ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodining media vositalarida yoritilishi

To‘ychiyeva Sayyora Suyarqulovna, Yunusov Komiljon Alimdjanovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ABU RAYHON BERUNIY HAYOTI VA IJODINING MEDIA
VOSITALARIDA YORITILISHI

COVERAGE OF ABU RAYHAN BERUNI’S LIFE AND ACTIVITY
IN THE MEDIA

ОСВЕЩЕНИЕ ЖИЗНИ И ДЕЯТЕЛЬНОСТИ АБУ РАЙХАНА БЕРУНИ В
ПРЕССЕ

To‘ychiyeva Sayyora Suyarqulovna
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar

kafedrasi professori, f.f.d.
Tel: +998 90 949-46-90
filosofiya@umail.uz

Yunusov Komiljon Alimdjanovich
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Internet jurnalistikasi yo‘nalishi magistranti

Tel: +998 94 650-44-12
Komiljonyunuszoda@gmail.com

Annotatsiya. Abu Rayhon Beruniyning asarlari ustida ko‘plab ilmiy tadqiqot
ishlari yozib kelinmoqda. Ilmiy ishlar bilan bir qatorda, olimning ijodini yoritishda
ommaviy axborot vositalari qay darajada faoliyat yuritayotgani ham muhim masaladir.
Shu sababli, mazkur maqolada media vositalarining Abu Rayhon Beruniyni tanitishda
amalga oshirayotgan ishlari haqida fikr yuritiladi. Bu zotning tug‘ilgan yurti hozirgi
O‘zbekiston hududi ekanligiga qaramay, ko‘plab xorijiy media vositalarida uni eronlik
ekanligi haqidagi, yoki millati fors bo‘lgani borasida asossiz fikrlar hamon uchrab
turadi. Mazkur maqolada aynan qaysi manbalarda shunday axborot tarqalgani
ko‘rsatilishi bilan birga, qiyosiy tahlil uchun boshqa haqqoniy ma’lumotga ega nashrlar
ham eslab o‘tilgan. Shuningdek, Beruniy misolida tarixiy shaxslar bilan bog‘liq
jurnalistik kamchiliklar muhokamasidan tashqari, tashviqot ishlariga oid ayrim
masalalar haqida ham fikr yuritiladi. Xususan, ulug‘ ajdodlarimizning yubileyi
munosabati natijasida kuzatiladigan matbuot va televideniye faolligi boshqa
kunlardagi tarixiy shaxslar mavzusiga e’tibor bilan taqqoslanib, o‘rtadagi farqning
yuzaga kelish sabablari haqida xulosalar taqdim etilgan.

Kalit so‘zlar: Abu Rayhon Beruniy, ilmiy asarlar, matbuot, televideniye, internet,
jurnalistik tahlil, tarixiy shaxslar mavzusi, xorij matbuoti, milliy matbuot, maqolalar,
hujjatli film, badiiy film.

Annotation. Many research works have been written based on the works of Abu
Rayhan Beruni. In addition to scientific works, an important issue is the extent to which
the media covers the activities of the scientist. Therefore, this article reflects on the
work of the media in highlighting Abu Rayhan Beruni. Despite the fact that the
scientist’s birthplace is the territory of present-day Uzbekistan, many foreign media
still have unfounded opinions that he is Iranian or Persian. In this article, in addition to
showing which sources have such information, other publications with authentic
information are also mentioned in the comparative analysis. Also, under the topic of
Beruni, as well as the discussion of journalistic shortcomings related to historical
figures, some issues related to propaganda work are also discussed. In particular, the
press and television activity which are observed as a result of the jubilee of our great
ancestors is compared with attention to the topic of historical figures on other days,
and conclusions are presented about the reasons for the difference between them.

Keywords: Abu Rayhan Beruni, scientific works, press, television, internet,
journalistic analysis, topic of historical figures, foreign press, national press, articles,
documentary film, feature film.

