ALISHER NAVOIY MEROSIDA PAYG‘AMBARLAR SIYMOSI
THE IMAGE OF THE PROPHETS IN THE POEMS OF ALISHER NAVAI
ОБРАЗ ПРОРОКОВ В СТИХАХ АЛИШЕРА НАВАИ
Islomov Zohidjon Mahmudovich,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, fil.f.d., professor
Tel: +998 90 963-23-73
z.islamov@iiau.uz
Annotatsiya. Ushbu maqolada mumtoz turkiy adabiyotning mashhur
namoyandasi Alisher Navoiy g‘azallaridagi payg‘ambarlar mavzusi chuqur
o‘rganilgan. Navoiyning “Hayratu-l-abror”, “Nasoyimu-l-muhabbat” kabi doston va
asarlarida aks ettirilgan payg‘ambarlar tarixi, jumladan, Yusuf payg‘ambar qissasiga
bo‘lgan qiziqish tadqiq etildi. Payg‘ambarlarga oid baytlar keltirilishi bilan birga,
ma’lumot uchun tarixiy faktlar ham matn holida berib o‘tiladi. Misralar yanada
tushunarli bo‘lishi uchun ularning zamonaviy o‘zbek tilidagi tarjimalari ham havola
qilingan. Alisher Navoiy Qurʼoni Karimning paygʻambarlar haqidagi oyatlariga
tayangan holda oʻz adabiy asarlarida diniy hikoyatlarni she’riy uslubda talqin etadi.
Maqolada, shuningdek, O‘zbekiston adabiyotshunosligining sho‘rolar davridan to
mamlakat mustaqilligigacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘li ko‘rib chiqilib, Navoiy
asarlarining har ikki davrda turli darajada o‘rganilganligi ta’kidlangan. Ayniqsa,
Navoiy she’riyatida payg‘ambarlar mavzusi yoritilishiga bo‘lgan qiziqish va
tadqiqotlar ko‘payib borayotgani, Alisher Navoiy ijodiga mansub to‘plamlar qaytaqayta chop etilib, o‘rganib kelinayotgani alohida eslab o‘tilgan.
Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, payg‘ambarlar, Yusuf payg‘ambar, qissa, doston,
badiiy ta’lqin, she’r, adabiyotshunoslik.
Annotation. In this article, the topic of prophets in the poems of Alisher Navoi, a
famous representative of classic Turkic literature, is deeply analyzed. The interest in
the history of prophets, including the story of Prophet Yusuf, reflected in Navoi’s epics
and works such as “Hayratu-l-abror” and “Nasayimu-l-muhabbat” was researched.
Along with the verses about the prophets, historical facts were also given in text form
for information. In order to make the verses more understandable, their translations in
the modern Uzbek language were also provided. Alisher Navoi interprets religious
stories in a poetic style in his literary works based on the verses of the Holy Qur’an
about the prophets. The article also highlights the development path of Uzbek literary
studies from the period of the Soviets to the country’s independence, and it is noted
that Navoi’s works were studied at different levels in both periods. In particular, it was
mentioned that the interest and research in the topic of prophets in Navoi’s poetry is
increasing, and the collections of Alisher Navoi’s works have been repeatedly
published and studied.
Key words: Alisher Navoi, prophets, Prophet Yusuf, short story, epic, artistic
interpretation, poem, literary studies.
Аннотация. В данной статье глубоко исследована тема пророков в стихах
Алишера Навои, известного представителя классической тюркской литературы.
Исследован интерес к истории пророков, в том числе к истории Пророка Юсуфа,
отраженной в эпосе Навои и таких произведениях, как «Хайрату-л-аброр» и
«Насаиму-л-мухаббат». Наряду со стихами о пророках даны и исторические
факты в виде текста для сведения. Для того, чтобы стихи были более понятны,
также предоставлены их переводы на современный узбекский язык. Алишер
Навои в своих литературных произведениях интерпретирует религиозные
сюжеты в поэтическом стиле на основе аятов Священного Корана о пророках. В
статье также рассматривается путь развития узбекского литературоведения от
периода Советов до независимости страны и отмечается, что творчество Навои
изучалось на разных уровнях в оба периода. В частности, было отмечено, что
интерес и исследования к теме пророков в поэзии Навои возрастают,
неоднократно издаются и изучаются сборники произведений Алишера Навои.
