XIX ASR OXIRI XX ASR BOSHLARIDA “KUTUBU-S-SITTA”
TO‘PLAMLARINING O‘RGANILISHI
THE STUDY OF THE COLLECTIONS “KUTUBU-S-SITTA” AT THE END
OF XIX AND BEGINNING OF THE XX CENTURIES
ИЗУЧЕНИЕ КОЛЛЕКЦИЙ «КУТУБУ-С-СИТТА»
В КОНЦЕ XIX - НАЧАЛЕ XX ВЕКА
Alijonova Gulnozaxon Muhammad qizi,
Oriental Universiteti,
Tarix kafedrasi o‘qituvchisi, PhD
Tel: +998 99 871-11-92
gulnozaalijonova58@gmail.com
Annotatsiya: Islom sivilizatsiyasi jahondagi barcha sivilizatsiyalardan o‘ziga xos
bo‘lgan xususiyatlari bilan ajralib turgan. Bu tamaddun, xususan, islom madaniyati
rivojlangan hududlarda bir tomondan islom ilmlari, ikkinchi tomondan dunyo fanlari
rivojlanganligi bilan alohida ahamiyat kasb etgan. Maqolada islom hazorasining eng
yorqin davrlarida yozilgan hadis ilmiga oid “Kutubu-s-sitta” (Sihohi sitta)
to‘plamlarining XIX asr oxiri XX asr boshlarida o‘rganilishi tahlil qilingan. Tadqiqot
davomida “Kutubu-s-sitta” to‘plamlarining o‘rganilishida taqqoslash, tarixiylik kabi
metodlar keng qo‘llanildi. Maqolaning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki,
maqolada g‘arb islomshunos olimlari nigohida hadis to‘plamlarining tahlilidagi
maqsadlar va g‘arb olimlaridan farqli o‘laroq, sharq olimlari “Kutubu-s-sitta”
to‘plamlarining XI-XII asrlardagi obro‘sini qayta tiklashga harakat qilganligi tadqiq
etilgan.
Kalit so‘zlar: Islom madaniyati, “Kutubu-s-sitta”, Imom Buxoriy, Imom Muslim,
Imom Navaviy, Ibn Moja, Golziher, William Muir, Alois Sprenger.
Annotation: Islamic civilization was distinguished from all civilizations in the
world by its unique features. This civilization, especially in the regions where the
Islamic culture is developed, gained special importance due to the development of
Islamic sciences on the one hand, and world sciences on the other hand. The article
analyzes the study of "Kutubu-s-sitta" (Sihohi sitta) collections in the end of the 19th
century and the beginning of the 20th century of hadith science written in the brightest
periods of Islamic civilization. During the research, methods such as comparison and
historicity were widely used in the study of "Kutubu-s-sitta" collections. Another
distinctive feature of the article is that the article discusses the goals of the analysis of
hadith collections in the eyes of Western Islamic scholars and, in contrast to Western
scholars, the article also examines the efforts of Eastern scholars to restore the
reputation of "Kutubu-s-sitta" collections in the XI-XII centuries.
Key words: Islamic culture, "Kutubu-s-sitta", Imam Bukhari, Imam Muslim,
Imam Nawawi, Ibn Majah, Golziher, William Muir, Alois Sprenger.
Аннотация: Исламская цивилизация отличалась от всех цивилизаций мира
своими уникальными особенностями. Эта цивилизация, особенно в регионах
развития исламской культуры, приобрела особое значение в связи с развитием
исламских наук с одной стороны и мировых наук с другой. В статье
анализируется изучение сборников хадисоведения «Кутубу-с-ситта» (Сихохи
ситта), написанных в наиболее яркие периоды исламской цивилизации, в конце
XIX - начале XX веков. В ходе исследования широко использовались такие
методы, как сравнение и историчность при изучении коллекций «Кутубу-сситта». Другой отличительной особенностью статьи является то, что в статье
рассматриваются цели анализа сборников хадисов в глазах западных исламских
учёных и, в отличие от западных учёных, в статье также рассматриваются усилия
восточных учёных по восстановлению репутации коллекциях «Кутубу-с-ситта»
в XI-XII вв.
Ключевые слова: Исламская культура, «Кутубу-с-ситта», Имам Бухари,
Имам Муслим, Имам Навави, Ибн Маджа, Гольцихер, Уильям Мьюир, Алоис
Шпренгер.
KIRISH
Islom manbalarida Qur’ondan keyingi ikkinchi manba hadis to‘plamlari
hisoblanadi. O‘zida sahih hadislarni jamlagan ishonchli to‘plamlar Rosululloh
(s.a.v.)ning so‘zlari, xulqlari, fe’l va taqrirlarini o‘rganishda, hamda islomni tushunish
orqali amaliyotga tatbiq etishda eng ishonchli manbalardan biridir. Shu bois,
musulmon olimlari tomonidan hadis ilmi borasida ko‘plab kitoblar ta’lif etilgan.
Mazkur kitoblar “rivoyat al-hadis” va “diroyat al-hadis” turkumlariga bo‘lingan.
III(hijriy)/IX(melodiy) asrda tasniflangan hadis ilmining eng ishonchli manbalari
– “Kutubu-s-sitta” (“Sihohi sitta”) to‘plamlari hisoblanadi. Ushbu to‘plamlar tarkibiga
Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih”lari, Imom Nasoiy, Ibn Moja, Termiziy
va Abu Dovudning “Sunan” kitoblari kiradi. III/IX asrdan “Kutubu-s-sitta”
to‘plamlariga sharhlar yozilib, olimlar tomonidan tadqiqotlar olib borilgan. XIX-XX
asrlarda amalga oshirilgan “Kutubu-s-sitta” doirasidagi tadqiqotlar islom tarixi, islom
ilmlari, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, muhaddislar faoliyatini o‘rganish, hamda
manbalarni tadqiq qilish borasida ilmiy izlanishlar olib boruvchilar uchun muhim
ahamiyat kasb etadi.