Аннотация. На основе произведений Абу Райхана Беруни написано
множество научно-исследовательских работ. Помимо научной работы, важным
вопросом является и то, насколько средства массовой информации освещают
деятельность ученого. Поэтому в данной статье размышляется о работе СМИ по
пропаганде работ Абу Райхана Беруни. Несмотря на то, что родиной учёного
является территория нынешнего Узбекистана, во многих зарубежных СМИ до
сих пор существуют необоснованные мнения, что он иранец или перс. В данной
статье, помимо показа, в каких источниках имеются подобные сведения, в
сравнительном анализе упоминаются и другие издания с достоверной
информацией. Также в рамках темы Беруни помимо обсуждения журналистских
недостатков, связанных с историческими личностями, обсуждаются и некоторые
вопросы, связанные с пропагандистской работой. В частности, активность
прессы и телевидения, наблюдаемая по итогам юбилея наших великих предков,
сопоставляется с вниманием к теме исторических деятелей в другие дни, а также
делаются выводы о причинах различия между ними.

Ключевые слова: Абу Райхан Беруни, научные труды, пресса, телевидение,
интернет, публицистический анализ, тема исторических деятелей, зарубежная
пресса, национальная пресса, статьи, документальный фильм,
художественный фильм.

KIRISH
Abu Rayhon Beruniy ming yil avval yashagan bo‘lsa-da, hamon uning nomi eng
yetuk olimlar qatorida yodga olinadi. Bu shaxsga berilgan e’tiroflar orasida “Universal
olim” (Kujundzić E., 1999), “Ensiklopedik olim” (Eshpulatov B., Abdurakhmonov G.,
2021), “Qomusiy olim” (Askarova N., Xalbaeva D., 2022) kabi ta’birlarning uchrashi
qay darajada buyuk salohiyat egasi bo‘lganligidan dalolat beradi. Mutafakkir Beruniy
asarlariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari internet manbalarida ko‘plab topiladi.
Misol uchun New York shahrida joylashgan “Journal Storage” (JSTOR) nomli raqamli
kutubxona bazasining o‘zida Beruniy haqida yozilgan 3500ga yaqin maqolalar
mavjud. Bunday tadqiqotlar soni ko‘payishda davom etmoqda. Abu Rayhon Beruniy
haqidagi har bir ma’lumot, ayniqsa biz uchun, o‘zbekistonliklarning vatandoshi
o‘laroq, ahamiyatli va qiziqtiruvchi xususiyatga egadir. Biroq, media olamida Beruniy
singari tarixiy shaxslarimiz xususida turfa xil noxolis kontentlar uchrab turadiki,
ularning xato va asossiz ekanligi haqida fikr yuritish, bu xatolarni tuzatish choralarini
ko‘rish millatimiz obro‘-e’tiborini asrash uchun xizmat qiladi. O‘zbekiston
Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng jahonda munosib o‘rnini topishga
intilib kelmoqda, tarixiy ildizlariga asoslangan holda ajdodlar o‘rni va hurmatini joyiga
qo‘ymoqda. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash
mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhimdir. Yoshlar ongiga ajdodlarimiz haqida
aldamchi fikrlar o‘ralashib qolishi tashvishli hol hisoblanadi – ularning
vatanparvarligiga futur yetish xavfi bor. Muammoga o‘z vaqtida yechim izlamaslik
medianing obro‘sizlanishiga, unga bo‘lgan ishonchning kamayishiga, hattoki, tarixiy
shaxslarga nisbatan turfa xil munosabatlar shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Natijada jamiyat orasida g‘oyaviy ziddiyatlar kuzatilaveradi. Oxir-oqibat, geosiyosiy
munosabatlar taranglashgan hozirgi davrda bu kabi tashviqotlar davlat xavfsizligi va
suverenitetiga daxl qilishi mumkin. Bunday mudhish holatning ro‘y berishiga yo‘l
qo‘ymaslik uchun masalani ilmiy tomondan o‘rganish, uni baholash va ilmiy yechimlar
berish dolzarb vazifa sanaladi.
Shu sababdan mazkur maqolada Markaziy Osiyolik tarixiy shaxslardan biri
bo‘lmish Abu Rayhon Beruniyning shaxsiyati, hayoti va ilmiy ijodiga oid ba’zi
maqolalar tahlil etildi. Tadqiqotni amalga oshirishdan oldin Beruniyga oid maqolalarni
topish, ulardagi noxolis ma’lumotlarni tanqidiy o‘rganish va boshqa asosli manbalar
bilan qiyoslagan holda xulosa berish vazifa qilib olindi.

