bog‘liq holda jamiyatda shakllangan qadriyatlar va urf-odatlar aks

etadi. Muayyan rang-tus bildiruvchi birlik, hatto inson hayotida sodir bo‘lgan

muhim voqea-hodisani uning xotirasida tiklashi mumkin. B.A.Musukovning

ta’kidlashicha, ayrim ranglar jamiyat hayotidagi ko‘plab yirik o‘zgarishlar va atrof-

muhitdagi hayotiy muhim elementlar: olov, osmon, quyosh, suv haqidagi
assotsiatsiyalarni hosil qilishi mumkin.6 T.M.Tyapkina u yoki bu rangni bildiruvchi

so‘z bo‘yicha yuzaga kelgan assotsiatsiyalar so‘zlarning shakllanishiga kuchli turtki

bera olishini, kommunikatsiya ishtirokchilari ongida yuzaga kelgan rang obrazi

obyektning boshqa belgilari, o‘zga obyekt va shu kabilar haqidagi tasavvurlarni
hosil qilish xususiyatiga ega ekanligini bayon qiladi. 7

M.A.Bolotina, Y.A.Shabasheva ham insonda ranglar orqali turli

assotsiatsiyalar yuzaga kelishini e’tirof etishadi. Ularning fikricha, insonning tashqi

olamni idrok etishida ranglar muhim rol o‘ynaydi. Ranglar til egalarida ma’lum

assotsiatsiyalarni yuzaga keltirishga qodir, tilda ranglarning assotsiativligi, ayniqsa,

rang ifodalovchi turg‘un birikmalarda (chunki ular yaxlit holda ma’no ifodalaydi va
doimiy leksik tarkibga ega) aniq kuzatiladi8. Anglashiladiki, tildagi rang-tus

bildiruvchi birliklar qator ekstralingvistik omillar ta’sirida inson xotirasida turli

assotsiatsiyalarning tiklanishiga turtki beradi.

Til egalarida rang-tus bildiruvchi birliklar assotsiatsiyasiga turtki beruvchi

omillar turli xalqlarda bir-biridan farq qiladi. T.M.Tyapkina nemis tilida rang

6 Мусуков Б.А. Лексико-семантические особенности цветообозначающих прилагательных в тюркских языках
(на материале карачаево-балкарского языка) // Фундаментальные исследования. – Пенза: Академия
Естествознания, 2014. – № 5. – С. 1121-1126.
7 Тяпкина Т.М. Вторично-номинативные функции цветообозначений в современном немецком языке: Дисс.
… канд. филол. наук. – Нижний Новгород, 2002. – C. 286.
8 М.Болотина, Е.Шабашева. Символика цвета в русском и английском языках // Вестник Балтийского
федерального университета им. И. Канта, 2011. Вып. 2. – С. 7-12.

bildiruvchi so‘zlar bo‘yicha hosil bo‘ladigan bunday assotsiativ aloqalarni ingerent

va adgerent turlarga ajratgan. Uning qayd etishicha, ingerent assotsiatsiyalar

rangning o‘z tabiati orqali aniqlanadi. Bunday assotsiatsiya ontologik jihatdan

ko‘rish sezgisi orqali idrok etiladigan har bir rang orqali hosil bo‘ladi (schwarz

(qora) – qorong‘i, g‘amgin, yomon, dahshatli; rosig (qizg‘ish) – yoqimli, yaxshi,

kamalak rangli). Ingerent assotsiatsiyalar ranglarning psixologik aspektda idrok

etilishi asosida hosil bo‘ladi. Adgerent assotsiatsiyalar fondi esa ongda analogiya

mexanizmi ta’sirida yuzaga keladi. Bunda rang bo‘yog‘ini aniqlashda, avvalo,

obyektning tashqi belgisi inobatga olinadi. Shu sababli bunday assotsiatsiyada “rang
- ushbu rangni tashuvchi” assotsiativ aloqasi keng tarqalgan.9

O‘zbek tilida ham rang assotsiatsiyasi, avvalo, obyektning rang bo‘yog‘i bilan

bog‘liq holda yuzaga keladi. Shu bilan birga, ramzlar, rang bilan aloqador urf-odat,

an’ana kabilar ham til egalarida turli assotsiatsiyalarning hosil bo‘lishiga olib

keladi. Jumladan, rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan predmetlarning rang

bo‘yog‘i bilan bog‘liq holda assotsiatsiyalar hosil bo‘ladi.

