NUTQIY JANRLARNING PRAGMATIK ASPEKTLARI
Jamila RUSTAMOVA,
Oriental universiteti,
G‘arb tillari kafedrasi mudiri
Annotatsiya. Maqolada nutqiy janrlarning pragmatik aspektlari haqida so‘z
boradi. Hozirda nutq janrlarining tiplari va nutq “mahsulot”larini aniqlash haqida
turli xil izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, gapda qanday propozitsiya
ifodalanayotganini aniqlashga ta’sir ko‘rsatuvchi kontekstning belgi va xossalarini
ko‘rsatish uchun ikki til tizimida misollar tahlilga tortilgan.
Kalit so‘zlar: semantika, sintaktika, pragmatika, kommunikatsiya,
presuppozitsiya, illokutiv.
Аннотация. В статье рассматриваются прагматические аспекты речевых
жанров, поскольку проводятся различные исследования типов речевых
жанров и определения речевых «продуктов». Также анализируются примеры
в двух языковых системах, чтобы показать признаки и свойства контекста,
влияющие на определение того, какое предложение выражено в предложении.
Ключевые слова: семантика, синтаксис, прагматика, коммуникация,
пресуппозиция, иллокуция.
Annotation. The article deals with the pragmatic aspects of speech genres, as
various researches are conducted on the types of speech genres and the definition of
speech “products”. Also, examples in two language systems are analyzed to show
the signs and properties of the context that influence the determination of what
proposition is expressed in the sentence.
Key words: semantics, syntax, pragmatics, communication, presupposition,
illocution.
Semiotika jamiyat va tabiatdagi belgilar tizimini o‘rganuvchi fan bo‘lib, uning
tarkibida sintaktika, semantika va pragmatika kabi yo‘nalishlar mavjud. Bu
yo‘nalishlarning o‘rganish obyekti bitta – belgi va ifodalovchilarning o‘zaro
munosabati hisoblanadi. Lekin bu munosabatlar turlichadir. Belgilarning o‘zaro
sintaktik munosabatlari sintaktika, belgilarning ifoda etayotgan obyektga
munosabati semantika, belgining undan foydalanayotgan subyektga bo‘lgan
munosabati pragmatikadir.
O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab tilshunoslikning yangi yo‘nalishi bo‘lgan
pragmatikaga e’tibor kuchaydi. Pragmatika falsafa, mantiqiy semantika bilan uzviy
bog‘liq bo‘lib, uning turli yo‘nalishlari mavjud. Bu yo‘nalishlarni lingvistik tadqiqotda
inson omilini hisobga olish zarur degan tushuncha birlashtiradi. Pragmatikadan
ajralib chiqqan yo‘nalishlardan biri nutqiy janr qismlarining ichki tuzilishini tahlil
qilishga qaratilgan nutqiy janrlar nazariyasidir.
“Pragmatika” termini ilmiy hayotga semiotik belgilarning umumiy nazariyasi
asoschilaridan biri Ch.Morris tomonidan kiritilgan.28 Olim Charlz Pirs g‘oyalarini
rivojlantirgan holda semiotikani quyidagilarga ajratdi: 1) semantika – belgilarning
borliq obyektlariga munosabati haqidagi ta’limot; 2) sintaktika – belgilar orasidagi
munosabatlar to‘g‘risidagi ta’limot; 3) pragmatika – belgilarning shu belgilar
sistemasidan foydalanuvchilarga munosabati haqidagi ta’limot.29 Shu munosabat
bilan, tilshunoslikda lingvistik pragmatika shakllana boshladi. Bu davrda Ch.S.Pirs,
J.R.Ostin, J.R.Serl, Z.Vendler, P.Grays, L.Linskiy, J.R.Serl, P.F.Strosonlarning ilmiy-
nazariy qarashlari nutqiy akt tushunchasi va uning ijrochilari, kommunikativ niyat
masalalariga qaratildi.
