SULTON HUSAYN BOYQARO HUKMRONLIGI DAVRIDA DINIY
ULAMOLARNING O‘RNI
THE ROLE OF RELIGIOUS SCIENTISTS DURING THE RULE OF
SULTAN HUSAYN BAYQARA
РOЛЬ РЕЛИГИOЗНИХ УЧЕНИХ ВO ВРЕМЯ ПРАВИТЕЛЯ СУЛТАН
ХУСЕЙН БАЙКАРА
Jo‘rayev Sherzod Norovich,
Oriental universiteti, Tarix kafedrasi katta o‘qituvchisi
+99890 986-75-39
largov1900@gmail.com
ORCID ID: 0009-0002-5989-8954
Annotatsiya: Ushbu maqolada Temuriylar saltanatining eng yorqin vakillaridan
biri bo‘lgan Sulton Husayn Boyqaroning hokimiyatga kelishi tarixi, Xuroson va
Movarounnahrdagi iqtisodiy va siyosiy jarayonlar, uning davlat va jamiyat hayotini
ijobiy tarafga o‘zgartirish uchun olib borgan islohotlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Sulton Husayn Boyqaro davrida faoliyat yuritgan diniy ulamolar, ularning jamiyatdagi
ta’sir darajasi, saroy va uning tashqarisida tutgan o‘rni ham tadqiq qilingan. Temuriy
hukmdorlar davrida har qanday yirik masala yuzasidan yoki butun mamlakatga tegishli
qonun va qarorlar qabul qilishda diniy ulamolarning maslahati bilan ish tutilganligi,
hamda diniy ulamolarning siyosiy jarayonlarga ham aralashuvi masalasi bayon etiladi.
Tadqiqot davomida, diniy ulamolarning saltanatda obro‘si yuqori bo‘lganligini,
hukmdorlar ular bilan doimiy tarzda muloqotda bo‘lganligi va maslahatlar olib
turganligini ko‘rishimiz mumkin.
Kalit so‘zlar: Temuriylar, Movarounnahr, Sulton Husayn Boyqaro, Abu Said,
Yodgor Mirzo, Abdurahmon Jomiy, Qorabog‘.
Annotation: This article contains information about the history of the rise to
power of Sultan Husayn Bayqara, one of the brightest representatives of the Temurid
Empire, economic and political processes in Khorasan and Transoxiana, as well as the
reforms he carried out to change state and public life for the better. The existence of
the religious scholars during the reign of Sultan Husayn Bayqara, their active level of
influence in society, and their role in the palace and beyond were also studied. During
the period of the Temurid rulers, the issue of the consultation of the religious scholars
in the adoption of laws and decisions related to the whole country on any major issue,
and the issue of the intervention of the religious scholars in the political processes is
explained. During the research, we can notice that the religious scholars had a high
reputation in the kingdom, and the rulers constantly communicated with them and
received advice.
Key words: Temurids, Movarounnahr, Sultan Husayn Bayqara, Abu Said,
Yodgor Mirza, Abdurahman Jami, Karabagh.
Аннoтация: В данной статье собраны сведения об истории прихода к власти
султана Хусейна Байкара, одного из ярчайших представителей империи
Темуридов в экономических и политических процессах в Хорасане и
Мавераннахре, а также о проведенных им реформах по изменению
государственной и общественной жизни к лучшему. Также изучалось
существование религиозных учёных в период правления султана Хусейна
Байкара, их активный уровень влияния в обществе, их роль во дворце и за его
пределами. В период правления Темуридов разъясняется вопрос консультаций с
религиоведами при принятии законов и решений, касающихся всей страны по
какому-либо крупному вопросу, а также вопрос вмешательства религиоведов в
политические процессы. В ходе исследования мы видим, что религиозные
учёные имели высокую репутацию в стране, а правители постоянно общались с
ними и получали советы.
Ключевие слoва: Темуриды, Мавераннахр, Султан Хусейн Байкара, Абу
Саид, Ядгар Мирза, Абдурахман Джами, Карабаг.
KIRISH
Yurtimizda davlatchilik paydo bo‘lishidan boshlab uning to hozirgi kungacha
bo‘lgan shakllanish va taraqqiyotida ko‘plab sulolalar va hukmdorlar kelib ketdi.
