ARAB TILINI O‘RGANISHDA ZAMONAVIY DASTURIY ILOVALARDAN
FOYDALANISH
USING MODERN APPLICATIONS IN LEARNING THE ARABIC
LANGUAGE
ИСПОЛЬЗОВАНИЕ СОВРЕМЕННЫХ ПРИЛОЖЕНИЙ ПРИ ИЗУЧЕНИИ
АРАБСКОГО ЯЗЫКА
Xodjimuratova Zuxra Zaynitdinovna
Oriental universiteti,
Aniq fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi
Tel: +998 93 589-58-11
zukhra-doctor@yandex.ru
Lutfullayeva Mohira Xayrullo qizi
Oriental universiteti,
Sharq tillari kafedrasi 2-kurs talabasi
Tel: +998 93 599-41-14
lutfullayevamohira2210@gmail.com,
Annotatsiya: Mazkur maqolada arab tilini o‘rganishda zamonaviy axborot
texnologiyalari yutuqlaridan foydalanish masalalari haqida fikr bildirilgan. Unda ba’zi
zamonaviy ilovalardan, xususan, Rosetta Stone, Busuu, Prompt, Bab.la, Google
tarjimon kabi dasturlardan foydalanib, arab tiliga doir ishlarni bajarish imkoniyatlari
haqida so‘z yuritilgan. Sir emaski, arab yozuvining o‘ziga xos jihatlari mavjud va
standart klaviatura foydalanuvchilari arabcha matnlarni kompyuterda yozishda
qiyinchiliklarga duch kelishadi. Jumladan, yurtimizdagi aksariyat klaviaturalarda arab
shriftlarining aks ettirilmaganligi ham bu mavzuda alohida tadqiqot ishini amalga
oshirish zaruratini yuzaga keltirdi. Shuning uchun mazkur maqolada arab alifbosi
uchun maxsus ishlab chiqilgan Virtual klaviatura ilovasini ishlatish haqida
ma’lumotlar keltirildi. O‘ylaymiz-ki, ushbu maqola arab tilini o‘rganish istagida
bo‘lgan o‘quvchilar uchun foydali bo‘ladi.
Kalit so‘zlar: arab yozuvi, virtual klaviatura, elektron ilovalar, zamonaviy
axborot texnologiyalari, ta’lim, Rosetta toshi, Busuu, Prompt, Bab.la, Google tarjimon,
internet.
Annotation: This article expresses an opinion on the issues of using modern
information technologies in learning the Arabic language. It informs about the
possibilities of working on the Arabic language using some modern applications, in
particular, Rosetta Stone, Busuu, Prompt, Bab.la, and Google Translate. It's no secret
that the Arabic script has its own peculiarities, and users of standard keyboards have
difficulty in typing Arabic texts on a computer. In particular, the fact that Arabic fonts
are not displayed on most keyboards in our country made it necessary to carry out a
separate research on this topic. Therefore, this article provides information on using a
Virtual Keyboard application specially designed for the Arabic alphabet. We believe
that this article will be useful for students who want to learn Arabic.
Key words: Arabic script, virtual keyboard, electronic applications, modern
information technologies, education, Rosetta Stone, Busuu, Prompt, Bab.la, Google
Translator, internet.
Аннотация: В данной статье изложено мнение по вопросам использования
современных информационных технологий при изучении арабского языка.
Рассказывается о возможностях работы над арабским языком с помощью
некоторых современных приложений, в частности Rosetta Stone, Busuu, Prompt,
Bab.la, Google Translate. Ни для кого не секрет, что арабская письменность имеет
свои особенности, и пользователи стандартных клавиатур испытывают
трудности с набором арабских текстов на компьютере. В частности, тот факт, что
арабские шрифты не отображаются на большинстве клавиатур в нашей стране,
заставил провести отдельное исследование на эту тему. Поэтому в этой статье
представлена информация об использовании приложения виртуальной
клавиатуры, специально разработанного для арабского алфавита. Мы считаем,
что эта статья будет полезна студентам, которые хотят выучить арабский язык.
Ключевые слова: Арабская надпись, виртуальная клавиатура,
электронные приложения, современные информационные технологии,
образование, Rosetta Stone, Busuu, Prompt, Bab.la, Google Translator, интернет.
