O‘ZBEK TILIDA ASSOTSIATIV MAYDON VA UNING BIRLIKLARI
TAHLILI
ANALYSIS OF THE ASSOCIATIVE SPACE AND ITS UNITS IN THE
UZBEK LANGUAGE
АНАЛИЗ АССОЦИАТИВНОГО ПОЛЯ И ЕГО ЕДИНИЦ В УЗБЕКСКОМ
ЯЗЫКЕ
Axmedova Nargiza Shixnazarovna,
Oriental universiteti, Sharq tillari kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi
Tel.: +998 97 740-12-44
ashnargiza@gmail.com
ORCID: 0009-0000-4508-4381
Annotatsiya: Olamning lisoniy manzarasi tahlilida insonning tashqi olam
haqidagi tasavvuri va uning tilda aks etishi masalasini o‘rganish muhim ahamiyatga
ega. Olamning tilda aks etishida assotsiativ tafakkurning o‘rni, til birliklarining
assotsiativ aloqasi, shu aloqaga ko‘ra ma’lum guruhlarga birikuvi, gapni yoki matnni
hosil qilishdagi o‘rni assotsiativ yondashuvning ahamiyati yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Tilni o‘rganishga assotsiativ yondashuv, assotsiativ tahlil metodlari til materiallarini
uning egasidan alohida o‘rganishga yo‘l qo‘ymaydi. Assotsiativ tahlil asosida
muayyan til egalarining voqelikni idrok etishi, kognitiv bilimi, lisoniy qobiliyati va
xotirasi imkoniyatlari, leksik birliklari zaxirasi o‘rganiladi. Ushbu maqolada
assotsiativ maydonning o‘zbek tilidagi tavsifi, unga oid ilmiy qarashlar, maydonning
markaziy va chegara birliklari o‘rtasidagi munosabat, maydonning leksik, semantik va
sintaktik xususiyatlari, assotsiativ birliklar o‘rganilgan. Tajriba asosida assotsiativ
birliklar orqali sintaktik birikmalarning shakllanishi tahlil qilinadi. Mavzuni yoritishda
tavsiflash, tasniflash, qiyoslash, statistik, assotsiativ tajriba metodlaridan
foydalanilgan.
Kalit so‘zlar: assotsiativ tilshunoslik, assotsiativ tajriba, assotsiativ birliklar,
assotsiativ maydon, assotsiativ munosabat, stimul so‘z.
Annotation: In the analysis of the linguistic landscape of the world, it is important
to study the issue of a person's perception of the external world and its reflection in
language. The role of associative thinking in the reflection of the world in language,
the associative connection of linguistic units, their integration into certain groups
according to this connection, their role in creating a sentence or text shows that the
associative approach is of high importance. Associative approach to learning a
language, methods of associative analysis do not allow learning language materials
separately from its user. On the basis of associative analysis, the perception of reality,
cognitive knowledge, linguistic ability, linguistic memory, and reserve of lexical units
of the speakers of a certain language are studied. In this article, the description of the
associative space in Uzbek language, scientific views on it, the relationship between
the central and peripheral units of the space, lexical, semantic and syntactic features of
the field, and associative units are studied. Based on experience, the formation of
syntactic compounds through associative units is analyzed. Description, classification,
comparison, statistical, and associative experimental methods were used to clarify the
topic.
Key words: associative linguistics, associative experience, associative units,
associative space, associative relation, stimulus word.
Аннотация: При анализе языкового ландшафта мира важно изучить вопрос
восприятия человеком внешнего мира и его отражения в языке. Роль
ассоциативного мышления в отражении мира в языке, ассоциативная связь
языковых единиц, их объединение в определенные группы по этой связи, их роль
в создании предложения или текста показывает, что ассоциативный подход
имеет большое значение. Ассоциативный подход к изучению языка, методы
ассоциативного анализа не позволяют изучать языковой материал отдельно от
его владельца. На основе ассоциативного анализа изучаются восприятие
действительности, когнитивные знания, языковые способности, языковая
память, резерв лексических единиц носителей определенного языка. В данной
статье изучены описание ассоциативного поля в узбекском языке, научные
взгляды на него, соотношение между центральными и периферийными
единицами поля, лексические, семантические и синтаксические особенности
поля, а также ассоциативные единицы. На основе опыта анализируется
образование синтаксических соединений посредством ассоциативных единиц.
