FLORA ANNA STEELNING BOBUR MIRZO HAQIDA YOZGAN
“DARBADAR QIROL” ROMANI VA UNING TURK TILIGA TARJIMASI
THE NOVEL “KING ERRANT” BY FLORA ANNA STEEL ABOUT
BABUR MIRZA AND ITS TURKISH TRANSLATION
РОМАН ФЛОРЫ АННЫ СТИЛ О БАБУРЕ МИРЗЕ
“СТРАНСТВУЮЩИЙ КОРОЛЬ” И ЕГО ПЕРЕВОД НА ТУРЕЦКИЙ
ЯЗЫК
Mamadjonov Sherzod Luqmonjon o‘g‘li
Oriental universiteti, G‘arb tillari kafedrasi o‘qituvchisi
Tel: +998 97 440-40-07
sherzodbek0513@gmail.com
Annotatsiya: Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda bir imperiyaga asos
solgan buyuk va zabardast davlat arbobi va shoir. Uning hayoti haqida O‘zbekistonda,
Hindistonda va boshqa dunyo davlatlarida bugungacha juda ko‘plab ilmiy va badiiy
asarlar yozilgan va yozilishda davom etmoqda. Ushbu ilmiy ishimizda ham ingliz
ijodkori tomonidan qalamga olingan Bobur hayoti aks ettirilgan bir badiiy asar tahlil
qilingan. “Darbadar Qirol” deya tarjima qilinadigan ushbu romanning asl nomi “King-
Errant”dir. Asar 1912-yili ingliz adibasi Flora Anna Steel tomonidan yozilgan. Flora
Anna Steel Hindistonda yashab, hind millatining madaniyati, turmush tarzi, tarixi, xalq
og‘zaki ijodidan bahramand bo‘lgan. Shundan so‘ng, o‘z vataniga qaytgan va to‘plagan
bilimlarini badiiy asarlariga joylab olamga tanitgan. Shunday asarlardan biri “Darbadar
qirol” bo‘lib, u “Boburnoma” asariga iqtibos tariqasida yozilgan. Asarda haqiqat va
badiiylik mujassamlashgandir. Haqiqatdan yiroq bo‘lmagan, real hayotga asoslangan
voqealar badiiylikni ta’minlash maqsadida kichik tafsilotlar va muallif xayoloti bilan
bezalgandir. Asar yozilgandan ko‘p o‘tmay turkchaga eski yozuvda tarjima qilishga
urinishlar boshlangan. Keyinchalik Ilhan Yildiz asarni hozirgi turk alifbosida to‘liq
turkchaga tarjima qilgan. Lekin, afsuski, asar hali-hanuz o‘zbek kitobxonlariga
notanish. Shuning uchun asar tahlilida asosan tavsif metodidan foydalanishga harakat
qildik. Chunki ushbu ilmiy ishimizda asarni o‘zbek kitobxonlari va tarjimonlari va
olimlariga tanitishni maqsad qilganmiz.
Kalit so‘zlar: Flora Anna Steel, “King Errant”, “Darbadar Qirol”, Xolida Adib
Adivar, Ilhan Yildiz.
Annotation: Zahiriddin Muhammad Babur was a great statesman and poet who
founded an empire in India. Many scientific and artistic works have been written and
are still being written about his life in Uzbekistan, India and other countries of the
world. In this article, a work of art depicting Babur’s life written by an English writer
was analyzed. The original name of this work is “King-Errant”, which is translated as
“Darbadar qirol” in Uzbek. The work was written in 1912 by English writer Flora Anna
Steel. Flora Anna Steel lived in India and enjoyed the culture, lifestyle, history, folklore
of the Indian nation. After that, she returned to his homeland and presented her
knowledge to the world in her artistic works. One of such works is “King-Errant”,
written as a quote from “Boburnoma”. Truth and fiction are embodied in the work.
Events based on real life, which are not far from reality, are embellished with small
details and the author’s imagination in order to provide artistry. Soon after the work
was written, attempts were made to translate it into Turkish in the old script. Later,
Ilhan Yildiz translated the work completely in the current alphabet into Turkish. But
unfortunately, the work is still unknown to Uzbek readers. Therefore, we tried to use
descriptive method in the analysis of the work. Because in this scientific work, we aim
to introduce the work to Uzbek readers, translators and scientists.
Key words: Flora Annie Steel, “King Errant”, “Darbadar Qirol”, Khalida Adib
Adivar, Ilhan Yildiz.