KIRISH
Somiy tillar guruhining janubiy tarmog‘iga mansub arab tili Yaqin va O‘rta
Sharq hamda Afrika shimolidagi yigirmadan ortiq mamlakatning davlat tili hisoblanadi
va dunyo bo‘ylab 422 milliondan ortiq kishi ushbu tilda muloqot qiladi. Arab tili
dunyodagi eng muhim tillardan biri hisoblanadi. Arab tilining o‘ziga xos jihatlari bor
va u o‘ngdan chapga yoziladigan o‘ziga xos tillardan biridir. Shuningdek, dunyoda
o‘rganish qiyin bo‘lgan tillardan biri deb ham hisoblanadi.
1973-yilning 18-dekabrida BMT Bosh assambleyasi arab tilini tashkilotning olti
rasmiy tilidan biri deb e’lon qildi va 2012-yildan buyon Xalqaro arab tili kuni
nishonlanib kelinmoqda. Shu munosabat bilan, arab tili bilan shug‘ullanuvchi tashkilot
va universitetlar arab tilining ahamiyati hamda uning o‘tmishi va hozirgi zamondagi
o‘rni borasida seminar va bayram tadbirlari oʻtkazib keladi.
Hozirgi kunda respublikamizning bir qator chet el davlatlari bilan aloqalarning
rivojlanishi samarasi o‘laroq tarjimonlik sohasi ayniqsa taraqqiy etib, ommalashib
bormoqda.
Oxirgi yillarda ko‘p yoshlar turli tillarni o‘rganishga qiziqishlari ortib bormoqda.
Shu tillar ichida arab tiliga bo‘lgan qiziqish ham alohida o‘rin egallaydi. Tilni
to‘laqonli o‘rganish uchun nafaqat unda gapirish, balki xatosiz yozish ham muhim
ahamiyatga ega. Ayniqsa, axborotlashgan jamiyatda axborot texnologiyalarini qo‘llay
olib, shu tilda xatlar, xabarlar va ma’lumotlarni yoza olish, uzata olish o‘ziga yarasha
bilim va ko‘nikmalarni bilishni talab qiladi. Mazkur zaruratlarni inobatga olgan holda
ushbu maqolada arab tilini o‘rganuvchilar uchun axborot texnologiyalaridan
foydalanishning ba’zi samarali jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz. Shuningdek, arabcha
matnga tarjimalarni amalga oshiruvchi dasturlar haqida ham fikr yuritamiz.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mavzuga oid manbalarni o‘rganish davomida M..Hasanov, M..Abzalova,
S..G‘ulomov, M. Lutfullayeva, D. Aliyev kabi tadqiqotchilarning ilmiy ishlari bilan
tanishib chiqildi. M. Hasanov hamda M. Abzalova tomonidan nashr etilgan “Arab tili
darslari (Oʻquv qo‘llanma)” arab tilini oʻrgatishda foydalaniladigan muhim
manbalardan biri hisoblanadi. Ammo unda klaviaturadan foydalanishning texnik
tomonlari haqida fikr yuritilmagan. S..G‘ulomovning “Informatika va axborot
texnologiyalari: Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun darslik” nomli kitobida
klaviaturadan foydalanish haqida so‘z boradi. Biroq bunda arab alifbosining o‘ziga xos
xususiyatlari, arabcha harflarni yozishga ixtisoslashgan dasturlar haqida yetarli
ma’lumot uchramaydi. M. Lutfullayeva hamda D. Aliyevning “Chet tillarni o‘qitishda
zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish” maqolasida esa asosan ingliz va
rus tillarini o‘rganishda axborot texnologiyalaridan foydalanish haqida so‘z yuritilgan.
Ma’lumki, chet tillarini o‘rganishda zamonaviy dasturiy vositalaridan foydalanish
ko‘plab foydali yechim va imkoniyatlarni beradi, jumladan sun’iy tafakkur
texnologiyalari, neyron tarmoqlar imkoniyatlari juda katta yechimlarga olib kelishi
mumkin. Sanab o‘tilgan kamchiliklar va imkoniyatlarni e’tiborga olib, mazkur
maqolada ko‘tarilgan mavzu yetarlicha tadqiq qilinmagan, deyish mumkin.
