O‘ZBEK VA INGLIZ TILLARIDAGI “UY” VA “OILA” SO‘ZLARI BILAN
BOG‘LIQ MAQOLLARDA “VATAN” TUSHUNCHASINING BERILISHI
THE EXPRESSION OF “MOTHERLAND” IN THE PROVERBS
INCLUDING THE WORDS “HOME” AND “FAMILY” IN UZBEK AND
ENGLISH LANGUAGES
ВЫРАЖЕНИЕ «РОДИНЫ» В ПОСЛОВИЯХ, СВЯЗАННЫХ СО
СЛОВАМИ «ДОМ» И «СЕМЬЯ» В УЗБЕКСКОМ И АНГЛИЙСКОМ
ЯЗЫКАХ
Nizamova Salomat Usmanovna,
Oriental universiteti, G‘arb tillari
kafedrasi stajyor o‘qituvchisi
Tel.+998 91 135-25-00
salomat068@gmail.com
Annotatsiya: Insonning tashqi va ichki dunyosi haqidagi asosiy tushunchalarni
lingvomadaniy tahlil qilish ularda aks etgan turli madaniy ideallar, milliy xarakter va
milliy g‘oyalarni ochib berish imkonini beradi. O‘zbek va ingliz zabon xalqlarning
madaniy hayotida “uy” va “oila” asosiy tushunchalar hisoblanib, ular olamning ikki
lingvistik manzarasini taqqoslash orqali odamlar ongida atrofdagi voqelikni aks ettirish
usuli sifatida ko‘rib chiqilishi kerak. Mazkur tushunchalar muhim madaniy
maʼlumotlarni saqlashga, uning maʼnosini til birligida yashirishga qodirdir. Mazkur
maqolada o‘zbek va ingliz zabon xalqlarning madaniy hayotida asosiy tushunchalar
hisoblangan “uy” va “oila” tushunchalarining leksikografik manbalardagi talqini va
“uy” va “oila” subtushunchalari bilan bog‘liq o‘zbek va ingliz tillaridagi maqollarda
“vatan” tushunchasining ifoda etilishi tahlil qilindi.
Kalit so‘zlar: uy-home, oila-family, vatan-homeland, etimologik maʼnolar,
lug‘aviy talqinlar, maqollar, mavzu jihatlari.
Annotation: Linguistic and cultural analysis of the main concepts of the external
and internal world of a person allows to reveal various cultural ideals, national
character and national ideas reflected in them. "Home" and "family" are the main
concepts in the cultural life of the Uzbek and English-speaking peoples, and they
should be considered as a way of reflecting the surrounding reality in people's minds
by comparing the two linguistic views of the world. These concepts are able to store
important cultural information and hide its meaning in the language unit. This article
analyzes the interpretation of the concepts of "home" and "family", which are the main
concepts in the cultural life of Uzbek and English-speaking peoples, in lexicographic
sources, and the expression of the concept of "homeland" in Uzbek and English
proverbs related to the sub-concepts of "home" and "family".
Key words: uy-home, oila-family, vatan-homeland, etymological meanings,
dictionary interpretations, proverbs, thematic aspects.
Аннотация: Лингвокультурологический анализ основных концептов
внешнего и внутреннего мира человека позволяет выявить различные
культурные идеалы, национальный характер и национальные идеи, отраженные
в них. «Дом» и «семья» являются основными понятиями в культурной жизни
узбекского и англоязычных народов, и их следует рассматривать как способ
отражения окружающей действительности в сознании людей путем
сопоставления двух языковых картин мира. Эти концепты способны хранить
важную культурную информацию и скрывать ее смысл в языковой единице. В
данной статье проанализирована трактовка понятий «дом» и «семья», которые
являются основными понятиями в культурной жизни узбекского и
англоязычного народов, в лексикографических источниках, а также выражение
понятия «родина» на узбекском языке, и английские пословицы, связанные с
подконцепциями «дом» и «семья».
Ключевые слова: уй(дом)-home, оила(семья)-family, ватан(родина)-
homeland, этимологические значения, словарные толкования, пословицы,
тематические аспекты.