Аннотация: Захириддин Мухаммед Бабур был великим государственным
деятелем и поэтом, основавшим империю в Индии. О его жизни в Узбекистане,
Индии и других странах мира написано и продолжает писаться множество
научных и художественных работ. В данной научной работе проанализировано
произведение английского писателя, изображающего жизнь Бабура.
Оригинальное название этого произведения – “Странствующий король”, что
переводится как “Darbadar Qirol” на узбекском. Произведение было написано в
1912 году английской писательницей Флорой Анной Стил. Флора Анна Стил
жила в Индии и наслаждалась культурой, образом жизни, историей, фольклором
индийской нации. После этого она вернулась на родину и представила миру свои
знания в своих художественных произведениях. Одним из таких произведений
является “Странствующий король”, написанный как цитата из “Бобур-нaмe”. В
произведении воплощены правда и искусство. События, основанные на реальной
жизни, недалеко от реальности, приукрашены мелкими деталями и фантазией
автора с целью придания художественности. Вскоре после написания
произведения были предприняты попытки перевести его на турецкий язык
старой письменностью. Позже Ильхан Йылдыз перевел произведение полностью
в нынешнем алфавите на турецкий язык. Но, к сожалению, произведение до сих
пор неизвестно узбекскому читателю. Поэтому при анализе работы мы в
основном старались использовать описательный метод. Потому что в этой
научной работе мы стремимся познакомить с произведением узбекских
читателей, переводчиков и ученых.
Ключевые слова: Флора Aннa Стил, “Странствующий король”, “Дарбадар
Кирол”, Халида Адиб Адивар, Ильхан Йылдыз.
KIRISH
Hindiston tarixi deganda, albatta, Zahiriddin Muhammad Boburni esga
olmaslikning iloji yo‘q. Bobur bosib o‘tgan zalvorli hayot yo‘li bilan tarix
zarvaraqlariga o‘z nomini oltin harflar bilan muhrlagan ulug‘ zotdir. Tarixiy va badiiy
asarlarda ham siyosiy, ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk shaxsiyat sifatida
gavdalanadigan Bobur Hindistonda alohida imperiyaga asos soladi va bu o‘lkada Islom
diniga asoslangan, lekin zaminida hind an’analari yotgan yangi bir madaniyat
shakllanishida ham muhim rol o‘ynaydi. Uning “Boburnoma” nomli avtobiografiyasi
esa qomusiy asar bo‘lib, XV-XVI asrlardagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy
hayot haqida bizga juda ko‘plab ma’lumotlar berib kelmoqda. Ushbu asarning eng
ko‘zga ko‘ringan jihati avtobiografik mohiyatda qalamga olinganligidir.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
“Boburnoma” asari ingliz tiliga ilk bor 1826-yilda tarjima qilingan. Faqat bu
tarjima uchun asos qilib asl manba emas, “Boburnoma”ning 1599–1600-yillarda
Abdu-r-Rahim tomonidan fors tiliga qilingan tarjimasi olingan edi. (Erskine W.,
1826:18) Keyinchalik, 1906-yilda Annette S. Beveridge asarning asl tili hisoblangan
turkiy tildan tarjima qilgan va nashr ettirgan. (Blochet E., 1906: 1016)
“Boburnoma”ning yuqoridagi ikki tarjimasi nashridan keyin yevropaliklar
Boburiylar sulolasi haqida ko‘pgina ma’lumotlarga ega bo‘lishdi va sekin-asta Bobur
hayoti g‘arb adabiyotiga ham kirib kela boshladi. Stephen Meredyth Edwardes yozgan
“Babur: Diarist and Despot” (1925), Amerikalik yozuvchi Harold Albert Lamb
qalamiga mansub “Babur the Tiger: First of the Mughals” (1961), Muni Lal ijodi
bo‘lmish “Babar: life and times” (1977), Farzana Moon tomonidan bitilgan “Babur,
the First Moghul in India: In the Land of Cain” (2009), shuningdek, Alex Rutherford
(Diana Preston va uning rafiqasi Michael Preston) muallifligidagi “Empire of the
Moghul: Raiders from the North” (2010) kabi va yana boshqa ko‘plab badiiy hamda
avtobiografik asarlarda Zahiriddin Muhammad Bobur bosh qahramon qilib olingan.
Bobur hayotini ingliz tilidagi badiiy asarlarda yoritib berishni esa Flora Anna Steel
o‘zining “King-Errant” nomli romani bilan boshlab bergan deb taxmin qilmoqdamiz.