Rang-tus bildiruvchi so‘zlar obyektning rang-tus belgisini anglatishi sababli,

assotsiativ tarzda, avvalo, shu obyektni inson tasavvurida tiklaydi. Masalan, yashil

so‘ziga nisbatan berilgan o‘tloq, barg, o‘t, dala, daraxt, doska, ko‘ylak, tabiat, o‘t-

o‘lan, adir, bayroq, bog‘, daftar, o‘simlik, svetofor va olma kabi javob reaksiyalari

shuni ko‘rsatadiki, rang-tus bildiruvchi so‘zlar, eng avvalo, til egalari tomonidan

ilgari egallangan predmetlarning rangi haqidagi bilim va tasavvurlarni yodga

tushiradi. Bu holat rang-tus bildiruvchi ilk so‘zlar til egalari tomonidan predmetlar

rang bo‘yog‘iga tavsif berish maqsadida hosil qilinganligini dalillaydi. Rang-tus

bildiruvchi so‘zlar qanday predmetlarning rang bo‘yog‘iga tavsif bersa, dastlab

mana shu predmetlar nomini aglatuvchi so‘zlar bilan assotsiativ bog‘lanadi.

Ma’lumki, tabiatdagi obyektlar, ularga xos belgi-xususiyatlar, shu jumladan,

narsa-predmetlarning rang bo‘yog‘i ham ushbu predmetlar bilan o‘zaro yondoshlik

munosabatida bo‘ladi. Umuman, tabiatda ko‘plab obyektlar, ularga xos belgilar bir-

biri bilan yondosh holatda uchraydi. Masalan, archa daraxtining mavjudligi tog‘,

tuproq, suv kabilar bilan bevosita aloqador. Bu predmetlar archa daraxtining

mavjudligi sharti sifatida u bilan bog‘liq va yondosh predmetlar sanaladi. Archa va

unga yondosh predmetlar, hatto uning rang bo‘yog‘i ham inson xotirasida birga

yashaydi va doimo bir-birini yodga solib turadi. Shu sababli archa so‘zi assotsiativ

tarzda tog‘, yashil, tuproq so‘zlari bilan bog‘lanadi.

Tilda bunday yondoshlikka asoslangan assotsiatsiya rang-tus bildiruvchi

so‘zlar bilan rang tegishli bo‘lgan obyektni anglatuvchi birliklar aloqasida ham

9 Тяпкина Т.М. Вторично-номинативные функции цветообозначений в современном немецком языке: Дисс.
канд. филол. наук. – Нижний Новгород, 2002. – C. 286.

kuzatiladi. Masalan, qog‘oz so‘zi eshitilganda oq so‘zi, oq so‘zi aytilganda qog‘oz

so‘zining xotirada tiklanishi bu ikki so‘zning bir-biri bilan yondoshlikka ko‘ra

assotsiativ aloqada ekanligini anglatadi. Xuddi shunday, moviy so‘zining osmon

so‘zi bilan assotsiativ bog‘lanishi rang (moviy) va obyekt (osmon) o‘rtasida o‘zaro

yondoshlikka ko‘ra aloqa mavjudligini anglatadi. Demak, bunday assotsiativ aloqa

muayyan predmet va uning rang bo‘yog‘ini bildiruvchi so‘z o‘rtasida aloqadorlik

tamoyili asosida yuzaga keladi.

Rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan ularning ramziy ma’nolari bilan bog‘liq

holda ham assotsiatsiyalar hosil bo‘ladi. Tarixdan kishilar muayyan ranglarda ayrim

narsa-predmetlar, voqea-hodisalarning timsolini ko‘rishgan. Natijada til egalarida

ranglar bilan bog‘liq holda ramzlar tasavvuri shakllangan va hozirda bunday

tasavvurlar turli xalqlarda bir-biridan farqli jihatlarga ega.

Qizig‘i shundaki, turkiy xalqlarda muayyan davrda bir rang ijobiy, boshqa

davrda salbiy xarakterdagi ramzlarni ifodalashga xizmat qilganligi ham kuzatiladi.