KIRISH
Jahon tilshunosligida til voqeligini tizimli o‘rganish uning ijtimoiy ahamiyatini
anglashda tub burilish yasadi. Til sotsiolingvistik va kommunikativ voqelik sifatida
baholandi. Bir qator yangi yo‘nalishlar, xususan, tilning struktur-funksional
qatlamlarini chuqur o‘rganishga oid nazariy paradigmalar vujudga kelib, dunyo
tillarini qiyosiy, tipologik, chog‘ishtirma o‘rganish boshlandi. Xalqlar o‘rtasidagi
madaniy munosabatlarda til va tarjimalarning kommunikativ roli eʼtirof etildi.
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida, yangi siyosiy va iqtisodiy evrilishlar va
qarama-qarshiliklar davrida milliy qadriyatlar masalasi har qachongidan ham
dolzarbroq ko‘rinadi. Binobarin, “uy” va “oila”, shuningdek “vatan” tushunchalari
har qanday til dunyosi milliy lingvistik manzarasining eng muhim tarkibiy qismi
bo‘lib, u inson va jamiyatning yashash joyiga, ko‘plab tarixiy-madaniy hodisa va
jarayonlarga munosabatini ochib beradi.
Oila, uy va xonadon – jamiyatning muhim ijtimoiy institutidir. U insonga butun
umri davomida hamroh bo‘ladi, shaxsiy qadriyatlar va hayotiy munosabatlarni
shakllantiradi. Shu sababli, oilaviy qadriyatlarni o‘rganish juda dolzarb hisoblanadi.
Bundan tashqari, madaniyatning umumiy xususiyatlarini va xususan, oilaviy
qadriyatlarni bilish bizga yuqori sifatli madaniyatlararo aloqalarni o‘rnatishga, o‘ziga
xos xususiyatlarini tushunishga imkon beradi. Bizning fikrimizcha, “uy”/“home” va
“oila”/“family” insonning oilaviy qadriyatlar tizimini tashkil etuvchi asosiy
tushunchalardandir. Ushbu tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillarida
so‘zlashuvchi lingvistik madaniyatlarda “uy”/“home” va “oila”/“family” bilan
bog‘liq maqollarda “vatan” tushunchasining ifodalarini ochib berishdir.
Har bir etnik guruh dunyoni o‘ziga xos tarzda, o‘z madaniyati, o‘z dunyoqarashi
nigohi orqali ko‘radi, shuning uchun har bir etnik guruhning olam manzarasi uning
alohida dunyoqarashi, dunyoning yaxlit modelidir. Dunyoning lingvistik manzarasini
o‘rganishni xalqning tarixiy va madaniy xotirasi timsoli bo‘lgan maqollarni
o‘rganmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki ular turli til madaniyatlari tomonidan
“uy”/“home” va “oila”/“family” shuningdek, “vatan”/“homeland” tushunchalarini
idrok etishning yorqin namunasi bo‘lishi mumkin.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Zamonaviy tilshunoslikda konseptologiya yo‘nalishi keyingi yillarda ustuvorlik
kasb etmoqda. Tushuncha–konsept lingvokognitologik va lingvokulturologik
paradigmada o‘rganilmoqda. Lingvokognitologik yo‘nalish bo‘yicha rus olimlari
vakillaridan Y.S..Kubryakova, N.A..Boldirev, V.Z..Demyankov, I.A..Sternin hamda
A.P..Babushkin tushunchani voqelik faktining yaxlit, bo‘linmas aks etishi vazifasini
bajaruvchi operativ ongning birligi sifatida izohlaydilar. Ikkinchi, lingvokulturologik
yo‘nalish vakillaridan A. Vejbiskaya, N.D. Arutyunova, V.I. Karasik, D.S. Lixachev,
Y.S. Stepanov, V.A. Maslova, V.V. Vorobyev, V.N. Teliya, S.X. Lyapin, V.I. Shaxovskiy,
S.G. Vorkachev va boshqalar tushunchani maʼlum darajada etnosemantik o‘ziga xoslik
bilan ajralib turadigan aqliy shakllanish deb hisoblaydilar.
Fanda “uy”/“home” va “oila”/“family” shuningdek, “vatan”/“homeland”
tushunchalari oxirgi yillarda turli paradigmalarda o‘rganildi. Shu o‘rinda, S.A. Kushu,
S.R. Gabdullina, A.D..Letova, A.A. Svinsova, D.A. Kojanov, E.Y. Shamsutdinova,
E.M..Ignatova, Y.A. Gamayev, J.B. Yesmurzayeva, T.I. Kolabinova, I.A. Zyuzina,
D.G..Larionova, N.Y. Kazakova, Z.A. Axmetjanova, V.B. Tyurin, N.V. Nagovitsina,
A.N..Pribilova, M.Y. Romanyuk, M.V. Zimina kabi ilmiy tadqiqotchilar rus, nemis,
fransuz, ingliz, ispan, edigey, tatar va boshqa tillardagi maqollarda “uy”/“home” va
“oila”/“family” shuningdek, “vatan”/“homeland” tushunchalarining turli
yo‘nalishlarini o‘z ishlarida ochib berganlar.