Ularning davlatchilik tajribalari hali-hanuz o‘rganiladi, yutuqlari-yu
muvaffaqiyatsizliklari, yuksalish hamda tanazzuli sabablari tahlil qilinib, kerakli
xulosalar olinadi. Jumladan, Amir Temur davlatining davomchisi hisoblangan Husayn
Boyqaro davlati tarixda 1469-yildan 1507-yilga qadar davom etib, 37 yillik davrni o‘z
ichiga oladi. Husayn Boyqaro uzoq yillik kurashlar oqibatida 1469-yilda taxtni
egallaydi. Uning hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq vaziyat butun Temuriylar oilasi
uchun tahlikali davrda ro‘y berdi. Sulton Abu Said Qorabog‘da turkmanlar qo‘lida
vafot topadi. Turkmanlar temuriy shahzoda Yodgor Mirzoni shoh ko‘tarib, butun
Xurosonga da’vogarlik qila boshlaydi. Abu Saidning o‘g‘li Sulton Mahmud Hirotga
tezlikda qaytib o‘z nomiga xutba o‘qitadi. (Самарқандий, Абдураззoқ, 2008: 619)
Shunday vaziyatda Sulton Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egallab, ko‘p yillar
davomida davlatni adolatli tarzda boshqaradi. Uning boshqaruvi davrida diniy
ulamolarga bo‘lgan hurmat oshib, o‘z qarorlarini qabul qilishida ularning maslahatlari
bilan ish ko‘rganligi tarixiy manbalarda qayd etiladi. Qolaversa, Xo‘ja Ahror Valiydek
ulug‘ zot ham Husayn Boyqaro zamonida yashagani biz uchun mazkur mavzuni katta
qiziqish bilan tadqiq etishimizga sabab bo‘ldi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Husayn Boyqaro davri, xususan, temuriy hukmdorlarning boshqaruvi zamonidagi
diniy olimlar haqida mahalliy tarixchilarimiz bilan birgalikda, dunyoning boshqa
davlatlaridagi izlanuvchilar ham ko‘plab tadqiqotlarni amalga oshirishgan.
Adabiyotlarni tahlil qilish jarayonida davriylik, sulolaviylik, hududiylik kabi jihatlarga
e’tibor qaratildi. Ayniqsa, hududiy nuqtai nazardan Xuroson va Movarounnahr tarixi
tadqiq qilinganida, har ikki hududning o‘xshash va farqli jihatlari o‘zaro taqqoslanib
o‘rganilganini ko‘rishimiz mumkin. Shartli ravishda bu davrga oid tadqiqotlarni
mahalliy (Муқимoв З., 2016; Ҳайитметoв А., 1996) va xorijiy (Lentz Th., Lowry G.,
1989; Mulavi Abdul Muqtadir, 2017; Abel Pavet de Courteiile, 1871; Efthymiou M.,
2014) adabiyotlarga bo‘lishimiz mumkin. Turkiyada bu mavzuga yaqin bo‘lgan bir
nechta ilmiy ishlar (dissertatsiyalar) himoya qilingan. Talip Yildirim (Talip Yildirim,
2002), Yusuf Ziyo (Yusuf Ziyo Soylemez, 2023) kabi izlanuvchilar asosan kichik
mavzularni tadqiq qilishgan, biroq diniy ulamolar haqida tadqiqotlar yaxlit tarzda olib
borilmagan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davridagi din olimlarining rolini oʻrganish
uchun birlamchi va ikkilamchi manbalar birikmasidan foydalanildi. Asosiy manbalar
qatoriga Sulton Husayn Boyqaro davridagi qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlar va shaxsiy
kundalikka qayd etib borilgan asosli ma’lumotlar kiradi. Ushbu manbalar o‘sha davrda
yashagan shaxslarning bevosita guvohligini e’tirof etadi. Birlamchi manbalardan
tashqari, tarixiy davr va diniy ulamolarning o‘sha davrdagi roli haqida kengroq
tushuncha berish uchun tarixiy kitoblar, maqolalar va akademik tadqiqotlar kabi
ikkinchi darajali manbalarga murojaat qilindi. Bu ikkilamchi manbalar birlamchi
manbalarni har tomonlama tahlil qilish va izohlashga yordam berdi.
Tadqiqot jarayoni mavzu bilan bog‘liq tegishli manbalarni aniqlash uchun to‘liq
adabiyotlarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Keyin bu manbalar tahlil qilinib,
umumlashtirilib, Sulton Husayn Boyqaro davridagi diniy olimlarning roli to‘g‘risida
izchil ma’lumotlar shakllantirildi. Shuningdek, mavzu yuzasidan mutaxassislarning
fikr va qarashlarini to‘plash maqsadida islom tarixi va dinshunoslik sohasiga
ixtisoslashgan olimlar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ushbu suhbatlar tadqiqot natijalarini
boyitadigan qimmatli ma’lumotlarni taqdim etdi. Umuman olganda, Sulton Husayn
Boyqaro hukmronligi davridagi diniy olimlarning rolini har tomonlama tadqiq qilish
uchun birlamchi va ikkinchi darajali manbalar, adabiyotlar sharhlari va ekspertlar
fikrlaridan foydalanildi. Mazkur maqola yozilishida asosan muammoviy usuldan
foydalanilib, adabiyotlardan ham foydalanishda shunga e’tibor qaratildi. Maqoladagi
ma’lumotlar davriylik jihatidan tizimli tarzda berilmagan bo‘lsa-da, hududiy jihatdan
asosan Xuroson mintaqasiga urg‘u beriladi.
