ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Arab folklorida nazmiy va nasriy janrlar

Shamusarov Sharustam Giyazovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ARAB FOLKLORIDA NAZMIY VA NASRIY JANRLAR

POEM AND PROSE GENRES IN ARABIC FOLKLORE

ЖАНРЫ ПОЭМЫ И ПРОЗЫ В АРАБСКОМ ФОЛЬКЛОРЕ

Shamusarov Sharustam Giyazovich,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

professori, filologiya fanlari doktori
Tel: +998 90 907-00-57
info@tsuos.uz

Annotatsiya. Maqolada arab folkloriga xos bo‘lgan janrlar tarkibi turli ilmiynazariy qarashlar asosida o‘rganildi. Arab tiliga taalluqli nutqiy va she’riy janrlar,
nasriy va sahnaviy janrlar turkumlarga ajratilgan holda tadqiq etilganini ko‘rishimiz
mumkin. Maqola davomida arab millatiga mansub xalqlarning og‘zaki ijodida
saqlanib qolgan she’r va qo‘shiq namunalari keltirib o‘tilgan. Shuningdek, arab
adabiyotidagi badiiy atamalar havola qilingan bo‘lib, ularning izohini maqolada
keltirib o‘tganmiz. Arab adabiyotidagi badiiy janrlarni o‘rganishda Liviya, Misr,
Suriya va Iroq kabi davlatlar fuqarolari urf-odatlarida hozirgacha saqlanib qolgan lirik
meros namunalari aniqlandi hamda maqolada taqdim etildi. Matnda arab adabiyotida
uchraydigan janrlar haqida ma’lumotlar yozib qoldirgan tilshunos olimlar ham eslab
o‘tilgan. Ularning asarlaridan joy olgan she’r va qo‘shiqlar taqdim etilishi bilan birga,
“Ming bir kecha” to‘plamidagi go‘zal misralar ham keltirib o‘tilgan. “Ming bir kecha”
asari tarkibidagi arab folkloriga oid keng tarqalgan janrlar tahlil qilinib, ularning
nazmiy va nasriy janrlari xalq og‘zaki ijodidan olingan namunalar misolida tadqiq
etildi. Xulosada esa ularning poetikasi, janr xususiyatlari haqida umumlashma natijalar
e’lon qilindi.

Kalit so‘zlar: arab folklori, janrlar, rajaz, urjuza, muraqqisat, quduq qo‘shiqlari,
muvashshah, zajal, dubayt, mavval, naqarot, ertaklar, siyralar.

Annotation. The composition of genres characteristic of Arab folklore was
studied in the article based on various scientific and theoretical views. It can be seen
that the spoken and poetic genres, prose, and stage genres related to the Arabic
language have been researched by dividing them into categories. Throughout the
article, examples of poems and songs preserved in the oral works of the peoples of the
Arab nation are cited. Artistic terms from Arabic literature are also used, and their
explanations in the article have been given. In the study of artistic genres in Arabic
literature, the lyrical heritage preserved in the traditions of citizens of countries such
as Libya, Egypt, Syria, and Iraq was identified and presented in the article. During the
article, linguists who wrote down information about the genres found in Arabic
literature were also mentioned. Poems and songs from their works were presented, as

well as beautiful verses from the collection “A Thousand Nights”. The content of
common genres related to Arab folklore in the work “A Thousand Nights” was
analyzed, their poetic and prose genres were studied on the basis of samples taken from
oral folk art. In the conclusion, general results about their poetics and genre features
were announced.

Key words: Arabic folklore, genres, rajaz, urjuza, muraqqisat, well songs,
muvashshah, zajal, dubait, mawwal, refrain, tales, siyrahs.

Аннотация. В статье исследован жанровый состав, характерный для
арабского фольклора, на основе различных научных и теоретических взглядов.
Видно, что устные и поэтические жанры, прозаические и сценические жанры,
относящиеся к арабскому языку, исследованы путем разделения их на категории.
На протяжении всей статьи приводятся примеры стихов и песен, сохранившихся
в устном творчестве народов арабской нации. Также использованы
художественные термины из арабской литературы, и в статье дано их пояснение.
При исследовании художественных жанров в арабской литературе выявлено и
представлено лирическое наследие, сохранившееся в традициях граждан таких
стран, как Ливия, Египет, Сирия, и Ирак. В статье также были упомянуты
лингвисты, записавшие информацию о жанрах, встречающихся в арабской
литературе. Были представлены стихи и песни из их произведений, а также
красивые стихи из сборника “Тысяча ночей”. Проанализировано содержание
общих жанров, относящихся к арабскому фольклору, в произведении “Тысяча
ночей”, а также изучены их поэтические и прозаические жанры на примере
образцов, взятых из народных устных произведений. В заключении были
озвучены общие итоги об их поэтике и жанровых особенностях.