ADABIYOTLAR TAHLILI
Abu Rayhon Beruniy haqida juda ko‘p ilmiy maqolalar yozilgan va hamon
yozilishi davom etmoqda. Ular orasida Beruniy haqida yozilgan ma’lumotlarni tahliliy
o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqot ishlari yo‘q emas. Gulnoza Teshayevaning
“Parallel maqolaning janriy xususiyatlari” nomli maqolasida o‘zbek nasrida Abu

Rayhon Beruniy obrazining yoritilishi haqida fikr yuritilgan. Maqola yozilishida
qiyosiy-tipologik va qiyosiy-tarixiy metodlardan foydalanilgan. Muallif tanlagan
tadqiqot obyekti Beruniy haqidagi badiiy asarlar bo‘lgani uchun bu maqola bizning
mavzuyimizga mos kelmaydi. Yana bir tadqiqotchi Anvar Allambergenovning “Abu
Rayhon Beruniy obrazi Isajon Sulton talqinida” sarlavhali maqolasi Isajon Sultonning
nashr ettirgan “Abu Rayhon Beruniy” nomli romani tahliliga bag‘ishlangani bilan
ajralib turadi. Muallif bunda qiyosiy, adabiy va tarixiy tahlil uslublaridan foydalangan.
Bitta asar tahlilidan iborat ushbu maqola ham bizning tadqiqotimiz mavzusidan farq
qiladi. Q. Qalekeyev tomonidan yozilgan “Zamonaviy Qoraqalpoq matbuotida tarixiy
shaxslar faoliyatini yoritish tamoyillari va muammolari” nomli dissertatsiyada bir qator
tarixiy shaxslar qatorida Abu Rayhon Beruniy ham eslab o‘tilgan. Q. Qalekeyev tarixiy
shaxslarni ommaviy axborot vositalarida yoritish faoliyati qoniqarli emasligini, bu
haqda Birinchi Prezident asarlarida ham ta’kidlab o‘tilganini qayd etib, quyidagi
iqtibosni keltiradi: “Biz mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Imom Buxoriy, Imom
Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy,
Bahouddin Naqshband singari aziz-avliyolarimiz, Muhammad Muso Xorazmiy,
Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo
Ulug‘bek singari allomalarimiz, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk
arboblarimiz, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va
mutafakkirlarimizning nomlarini, asarlarini tom maʼnoda qaytadan kashf etdik. Lekin
bu ulug‘ ajdodlarimizning jahon madaniyati va sivilizatsiyasiga qo‘shgan buyuk
hissasini yoshlarimiz biladimi? Albatta, biladi. Ammo, afsuski, aksariyat hollarda
umumiy, yuzaki tarzda biladi. Maʼnaviy tarbiya sohasidagi ishlarimizga yangi turtki
berish uchun yuqorida nomlari zikr etilgan ulug‘ siymolarning har biri haqida keng
ommaga, birinchi navbatda, yoshlarga mo‘ljallangan alohida maʼrifiy ko‘rsatuvlar,
hujjatli filmlar yaratish, gazetalarimizda maxsus ruknlar tashkil etish maqsadga
muvofiq bo‘lur edi.” (Qalekeyev Q., 2009: 3)

Beruniy shaxsining aynan mediada yoritilishiga oid maxsus ilmiy ish internet
manbalaridan topilmadi. Shu sababli, mazkur maqolada tanlangan mavzuni avval
murojaat qilinmagan ilmiy ish deyishimiz mumkin.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ilmiy izlanishlar jarayonida Beruniy haqidagi ko‘plab maqolalar bilan tanishib
chiqildi. Natlib.uz, Diss.natlib.uz, ProQuest.com kabi ilmiy ishlar bazalaridan matbuot
faoliyatiga oid ilmiy maqola va dissertatsiyalar izlab topildi. Ba’zi materiallar chop
etilgan gazeta va jurnallardan ko‘rilgan bo‘lsa, boshqa matnlar “The British Newspaper
Archive”, “Chronicling America”, “Newspapers.com” singari online arxiv saytlar
bazasidagi gazetalardan topib o‘rganildi. Matbuot faoliyatidan tashqari televideniye
ko‘rsatuvlari, hamda Internetga joylangan turli formatdagi kontentlar qidirib topib