TAHLIL VA NATIJALAR
O‘sha davrda xalqqa mard, jasur hukmdor zarur bo‘lib, xalqning xavfsirashi juda
o‘rinli edi, chunki turkmanlar keltiradigan talafotlar haqida xalq bilan bu holatni
bartaraf eta oladigan kuch lozim edi. Sulton Husayn Boyqaroning janglarda qilayotgan
jasoratlari xalq orasida tarqalganligi tufayli xalqning to‘p-to‘p bo‘lib Sulton
Mahmuddan yuz o‘girishiga sabab bo‘ladi. Manbada ushbu holat quyidagicha
keltiriladi. “Sulton Abu Said Mirzoning qayg‘uli voqeasi xabari hirotliklarga aniq-tiniq
ma’lum bo‘lgach, xalqning ko‘pchiligi Hirotga kelib, o‘zi va ota-bobosi nomiga xutba
o‘qitgan Sulton Mahmud Mirzoga emas, balki mansur xoqonga tarafdor bo‘lib, to‘p-
to‘p umid yuzini ul hazrat olampanoh dargohiga qaratdilar. Shunga ko‘ra, Sulton
Mahmud Mirzo Movarounnahr tomon ketishga majbur bo‘lib, yo‘l sari qo‘zg‘aldi”.
(Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 704)
Xondamirning ta’kidlashicha, ayni shu holatda chekinayotgan Sulton Mahmud
yarim farsax masofadan o‘tayotgan edi, Husayn Boyqaro amirlari jangga ruxsat
so‘rashganda Husayn Boyqaro muruvvat yuzasidan ruxsat bermadi, deyiladi. Ammo,
siyosat yuzasidan qarasak, turkmanlar xavfi oldida arzimagan o‘ljani deb bo‘lajak
ittifoqchini tutish vaziyatga noto‘g‘ri baho berish bo‘lardi. Hirotda esa bu paytda to‘s-
to‘polon boshlanib, bebosh amirlar xalq mulkiga qo‘l cho‘zdi. Eski gina-kuduratlar
o‘rtaga chiqib zo‘ravonlik kuchayganligi oqibatida og‘ir vaziyat vujudga keldi. Husayn
Boyqaro shaharga kirmasdan Shayx Abusaidxon Darmiyon Hirot dorug‘asi etib
tayinlanadi. Shaharga kirgan dorug‘a xalqning moliga qo‘l cho‘zgan fitna va fasod
ahlidan anchasini boplab ta’zirini berib, adolat va dod so‘rash palosini yoydi. Jar
chaqirtirib “Hech bir odam biron-bir sabab bilan bo‘lsa ham, hech kimsaga tegmasin”
(Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 705) degan buyruqni xalqqa yetkazdi va ul janobning
insofliligi sharofatidan hirotliklar bebosh va buzuqilarning jabr-u jafosidan qutuldilar.
Xondamirning yozishicha, 1469-yil 24-mart kuni Hirotda juma kuni katta Jome’
masjidida Sulton Husayn Boyqaro nomiga xutba o‘qiladi va taxtga kelganda, dastlabki
muammo – davlatning diniy mafkurasi masalasi o‘rtaga chiqadi. Bir guruh olimlar
“shia” mazhabini davlat mazhabi deb e’lon qilish borasida tashviqot boshlab
yuborishadi. Katta ko‘chalarda shialar va sunniylar o‘rtasida janjallar boshlanadi.
Hirotda o‘ta darajada e’tiborli va qudratli bo‘lmish hanafiy mazhabining vakillaridan
bir guruhi saltanat poyiga borib, ahli sunna rasm-rusumlarini ustun tutish borasida
so‘zlar aytib, xutbani o‘zgartirish fikridan qaytarishga erishdilar.
O‘sha vaqt bu jamoa iltimosini qabul qilib, fitr hayiti kuni xatib xutbani taomil
bo‘yicha o‘qidi. (Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 709) Bu voqea 1469-yil 14-aprel
kuniga to‘g‘ri keladi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Sulton Husayn qiyin
vaziyatda Abdurahmon Jomiyga xat yozib maslahat so‘raydi. Javobda esa ahli sunna
yo‘lida qolish tavsiya etiladi. Bu oqilona tadbir, ya’ni ahli ilm va olimlar bilan
maslahatlashib ish yuritish, davlatda hukmdoriga nisbatan xalq ishonchini oshiradi.