Ключевые слова: арабский фольклор, жанры, раджаз, урджуза,
мураккисат, колодезные песни, мувашшах, заджал, дубайт, маввал, припев,
сказки, сира.

KIRISH
Arab xalq og‘zaki ijodi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, arab dunyosi
madaniyati, tarixi va qadriyatlarini aks ettiruvchi turli janrlarni o‘z ichiga olgan boy va
jonli an’anadir. Ushbu maqolada biz arab xalqlari tomonidan qadrlanadigan hamda
asrab kelinayotgan she’riy va nasriy asarlarga e’tibor qaratib, arab folklorida mavjud
bo‘lgan janrlarning murakkab tarkibini o‘rganamiz. Tadqiqot davomida turli ilmiynazariy nuqtayi nazarlarni ko‘rib chiqish orqali arab folkloridagi ritmik misralardan
tortib, murakkab hikoyalargacha bo‘lgan xilma-xil janrlarni yoritishni maqsad qildik.
Shuningdek, arab adabiyotining she’riy va nasriy an’analarida quduq qo‘shiqlari, rajaz,
urjuza, muraqqisat, muvashshah, zajal, dubayt, mavval, naqarot, ertaklar, hamda
siyralarning ahamiyatini ko‘rib chiqamiz.
Liviya, Misr, Suriya va Iroq kabi mamlakatlar anʼanalarida saqlanib qolgan lirik
merosni oʻrganish orqali arab folklorining oʻziga xos xususiyatlari haqida ham fikr

yuritiladi. Bundan tashqari, arab hikoyachiligining boyligi va go‘zalligini ko‘rsatuvchi
“Ming bir kecha” klassik asaridagi she’riy va nasriy janrlar ahamiyatini ham e’tirof
etish lozim. Arab adabiyotidagi umumiy janr va badiiy atamalarni tahlil qilish orqali
arab xalq og‘zaki ijodini belgilovchi poetika va janr xususiyatlari haqida har
tomonlama ma’lumot berishga harakat qilamiz.

ADABIYOTLAR TAHLILI
Arab folklorining janrlari tarkibi haqida so‘z boshlaydigan bo‘lsak, dunyo
folklorshunosligida xalq og‘zaki ijodi janrlarini tasnif qilishning turli mezonlari va
ilmiy-nazariy yo‘nalishlari ishlab chiqilganini ta’kidlash lozim. Ular orasida L. E.
Genin tomonidan tavsiya etilgan usul o‘ziga xosdir. Xalq og‘zaki ijodi namunalarini
ijro usuliga ko‘ra tasniflaganda, janrlar tarkibi quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1) Nutqiy janrlar (maqol, hikmatli so‘z, topishmoq va olqishlar);
2) Nazmiy janrlar (lirik qo‘shiqlar, yig‘i-yo‘qlovlar, mehnat qo‘shiqlari va
marosim qo‘shiqlari);
3) Nasriy janrlar (ertak, afsona, rivoyat, og‘zaki hikoya va latifalar);
4) Sahnaviy janrlar (xalq dramasi, xalq tomosha san’ati asarlari).
Arab xalq og‘zaki badiiy ijodi taraqqiyotining ilk bosqichlari mahsuli hisoblangan
matnlarni retrospektiv tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, qadimgi (islomdan avvalgi) arab
folkloridayoq yuqorida sanab o‘tilgan janrlarning deyarli barchasi mavjud bo‘lgan.
Arab xalqlarining hozirgi davrdagi folklori esa sanab o‘tilgan barcha janrlarni o‘z
ichiga oladigan boy adabiy-ma’naviy xazinadir.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Arab folkloridagi she’r va nasr janrlariga bag‘ishlangan ushbu maqolaning
metodologiyasi arab xalq og‘zaki ijodi, she’riyati va nasriga oid mavjud adabiyotlarni
har tomonlama ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olgan. Mavzuni har tomonlama tushunish
uchun arab adabiyotidagi janrlar tarkibiga oid turli ilmiy-nazariy qarashlar o‘rganildi.
Tadqiqot metodologiyasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. Adabiyotlar sharhi: Og‘zaki, she’riy va nasriy janrlar bo‘yicha ma’lumotlar
to‘plash maqsadida arab xalq og‘zaki ijodi va adabiyoti bo‘yicha tegishli ilmiy
maqolalar, kitoblar va akademik jurnallar tahlili o‘tkazildi;
2. Ma’lumotlar to‘plash: Arab xalqining she’rlari, qo‘shiqlari va og‘zaki ijodidan
namunalar to‘planib, ularda mavjud bo‘lgan turli janrlar ko‘rsatish uchun tahlil qilindi;
3. Tahlil: Arab adabiyotida uchraydigan she’riyat va nasrning turli janrlarini
aniqlash va turkumlash maqsadida to‘plangan ma’lumotlar tizimli tahlil qilindi. Arab
folkloridagi janrlar xilma-xilligini ko‘rsatish uchun an’anaviy asarlar va adabiy
to‘plamlardan misollar keltirildi;
4. Taqqoslash va tasniflash: Aniqlangan janrlar she’riy va nasriy xususiyatlaridan
kelib chiqib, qiyoslandi va tasniflandi. Arab adabiyotidan turli badiiy atamalar ham
tadqiqot doirasida tahlil qilindi va izohlandi;