O‘zbek tilshunosligida ham tushuncha – konsept masalasiga doir turli ishlar,
yaʼni Z.I. Saliyeva, A.M. Bazarbayeva, K.M. Amanullayeva, Sh.Q..Shamsiyeva,
N.B..Kuldosheva, D.K. Baxronova, Z.R. Gulyamova, Y.T. Nosirov va boshqalarning
ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilgan, turli tushunchalar turli yo‘nalishlarda tadqiq
etilgan. Biroq, aynan “uy”/“home” va “oila”/“family” shuningdek, “vatan”/
“homeland” tushunchasi o‘zbek lingvistikasida alohida tadqiqot darajasida
o‘rganilmagan.
Maqollar ko‘p avlodlar tomonidan yaratilgan, ko‘p asrlar davomida rivojlangan
va takomillashgan. O‘zbek olimlarining diqqat-eʼtiborini o‘ziga jalb etib kelgan
maqollar folklor, etnografiyaning o‘rganish obyekti sifatida tadqiq etildi. Bu masalada
X. Rahmatullayev, Y. Pinxasov, G‘. Salomov, Sh. Shorahmedov, X..Abdurahmonov,
Q..Samadov, M. Sadriddinova kabi olimlarning xizmatlari katta. Bulardan Mullo
Bekjon Rahmon o‘g‘li, B. Karimov, Sh. Rizo, O‘. Azimov, O‘. Xolmatov, H. Zarif,
M..Afzalov, S. Ibrohimov, S. Xudoyberganov, R. Jumaniyozov, M. Ahmadboyeva,
E..Siddiqov, T. Mirzayev, Q. Imomov, R. Jahongirov, S. Qosimov, Z. Husainova,
B..Sarimsoqov, M. Jo‘rayev kabi o‘zbek folklorshunos olimlar maqollarning nazariy
masalalarini tadqiq qilganlar.
O‘zbek xalq maqollariga muayyan bir tartib berib, majmua va xrestomatiyalarga
kiritish, ulardan maxsus to‘plamlar tuzish ishlari esa XIX asrning ikkinchi yarmidan
boshlandi. Masalan, venger olimi H. Vamberining 1867-yilda Leypsigda nashr etilgan
“Chig‘atoy tili darsligi” xrestomatiya-lug‘atiga o‘zbek folklori va adabiyotining ayrim
namunalari qatori 112 ta maqol kiritilgan bo‘lib, ularning nemis tilida tarjimasi ham
berilgan (Mirzayev T., 2005: 3). Shundan keyin birin-ketin N. Ostroumov (1895),
B..Rahmonov (1924), Sh. Jo‘rayev (1926), H. Zarifov (1939, 1947), B. Karimov (1939),
Sh. Rizayev, O‘. Azimov, O‘. Xolmatov (1941), S. Ibrohimov, S. Xudoyberganov,
M..Afzalov (1958, 1960, 1965, 1978), R. Jumaniyozov (1964, 1967, 1970), E. Siddiqov
(1976, 1986), B..Sarimsoqov, I..Haqqulov, A..Musoqulov, R..Zarifov (1978),
B..Sarimsoqov, A. Musoqulov, M. Madrahimova (1981, 1984), Sh. Shomaqsudov,
Sh..Shorahmedov (1987, 1990, 2001), T. Mirzayev, B. Sarimsoqov, A. Musoqulov
(1989) kabi folklorshunoslar, fan va madaniyat xodimlari tomonidan tuzilgan turli
xarakterdagi va turli hajmdagi maqollar to‘plamlari nashr etildi. M. Abdurahimov,
X..Abdurahmonov, M. Sodiqova, H. Karomatov, K. Karomatova, H. Berdiyorov,
R..Rasulov kabi olimlarning tilshunoslik va tarjimashunoslik yo‘nalishidagi
to‘plamlari yuzaga keldi.