Keyingi tadbirlardan biri Sulton Husayn Boyqaro Sulton Abu Said Mirzoning qizi
Shahrbonu begimga uylanishidir. Sulton Abu Saidning farzandlari katta mavqe va
kuchga ega ekanligini inobatga olsak, bu nikohdan siyosiy maqsadlar borligi aniq
bo‘ladi. Fikrimizni tasdiqlaydigan holat shuki, Shahrbonu begim bilan oralari
kelishmay qolgan Boyqaro, Shahrbonuni taloq qilib Samarqandga jo‘natib yuboradi,
lekin uning singlisi Poyanda Sultonbegimni o‘z nikohiga oladi. Ikki o‘rtada muhabbat
rishtalari vujudga keladi. Davlat tamoyillarini mustahkamlovchi yana bir tadbir bu
yangi qarorgohning qurilishidir. “Jahonoro” deb nomlanuvchi qasr loyihasi ishlanib,
qisqa vaqt ichida qurib bitkaziladi va Shohrux davridan beri podshohlar qarorgohi
bo‘lmish “Bog‘i Zog‘on” qasridan u yerga ko‘chiladi. Manbada keltirilishicha, bu
qasrni ko‘rkam va chiroyli qilishda umri davomida tirishib, kuch va mablag‘ini
ayamadi. (Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 709) Bu tadbirlardan maqsad Shohrux
avlodlari oldida yangi saroy qurib, uning xotirini qilib, bu joyni muqaddas deb bilish,
yoki o‘z davlatida yangi qarorgoh qurish masalasi o‘zligini yana bir namoyon qilish
bo‘lgandir, ehtimol.
Sulton Husayn Boyqaroning oldiga Mir Alisher Navoiy Movarounnahrdan keladi.
Mavlono Qutbiddin Tovus Semnoniy, Xoja Sayfiddin Muzaffar kabi obro‘li olimlar
ham Iroq va Ozarbayjon tarafdan kelishadi hamda kerakli vazifalarga tayinlanadilar.
(Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 711)
1469-yil 24-iyulda Husayn Boyqaroning onasi Feruzabegim olamdan o‘tadi.
Shoh g‘amga botib, davlat ishlariga qo‘l siltab qo‘yadi. Motam marosimlarini
bajarishga kirishib, bir necha kun osh berib onasiga atab Xiyobon ko‘chasida maqbara
qurdiradi.
Ayni shu damlarda turkmanlar ichida yashayotgan Yodgor Muhammad Mirzo
Xurosonga yurish qiladi. Bu Temuriy shahzoda tarbiyasi bilan o‘qimishli va oqila
ammasi Poyanda Sulton begim shug‘ullangan bo‘lib, Poyanda Sulton begim maslahati
bilan turkman Jahonshoh qoraquyunlilar saroyida edi. Jahonshoh o‘lgach, oqquyunli
qabilasi yetakchisi Hasanbek Yodgor Mirzoga hurmat ko‘rsatib, unga yordam beradi.
U Yodgor Mirzoga merosiy mamlakatini olish uchun katta qo‘shin yuboradi. Bu
voqealar 1469-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadi. Yodgor Mirzoning dastlabki urushi
mag‘lubiyat bilan tugaydi. Yodgor Mirzoga turkmanlarning katta qo‘shini madadi va
bundan tashqari, temuriy amirlar va barlos beklarining ham madad berishlariga
qaramay, Sulton Husayndan yengiladi. Jangda Sulton Husayn jasorat ko‘rsatadi.
(Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 717) Asirga olinganlar qatl etiladi, Shayx Said
To‘g‘oniy, Muhammad Ko‘kaldosh, Amir Ayyub kabi ko‘plab amirlar asirga olinadi.
Amir Ayyub, Amir Ahmad, Sulton Hasan ismli amirlar tirik qoldirilib, ko‘p nufuzli
amirlar ham qatl etiladi. G‘alabadan keyin Sulton Husayn Boyqaro aysh-ishrat bilan
vaqt o‘tkazadi. Dushmanning keyingi taqdiri va uning orqasida turgan turkmanlarning
hujumi haqida qayg‘urilmaydi. Turkmanlar Sardori Amir Hasanbek va oqquyunli
qabilasi dushmanlari sanalgan qoraquyunli qabilasi shahzodasi Ibrohim Mirzo
boshchiligida Yor Ali Turkman, Bayram va Muhammad Ali Shakar kabi amirlar 1000
nafar askar bilan Sulton tomonga o‘tadi. Ularni yaxshi kutib olgan Sulton Husayn
ularga to‘la quvvat bilan yordam beradi. Amir Hasandan elchi kelib, ularni qaytarib
berish talab qilinganda ham sergaklanmaydi. Axir, elchilikdan boshqa maqsadlar ham
bor ediki, vaziyatni sinchiklab o‘rganish, qo‘shinning ahvoli, amirlarning kayfiyatini
bilish yoki vaqtdan yutish va hokazo kabilar. Bizningcha, bu talab faqat vaqtdan yutish
hisoblangan, chunki Yodgor Mirzoga 2 ming boshdan oyoq qurollangan qarindoshlari
bo‘lgan Amir Yusufbek, Amir Husaynbekni yordamga jo‘natadi. Bu ham
yetmaganidek, Qoin viloyati amirlari qarindoshlari urishib uning oldiga kelganda,
ming nafar askar berib, Husayn Boyqaroning noibi hisoblangan Qahdiston amiri Amir
Shayx Zohid Toramiy ustiga yuboradi va ular amirni o‘ldirib viloyatni bosib oladilar.