Shuningdek, arab tilini o‘rganuvchilar soni kundan-kunga ortib borayotganligini
inobatga olib, arab tilini o‘rganishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash
zamon talabi hisoblanadi. Ushbu imkoniyatlardan til mutaxassislari ham o‘z kasbiy
faoliyatlarida foydalansa, yaxshi natijalarga erishishlari mumkin bo‘ladi. Erishilgan
tadqiqot natijalarini keng ommaga foydali bo‘lishini maqsad qilgan holda
e’tiboringizga havola etamiz.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Axborotlashgan jamiyatda yashayotgan zamonaviy inson o‘z faoliyatida axborot
texnologiyalarini bilishi va foydalana olishi davr talabi hisoblanadi. Har bir sohada
yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun axborot texnologiyalari imkoniyatlarini ishlata va
qo‘llay olish, bu orqali yaxshi natijalarga erishish ko‘zda tutiladi. Ayniqsa, tillarni
o‘rganishda axborot texnologiyalarining o‘rni katta hisoblanadi. Dunyo tillari ichida
arab tilining tutgan o‘rni beqiyosdir. Mustaqil O‘zbekiston yoshlarining arab tiliga
qiziqishi, kelajakda arab tili mutaxassislarining ko‘payishiga, tarjimonlar yetishib
chiqishiga, arab davlatlari bilan diplomatik va savdo-sodiq aloqalarini yanada samarali
yo‘lga qo‘yishga, arab tilida yozilgan yodgorliklar, manbalar, asarlarni o‘qib, tarjima
qilib, xalqimizga yetkazishga katta hissa qo‘shadi, deb umid qilamiz. Arab tilida
axborot texnologiyalaridan foydalanishda eng avvalo klaviaturani yaxshi bilish va arab
alifbosi harflarini to‘g‘ri qo‘llay olish talab etiladi. So‘ngra zamonaviy dasturlar bilan
tanishish va imkoniyatlarini bilish, shaxsiy va kasbiy faoliyatda to‘g‘ri qo‘llay ola
bilish kerak bo‘ladi.
Hozirgi kunda arab tili Respublikamizning Toshkent davlat sharqshunoslik
institutida, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida asosiy fan sifatida oʻqitilsa,
Oʻzbekiston milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va
Toshkent davlat pedagogika universitetining filologiya va tarix fakultetlarida
qoʻshimcha til sifatida oʻqitib kelinmoqda (Hasanov M., Abzalova M., 2016: 1).
Klaviatura so‘zi – bu foydalanuvchi uchun kompyuterga ma’lumot kiritish
imkonini beruvchi qurilma hisoblanadi. Birinchi kompyuterlarda klaviatura
bo‘lmagan. Ma’lumotlar kompyuterga mexanik kalitlar va simlar yoki perfokartalar
yordamida kiritilar edi.
Klaviatura axborotlarni shaxsiy kompyuterga kiritish uchun mo‘ljallangan.
Shuni ta’kidlash lozimki, hozircha klaviatura shaxsiy kompyuterdan foydalanuvchilar
tomonidan alifboli va raqamli axborotlarni shaxsiy kompyuterga kirituvchi asosiy
moslama hisoblanadi (G‘ulomov S., 2010: 2).
TAHLIL VA NATIJALAR
Odatda, standart klaviaturada ingliz va rus alifbo harflari mavjud bo‘ladi, arab
harflari standart klaviaturalarda aks ettirilmagan. Shu bois zarurat bo‘lgan holatlarda
virtual “Ekran klaviaturasi” ilovasidan foydalanish mumkin. “Ekran klaviaturasi”
ilovasiga kirish uchun Windowsning Pusk tugmasida joylashgan «Специальные
возможности» bandidan foydalaniladi.
Matn terishni arab shriftiga o‘tkazib olamiz. Shunda virtual klaviaturada arabcha
klavishlar ko‘rinadi (1-rasm). Arab tilidan doimiy ravishda foydalanuvchilar esa, arab
harflari yozilgan yopishtiruvchi yorliqlarni oddiy klavishlar ustiga virtual
klaviaturadagi kabi yopishtirib chiqishlari ham yaxshi usuldir. Lekin ikkala holatda
ham arab tilidagi harakatlar, e’roblarni yozish kerak bo‘lganda, klaviaturadagi “shift”
belgisini bosish kerak bo‘ladi.