5. Xulosalarni taqdim etish: Tadqiqot natijalari arab folkloridagi turli janrlarning
xususiyatlari va ahamiyatini yoritib, tizimli tarzda taqdim etildi. “Ming bir kecha” kabi
asarlarda uchraydigan arab xalq og‘zaki ijodiga oid umumiy janrlar tahlil qilinib,
ularning uslubiy xususiyatlari haqida so‘z yuritildi.

Umuman olganda, arab folkloridagi she’riy va nasriy janrlarga oid ushbu
maqolaning metodologiyasi mavjud adabiyotlarni tizimli ko‘rib chiqish, ma’lumotlar
to‘plash va tahlil qilish, janrlarni qiyoslash va tasniflash hamda mavzuni har
tomonlama ko‘rib chiqish uchun topilmalarni taqdim etishdan iboratdir.

TAHLIL VA NATIJALAR
Maqolaning ushbu qismini nazmiy janrlarni tahlil qilishdan boshlaymiz. Qo‘shiq
har bir xalq folklorining eng qadimiy va ommaviy turlaridan biri sifatida badiiy
tafakkurning tarixiy rivojida alohida o‘rin tutadi.
Arablarning qo‘shiq folklori badiiy so‘z ijrochiligining bu turiga xos barcha
umumiy poetik va estеtik bеlgilarni o‘zida mujassam etganligi bilan xususiyatlanadi.
Islomdan avvalgi arab she’riyatining bizgacha yetib kеlgan asosiy namunalari orasida
muallifi aniq bo‘lmagan, badiiy qurilishi va ifoda usullariga ko‘ra alohida turkumni
tashkil etadigan she’riy asarlar ham borki, ularni, shubhasiz, xalq ijodi mahsuli dеb
hisoblamoq kеrak. Chunki bunday she’rlarning ko‘p qismi qo‘shiqchilar tomonidan
ashula qilib aytilgan. Qadimgi arab she’riyatining tadqiqotchisi Husayn Nassarning
yozishicha, islomdan avvalgi arab folklorining nazmiy janrlar tarkibi quyidagicha
tasnif qilingan:
1) ag‘ani al-afrax (bayram qo‘shiqlari);
2) ag‘ani at-tufula (bolalar qo‘shiqlari);
3) ag‘ani al-abar (quduq qo‘shiqlari);
4) ag‘ani al-bina (binokorlik qo‘shiqlari);
5) ag‘ani al-hida (tuyakashlar qo‘shiqlari);
6) anashid ax-xurub (harbiy-vatanparvarlik qo‘shiqlari);
7) an-nuvax (yig‘i-yo‘qlovlar) (Husayn Nassar, 1962: 38)
Ko‘pgina qo‘shiqlar janriy mansubiyatidan qat’iy nazar, eng sodda poetik vazn –
rajazda to‘qilgan va odatda urjuzalar dеb atalgan.
Bayram qo‘shiqlari turkumida to‘y-marosim qo‘shiqlarining o‘ziga xos o‘rni
bo‘lgan. Nazarimizda, arab xalq marosim qo‘shiqlari qadimgi arab folklorida
shakllangan adabiy an’ananing bevosita ta’sirida yaratilgan. Quyida kеltiriladigan
qo‘shiqda arab folkloriga xos o‘ynoqilik, lirik kayfiyatning bo‘rtib turishi kabi bеlgilar
yaqqol ko‘zga tashlanib turadi:

Ataynakum, ataynakum,
fayyuna nuxayyikum.
Ua lau la-z-zaxabu-l-axmar ma xallеt biu adikum,
ua lau ma-x-xinta-s-samra ma simnat azarikum. (Husayn Nassar, 1962: 60)

(Bizlar kеldik, bizlar kеldik,

bizni qutlang, biz ham sizni qutlaylik.
Badaviy qizlarning o‘ziga oro berishin ko‘rib,
ularni shunchalik mеhr-oqibatli deb bilaylik).

Arab xalq bolalar qo‘shiqlarini mavzu yo‘nalishiga ko‘ra ikki turkumga bo‘lish
mumkin:

a) bolalarning o‘zlari tomonidan to‘qilgan qo‘shiqlar;
b) allalar.
O‘rta asr arab folklorida alla janri “muraqqisat” atamasi bilan tasniflangan.
“Muraqqisat” atamasining lug‘aviy ma’nosi “o‘yin tushishga majbur qilmoq”
dеmakdir. Qadimgi arablarning allalari va bolalarni ovutish maqsadida aytadigan
erkalash qo‘shiqlari haqidagi ma’lumotlar taniqli vеngеr sеmitolog olimi I. Goldsiyеr
tomonidan to‘plangan. (Goldziher I., 1888: 165) 1968-yilda esa bu matеriallardan
tuzilgan matnlar to‘plami (400 ga yaqin matn) V. Valtеr tahriri ostida nashr ham etildi.
Bolalar poetik folklori janrlariga oid asarlar o‘zining nisbatan turg‘un matnga
egaligiga, hamda tarixiy-folkloriy jarayonlar davomida nihoyatda kam o‘zgarishga
uchrashiga ko‘ra konsеrvativ xaraktеrga ega. Misol tariqasida XIX asr oxirida
Suriyadagi el-Xеsn qishlog‘ida istiqomat qilgan bir dеhqon ayoldan yozib olingan
qo‘shiqni kеltirishni lozim dеb bilamiz:

Ya habib il gab,
La tham ad darb,
Yidbunur il arab,
Yahsibunak kelb.

(Ey qalbim mahbubi,
Yo‘l yurganda bo‘l ogoh,
Sahroyilar duch kеlib,
Qazimasin yo‘lingda choh).

Quduq qo‘shiqlari dеb ataluvchi xalq she’ri namunalarining yuzaga kеlish tarixi
arab folklorining eng qadimgi davrlardagi taraqqiyot bosqichlariga bog‘lanadi.
Chunki, asosan cho‘l-sahrolarda istiqomat qilgan badaviylarning turmush tarzi ko‘p
jihatdan quduq va undagi ulug‘ ne’mat – obi hayotga bog‘liq bo‘lgan. Suvsiz hayotni
tasavvur qilish mushkul. Shuning uchun badaviylar hayotida har bir quduqning
qazilishi unutilmas voqеa bo‘lgan. Quduq qazish chog‘ida ular o‘z mеhnatlari, ya’ni
obi hayot manbaining bunyod etilishiga bag‘ishlangan xalq qo‘shiqlarini kuylaganlar.
Ana shu qazuv jarayoni bilan bog‘liq mеhnat qo‘shiqlari “Quduq poeziyasi” dеb
atalgan. Husayn Nassarning ma’lumotlariga qaraganda adi qabilasiga mansub
badaviylar quduq qaziyotganda shunday qo‘shiq aytganlar:

Naxnu xafarna bi’ rana-l-xafira,
Baxran yadjishu ma’uxu g‘azira (Dalman G., 1901: 166)

(Quduqni chuqur qilib kovladik biz,

Suv dеngizdеk ko‘pirib, otilib chiqar shaksiz).