Bu xabarlarning Hirotda keng tarqalishi esa Amir Ayyub Shayxiy Jaloyir, Ne’mat
Xorazmiy kabi amirlarning Yodgor Mirzo tomonga qochib ketishiga sabab bo‘ladi.
Aynan shu davrda Astrobod shahriga kiraverishda o‘tirgan Amir Hasan Shayx Temur
Yodgor Mirzodan yengilibdi va bir necha kun qal’ada qamalda qolib keyin Yodgor
Mirzoga taslim bo‘libdi, degan mish-mishlar askargohda keng tarqaladi. Natijada
lashkarlar to‘p-to‘p bo‘lib qochib keta boshlaydilar. Saltanat ustunlaridan bo‘lgan
amirning dushman tomonga o‘tishi qolgan askarlarning qochib ketishiga turtki bo‘ladi.
(Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 722) Demak, Sulton g‘oyaviy kurashga, ya’ni axborot
xurujlariga e’tibor bermagan, yoki bu kabi xabarlarni oldini olishga urinmagan.
Askarlar va xalq orasida tarqaladigan xabarlarning tahlili qilinmagani, ularga qarshi
kurashilmagani davlatni jiddiy zaiflashtirdi.
Yodgor Mirzo qo‘shini dastlabki jangda Boyqarodan mag‘lubiyatga uchraganda,
bir qism askarlar qochib, Nishopur atrofida zo‘ravonlik qilib yurishgan va keyinchalik
Isfahon shahriga kelgan Yodgor Mirzo haqida eshitib, unga borib qo‘shilishadi.
Demak, bu holatda mamlakat dushmandan to‘liq tozalanmasdan bayram tadbirlari
boshlab yuborilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Undan tashqari, Sulton Husayn o‘ta qattiqqo‘llik bilan jazo choralarini qo‘llaydi.
Masalan, Sabzavor shahriga Yodgor Mirzo qo‘ygan Qozibek bilan 70 jangchi asirga
olinadi va Qozibekdan boshqa barchasi qatl etiladi. (Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013:
720) Yoki Panjdahana mavzesida asirga olingan ulug‘ amirlarning barchasi qatl etiladi.
Hasanbek Oqquyunlining xos navkari bo‘lgan birgina kishi tirik qoldiriladi. Bu holat
esa dushmanni qattiq jang qilishga undaydi va Sulton Husayn amirlarining esa
qo‘rquviga sabab bo‘ladi.
1470-yillar boshida Yodgor Mirzo ovozasi kelib askarlari kamayib qolgan Sulton
Husayn Mashhad shahriga yo‘l oladi. Imomlardan biri hisoblangan Ali ibn Muso ar-
Rizo ziyoratgohi tomon yo‘l oladi. Qurbonliklar qilib, Allohdan madad tilaydi. Bu
holatda shia imomlarining g‘oyaviy markaziga kelinishi ham ilohiy madad tilash va
maqsad Xurosondagi shia ulamolarining mehrini qozonish bo‘lganligi ehtimoldan
yiroq emas. Mashhad atrofida turgan Sulton Husayn Hirotda xalq qo‘zg‘oloni
bo‘lganligi haqida xabar oladi. Qo‘zg‘olon sababi quyidagicha keltiriladi, Xo‘ja
Abdulloh ismli amaldor Devon boshlig‘i bo‘lgan Xoja Qutbiddin Tovus Semnoniy
ustidan chaqimchilik qiladi. Natijada Xoja Qutbiddin Tovus Semnoniy hibsga olinadi
va mol-mulki musodara qilinib, 300 ming dinor jarimaga tortiladi. Uning o‘rniga Xoja
Abdulloh va Xo‘ja Nizomiddin Baxtiyoriy oliy devon boshlig‘i etib tayinlanadilar.
(Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 723) Ularning soliqlarni oshirishi, jabr-zulmni
kuchaytirishi qo‘zg‘olonga sabab bo‘lib, devon o‘rab olinadi. Xoja Qutbiddin Tovus
Semnoniy toshbo‘ron qilinadi va madrasa hujralaridan biriga kirib zo‘rg‘a omon
qoladi. Bu zo‘ravonlikni tugatish uchun Alisher Navoiy yuboriladi. Mir Alisher
Navoiy taftish ishlarini olib borib isyonni tinchlantiradi. Xalqni tinchlantirish uchun
farmon, ya’ni soliqlar nohaq olinishining bekor qilingani barcha minbarlardan o‘qib
beriladi. Bechoralarga yordam berilib, mazlumlarning shikoyatlari ko‘rib chiqiladi.