Ключевые слова: Алишер Навои, пророки, Пророк Юсуф, рассказ, эпос,
художественная интерпретация, поэма, литературоведение.
KIRISH
Mir Alisher Navoiy nafaqat mumtoz o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandasi,
so‘z sanʼatining mohir meʼmori, balki islom ilmlarining o‘tkir bilimdoni ham
hisoblanadi. Navoiy Qurʼoni Karim, hadisi sharif, aqida, fiqh, tasavvuf, hamda siyrat
ilmlarini mukammal bilgan va o‘z devonlari, dostonlarida ulardan keng foydalangan.
Arab hamda fors tillari lug‘at boyligining maʼno xususiyatlarini chuqur anglab, turkiy
tilda so‘z sanʼatining qasrini bunyod etgan. Buyuk Navoiy o‘z asarlarida payg‘ambarlar
tarixining ham tugal tavsifini keltira olgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, diniy
qadriyatlarimiz tiklanishiga katta imkoniyatlar taqdim etildi. Sobiq Ittifoq davrida o‘z
tarixi va dinini o‘rganishdan mahrum etilgan xalq endilikda ajdodlari o‘tmishini turli
manbalar orqali o‘rgana boshladi. Ammo, mavjud g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalangan
ba’zi g‘araz niyatdagi toifalar millatdoshlarimiz orasida din va tarix niqobi ostida
o‘zlarining manfaatlariga xizmat qiluvchi mafkuralarni tiqishtira boshladilar. Biroq,
millatimiz shunday qadim va buyuk sivilizatsiyaga egaki, biz bu tamaddunga
asoslangan holda milliy va diniy qadriyatlarimizni nafaqat tiklay olamiz, balki yana
ham rivojlantirish imkoniyatiga egamiz. Bu borada ajdodlarimizdan meros qolgan boy
ma’naviy xazinalarni o‘rganish, ularni o‘sib kelayotgan yosh avlodlarga tanishtirish
bizning vazifamizdir. Shunday ma’naviy yodgorliklardan deb Alisher Navoiyning
asarlarini aytib o‘tishimiz mumkin. Alisher Navoiy faqatgina badiiy ijod bilan
shug‘ullangan shoir emas, balki, ko‘plab sohalardagi sermahsul faoliyati bilan
birgalikda, diniy yo‘nalishda ham ilmiy-ijodiy asarlar meros qoldirgan mutafakkir
hisoblanadi. Biz bu bilan ajdodlarimizning diniy bilimdonligi ham naqadar yuqori
bo‘lganligini his etamiz. Shu bois, mazkur maqolada Alisher Navoiyning she’rlari
misolida payg‘ambarlar tarixi qay darajada mahorat bilan aniq va qiziqarli
tasvirlanganini ko‘rib chiqamiz.
ADABIYOTLAR TAHLILI
Ma’lumki, Alisher Navoiy ijodiga mansub “Tarixi anbiyo va hukamo”
(“Payg‘ambarlar va hakimlar tarixi”) nomli asar kitob holida yurtimizda chop etilgan.
Bu asarda Odam Atodan boshlab ko‘pgina nabiylar va rosullar tarixini Navoiy tili
orqali o‘qib o‘rganish imkoniyatiga egamiz. Alisher Navoiy asarlarini yangitdan chop
etishda Navoiyshunos va adabiyotshunos olimlar – Suyima G‘aniyeva, Ibrohim
Haqqul, Aftondil Erkinov, Oysara Madaliyeva va boshqa ko‘plab tadqiqotchilarning
xizmatlarini e’tirof etish lozim. Bular qatorida filologiya fanlari doktori, professor
Nurboy Jabborovni ham eslab o‘tish o‘rinli. Uning “Alisher Navoiy ijodining islomiyma’rifiy asoslari” nomli maqolasida Alisher Navoiy diniy bilimlarni qaysi
manbalardan o‘rgangani, hamda diniy mavzuda qanday ijod namunalariga ega ekani
batafsil aytib o‘tilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
“Alisher Navoiy merosida payg‘ambarlar siymosi” nomli ushbu maqolaning
tadqiqot metodologiyasi adabiyot, tarix va qo‘lyozma tahlilini o‘zida mujassam etadi.