Ma’lumki, o‘zbek tilshunosligida ham pragmalingvistik yondashuv bo‘yicha
qator qimmatli tadqiqotlar mavjud. N.Mahmudov, A.Nurmonov, H.Ne’matov,
Sh.Safarov, S.Rahimov, A.Mamatov, A.Mamajonov, M.Hakimov, N.Turniyozov,
S.Mo‘minov, Sh.Iskandarova, D.Lutfullaeva, I.Hojaliev, U.Rahimovlarning lisoniy
pragmatikaning turli masalalari yoritilgan tadqiqotlari, risola va maqolalari shular
jumlasidandir. Sh.Safarov jahon tilshunosligida pragmatikaning shakllanishi va
taraqqiyoti haqida to‘xtalib, “Hozirgi paytda tilshunoslikning insoniy-antropologik
fan ekanligini inkor etishga hech kim jur’at eta olmasa kerak”, degan xulosaga
keladi.30 Haqiqatan, til faqat insonlarga xos bo‘lganligi uchun ham insoniy-
antropologik fandir. Olim tomonidan kommunikatsiyaning muhim tarkibiy qismlari
sifatida “so‘zlovchi”, “tinglovchi”, “ijro etish” va “tushunish” bo‘limlarini
ajratadi.31 Buni quyidagi rasm orqali ko‘rsatish mumkin:
So‘zlovchi ijro tinglovchi
tushunish
1.2-rasm. Kommunikatsiyaning muhim tarkibiy qismlari
Quyidagi misolni ko‘raylik:
28 Философский энциклопедический словарь. – Москва: Сов. энциклопедия, 1983. – С. 601-602.
29 Madaminova M. Matn pragmatik tavsifida sintaktik birliklarning o‘rni: Filol. Fan. bo‘yicha f.dor-ri….diss. –
Andijon, 2022. – B. 12.
30 Сафаров Ш. Прагмалингвистика. – Тошкент, 2008. – Б. 230.
31 Нурмонов А. Кўмакчили конструкциялар пресуппозицияси // ЎТА. – Тошкент, 1986. – Б. 42-45.
– Hozir o‘qigan she’ringizni eshitdim. Kuchli yozilgan ekan. “Tenglik qiling,
kenglik qiling”, deb. Xuddi bizga atab yozilibdi. Bir-birimizni bo‘riday g‘ajib
yuribmiz-da hozir, – dedi Asadbek. Ochiq ko‘ngilda aytilgan bu gapni Elchin o‘zi
tomonga otilgan toshday bilib, g‘ijindi. Qaynotasining ro‘parasiga o‘tirib,
xo‘mraydi.32
Asadbekning ochiq ko‘ngilda aytgan nutqini Elchin o‘ziga otilgan toshday
qabul qildi. Bu o‘rinda ijro va tushunish bo‘limlari bir-biriga qarama-qarshi,
ziddiyatli bo‘ldi. Ko‘rinadiki, ijro va tushunish bo‘limlari har doim ham bir-biriga
to‘g‘ri kelavermaydi, aks ma’noda ham tushunish mumkin. Bu holatda so‘zlovchi
va tinglovchi o‘rtasidagi ziddiyat nutqning noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib kelgan.
A.Nurmonov axborot uzatish va uni qabul qilib olish qo‘shimcha ma’no (fikr) ifoda
etishini, bu holat tilshunoslikning ichki tuzilishidan tashqari holatda yuz berishi har
qanday gapning semantikasida … so‘zlovchining kommunikativ niyati va modallik
aks etgan bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tadi.
M.Hakimov nutqiy akt tushunchasi, unda so‘zlovchi kommunikativ niyatining aks
etishini aytib, uni nutqiy aktlarning ko‘rinishlari sifatida nutqda namoyon bo‘lishini
ta’kidlaydi. So‘zlovchining munosabati esa nutqiy aktlar vositasida shakllanadi.
Shakllangan nutqiy aktlar nutqiy janr turlarini hosil qiladi. 33
“Nutq faoliyati ham ma’lum qoidalar bilan tartibga solinadi. Garchi nutqiy
aloqa me’yorlari tarbiya sistemasiga kirsa ham, ular jamiyatning bir-biriga
kommunikativ munosabatlarda majburiyatli a’zolari o‘rtasidagi o‘z-o‘zidan (hech
qanday so‘zsiz) kelishilgan bitimlar sohasiga kiradi. Pragmatikaning vazifasi ularni
aniqlash va ta’riflashdan iboratdir”, - deb qayd etadi N.D.Arutyunova. 34
Lingvistik pragmatikaning aniq chegarasi mavjud emas. Pragmatikaning asosiy
xizmati shundaki, u ilmiy hayotga shu paytgacha ma’lum bo‘lmagan, tilshunoslik
tomonidan qabul qilinmagan va ko‘zga tashlanmagan faktlarni olib kirdi. Muhimi,
bu faktlarga nazariy maqom berdi. Pragmatik nazariyalarsiz maishiy muloqot
faktlari kundalik hayotimizning tarqoq hodisalari bo‘lib qolar edi. Hayotda
faktlarning ko‘pligi ularni o‘rganish, guruhlash ishlarini bajarishni qiyinlashtiradi.