“Kutubu-s-sitta”ga doir izlanishlarni yorituvchi tadqiqotlarni zamonaviy va
konseptual-uslubiy yondashuvlardan kelib chiqib, quyidagi 3 guruhga ajratish
mumkin: 1) G‘arbda “Kutubu-s-sitta” doirasida amalga oshirilgan izlanishlar; 2)
Sharqdagi “Olti kitob” to‘plamini o‘rganishga oid bo‘lgan kitoblar va tadqiqotlar; 3)
O‘zbekiston tadqiqotchilari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy ishlar.
Birinchi guruhga g‘arbda “Kutubu-s-sitta” to‘plamining o‘rganilishini kiritish
mumkin. Qur’oni Karimning XII asrda lotin tiliga, XIV asrdan boshlab ingliz, fransuz
va ispan tillariga tarjima qilinishi hadislarni yanada chuqurroq tadqiq etishga undadi.
Qur’oni Karim ustida olib borilgan tadqiqotlarning ko‘lami ortishi bilan XIX asrdan
boshlab hadis sohasida keng ilmiy izlanishlar yo‘lga qo‘yildi. Bu izlanishlar natijasida
“Kutubu-s-sitta” to‘plamiga ham murojaat qilinib, tadqiq etildi. G‘arbda ilk bor hadis
ilmi va “Kutubu-s-sitta”ga oid tadqiqotlar Muhammad (s.a.v.) shaxsiyatlarini hamda
hayotlarini tadqiq etishga bag‘ishlangan asarlardan boshlandi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLARNING TAHLILI
G‘arbda hadis ilmi, sanadlar, muhaddislar hollari va “Kutubu-s-sitta”ga oid
ma’lumotlar Villiam Muir (1819-1905), Alois Sprenger (1813-1893), Yulius
Vellgauzen (1844-1918), Ignaz Goldziher (1850-1921), Nikolson Reynold Allen
(1868-1945), Jonatan Braun (1977) va Robert Martson Speit (1924-2011) kabi g‘arblik
sharqshunos va islomshunos olimlarning kitoblarida keltirilgan.
Avstraliyalik sharqshunos olim Alois Sprengerning “The life of Mohammad from
original sources” nomli asarida islom dini o‘sha davr insonlari tomonidan yaratilgan
bir ta’limot, deb talqin qilingan. (Sprenger A., 1851: 345) Uning bu nazariyasi
Muhammad (s.a.v.) davridagi voqealarni tanqidiy baholashga olib kelgan.
Sprengerning “Islom yahudiylik, xristianlik va arab ijtimoiy hayotining mahsulidir.
Islomning o‘zi sivilizatsiya yarata olmaydi, aksincha sivilizatsiyalar islomni yaratgan”
kabi xulosalari ko‘p qarshiliklarga sabab bo‘lgan. Sprenger islomning shakllanish
jarayonini tarixiylik, ratsionallik va sababiylik tamoyillari asosida baholashga harakat
qilgan. (Sprenger A., 1851: 366)
Bundan tashqari, Sprenger hadis ilmining tarixiy ishonchliligi bilan ham qiziqadi.
U hijriy V asrdan buyon “Kutubu-s-sitta” to‘plamlari islomshunoslar, shuningdek,
boshqa soha vakillari tomonidan tanqid qilinmaganligi sababli unga ishonish
mumkinligini ta’kidlaydi. Biroq hadislardan ba’zilari bir-biriga zid ekanligiga
asoslanib, ularga mutlaq ishonish mumkin emas, degan fikrni ham bildiradi.
Vengriyalik islomshunos, sharqshunos va arab tili mutaxassisi Ignaz Goldziher
ham o‘z ilmiy faoliyati davomida ishonchli to‘plamlar bilan bog‘liq masalalarni
yoritgan. XX asrda hadis ilmi va ushbu to‘plamlarga nisbatan bildirilgan fikrlar
qatorida uning ham mulohazalarini keltirish o‘rinlidir. Uning tomonidan qalamga
olingan “Muhammedanische studien” nomli ikki jildli asarning ikkinchi jildi hadis
ilmiga bag‘ishlangan. (Goldziher I., 1890: 245) Goldziherning “Sunan”lar haqidagi
mulohazasiga ko‘ra: “Hijriy III asrda yozilgan kitoblar va shug‘ullanilgan sohalarga
qaraydigan bo‘lsak, biz bu davrda ko‘proq huquqning turli yo‘nalishlariga doir
tadqiqotlar bilan mashg‘ul bo‘linganini ko‘ramiz. Bu shaklda yozilgan kitoblar sof
hadis ilmi bilan shug‘ullanish uchun yetarli emas edi”. O‘z navbatida bu davrda
yozilgan huquqiy mavzularni o‘z ichiga olgan kitoblarga ham “Sunan” nomi berilgan.
Bundan tashqari, Ignaz Goldziher Imom Molikning “Muvatto”sini ilk hadis majmuasi
sifatida qabul qilmagan. U islom olamida birinchi ta’lif qilingan kitob sifatida Imom
Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”sini e’tirof etgan.
Ignaz Goldziher “Kutubu-s-sitta”ning islom olamidagi o‘rnini ko‘rsatish
maqsadida quyidagi mulohazalarni bildiradi: “Huquqiy qonun musannafoti (“Kutubu-
s-sitta”ni nazarda tutmoqda) mualliflari tomonidan qimmatli deb baholangan va o‘z
mezonlariga ko‘ra, tanlangan hadislar va minglab hikmatli so‘zlar uzoq safarlar
natijasida muhaddislarning o‘zlari tomonidan to‘plangandir. Birgina Imom
Buxoriyning o‘zi butun islom olamidagi mingga yaqin shayx bilan uchrashib, ulardan
hadis tinglagan. Keyinchalik u barcha roviylarning ishonchliligini tekshirgan va
yaxshisini yomonidan ajratishga majbur bo‘lgan.