Tadqiqotda asosiy e’tibor Alisher Navoiy o‘z she’rlarida payg‘ambarlar siymosini
qanday tasvirlashiga qaratilgan.
Ushbu tadqiqotni o‘tkazish uchun adabiyotlar sharhi, qo‘lyozmalar tahlili, she’r
tahlili va sharhi, tarjimalarning qiyosiy tahlili kabi usullar qo‘llanildi. Qiyosiy tahlil
Navoiy she’riyatidagi payg‘ambarlar obrazini o‘sha davrdagi boshqa fors shoirlari
bilan solishtirishni ham o‘z ichiga olgan. Bu qiyosiy tahlil Navoiyning payg‘ambarlar
tasviridagi o‘ziga xos uslubiy va mavzuli unsurlarni tushunishga yordam berdi.
TAHLIL VA NATIJALAR
O‘zbek mumtoz adabiyoti va tilining asoschisi, sheʼriyat mulkining sultoni
Nizomiddin Amir Alisher Navoiy beqiyos ilmiy maʼnaviy merosi bilan dunyo
madaniyati xazinasiga ulkan hissa qo‘shdi. Uning maʼnaviy merosiga sharq
mutafakkirlari katta baho berganlar va unga bag‘ishlab asarlar yaratganlar. Alisher
Navoiy o‘lmas asarlarida islom va tasavvuf taʼlimotiga ham alohida eʼtibor bergan.
Shu nuqtayi nazardan uning asarlarini islom manbashunosligining nodir namunalari
sifatida o‘rganish mustaqillik davrining neʼmatlaridan sanaladi. Manbalarda
ko‘rsatilishicha, Alisher Navoiy islom taʼlimotini, Qurʼoni Karim va hadisi shariflarni
juda erta yoshidan o‘rgangan va mukammal bilgan. Olimning “Hayratu-l-abror”,
“Nasoimu-l-muhabbat”, “Siroju-l-muslimin”, “Tarixi anbiyo va hukamo” kabi asarlari
bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Alisher Navoiy dahosi, mahorati davr ahlining keng
isteʼmolida bo‘lgan turkiy, forsiy hamda arabiy tillar so‘z boyligini sanʼatkorona
qo‘llay olganligida ko‘rinadi. Jumladan, alloma o‘z asarlarida arab tilidagi Qurʼoni
Karim oyatlari, hadisi shariflardan mohirona foydalanadiki, aynan ular uzviylikda
asosiy fikr, g‘oyani kitobxonga mukammal yetkazishga yo‘naltirilgandek ko‘rinadi.
Navoiy, ayniqsa, tarixiy manbalarda keltirilgan payg‘ambarlar haqidagi maʼlumotlarni
puxta bilgan va ulardan o‘z asarlarida keng foydalangan. Lekin sobiq davrlarda Alisher
Navoiy merosini mazkur yo‘nalishda o‘rganish imkoniyati bo‘lmadi. Hozirgi vaqtda
diniy-maʼrifiy sohadagi o‘zgarishlar, unga bo‘lgan eʼtibor bu yo‘nalishda ham
tadqiqotlar olib borish imkonini bermoqda. Xususan, payg‘ambarlar tarixi haqidagi
maʼlumotlar Alisher Navoiyning barcha asarlarida uchraydi.
Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiyning “G‘aroyibu-s-sig‘ar” devonida ham
payg‘ambarlar tarixi bo‘yicha muhim maʼlumotlar keltirilgan. Dostonda 3-o‘rinda
Odam Ato, 4-o‘rinda Nuh (a.s.), 2-o‘rinda Yaʼqub (a.s.), 11-o‘rinda Yusuf (a.s.), 47-
o‘rinda Iso (a.s.) va Muhammad (s.a.v.) haqida nodir maʼlumotlar keltiriladi.