Ingliz zabon tilshunoslarning maqollarni o‘rganish muammolariga bag‘ishlangan
asarlari orasida R. Taverner, J. Xeyvud, R. Reydout, K. Uitting, V. Meader, A. Teylor,
G. Palmer, Jon Keytges, Hardi Margaret, G.L. Apperson, Bloyem Diane, Anton Jim,
Beal Jorj, Brayn Jorj, Udo Steyk va boshqa shu kabi olimlarning ilmiy to‘plam va
tadqiqot ishlarini aytib o‘tish lozim.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada yetakchi tadqiqot usullari sifatida qiyosiy, tavsifiy, uzluksiz
tanlab olish usuli, konseptual tahlil usuli, lingvokulturologik usul va lug‘at taʼriflarini
tahlil qilish metodlari qo‘llanildi. “Uy”/“home” va “oila”/“family” tushunchalarining
mazmuni va tuzilishini tavsiflashda o‘zbek va ingliz tillaridagi leksikografik
manbalardan keng ko‘lamda foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
“Uy” va “oila” tushunchasi deyarli barcha milliy madaniyatlarda asosiy
tushunchalardan hisoblanadi, chunki u inson kundalik maishiy hayoti jihatlarining
barchasini o‘z ichiga oladi. “Uy” va “oila” subkonseptlari ko‘p maʼnoli tushunchadir
va shuning uchun ularning maʼnolarini to‘liq aks ettirib, ochib berib yagona maʼnosini
aniqlash maʼlum darajada murakkabdir.
Dastlab “uy” tushunchasi haqida so‘z yuritaylik. O‘zbek tilining etimologik
lug‘atida “uy” qadimgi turkiy so‘z bo‘lib, yashashga, ishlashga xizmat qiladigan
qurilma, bino, xona maʼnosini bildiradi (Rahmatullayev Sh., 2000: 382). Undan
tashqari, O‘zbek tilining izohli lug‘atida bu so‘zning bir qancha maʼnolari, jumladan,
“Yashash uchun va turli tashkilot, muassasa joylashishi uchun mo‘ljallangan bino,
yashash uchun mo‘ljallangan bino ichidagi har bir xona, biror ijtimoiy yo‘nalishga
qaratilgan muassasa, oila, xonadon, biror oila yoki xonadon o‘rnashgan bino va shu
binoga taalluqli yer, hovli.” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-j., 1981: 268) deb taʼrif
berilgan.
Endi o‘rganilayotgan subkonsept maʼnosini kengroq ko‘rib chiqadigan bo‘lsak,
o‘zbek madaniyatida mahalliy maʼnodan tashqari, asosan turar joyni bevosita
ifodalovchi “uy” so‘zi ko‘proq global maʼnoga ega bo‘lib, unda bu tushunchaga dunyo
modeli, yaʼni himoya qiladigan, muqaddas, estetik, ijtimoiy vazifalarni bajaradigan
vatan obrazi sifatida qaralgan. Zero, o‘zbeklar uchun butun mamlakat, hatto, o‘z
hayotidan kechib bo‘lsa-da, o‘z kuchlari evaziga dushman hujumlaridan himoya
qilishga muhtoj bo‘lgan uy sifatida qabul qilinadi. Shu maʼnoda, o‘zbeklar
madaniyatida “vatan” va “uy” bir-biriga juda yaqin va o‘zaro bog‘liq deb aytish
mumkin. Chunki o‘zbek xalqining lisoniy manzarasida “uy” – bir kichik vatandir.
“Uy” tushunchasining madaniy qiymati va ahamiyati o‘zbek xalq folklorida o‘z
aksini topmasdan imkoni yo‘q bo‘lib, mazkur leksema bevosita va bilvosita ko‘pgina
maqollarda mavjud va bu maqollarni mavzu jihatidan uch guruhga ajratish mumkin.
1) uyga muhabbat:
O‘zganing toqu ravoqidan, o‘zingni ayvoning yaxshi;
O‘z uying, o‘lan to‘shaging;
Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga.
2) uy himoyasi (vatan maʼnosida):
El senga cho‘zsa qo‘l, unga doim sodiq bo‘l;
El boshiga tushgan ish – er boshiga tushgan ish;
El boshiga ish tushsa, el yaratgan er kelar.
3) uy tushunchasi psixologik va hissiy quvvatlovchi vazifani bajarishi:
Ona yurting – oltin beshiging;
Ona yurting omon bo‘lsa, rangi ro‘ying somon bo‘lmas;
Har kimning o‘z eli – o‘ziga shirin.