Bu holat kishilarning yillar mobaynida ranglarga nisbatan munosabati, qarashlari

o‘zgarib borganligini ko‘rsatadi. Bu haqida fikr yuritar ekan, taniqli adabiyotshunos

olim I.Haqqul quyidagilarni yozadi, “... odamlarning dunyoqarashi, yashash

sharoitlari, diniy hayot yo‘llarining o‘zgarishi bilan ranglarga munosabat,

ko‘zlangan maqsadlar ham o‘zgarib, ba’zan butunlay yangilanib borgan. Masalan,

qora rang va qorong‘ulik “Avesto”da oq – yorug‘likning ziddi o‘laroq ta’rif va tavsif

etilgani yaxshi ma’lum. Unda qorong‘ulikning yomonlik, yovuzlik sifatida

boshlang‘ich quvvati – ilk manbai Axrimandir. Lekin olis o‘tmishda oq rangga

nisbatan ham shunga yaqin munosabatlar hokimlik qilgan. Ba’zi xalqlarda,

jumladan, turkiy qavmlarda ham oq rang motam, musibat, hatto qurg‘oqchilik

alomati hisoblangan... Buni qora rangga nisbatan munosabat o‘zgarishidan ham

anglash qiyin emas. Chunki qadimda turkiylarning dunyoqarashi va fikr olamida oq

rangga qaraganda qora rang e’tiborliroq mavqega ega edi. Shu bois ularning diniy
aqidalarida qora so‘zi ko‘proq o‘rin egallagan...”10 Anglashiladiki, qadimgi

davrlarda kishilarning ranglarga bo‘lgan munosabati o‘zgarib turgan, bu holat

ularning ramziy ma’nolarida ham namoyon bo‘lgan.

Rang-tus bildiruvchi so‘zlarning ramziy ma’nolaridagi o‘zgarish va tafovutlar

til egalarining rang ramzlari bo‘yicha yuzaga keladigan assotsiatsiyalarida ham o‘z

ifodasini topishi tabiiy. Bunday assotsiatsiyalar rang-tus bildiruvchi so‘zlar

ifodalagan rang-tus ma’nosini yanada aniqroq anglashga, uni “ko‘rgazmali”

tasavvur qilishga imkon yaratadi. Masalan, ko‘p xalqlarda qizil rang qon ramzi, sariq

10 Ibrohim Haqqul. Yana qora rang talqini haqida // https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/ibrohim-haqqul-yana-qorarang-talqini-haqida.html

rang ayriliq va musibat, qora rang esa o‘lim va qayg‘u ramzi sanaladi11. Shu sababli,

til egalarida qizil so‘zi ko‘pincha qon, sariq so‘zi esa ayriliq, qora so‘zi o‘lim

assotsiatsiyasini hosil qiladi. Rang-tus bildiruvchi ushbu so‘zlar ortida yashiringan

qon, ayriliq, o‘lim ramzlari fikrni ta’sirchan, rang bilan bog‘liq voqelikni yanada

aniq tasvirlashga xizmat qiladi.

Turli xalqlarda ranglarning ramzlarni anglatishi bir-biridan farq qilishi sababli

har bir tilda rang-tus bildiruvchi so‘zlarning ramziy ma’nosi bilan bog‘liq holda

turli-tuman assotsiatsiyalar hosil bo‘ladi. A.S.Virodovaning qayd etishicha, rus

tilidagi poetik diskursda oq rang poklik, muqaddaslik, aybsizlik, shuningdek,

qurbonlik, insonning narigi dunyoga safar qilishi ramzi sifatida beriladi. Qora rang

esa o‘lim, shaytonlik xususiyatining boshlanishi, omadsizlik, tashvish ramzi deb

ko‘rsatiladi. Qizil rang bo‘lsa qon, urush, faollik, hokimiyat ramzi sifatida namoyon

bo‘ladi. Yashil rang poetik diskursda bahor, yangilanish, yoshlik, kuch-quvvat, umid

ramzi sifatida tasvirlanadi. Ammo bu rangning nosog‘lom teri bilan bog‘liq

assotsiatsiyasi kasallik, iztirobga ishora qiladi. Och ko‘k rang yengillik,

ko‘tarinkilik, to‘q ko‘k rang esa yer osti dunyosi, shaytonning kolorativ ramzi, sariq

rang yorqin quyosh, oltin hamda kasallik, hatto o‘lim ramzi sifatida namoyon

bo‘ladi. Poetik diskursda, hatto bir necha kolorativlar bir hodisaning ramziy ifodasi

sifatida tasvirlanishi mumkin. Sariq, yashil ranglar qadimiylik timsoli bo‘la oladi 12.