XX asrning oxiri va XXI asrning birinchi o‘n yilligida ommaviy kompyuter
dasturlari, avtomatik veb-saytlar, mashina tarjima tizimlari paydo bo‘ldi va kundalik
hayotda tarjimon dasturlar deb atala boshlandi. Bu nom ko‘pincha “tarjimon”
ko‘rinishigacha qisqartirildi.
Bunday dasturlar arab tiliga xos matnlarni terishga, tahrir etishga, hamda boshqa
tillardan arab tiliga ma’lumotlarni tarjima qilishga katta yordam beradi. Shu sababli,
mazkur maqolada klaviaturaga oid ma’lumotlar bilan birgalikda arab alifbosidagi
matnlarni hosil qilishda qo‘llash mumkin bo‘lgan dasturlar haqida ham fikr yuritib,
ularning afzallik va kamchilik jihatlarini tahlil etamiz.
1-rasm. Virtual klaviaturaning arabcha shriftli ko‘rinishi
Zamonaviy davrda bunday mutaxassis, odatda, maxsus oliy ma’lumotga ega
bo‘lishi kerak: bu tarjima yoki keng filologik yo‘nalishdagi oliy ma’lumot bo‘lishi
mumkin va sohaga oid, iqtisodiy, yuridik, texnik, tibbiy va boshqa sohalardagi
tarjimalarni amalga oshirish uchun shaxs faoliyatining tegishli sohasida oliy
ma’lumotga ega iqtisodchilar, huquqshunoslar, muhandislar, shifokorlar, mashinistlar,
ular o‘zining oliy ma’lumoti va kasbiy aloqa sferasida tarjimonlarni tayyorlash kurslari
doirasida olinishi mumkin bo‘lgan yetarlicha lingvistik va tarjimonlik tayyorgarligiga
ega bo‘lgan holatda jalb qilinadi (Lutfullayeva M., 2024: 3).
Hammamizga ma’lumki, hozirgi zamonaviy axborot va kommunikatsiya
texnologiyalarini o‘qitishning yangi shakl va metodlarini ishlab chiqish uchun keng
imkoniyatlar yaratilmoqda (Aliyev D., Lutfullayeva M., 2024: 4).
Axborot texnologiyalari davrida turli xil dasturiy ilovalardan foydalanib, ko‘plab
tillarni, jumladan, ingliz, arab, ispan, fransuz, italyan, nemis, irland, golland, rus, xitoy
va boshqa tillarni o‘rganish mumkin va buning uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bu
imkoniyatlar, hozirda, hattoki sun’iy tafakkur tizimlari va neyron tarmoqlarga
asoslangan texnologiyalarni ishlatishi bilan e’tiborga loyiq.
Quyida arab tilini o‘rganishda ko‘plab imkoniyatlarni beradigan zamonaviy
dasturlarning ba’zilari bilan tanishib chiqamiz:
1. Busuu - ilovasidan foydalanish oson hamda ilova turli xil darajadagi til
o‘rganuvchilari uchun juda qulaydir. Foydalanuvchi shunchaki ro‘yxatdan o‘tib,
o‘rganmoqchi bo‘lgan tili va darajasini tanlaydi. Ilova foydalanuvchiga gaplar ichidagi
so‘z va so‘z birikmalarini o‘rgatadi, so‘ngra bosqichma-bosqich test ko‘rinishida
imtihondan o‘tkazadi. O‘rganish mumkin bo‘lgan tillar: arab, fors, nemis, ispan,
portugal, fransuz, ingliz, italyan, rus, polyak, turk, yapon, xitoy tillaridir. Busuu bilan
Anroid, iOS yoki internet vositasida tilni o‘rganish mumkin.
Bu dasturning afzalliklari quyidagilardir:
• Yozma “erkin uslub” mashqlari. O‘z jumlalari va matnlarini tuzish qobiliyatini
rivojlantiradi. To‘liq erkinlik, xohlagancha yozing, yangi so‘zlarni mashq qiling -
bularning barchasi ona tilida so‘zlashuvchilar tomonidan tekshiriladi;
• Ona tilida so‘zlashuvchilar bilan suhbat;
• Ona tilida so‘zlashuvchilar orasida do‘stlar topish imkoniyati.