Payg‘ambarlar haqidagi maʼlumotlar Alisher Navoiyning ijodiy tafakkuridan o‘tgan
shoirona ishlov asosida bayon etilgan.
Jumladan, Odam Ato siymosi. Odam (a.s.) yer yuzida yashagan ilk insondir. U
zotning ismi Qurʼoni Karimning to‘qqiz surasida yigirma besh marotaba zikr qilingan.
Unga ko‘ra, Odam (a.s.) jannatda yaratilgan va Alloh taolo man etgan daraxt mevasini
yeb qo‘ygani sababidan yerga tushirilgan. Odam Ato Makka va Toif shaharlari
orasidagi Dajno degan hududga, Makka shahridagi Safo tog‘iga, yoki Sarandib (Shri
Lanka) hududiga tushirilgani haqidagi rivoyatlar mavjud. Islomda birinchi payg‘ambar
hisoblanadi. 930 yil yashagan. Jumladan, Navoiy yozadi:
Aylagandek mardumi obiy burun ko‘z mardumin,
Emdi ul navʼ aylamish xayli bani Odamni su. (Navoiy, Alisher, 1988: 282)
Bevafolig‘ gar budurkim, qildi ul sho‘x, ey ko‘ngul,
Sarfa qilmas oshnolig‘ Odam avlodi bila. (Navoiy, Alisher, 1988: 306)
Alisher Navoiy devonda Yaʼqub (a.s.) va uning o‘g‘li Yusuf (a.s) taʼrifiga katta
eʼtibor bergan. Asarda Ya’qub (a.s.) haqida 2 o‘rinda quyidagi misralar keltirilgan.
Yo falak berdi yig‘i ko‘r aylagan Yoqubning,
Ko‘zlari ochilmoq uchun Mohi Kanʼon mujdasin. (Navoiy, Alisher, 1988:
257)
Kanʼon Yaʼqub payg‘ambar davrida Falastin viloyatlaridan biri bo‘lgan. Mazkur
baytdan oldingi matlaʼda shoir erta tong kulib turgan mahbubadan gulbarg xabar
keltirdi yoki ko‘ngil Masih jon baxsh etuvchi nafasdan jon topdi, deyiladi. Ikkinchi
baytda osmon Yaʼqubning ko‘r ko‘zlari ochilishini istab, Kanʼon shohidan xabar
keltirdi. Yaʼqub o‘g‘li Yusufdan ayrilib yig‘lab-yig‘lab ko‘r bo‘lib qolgan va undan
xabar kelgach, ko‘zlari ochilganiga ishora bor.
Yusufum hajrida Yaʼqub g‘am ichra, mutribo,
Uylamenkim, xushlug‘um yo‘q nag‘mayi Dovud ila. (Navoiy, Alisher,
1988: 296)
“Yaʼqub Yusufdan ajralib g‘am girdobida qoldi, shu sababli Dovudning nag‘masi
ham yoqmayapti”. Dovud - unga Alloh payg‘ambarlik va podshohlikni bergan.
Dovudga Zabur kitobi tushirilgan. Dovud musiqiy sozlarni mohirona chalgan. Farzand
dog‘i, firoqining azobli ekanligini taʼriflab “Ey chalg‘uchi, Yusufdan ayrilgan Yaʼqub
g‘amda qolganidek, men shunday g‘amda qolganmanki, Dovud chaladigan nag‘ma
ham menga yoqmaydi,” - deydi shoir.
Payg‘ambarlar tarixidan maʼlumki, Yaʼqub payg‘ambarning o‘n ikki o‘g‘li
bo‘lgan. Ularning ichidan chiqqan yagona payg‘ambar Yusuf (a.s.) hisoblanadi.