Hadis ilmidagi boshqa muhaddislar ham xuddi mana shu holatni boshdan
o‘tkazganlar”. Goldziher bir tarafdan Imom Buxoriy va boshqa mualliflarning hadis
ilmi borasidagi g‘ayrati va benazir tadqiqotlaridan bahs etarkan, boshqa tomondan
hadis adabiyotining ishonchliligini shubha ostiga oladi: “Payg‘ambarga yoki
sahobalarga to‘g‘ri va ishonchli nisbat bera oladigan asarni topish imkonsizdir.
Shuning uchun Payg‘ambar va sahobalar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilishda III/IX
asrdagi hadisga doir adabiyotlardan foydalanishimiz shart. Chunki mazhablar
o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, turfa xil farqlar, avlodlar o‘rtasidagi tafovutlar bizni
shunga undaydi”. Ko‘rinib turibdiki, Goldziherning “Kutubu-s-sitta” majmuasi
haqidagi so‘zlari uning yuqorida aytgan so‘zlariga tamoman ziddir. U bir tomondan
muhaddislarning hadis uchun g‘ayrat bilan amalga oshirgan ishlarini, roviylarni
sinchkovlik bilan tekshirganini qayd etadi, biroq ular tomonidan yaratilgan
kitoblarning ishonchlilik darajasiga shubha bilan qaraydi. Shu bilan birga, Goldziher
“Kutubu-s-sitta” kitoblari nima sababdan ishonchga loyiq emasligi borasida biror isbot
taqdim qilmaydi. Albatta, XX asrda “Kutubu-s-sitta”ning bunday tanqidga uchrashi
hayron qolarli holat. Biroq, shunisi g‘alatiki, bu tanqidlar biror tayinli ilmiy asosga ega
emas.
Nikolson Reynold Allen “A literary history of the arabic” kitobida “Kutubu-s-
sitta” haqida o‘z mulohazalarini bildirgan. (Nikolson R., 2010: 235) Jumladan, u: “Ular
(muhaddislar) eshitgan narsalarini qog‘ozga tushirgan va ularni kitoblar holiga keltirib
ommaga taqdim etgan. Bu asarlar tartibining go‘zalligi, uslubining nafisligi bilan
odatda ensiklopediyalarni eslatadi. Bu kitoblar olimlarning ensiklopedik xarakterga
ega bo‘lgan kitoblaridir”, deya “Kutubu-s-sitta” to‘plamining mukammalligi,
ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan unga yuksak baho beradi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
“Kutubu-s-sitta” to‘plamlarini tadqiq qilish jarayonida g‘arb va sharq
olimlarining ishonchli manbalariga murojaat qilindi. Shuningdek, tadqiqot davomida
qiyoslash, tarixiylik, analiz va sintez uslublari keng qo‘llanilib, mavzuni ilmiy asoslab
berishga harakat qilindi. Ba’zi g‘arb va sharq olimlari o‘rtasidagi yondashuvlar ikki xil
ekanligi hisobga olinib, sivilizatsion va diniy omillar ta’siri tahliliga ham e’tibor
berildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Amerikalik islomshunos olim Jonatan Braunning “The canonization of al-Bukhari
and Muslim” (Al-Buxoriy va Muslimning hadis qabul qilishdagi shartlari) nomli kitobi
XX asr g‘arb dunyosida amalga oshirilgan “Kutubu-s-sitta”ga oid tadqiqotdir. (Jonatan
B., 2007: 56) Jonatan Braun kitobning birinchi bobida kanonizatsiya (qonuniylashib
ketgan urf-odatlar va qarashlar – G. Alijonova) tushunchasini tahlil qilib o‘tgan. Uning
paydo bo‘lishi, xristian jamiyatida qanday tushunilishi va urf-odat, qonun sifatida
jamiyatdagi o‘rnini yoritib beradi. Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Muslimning
hadislarni qabul qilishdagi shartlarini qonun sifatida talqin qiladi.
Musulmon-nasroniy munosabatlarini o‘rganish borasida amerikalik eng mashhur
sharqshunos olimlardan biri – Robert Martson Speitning “The function of hadith as
commentary on the Quran, as seen in the six authoritative collections” (Hadislarning
Qur’onni sharhlashdagi vazifasi olti ishonchli to‘plam misolida) nomli maqolasi
Andrev Rippon “Approaches to the history of the interpretation of the Quran” (Qur’on
tafsiri tarixiga yondashuvlar) kitobining to‘rtinchi bo‘limida kelgan. Robert Martson
hadis Muhammad (s.a.v.) sunnatlarini ishonchli holatda yetkazish ilmi ekani, bu ilm
dastlabki hijriy asrlarda alohida islomiy ilmlardan biri sifatida shakllangani, hamda
Qur’oni Karim tafsirini tushunishda asosiy manbaligi haqida ilmiy mushohadalarni
keltirib o‘tadi. Biroq hadis ilmi, birinchidan, Qur’oni Karimni tushunib olish uchun bir
ilm deyilsa, ikkinchidan, hadis ilmi alohida manba va fan sohasi sifatida baholanadi.
Shuningdek, olim “Kutubu-s-sitta” to‘plamining g‘arb ilmiy muhitidagi o‘rnini yanada
chuqurroq ko‘rsatib bera olgan.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan xulosa qilish mumkinki, g‘arb islomshunos
va sharqshunos olimlarining tadqiqot obyektlariga ayrimlarida hadis ilmi, boshqa
birlarida “Kutubu-s-sitta”, ba’zilarida esa Imom Buxoriy va Imom Muslimning ilmiy
merosi va ularning kitoblari asos qilib olingan. Hech bir tadqiqotda hadis ilmi,
“Kutubu-s-sitta” to‘plamlari hamda mashhur muhaddislarning ilmiy-ma’naviy
faoliyati yaxlit tarzda ochib berilmagan.