Chunki olib borgan tadqiqotlarimiz davomida bundan oldin g‘arb adabiyotida Bobur
hayoti haqida yozilgan badiiy asarga duch kelmadik.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Flora Anna Steelning “King Errant” romani va uning turk tiliga tarjimasi haqidagi
ushbu maqolaning metodologiyasi ingliz tilida yozilgan badiiy asar tahlili va bu asar
haqida yozilgan boshqa ilmiy ishlardagi kamchiliklarni har tomonlama ko‘rib chiqishni
o‘z ichiga olgan. Mavzuni har tomonlama tushunish uchun sharq adabiyotidagi janrlar
tarkibiga oid turli ilmiy-nazariy qarashlar o‘rganildi. Tadqiqot metodologiyasi
quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. Adabiyotlar sharhi: Ushbu roman xususida va Bobur Mirzoga oid boshqa
yozuvchilar tomonidan yozilgan asarlar haqida ma’lumotlar to‘plash maqsadida
tegishli ilmiy maqolalar, kitoblar va akademik jurnallar tahlili o‘tkazildi;
2. Ma’lumotlar to‘plash: “King Errant” asarining umumiy tahlili uchun turli
manbalar tahlil qilindi. Asarning eski Usmoniy turkcha yozuvidagi tarjimasi topildi va
tasniflandi.
3. Taqqoslash va tasniflash: Ushbu maqoladagi asosiy metodimiz taqqoslash va
tasniflash metodi hisoblanadi. Asar va uning turkchaga tarjimasi orasida ba’zi
xususiyatlaridan kelib chiqib qiyoslandi va tasniflandi. Asosiy matnning qismlari,
syujeti va kompozitsiyalari haqida tadqiqotlar olib borildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Flora Anna Steel Angliyaning Sudbury shahrida, Webster oilasining oltinchi
farzandi sifatida 1847-yil, 2-aprelda dunyoga keldi. 1867-yil Hindistonda davlat
xizmatlarida ishlaydigan Henry William Steelga turmushga chiqadi va 1889-yilgacha
Hindistonda, asosan, Panjobda yashaydi. (Powell V., 1981:21) Panjobda o‘tgan
yigirma ikki yil mobaynida Hind xalqining tarixi, madaniyati, she’riyati, adabiyoti,
ayniqsa, xalq og‘zaki ijodiga qiziqqan va astoydil bu sohalarni o‘rganib chiqqan Anna
o‘z asarlarida bulardan haqqoniy tarzda, mohirona foydalana olgan. Qizining dunyoga
kelishi uni mahalliy ayollar bilan yanada yaqinroq munosabat o‘rnatishiga vasila
bo‘lgan. (Wahi T., 1974:88) Shu davrdan boshlab Anna Steel mahalliy tilni
o‘rganishni, hind tilidagi ma’naviy boyliklarni dunyoga tanitishni boshlab yuboradi.
Biroz muddatdan keyin erining sog‘ligi yomonlashgani sababli bir maktabga idorachi
sifatida ishga kirgan Anna mahalliy tilni yaxshi bilganligi uchun shu yerlik ayollar
ta’limiga bosh-qosh bo‘ladi, milliy san’atning yanada rivojlanishi uchun o‘z hissasini
qo‘shadi va o‘sha davrlarda mustamlakachi inglizlar va tub aholi o‘rtasida chiqib
turadigan kichik-kichik kelishmovchiliklarda vositachi vazifasini ham bajarar edi.
(Edwardes S. M., 1926:24) Taqdir taqozosi bilan o‘z vataniga qaytgan Anna qolgan
umrini badiiy asarlar va xotiralar yozish bilan o‘tkazadi. 1929-yilning 12-aprelida
Angliyaning Minchinhampton shaharchasida, o‘z qizining uyida bu dunyodan ko‘z
yumadi. (Mannsaker F.M., 1982:105-106) Uning hayoti haqida ko‘plab ilmiy ishlar
qilingan. Xususan, Violet Powell va Daya Patwardhan ( Patwardhan D., 1963) uning
hayoti va asarlari haqida to‘liq ma’lumotlar berib o‘tishgan.