Bu dasturning kamchiliklari quyidagilardir:
- juda aniq tarjimalar emas;
- grammatika bo‘yicha zaif tushuntirishlar uchraydi;
- oddiy testlar - ko‘pgina savollarga tilni umuman bilmasdan javob berish
mumkin.
Bizningcha, sanab o‘tilgan kamchiliklar bo‘lsa-da, bu dastur boshlang‘ich va
davom ettiruvchi darajadagilar uchun ham birdek foydali bo‘ladi. Unda arab tilini
o‘rganish uchun arab tilidagi musiqalarni eshitish va filmlarni ko‘rish, onlayn-oflayn
tarzda ishlash imkoniyatlari va boshqa ko‘plab imkoniyatlar ham mavjud.
2. Rosetta Stone - tillarni o‘rganish uchun professional darajadagi servis. Bu
ilova asosan, sayohatlar davomida ko‘p qo‘llanadigan so‘z va iboralardan ta’lim olish
imkoniyatlarini ochib beradi. Shuningdek, restoran, mehmonxonalar va turli xildagi
sayohatlar bilan bog‘liq asosiy so‘z va birikmalardan iborat so‘zlashgich bor va bu
sayohatga chiqqanlar uchun juda foydalidir. Agarda, foydalanuvchi istasa, rang,
valyuta va xaridga oid lug‘atlarni sotib olish imkoniyatiga ega. Bu ilova orqali
o‘rganish mumkin bo‘lgan tillar ro‘yxatiga: ispan, ingliz, fransuz, yapon, italyan,
nemis, xitoy, portugal, rus, polyak, arab, fors, koreys, golland, yunon, hind, irland va
boshqalar kiradi.
Bu dasturning quyidagi afzalliklari mavjud:
• turli xil vazifalar beriladi va shuning uchun o‘rganish zerikarli emas;
• siz shunchaki so‘zni yodlabgina qolmay, balki uni ma’lum bir tasvir bilan
bog‘laysiz;
• dasturni o‘zingiz uchun sozlashingiz mumkin: agar siz nutq yoki grammatikani
o‘rganishni xohlamasangiz, ularni shunchaki rad etishingiz mumkin;
• do‘stona interfeys;
• 30 dan ortiq xorijiy tillarni o‘rganish mumkin: eng mashhurlaridan tashqari,
hind, xitoy, filippin va boshqalar mavjud.
Bu dasturning kamchiliklari quyidagilardir:
• hech qanday qoidalar tushuntirilmaydi, ya’ni minimal bilim bazasi bo‘lmasa,
o‘rganish qiyin bo‘lishi mumkin;
• interfeysi ingliz tilida (garchi mualliflarning maqsadi sizni til muhitiga
singdirish ekanligini hisobga olsak, bu unchalik manfaatsiz emas);
• faqat bir nechta darslar bepul.
Bu dastur boshlang‘ich va davom ettiruvchi darajadagilar uchun ham birdek
foydalidir. Unda arab tilini o‘rganish uchun ko‘pgina imkoniyatlar bor.
3. Prompt – bu tillarni o‘rganishda professional dasturdir.
Dasturda ko‘pgina ilovalarda mavjud bo‘lgan afzalliklardan tashqari, yana
quyidagi alohida ajralib turadigan o‘ziga xosliklar mavjud:
• bu dastur – neyron tarmoqlarga asoslangan tildan tilga tarjima qilish uchun bepul
onlayn tarjimon (Neural Machine Translation) hisoblanadi;
• transkripsiyaga ega lug‘at, iboralar va boshqa qulay imkoniyatlarga ega.
• arab, ingliz, nemis, turk va 20 dan ortiq boshqa tillarga to‘g‘ri va aniq
tarjimalarni amalga oshiradi.
Bu dastur professional bo‘lsa ham, uning kamchiliklari til o‘rganishdagi
grammatika qoidalari faqat ingliz, nemis, fransuz va rus tillarida foydalanish mumkin,
ya’ni faqatgina arab tilining grammatikasi keltirilmagan, lug‘at sifatida ham
foydalanish mumkin.
4. Bab.la – bu ko‘plab tillarga tarjima qilish imkonini beradigan onlayn til portali.
Dasturda o‘rganish mumkin bo‘lgan tillar: arab, ispan, fransuz, ingliz, nemis, xitoy,
yapon, koreys, italyan, portugal, golland, irland, shved, turk, norveg, ukrain, rus,
polyak, hind, vetnam, venger, grek, indonez, hamda chex tillari. BAB.LA ilovasini
onlayn yoki Android, iOS va Windows tizimlarida ishlatish mumkin.