Mumtoz sharq adabiyotida Yusuf payg‘ambarga bag‘ishlangan turli rivoyatlarga
asoslangan asarlar mavjud. Ularga ko‘ra, Yusufni ota-onalari juda sevishgan. Buni
oiladagi aka-ukalari ko‘ra olmagan. Shu sababli uni o‘zlari bilan birga safarga olib
ketishgan. Yo‘lda yosh Yusufni quduqqa tashlab o‘zlari qaytib ketadilar va otalariga
uning qonga bo‘yalgan ko‘ylagini ko‘rsatadilar. Ota farzand firoqida yig‘lab ko‘r
bo‘lib qoladi. Quduq yonidan o‘tgan karvon egalari Yusufni chiqarib olib ketadilar va
Misr vaziriga sotadilar. Yusuf juda barno, aqlli bo‘lib kamol topadi, Misrda keng
ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini olib boradi, xalq farovonligi
ortadi. Yillar o‘tib Yaʼqub (a.s.) o‘g‘li Yusuf (a.s.) haqida xabar topadi. Ota va bola
uchrashadilar. So‘ngra Misrda yashaydilar. Yusuf (a.s.) yuz yil umr ko‘rgan, degan
maʼlumotlar bor.
Yusufki, jamol ichra maʼdum edi monandi,
Topmadi malohatda husnini sanga monand. (Navoiy, Alisher, 1988: 75)
“Go‘zallikda Yusufga o‘xshashi yo‘q edi. Malohatda husni sen kabi, senga tengi
topilmadi”. Badiiy adabiyotda bu kabi baytlar Yusuf obrazi go‘zallik timsoliga
aylanganligiga ishora qiladi.
Gulruxum yodi bila ko‘nglum erur gulga haris,
Kim, berur Yusuf isi qon aro yuz pora qamis. (Navoiy, Alisher, 1988: 157)
“Gulyuzligim (dilbarim, yorim) yodi bilan ko‘nglim gulni xuddi Yusufning hidi
yuz pora bo‘lgan, qonga belangan ko‘ylakdan kelgani kabi istaydi”. Bu baytda Yusufni
bo‘rilar yeb ketdi, deb otasi Yaʼqubga qonga belangan ko‘ylakni olib kelganlarida
undan Yusufning hidi kelib turganligi aytilmoqda.
O‘gub jannat gulin voiz tilarkim, aylasam savdo,
Necha eski diramg‘a Yusufum, vah, ko‘rgil idrokin. (Navoiy, Alisher,
1988: 246)
“Voiz maqtanib jannat gulini sotib olishni istaydi. Bir necha eski kumush tanga
bilan Yusufni sotib olmoq idrokini qarang, vah”. Yusuf Misrga olib kelinganidan so‘ng
u qul sifatida savdoga qo‘yilgan. Savdoda tujjorlar unga arzimagan narxlarni tavsiya
qilishganligi bayon etilmoqda.
Quyidagi baytlarda ham Yusufning savdosi bilan bog‘liq maʼlumotlar berilgan:
Quyoshni Yusufum bayʼig‘a bermak bor esa mumkin,
Degaymen tangai bayʼonadur, ermas bahosidin. (Navoiy, Alisher, 1988:
277)
“Yusufim savdosida quyoshni berish mumkin. Men bu bir bay pul uning bahosi
emas, der edim”. Shoir Yusufning juda bebaholigiga ishora qilib, unga qiyos sifatida
quyoshning narxini berish mumkinligini aytmoqda. Vaholanki, quyoshni narxlashning
imkoni yo‘q.
Devonda Yusuf (a.s.)ning qul qilib sotilishi bilan bog‘liq bir qator baytlar
keltirilgan. Jumladan:
Ko‘ngulkim, vaslin istar har taraf dog‘i sitam birla,
Erur Yusuf xaridori necha eski diram birla. (Navoiy, Alisher, 1988: 288)
“Sitamli ko‘ngil uning vaslini istaydi. U qo‘lida bir necha eski dirhami bor Yusuf
xaridoriga o‘xshaydi”. Bu baytda Yusufni karvon chohdan olib chiqqach, savdogarga
arzon-garov sotib yuborganiga ishora mavjud.
Devon matnining 11 baytida Yusuf (a.s.) nomiga ishora bor.
Alisher Navoiyning “G‘aroyibu-s-sig‘ar” devonida Iso (a.s.) siymosiga ham
alohida eʼtibor bilan qaralgan va asarda u haqidagi maʼlumot 47-o‘rinda uchraydi.