Umrining chorak qismidan ko‘prog‘ini Hindistonda o‘tkazgan adiba bu davr
mobaynida hind xalq ertaklarini yig‘adi va nashr ettiradi, Hindiston tarixini yorituvchi
ilmiy bo‘lmagan, xalqchil va yengil tarixiy asarlar yozadi. Jon Riddik Anna Steelning
“The Hosts of the Lord” asari haqida shunday deydi: “Bu asar Ingliz Hindistoni haqida
yozilgan uch asosiy asardan biridir”( Riddick J. F., 2006:179). Bundan tashqari 1889-
yilda o‘z vataniga qaytgan Anna asarlar yozishda davom etadi. 1911-yildagi
Encyclopedia Britannica kitobida joy olgan ma’lumotga ko‘ra, ijodkorning eng yaxshi
ijod mahsullari hikoyalar va ertaklardan iborat ikki to‘plamidan joy olgan. Bular:
“From the Five Rivers”(“Besh daryodan”) va “Tales of the Punjab” (“Panjob
ertaklari”)(Chisholm H., 1911:861). Anna Steel umri davomida o‘ttizdan ortiq asar
yozib qoldirgan va bu asarlar, asosan, Hind diyori tarixi, madaniyati, adabiyoti, xalq
og‘zaki ijodi, mahalliy aholining kundalik turmush tarzi, ayollarning og‘ir hayoti,
ijtimoiy tengsizlik, ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni kabi bir qancha mavzularni o‘z
ichiga qamrab oladi.
Adibaning oq-qora va rangli rasmlar bilan nashrdan chiqargan Bobur haqidagi
asari yuqorida aytib o‘tganimizdek “King Errant”dir. Uni o‘zbekchaga tarjima
qiladigan bo‘lsak, “Darbadar Qirol” deb tarjima qilishimiz mumkin. Asar hali o‘zbek
tiliga tarjima qilinmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ushbu asar o‘zbek kitobxonlari
va adabiyotshunoslariga unchalik ham tanish emas. Faqat ajablanarlisi, asar haqida
olimlarimiz ham yetarlicha ma’lumot berishmagan, borlari ham o‘zbek tilida emas,
boshqa tillarda. Xususan, Buxoro davlat universiteti Chet tillari kafedrasi o‘qituvchisi
K..Xayrullayeva o‘zining maqolalarida qisman ushbu asarni qarshilashtirmali tarzda
tahlil qilgan. Faqat mazkur maqolalar ham ingliz tilidadir. Yosh olimaning “Anna Steel
va Pirimqul Qodirov asarlarining syujetlaridagi o‘xshashlik va farqliliklar”
(Khayrullayeva K., 2022: 515-519) hamda “Ingliz va o‘zbek nasrida Boburning shoh
sifatidagi porteti” (Khayrullayeva K., 2022:134-138) nomli ikki maqolasida “Darbadar
Qirol” romani oz bo‘lsa-da tahlil qilingan. “Qo‘l uchida” yozilgan ushbu maqolalar
hajm jihatidan qisqa, asosan umumiy gaplar va qisman takrordan iborat hisoblanadi.
Ushbu ikki maqolani tahlil qilganimizda ba’zi ilmiy xulosalardan tashqari, aytarlik
muhim jihati yo‘qdek tuyuldi. Lekin shunday bo‘lsa ham, mavzuni chuqurroq yoritib
berishga va “Darbadar Qirol” asarining jiddiyatini ko‘rsatib berishga o‘z hissasini
qo‘shganligidan boshimiz ko‘kka yetdi.
“King Errant” romani Flora Anna Steel tomonidan 1912-yilda “Frederick A.
Stokes company” nashriyoti tomonidan Nyu Yorkda chop etilgan. Asar muallifning
mashhur ijod namunalari orasida bo‘lmasa ham badiiylik jihatidan mukammalga yaqin
tarzda yozilgan. Bunga sabab, ushbu asar zamirida “Boburnoma” asari yotadi. Buni
muallif ham asarning kirish qismida e’tirof etib o‘tadi. “This is not a novel, neither it
is a history. It is the life-story of a man, taken from his own memoirs.” (Bu asar na bir
roman, na bir tarix kitobi, bu bir kishining o‘z xotiralaridan olingan hayot
hikoyasidir)(Bu va bundan keyingi tarjimalar bizniki). Asar “Boburnoma” kabi uch
qismdan tarkib topgan. Faqat farqi “Voqeanoma”da boblar hududga nisbatan
Boburning Movarounnahr (1494–1504), Afgʻoniston (1504–1524) va Hindiston
(1524–1530)dagi hukmdorlik davrlarini o‘z ichiga olgan bo‘lsa, “King Errant”
romanida esa bu boblar Boburning mukammallikka erishib borishi asos qilib olingan
va shunga ko‘ra bob nomlari va yillar alohida nomlangan. Shu tarzda, birinchi bob
“Seed Time” ya’ni “Urug‘ vaqti” deb ataladi. Bu bobda Boburning taxtga chiqishi bilan
boshiga tushgan voqealar, uqubatlar-u qiyinchiliklar va bu qiyinchiliklar qarshisida
hali g‘o‘r bir bola sifatida ojiz qolishi, shunga qaramay, bir maqsad uchun – bobosi
Amir Temur davlatini qayta qurish va taxtiga ega chiqish uchun tinmay harakat qilishi
qalamga olinadi. Bu bob kitobning 3–142-betlaridan joy olgan bo‘lib, Boburning
1493–1504-yillardagi taqdirini qamrab olgan.