Для прояснения темы использовались описание, классификация, сравнение,
статистические и ассоциативные экспериментальные методы.
Ключевые слова: ассоциативная лингвистика, ассоциативный опыт,
ассоциативные единицы, ассоциативное поле, ассоциативное отношение, словостимул.
KIRISH
Assotsiatsiya tamoyili barcha psixik jarayonlar, jumladan psixik faoliyat oliy
shakllarining universaliyasi hisoblanadi. Bunda assotsiatsiya (lotincha association –
bog‘lanish) termini ostida ikki va undan ortiq refleks holda namoyon bo‘ladigan psixik
hodisalar (his etish, idrok etish, tasavvur, fikr, obraz va shu kabilar) o‘rtasidagi aloqa
tushuniladi. Assotsiatsiya bir a’zoning ma’lum sharoitda aktuallashuvi orqasidan
boshqasining namoyon bo‘lishiga olib keladi.
Assotsiativ tajriba materiallaridan kelib chiqib ish ko‘radigan assotsiativ
tilshunoslik asosiy hollarda til, uning birliklarini sof holda o‘rganadi. Boshqacha
aytganda, bu yo‘nalishda tilning nutqiy qo‘llanishgacha bo‘lgan tabiiy holati tahlil
etiladi. Haqiqatan ham, har bir shaxsda so‘z boyligi oshgan sari so‘zlar shaxs ongida
ma’lum bir mazmuniy guruhlarga birlashadi. Stimul so‘zga mazmuniy, ba’zan shakliy
aloqadorligi mavjud bo‘lgan so‘zlar – assotsiatlar yuzaga keladi. Bunday guruhlar
tilshunoslikda assotsiativ maydon deb yuritiladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Assotsiativ tilshunoslikning asosiy tushunchalaridan biri assotsiativ maydon
hisoblanadi. Dunyo tilshunosligida maydon termini XIX asrdan boshlab qo‘llana
boshlangan. Bu termin mohiyatan bir-biridan farqlanuvchi funksional-semantik
maydon, sintagmatik maydon, epidigmatik maydon, assotsiativ maydon kabilarga
nisbatan qo‘llanmoqda.
Assotsiativ tajribada turtki so‘zga javoban shaxs tasavvurlari, hayotiy tajribasi,
bilimi, qarashlari, yashash va turmush tarzi bilan bog‘liq holda biri-birini esga
soladigan, o‘zaro uyg‘unlashadigan so‘z, so‘z birikmasi, gaplar majmuyidan
assotsiativ maydon yuzaga keladi. Assotsiativ maydon, uning yuzaga kelishi, o‘ziga
xos xususiyatlari, rus tilshunosi Y.N. Karaulov, o‘zbek tilshunosi D. Lutfullayevalar
tomonidan o‘rganilgan. Assotsiativ maydon – insonning nafaqat verbal xotirasi
(bilimlari) fragmenti, balki tildagi semantik va grammatik munosabatlar, shuningdek,
ongdagi obrazlar, motivlar va u yoki bu madaniyat vakillari bahosining fragmentidir.
Rus tilshunosi Y.N..Karaulov assotsiativ maydonga insonning nafaqat verbal
xotirasi, bilimlari, balki tildagi semantik va grammatik munosabatlar, shuningdek,
ongdagi obrazlar, motivlar va u yoki bu madaniyat vakillari bahosining yig‘indisidir,
deb ta’rif beradi.
Tadqiqotchi V.P..Abramov assotsiativ maydonni bir butun mazmuniy
aloqalarining murakkab to‘ri individ ongida aks etishini, ma’lum mazmuniy
maydonlarning aktuallashtirilishini hamda so‘zni psixologik tizimning muhim aspekti
sifatida ifodalaydi. (Abramov V., 2015)
Tilshunos D. Lutfullayeva fikriga ko‘ra “Assotsiativ maydon – struktur jihatdan
leksikografik xususiyatga ega bo‘lgan, mohiyatan inson ongida aks etgan muayyan
voqelik, uning hamrohlari obrazining verbal ifodasi, u haqdagi tasavvuri, bilimlarini
namoyish etuvchi tilning o‘zaro assotsiativ bog‘langan semantik va grammatik
munosabatdagi birliklari yig‘indisidir” (Lutfullayeva D., 2017: 46).