Bosh aybdor Xo‘ja Nizomiddin Baxtiyoriy kishanlanadi va uning o‘rniga Xoja
Qutbiddin Tovus qayta devonga tayinlanadi. Mir Alisher Navoiy boshchiligidagi guruh
qo‘zg‘olonni tinchitishga erishadi va Xondamirning ta’kidlashicha, bu ish Navoiyning
davlat amaldorlari orasida hurmati oshishiga sabab bo‘ladi. Bu holatda ham xulosa
chiqaradigan eng muhim jihatimiz urush davrida xalqning ishonchini qozongan bosh
vazir tekshirib ko‘rilmasdan, davlat oldida dushman hujumi turgan og‘ir vaqtda
almashtirilganligi va xalq asosiy tayanch ekanligiga e’tibor berilmasdan soliqlarning
oshirilishi og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi edi.
Askarlari kamayib ketgan Sulton Husayn Boyqaro arlot qabilasi ichiga chekinadi.
Hirot qal’asi darvozalarini esa Poyanda Sulton begim berkitib, hatto Yodgor
Muhammad Mirzo Tus shahrida ekanligida 1470-yil 5-iyulda uning nomiga xutba
o‘qittirib, bayram boshlab yuboradi. Yodgor Mirzo Hirot shahriga 1470-yil 7-iyulda
kirdi va 8-iyulda qadimiy boshqaruv qasri Bog‘i Zog‘onga kirdi.
Amir Hasanbekning turkman amirlari Xurosonda qolishga qaror qiladi va bu
shundoq ham qiynalgan xalqning azobini kuchaytiradi. Ularning zo‘ravonligi
e’tiborsiz qoldiriladi. Davlat boshqaruvi esa Xoja Qutbiddin Tovus va Poyanda
Sultonbegim qo‘lida qoladi. Manbada shahzoda Yodgor Mirzo aysh-u ishratga
beriladi, mamlakat ishlariga parvo qilmaydi, zulm ko‘rganlarning arizalari
tekshirilmaydi, deb eslatiladi. (Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 728) Turkman
amirlaridan Xalil oqquyunli Rodgon aholisiga, Zaynalbek oqquyunli Kurdiston
aholisiga zulmni kuchaytiradi. Hatto, ko‘pgina Xurosonliklar boshqa yurtlarga ko‘chib
keta boshlaydi. Kuchli amirlardan Amir Hasan Temurning o‘z suyurg‘oliga ketishi
Hirotda biror bir sergak kishi qolmaganligini bildiradi. Podshohning tinmay ichkilikka
berilib qolishi, turkmanlar zo‘ravonligining kuchayishi, islom hukmlari buzilib, qonun-
qoida qolmaganligi xabarlari Sulton Husaynga yetib kelgach, tavakkal qilib Hirotga
bostirib borishga qaror qiladi. Bu qarorni faqat Alisher Navoiy bilan
maslahatlashganligi va Navoiy fikrini eshitganligi manbada keltiriladi. Navoiy bu
niyatni o‘ta yashirin tutish lozimligini ta’kidlaydi va “Agar bu so‘zni menga ham
aytmaganingizda yaxshiroq bo‘lardi”, - deya qo‘shimcha qiladi. Bu darajada xavfsirash
nima uchun deb so‘ralganda Yodgor Mirzo panohiga qochmoqchi bo‘lgan kishilar bu
xabarni bilsalar, tezda o‘sha tomonga qochadilar va sizga qarshi chora ko‘rishadi, deb
javob beradilar. Murg‘ob vohasiga kelgach, temir sovutlar taqsimlanadi va 850 kishi
mukammal qurollanib, Hirot tarafga qarab yo‘lga tushadi. Yo‘lda askarlarning ruhini
ko‘taruvchi voqea yuz beradi: Bobo Xokiy ismli mashhur zohid tariqat vakillaridan
biri bo‘lib, bu kishi tarki dunyochilik bilan shug‘ullangan va biror shoh yoki amirni
o‘ziga do‘st tutmagan edi. Bobo Xokiy Amir Temur askarlaridan biri bo‘lganligi
odatiga xilof ravishda Sulton Husayn istiqboliga chiqishi bir tug‘, bir qo‘y, bir o‘q-yoy
berib xoqonni manziliga tushirib ovqat tortishi va Hirot tomonga qarab qo‘lidagi qilich
bilan uch marta o‘qtalib, nayzasini Sulton Husaynga berishi askarlarni shijoatlantirib
yuborganligini aytib o‘tishni lozim topdik. Qisqasi, shuncha katta qo‘shin bo‘lishiga
qaramay, g‘aflatda yotgan Yodgor Mirzo ichkilik oqibatida davlatni boy beradi va