Ikkinchi guruhga sharqda hadis ilmining o‘rganilishi tendensiyalarini kiritish
mumkin. Bu jarayon o‘ziga xos tarzda ilk hijriy asrlardan boshlab hozirgi kunga qadar
davom etib kelmoqda.
XIX asrda “Kutubu-s-sitta” to‘plamlarini o‘rganib himoya qilish va qiymatini
yanada orttirish maqsadida Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviy14 (1813-1893), Xalil
Ahmad Saharonpuriy15 (vaf. 1346/1927), Abdurahim Muborakfuriy16 (vaf.
1354/1935), Muhammad Anvar Shoh Kashmiriy17 (vaf. 1352/1933), Muhammad Fuad
Misriy18 (vaf. 1382/1962), Zafar Ahmad Tahonaviy19 (vaf. 1394/1974), So‘fi o‘g‘li
Mehmet (vaf. 1408/1987), Muhammad ibn Mustafo Azamiy20 (vaf. 1438/2017),
Abdurahmon Han va Basriy Totli kabi olimlar tadqiq qilgan.
Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviy butun umri mobaynida shogirdlariga hadis
ilmidan dars bergan holda “Kutubu-s-sitta”ning mavqeini mustahkamlashga katta
hissasini qo‘shgan. U darsni o‘z dargohida bergani sababli olimning uyi “Daru-l-hadis”
sifatida shuhrat qozongan. Uning “Ramuz al-ahadis” (Gümüşhânevî A., 2021: 76) asari
uzoq yillar mobaynida hadis ilmini o‘qitishdagi eng mashhur asarlardan biri bo‘lgan.
Asar o‘z ichiga 7103 hadisni jamlagan. Har bir hadis oxirida uning manbasi va roviylari
keltirib o‘tilgan. Kumushxonaviy munaqqidlar uydirma deb atagan hadislarni o‘z
asariga kiritmagan. U asarni yozishda “Kutubu-s-sitta” tarkibidagi kitoblar bilan
birgalikda jami 125 ta manbadan foydalangan. Albatta, u foydalangan manbalar ichida
“Kutubu-s-sitta”ning o‘rni nihoyatda katta bo‘lib, bu esa mazkur to‘plamlarning
Kumushxonaviy nazarida yuksak e’tibor qozonganidan dalolat beradi.
Kumushxonaviy o‘z asarida “Kutubu-s-sitta”ga katta ahamiyat bergan bo‘lsa-da, ular
haqida to‘liq ma’lumot bermagan va asosiy tadqiqot obyekti qilib hadislarni keltirgan.
Xalil Ahmad Saharonpuriyning “Bazl al-majhudi fi halli Sunani Abu Dovud”
nomli kitobi hadis ilmini yanada boyitgan manbalardan biridir. Xalil Ahmad
Saharonpuriy Abu Dovudning “Sunan”ini tarjima qilgach, undagi e’tiborsiz
qoldirilgan masalalarni yoritishga va ilmiy tahlil qilishga harakat qiladi va ushbu
“Sunan”ga sharh yozadi. (Saharonpuriy H., 2014: 88) Kitob muqaddima va o‘n to‘rt
jilddan iborat. Asarning muqaddima qismida muallif Abu Dovudning ilmiy faoliyati
va merosini alohida tadqiq etadi. Saharonpuriy tomonidan Abu Dovudning “Sunan”i
ilmiy tadqiqga tortilgan bo‘lsa-da, biroq Saharonpuriy hadis ilmi va metodologiyasi
hamda “Kutubu-s-sitta”ning boshqa kitoblarini nazardan chetda qoldirgan.
14 Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviy – (1813–1893) naqshbandiya tariqatining shayxlaridan biri, islom ilmlari olimi
va mutasavvuf.
15 Xalil Ahmad Saharonpuriy – hindistonlik hanafiy, so‘fiy va faqih, islom olimi bo‘lib, moturidiylik va ash’ariylik
ta’limotlaridan ma’ruzalar o‘qigan. Islom ilmlariga oid o‘ndan ortiq asarlar yozib qoldirgan.
16 Muborakfuriy – urdu, fors, hind va arab tillarida faoliyat olib borgan. Fiqh, usul al-fiqh, hadis va mantiq ilmi bilan
shug‘ullangan. U 10 dan ortiq qimmatbaho asarlar yozgan. Hadis rivoyat qilish va ta’lim berishga ijoza olgan olim.
17 Anvar Shoh Kashmiriy – o‘z davrining yetuk muhaddisi, mufassiri, faqihi, mutakallimi, tasavvuf vakili, adibi va
muhaqqiq ulamolaridan bo‘lgan. Besh yoshida Qur’oni Karimni yodlashni boshlagan. Keyinchalik otasidan fors tilini
o‘rgangan.
18 Solih Misriy – Qur’on va hadisga oid kitoblari bilan tanilgan misrlik olim.
19 Ahmad Tahonaviy – islom ilmlarining turli sohalariga oid ko‘plab asarlar yozgan hadis olimi.
20 Muhammad ibn Mustafo A’zamiy – Qur’on va hadis ilmiga oid kitoblar ta’lif etgan hindistonlik olim.
Abdurahim Muborakfuriyning “Tuhfat al-ahvaziy bi sharhi Jome at-Termiziy”
asari “Kutubu-s-sitta” to‘plamlarini o‘rganishga oid muhim manbalardan biridir.