“Home” tushunchasi ingliz tilida so‘zlashuvchilar madaniyatining muhim
tarkibiy qismidir. “Home” leksemasining kelib chiqishi qadimgi inglizcha “hom”
(protogermancha “heimaz”), so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, uning sinonomik qatori turar
joy, uy, mulk, qishloq kabilarni bildiradi. Ingliz tilining zamonaviy lug‘atlarida “vatan”
tushunchasini bildirgan “home” so‘ziga quyidagicha taʼriflar berilgan: 1) the place
where you live; 2) the place where you were born or where you feel you belong; 3) a
place where those who need help are looked after; 4) the place to be reached in a race
or in certain games; 5) family, the place where a child lived with his or her family; 6)
the country where you live, as opposed to foreign countries; 7) the place where you
feel comfortable, happy or confident, relaxed; 8) a house, apartment etc considered as
property which you can buy or sell; 9) sweet home, used to say how nice it is to be in
your own house ( Longman Dictionary of Contemporary English, 2005: 1950).
Uyning “yopiqligi” g‘oyasi “o‘ziniki-birovniki” kabi muhim qarama-qarshilik
bilan bog‘liq bo‘lib, inglizlarning olamni lingvistik manzarasiga ko‘ra, aynan “house”
so‘zi boshqa odamlar buzmoqchi bo‘lgan “o‘ziniki” bo‘lgan makonining saqlanishini
taʼminlaydi.
Ingliz tili lug‘atlarida “house” so‘zining quyidagi maʼnolari mavjud: 1) a building
made for people to live in, usually designed for one family; 2) a building or
establishment for a special purpose, the opera house; 3) a building for a government
assembly; the assembly itself, the House of Commons, the House of Lords; 4) one of
the divisions of a school for sports competitions etc; 5) a family or dynasty, the royal
house of Tudors; 6) a company, especially one involved in a particular area of business;
7) get on/along like a house on fire, to quickly have a very friendly relationship; 8) set
up house, to start to live in a house, especially with another person (Macmillan English
dictionary of advanced learners, 2002: 1126).
Bu ikki so‘zning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lib, “house” uy sifatida birga bo‘lgan
(unity) bir guruh odamlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, “home” uy sifatida alohida bir
odam uchun mo‘ljallangan.
Har bir inson uchun “home” yoki “house” – bu oilasi, do‘stlari va boshqa yaqinlari
yashaydigan, o‘zi o‘sgan “kichik vatan” hisoblanadi. Inglizlar uchun “home” yoki
“house” boshqa narsalardan muhimroq bo‘lib, ularning hayot tarziga ko‘ra, “home”
yoki “house” ular uchun koinotning markazidir. Shuning uchun bo‘lsa kerakki,
inglizlar “vatan” deganida “uy” maʼnosini anglashadi.
Ingliz tilidagi “home” subkonsepti, boshqa tillardagi kabi idiomatik iboralarda
yorqin tarzda aniq aks etadi. Ingliz tilidagi maqolalarni idiomatik lug‘atlardan tanlab
tahlil qilish asosida “home” tushunchasini o‘z ichiga olgan idiomalar guruhlarini uchta
asosiy tematik guruhga bo‘lish mumkin:
1) uy doimiy va mustahkam narsadir:
A house divided against itself cannot stand.
An Englishman’s home is his castle
2) Uyga muhabbat:
East or west, home is best.
Every bird likes its own nest.
There is no place like home.
3) Uy nafaqat turar joy, balki oila maʼnosida:
His hat covers his family.
A house is not a home.
Men make houses, women make homes
Endi “oila” subkonsepti haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, “oila” subkonsepti,
xuddi “uy” subkonsepti kabi ko‘p maʼnoli tushunchadir va shuning uchun uning
maʼnosini to‘liq aks ettirib va ochib berib yagona maʼnosini aniqlash maʼlum darajada
murakkabdir. Lekin shunga qaramasdan, ko‘pgina leksikografik lug‘atlarda “oila”
tushunchasi deyarli bir xil taʼriflarga ega va umuman, nikoh yoki qarindoshlikka
asoslangan kichik guruh sifatida talqin etilib, bu kichik guruh aʼzolari umumiy hayot
tarziga, o‘zaro yordam, o‘z oila aʼzolari oldida axloqiy va huquqiy javobgarlik bilan
bog‘liqdirlar. Tarixiy jihatdan bu leksemaning maʼnosi doimiy ravishda kengayib
borgan.