Ikkinchi bob “Blossom Time” ya’ni “Gullash vaqti” deb ataladi. Bu bob mos
ravishda 1504–1511-yillardagi voqealarga asoslangandir. Muallif bu bobni bekorga
gullash vaqti deb atamagan. Chunki Bobur bu davrda Movarounnahrdan chiqib, G‘azni
va Qobul shaharlarini zabt etib, o‘zining mustaqil davlatini quradi va davlat arkonini
o‘zi xohlaganicha shakllantiradi. Bundan oldingi davrlarda esa davlat arkoni otasidan,
hattoki undan ham oldin shakllangan bo‘lib, ular orasida Bobur bir ishga qo‘l urgan
zamon uning ortidan ish qilishga tayyor amaldorlar to‘lib toshgan edi. Bobur Kobulni
egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi, qoʻshinni tartibga keltiradi, qattiq
ichki intizom oʻrnatadi. Kitobning 143–255-sahifalarini o‘z ichiga olgan ushbu bobda
Bobur barpo etgan “Bogʻi Shahroro”, “Bogʻi Jahonoro”, “Oʻrtabog‘”, “Bogʻi vafo” va
“Bogʻi Bobur” kabi oromgohlar nomi keltiriladi. Hayotda shahar ichidagi Bolo Hisor
qalʼasini oʻz qarorgohiga aylantirib, uni qayta taʼmirlatdi, yangi imoratlar qurdirdi va
oilasi bilan shu qalʼada yashadi. Asarda ham ushbu qasr tasviri keltirilgan. Uning
Humoyun, Komron va Hindol ismli farzandlari shu yerda tugʻilgan. Asarda ushbu
voqealar ta’sirchan tarzda ifoda etiladi. Farzandlarining tug‘ilishi, ularning katta
bo‘lishi, onasining vafoti kabi sahnalar Bobur shaxsiyatida davlat boshliqligi sifatidan
tashqari, mehribon o‘g‘il, jo‘mard ota kabi fazilatlarini ham ko‘rsatib bera olgan.
Uchinchi bob esa 256-sahifadan boshlangan bo‘lib, “Fruit Time” ya’ni “Hosil
vaqti” deb nom olgan. Ushbu bobda 1525–1530-yillar oralig‘i qalamga olingan. Yana
ham sodda qilib aytganda, umrining oxirgi va eng mukammallikka erishgan davrlari
qalamga olingan. Oldingi azob-uqubatli davrlarda toblangan Bobur endi ma’nan yetuk,
aqlan barkamol, siyosatda ustun, jangda nomiga loyiq bir shaxs sifatida tasvir etilgan.
Asarning har bir bobi bo‘limlarga ajratilgan. Birinchi bob o‘n bo‘limdan, ikkinchi
bob to‘qqiz bo‘lim, uchinchi bob ham to‘qqiz bo‘limdan tarkib topgan. Har bir bo‘lim
boshida ba’zan qisqa, ba’zan uzun iqtiboslar keltirib o‘tilgan. Ushbu sitatalarning ko‘pi
she’r tarzida bo‘lib, turli shoirlardan keltirilgan. Ajablanarlisi, ular asosan Umar
Hayyom, Nizomiy, Homid kabi sharq shoirlari she’rlaridan va hatto Bobur she’rlaridan
ham keltirilgan.