Anglashiladiki, assotsiativ maydon murakkab tuzilishga ega bo‘lgan, til
egalarining olam haqidagi tasavvurlari asosida o‘zaro assotsiativ bog‘langan birliklar
majmuyidir. Assotsiativ maydon ham individual, ham til egalari jamoasiga xos
tasavvurlarni ifoda etuvchi turli sath birliklarining yig‘indisidir.
Assotsiativ tahlil muayyan turtki so‘z asosida aniqlangan assotsiativ tajriba
ma’lumotlariga tayanadi. Assotsiativ tajriba natijasida turtki so‘zning assotsiativ
maydoni shakllantirilib, u til birliklarining assotsiativ aloqasini aks ettiradi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Assotsiativ maydon birliklari til egalarining turtki so‘z bilan bog‘liq tasavvurlari,
bilimi, hayotiy qarashlari, tajribasi, qiziqishlarini ifoda etadi. U turtki so‘zning
mohiyatini ochib beruvchi butunlik vazifasini bajarib, til birliklarida davr o‘tishi bilan
yuzaga kelgan ma’noviy o‘zgarishlarni ochib bera oladi. Ma’lumki, assotsiativ
maydonda stimul so‘z vazifasini bajargan har bir birlikning semantik strukturasi,
derivatsion, uslubiy xususiyatlari ochib beriladi. Assotsiativ maydon xususiyatlarini
aniqlashda tavsiflash, tasniflash, assotsiativ tajriba usuli kabilardan foydalaniladi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Assotsiativ maydon o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘lib, shaxsning ruhiyati,
dunyoqarashi, qiziqishlari, olam haqidagi bilimlari bilan bog‘liq holda hayotiy tajribasi
oshgan sari turtki so‘zga berilgan reaksiyalari turli xil bo‘lishi mumkin.
Assotsiativ maydon yakka shaxs yoki ko‘p sonli til egalari ustida assotsiativ
tajriba o‘tkazish va olingan natijalarni umumlashtirish asosida ham hosil qilinadi.
Yakka shaxsda o‘tkazilgan assotsiativ tajriba materiallari asosida individual assotsiativ
maydon yuzaga keladi. Ammo ko‘p sonli sinaluvchilarda assotsiativ tajriba o‘tkazish
orqali shakllantiriladigan assotsiativ maydon jamoaviy xarakterga ega bo‘ladi.
(Tojiboyev B., 2020) O‘zbek tilshunosligida assotsiativ maydon va u haqdagi qarashlar
bilan D..Lutfullayeva, N..Hoshimova, B..Tojiboyev, H..Ortiqova kabi tilshunoslar
ishlari orqali tanishish mumkin.
Assotsiativ maydon til vakillari orasida o‘tkaziladigan assotsiativ tajriba asosida
shakllantiriladi. Bunda til vakillariga turtki so‘z beriladi, shu bo‘yicha xotirasiga
kelgan birinchi so‘z yoki so‘z birikmasi, gap yozib olinadi, keyin barcha natijalar
jamlanib assotsiativ maydon shakllantiriladi.
Assotsiativ maydon so‘zlarning assotsiativ ma’nosini tekshirishda, tilning leksik
tarkibi, undagi o‘zgarishlarni aniqlashda, leksik birliklarning o‘zaro paradigmatik,
sintagmatik aloqasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Assotsiativ maydondan turtki
so‘zning sinonimlari, antonimlari, paronimlari, uyadoshlari, o‘zakdoshlari, ko‘chma
ma’nolari, u bilan makon va zamonda bog‘lanishga ega bo‘lgan birliklar, so‘z
birikmalari, gaplar, maqol va matallar ham o‘rin oladi.
Biz quyida ko‘p ma’noli so‘z bo‘lgan bosh so‘zi asosida hosil bo‘lgan assotsiativ
maydon birliklarini tahlil qilamiz.