Pragmatika – bu tilning tildan foydalanuvchilarga munosabatini o‘rganuvchi
fan sifatida nutq qismlari va nutq harakatlarini tekshiradigan kontekstni o‘rganadi.
Ko‘rinadiki, pragmatikaning oldida ikki xil muammo turadi:
1. Nutq janrlarining tiplari va nutq “mahsulot”larini aniqlash.
2. Gapda qanday propozitsiya ifodalanayotganini aniqlashga ta’sir ko‘rsatuvchi
kontekstning belgi va xossalarini ko‘rsatish.
32 Тоҳир Малик. Шайтанат. – Тошкент: Шарқ, 2001. – Б. 65.
33 Хакимов М. Ўзбек прагмалингвистикаси асослари. – Тошкент: Академнашр, 2013. – Б. 6.
34 Арутюнова Н.Д. Язык и мир человека. Языки русской культуры. – Москва, 1999. – С. 56.
Tadqiqotchilar bu ikki muammoni turlicha o‘rganishadi. R.S.Stolneykerni
birinchi muammo ko‘proq qiziqtiradi. U nutq janrlarining (unda nutq qismlari
mazmunining) quyidagi tiplarini ajratadi: tasdiq, buyruq, qarama-qarshi ifoda,
fahmlash yoki inkor, iltimos, e’tiroz, oldindan so‘zlash, va’da berish, chaqiriq,
mulohaza, tushuntirish, haqorat, xulosa, taxmin, umumlashtirish va javob singari.
Ko‘rinadiki, olim nutq qismlari deb tahlil qilgan kontekstlar ma’lum nutq janriga
taalluqlidir. Tahlilning vazifasi ana shu nutq janrlarini me’yoriy, o‘rinli yuzaga
keltirishning zaruriy, yetarli sharoitlarini aniqlash bo‘lgan. Yetarli va zarur sharoitlar
esa ushbu nutq janrining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi va ma’lum xossalarga ega
hisoblanadi. Kontekstdagi mazkur xossalar suhbatdoshlarning bilimi, fikri,
qiziqishlari, maqsadi: ifodaning yuzaga kelishi va uning natijasi deyish mumkin.
V.G.Gak esa pragmatikani muomala vaziyati, nutqiy harakatlar tiplariga
bog‘liq ravishda til shakllarining ma’nosi va ulardan foydalanishni o‘rganuvchi
tilshunoslik sohasi, deb ta’kidlaydi.35 “Osh pishdi” jumlasi lingvistik aspektda
informatik-axborot ma’nosini bildirsa, pragmatik aspektda dasturxonchiga nisbatan
“dasturxondan ortiqcha narsalarni olib oshga tayyorlash”, ma’ruzachiga nisbatan
“ma’ruzani yakunlash”, biror ishni hal qilish kerak bo‘lganda ish yakunlanganligini
bildirish uchun ishlatilib, xabar, tayyorgarlik, yakun, maqsad kabi hukmlarni
bildiradi. Ko‘rinadiki, muloqotning mohiyatini aniqlashda lingvistik aspekt bilan bir
qatorda pragmatik aspektning ham ahamiyati kattadir. Lingvistik pragmatika sohasi
bilan bog‘langan muhim hodisalardan biri presuppozitsiyadir. Bu hodisa o‘zbek
tilshunosligida ham ma’lum darajada o‘rganilgan bo‘lib, bu masalaga dastlab
tilshunoslar N.Mahmudov va A.Nurmonovlar e’tibor qaratishgan. N.Mahmudov
presuppozitsiyaga shunday ta’rif beradi: “Nutqiy kommunikatsiyaning to‘g‘ri va
real amalga oshishi uchun kommunikantlar nutq momentiga qadar muayyan faktlar
bilan tanish bo‘lishi, umumiy vaziyat bilan bog‘liq muayyan bilim – xabardorlikka
ega bo‘lishlari lozim. Ana shu faktlar va bilimlar tilshunoslikda presuppozitsiya
nomi bilan umumlashtiriladi.”36
A.Nurmonov talqinicha, presuppozitsiya logika va sintaktikaning o‘rganish
obyektidir: “Juda ko‘pchilik adabiyotlarda presuppozitsiya bilishning umumiy fondi
sifatida talqin qilinadi. Lekin tilshunoslikda logik presuppozitsiya bilan lingvistik
presuppozitsiyani aralashtirish hollari uchraydi. Biz faqat ma’lum tashqi signallar
(grammatik ko‘rsatkichlar) orqali anglashilgan presuppozitsiyani lingvistik
presuppozitsiya deb hisoblash tarafdorimiz. Masalan, tasdiq va inkor gaplarda
mavjud bo‘lgan yashirin inkor mazmunni logik presuppozitsiyaga kiritamiz:
35 Гак В.Г. Эмоции и оценки в структуре высказывания и текста // Вестник Московского Университета 9.