Bu dastur ham professional dasturlar turkumiga kiradi, unga juda ko‘p tillar
kiritilgan. Lug‘atlar, tarjimonlar, qoidalar, testlar, eshitish uchun mashqlar, turli
iboralar, o‘yinlar va boshqa yana ko‘pgina imkoniyatlar mavjud. Arab tilini o‘rganish
uchun esa faqat lug‘atlar va tarjimonlar xizmatlaridan foydalanish mumkin.
Bu dasturning afzalliklari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
• foydalanish bepul - Bab.la ko‘plab til juftliklari uchun bepul onlayn tarjima
xizmatlarini taqdim etadi;
• keng til qamrovi - Bab.la 30 dan ortiq tillar bo‘yicha tarjimani amalga oshiradi;
• do‘stona interfeys – foydalanuvchilar uchun qulay dizaynga ega;
• qo‘shimcha til resurslari - Bab.la lug‘atlar, lug‘at darslari va boshqa til o‘rganish
vositalarini taklif etadi;
• asosiy tarjimalar uchun foydali - tarjimalar oddiy iboralar yoki so‘zlar uchun,
ayniqsa umumiy til juftliklari uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Bu dasturning kamchiliklari sifatida quyidagilarni sanash mumkin:
• cheklangan aniqlik – sun’iy tafakkurga asoslangan tarjima xizmati sifatida
Bab.la tarjimalari professional inson tarjimalari kabi aniq yoki ravon boʻlmasligi
mumkin, ayniqsa murakkab yoki nozik matnlar uchun;
• kontekstdan xabardorlik yo‘q - tarjimalar matnning kengroq kontekstini hisobga
olmaydi, bu esa noto‘g‘ri yoki bema’ni tarjimalarga olib kelishi mumkin;
• ohang yoki uslub sozlamalari yo‘q - tarjimalarda kerakli ohang, rasmiyatchilik
yoki yozuv uslubi hisobga olinmaydi;
• tahrirlashdan keyingi funksiyalar yo‘q - avtomatlashtirilgan tarjimalarni
takomillashtirish yoki yaxshilashga yordam beradigan o‘rnatilgan vositalar mavjud
emas;
• maxfiylik bilan bog‘liq potensial muammolar - foydalanuvchilar har qanday
matn tarjima xizmati serverlari tomonidan qayta ishlanayotganidan xabardor
bo‘lishlari kerak.
5. Google tarjimon dasturi. Ko‘pgina tillarni o‘rgatuvchi ilovalar
foydalanuvchiga mashq qildirish orqali tilni o‘rgatadi. Google tarjimon esa yozish va
kiritilgan matnni aynan o‘sha tilda ravon va to‘g‘ri o‘qilishiga ham yordam beradi.
Audio tugma orqali speaker matnni 2 xil formatda: tez yoki sekin o‘qish imkonini
beradi. Google tarjimonda, shuningdek, so‘z va jumlalarni terib kiritish, qo‘lda yozish
va gapirish orqali tarjima qilish mumkin.
Ilovadan internetga ulanmagan holda ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Faqat til paketini oldindan yuklab olishni unutmang. Bundan tashqari, Google
tarjimonda har qanday matnni kamera orqali rasmga olib tarjima qilish imkoni ham
bor. Bunda dastur faqat bir necha tillardangina tarjima qila oladi. Google tarjimon juda
ko‘plab tillarda ishlay oladi, shu jumladan o‘zbek tilida ham. Ilovadan Android va iOS
tizimlari orqali foydalanish mumkin.