Bosh – tananing bo‘yindan yuqoridagi qismi, kalla, asosiy a’zo, odam, inson,
hayvon, odamning kompyuteri, odamning o‘ylaydigan a’zosi, oyoq, yuz, jag‘, ko‘z,
quloq, burun, qosh, soch, bo‘yin, yelka, tana, gavda, peshona, bosh kiyim, shapka,
do‘ppi, qalpoq, ro‘mol, salla, rahbar, lider, bosh vazir, bosh vrach, asosiy, bosh harf,
bosh barmoq, so‘ngi, oxiri, aqlli, aqlsiz, ahmoq, aqlga to‘la, dumaloq, uzunchoq,
qiyshiq, katta, kichik, eng muhim, bosh farzand, bosh kelin, miya, aql-hush, fikr, zehn,
oltin bosh, boshliq, boshlamoq, boshlovchi, boshpana, o‘ylamoq, ishlatmoq, boshli,
boshsiz chavandoz, boshlang‘ich, boshi og‘rimoq, bosh og‘rig‘i, boshi aylanmoq,
boshini tik tutmoq, boshga tushmoq, boshdan kechirmoq, boshidan o‘tkazmoq, boshiga
solmoq, yuvmoq, shampun, bosh og‘ritmoq, boshi o‘nta, bosh qotirmoq, ikki bosh
qo‘y, ko‘chaning bu boshi, oila boshi, davraning boshi, ishning boshi, yurtboshi, boshi
berk ko‘cha, “boshi-keti yo‘q”, bir bosh uzum, bir bosh karam, bir yostiqqa bosh
qo‘ymoq, bir yoqadan bosh chiqarmoq, biror ishning boshini ushlamoq, boshiga
yetmoq, boshga bitgan balo, boshida tayoq sinmoq, boshi osmonga yetmoq, “Baliq
boshidan sasiydi”, “Odam ko‘rki - bosh”, “Boshing toshdan bo‘lsin”, “Boshing omon
bo‘lsin”, boshini aylantirmoq, boshini yemoq, boshini ikkita qilmoq, boshini silamoq,
boshini qovushtirmoq, boshi ochiq, boshi qorong‘i, boshi qotmoq, bosh ko‘tarib
yurmoq, bosh ko‘tarmoq, bosh olib ketmoq, boshi oqqan tomonga ketmoq, meningit,
boshiga urmoq, boshiga kiymoq, boshiga ro‘mol o‘ramoq, bosh ustiga, bosh egmoq,
bosh qashimoq, bosh qo‘shmoq “Ishi boshidan oshib yotibdi” oyog‘iga bosh urmoq,
“Do‘st boshga boqar, dushman oyoqqa”, “Boshga tushganni ko‘z ko‘rar”, “Tog‘ning
ko‘rki tosh bilan, odam ko‘rki bosh bilan” “Yaxshi yigit – davraning boshi”,
“Yomonga bosh bo‘lguncha, yaxshiga yo‘ldosh bo‘l”, “Bir boshga bir o‘lim”,
“To‘yning boshi – boshlanguncha”, “Er boshiga ish tushsa”.
Bosh so‘zi bilan zanjir sifatida bog‘langan birliklar assotsiativ maydonni hosil
qilmoqda. Rus tilshunosi Y.N. Karaulovning fikricha, tilda mazmun jihatdan alohida,
ya’ni ayri (avtonom) holdagi leksema bo‘lishi mumkin emas. Tildagi har bir leksema
mazmunan bir-biri bilan bevosita bog‘lanmasa-da, leksemalar bir-biriga moslanib
shunday zanjir hosil qilishi mumkinki, bunday zanjir ikkita turli ma’noli va mazmun
tomondan bir-biridan uzoq bo‘lgan leksemalarni bir-biri bilan bog‘laydi. Bunda
dastlabki element o‘rtasida olti qadamdan ko‘p bo‘lmagan zanjir paydo bo‘ladi:
(Karaulov Y., 1976: 76).