(Muborakfuriy A., 2011: 78) Asar 10 jild bo‘lib, kitobda Muborakfuriy muhaddis
Termiziy yozgan har bir roviy haqida biografik ma’lumot bergan. U hadislarni
sharhlashda muhaddislar, faqihlar va salafi solihlardan iqtiboslar keltirgan. Imom
Termiziyning “hasan” va “sahih” kabi qarashlarini boshqa muhaddislarning fikrlari
bilan boyitgan. Muborakfuriy “Jome at-Termiziy”ga sharh yozishdan oldin ushbu
asarga ikki jildli muqaddima yozgan. Kirish qismi ikkiga bo‘lingan. Qirq bir bobdan
iborat birinchi bo‘limda hadis ilmi, muhaddislarning fazilati, hadislarni jamlash, hadis
bilan amal qilish zarurati kabi mavzularni bayon qilgan. Ikkinchi bo‘limda
Muborakfuriy asar yozilgan joy – Termiziy masjidi va uning barcha xususiyatlari bilan
tanishtiradi21. Muqaddima Muborakfuriyning sharhida ishlatilgan qisqartmalar va
Imom Termiziy nusxalarini baholash bilan tugaydi. (Muborakfuriy A., 2011: 77)
Muborakfuriyning XX asr boshlarida amalga oshirgan ushbu ishi diqqatga sazovordir.
Chunki Muborakfuriy o‘z asarida faqatgina Imom Termiziyning ilmiy merosi bilan
chegaralanib qolmasdan, hadis ilmi va muhaddislarning hollari haqida ham o‘z
fikrlarini bayon qilgan.
XX asrda yana xuddi shu shaklda asar yozgan olimlardan biri bu Rizouddin ibn
Faxriddin edi.
Bu davrning yana bir olimi Muhammad Anvar Shoh Kashmiriy bo‘lib, umrining
uchdan birini Devbandda o‘tkazgan. Kashmiriy asarlarining ko‘pi talabalar uchun
tayyorlangan ma’ruzalar asosida yuzaga kelgan. Chop etilgan asarlari orasida uning
“Sahihi Buxoriy”ning sharhi bo‘lmish “Fayz al-boriy a’la Sahih al-Buxoriy” eng
muhim va mashhuridir. (Kashmiriy A., 2005: 546) Bu kitobda muallif boshqa
sharhlarda uchramaydigan boy izohlar va ko‘plab ma’lumotlarni bergan.
Kashmiriyning hadis ilmi borasidagi xizmatlari hamda u yozgan asar hadis sohasi
rivoji, shuningdek, “Kutubu-s-sitta” majmuasining taraqqiyotida muhim ahamiyatga
ega bo‘ldi. Biroq, Kashmiriy “Kutubu-s-sitta” tarkibidagi boshqa muhaddislar va
kitoblarni tadqiqot markaziga tortmagan.
Muhammad Fuad Misriyning “Jome al-masonid” nomli kitobi XX asrda amalga
oshirilgan tadqiqotlardan biridir. (Misriy M., 1941: 345) Imom Buxoriyning “Sahihi
Buxoriy” asaridagi hadislar 196 sahoba nomiga ko‘ra musnad uslubida tartiblangan va
har bir musnad mavzusiga ko‘ra sanab o‘tilgan bo‘lib, asar tugallangandan ancha
keyinroq nashr etilgan.
XX asrning muhaddis allomalaridan bo‘lmish yana bir inson Zafar Ahmad
Tahonaviydir. Olimning eng mashhur asari, shubhasiz, “I’lo as-sunan”dir. (Tahonaviy
Z., 2001: 78) Yigirma yil mobaynida ta’lif etilgan ushbu asarda muallif hanafiy
21 Muborakfuriy madrasalar ochgan. XX asr boshlarida Termiziy masjidi ham madrasa vazifasini bajargan.
mazhabining qarashlarini himoya qilish bilan birga, ahkom hadislarni tanlab olib
sharhlagan. O‘z davrida hanafiy mazhabi olimlari hukm chiqarishda hadislarga
tayanmaydi, degan botil da’vo bilan chiqqan ba’zi odamlarga qarshi Tahonaviy raddiya
sifatida nomi yuqorida zikr qilingan mashhur asarini yozgan. Uning asari asosan
ishonchli to‘plamlar tarkibiga kiruvchi hadislar asosida yozilgan bo‘lib, hanafiy
olimlar, aksincha, hadisga suyanishda boshqa mazhablarga nisbatan katta ustunlikka
va qudratga ega ekanligini isbotlab bergan. Tahonaviy bu asari bilan hanafiylarning
hadis usulidagi tamoyillarini ochib berishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik
Abdulfattoh Abu G‘udda22 (vaf. 1418/1997) ushbu asarning muqaddima qismiga
sharhlar yozib, uni “Qovaid fi ulum al-hadis” nomi bilan atagan.
So‘fi o‘g‘li Mehmet Turkiyaning Nazli tumanida tug‘ilgan bo‘lib, umrini ikki
muhim manba – Qur’oni Karim va hadis ilmiga bag‘ishlagan olimdir. “Sahihi Muslim
va uning tarjimasi” kitobi muqaddimasida So‘fi o‘g‘li Bag‘dodda bo‘lganida iroqlik
olim Abu Shokir Muhammad Fuad al-Alusiydan ta’lim olgan “Sahihi Muslim”ni
tarjima qilishga qaror qilganini aytadi. Asar 8 jild bo‘lib, Istanbulda 1967, 1970, 1974-
yillarda nashr etilgan. Shuningdek, So‘fi o‘g‘li “Sahihi Buxoriy” ni nima uchun tarjima
qilganini izohlab, u Qur’ondan keyingi mo‘tabar kitob ekani va ba’zi qisqartmalaridan
boshqa to‘liq tarjimasi bo‘lmaganini ta’kidlaydi.