“Oila” so‘zi o‘zbek tiliga arab tilidan ( ( عائلة(Baranov X., 1994: 553) kirib kelgan
bo‘lib, “qaramog‘idagi kishilarni boqdi” maʼnosini anglatadi (Rahmatullayev Sh.,
2000: 338). O‘zbek tilining izohli lug‘atida “oila” so‘zi maʼnosi quyidagicha
taʼriflangan: 1. Er-xotin, ularning bola-chaqalari va eng yaqin tug‘ishganlaridan iborat
birga yashovchi kishilar majmuasi, xonadon; 2. Bir maqsad va maslak bilan birlashgan,
ko‘p kishilar, xalqlar, mamlakatlar; 3. O‘simliklar va hayvonlar sistemasida tuzilish
jihatidan, bir-biriga o‘xshash, kelib chiqishi jihatidan ham o‘zaro yaqin bir necha
urug‘ni o‘z ichiga olgan guruh; 4. Rafiqa, xotin (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-j.,
1981: 526).
Oila jamiyatning birinchi va birlamchi zarrasidir. Jamiyat, davlat, vatan ana shu
kichik zarralardan tashkil topadi. Oila aʼzolarining har biri o‘ziga xos feʼl-atvorga ega.
Odamlar betakror ekanlar, oilalarning bir-biriga o‘xshamasligi ayondir. Oila aʼzolari
bir-birlari bilan umumiy turmush, o‘zaro iqtisodiy, mulkiy, huquqiy, axloqiy, ruhiy
aloqalar bilan bog‘lanadi. Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa bo‘lib,
oilaning ichki ishlariga hech kim huda-behuda aralashishga haqli emas. Shu sababli
oila muqaddas va daxlsiz hisoblanadi. Ramziy qilib aytsak, oila o‘ziga xos kichik bir
muxtor davlat, maʼlum bir sonli kishilar guruhining birlamchi vatanidir.
O‘zbek oilalarining har birida o‘ziga yarasha qoidalar bo‘lib, bu oilalarda
birinchidan, buvi va bobolarni, ota-onani hurmat-ehtirom qilish, bir ish qilishdan avval
ulardan maslahat va duo olish, ahillikda yashash va shu kabi juda ko‘p – er-xotin, otaona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarga tegishli qadriyatlar mavjud.
O‘zbek xalqi madaniyatida “oila” subkonseptining nominativ doirasini o‘zbek
folklorida mavjudligi va ahamiyatiga ko‘ra aks ettirilgan maqollardan kelib chiqib
mavzu jihatidan to‘rtta guruhga bo‘lish mumkin:
1) oilaviy qadriyatlar:
Inoq oilada beshik bo‘shamas;
Oila tinch – yurt tinch;
Oila – qo‘sh ustunli ayvon.
2) bolalar tarbiyasi:
Ota-onang duosi o‘tga, suvga botirmas;
Yaxshi boladan – rahmat, yomon boladan – laʼnat;
Rahmat olgan omondir, laʼnat olgan yomondir.
3) ota-ona – oilaning ko‘rki:
Oltin-kumushning eskisi bo‘lmas, ota-onaning bahosi bo‘lmas;
Ota bilan bola – gul bilan lola;
Xotinning sarishtasi – odamning farishtasi.
1) yoshi kattalarga bo‘lgan munosabat:
Kattaga hurmatda bo‘l, kichikka izzatda bo‘l;
Qarisi bor uyning parisi bor;
Osh – kattadan, xizmat – kichikdan.
Ingliz tilida “family” so‘zi lotincha “servant” (xizmatkor) maʼnosini anglatuvchi
“famulus” so‘zidan kelib chiqqan. Leksemaning “xizmatkor” maʼnosini anglatishi,
birinchi qarashda, g‘ayrioddiy maʼnoga ega ekandek tuyuladi. Lekin bunga, dastlab
xizmatkorning vazifalariga uy ishlarini kuzatib borish, uning tozaligi va tartibliligini
nazorat qilish hamda tashqi salbiy taʼsirlardan asrash sabab bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan
uydagi barcha kundalik turmush farovonligi va shinamlikni vujudga keltirgan bu inson,
yaʼni xizmatkor oila aʼzolariga tenglashtirilgan.