I. Assotsiativ maydonda bosh leksemasi quyidagi birliklar bilan paradigmatik
munosabatga kirishadi:
1) sinonimik munosabat: kalla, odamning kompyuteri;
2) qarama-qarshi ma’no ifodalashi:
a) antonimik munosabat: bosh-oyoq, boshi-so‘ngi, boshi-oxiri, katta, kichik;
b) enantiosemik munosabat: maydondan o‘rin olgan ko‘chaning boshi
enantiosemik birligi ham ko‘chaning boshlang‘ich nuqtasiga, ham tugash nuqtasiga
nisbatan qo‘llanadi;
c) ko‘chma ma’nolari bilan munosabatga kirishadi: rahbar, lider, bosh vazir, bosh
vrach, asosiy; aql-hush, fikr, zehn;
2) uyadoshlik munosabati: maydondan bosh so‘zi bilan bir uyaga mansub qo‘l,
yelka, oyoq so‘zlari ham o‘rin olgan;
3) tur-jins munosabati: inson a’zosi;
4) qism-butun munosabati: bosh – soch, peshona, yuz, ko‘z, quloq, og‘iz; bosh –
odam, bosh – hayvon.
II. Assotsiativ maydon birliklarining grammatik-struktur belgilari:
Bosh leksemasi assotsiativ maydonda turtki so‘z + assotsiativ birlik munosabatida
quyidagi aloqa-bog‘lanish turlari kuzatiladi:
Tobe aloqa usullari:
a) boshqaruv usuli. Boshqaruv usuli bosh turtki so‘zi bilan assotsiativ bog‘langan
tutmoq, qashimoq javob reaksiyasining o‘zaro sintagmatik munosabatida kuzatiladi:
boshini tik tutmoq, bosh qashimoq;
b) moslashuv usuli: ko‘chaning bu boshi, oila boshi, davraning boshi, ishning
boshi, odamning kompyuteri;
c) bitishuv usulida: boshsiz chavandoz, bosh harf, bosh barmoq, bosh vazir, bosh
vrach, asosiy a’zo.
Assotsiativ maydonda struktur jihatdan quyidagi tuzilishli birliklar o‘rin olgan:
- Sodda so‘z shaklidagi assotsiatsiyalar: kalla, odam, inson, hayvon oyoq, yuz,
jag‘, ko‘z, quloq, burun, qosh, soch, bo‘yin, yelka, tana, gavda, peshona
kabilar;
- Qo‘shma so‘z shaklidagi assotsiatsiyalar: boshpana, bosh og‘rig‘i kabilar;
- Birikma shaklidagi assotsiatsiyalar: tananing bo‘yindan yuqoridagi qismi,
odamning o‘ylaydigan a’zosi kabilar;
- Turg‘un birlik (ibora) shaklidagi assotsiatsiyalar: boshi aylanmoq, boshga
tushmoq, boshdan kechirmoq, boshidan o‘tkazmoq, boshiga solmoq, boshi
o‘nta, bosh qotirmoq, biror ishning boshini ushlamoq, boshga bitgan balo,
boshida tayoq sinmoq, boshi osmonga yetmoq, boshini yemoq, boshini ikkita
qilmoq, boshini silamoq, boshini qovushtirmoq, boshi ochiq, boshi qorong‘i,
boshi qotmoq, bosh olib ketmoq, boshi oqqan tomonga ketmoq va boshqalar.
- Maqol va matallar: “Do‘st boshga boqar, dushman oyoqqa”, “Boshga
tushganni ko‘z ko‘rar”, “Tog‘ning ko‘rki tosh bilan, odam ko‘rki bosh bilan”
“Yaxshi yigit – davraning boshi”, “Yomonga bosh bo‘lguncha, yaxshiga
yo‘ldosh bo‘l”, “Bir boshga bir o‘lim”, “To‘yning boshi – boshlanguncha”,
“Er boshiga ish tushsa”.
III. Assotsiativ maydon birliklarining derivatsion xususiyatlari. Assotsiativ
maydonda bosh leksemasi asosida yasalgan quyidagi birliklar uchradi: boshliq,
boshlamoq, boshlovchi, boshli, boshsiz.
IV. Assotsiativ maydon birliklarining pragmatik xususiyatlari. Assotsiativ
maydonda o‘ziga xos konnotativ birliklar o‘rin olgan bo‘lib, ularning ayrimlari bosh
leksemasi bilan bevosita bog‘liq: odamning kompyuteri. Ushbu birlik ko‘chma
ma’noda konnotatsiya ifodalashga xizmat qilgan.