Asarning boshida muallif tomonidan qisqa bir kirish qism yozilgan. Kirishda
ba’zi kalit so‘zlar terib berilgan: "Tinker, tailor, soldier, sailor, gentleman, apothecary,
ploughboy, thief." (Tunukachi, tikuvchi, askar, dengizchi, jentelmen, dorixonachi,
zahmatkash, o‘g‘ri). Bularning berilishiga sabab sifatida muallif shunday deydi: The
hero of this book might have claimed as many personalities in himself, for Zahir-ud-
din Mahomed commonly called Babar, Emperor of India, the first of the dynasty which
we mis-name the Great Moghuls, was at one and the same time poet, painter, soldier,
athlete, gentleman, musician, beggar and King. (Bu kitobning qahramoni bir qancha
shaxsiyatlarni o‘zida jamlashi mumkin. Biz yanglishib Buyuk Mo‘g‘ullar deb atagan
sulolaning boshchisi, Hindiston imperatori, Bobur nomi bilan tanilgan Zahiriddin
Muhammad bir vaqtning o‘zida ham shoir, ham rassom, ham askar, ham pahlavon,
ham jentlmen, ham musiqashunos, ham faqir, ham podishoh edi.) Muallif asarini yozar
ekan, qay tarzda yozganini ham aynan ana shu kirish qismida izohlab ketadi. Ya’ni,
asar asosan Bobur xotiralari to‘plami hisoblangan “Boburnoma” asariga iqtibos
keltirishdan iborat deya ta’kidlangan. Faqatgina kerakli yerlarida xayolot mahsullarini
ilova qilgan yozuvchi asosan mayda-chuyda tafsilotlarni o‘zidan to‘qib asarga
kiritganligini aytib o‘tadi. Xususan, billur kosa voqeasi shular jumlasidandir. Bobur va
Mohimning nikoh to‘ylaridagi tafsilotlar tamoman taxayyul mevasidir va buning
uchun esa muallif Bobur ruhidan afv qilishini so‘raydi.
Ushbu asar o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan bo‘lsa ham, qardosh turk tillariga bir
necha bor tarjima qilingan. Xususan, hozirgi turk tiliga asar yozilgan yildan bir necha
yil o‘tiboq tarjima qilishga harakat boshlangan. Ushbu asar ilk bor turk tiliga Xolida
Adib Adivar tomonidan 1914–1917-yillar oralig‘ida “Turk yurdu” jurnalida “Babür
Han” nomi ostida tarjima qilingan. Faqat bu davrlar Turkiya uchun alg‘ov-dalg‘ov
davrlar hisoblanadi. Har kuni yangi-yangi xabarlar va yangiliklar gazeta va
jurnallarning bozorini chaqqon qilganligi bois gazeta va jurnallar uzundan-uzun
romanlardan ko‘ra qisqa hikoyalar va she’rlarni bosishga rag‘bat ko‘rsatganlar.
Shuning uchun ham Xolida Adib Adivar ushbu asarning faqatgina birinchi bobini
tarjima qila olgan, xolos. Asarni 1914-yildan boshlab “Turk yurdu” jurnalining har
sonida ba’zan ko‘proq, ba’zan esa bir-ikki sahifa tarjima qilib nashr ettirgan tarjimon
aslida tarjima sohasidan ko‘ra roman yozuvchisi sifatida turk adabiyotida mustahkam
o‘rin olgan. Uning “Roiqning onasi”, “Saviya Tolib”, “Handon”, “Yangi Turon” kabi
romanlari hozirgacha sevib o‘qiladi. Bundan kelib chiqadi-ki, tarjimon havaskor
tarjimon bo‘lganligi uchun ham asar oxirigacha tarjima qilinmay qolib ketgan bo‘lishi
mumkin. Xolida Adib Adivar ushbu asar tarjimasini nega oxiriga yetkaza olmagani
haqida manbalar va faktlarning kamligi bois hozirgi turk olimlari aniq bir fikrga
kelishmagan. Lekin, shunga qaramay, yuqoridagi ikki ehtimolning ikkinchisini
qo‘llab-quvvatlovchi ba’zi ma’lumotlar qarshimizga chiqdi. Xususan, Inci
Enginunning shu gaplarini misol keltirishimiz mumkindir. “Halide Edib’in yarım
kalan çevirileri sadece Babür Han değildir. Bundan Halide Edib’in yaptığı çeviriler
üzerinde fazla durmadığı anlaşılmaktadır. Nitekim 1909’de 31 Mart Vak’asında
matbaada bulunan Julius Caesar çevirisi de kaybolmuş ve yazar onu
tamamlamamıştır. 1917’de çevirmeye başladığı Venedik Taciri de Temâşâ dergisinde