o‘rganildi. Mavzuni to‘laroq yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi
hukumatining Beruniy bilan bog‘liq tegishli qarorlari bilan ham tanishib chiqildi.
Beruniy mavzusiga oid maqolalarni tahlil qilishda qiyosiy-tarixiy tahlil, fact-checking,
hamda xronologik tahlil usullaridan foydalanildi. Bu vazifalarning aksariyati axborot
kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilgan holda amalga oshirildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatini yoritgan media materiallarini izlash
davomida turli gazeta maqolalari, jurnallardagi ilmiy-tarixiy maqolalar, konferensiya
to‘plamlari va boshqa kontentlarga duch kelindi. Xususan, 2023-yilning 28–29-aprel
kunlari Urganch davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va
innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Xorazm
Ma’mun akademiyasi, Xorazm viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi
vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Beruniy va Ibn Sino – ikkinchi ming yillikning
taqdirini o‘zgartirgan daholar: Ma’mun akademiyasining jahon fani taraqqiyotida
tutgan o‘rni”2 nomli Xalqaro ilmiy konferensiyada quyidagi yo‘nalishlarda 40 taga
yaqin ilmiy ma’ruzalar tinglandi:
- Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiy merosi;
- Abu Rayhon Beruniy yashagan davr adabiy muhiti;
- Abu Rayhon Beruniyning ilm-fan, madaniyat va san’atga qo‘shgan ulushi;
- Abu Ali ibn Sinoning tibbiyot va farmatsevtika fani rivojiga qo‘shgan hissasi;
- Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining jahonda o‘rganilishi;
- Abu Ali ibn Sinoning jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk
mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro
miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori3 ijrosi bo‘yicha o‘tkazildi. Bundan
avval ham Beruniy ijodiga bag‘ishlangan to‘plam asarlar chop etilgan. Masalan, 1973-
yili olim tavalludining 1000 yilligi munosabati bilan “Abu Rayhon Beruniy (973-
1048). Tanlangan asarlar” nomi ostida ko‘p jildlik asarlar jamlanmasi nashrdan
chiqqan edi. E’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu ikki to‘plam o‘rtasida o‘xshashlik jihatlari
mavjud. Ya’ni, aynan yubiley sanalarida olim ijodiga qiziqish kuchaygani, boshqa
vaqtlarda esa sustlik, yoxud e’tibordan chetda qolgani ayon bo‘ladi. Ba’zi ilmiy
maqolalar aynan konferensiyalar uchun yozilayotgani ham haqiqatdir. Bunday
yondashuvni gazeta va televideniyeda ham uchratishimiz mumkin.
Jumladan, Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida Abu Rayhon Beruniy
tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlab ulug‘ alloma nomidagi majmua barpo etilishi

2 https://beruni.uz/en-ca/component/k2/item/521-beruniy-va-ibn-sino.html

3 https://yuz.uz/uz/news/buyuk-mutafakkir-va-qomusiy-olim-abu-rayhon-beruniy-tavalludining-1050-

yilligini-xalqaro-miqyosda-keng-nishonlash-togrisida

haqida gazeta.uz4 saytida xabar berildi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy
kutubxonasi bazasiga kiritilgan milliy nashrlarning elektron arxivi o‘rganilganda
Beruniy haqida ja’mi 48ta turli manbalar borligi aniqlandi.5 Ta’kidlash joizki, hozirgi
internet taraqqiy etgan zamonda gazeta va jurnallarda chop etilayotgan tarixiy janrdagi
maqolalarni ancha kam uchratamiz. Shulardan biri, “Darakchi” gazetasining 2023-yil
4-may sonida berilgan “Beruniyning “Osor-ul-boqiya”si qanday asar?” nomli qisqa
matnli maqoladir.6