Bu dasturning asosiy afzalliklari quyidagilar:
• foydalanish oson: tarjima qilmoqchi boʻlgan matnni kiriting yoki matnni suratga
olish uchun qurilmangiz kamerasidan foydalaning va ilova uni bir zumda tarjima qilib
beradi;
• aniq tarjimalar: avtomatik ta’lim texnologiyasidan foydalangan holda Google
tarjimon tarjima aniqligini doimiy ravishda yaxshilab boradi;
• tillarning keng doirasi: ilova 100 dan ortiq tillarda, jumladan, ispan, fransuz,
nemis va turk kabi mashhur tillarda yaxshi ishlaydi;
• offlayn tarjima: til paketlarini yuklab olishingiz va ilovadan offlayn rejimda
foydalanishingiz mumkin. Bu internet aloqasi cheklangan hududlarga sayohat qilishda
foydalidir;
• ovozli tarjima: ilova shuningdek, qurilmangizda gapirish va matnni boshqa tilga
tarjima qilish imkonini beradi;
• Google tarjimon bepul. Tajribali professional tarjimon ko‘pincha pullik bo‘ladi;
• Google tarjimon dasturining asosiy afzalliklaridan biri – u juda tez ishlaydi.
Aslida, inson-tarjimonlar Google tarjimon amalga oshirishga qodir bo‘lgan tezlik va
natijada tarjimalar soni bilan raqobatlasha olmaydi. O‘rtacha, tajribali tarjimon-inson
matnning murakkabligiga qarab, bir ish kunida maksimal 2000 so‘zni (300-400
so‘z/soat) tarjima qilishi mumkin. Bundan farqli o‘laroq, Google tarjimon bir necha
soniya ichida shuncha miqdordagi so‘zlarni tarjima qilish imkoniga ega;
• Google tarjimon til juftligi chastotasiga asoslangan onlayn tarjimalar
maʼlumotlar bazasini yaratish uchun statistik usuldan foydalanadi. Google tarjimon
ko‘pincha (lekin har doim ham emas) odamlar tomonidan bajariladigan va Internetda
mavjud bo‘lgan tarjimalarning onlayn ma’lumotlar bazasini yaratish uchun statistik
yondashuvdan foydalanadi.
Bu dasturning kamchiliklari quyidagicha:
• Google Translate bilan maʼno “tarjimada yoʻqolishi” mumkin, chunki
kontekstni kiritishning hech qanday usuli yoʻq. Matnning murakkabligi, shuningdek,
tilni haqiqiy bilmasdan talqin qilib bo‘lmaydigan har qanday kontekst xatolar
ehtimolini oshiradi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima Google tarjimonda keng tarqalgan
bo‘lib, ko‘pincha ma’nosiz so‘zma-so‘z tarjimalarga olib keladi, professional
tarjimonlar esa yaxshi o‘rnatilgan onlayn lug‘atlar, qayta tarjima qilish usullari,
korrektorlar va sharhlovchilardan foydalanib, buni oldini olish uchun ko‘p harakat
qilishadi;
• tarjima sifati til juftligiga bog‘liq. Qaysi manba va maqsadli tillar ishtirok etishi
ham tarjima sifatiga ta’sir qiladi. Google tarjimon veb-ma’lumotlar bazasi asosan
mavjud onlayn tarjimalardan tuzilganligi sababli, ispan yoki ingliz kabi tillarda
muntazam tarjimalar aniqroq bo‘ladi, Google ma’lumotlar bazasida topilmagan boshqa
tillar uchun tarjimalarning esa aniqlik darajasi kamroq.
• Google Translate ko‘pincha jiddiy grammatik xatolarni o‘z ichiga olgan
tarjimalarni ham chiqaradi. Buning sababi, Google tarjimon tizimida grammatik
qoidalarni hisobga olmaydigan til juftliklarining chastotasiga asoslangan usuldan
foydalaniladi.
• Google tarjimonda tarjima xatolarini tuzatish tizimi mavjud emas. Xatolar qayta
sodir bo‘lishini oldini olish uchun xabar berishning hech qanday usuli yo‘q va agar siz
manba va maqsadli tillarni yaxshi bilmasangiz, tarjima qilingan matnni tekshirishning
hech qanday usuli yo‘q.