neşre başlanmışsa da yarım kalmıştır” ( Enginün İ., 2011:24). (Xolida Adib
Adivarning yarim qolgan tarjimalari faqatgina “Babür Han” emas. Bundan kelib
chiqadi-ki, Xolida Adib Adivar qilgan tarjimalariga unchalik ham e’tibor bilan
yondashmagan. Xususan, 1909-yil 31-mart voqealari davrida matbuotga berilgan
“Yuliy Sezar” tarjimasi yo‘qolgan va adiba uni oxiriga yetkazmagan. 1917-yilda
tarjima qilishni boshlagan “Venedik savdogari” ham “Tomosha” jurnalida nashr
qilina boshlanganiga qaramay oxiriga yetmay qolgan.) Asarning bu tarjimasi Adivar
tomonidan faqatgina 139-betigacha tarjima qilingan xolos. Ya’ni, faqat “Seed Time”
bobi tarjima qilingan xolos. Tarjima so‘nggida esa “bitmedi” qaydi tushirilgan. Ushbu
tarjima Bobur haqida o‘sha paytlardagi ilk asar mohiyatiga ega bo‘lishi bilan bizga
qadrlidir. Ushbu asarning turk tiliga to‘liq tarjimasi esa oradan yuz yil o‘tib Ilhan Yildiz
tomonidan qalamga olindi. 2017-yil Anqarada “Jumle” nashriyotida alohida kitob
holida “Babür Şah” (Yıldız İ., 2017:368) nomi ostida nashr qilindi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ham hayot yo‘li, hamda bizga yozib qoldirgan
asarlari bilan Bobur o‘z nomini tarixga, adabiyotshunoslikka va badiiy adabiyotga
muhrlay olgan buyuk shaxsiyatdir. Uning xislatlari tildan tilga, xalqdan xalqqa,
ko‘ngildan ko‘ngilga ko‘chib yurar ekan, yana ming yillar davomida ko‘ngillarni va
shuurlarni fath qilishda davom etaveradi. Faqat biz bobomiz Bobur Mirzoning asl
merosxo‘rlari sifatida loyiq avlod bo‘lishimiz kerak. Bu merosxo‘rlik esa bobolarimiz
qoldirgan merosni asrab-avaylashlik, uni yana ham boyitishlik va boshqa millatlarga
ham yoyishlik bilan mustahkamlanadi. Agar biz bunga befarq bo‘lsak, dunyo bu
meroslarni bizning qo‘limizdan tortib olishi tayin. Ushbu ishga mavzu sifatida
olganimiz Flora Anna Steelning “King Errant” asari ham aynan ana shu bilan bog‘liq.
To 1912-yilda bizning ajdodlarimiz haqida asar yozilsa-yu, oradan yuz yil o‘tganiga
qaramay o‘z tilimizda bu haqida kichik bir ma’lumot topishga qiynalsak, yuqoridagi
merosga da’vogarlik qilishga haqqimiz bormikan, deb o‘ylab qoladi kishi. Qardosh
millatlar bu asarni nashrdan chiqarishga, o‘z tillariga tarjima qilishga kirishgan paytda
biz hali ham befarq qolishimiz ma’qul emas. Shuning uchun, ushbu ilmiy ishimizdan
maqsad – Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ingliz tilida yozilgan “King Errant”
asarini ilm va tarjimonlar hamjamiyatiga tanitishdan iborat. Asar Hindistonda yigirma
ikki yilini o‘tkazgan va Hindiston tarixini, adabiyotini, madaniyatini dunyoga
tanitishga o‘z hissasini qo‘shgan Flora Anna Steel tomonidan yozilgan. Asar xuddi
“Boburnoma” singari uch bobdan iborat, faqat boblar Boburning mukammaliyotga
yetishish yo‘lidagi pillapoyalar sifatida tasvirlangan. Har bir bob bo‘limlarga
ajratilgan. Ushbu asar turk tiliga Xolida Adib Adivar va Ilhan Yildiz tomonidan ikki
marta tarjima qilingan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Blochet E. (1906) The Bábar-náma, being the Autobiography of the Emperor
Bábar,…. now reproduced in facsimile from a Manuscript belonging to the late Sir
Sálár Jang, of Ḥaydarábád, and edited with a Preface and Notes by Annette S.
Beveridge. “EJW Gibb Memorial” // Journal of the Royal Asiatic Society. V. 38. – №
4. – pp. 1015-1020.
2. Chisholm, Hugh (1911) "Steel, Flora Annie". Encyclopædia Britannica. Vol.
25 (11th ed.). Cambridge University Press. – 861 p.
3. Daya Patwardhan (1963) A Star of India: Flora Annie Steel, Her Works and
Times. Sole agents: A. V. Griha Prakashan, Poona.