Televideniye efirlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, asosan “O‘zbekiston tarixi”
telekanali Beruniy haqida quyidagi ko‘rsatuvlar tayyorlaganiga guvoh bo‘lamiz:
2022-yil, 27-avgust sanasida “Aslida qanday?” ko‘rsatuvida Beruniy merosining
o‘rganilishi mavzusida lavha tayyorlangan.7 “Gapning ochig‘i” ko‘rsatuvida esa “Biz
Beruniy va Ibn Sinoni tanimagan bo‘lardik, agarda…” deb nomlagan mavzuda suhbat
namoyish etilgan. Beruniy mavzusidagi efirlar bo‘yicha “O‘zbekiston 24” telekanali
ham faol ekanligi namoyon bo‘ladi. “Abu Rayhon Beruniy” kitobi taqdimoti haqidagi
efir, “Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi”, “YUNESKO Ijroiya Kengashi
Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul
qildi” sarlavhalari ostidagi yangiliklardan tashqari “Abu Rayhon Beruniy merosining
ilmiy ahamiyati” nomli maxsus reportaj ham tayyorlangani tahsinga loyiq. Ammo bu
efirlarning hammasi tavallud sana e’tiboridan ekanligi sezilib turibdi.

Beruniy haqida ko‘plab xorijiy va mahalliy olimlar tadqiqotlar olib bormoqdalar.
Ularni televideniyega taklif qilib mazmunli suhbatlar tashkil qilish, hamda Beruniyga
oid ilmiy yangiliklarni ommaga tanishtirish mumkin. “Fikrat” YouTube kanali
misolida tarixiy shaxslarga atalgan ko‘rsatuvlarni tomoshabinlar kuzatishmoqda.
E’tiborlisi, bu ko‘rsatuvlar uchun eng bilimli va tajribali olimlar taklif etilyapti. Ammo,
bu kanalda hali Beruniy haqida alohida suhbat tayyorlangani internet sahifalarida
uchramadi. Boshqa telekanallarimizda, ayniqsa “Zo‘r TV”, “Milliy”, “Sevimli” kabi
xususiy telekanallarda, biz so‘z yuritayotgan olim haqida ham, boshqa mutafakkirlar
haqida ham alohida tayyorlangan ko‘rsatuvlarni deyarli uchratmaymiz. YouTube
ijtimoiy tarmog‘ida esa professional hamda havaskor ijodkorlar tomonidan
tayyorlangan “Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodi haqida ma’lumot”, “Abu Rayhon
Beruniyning “Hindiston tarixi” asari tarixi”, “Abu Rayhon Beruniy hayoti va qiziqarli
ma’lumotlar”, “Abu Rayhon Beruniy – Hayoti va ijodi haqida animatsion rolik” singari
videolavhalar o‘rin olgan. YouTube platformasidagi boshqa videolarning aksariyati yo

4 https://www.gazeta.uz/oz/2022/08/25/beruniy/

5 https://www.natlib.uz/search/tot/result?si=TOTAL&st=KWRD&lmtst=&lmtsn=&lmt0=&q=beruniy#div

Wrapper

6 https://darakchi.uz/uz/165827

7 https://www.youtube.com/watch?v=6SoMZN_8prE

“O‘zbekiston tarixi” yoki “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining media mahsuloti
bo‘lib chiqadi. Qolgan qisqa videolar esa bir-birini takrorlovchi umumiy
ma’lumotlardan iboratligi uchun hech qanday yangilik havola qilmaydi.

Ammo, internetga ko‘plab joylanayotgan tarixiy shaxslarga oid matnli
ma’lumotlarni e’tirof etish lozim. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazining ilmiy xodimi professor B. To‘rayevning “Mamlakatimizda Beruniyning
qanday asarlari chop etilgan?” nomli maqolasi markaz saytiga joylashtirilib, omma
e’tiboriga havola etildi.8 Xurshid Davron kutubxonasi saytida ham Beruniy asarlariga
oid bir qancha maqolalarni o‘qishimiz mumkin. Masalan, Aziz Qayumov
muallifligidagi “Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar” nomi ostida ikki jildli asar
haqida anchagina qimmatli ma’lumotlar havola qilingan.9 Undan tashqari, “Abu
Rayhon Beruniy. “Javohirnoma”dan hikoyatlar”, “Abu Rayhon Beruniy. O‘gitlar”,
“Abu Rayhon Beruniy. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” (“Osoru-lboqiya”)dan” (Matn tarjimasi keltirilgan holda), “Ispanlar o‘yini yoxud Kolumb va
Beruniy munozarasi”, “Beruniy: Katdan G‘aznagacha. Kolumb kashfiyotining siri”
kabi maqolalar berilgani e’tiborga molik.