Bosh leksemasining assotsiativ maydonidan o‘rin olgan bir yostiqqa bosh
qo‘ymoq, boshini ikkita qilmoq, boshini qovushtirmoq, boshi ochiq kabi birliklar
milliy-madaniy xususiyatga egaligi bilan o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. “Boshing
toshdan bo‘lsin”, “Boshing omon bo‘lsin” birliklari esa o‘zbek millatiga xos tilak
ma’nosini ifodalovchi birliklar hisoblanadi. Shuningdek, assotsiativ maydonda
so‘zning izohli lug‘atlarda aks etmagan assotsiativ ma’nosi, madaniy semasi,
shevalarga xos ma’no qirralari ham o‘z ifodasini topadi. (Tojiboyev B., 2020)
MUHOKAMA
Yuqoridagi tahlillardan ma’lumki, bosh so‘zi ko‘p ma’noli so‘z bo‘lganligi
sababli til vakillariga turtki so‘z sifatida berilganda bu so‘zning nafaqat bosh ma’nosi,
balki ko‘chma ma’nosi bilan bog‘liq bo‘lgan assotsiativ birliklar ham eslangan va
maydondan o‘rin olgan. Maydonda nafaqat ma’no jihatdan, balki shakl jihatdan birbirini taqozo qilgan so‘zlar ham o‘rin olganligini ko‘rish mumkin.
Demak, bosh leksemasi assotsiativ maydonida maydonga mansub birliklar
sinonimik, antonimik, enantiosemik, antisemik, omonimik, uyadoshlik, tur-jins va
darajalilik asosida paradigmatik munosabatga kirishadi. Assotsiativ maydonni
grammatik-struktur belgilari, derivatsion va pragmatik xususiyatlari asosida o‘zaro bir
tizimga uyushadigan birliklar tashkil etadi.
XULOSA
Leksemaning assotsiativ ma’nosi leksik ma’no kabi so‘z orqali reallashadi. Biroq
leksik ma’no leksemada o‘z ifodasini topsa, assotsiativ ma’no til egalari lisoniy ongida
muayyan leksik birlik bilan bog‘liq tarzda shakllanadi. Assotsiativ ma’no leksemaning
nafaqat semantik jihati, grammatik shakli, intonatsion xususiyati, so‘z yasalish
strukturasi, uslubiy, dialektal belgisi kabi lingvistik omillar, balki ekstralingvistik
omillar asosida ham hosil bo‘ladi (Русский ассоциативный словарь. 2-т., 2002: 26).
Demak, bosh turtki so‘zining assotsiativ maydoni bir nechta sath birliklari
yordamida voqelanadi. Leksik birliklar mavzu jihatdan turli xil ekanligi bilan
boshqalaridan farqlanadi. Maydondan o‘rin olgan sintaktik birliklar, maqollar o‘zbek
xalqi muloqot jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi. Xalq og‘zaki ijodi, yozma
adabiyot, og‘zaki so‘zlashuv uslubida milliy-madaniy xususiyatga ega bo‘lgan bunday
birliklar faol ishlatilishi bilan xarakterlanadi.
Demak, turtki so‘z asosida aniqlangan assotsiativ maydonda maydonga mansub
birliklar sinonimik, uyadoshlik, tur-jins asosida paradigmatik munosabatga kirishadi.
Assotsiativ maydonni grammatik-struktur belgilari va pragmatik xususiyatlari asosida
o‘zaro bir tizimga uyushadigan birliklar tashkil etadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Лутфуллаева, Д. (2017) Ассоциатив тилшунослик назарияси. – Тошкент:
“Meriyus”
2. Тожибоев, Б. (2020) Ўзбек тили миллий-маданий бирликларининг
ассоциатив тадқиқи: филол.фан.бўйича (PhD) фалс.докт.дисс. автореферати. –
Тошкент.
3. Нурмонов, А. (2012) Парадигма ва унинг оламнинг лисоний манзарасига
муносабати. Танланган асарлар. III жилд. – Тошкент: “Akademnashr”
4. Лутфуллаева, Д., Давлатова, Р., Тожибоев, Б. (2019) Ўзбек тили
ассоциатив луғати. – Tошкент.
5. Караулов, Ю.Н. (2010) Ассоциативная грамматика русского языка. Изд.2
– Москва: УРСС.