Muhammad ibn Mustafo A’zamiyning “Hadis metodologiyasi va adabiyoti”23
nomli kitobidagi oltinchi bo‘limning 109-117-sahifalarida Imom Buxoriy hayoti va
ilmiy merosi haqida ma’lumot berilgan. Jumladan, “Buxoriy odatda hadisning bir
qismini bobning sarlavhasi uchun olgan. Shuningdek, hadislarni ham takror qo‘llagan.
Kitobidagi hadislar soni 9082 ta, ammo hadislarning takrorini hisobga olmaganda 2602
taga to‘g‘ri keladi” (Mustafa al-A’zami, 2015: 34) kabi ma’lumotlarni tadqiq etib,
“Kutubu-s-sitta” majmuasi tarkibidagi kitoblarda kelgan hadislar soni va ularning
sahihlik darajalarini tadqiq qilgan. Biroq asarda keltirilgan ma’lumotlarni to‘laqonli
ishonchli deb bo‘lmaydi.
Abdurahmon Han tomonidan yozilgan “Kutubus sitta külliyesinde ibadet ve bilgi
ilişkisi” (“Kutubu-s-sitta” majmuasida ibodat va ilm munosabatlari) nomli tadqiqot
hadis ilmida alohida ahamiyatga egadir. (Abdurrahman H., 2007: 342) Tadqiqot kirish
bilan birga uch qismdan iborat. Birinchi bo‘limda Ibn Hajar24 (vaf. 852/1449) hayoti,
ilmiy faoliyati va tadqiqotda asosiy manba sifatida foydalanilgan “Tahzib at-tahzib”25
asaridagi ibodat va ilm tushunchalari tahlil qilingan. Ikkinchi qismda roviylar, ularning
diniy-ruhoniy hayotlariga bergan ahamiyati, sifatlari ko‘rsatilib, yetti asosiy sarlavha
ostida tavsif etilgan. Aynan mana shu qismda “Kutubu-s-sitta” to‘plamlari haqida
22 Abdulfattoh Abu G‘udda – islom huquqi, arab tili, hadis sohalari olimi.
23 Muhammed Mustafa el-A’zami. Hadis metodolojisi ve edebiyati. – Istanbul: Iz Yayincilik, 2015.
24 Ibn Hajar al-Asqaloniy – misrlik hadis olimi va hofizi. Islom ilmlariga oid 150 dan ortiq asarlar ta’lif etgan.
25 Turli davrlardagi muhaddislar haqidagi yozilgan kitob. Jami 12415 roviylarning tarjimai hollarini o‘z ichiga olgan.
“Tahzib at-tahzib” 1891-yilda Dehlida, 1907-yilda Haydarobodda 12 jild holida nashr etildi.
ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Uchinchi bo‘limda esa ibodatning roviylar va
muhaddislarning ilmiy hayotlariga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqotda Imom
Muslimning “Sahih”i va Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy hamda Ibn Mojalarning
“Sunan”laridan iqtiboslar keltirilgan. Biroq, tadqiqotda hadis ilmi, mashhur
muhaddislar va boshqa ishonchli to‘plamlarning ilmiy tahlili haqidagi ma’lumotlar
keltirilmagan.
Basriy Totlining “Kutubu-s-sitta”da Isro va Me’rojga oid hadislar” nomli ilmiy
ishi “Kutubu-s-sitta” doirasida amalga oshirilgan tadqiqotdir. (Basri T., 2000: 87)
Dissertatsiya kirish, uch bo‘lim va o‘ttiz olti paragrafdan iborat. Kirish qismida “Isro”
va “Me’roj” atamalari, Me’roj tasavvurining boshqa din va xalqlarda bor yoki mavjud
emasligi tahlil qilingan. Birinchi bo‘limda Isro voqeasi haqidagi qarashlar ochib
berilgan. Ikkinchi bo‘limda Isro va Me’rojga oid Qur’oni Karim oyatlari va hadislar
keltirilgan. Lekin tadqiqotda faqatgina “Kutubu-s-sitta”ning to‘plamlari qamrab
olingan. Asarda hadis ilmi va muhaddislarning ilmiy faoliyati aks etmagan.
Shuningdek, “Kutubu-s-sitta” tarkibidagi Isro va Me’rojdan boshqa hadislar ilmiy
mushohadaga tortilmagan.
Uchinchi guruhga O‘zbekistonda amalga oshirilgan zamonaviy tadqiqotlar kiradi.
Ushbu tadqiqotlar mustaqillikdan keyin islom ilmlariga e’tiborning yanada ortishi
natijasida yuzaga keldi.
Ubaydulla Uvatovning “Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi
rivojida tutgan o‘rni” (Uvatov U., 2001) nomli dissertatsiyasi hadis ilmining tarixiy
istilohlari, Imom Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj hamda ularning hadis ilmi rivojida tutgan
o‘rni, Abu Iso Termiziy va uning ilmiy-ma’naviy merosi kabi mavzularni qamrab
olgan. Ushbu dissertatsiyaning e’tiborli jihati shundaki, dissertatsiya mustaqillikning
ilk o‘n-yilliklarida yozilgan bo‘lib, mustamlaka istibdodi ta’sirida o‘z ma’naviy-
madaniy merosidan uzoqlashtirilgan millatimiz uchun katta xizmat qilgan.
Musaeva Nodiraning “Insonning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirishda
hadislarning roli” (Musaeva N., 2001) mavzusidagi ilmiy ishida Imom Buxoriy
to‘plagan hadislardagi axloq va odob qadriyatlarining mohiyati, tarbiyaviy ahamiyati,
ota-onalik va farzandlik burchi ma’naviy asoslarining hadislardagi talqini hamda
hadislarning ijtimoiy munosabatlarda aks etishiga doir mavzular qamrab olingan.