Muhammad Beruniy to‘g‘risidagi ma’lumotlar maqola va ko‘rsatuvlar bilan
cheklanib qolmaydi. Ya’ni, bu mashhur olim haqida alohida film ishlanganini ham
eslab o‘tish lozim. “Abu Raykhan Beruni” yoki “Абу Райхан Беруни (1974)” nomlari
ostida qayd etilgan film kinopoisk.ru, imdb.com singari jahonga mashhur film
portallari ro‘yxatidan joy olgan. Shuhrat Abbosov rejissorligida suratga olingan
mazkur filmda badiiy to‘qimalar uchrasa-da, Beruniy zamoni muhiti hamda o‘sha davr
odamlari tafakkuri haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Beruniy haqida biror bir yirik
hujjatli film esa hozirgacha yaratilgani yo‘q. “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida
“Abu Rayhon Beruniy” nomli kichik metrajli ko‘rsatuv efirga chiqqan. Lekin unda
asosan olim asarlariga oid fikr-mulohazalar havola etish bilan cheklanilgan. “Imom
Buxoriy”, “Abu Iso at-Termiziy” hamda jadidlarimiz uchun ishlangani kabi Beruniy
uchun ham hujjatli film ishlanib, xorij tillariga tarjima qilinsa, hammamiz uchun
manfaatli bo‘lardi.

Tarixiy shaxslar mavzusini yoritishda matbuot faoliyati ham alohida ahamiyatga
ega. Shu sababli, mahalliy nashrlar bilan birgalikda xorijiy gazeta va jurnallar ham
o‘rganib chiqildi. Natijada esa Beruniydek mashhur olimning tug‘ilib o‘sgan vatani
haqida xato ma’lumot ketgan maqolalar juda ko‘p ekanligi aniqlandi. Jumladan, Abu
Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi Movarounnahr olimlari ko‘p manbalarda fors

8 https://www.bukhari.uz/?p=17499&lang=oz
9 https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/4-sentyabr-buyuk-qomusiy-olim-abu-rayhon-beruniy-tavalludiga-
1040-yil-toladi.html

olimlari deb yuritiladi. Masalan, “Illustrated London News” (1950-yil 25-mart)
gazetasida Beruniy arab deb talqin etilgan. “Richmond Informer” gazetasining 1999-
yil 21-maydagi sonida esa Beruniy fors olimi deb yozilgan. Xuddi shu kuni “Staines
Informer” gazetasida ham Beruniy haqida maqola berilgan va unda fors astrologi deb
tanishtirib o‘tilgan. Astrolog atamasining izohi munajjim, folbin ekanligini nazarda
tutadigan bo‘lsak, bunday nomlash buyuk olim uchun haqoratdir. Yevropa
matbuotidan tashqari Amerika va Avstraliya nashrlari ham Markaziy Osiyolik tarixiy
shaxslarning vatani haqida to‘g‘ri ma’lumot bera olmagan.

Abu Rayhon Beruniy haqida xolislikni ta’minlash, hamda bu siymo kimligini
butun dunyoga targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi
darajasida katta e’tibor berilayotganini ham eslab o‘tish muhim hisoblanadi. Shu bois,
quyida Beruniy nomi bilan bog‘liq qonun hujjatlari ro‘yxatini keltirib o‘tamiz:

1. “Toshkent davlat texnika dorilfununiga Abu Rayhon Beruniy nomini berish
to‘g‘risida” O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarori,
27.06.1991-yil, 175-son;

2. “Vazirlar Mahkamasining “Fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon
Beruniy) nomidagi O‘zbekiston SSJ davlat mukofoti to‘g‘risida” 1991-yil 5-martdagi
57-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining qarori, 13.02.1996-yil, 59-son;