Bizning kunlargacha saqlanib qolgan qadimgi arab xalq qo‘shiqlari hajman ko‘p
emas. Buning ustiga islomdan avvalgi davrda yaratilgan arab folklori matеriallari
orasida lirik, epik va satirik xaraktеrdagi qo‘shiqlar uchramaydi. Qo‘shiqning bunday
turlari o‘rta asrlardan kеyin shakllana boshlagan. O‘rta asr arab poetik folklorining
she’riy shakllarga nihoyatda boyligi diqqatga sazovordir. XIV-XV asrlarda yaratilgan
arab adabiyoti poetikasiga doir ilmiy asarlarda o‘rta asr arab she’riyatining quyidagi
yеtti xil badiiy shakli ko‘rsatib o‘tilgan:

1) she’r (bu eng ko‘p tarqalgan badiiy shakl bo‘lib, qasida, qit’a, muqattaot kabi
janrlarni ham o‘z ichiga olgan);

2) muvashshah;
3) zajal;
4) dubayt (ikki baytdan iborat she’r);
5) mavval;
6) kuma;
7) kan-ua-kan.
Dastlabki ikki she’riy shakl yozma adabiy an’anada ommalashgan janr bo‘lib,
adabiy til talablariga rioya qilgan holda yoziladi. Qolgan bеsh she’riy shaklda esa
ijrochi mansub shеvaning lisoniy xususiyatlari to‘la saqlangan bo‘ladi. O‘rta asrlarning
so‘nggi bosqichi va yangi davr arab poetik folklorida asosan ikki she’riy shakl – zajal
va mavval janrlarida ijod qilish ustuvor badiiy an’ana bo‘lgan.
Zajal janrining she’riy tuzilishi muvashshahga o‘xshab kеtadi. Ya’ni she’riy
bandlar xuddi muvashshahdagi kabi “o‘rab oluvchi” qofiya bilan bog‘lanadi.
Muvashshah bilan zajal janrlari o‘rtasidagi farq asosan badiiy tildan foydalanish
usulida ko‘zga tashlanadi: muvashshah arab adabiy tilida yoziladi, zajal esa (xoh u
muayyan shoir tomonidan yozilgan bo‘lsin, xoh xalq ijodida shakllangan bo‘lsin) faqat
arab tilining ma’lum shеvalari – lеksik boyligini o‘zida ifoda etishi bilan
xususiyatlanadi. Zajal bandlari qofiyalanish tizimiga ko‘ra to‘rtlik (a-b-b-a) yoki
bеshlik (a-a-b-b-a) tuzilishga ega bo‘ladi. Zajal aslida arab xalq og‘zaki ijodida paydo
bo‘lgan she’riy janr bo‘lib, tarixiy va adabiy manbalarda ko‘rsatilishicha, XII asrdan
e’tiboran arab yozma adabiyotiga ham kirib kеla boshlagan. Xususan, Andalusiyada
yashab ijod qilgan shoir Ibn Kuzman bu janr badiiy imkoniyatlaridan kеng
foydalangan. Har holda zajal kеlib chiqishiga ko‘ra folklor asosida yuzaga kеlgan
she’riy janr ekanligiga shubha yo‘q. Ammo, uning qadimgi arablar tomonidan
yaratilgan og‘zaki variantlari bizgacha yеtib kеlmagan, xolos. Hozircha zajalning eng
qadimiy namunalari (muallifi ma’lum bo‘lgan hamda xalq to‘qigan) qayd qilingan
manba Ibn Xaldunning “Muqaddima” asari hisoblanadi.
Quyida Abdusalom Ibrohim Qodirbеy tomonidan yozib olingan Liviya xalq
zajalidan birini kеltiramiz. Ayni paytda bu xalq qo‘shig‘i arab nikoh to‘yi marosimi
poetik folklorining ham eng go‘zal namunasi hisoblanadi:

Ya binti ma djabuki arab,
Anti Fadjra uastaki tarab,
Ya binti ma djabuki ixuan,
Ua la djabik turki rattan. (Abdu-s-salom Ibrohim Qodirbеy, 1982: 273)

Ey, qizim, sеni badaviylar olib qochib kеlgani yo‘q,
Sеni akalaring olib kеlgani yo‘q,
Sеni musofir turk ham boshlab kеlgani yo‘q,
Sеn hayot quvonchining tong yulduzisan.