4. Edwardes S. M. (1926) Babur, diarist and despot. – London.
5. Enginün İ. (2011) Babür Han. Türk Yurdu. Sayı 283.
6. Erskine W. et al. (1826) Memoirs of Zehir-ed-din Muhammed Baber,
Emperor of Hindustan, Written by Himself, in the Jaghatai Turki, and Translated,
Partly by the Late John Leyden... Partly by William Erskine with Notes and a
Geographical and Historical Introduction (etc.). – Longman.
7. John F. Riddick (1 January 2006). The History of British India: A Chronology.
Greenwood Publishing Group. ISBN 978-0-313-32280-8.
8. Khayrullayeva K. R. (2022) “Similarities and differences in the plot of the
works by Flora Anna Steele and Pirimkul Kadyrov” Science and Education. – V. 3. –
№. 3. – pp. 515-519.
9. Khayrullayeva K. R. (2022) “The Image of Babur as King and Legate in
Western Englısh and Uzbek Prose” Open Access Repository. – V. 8. – №. 2. – pp.
134-138.
10. Mannsaker F. M. (Autumn 1982) "Flora Annie Steel, Novelist of India by
Violet Powell" Victorian Studies. 26 (1): 105–106. JSTOR 3827506.
11. Powell V. (May 1981) Flora Annie Steel, Novelist of India. Heinemann. ISBN
9780434599578.
12. Wahi T. (1974) British Scholarship and Muslim Rule in India: The Work of
William Erskine, Sir Henry M. Elliot, John Dowson, Edward Thomas, J. Talboys
Wheeler and Henry G. Keene. – University of London, School of Oriental and African
Studies (United Kingdom).
13. Yıldız İ. (2017) Babür Şah. Cümle yayınlari. – 368 s. ISBN: 9786059147538
14. https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/mirzo-boburning-bir-jumlasi.html
REFERENCES:
1. Blochet E. (1906) The Bábar-náma, being the Autobiography of the Emperor
Bábar,…. now reproduced in facsimile from a Manuscript belonging to the late Sir
Sálár Jang, of Ḥaydarábád, and edited with a Preface and Notes by Annette S.
Beveridge. “EJW Gibb Memorial” // Journal of the Royal Asiatic Society. V. 38. – №
4. – pp. 1015-1020.
2. Chisholm, Hugh (1911) "Steel, Flora Annie". Encyclopædia Britannica. Vol.
25 (11th ed.). Cambridge University Press. – 861 p.
3. Daya Patwardhan (1963) A Star of India: Flora Annie Steel, Her Works and
Times. Sole agents: A. V. Griha Prakashan, Poona.
4. Edwardes S. M. (1926) Babur, diarist and despot. – London.
5. Enginün İ. (2011) Babür Han. Türk Yurdu. Sayı 283. (In Turkish)
6. Erskine W. et al. (1826) Memoirs of Zehir-ed-din Muhammed Baber,
Emperor of Hindustan, Written by Himself, in the Jaghatai Turki, and Translated,
Partly by the Late John Leyden... Partly by William Erskine with Notes and a
Geographical and Historical Introduction (etc.). – Longman.
7. John F. Riddick (1 January 2006). The History of British India: A Chronology.
Greenwood Publishing Group. ISBN 978-0-313-32280-8.
8. Khayrullayeva K. R. (2022) “Similarities and differences in the plot of the
works by Flora Anna Steele and Pirimkul Kadyrov” Science and Education. – V. 3. –
№. 3. – pp. 515-519.
9. Khayrullayeva K. R. (2022) “The Image of Babur as King and Legate in
Western Englısh and Uzbek Prose” Open Access Repository. – V. 8. – №. 2. – pp.
134-138.
10. Mannsaker F. M. (Autumn 1982) "Flora Annie Steel, Novelist of India by
Violet Powell". Victorian Studies. 26 (1): 105–106. JSTOR 3827506.
11. Powell V. (May 1981) Flora Annie Steel, Novelist of India. Heinemann. ISBN
9780434599578.
12. Wahi T. (1974) British Scholarship and Muslim Rule in India: The Work of
William Erskine, Sir Henry M. Elliot, John Dowson, Edward Thomas, J. Talboys
Wheeler and Henry G. Keene. – University of London, School of Oriental and African
Studies (United Kingdom).
13. Yıldız İ. (2017) Babür Şah. Cümle yayınlari. – 368 s. ISBN: 9786059147538
(In Turkish)
14. https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/mirzo-boburning-bir-jumlasi.html