3. “Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu
Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutining kutubxonasi binosini qurish
to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan O‘mon Sultonligi hukumati
o‘rtasida Anglashuv protokoli;

4. “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzurida Abu Rayhon Beruniy
nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi faoliyatini tashkil etish hamda kutubxonaning
yangi binosi qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 07.08.2014-yil, 219-son;

5. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy
agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika
oliy maktabiga o‘qishga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi
nizomni tasdiqlash haqida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha
boshqaruvi milliy agentligining buyrug‘i, 23.01.2019-yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat
raqami 3128;

6. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy
agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika
oliy maktabi professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni
tasdiqlash haqida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi

milliy agentligining buyrug‘i, 23.01.2019-yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami
3129;

7. “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050
yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining qarori, 25.08.2022-yil, PQ-361-son;

8. “Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro
mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining qarori, 25.08.2023-yil, PQ-286-son.

Mazkur qarorlar ijrosi yuzasidan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday xayrli
faoliyat jarayonidagi eng esda qolarli voqealardan biri Abu Rayhon Beruniy asarlari
to‘plamining yangitdan nashrdan chiqqani bo‘ldi. Beruniy tavalludining 1050 yilligi
nishonlangan 2023-yilda Temuriylar tarixi davlat muzeyida ham Beruniy asarlarining
yangi nashrdagi to‘plami ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Bu ko‘rgazmada turli davlatlardan
tashrif buyurgan olimlar, madaniyat xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

MUHOKAMA
Hukumat tomonidan berilayotgan e’tibor o‘z natijasini ko‘rsatadi, degan
umiddamiz. Bu borada jurnalist va tadqiqotchilardan ham faollik talab etiladi, albatta.
Ammo, xorij ommaviy axborot vositalarida tarixiy shaxslarimiz haqida noto‘g‘ri
ma’lumotlar chiqmasligini ta’minlash oson vazifa emas. Bunday noxolis axborot
tarqatishning sababi ilmiy izlanmaslik hamda mas’uliyatsizlik, desak mubolag‘a
bo‘lmasa kerak. Sababi, yana shunday maqolalar ham uchradiki, unda Abu Rayhon
Beruniy haqida aniq faktlar yozilgan. “Timing and Temporality in Islamic Philosophy
and Phenomenology of Life” jurnalida “Virtues in Al-Biruni’s Philosophy of Science”
nomi ostida chop etilgan maqolada Beruniyning kimligi, qaysi sanada va haftaning
qaysi kuni tavallud topgani, hamda aynan qaysi hududda tug‘ilgani va u hozir qayerda
ekanligi batafsil yozib ko‘rsatilgan. Ushbu natijaga erishishda yurtimiz olimlari va
tashabbuskor hukumatimizning ham hissasi bor. “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim
Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash
to‘g‘risida”10 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori chiqqanini alohida
e’tirof etish lozim. (25.08.2022, PQ-361-son) Targ‘ibot ishlari bo‘layotgani tufayli
dunyo bo‘ylab ma’lumotlar tarqalmoqda. Tadqiqotchilar ulardan o‘zlari uchun
material sifatida foydalanmoqda.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy bobomiz nomi jahonda ham
munosib e’tirof etilmoqda. Bu zot uchun Vena shahrida, butunjahon uchun ahamiyatli