Zajalning mavzu qamrovi g‘oyatda kеng bo‘lib, ularni mavzu jihatdan
quyidagicha tasnif qilish mumkin:

a) lirik;
b) satirik;
c) epik.
Arab xalq marosim qo‘shiqlari ham ba’zida zajal badiiy shaklida yaratiladi va ijro
etiladi.
Arab xalq poetik folklorining boshqa bir janri – mavvalning mazmuni ham rangbarang bo‘lib, arab mumtoz she’riyatiga xos bo‘lgan an’anaviy badiiy xususiyatlarni,
masalan, yakka qofiyali bandlardan iborat she’r qurilishiga asoslanish, lahja
lеksikasidan unumli foydalanish kabi bеlgilarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Mavvalning ayrim badiiy shakllarida barcha bandlar bir xil qofiyalanadi. Gohida esa
to‘rtlik (bеshlik) shaklidagi mavvalning bandlaridan biri qofiyalanmaydi (fors-tojik va
turkiy she’riyatdagi ruboiy janrining qofiya tuzilishi singari).
Arab mumtoz adabiy an’anasi “Mavval” yoki “Mavaliya” dеb ataluvchi she’riy
poetik shaklning paydo bo‘lishi va folklor janrlari tizimidan o‘rin olish tarixi Iroqda
yashagan arablarning og‘zaki ijodi bilan aloqador dеb talqin qilinadi. “Mavval”
atamasining o‘zi esa adabiy tеrmin sifatida abbosiylar davrida shakllangan. Ko‘pgina
olimlarning e’tirof etishicha, dastlabki “Mavaliya” Horun ar-Rashid tomonidan 803-
yilda qatl etilgan vazir Ja’far al-Barmakiyga bag‘ishlab to‘qilgan marsiyalardan iborat
bo‘lgan. Chunki bunday marsiya yoki yig‘i-yo‘qlov qo‘shig‘ining har bir bandidan
kеyin “Ya mavaliya”, ya’ni “Е, bеgim!” ifodasi naqarot sifatida qaytarilgan. (Rida
Muhsin Xammud, 1976: 41)
Safi ad-Din al-Xilliy bo‘lsa, mavaliya janri 701-yilda bunyod etilgan Vasit
shahrida yuzaga kеlgan, dеb hisoblaydi. Iroq hududidagi bu shahar qurilishida ishtirok
etgan kunlari ish paytida qo‘shiq xirgoyi qilishar, ularning qo‘shig‘ida har bir band
oxirida “mavaliya” naqaroti takrorlanib kеlar edi. (Rida Muhsin Xammud, 1976: 39)
Dеmak, bu ilmiy farazga ko‘ra, mavaliya janri qadimgi arab xalq mеhnat
qo‘shiqlarining badiiy taraqqiyoti davomida shakllangan. Bu talqinlarning qaysi biri
haqiqatga yaqin va ilmiy jihatdan qaysi faraz to‘g‘riroq ekanligini aniq aytish uchun
hozircha dalillar yеtarli emas. Har holda, bu she’riy shakl badiiy fikrning o‘ziga xos
ifoda usullaridan biri sifatida ІX asrdayoq arab xalq adabiyoti janrlari tizimidan o‘rin

olganligiga shubha yo‘q. Mavaliyning bizgacha yеtib kеlgan eng qadimiy namunalari
arab tilining Iroq lahjasiga xos lisoniy xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirganligiga
ko‘ra, bu janrning dastlabki namunalari Iroqda yaratilgan, dеb xulosa chiqarsa bo‘ladi.
O‘rta asrlarning oxirgi choragida Misr xalq adabiyotining an’anaviy she’riy
shakllaridan biriga aylangan bu janr atamasi ma’lum fonеtik o‘zgarishga uchradi va
“mavval (ko‘plikdagi shakli “mavavil”) tarzida qo‘llanila boshlandi.