Bunda Iso (a.s.)ning Iso, Masih, Isoyi Ruhulloh, hamda Ruhulloh nomlari
qo‘llanilgan.
Alisher Navoiy payg‘ambarlar tarixi manbalarini mukammal o‘rgangan, islom
taʼlimoti va manbalarini, Muhammad (s.a.v.) haqidagi manbalarni ham juda puxta
o‘rgangan. Shoir payg‘ambarlar hayotidagi o‘ziga xos jihatlarga alohida eʼtibor bergan
va ularni sheʼriy usulda mahorat bilan chizgan. Shunday yondashuvni Muhammad
(s.a.v.) haqidagi misralarda ham ko‘rish mumkin.
Ey, nubuvvat xaylig‘a xotam baniy Odam aro,
Gar alar xotam, sen ul otkim, erur xotam aro. (Navoiy, Alisher, 1988: 16)
Tarjimasi: “Odam bolalariga payg‘ambar qilib yuborilgan guruhning xotami –
so‘nggisi bo‘lgan ey ulug‘ zot! Ular (yaʼni boshqa payg‘ambarlar) xotam – uzuk bo‘lsa,
sen uzukka naqshlangan ot – ismsen”.
Nasriy bayoni: Ey, bashariyat naslidan chiqqan payg‘ambarlarning eng so‘nggisi!
Agar boshqa payg‘ambarlar xotam – Olamlar Podshohi saltanatining uzugi bo‘lsalar,
sen bu uzukda saltanat muhri o‘laroq naqshlangan bezaksan.
Bayt islom aqidasiga ko‘ra so‘nggi payg‘ambar, sarvari koinot Muhammad
(s.a.v.) naʼtidagi birinchi g‘azaldan. Shu sababli, matlaʼda shoir bu zotning nubuvvat
xayli – payg‘ambarlar safida tutgan yuksak maqomini vasf etadi. Hazrat Alisher
Navoiy Alloh tomonidan yuborilgan payg‘ambarlarni uzukka o‘xshatsa, o‘zbek tilidagi
“uzuk” va “so‘nggi” maʼnolari arab tilida “xotam” so‘zi orqali ifodalanadi.
Muhammad (s.a.v.) taʼkidlangan uzukka bitilgan, yozilgan ot – ismdir. Qurʼoni Karim
va hadisi sharifni, islom taʼlimotini mukammal bilgan Navoiy g‘azaldagi har bir so‘z,
ayniqsa, islom taʼlimotiga oid qo‘llangan so‘zlarning maʼnosiga avvalda ifodalangan
nozik jihatlarga moslab ajoyib shoirona o‘xshatish yaratgan.
Muhammadi arabiy shaʼni andin aʼzam erur,
Ki, nuqs bo‘lg‘ay ulus bo‘lsa nafyig‘a qoyil. (Navoiy, Alisher, 1988: 541)
“Arab Muhammadning shaʼni shunday ulug‘ki, agar ulus – xalq buni rad etsa, ayb
bo‘ladi”.
Qiyomatda gunohin afv etarga,
Rasulingni shafiʼ et, kirdgoro. (Navoiy, Alisher, 1988: 16)
“Qiyomat kuni gunohimni kechishda, ey, Yaratgan, Rasulingni himoyachi qilgil”.
Ulusni tutti Navoiy so‘zi aning birla,
Magar Rasuli alayhissalom qildi hadis. (Navoiy, Alisher, 1988: 61)
“Xalq ichida Navoiy so‘zi tarqalib ketdi. U bilan go‘yo Rasul so‘zlashgandek
bo‘ldi”.
Devonda Sulaymon (a.s.), Dovud (a.s.), Muso (a.s.), Xizr (a.s.) kabi
payg‘ambarlar haqidagi maʼlumotlar ham keltirilgan.