o‘ldiriladi. 850 kishi hech yo‘qotishlarsiz katta davlatni egallaydi. Davlatni egallagan
Sulton Husayn qozi Qutbiddin Ahmad al-Imomiy, mavlono Kamoliddin Shayx Husayn
at-Taqaviy guvohligida quyidagicha farmon chiqaradi: “Qishloq aholisi-yu dehqonlar,
Hirot aholisi va unga tutash mahallalardagi kosib-u hunarmandlar ikki yilgacha xiroj
solig‘i va qo‘shin puli solig‘idan ozod bo‘ladilar. Belgilab qo‘yilsinkim, devon
amaldorlari o‘sha soliq pullarini undirish uchun fuqaroning yaralangan dillariga tuz
sepmasinlar”. (Хoндамир, Ғиёсиддин, 2013: 736) Xuddi shu holat Abdurazzoq
Samarqandiy asarida ham keltiriladi. Faqat qo‘shimcha tarzda qozi Qutbiddin Ahmad
al-Imomiy, mavlono Kamoliddin Shayx Husayn shaxsan o‘zlari shahar atrofi va
mahallalarni aylanib tushuntirish ishlarini olib borishlari tayinlanadi. (Самарқандий,
Абдураззoқ, 2008: 667) Xondamirning ta’kidlashicha, qozi va mavlaviyning jar
chaqirib aylanib yurishi odat tusiga kirmagan bo‘lsa-da, xalq bilan uchrashib bu farmon
tushuntirib chiqiladi. Bu jarayonlarni kuzatsak, uchinchi renessans davrida
hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan mahallama-mahalla ishlash haqidagi
hukumat qarorlarining tarixiy ildizlari temuriylar davriga borib taqalishini his etamiz.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Temuriylar saltanati bu davrga kelib ikki
qismga bo‘lib boshqarilgan bo‘lsa-da, davlatni adolatli idora etish usullari, diniy
ulamolarga e’tiborning yuqoriligi jihatidan o‘xshash bo‘lgan. Sulton Husayn Boyqaro
davrida Xurosonda bu masalada ancha ijobiy ishlar amalga oshiriladi. Masalan, 1470-
yil 23-avgust kuni Xoja Abdulloh Ansoriyning mozoriga ziyoratga borgan Sulton
Husayn mavlono Kamoliddin Shayx Husaynni chaqirib “Saltanat poytaxti Hirotni
xuddi Sulton Abu Said Mirzo zamonasidagi shariat qoidasi bo‘yicha boshqarmoq
kerak. Agar shaxsan men yoki ukam yoki o‘g‘limga nisbatan shar’iy jazo qo‘llanish
taqozo etib qolinsa, uning ijrosini orqaga surmaslik lozim”, - dedi. (Самарқандий,
Абдураззoқ, 2008: 668) Shunga o‘xshash bir necha qonunlarning chiqarilishi
davlatning xalq bilan hamohangligini ta’minlaydi. Bobur Mirzoning xabar berishicha,
dastlab taxtni olgach, olti-yetti yil may ichmadi. Aynan shu dastlabki davrda davlat
rivojlanishda davom etadi. Keyin esa ichkilikka berilib, qo‘chqor saqlab, kabutar
saqlab, kabutarbozlik qilardi, xo‘roz ham urishtirardi. (Заҳириддин, Муҳаммад
Бoбур, 2019: 176) Bizning e’tiborimizni tortgan jihat shuki, 1469-yilning martidan
1470-yilning avgustiga qadar vaqt oralig‘ida Sulton Mahmud, Sulton Husayn, Yodgor
Muhammad Mirzo, ya’ni uch Temuriy hukmdor taxtga kelib ketadi. Bularning har biri
davlatni saqlab qolishga urinadi. Lekin Husayn Boyqaro amalga oshirgan tadbirlar o‘z
natijasini beradi va xalqning qo‘llab-quvvatlashiga erishadi. Natijada Sulton Husayn
Boyqaro davlati mustahkamlanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Самарқандий, Абдураззoқ. (2008) Матлаи саъдайн ва мажмаи баҳрайн.
Фoрс тилидан тарж., сўзбoши ва изoҳлар муаллифи А. Ўринбoев; Ўзбекистoн
Республикаси Фанлар Академияси, Абу Райҳoн Беруний нoмидаги
Шарқшунoслик институти. – Тoшкент: Ўзбекистoн. – 832 б.
2. Ғиёсиддин ибн Ҳумoмиддин Хoндамир. (2013) Ҳабиб ус-сийар фи ахбoри
афрoди башар. – Тoшкент: Ўзбекистoн. – 1265 б.