Ingliz tilining zamonaviy “Cambridge dictionary” izohli lug‘atida “family”
tushunchasi bir-biri bilan bog‘liq, yaʼni qarindoshlar – ota-ona va farzandlardan tashkil
topgan bir guruh odamlar (a group of people who are related to each other, such as a
mother, a father, and their children) (Cambridge Learner’s dictionary 2007: 94) deb
talqin qilingan.
Ingliz xalqi madaniyatida oila doirasiga ota-onalar va bolalar kiradi.
Britaniyaliklar uchun oila, xuddi uy kabi, ularning qalʼasi bo‘lib, bu oila-uy hayotning
barcha qiyinchiliklaridan yashirinadigan joy. Biroq, o‘zbek oilalariga o‘xshab ular
oilani doimiy ravishda o‘zaro o‘zining har bir aʼzosi bilan aloqada bo‘lgan yagona
tizim, guruh sifatida emas, balki ingliz oilasi ichidan yopiq, yaʼni oila aʼzolarining
barchasi shaxsiy ko‘lamini, maydonini va shaxsiy hayotlarini begonalarga tegishli
emasligini saqlashga urinadilar.
Farzandlar tarbiyasida asosiy rolni ota o‘ynaydi, u ustoz va o‘rgatuvchi
hisoblanadi. Ijtimoiy muhit tarbiyaning muhim jihati hisoblanadi va shu sababli otaonalar bolalarni tashqi taʼsirlardan himoya qilmaydilar, shuning uchun ular bolalikdan
o‘zlarini mustaqil, ijtimoiy jihatdan masʼul shaxslar sifatida his qiladilar. Boshqa
tomondan, ingliz oilasining anʼanaviy tipiga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlariga
nisbatan yorqin his-tuyg‘ularini namoyon etmaydilar. Ayniqsa, begonalar oldida nozik
his-tuyg‘ularni namoyish qilish, qabul qilib bo‘lmaydigan zaiflik hisoblanadi.
Ingliz madaniyatida er va xotin o‘rtasidagi munosabatlar juda cheklangan
xususiyatga ega bo‘lib, er va xotin kamdan-kam hollarda bir-birining ishlariga
aralashadilar, ular uchun yorqin ifodalangan his-tuyg‘ular xos emas. Bunday oilaviy
hayot tarzi, turmush qurishning erta bosqichda har qanday janjaldan qochish imkonini
beradi.
Shuningdek, inglizlarning keksa oila aʼzolariga bo‘lgan munosabati ham
o‘zgacha. Britaniyaliklarning aksariyati keksa ota-onalarini ortiqcha noqulaylik deb
bilishadi va shuning uchun keksa odamlar ko‘pincha qarindoshlari tomonidan tark
etiladi. Agar daromadlari yaxshi bo‘lsa, qariyalar uylarida hayot kechirishadi.
Inglizlar madaniyatida “family” subkonseptining nominativ doirada mavjudligi
va ahamiyatiga ko‘ra aks ettirilgan maqollarni mavzu jihatidan uchta guruhga bo‘lish
mumkin:
1) bolalarni tarbiyalash:
Every father remembers that one day his son will follow his example instead of
his advice;
Parents are patterns;
A tree must be bent while young.
2) oilaviy qadriyatlar:
The family is one of nature’s masterpieces;
You don’t choose your family. They are God’s gift to you;
The love of a family is life’s greatest blessing.
3) ayol – oila ko‘rki (ham ijobiy, ham salbiy maʼnoda):
All are good lasses, but whence come the bad wives?
Men make houses, women make homes;
A good husband should be deaf and a good wife should be blind.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Shunday qilib, o‘zbek madaniyatidagi mahalliy maʼnodan tashqari, asosan turar
joyni bevosita ifodalovchi “uy” so‘zi ko‘proq global maʼnoga ega bo‘lib, unda bu
tushunchaga dunyo modeli, yaʼni himoya qiladigan, muqaddas, estetik, ijtimoiy
vazifalarni bajaradigan vatan obrazi sifatida qaraladi. O‘zbeklar madaniyatida “vatan”
va “uy” bir-biriga juda yaqin va o‘zaro bog‘liq deb aytish mumkin. Chunki o‘zbek
xalqining lisoniy manzarasida “uy” – bir kichik vatandir. Inglizlar uchun “home” yoki
“house” – bu oilasi, do‘stlari va boshqa yaqinlari yashaydigan, o‘zi o‘sgan “kichik
vatan” hisoblanadi. Inglizlar uchun “home” yoki “house” boshqa narsalardan
muhimroq bo‘lib, ularning hayot tarziga ko‘ra, “home” yoki “house” ular uchun
koinotning markazidir. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, inglizlar “vatan” deganida “uy”
maʼnosini anglashadi.