O‘zbek xalqi ham ayrim ranglarni ramzlar bilan bog‘laydi. Yurtimiz

bayrog‘idagi moviy, oq, qizil ranglari ham bevosita ramzlar bilan bog‘lanadi.

Bayroqdagi moviy rang mangu osmon va obi-hayot ramzi bo‘lib, yaxshilik,

donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Bayroqdagi oq rang

esa muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, tozalik, beg‘uborlik, soflik, orzu-xayollar

pokligi, ichki go‘zallikka intilishning timsolidir. Yashil rang tabiatning yangilanish

ramzi, navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil rang esa

vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat, ya’ni qon ramzini anglatadi.13

Anglashiladiki, har bir xalqda ranglarning ramziy ma’nolari bilan bog‘liq o‘z

qarashlari mavjud. Shunga qaramay, ayrim tillarda rang-tus bildiruvchi so‘zlar

ramziy ma’nolarida umumiylik kuzatiladi. V.Layenko ingliz va rus tillarida umumiy

ramziy ma’noga ega bo‘lgan quyidagi rang bildiruvchi sifatlar mikrotizimini

ajratadi: 1) “yaxshi” – oq, “hech qaysi” – kulrang, “yomon” – qora; 2) “ruxsat

11 Клар Г. Тест Люшера: психологическая характеристика восьми цветов // Магия цвета. – Харьков, 1996.
12 Выродова А.С. Лингвокультурологическое пространство колоративов в русском поэтическом дискурсе
первой половины XX века: на материале поэтических текстов С.А. Есенина и Н.М. Рубцова: Дисс. … канд.
филол. наук. – Белгород, 2008. – C. 224. // https://www.dissercat.com/content/ lingvokulturologicheskoeprostranstvo-kolorativov-v-russkom-poeticheskom-diskurse-pervoi-pol
13 https://paxtachi.uz/uz/node/519

beruvchi” – yashil, “ogohlantiruvchi” – sariq, “taqiqlovchi” – qizil; 3) “inqilobiy” –
qizil, “aksilinqilobiy” – oq; 4) “muloyim, zaif, quvnoq” – pushti, “sokin” – ko‘k.14

Tilda bu kabi rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan har xil assotsiatsiyalar hosil

bo‘ladi. Masalan, O.V.Saufanova rus tilida krasnыy (qizil) so‘ziga nisbatan qon,

tashvish, faollik, kuchlilik, qo‘zg‘atuvchi, hamda tirik assotsiatsiyalari yuzaga
kelishini aniqlaydi.15 O‘zbek tilida so‘zlashuvchilar ustida o‘tkazilgan assotsiativ

tajribalarda qizil so‘ziga nisbatan eng ko‘p qon, olma, lab, gul, ko‘ylak kabi javob

reaksiyalari berildi. Bular ichida qon assotsiatsiyasi qizil so‘zi va qonning rang

bo‘yog‘i o‘rtasidagi aloqadorlik asosida hosil bo‘lgan. Shu bilan birga, ushbu

assotsiatsiya qizil so‘zining qon ramziga ishora qilishini ham ko‘rsatadi. Demak,

ayrim rang-tus bildiruvchi so‘zlar orqali ularning ramziy ma’nolarini voqelantiruvchi

assotsiatsiyalar yuzaga keladi. Bu holat oq, qora, sariq, yashil so‘zlariga berilgan

javob reaksiyalarida ham kuzatildi. O‘zbek tili egalari tomonidan oq so‘ziga berilgan

tinchlik javob reaksiyasi (bu assotsiatsiya o‘zbek xalqi madaniyatida oq rangining

tinchlik ramzi sifatida talqin etilishi bilan bog‘liq) oq so‘zining ramziy ma’nosi

hisoblanadi. Yoki o‘zbek adabiyotida qora so‘zi ko‘pincha yovuzlik, qora kunlar

ramzi sifatida gavdalanadi. Bu holat sinaluvchilar tomonidan qora so‘ziga nisbatan

berilgan yovuzlik, zulmat assotsiatsiyalarida namoyon bo‘ldi.

Sinaluvchilar tomonidan sariq so‘ziga berilgan javob reaksiyalariga e’tibor

qaratamiz: Sariq so‘ziga nisbatan 32 ta sinaluvchidan 15tasi quyosh so‘zini

keltirgan. Bu holat quyosh assotsiatsiyasida obyektning rang bo‘yog‘idan tashqari,

sariq so‘zining ramziy ma’nosi ham voqelanganligini ko‘rsatadi.