6. Русский ассоциативный словарь: В 2 т. Т. 1. От стимула к реакции: Ок.
7000 стимулов / Караулов Ю.Н., Черкасова Г.А., Уфимцева Н.В. и др. – Москва:
ООО «Издательство Астрель»: ООО «Издательство АСТ», 2002. – 784 с.
7. Русский ассоциативный словарь. В 2 т. Т.2. От реакции к стимулу /
Ю.Н.Караулов, Г.А.Черкасова, Н.В.Уфимцева, Ю.Н.Сорокин, Е.Ф.Тарасов. –
Москва: ООО «Издательство Астрель». 2002. – 992 с.
8. Караулов, Ю.Н. (1999) Ассоциативный анализ: новый подход к
интерпретации художественного текста. – Москва.
9. Хошимова, Н.А. (2018) Ўзбек тилида ассоциатив муносабатлар: Филол.
фан. бўй. фалс. фан. докт. дисс. автореф. – Фарғона.
10. Ортиқова, Ҳ. (2022) Бадиий матннинг ассоциатив тадқиқи:
филол.фан.бўйича (PhD) фалс.докт.дисс. – Тошкент.
11. Абрамов, В.П. «Теория ассоциативного поля» Лексикология,
фразеология и лексикография русского языка: http://netref.ru/leksikologiyafrazeologiya-i-leksokigrafiya-russkogo-yazika-te.html
12. Караулов, Ю.Н. (1976) Общая и русская идеография. – Москва: Наука.
REFERENCES:
1. Lutfullayeva, D. (2017) Assotsiativ tilshunoslik nazariyasi. – Toshkent:
Meriyus. (In Uzbek)
2. Tojiboyev, B. (2020) O‘zbek tili milliy-madaniy birliklarining assotsiativ
tadqiqi: filol.fan.bo‘yicha (PhD) fals.dokt.diss. avtoreferati. – Toshkent. (In Uzbek)
3. Nurmonov, A. (2012) Paradigma va uning olamning lisoniy manzarasiga
munosabati. Tanlangan asarlar. III jild. – Toshkent: Akademnashr. (In Uzbek)
4. Lutfullayeva, D., Davlatova, R., Tojiboyev, B. (2019) O‘zbek tili assotsiativ
lug‘ati. – Toshkent. (In Uzbek)
5. Karaulov, Y.N. (2010) Assotsiativnaya grammatika russkogo yazika. Izd.2 –
Moskva: URSS. (In Russian)
6. Russkiy assotsiativniy slovar: V 2 t. T. 1. Ot stimula k reaksii: Ok. 7000
stimulov / Karaulov Y.N., Cherkasova G.A., Ufimseva N.V. i dr. – Moskva: OOO
«Izdatelstvo Astrel»: OOO «Izdatelstvo AST», 2002. - 784 s. (In Russian)
7. Russkiy assotsiativniy slovar. V 2 t. T.2. Ot reaksii k stimulu / Y.N.Karaulov,
G.A.Cherkasova, N.V.Ufimseva, Y.N.Sorokin, Y.F.Tarasov. – Moskva: OOO
«Izdatelstvo Astrel». 2002. – 992 s. (In Russian)
8. Karaulov, Y.N. (1999) Assotsiativniy analiz: noviy podxod k interpretatsii
xudojestvennogo teksta. – Moskva. (In Russian)
9. Xoshimova, N.A. (2018) O‘zbek tilida assotsiativ munosabatlar: Filol. fan.
bo‘y. fals. fan. dokt. diss. avtoref. – Farg‘ona. (In Uzbek)
10. Ortiqova, H. (2022) Badiiy matnning assotsiativ tadqiqi: filol.fan.bo‘yicha
(PhD) fals.dokt.diss. – Toshkent. (In Uzbek)
11. Abramov, V.P. “Teoriya assotsiativnogo polya” Leksikologiya, frazeologiya
i leksikografiya russkogo yazika: http://netref.ru/leksikologiya-frazeologiya-ileksokigrafiya-russkogo-yazika-te.html (In Russian)
12. Karaulov, Y.N. (1976) Obshaya i russkaya ideografiya. – Moskva: Nauka. (In
Russian)