10 https://lex.uz/uz/docs/-6172044

bo‘lmish Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida haykal o‘rnatilgan. Oyning katta
kraterlaridan biriga, shuningdek samodagi bir asteroidga “Al-Biruni” deb nom
berilgan. (Andersson L., Whitaker E., 1982) Bunday ulug‘ sharafga yetishgan inson
biz turkiylarning vakili ekani quvonarli, albatta. Biroq masalaning boshqa bir tomoni
borki, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining boshqa xodimlari faolroq bo‘lib,
xolisona tarix uchun xizmat qilishmas ekan, misinformatsiya yoki dezinformatsiya
sababidan shonli tariximiz yolg‘onlar soyasida ko‘rinmay qolaveradi. Misol uchun,
Beruniy fors olimi deya qayd etilgan. Yuqorida ko‘rsatilgan krater va asteroid haqidagi
maqolalarda shunday ma’lumotlarni o‘qiymiz.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istardimki, haqqoniy tarixni asrash va targ‘ib
qilish uchun, yosh avlodga mazmunli yetkazish uchun jurnalistlarimiz faolroq
bo‘lishsa, ko‘proq va sifatliroq lavhalar tayyorlashsa, xo‘p manfaatli ish bo‘lardi.
Shuningdek, Beruniy kabi shaxslar faqat yubiley sanalarida esga olinadigan insonlar
emasligini anglab yetaylik. Ular har lahzada namuna uchun eslashga, ibrat olishga
munosib insonlardir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Kujundzić, E., Masić, I. (1999) Al-Biruni – a universal scientist // Medical
Archives. – Croatia.
2. Eshpulatov, B.H., Abdurakhmonov, G.E. (2021) The scientific views of the
great scientist Abu Rayhan Beruni in the field of mathematics // EPRA International
Journal of Multidisciplinary Research (IJMR) - Peer Reviewed Journal, Volume: 7,
Issue: 4.
3. Askarova, N., Xalbaeva, D. (2022) Abu Rayhon Beruniy – buyuk qomusiy
olim // The significance of the scientific, cultural heritage of Abu Rayhon Beruni and
its role in the development of science. Volume 3, TMA Conference.
4. Абу Райҳон Беруний (973-1048). Танланган асарлар. (1973). – Тошкент.
5. Andersson, L.E., Whitaker, E.A. (1982) NASA Catalogue of Lunar
Nomenclature // NASA RP-1097.
6. Қалекеев, Қ. (2009) Замонавий Қорақалпоқ матбуотида тарихий шахслар
фаолиятини ёритиш тамойиллари ва муаммолари. Филология фанлари номзоди
илмий даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация. – Тошкент.

REFERENCES:
1. Kujundzić, E., Masić, I. (1999) Al-Biruni – a universal scientist // Medical
Archives. – Croatia.
2. Eshpulatov, B.H., Abdurakhmonov, G.E. (2021) The scientific views of the
great scientist Abu Rayhan Beruni in the field of mathematics // EPRA International
Journal of Multidisciplinary Research (IJMR) - Peer Reviewed Journal, Volume: 7,
Issue: 4.

3. Askarova, N., Xalbaeva, D. (2022) Abu Rayhon Beruniy – buyuk qomusiy
olim // The significance of the scientific, cultural heritage of Abu Rayhon Beruni and
its role in the development of science. Volume 3, TMA Conference. (In Uzbek)

4. Abu Rayhon Beruniy (973-1048). Tanlangan asarlar. (1973). – Toshkent. (In
Uzbek)

5. Andersson, L.E., Whitaker, E.A. (1982) NASA Catalogue of Lunar
Nomenclature // NASA RP-1097.

6. Qalekeyev, Q. (2009) Zamonaviy Qoraqalpoq matbuotida tarixiy shaxslar
faoliyatini yoritish tamoyillari va muammolari. Filologiya fanlari nomzodi ilmiy
darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya. – Toshkent. (In Uzbek)

INTERNET MANBALARI:
1. https://beruni.uz/en-ca/component/k2/item/521-beruniy-va-ibn-sino.html
2. https://yuz.uz/uz/news/buyuk-mutafakkir-va-qomusiy-olim-abu-rayhonberuniy-tavalludining-1050-yilligini-xalqaro-miqyosda-keng-nishonlash-togrisida
3. https://www.gazeta.uz/oz/2022/08/25/beruniy/
4. https://www.natlib.uz/search/tot/result?si=TOTAL&st=KWRD&lmtst=&lmts
n=&lmt0=&q=beruniy#divWrapper
5. https://darakchi.uz/uz/165827
6. https://www.youtube.com/watch?v=6SoMZN_8prE
7. https://www.bukhari.uz/?p=17499&lang=oz
8. https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/4-sentyabr-buyuk-qomusiy-olim-aburayhon-beruniy-tavalludiga-1040-yil-toladi.html
9. https://lex.uz/uz/docs/-6172044