Ba’zan badiiy asarlarda rang-tus bildiruvchi so‘zlarning ramziy ma’nolari

bevosita keltirilmaydi, balki matnda ularga ishora qilish orqali fikrni ta’sirchan

ifodalashga erishiladi. O‘quvchi rang-tus bildiruvchi so‘zlarning ramziy ma’nolari

haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lsa, uning bu so‘zlar orqali matnda nimaga

ishora qilinayotganligini tushunishi oson kechadi. Masalan, A.Oripovning quyidagi

she’rida tilga olingan qora rang birikmasi qora kunlar timsoli sifatida gavdalangan:

Ammo inson umri to‘y emas har vaqt,

Olddadir hali eng go‘zal zamona.

Istayman, qora rang kirmasa jinday,

Istayman, botmasa shu rangin quyosh. (A.Oripov. “Yuzma-yuz”)

E.Vohidov esa qora so‘zi orqali yorug‘lik timsolini gavdalantirgan:

Salom senga, oppoq, tiniq kelajak,

Olqish bo‘lsin senga, uyg‘ongan bo‘ron. (E.Vohidov. “Viruslar”)

14 Лаенко Л.В. От семантики цвета к социальной семантике языка (на материале английских и русских
прилагательных, обозначающих цвет). Аторефер. дисс. … канд. филол. наук. – Саратов, 1988. – С. 5.
15 Сафуанова О.В. Формы репрезентации цвета в субъективном опыте. Дисс. … канд. психол. наук. – Москва,
1994.

Ranglarning bu kabi ramzlarga ishora qilishi til egalari tomonidan oldindan
o‘zlashtirilganligi sababli ularda bu ranglarni bildiruvchi birliklarga nisbatan

ko‘pincha umumiy assotsiatsiyalar hosil bo‘ladi. Rang-tus bildiruvchi so‘zlarga
nisbatan milliy-madaniy qadriyatlar bilan bog‘liq holda ham assotsiatsiyalar hosil
bo‘ladi. Rang-tus bildiruvchi so‘zlarning milliy-madaniy xususiyatlari, avvalo,
jamiyat a’zolarining ranglarga bo‘lgan munosabati orqali yuzaga chiqadi. Muayyan
xalqning ranglarga bo‘lgan munosabati jamiyatda urf bo‘lgan an’ana, odatlar,
udumlarda yorqin namoyon bo‘ladi.

O‘zbek xalqi qadimdan turli marosimlarda rang bilan bog‘liq udumlarni amalga

oshirib kelgan. Masalan, to‘y marosimida kelinning oq ko‘ylak kiyishi uning pokligi,

sofligi belgisi sifatida baholangan. Yoki aza marosimida qora kiyim kiyilishi (ayrim
viloyatlarda oq kiyim kiyiladi) azador insonning qayg‘usi va iztirobi belgisi sifatida
qaralgan. Bunday udumlar kishilarda ranglar bilan bog‘liq turli assotsiatsiyalarni

yuzaga keltiradi. Ko‘pincha qora ro‘mol o‘ragan ayol ko‘zga tushganda aza marosimi
xotiramizda tiklanadi. Oppoq ko‘ylak kiygan qiz qiyofasi esa to‘y marosimini
yodimizga soladi va hokazo. Ushbu hodisa tilda ham o‘z ifodasini topadi. Masalan,
yashil so‘zi o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar xotirasida ko‘pincha ko‘k somsa, sumalak,

Navro‘z tushunchalarini yodga soladi. Bu holat yurtimizda bahor faslida an’anaviy
tarzda o‘tkaziladigan Navro‘z bayrami bilan bog‘liq. Navro‘z bayramida bug‘doyni
ko‘kartirish, sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabi taomlarning pishirilishi yashil
so‘ziga nisbatan qayd etilgan assotsiatsiyalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Albatta, turli xalqlarda rang bilan bog‘liq udum va odatlarda umumiy jihatlar
ham ko‘zga tashlanadi. Bunday holatda urf-odat va marosimlar bilan bog‘liq holda
ranglarning tanlanishida umumiy jihatlar kuzatiladi. Masalan, qator xalqlarda to‘y