Buyuk Alisher Navoiy o‘zigacha yaratilgan sharq adabiyoti durdonalari, islom
taʼlimoti manbalari, Qurʼoni Karim hamda hadisi shariflarni, payg‘ambarlar tarixiga
oid qadimiy manbalarni mukammal bilgan va ulardagi maʼlumotlardan o‘z adabiy
merosida mohirona foydalangan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy she’rlarida ifodalangan payg‘ambarlar
tarixi turkiy adabiyotdagi diniy hikoyatlarning badiiy talqini haqida qimmatli fikrlar
beradi. Navoiyning “Hayratu-l-abror”, “Nasoyimu-l-muhabbat” kabi asarlarini tahlil
qilish orqali Navoiyning payg‘ambarlar tarixiga, xususan, Yusuf payg‘ambar qissasiga
chuqur qiziqish bildirganligi ko‘rinadi. Bu misralarni hozirgi o‘zbek tiliga tarjima
qilish orqali tadqiqotchilar Navoiy asarlarini kengroq o‘quvchilar ommasiga yetkazish
imkoniga ega bo‘ldilar.
Navoiy she’riyatiga murojaat keyingi yillarda jadallashib, uning asarlari
to‘plamlari qayta-qayta nashr etilib, turli darajalarda o‘rganilmoqda. Bu Navoiy
she’riyatining turk adabiyoti va olimlar jamoatchiligidagi muhim ahamiyatini
ko‘rsatadi. Umuman olganda, Alisher Navoiy ijodidagi payg‘ambarlar tavsifi nafaqat
uning asarlarining diniy-tarixiy mazmunini yoritib beradi, balki uning she’riy iste’dodi,
murakkab mavzularni go‘zal ifodalash qobiliyatini ham namoyon etadi. Navoiy
she’riyatiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borar ekan, uning turkiy adabiyotga qo‘shgan
hissasi, asarlarida payg‘ambarlar haqidagi izlanishlar hali ham yillar davomida ilmiy
qiziqish mavzusi bo‘lib qolishi aniq.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Навоий, Алишер (1988) Хазойину-л-маъоний. Ғаройибу-с-сиғар.
Мукаммал асарлар тўплами. Ж., 3. – Тошкент.
2. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. Т. I-IV. – Тошкент:
Фан, 1983-1985.
3. Jabborov, Nurboy (2023) Alisher Navoiy ijodining islomiy-ma’rifiy asoslari.
Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini o‘rganish masalalari. Konferensiya to‘plami.
4. Содиқов, Қ. (2006) Туркий ёзма ёдгорликлар тили: адабий тилнинг юзага
келиши ва тикланиши. – Тошкент: ТДШИ.
5. Navoiy, Alisher (1965) Xazoyinu-l-maoniy. Favoyidu-l-kibar. Soqiynoma. –
Toshkent: Badiiy adabiyot.
6. Navoiy, Alisher (1991) Saddi Iskandariy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom.
7. Navoiy, Alisher (2012) To‘la asarlar to‘plami. O‘ninchi jild. – Toshkent:
G‘afur G‘ulom.
REFERENCES:
1. Navoiy, Alisher (1988) Xazoyinu-l-maʼoniy. G‘aroyibu-s-sig‘ar. Mukammal
asarlar to‘plami. J., 3. – Toshkent. (In Uzbek)
2. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. T. I-IV. – Toshkent: Fan, 1983-
1985. (In Uzbek)
3. Jabborov, Nurboy (2023) Alisher Navoiy ijodining islomiy-ma’rifiy asoslari.
Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini o‘rganish masalalari. Konferensiya to‘plami.
(In Uzbek)
4. Sodiqov, Q. (2006) Turkiy yozma yodgorliklar tili: adabiy tilning yuzaga
kelishi va tiklanishi. – Toshkent: TDSHI. (In Uzbek)
5. Navoiy, Alisher (1965) Xazoyinu-l-maoniy. Favoyidu-l-kibar. Soqiynoma. –
Toshkent: Badiiy adabiyot. (In Uzbek)
6. Navoiy, Alisher (1991) Saddi Iskandariy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom. (In
Uzbek)
7. Navoiy, Alisher (2012) To‘la asarlar to‘plami. O‘ninchi jild. – Toshkent:
G‘afur G‘ulom. (In Uzbek)