Bu dasturning afzalliklari va kamchiliklarini inobatga olgan holda, shuni aytish
mumkinki, qo‘l ostingizda hech qanday avtomatik tarjimon dasturi bo‘lmagan paytda
ushbu dastur sizga juda qo‘l keladi va turli formatdagi: matn, rasm, ovozli
ma’lumotlaringizni tezda tarjima qilib beradi. Turli tezkor zarur vaziyatlarda, masalan,
yo‘lda ketayotganingizda, sayohatga chiqqaningizda, uyda biron ish qilayotganingizda
birinchi yordamchi sifatida foydalanish mumkin.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib shuni aytish mumkin-ki, bugungi kunda axborot texnologiyalari
imkoniyatlaridan har bir sohada foydalanish yaxshi natijalar beradi, shuningdek, til
o‘rganishda ham. Hozirgi kunda informatika va axborot texnologiyalari fanlari chet
tillarni va boshqa fanlarni o‘qitish metodikasi bilan bog‘landi. Tillarni o‘rganishda
arab tilining o‘rni beqiyosdir. Hozirda yoshlar ham, kattalar ham – ko‘pchilik insonlar
arab tilini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Shu sababli arab tilini o‘rganishda,
lug‘atlarni yodlashda, tarjimasini bilishda, so‘zlarning sinonimlarini bilishda, to‘g‘ri
yozishda, gaplarni tarjima qilishda, rasmlardagi yozuvlarni matnga o‘girishda va
boshqa ko‘plab ishlarni bajarishda kompyuter dasturlarining o‘z o‘rni bor. Ushbu
maqolada yuqoridagi imkoniyatlarni beruvchi arab tilini o‘rganishda foydalaniladigan
ba’zi kompyuter dasturlari ko‘rib chiqildi. Maqolada keltirilgan ma’lumotlar arab tilini
o‘rganuvchi har bir insonga, jumladan, talabalarga foydali bo‘ladi, deb umid qilamiz.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Hasanov, M., Abzalova, M. (2016) Arab tili darslari (Oʻquv qoʻllanma) –
Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi.
2. G‘ulomov, S.S. (2010) Informatika va axborot texnologiyalari: Oliy ta’lim
muassasalari talabalari uchun darslik. O‘zR Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. – Тoshkent: Fan.
3. Lutfullayeva, M., Aliyev, D. (2024) “Chet tillarni o‘qitishda zamonaviy
axborot texnologiyalaridan foydalanish” Междуродная конференция
академических наук (Т. 3, Выпуск 2, 12–15). Zenodo.
https://doi.org/10.5281/zenodo.10648726
4. Aliyev, D., Lutfullayeva, M. (2024) “Dars sifatini oshirishda zamonaviy
axborot texnologiyalaridan foydalanib darslarni tashkil etishning afzalliklari” Solution
of social problems in management and economy (Т. 3, Выпуск 2, 142–145). Zenodo.
https: //doi.org/10.5281/zenodo.10775912
REFERENCES:
1. Hasanov, M., Abzalova, M. (2016) Arab tili darslari (O‘quv qo‘llanma) –
Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. (In Uzbek)
2. G‘ulomov, S.S. (2010) Informatika va axborot texnologiyalari: Oliy ta‘lim
muassasalari talabalari uchun darslik. O‘zR Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirligi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
3. Lutfullayeva, M., Aliyev, D. (2024) “Chet tillarni o‘qitishda zamonaviy
axborot texnologiyalaridan foydalanish” Mejdurodnaya konferensiya akademicheskix
nauk (T. 3, Vipusk 2, 12–15). Zenodo. https://doi.org/10.5281/zenodo.10648726 (In
Uzbek)
4. Aliyev, D., Lutfullayeva, M. (2024) “Dars sifatini oshirishda zamonaviy
axborot texnologiyalaridan foydalanib darslarni tashkil etishning afzalliklari” Solution
of social problems in management and economy (T. 3, Vipusk 2, 142–145). Zenodo.
https: //doi.org/10.5281/zenodo.10775912 (In Uzbek)
AXBOROT SAYTLARI:
1. https://www.alsglobal.net/uz/tillar/arab-tilini-tarjima-qilish%2C-transkripsiya-
xizmatlari/
2. https://busuu.com/ru
3. https://hello-omsk.ru/blog/busuu.com-%E2%80%93-otlichnyy-onlayn-resurs-
dlya-izucheniya-yazykov
4. https://www.rosettastone.com/
5. https://pilot-school.ru/prilozhenie-rosetta-stone-dlya-nativnogo-izucheniya-
anglijskogo-yazyka-otzyvy-preimushhestva-i-nedostatki/
6. https://www.promt.ru/
7. https://bab.la/
8. Google Переводчик
9. https://www.languageconnections.com/blog/the-pros-cons-of-google-translate/