Arab adabiyotida she’riy janrlar bilan bir qatorda nasriy janrdagi ijod namunalari
ham ko‘plab uchraydi. Shulardan biri bo‘lmish ertak arab folklorida juda qadimgi
davrlardan beri mavjud bo‘lgan eng ommaviy nasriy janrlardan deb hisoblanadi.
Dunyo olimlari ertakni folklorning epik turiga mansub janrlardan biri, deb to‘g‘ri
tasniflaydilar. Qadimiy ertaklar syujeti izlari yoki ayrim ertaklarning mazmuni ilk arab
yozma manbalarida ham uchraydi. Xususan, Al-Maydoniy o‘z majmuasiga kiritgan
xalq maqollaridan ayrimlariga izoh berish, haqiqiy va ramziy-ko‘chma ma’nolarini
tushuntirish maqsadida o‘rni bilan islomdan avvalgi davrlarda yaratilgan majoziy
(ya’ni hayvonlar to‘g‘risidagi) ertaklar syujеtiga ham murojaat qiladi. Masalan,
“Xaumalning itiday och” maqoli majoziy ertak vositasida izohlangan. (Maydoniy T.,
1991: 186)

Sеhrli ertaklarning syujеt elеmеntlari esa epik turga mansub afsona va rivoyat
kabi janrlar badiiy tizimida ham qayd qilinishi mumkinligini B.Y. Shidfar islomdan
burungi davrda yashagan arab shoirlari haqidagi tarixiy rivoyatlar syujеtining tahlili
misolida to‘g‘ri ko‘rsatib bеrgan edi. (Shidfar B., 1974: 46)

Arab ertakchilik an’analari rivojining o‘rta asr bosqichiga doir faktik matеriallar
shu qadar kеng qamrovliki, ularning miqdorini bеlgilashda “Ming bir kеcha”dan
boshqa to‘plamlarning badiiy matеriallarini ham hisobga olish kеrak. O‘rta asr arab
folklorida ertaklarning asosan quyidagi ichki turlariga oid matеriallar kеng
ommalashgan edi:

a) hayvonlar haqidagi arab ertaklari;
b) sеhr – fantastik ertaklar;
c) hayotiy maishiy ertaklar.
Hayvonlar haqidagi majoziy ertaklar xalq epik nasrining eng qadimgi namunalari
bo‘lib, totеmistik miflar va badiiy folklorda jonivorlar obrazining timsol darajasida
tasvirlanishi an’anasi asosida shakllangan. Bu turga kiruvchi ertaklar “Ming bir
kеcha”da unchalik ko‘p uchramaydi. O‘rta asr majoziy ertaklarining matnlari yoki
syujеt talqinlari arab adiblarining qalamiga mansub boshqa ko‘plab manbalarda
mavjudligi ma’lum.
Hayvonlar haqidagi arab ertaklarining dastlabki namunalari K. Brokkеlmann
qalamiga mansub arab xalq adabiyotining syujеt tuzilishiga bag‘ishlangan maxsus bir
asarda kеltirilgan. Kеyingi yillarda olib borilgan yangi izlanishlar natijasida arab xalq
majoziy ertaklari va masallarining ilgari ma’lum bo‘lmagan yoki yozib olingan
matnlarida qayd qilinmagan yangi syujеtlari aniqlandi. Xususan, qushlar bilan
hayvonlar jangi haqidagi ertak syujеti arab folklorida ilgari qayd qilinmagan. Bu

syujеtning hind va fors xalqlari folklorida muayyan milliy vеrsiyalari mavjudligi
e’tirof etilgani holda, arab ertakchilari rеpеrtuarida bu ertakning biror varianti bor yoki
yo‘qligi aniqlanmagan edi.

Arab xalq sеhrli-fantastik ertaklarining asosiy an’anaviy syujеtlari “Ming bir
kеcha” to‘plamiga kiritilgan. Bu to‘plamdagi sеhrli ertaklarning o‘zini ham kеlib
chiqishiga ko‘ra bir nеcha turkumga ajratish mumkin:

a) hind-eron folkloridan o‘zlashtirilgan syujеtlar asosida yuzaga kеlgan ertaklar
(baliqchi va ruh Kamaruz zamon na Budur; Sayf al-Muluk va Badiu-l-Jamol haqidagi
ertaklar);

b) bеvosita arab folklori epik an’analari asosida Misrda yaratilgan ertaklar
(etikdo‘z Ma’ruf: Alau-d-Din va sеhrli chiroq haqidagi ertaklar).

Arab sеhrli-fantastik ertaklarining qadimgi namunalari nafaqat “Ming bir
kеcha”ga kiritilgan adabiy ertaklar sifatida, balki boshqa yozma manbalar orqali ham
yеtib kеlgan. Xususan, XVII asrda Misr shеvasida bitilgan bir adabiy yodgorlikda tilla
kiyik, Abu-l-Hasan bog‘bon haqidagi ertaklar ham bor.