Филология. – Москва, 1997. – № 3. – С. 87-95.
36 A.Нурмонов, Н.Махмудов, A.Axмедов, С.Солихўжаева. Ўзбек тилининг мазмуний синтактикаси. –
Тошкент: Фан, 1992. – Б. 26-28.
1) Ahmad keldi gapidan: a) Ahmadning kelganligi (Ahmad kelmaganligining
inkori) anglashiladi;
2) Ahmad kelmadi gapidan: a) Ahmadning kelmaganligi; (Ahmad
kelganligining inkori) anglashiladi. Chunki bu konstruksiyalarda ikkinchi
mazmunni ifodalovchi maxsus formal ko‘rsatkichlar (signallar) mavjud emas.
Ahmad ham keldi gapida ikki propozitsiya: birinchisi Ahmadning kelganligi,
ikkinchisi yana boshqalarning (Karim, Halim, Salim va boshqalar) kelganligi
ma’lum bo‘lib, lingvistik presuppozitsiyaga misol bo‘ladi. Chunki bu propozitsiyaga
ishora qiluvchi maxsus signal – ham yuklamasi ishtirok etyapti.”
Presuppozitsiya hodisasining quyidagicha asoslari bor:
Birinchidan, presuppozitsiya ta’rifi haqiqiylik tushunchasiga tayanadi. Ya’ni,
haqiqiy yoki soxta ifodaga xos nutq qismidan tashqaridagi gap haqiqiy ma’nosiga
ega emas. Ikkinchidan, presuppozitsiyani mazmun qismi deb qaralsa, unda bu
hodisani izohlash tarkibiga kiritilishi alohida ramka talab qiladi. Modal ramkalar
bo‘lsa, pragmatika sohasiga kiradi. Ko‘rinib turibdiki, bu sohalarning markaziy
tushunchalari nutq janrlari bilan aloqadordir. Nutq qismlari nazariyasi esa ma’lum
nutqiy janr xossalarini o‘rganuvchi, ularning tuzilishi, inson tomonidan ma’lum
maqsadga erishish nuqtayi nazaridan til birliklarini qo‘llashni tahlil qilish bilan
shug‘ullanadi. Nutq qismlari nazariyasi kommunikatsiyaning asosiy birligi gap yoki
so‘z ifodasi bo‘lmay, ma’lum bir faoliyatni bajarish hisoblanadi, ya’ni tasdiqlash,
iltimos, savol, buyruq, minnatdorlik bildirish, uzr so‘rash, tabriklash va hokazo.
Bunday faoliyat natijasida esa nutqiy janrlarning tipi yuzaga keladi, ya’ni yuqorida
ma’lum bir faoliyat bajarilishi natijasida nutqiy janr turlari reallashadi. Demak,
nutqiy qismlar nazariyasi, aslida, nutqiy janrlar xossalarini o‘rganadi.
Bu kabi nutq qismlari, ya’ni nutqiy janrlar matnlari illokutiv aktlar deyiladi va
ular perlokutiv aktlarga qarshi qo‘yiladi. 37 Demak, illokutiv aktlar yordamida
adresant biror faoliyatni amalga oshirsa, perlokutiv akt aytilgan ifodaning adresatga
ko‘rsatadigan ta’siridir. Bunda adresant tomonidan aytilgan ifodaning ma’nosini
tushunish emas, balki bu tushunish natijasida adresatning holatidagi va harakatidagi
o‘zgarishlar nazarda tutiladi. Yoki so‘zlovchi nutq odobi me’yorini buzganda,
tinglovchining psixik holatidagi o‘zgarish perlokutiv aktga misol bo‘ladi. Masalan:
- Sen kimsan o‘zing? – dedi Asadbek, Soli otaning gapiga parvo qilmay. Uning
dabdurustdan sansirashga o‘tishi Jo‘ra cho‘loqni andak dovdiratdi. U javobga
og‘iz juftlamay turib, savol yana takrorlandi:
- O‘zing kimsan, deyapman. Mahallaga bitta tosh qo‘yganmisan? Kecha kelib
bugun hammayoqni sasitib yurgan senmisan, hali?! Soli ota, it yetaklab yurish
37 Брагина А.А. Неологизмы в русском языке. Пособие для студентов и учителей. – Москва: Просвещение,
1973. – C. 174.