marosimida kelinning oq ko‘ylak kiyishi umumiy odat tusiga kirgan. Shunga ko‘ra,
bu xalqlarda oq so‘ziga nisbatan ko‘pincha kelin ko‘ylak, to‘y assotsiatsiyalari yuzaga

keladi. Rang-tus bildiruvchi birliklarga nisbatan assotsiatsiyalarning til jamiyatida
shakllangan milliy-madaniy qarashlar bilan bog‘liq holda hosil bo‘lishi ham
kuzatiladi. B.A.Musukovning ta’kidlashicha, olamning rang manzarasini hosil

qilishda muayyan konnotatsiyalar xalq mentaliteti, qadriyatlari, xulq-atvori
me’yorlari, tashqi olam haqidagi tasavvurlari majmui va uni o‘zlashtirishni yaxlit

tarzda ochib berish yordam beradi. Masalan, qorachoyliklar va bolqarlarda kyok kyoz
(yashil ko‘z) so‘z birikmasi ijobiy-ekspressiv bo‘yoqqa ega, qirg‘izlarning olam
manzarasida esa kyok kyoz eng ko‘rimsiz, xunuk ko‘z sifatida qabul qilinadi.16

16 Мусуков Б.А. Лексико-семантические особенности цветообозначающих прилагательных в тюркских
языках (на материале карачаево-балкарского языка) // Фундаментальные исследования. – Пенза: Академия
Естествознания, 2014. – № 5. – С. 1121-1126.

O‘zbek xalqida ham ko‘k ko‘z so‘z birikmasi ijobiy assotsiatsiya hosil

qilmaydi. Bu holat turli xalqlarda ranglarga nisbatan assotsiatsiyalar til jamiyatida

shakllangan milliy-madaniy qarashlar bilan bog‘liq holda ham hosil bo‘lishini

dalillaydi. Xullas, turli til egalarida rang-tus bildiruvchi birliklarga nisbatan tashqi

omillar bilan bog‘liq holda rang-barang assotsiatsiyalar hosil bo‘ladi.

Assotsiatsiyalarning yuzaga kelishida til egalarining ranglar haqidagi tasavvurlari,

ranglarga bo‘lgan munosabati, ranglar bilan bog‘liq qadriyatlari, urf-odatlari muhim

o‘rin tutadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. М.Болотина, Е.Шабашева. Символика цвета в русском и английском языках //
Вестник Балтийского федерального университета им. И. Канта, 2011. Вып. 2. – С. 7-12.

2. Выродова А.С. Лингвокультурологическое пространство колоративов в русском
поэтическом дискурсе первой половины XX века: на материале поэтических текстов С.А.
Есенина и Н.М. Рубцова: Дисс. … канд. филол. наук. – Белгород, 2008. – 224 с. //
https://www.dissercat.com/content/lingvokulturologicheskoe-prostranstvo-kolorativov-vrusskom-poeticheskom-diskurse-pervoi-pol

3. Ibrohim Haqqul. Yana qora rang talqini haqida // https://kh-davron.uz
/kutubxona/uzbek/ibrohim-haqqul-yana-qora-rang-talqini-haqida.html

4. Клар Г. Тест Люшера: психологическая характеристика восьми цветов // Магия
цвета. – Харьков, 1996.

5. Лаенко Л.В. От семантики цвета к социальной семантике языка (на материале
английских и русских прилагательных, обозначающих цвет): Аторефер. дисс. … канд.
филол. наук. – Саратов, 1988.

6. Лутфуллаева Д. Ассоциатив тилшунослик назарияси. – Тошкент: Meриюс, 2017.
7. Мусуков Б.А. Лексико-семантические особенности цветообозначающих
прилагательных в тюркских языках (на материале карачаево-балкарского языка) //
Фундаментальные исследования, 2014. – № 5. – С. 1121-1126.
8. Мусуков Б.А. Лексико-семантические особенности цветообозначающих
прилагательных в тюркских языках (на материале карачаево-балкарского языка) //
Фундаментальные исследования. – Пенза: Академия Естествознания, 2014. – № 5. – С.
1121-1126.
9. Сафуанова О.В. Формы репрезентации цвета в субъективном опыте: Дисс. … канд.
психол. наук. – Москва, 1994.
10. Тяпкина Т.М. Вторично-номинативные функции цветообозна-чений в
современном немецком языке: Дисс. … канд. филол. наук. – Нижний Новгород, 2002. – 286 с.