3. Заҳириддин, Муҳаммад Бoбур. (2019) Бoбурнoма. Ҳoзирги ўзбек тилига
табдил қилганлар: Ваҳoб Раҳмoнoв, Карoмат Муллахўжаева. – Тoшкент:
Ўзбекистoн. – 440 б.
4. 152-sonli qaror, 19.03.2021. “Mahallabay” ishlash tizimini amaliyotga joriy
etish va aholining tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora -
tadbirlari to‘g‘risida” https://lex.uz/ru/docs/-5353246
5. Муқимoв, З.Ю. (2016) Темурийлар. – Самарқанд. –154 б.
6. Ҳайитметoв А. (1996) Темурийлар даври ўзбек адабиёти: тадқиқoтлар,
мақoлалар, лавҳалар. Масъул мухаррир: Т. Мирзаев. – Тoшкент: Фан. – 160 б.
7. Lentz Th. W., Lowry G. D. (1989) Timur and the Princely Vision. Persian Art
and Culture in the Fifteenth Century. – Los Angeles. – 396 p.
8. Mulavi Abdul Muqtadir. (2017) Catalogue of the Arabic and Persian
Manuscripts in the Oriental Public Library at Bankipore: Persian Poets, Pirdausi to
Hafiz. Forgotten Books. – 294 p.
9. Abel Pavet de Courteiile. (1871) Mémoires de Baber (Zahir–ed–Din–
Mohammed), fondateur de la dynastie Mongole dans l’Hindoustan / traduit du
Tchaghataï par Abel Pavet de Courteiile. –Paris, Maisonneuve. – 467 p.
10. Efthymiou M. (2014) L’art du livre en Asie centrale de la fin du XVIe siècle
au début du XXe: Étude des manuscrits coraniques de l’Institut d’Orientalisme Abu
Rayhan Biruni. – Leiden. – 224 p.
11. Talip Yildirim. (2002) Huseyin Baykara Divani. – Anqara. – 343 s.
12. Yusuf Ziyo Soylemez. (2023) Timurlular do‘neminde Herat. Doktorlik
dissertatsiyasi. – Malata.
REFERENCES:
1. Samarqandiy, Abdurazzoq. (2008) Matlai saʼdayn va majmai bahrayn. Fors
tilidan tarj., so‘zboshi va izohlar muallifi A. O‘rinboyev; O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti. –
Toshkent: O‘zbekiston. – 832 b. (In Uzbek)
2. G‘iyosiddin ibn Humomiddin Xondamir. (2013) Habib us-siyar fi axbori afrodi
bashar. – Toshkent: O‘zbekiston. – 1265 b. (In Uzbek)
3. Zahiriddin, Muhammad Bobur. (2019) Boburnoma. Hozirgi o‘zbek tiliga tabdil
qilganlar: Vahob Rahmonov, Karomat Mullaxo‘jayeva. – Toshkent: O‘zbekiston. –
440 b. (In Uzbek)
4. 152-sonli qaror, 19.03.2021. “Mahallabay” ishlash tizimini amaliyotga joriy
etish va aholining tadbirkorlik tashabbuslarini yana-da qo‘llab-quvvatlash chora -
tadbirlari to‘g‘risida” https://lex.uz/ru/docs/-5353246 (In Uzbek)
5. Muqimov, Z.Yu. (2016) Temuriylar. – Samarqand. –154 b. (In Uzbek)
6. Hayitmetov A. (1996) Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti: tadqiqotlar,
maqolalar, lavhalar. Masʼul muxarrir: T. Mirzayev. – Toshkent: Fan. – 160 b. (In
Uzbek)
7. Lentz Th. W., Lowry G. D. (1989) Timur and the Princely Vision. Persian Art
and Culture in the Fifteenth Century. – Los Angeles. – 396 p.
8. Mulavi Abdul Muqtadir. (2017) Catalogue of the Arabic and Persian
Manuscripts in the Oriental Public Library at Bankipore: Persian Poets, Pirdausi to
Hafiz. Forgotten Books. – 294 p.
9. Abel Pavet de Courteiile. (1871) Mémoires de Baber (Zahir–ed–Din–
Mohammed), fondateur de la dynastie Mongole dans l’Hindoustan / traduit du
Tchaghataï par Abel Pavet de Courteiile. – Paris, Maisonneuve. – 467 p. (In French)
10. Efthymiou M. (2014) L’art du livre en Asie centrale de la fin du XVIe siècle
au début du XXe: Étude des manuscrits coraniques de l’Institut d’Orientalisme Abu
Rayhan Biruni. – Leiden. – 224 p. (In French)
11. Talip Yildirim. (2002) Huseyin Baykara Divani. – Anqara. – 343 s. (In
Turkish)
12. Yusuf Ziyo Soylemez. (2023) Timurlular do‘neminde Herat. Doktorlik
dissertatsiyasi. – Malata. (In Turkish)