odatingiz yo‘q edi-ku, qariganingizda sizga nima bo‘ldi? Bu agar mahallaga
sig‘mayotgan bo‘lsa ketiga bir tepish kerak, chiqqan joyiga kirib ketsin.38
Ushbu misolda nutq odobi buzilishi tinglovchini dovdiratib qo‘yganini, psixik
holati o‘zgarganini ko‘ramiz. Demak, nutq odobi birliklari kommunikatsiyada faol
ishtirok etadi. Ular har qanday dialogda nutqiy kommunikatsiyaga kirish, muloqotni
davom ettirish va undan chiqish vazifalarini bajaradilar.
Ma’lumki, muloqot jarayoni verbal hamda noverbal vositalarning birgalikdagi
faoliyatidan yuzaga keladi. Bunday muloqot paralingvistika tomonidan o‘rganila
boshlandi. Nutq turlicha ishoralar, mimikalar, ohanglar bilan olib boriladi. Shunga
ko‘ra, nutq odobi masalalari xususida so‘z yuritish paralingvistika bilan bog‘liq holda
olib borilishi fikrning to‘laqonli ochilishi uchun asos bo‘ladi. O‘zbek xalqida
kommunikatsiyada ishtirok etuvchi paralingvistik vositalar juda katta ahamiyatga ega.
Chunki turli yoshdagilar, tanish-notanishlar, erkaklar yoki ayollar muloqotida so‘zlash
ohangining o‘zgarib turishi, qo‘l, bosh va tananing boshqa a’zolarini adresatga qarab,
tanlab harakat ettirilishi, ayniqsa, O‘rta Osiyo xalqlarida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Intonatsiya yordamida ham ayrim hollarda adresantning qaysi millatga
mansubligi, artikulyatsion bazasi, ba’zan unga xos insoniy xislatlar to‘g‘risida
ma’lum tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. Nutq odobi me’yoriga muvofiq ohang
adresantning qaysi ijtimoiy guruhga xosligini ham belgilaydi. Nutq odobining
“salomlashish”, “uzr so‘rash”, “xayrlashish”, “tabriklash” singari qator vaziyatlarida
beixtiyor (aslida maqsadli) qo‘llaniluvchi kinetik harakatlar muloqotchilarning
millati va ijtimoiy guruhini oydinlashtirishi mumkin bo‘lgan vositalar hisoblanadi.
Barcha xalqlar uchun nutq odobi formulalari madaniyat belgilari deyiladi. Nutq
odobi birliklari qator turli xil nutqiy muloqotning barqaror vaziyatlarida ishlatilib,
ular yordamida biror millatga mansub madaniyatning o‘ziga xos elementlari yuzaga
chiqadi. Tilshunos A.A.Bragina chet tillarini o‘qitishda madaniy-tarixiy aspektni
kiritish zarurligini ta’kidlab, uning ikki yoqlama xususiyatini ko‘rsatadi:
1. Madaniy-tarixiy aspekt – vaqtning ma’lum qismida ijtimoiy va til
hodisalarining o‘zaro aloqasini tushuntirish.
2. Madaniy-tarixiy aspekt – til hayoti sharoitini o‘rganish, til hodisalarining
xalq hayoti va tarixi bilan bog‘liqligini tushunish.
Keyinroq esa lingvoo‘lkashunoslik sohasini kengroq tushunish kerakligi
to‘g‘risidagi mulohazalar paydo bo‘la boshladi. Nutq odobini sotsiolingvistik,
paralingvistik, pragmatik, lingvo-o‘lkashunoslik yo‘nalishlarida tekshirish bilan
birga ba’zi tilshunoslar uni psixolingvistik, tipologik aspektda o‘rganish ham
maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaydilar.
38 Тоҳир Малик. Шайтанат. – Тошкент: Шарқ, 2001. – Б. 72.