Biroq, tadqiqotda Imom Buxoriyning ilmiy faoliyati, “Sahihi Buxoriy” hamda
mo‘tabar hadis manbalariga oid metodologik nazariyalar qo‘llanilmagan.
Rahimjonov Durbekning “Abu Hafs Nasafiyning “Al-qand fi zikri ulamoi
Samarqand” asari Samarqand hadis ilmi tarixi bo‘yicha muhim manba” (Rahimjonov
D., 2003) nomli tadqiqotida islom tarixi manbashunosligi bo‘yicha hadislarning
Samarqandga kirib kelishi tadqiq qilingan.
Bundan tashqari, I.Usmanov, M.Alimova, D.Muratov, O.Davlatov, Sh.Umarov
va N.To‘rayev dissertatsiyalarida hadis ilmi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar o‘z aksini
topgan. Biroq, ushbu dissertatsiyalarda hadis sohasi va usuli, “Kutubu-s-sitta”
to‘plamlari va mashhur muhaddislarning ilmiy faoliyati kompleks tarzda yoritilmagan.
Shuningdek, ushbu tadqiqotlarda “Kutubu-s-sitta”ning shakllanish bosqichlari va
omillari haqida ilmiy mulohazalar ham keltirilmagan. “Kutubu-s-sitta” doirasida Islom
tarixi va manbashunosligi hamda hadisshunoslik sohalari uchun muhim hisoblangan
Rizouddin ibn Faxriddinning “Kutub-s-sitta va mualliflari” asarini tadqiq qilish
zaruratidan kelib chiqib, ushbu asar tadqiqot uchun jalb etildi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
“Kutubu-s-sitta” kitoblaridan foydalangan holda XIX-XX asrlarda amalga
oshirilgan tadqiqotlardan quyidagi xulosalarga kelindi:
Birinchidan, “Kutubu-s-sitta” to‘plamlariga doir XIX-XX asrlarda amalga
oshirilgan tadqiqotlar g‘arbda asosan sharqshunoslar (orientalistlar) tomonidan
bajarilgan bo‘lsa, sharqda ko‘proq diniy ulamolar tomonidan tadqiq qilingan.
Ikkinchidan, g‘arb sharqshunoslari, xususan, I.Goldziher tomonidan amalga
oshirilgan tadqiqotda “Kutubu-s-sitta”ning ishonchsiz ekanligi borasida keltirilgan
fikrlar ilmiy asosga ega bo‘lmay, to‘plamlar tarkibidagi asarlarning mualliflari
bo‘lmish muhaddislarning hadis qabul qilishda o‘ta qattiq va o‘z davri uchun
mukammal tartibga rioya qilganiga yetarli va xolis baho berilmagan.
Uchinchidan, sharq olimlari tomonidan XIX-XX asrlarda “Kutubu-s-sitta”ga oid
amalga oshirilgan tadqiqotlar asosan ushbu kitoblarni himoya qilish, ularning avvalgi
darajasini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Rizouddin ibn Faxriddin ham ana shu
vazifani o‘z oldiga maqsad qilib “Kutubu-s-sitta va mualliflari” asarini ta’lif qildi. O‘z
navbatida bu asar XX asrda Chor Rossiyasi, xususan, Turkiston ilmiy doiralarida keng
tarqalib, insonlarga hadis ilmi va muhaddislar tarixini o‘rganishda muhim manbalardan
biri bo‘lib xizmat qildi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Alois Sprenger. (1851) The life of Mohammad from original sources.
Presbyterian Mission Press.
2. Ignaz Goldziher. (1890) Muhammedanische Studien. – Niemeer: Helle. – V. 1.
3. Ignaz Goldziher. (1890) Muhammedanische Studien. – Niemeer: Helle. – V. 2.
4. Nikolson Reynold Allen. (2010) A literary history of the arabic. – London.
5. Jonathan Brown. (2007) The canonization of al-Bukhari and Muslim. –
Boston: Leide.
6. Andrew Rippon. (2013) Approaches to the history of the interpretation of the
Quran. – USA: Gorgies press.
7. Ahmed Ziyâeddin Gümüşhânevî. (2021) Ramzul hadisi. – İstanbul: Meb Yay.
8. Halil Ahmad Saharonpuriy. (2014) Bazlul majhudi fi halli Sunani Abu Dovud.
– Bayrut: Dor al-bashar al-islomiyya.
9. Muborakfuriy. (2011) Tuhfat al-ahvaziy bi sharhi Jome’ at-Termiziy. –
Bayrut: Dor al-fayha.
10. İsmail Lütfü Çakar. (2006) Hadis edebiyatı. – İstanbul: Ifav.
11. Ahmad Shoh Kashmiriy. (2005) Fayz al-boriy a’la Sahih al-Buxoriy. –
Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya.
12. Misriy. (1941) Jome’ al-masonid. – Qohira: Maktabat al-mutannabiy.
13. Ahmad at-Tahonaviy. (2001) I’lo as-sunan. – Bayrut: Dor al-kutub alilmiyya.
14. Sufi oğlu Mehmet. (1987-1989) Sahih Bukhari ve Tercümesi. – İstanbul:
Meb Yay, I-XVI.
15. Muhammed Mustafa el-A’zami. (2015) Hadis metodolojisi ve edebiyati. –
Istanbul: Iz Yayincilik.
16. Abdurrahman Han. (2007) Kutubi sitta külliyesinde ibadet ve bilgi ilişkisi.
Sokarya Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü.
17. Basri Tatlı. (2000) Kutubi Sitta’da İsra ve Miraç ile ilgili hadisler. Marmara
Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü, Temel İslam Bilimleri, İslami İlimler, Hadis
Bilimi Anabilim Dalı.
18. Uvatov U. (2001) Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida
tutgan o‘rni (al-Buxoriy, Muslim, at-Termiziy): Tar. fan. dok. … diss. – Toshkent:
TIU.