“Oila” tushunchasi o‘zbek xalqining madaniy konseptosferasida eng muhim
element hisoblanadi, yaʼni “kichik vatandir”. O‘zbek maqollarida ifoda etilgan “oila”
tushunchasi anʼanaviy ijtimoiy-madaniy qadriyatlar sifatida “kichik vatan” sifatida
namoyon bo‘ladi. O‘zbek oilalarining har birida o‘ziga yarasha qoidalar bo‘lib, bu
oilalarda, birinchidan, buvi va bobolarni, ota-onani hurmat-ehtirom qilish, bir ish
qilishdan avval ulardan maslahat va duo olish, ahillikda yashash va shu kabi juda ko‘p
munosabatlarga – er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarga tegishli
qadriyatlar mavjud.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu ilmiy maqolada o‘zbek va ingliz tillarida
“uy”, “oila” so‘zlari bilan bog‘liq maqollarda ifodalangan “vatan” tushunchasi
o‘rganildi. Tadqiqotimizda uy va oila tushunchalari doirasida “vatan” ifodasining
madaniy va lingvistik ko‘rinishlarini qiyoslash va solishtirish uchun har ikki tildan
maqollar tanlab tahlil qilindi. O‘zbek va ingliz tillarida “uy”, “oila” so‘zlari bilan
bog‘liq maqollarning qo‘llanishi “vatan” tushunchasiga chuqur madaniy
aloqadorliklarni ochib beradi. Bu maqollar tahlili natijasida ma’lum bo‘ladiki, har ikki
tilda ham uy va oila insonning o‘ziga xosligi va daxldorlik tuyg‘usining ajralmas
tarkibiy qismi sifatida ahamiyatini ta’kidlaydi. Bu hikmatlar avloddan-avlodga o‘tib
kelayotgan qadriyat va an’analarning ko‘zgusi bo‘lib, muhabbat, birdamlik, madaniy
meros, g‘urur kabi umuminsoniy mavzularni yoritadi. Ushbu lingvistik tushunchalarni
o‘rganish orqali biz turli madaniyatlarning “vatan” bilan bog‘liqligini ifodalashning
xilma-xil usullarini yaxshiroq tushunamiz.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Баранов, Х.К. (1994) Арабско-русский словарь. Том 2. – Тошкент:
Шарқ.
2. Раҳматуллаев, Ш. (2000) Ўзбек тилининг этимологик луғати (туркий
сўзлар). 2-жилд. – Тошкент: Университет.
3. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Биринчи жилд. З. М. Маъруфов таҳрири
остида. – Москва: “Русский язык” нашриёти, 1981.
4. Longman Dictionary of Contemporary English. – London: II Summers
Della, 2005.
5. Macmillan English dictionary of advanced learners. – London: Macmillan
Publishers Limited, 2002.
6. The Oxford English Dictionary. – Oxford: Clarendon Press, 1993.
7. Cambridge Learner's dictionary 2007: 94 https://www.amazon.co.uk
/Cambridge-Learners-Dictionary-Kate-Woodford
REFERENCES:
1. Baranov, X.K. (1994) Arabsko-russkiy slovar. Tom 2. – Toshkent: Sharq. (In
Russian)
2. Rahmatullayev, Sh. (2000) O‘zbek tilining etimologik lug‘ati (turkiy so‘zlar).
2-jild. – Toshkent: Universitet. (In Uzbek)
3. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Birinchi jild. Z. M. Maʼrufov tahriri ostida. –
Moskva: “Russkiy yazyk” nashriyoti, 1981. (In Uzbek)
4. Longman Dictionary of Contemporary English. – London: II Summers Della,
2005.
5. Macmillan English dictionary of advanced learners. – London: Macmillan
Publishers Limited, 2002.
6. The Oxford English Dictionary. – Oxford: Clarendon Press, 1993.
7. Cambridge Learner’s dictionary 2007: 94 https://www.amazon.co.uk
/Cambridge-Learners-Dictionary-Kate-Woodford