Shunday qilib, lingvistik faktorlar bilan bir qatorda ekstralingvistik faktorlarni
ham jiddiy o‘rganish tilshunoslik oldida turgan eng dolzarb muammolardan
hisoblanadi. Nutq odobi masalalari ham bu muammolarga bevosita aloqador.
Turli hayotiy vaziyatlarda so‘zlashuv mavzulari bilan bog‘liq tarzda yuzaga
keluvchi til birliklari mavjud bo‘lib, ular ijtimoiy holatlarda qo‘llanuvchi
qaytariluvchan qoliplarni hosil qiladi. Mana shu turg‘un qoliplar tipiklashib, nutq
odobi birliklarini yuzaga keltiradi.
Xullas, muloqot odobi lingvistik jihatdan alohida o‘rganilishi zarur. To‘g‘ri
muomala uchun maishiy muloqotda tez-tez ishlatiluvchi, lozim bo‘lgan til
birliklarini yaxshi bilish talab qilinadi. Nutq odobining “sen-siz” shakllari ayrim
xalqlar uchun unchalik ahamiyat kasb etmasa-da, o‘zbek tilida muloqotning muhim
jihatlarini belgilaydi. Nutq odobi vaziyatlarida qo‘llanuvchi birliklarning sinonimik
tabiati ham muloqotda katta o‘rin tutadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, muloqot jarayoni verbal hamda noverbal
vositalarning birgalikdagi faoliyatidan yuzaga keladi. Shunga ko‘ra, nutq janrlari
muammolari paralingvistika sohasi bilan ham chambarchas bog‘langan. Ma’lum
intonatsiya yordamida, ba’zi kinetik harakatlar bilan nutq janrlari turlari aniqlanadi.
O‘zbek tilida nutqiy janrlarning nazariy masalalari yuqoridagi barcha
muammolar yechimiga taalluqlidir.
Olimlarning e’tirof etishlariga ko‘ra “... nutqiy muloqotning to‘g‘ri va aniq
amalga oshishi uchun kommunikantlar nutq momentiga qadar muayyan faktlar bilan
tanish bo‘lishi, umumiy vaziyat bilan bog‘liq muayyan bilim – xabardorlikka ega
bo‘lishlari lozim. Ayni shu faktlar hamda bilimlar tilshunoslikda presuppozitsiya
nomi bilan umumlashtiriladi.”39 Jumladan, kimgadir nimadir demoqchi bo‘lgan
kishi, eng avvalo, tinglovchining u aytmoqchi bo‘lgan gap presuppozitsiyasi bilan
aloqadorligini inobatga oladi. Ya’ni, aytiladigan gapga aloqador voqelik bilan
oldindan tanish bo‘lgan tinglovchi uchun so‘zlovchining asosiy fikrni bir yoki bir
necha so‘z orqali bayon etishi kifoya qiladi. Masalan, noma’lum sababga ko‘ra biror
yerdan kelishi kechikayotgan o‘g‘lini xavotirlik bilan kutayotgan ona uchun undan
xabar olgani chiqib ketgan kishi tomonidan aytiladigan “keldi” degan so‘zning o‘zi
o‘g‘lining (boshqa birovning emas) kutilayotgan yerdan kelganligi haqidagi xabarni
beradi. Ammo tinglovchi presuppozitsiyadan mutlaqo bexabar, buning ustiga
so‘zlovchining o‘zi bilan ham notanish bo‘lsa, u holda muloqotning to‘g‘ri va real
amalga oshishi uchun so‘zlovchi gapni uzoqdan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Nutqiy
janr nazariyasining eng rivojlangan yo‘nalishi nutqiy janr semantikasidir. Nutqiy
janrlarni o‘rganish ularning semantikasini o‘rganishdan boshlangan. Nutq
39 Гак В.Г. Эмоции и оценки в структуре высказывания и текста // Вестник Московского Университета 9.
Филология. – Москва, 1997. – № 3. – С. 123.
janrlarining muhim aspekti bu mavzu, ya’ni M.Baxtinning nutqiy janr mavzusidagi
lingvistik interpretatsiyasidir. Nutq janri semantikasi bilan shug‘ullangan olimlar turli
nuqtayi nazar bilan yondashishgan. Ular qancha janrlar mavjudligi, nutq shakllaridan
qaysilari nutqiy tipik shaklga ega, qaysilari nutqiy shaklga ega emasligi haqida turli
fikrlar bildirishadi. Nutq semantikasi tadqiqi bilan shug‘ullangan olimlarning deyarli
hammasi leksikani tahlil qilish bilan shug‘ullangan. Nutqiy janrlar semantikasini
o‘rganish natijasida rus tilshunosligida “Новый обяснительный словарь синонимов
русского языка”40 to‘plamida bir qator maqolalar (30ga yaqin) nutqiy janrlarning
nomlariga yoki shunga o‘xshash, masalan, “suhbat”, “qarg‘ash”, “qo‘pollik”,
“shikoyat”, “tavsiya”, “nasihat”, “qo‘rqitish”, “tanbeh” va boshqalar uchraydi.