O‘rta asr arab xalq adabiyotida shakllangan hayotiy-maishiy ertaklarning
hozirgacha saqlanib qolgan namunalari asosan Misrda yuzaga kеlgan. Bu turga mansub
ertaklarning barcha maxsus bеlgilari Alau-d-Din Abu-sh-Shamat maishiy ertaklarida
o‘z ifodasini topgan. “Ming bir kеcha”da mavjud bo‘lgan bu ertak Ali Ziybaq va
Ahmad ad-Danaf haqidagi siyralar syujеtining ijodiy ta’sirida yaratilgan. Arab xalq
maishiy ertaklarining namunalari “Ming bir kеcha”dan boshqa yozma manbalarga ham
kiritilgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, arab folkloridagi she’riy va nasriy janrlarni o‘rganish arab
xalqlarining boy va rang-barang adabiy an’analarini yoritib berdi. Og‘zaki ijod va
adabiy to‘plamlardan olingan turli misollar tahlili natijasida arab adabiyoti janrlari ham
rang-barang, balki hudud madaniy merosida chuqur ildiz otganligi ko‘rinadi. Rajaz,
urjuza, muraqqisat kabi janrlarning tadqiqi, shuningdek, quduq qoʻshiqlari,
muvashshah, zajal, dubayt, mavval va naqarotlarning tadqiqi arab folklorida
qoʻllaniladigan oʻziga xos sheʼriy va hikoyachilik uslublari haqida maʼlumot berdi.
Qolaversa, “Ming bir kecha” to‘plami doirasidagi ertak va siyralarning tahlili bu
janrlarning arab adabiyotida doimiy mashhurligi va ahamiyatini ko‘rsatib berdi.
Umuman olganda, ushbu tadqiqot arab dunyosining madaniy tarixi va badiiy
yutuqlarini chuqurroq tushunish uchun arab folklorining turli janrlarini saqlash va
o‘rganish muhimligini ta’kidlaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Генин, Л. Е. (1979) Отражение фольклора в библиотечнобиблиографических классификациях и методика его классифицирования в свете
современной фольклористики. – Ленинград.
2. Husayn Nassar. (1962) Ash-shi’ru-sha’biy al-arabiy. – Al-Qohira.

3. Goldziher I. (1888) Altarabischeen Wiegen und Schlummerlieder // Wiener
Zeitschrift fur die Kunde des Morgenlandes. Bd. 2. – Wien.

4. Dalman G. (1901) Palasinicsher Diwwan. – Leipzing.
5. Abdu-s-salom Ibrohim Qodirbеy. (1982) Ug‘niyya-t-min biladina. – Tripoli.
6. Rida Muxsin Xammud. (1976) Al-fununu-sh-shi’rriyya g‘ayru-l-muariba.
Al-mualliya. – Bag‘dod.
7. Shidfar B.Y. (1974) Образная система aрабской классической литературы
(VI-XII вв.). – Москва.

REFERENCES:
1. Genin, L. E. (1979) Otrajeniye folklora v bibliotechno-bibliograficheskix
klassifikatsiyax i metodika yego klassifitsirovaniya v svete sovremennoy folkloristiki.
– Leningrad. (In Russian)
2. Husayn Nassar. (1962) Ash-shi‘ru-sha’biy al-arabiy. – Al-Qohira. (In Arabic)
3. Goldziher I. (1888) Altarabischeen Wiegen und Schlummerlieder // Wiener
Zeitschrift fur die Kunde des Morgenlandes. Bd. 2. – Wien. (In German)
4. Dalman G. (1901) Palasinicsher Diwwan. – Leipzing. (In German)
5. Abdu-s-salom Ibrohim Qodirbey. (1982) Ug‘niyya-t-min biladina. – Tripoli.
(In Arabic)
6. Rida Muxsin Xammud. (1976) Al-fununu-sh-shi‘rriyya g‘ayru-l-muariba. Almualliya. – Bag‘dod. (In Arabic)
7. Shidfar B.Y. (1974) Obraznaya sistema arabskoy klassicheskoy literaturi (VI-
XII vv.). – Moskva. (In Russian)