19. Musaeva N. (2001) Insonning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirishda
hadislarning roli: Tar. fan. nom. … diss. – Toshkent: O‘ZMU.
20. Rahimjonov D. (2003) VII–XII asrlarda Samarqandda hadis ilmi taraqqiyoti
(Abu Hafs an-Nasafiyning “Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” asari asosida): Tar.
fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU.
21. Usmanov I. (2007) Al-Hakim at-Termiziyning “Navodir al-usul” asari hadis
va tasavvuf ilmiga oid muhim manba: Tar. fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU.
22. Alimova M. (2008) Imom ad-Dorimiyning hadis ilmiga qo‘shgan hissasi:
Tar. fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU.
23. Muratov D. (2008) Abdulloh as-Subazmuniyning “Kashf al-osor” asari hadis
ilmiga oid muhim manba: Tar. fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU.
24. Davlatov O. (2017) Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va
hadislarning badiiy talqini: Fil. fan. fal. ... diss. – Samarqand: SamDU.
25. Umarov Sh. (2018) Abdulhamid Keshiy ilmiy merosining VIII-IX asrlar
Movarounnahr hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni: Tar. fan. fal. ... diss. – Toshkent: TIU.
26. To‘rayev N. (2020) Imom Buxoriyning “At-Tarix al-kabir” asari hadis ilmiga
oid muhim manba: Tar. fan. fal. ... diss. – Toshkent: O‘ZXIA.
REFERENCES:
1. Alois Sprenger. (1851) The life of Mohammad from original sources.
Presbyterian Mission Press.
2. Ignaz Goldziher. (1890) Muhammedanische Studien. – Niemeer: Helle. – V.
1. (In German)
3. Ignaz Goldziher. (1890) Muhammedanische Studien. – Niemeer: Helle. – V.
2. (In German)
4. Nikolson Reynold Allen. (2010) A literary history of the arabic. – London.
5. Jonathan Brown. (2007) The canonization of al-Bukhari and Muslim. –
Boston: Leide.
6. Andrew Rippon. (2013) Approaches to the history of the interpretation of the
Quran. – USA: Gorgies press.
7. Ahmed Ziyâeddin Gümüşhânevî. (2021) Ramzul hadisi. – İstanbul: Meb Yay.
(In Turkish)
8. Halil Ahmad Saharonpuriy. (2014) Bazlul majhudi fi halli Sunani Abu Dovud.
– Bayrut: Dor al-bashar al-islomiyya. (In Arabic)
9. Muborakfuriy. (2011) Tuhfat al-ahvaziy bi sharhi Jome’ at-Termiziy. –
Bayrut: Dor al-fayha. (In Arabic)
10. İsmail Lütfü Çakar. (2006) Hadis edebiyatı. – İstanbul: Ifav. (In Turkish)
11. Ahmad Shoh Kashmiriy. (2005) Fayz al-boriy a’la Sahih al-Buxoriy. –
Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya. (In Arabic)
12. Misriy. (1941) Jome’ al-masonid. – Qohira: Maktabat al-mutannabiy. (In
Arabic)
13. Ahmad at-Tahonaviy. (2001) I’lo as-sunan. – Bayrut: Dor al-kutub al-
ilmiyya. (In Arabic)
14. Sufi oğlu Mehmet. (1987-1989) Sahih Bukhari ve Tercümesi. – İstanbul:
Meb Yay, I-XVI. (In Turkish)
15. Muhammed Mustafa el-A’zami. (2015) Hadis metodolojisi ve edebiyati. –
Istanbul: Iz Yayincilik. (In Turkish)
16. Abdurrahman Han. (2007) Kutubi sitta külliyesinde ibadet ve bilgi ilişkisi.
Sokarya Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü. (In Turkish)
17. Basri Tatlı. (2000) Kutubi Sitta’da İsra ve Miraç ile ilgili hadisler. Marmara
Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü, Temel İslam Bilimleri, İslami İlimler, Hadis
Bilimi Anabilim Dalı. (In Turkish)
18. Uvatov U. (2001) Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida
tutgan o‘rni (al-Buxoriy, Muslim, at-Termiziy): Tar. fan. dok. … diss. – Toshkent:
TIU. (In Uzbek)
19. Musaeva N. (2001) Insonning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirishda
hadislarning roli: Tar. fan. nom. … diss. – Toshkent: O‘ZMU. (In Uzbek)
20. Rahimjonov D. (2003) VII–XII asrlarda Samarqandda hadis ilmi taraqqiyoti
(Abu Hafs an-Nasafiyning “Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” asari asosida): Tar.
fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU. (In Uzbek)
21. Usmanov I. (2007) Al-Hakim at-Termiziyning “Navodir al-usul” asari hadis
va tasavvuf ilmiga oid muhim manba: Tar. fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU. (In
Uzbek)
22. Alimova M. (2008) Imom ad-Dorimiyning hadis ilmiga qo‘shgan hissasi:
Tar. fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU. (In Uzbek)
23. Muratov D. (2008) Abdulloh as-Subazmuniyning “Kashf al-osor” asari hadis
ilmiga oid muhim manba: Tar. fan. nom. ... diss. – Toshkent: TIU. (In Uzbek)
24. Davlatov O. (2017) Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va
hadislarning badiiy talqini: Fil. fan. fal. ... diss. – Samarqand: SamDU. (In Uzbek)
25. Umarov Sh. (2018) Abdulhamid Keshiy ilmiy merosining VIII-IX asrlar
Movarounnahr hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni: Tar. fan. fal. ... diss. – Toshkent: TIU.
(In Uzbek)
26. To‘rayev N. (2020) Imom Buxoriyning “At-Tarix al-kabir” asari hadis ilmiga
oid muhim manba: Tar. fan. fal. ... diss. – Toshkent: O‘ZXIA. (In Uzbek)