Nutqiy janr tadqiqining kommunikativ va pragmatik strategiyasi F.de
Sossyurning “mavhum obyektivizm”ini va M.M.Baxtinning til-nutq haqidagi
g‘oyalarini mutlaq haqiqat sifatida bartaraf etishga yordam beradi. Olim shunday
hukm chiqaradi: “Til-nutqning mutlaq haqiqati. Bu til shakllarining mavhum tizimi
emas, balki so‘zlar bilan amalga oshiradigan nutq shovqinining ijtimoiy
voqeligidir.”41 Bu yerda nutqiy o‘zaro ta’sir orqali til-nutqning og‘zaki va yozma
muloqotning voqea va pragmatik omillari bilan funksional va semantik aloqasini
nazarda tutamiz. Baxtin g‘oyalari til-nutqning sotsiolingvistik va lingvopragmatik
tadqiqoti shaklida ancha samarali rivoj topdi. Birinchi yo‘nalish tilning funksional
xususiyatlarini: muayyan nutqiy vaziyatlarda tildan foydalanish, muayyan
etnolingvistik jamoaning kommunikativ kompetentligi ta’sirini o‘rganadi. Shu bilan
birga, biz til haqida me’yor sifatida, turli madaniyatlarga xos semantik sohalar, til
xulq-atvori va boshqalar haqida gapiramiz. Ikkinchi yo‘nalishda esa tilning
pragmatik salohiyati – nutq, kommunikativ vaziyatlar va tilning ta’sir etish
yo‘llariga e’tibor qaratiladi. Muayyan nutqiy vaziyat doirasida tilning illokutsion va
perlokutsion funksiyalari hamda ularning nutqiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlashi
ko‘rib chiqiladi. Bularning barchasi, albatta, nutq janrlari nazariyasi uchun juda
muhim bo‘lsa-da, tizim integratsiyasi bilan bilvosita bog‘liq hisoblanadi. Nutq va
uning janri o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning ichki xoslangan tomonlarini tushunish
uchun nutq janrining o‘ziga xos tarixiy, madaniy, pragmatik va lingvistik jihatlarini
bog‘lovchi yashirin diskursiv qirralarini topish muhimdir. Shu jihatdan
L.M.Vasilevning «Системный семантический словарь русского языка.
Предикатная лексика»42 risolasi alohida ahamiyat kasb etadi, unda “Nutq
predikatlari”ning mavzu guruhlari keltirilgan:
40 Апресян Ю.Д. Новый обяснительный словарь синонимов русского языка. – Москва, 2004. – C. 123.
41 Бахтин М.М. Проблемы речевых жанров // Бахтин М.М. Собр. соч. – Москва: Русские словари, 1996. –
C.113.
42 Васильев Л.М. Системный семантический словарь русского языка. Предикатная лексика. Т. 1. – Уфа: Гилем,
2005. – С. 87.
1) nutqning ichki tomonini ochuvchi predikatlar;
2) nutqning mundarijasini ochuvchi predikatlar;
3) nutqning kommunikativ aspektini ochuvchi predikatlar: xabar beruvchi
predikatlar, va’da beruvchi predikatlar, nasihat bildiruvchi predikatlar,
tushuntiruvchi predikatlar;
4) muloqot predikatlari: suhbat predikatlari, kelishuv predikatlari, tortishuv
predikatlari, biror narsani muhokama qiluvchi predikatlar;
5) nutqiy kontakt predikatlari (savol va javob): nutqiy kontaktga kiruvchi
(kimning kimgadir murojaati), savol bilan murojaat qilish, rozi yoki rozimaslikni
bildiruvchi javob predikatlari;
6) nutqiy motiv predikatlari;
7) buyruq, talab va topshiriq bildiruvchi predikatlar;
8) taqiqni bildiruvchi predikatlar;
9) taklif va talab, biror topshiriq asosida harakat sababini bildiruvchi predikatlar;
10) ma’lum bir harakat uchun rozilikni bildiruvchi predikatlar;
11) emotsional munosabatlarni bildiruvchi predikatlar: masxaralash
natijasidagi arazlashni, qoralashni, qoralashga norozilikni, hamda nutqiy etiketni
bildiruvchi;
12) nutqiy baho bildiruvchi predikatlar. (2000 nutqiy so‘zdan iborat)43
Nutq janrlari dialogik hodisa sifatida invariant-variant modeli sifatida
sintagmatik va paradigmatik munosabatlar tizimi orqali o‘rganiladi. Nutq janri
so‘zlovchining turli tipik intensiyalari nutq janrining mantiqiy-maqsadli aspekti
sifatida ko‘riladi. Shunday qilib, ushbu yo‘nalish nutq janrining soddalashgan
tushunchasi bilan xarakterlanadi. Masalan, nutq janrining mavzusi lingvotsentrik
tadqiqotlarda oddiy nutq predmeti sifatida ko‘riladi, M.Baxtinda esa mavzu
pragmatik tarzda o‘rganiladi. Nutq janrlari nazariyasiga tayangan lingvistik
genristika noto‘liq pragmatika deb tushuniladi. Ko‘rinadiki, nutq janri
nazariyasining muqobil yo‘nalishi bo‘lib xususiy nutq janri konsepsiyasiga ega
bo‘lgan pragmatik yo‘nalish maydonga keldi. Xulosa qilib aytganda, nutq janri tipik
shakl bo‘lib, u barqarorlik, ma’lum me’yorga rioya qilish va yaxlitlik bilan
xarakterlanadi. U dialogik hodisa sifatida invariant-variant modeli asosida
sintagmatik va paradigmatik munosabatlar tizimi orqali o‘rganiladi va
so‘zlovchining turli tipik intensiyalari nutq janrining bir mantiqiy-maqsadli jihati
sifatida ko‘riladi.
43 Васильев Л.М. Системный семантический словарь русского языка. Предикатная лексика. Т. 1. – Уфа:
Гилем, 2005. – С. 123.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Моррис Ч.У. Из книги «Значение и означивание» // Семиотика. – Москва:
Издательство Академ. Проект, 2001. – С. 129-143.
2. Философский энциклопедический словарь. – Москва: Сов. энциклопедия, 1983. –
С. 601-602.
3. Madaminova M. Matn pragmatik tavsifida sintaktik birliklarning o‘rni: Filol. Fan.
bo‘yicha f.d. diss. – Andijon, 2022.
4. Сафаров Ш. Прагмалингвистика. – Тошкент, 2008. – 320 б.
5. Нурмонов А. Кўмакчили конструкциялар пресуппозицияси // ЎТА. – Тошкент, 1986,
6. – Б. 42-45.
6. Нурмонов А. Tасдиқ ва инкорнинг паралингвистик воситалар ёрдамида
ифодаланиши // ЎТА. – Тошкент, 1978, 1. – Б. 31-34.
7. Хакимов М. Ўзбек прагмалингвистикаси асослари. – Тошкент: Академнашр, 2013.
8. Арутюнова Н.Д. Язык и мир человека. Языки русской культуры. – Москва, 1999. –
650 c.
9. Гак В.Г. Эмоции и оценки в структуре высказывания и текста // Вестник Московского
Университета. Филология. – Москва, 1997. – № 3. – С. 87-95.
10. A.Нурмонов, Н.Maxмудов, A.Axмедов, С.Солихўжаева. Ўзбек тилининг мазмуний
синтактикаси. – Toшкeнт: Фан, 1992.
11. Брагина А.А. Неологизмы в русском языке. Пособие для студентов и учителей. –
Москва: Просвещение, 1973.
12. Toҳир Малик. Шайтанат. – Toшкeнт: Шарқ, 2001.
13. Апресян Ю.Д. Проспект активного словаря русского языка. Языки славянской
культуры. – Москва, 2010. – 584 c.
14. Бахтин М.М. Проблемы речевых жанров // Бахтин М.М. Собр. соч. – Москва:
Русские словари, 1996. – C.113.
15. Васильев Л.М. Системный семантический словарь русского языка. Предикатная
лексика. Т. 1. – Уфа: Гилем, 2005.
16. Aпресян Ю.Д. Новый обяснительный словарь синонимов русского языка. –
Москва, 2004. – 1488 c.