ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati (1925-1927-yillar)

Sodiqov Furqat Fattuloyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

O‘ZBEKISTON SSRDA MAHALLIY BOSHQARUV IDORALARI
FAOLIYATI (1925-1927-yillar)

ACTIVITIY OF LOCAL AUTHORITY IN UZBEKISTAN SSR
(1925-1927)

ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ ОРГАНОВ МЕСТНОГО ПРАВИТЕЛЬСТВА В
УЗБЕКИСТАНСКОЙ ССР (1925-1927 ГГ.)

Sodiqov Furqat Fattuloyevich,
Oriental universiteti, Tarix kafedrasi o‘qituvchisi, t.f.f.d.(PhD)

Tel: +998 99 531-45-55
furkatsodikhov@gmail.com

Annotatsiya: Ushbu maqolada (sobiq) O‘zbekiston SSRning 1925–1927-
yillardagi mahalliy hokimiyat organlari faoliyati yoritib beriladi. Ularning shakllanishi
va saylov jarayonlari haqida ham fikr yuritiladi. O‘zbekiston SSR tashkil topishining
tarixiy sharoitlarini chuqur o‘rganish orqali biz mahalliy hokimiyat organlari, ular
dastlabki bosqichlarda duch kelgan qiyinchiliklar va qarshiliklarni tushunishimiz
mumkin. Sovet hukumati tomonidan ushbu muammolarni hal etish va mahalliy davlat
hokimiyati organlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan
chora-tadbirlar muhokama qilinadi. Bundan tashqari, maqolada O‘zbekiston SSRda
yer-suv islohotining ikkinchi bosqichini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat
organlarining roli o‘rganilib, bu islohotlarning mahalliy davlat hokimiyati
organlarining tuzilishi va faoliyatiga ta’siri ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, maqolada
ishchilar, dehqonlar va o‘rta sinf kabi turli jamiyat elementlari o‘rtasida vositachilik
qilishda mahalliy hokimiyat organlarining roli, ta’siri va boshqa ta’sir etuvchi begona
elementlarning mavjudligi bilan bog‘liq muammolar ko‘rib chiqiladi.

Kalit so‘zlar: sovet, mahalliy boshqaruv idoralari, idora, viloyat, tuman, uyezd,
volost, qishloq soveti, saylov, yer-suv islohoti, yot unsur, batrak, dehqon, o‘rtahol.

Annotation: This article highlights the activities of the local authorities of the
(former) Uzbekistan SSR in 1925-1927. Their formation and election processes are
also discussed. By deeply studying the historical conditions of the establishment of the
Uzbekistan SSR, we can understand the difficulties and resistance faced by the local
authorities at the initial stages. The measures taken by the Soviet government to solve
these problems and ensure the continuous operation of local state authorities are
discussed. In addition, the article examines the role of local authorities in the
implementation of the second stage of land-water reform in the Uzbekistan SSR, and
shows the impact of these reforms on the structure and activity of local state authorities.

In addition, the article examines the role and influence of local authorities in mediating
between different elements of society, such as workers, peasants and the middle class,
and the presence of other influential outside elements.

Key words: soviet, local authorities, authority, region, district, town, volost,
soviet of village, elections, land and water reform, alien elements, laborer, peasant,
middle class peasant.

Аннотация: В данной статье описывается деятельность местных органов
власти (бывшей) Узбекской ССР в 1925-1927 гг. Также обсуждаются процессы
их формирования и избрания. Глубоко изучая исторические условия образования
Узбекской ССР, мы можем понять трудности и сопротивление, с которыми
столкнулись местные власти на начальных этапах. Обсуждаются меры, принятые
советским правительством для решения этих проблем и обеспечения
непрерывной деятельности местных органов государственной власти. Кроме
того, в статье рассматривается роль органов местного самоуправления в
реализации второго этапа земельно-водной реформы в Узбекской ССР, показано
влияние этих реформ на структуру и деятельность местных органов
государственной власти. Кроме того, в статье рассматриваются роль и влияние
местных властей в посредничестве между различными элементами общества,
такими как рабочие, крестьяне и средний класс, а также наличие других
влиятельных внешних элементов.

Ключевые слова: совет, местные органы управления, орган, область,
район, уезд, волость, сельский совет, выборы, земельно-водная реформа,
чуждые элементы, батрак, крестьянин, середняк.

KIRISH

O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari viloyat, uyezd, volost va shahar

sovetlari syezdi va ularning ijroiya qo‘mitalaridan, qishloqlarda esa qishloq

sovetlaridan iborat edi. Bu jihatdan respublikadagi mahalliy boshqaruv tizimi

Turkiston ASSRdagi tizim bilan bir xil edi. Yangi tuzilgan respublika oldida mahalliy

hokimiyatni shakllantirish uchun ko‘plab muammolar mavjud edi. O‘zbekiston

SSRning Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va boshqa viloyatlarida sovet

hokimiyatiga qarshi qurolli harakat, mahalliy sovetlarni tuzish uchun kerak bo‘ladigan

huquqiy asos, kadrlar masalasi, quyi sovetlardagi og‘ir iqtisodiy vaziyat va boshqa shu

kabi muammolarni keltirish mumkin. Yuqoridagi masalalarni hal etish uchun markaz

va respublika rahbariyati tomonidan amaliy harakatlar olib borilgan. Mahalliy

hokimiyatning shakllanishi siyosiy-tarixiy jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun

tarixiy voqealarga ham to‘xtalib o‘tamiz. Maqolada, shuningdek, sovet boshqaruv

idoralari faoliyatining tahliliga oid mulohazalar va boshqaruv apparati xodimlarining

ijtimoiy kelib chiqishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni havola qilamiz.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mazkur masalani yoritishda 1925-yilda Birlashgan Davlat Siyosiy Boshqarmasi
(OGPU)ning materiallari aks etgan “Совершенно секретно»: Лубянка – Сталину о
положении в стране (1922-1934 гг.)” materiallar to‘plamining 1925-yilda chop
etilgan 2-tomidan foydalanildi. Ushbu to‘plamda sovet boshqaruv idoralari
faoliyatining tahlili va boshqaruv apparati xodimlarining ijtimoiy kelib chiqishi
to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv
idoralarining shakllanishi, faoliyati masalalari “История советского государства и
права Узбекистана: 1924-1937 гг.” 2-tom, “O‘zbekiston tarixi (1917–1991-yillar).
O‘zbekiston 1917–1939-yillarda.” 1-tom fundamental tadqiqotlarda yoritilgan.
E. Chernyavskiy, J.A. Zaychenko asarlarida mahalliy boshqaruv idoralarida
o‘tkazilgan saylovlar, O‘zbekiston SSRdagi yer-suv islohotida mahalliy boshqaruv
idoralarining o‘rni va ushbu siyosatning mahalliy boshqaruv idoralariga ta’siri tahlil
qilingan.
O‘zbekiston Milliy arxivining 86-fondi 2445 va 3103-ishlarida volost byudjetini
shakllantirish masalalari va 1926-yilda mahalliy boshqaruv idoralarida o‘tkazilgan
saylovlarning tashkiliy jihatlari ochib berilgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqolani yozish jarayonida O‘zbekiston Milliy arxividagi ma’lumotlar, xorijiy
arxivlardagi manbalar, turli gazetalardagi maqolalar, bir qancha tarixiy manbalar,
tegishli dissertatsiya va monografiyalardagi faktlardan foydalanildi. To‘plangan
materiallarni tartibga keltirishda analiz va sintez usullari qo‘llanildi. Shuningdek,
tarixiy-qiyosiy metod orqali zaruriy axborot shakllantirildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Sovet hukumati, oldingi davrlarda bo‘lganidek, ularga qarshi qurolli harakat
davom etayotgan hududlarni doimiy ravishda to‘liq nazoratga olish uchun harakat qildi
va bu masala ularning doimiy kun tartibida bo‘ldi. Ushbu hududlarda mahalliy
boshqaruv idoralarini shakllantirish va mustahkamlash uchun turli xil nazorat idoralari
va usullaridan foydalandi. 1923-yilda tashkil topgan Birlashgan Davlat Siyosiy
Boshqarmasi (ОГПУ) ana shunday idoralardan biri edi.
Birlashgan Davlat Siyosiy Boshqarmasi sovet hokimiyatiga qarshi kurashni
tugatishda sovet boshqaruv idoralari faoliyatini ham tahlil qilib bordi. Tashkilotning
kuzatishlari va tahlillari natijasida qishloqlarda sovet hokimiyati umuman mavjud
emas degan xulosaga kelgan. (Лубянка, 1925: 560) Chunki bu paytda qo‘rboshilar
egallab turgan ko‘pgina qishloqlarda fuqarolik va harbiy hokimiyat bevosita ular
tomonidan amalga oshirilgan. Shunday hududlarda sovet hokimiyati joriy etgan tartibqoidalar amal qilmagan. Joylarda sovet boshqaruv idoralari vakillari nomigagina
saylab qo‘yilgan, xolos.

Shu bilan birga, Birlashgan Davlat Siyosiy Boshqarmasi sovet boshqaruv

apparatida xodimlarning ijtimoiy kelib chiqishini doimiy ravishda o‘rganib borgan.

Boshqaruv tizimida “begona elementlarning” mavjudligini aniqlash masalasi ustuvor

vazifa hisoblangan. Ya’ni, sovet boshqaruv apparatida sobiq amaldorlarning xavfli

ekanligini inobatga olib va ularning “bosmachilar” bilan aloqalari bo‘lishi

mumkinligini oldini olish maqsadida imkon qadar ular egallab turgan mansab va

lavozimidan “yot unsur” sifatida tozalangan. Masalan, 1925-yil dekabrdagi OGPUning

ma’lumotiga qaraganda, Samarqand oblastining Kattaqo‘rg‘on uyezdida “Qo‘shchi”

ittifoqi a’zolarining 60 foizi boylardan tarkib topgan. Surxondaryo oblastida

“Qo‘shchi” ittifoqining raisi ham sobiq amirning amaldorlaridan biri va u bosmachilar

bilan aloqa qiladi, deb ro‘yxatga olingan. (Лубянка, 1925: 721-722)

Shu bilan birga, Sovet hukumati 1925-yil 11-martda qurolli harakat davom

etayotgan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga qishloq sovetlarini boylar,

mullalar va qurolli harakatga yordam berayotgan deb e’tirof etgan guruhlardan tozalash

uchun keng vakolatlarga ega bo‘lgan maxsus komissiyani yuboradi. (Сулаймонова X.,

Ишанов A., 1963: 58) Komissiya o‘z faoliyati davomida yuqoridagi hududlarda quyi

sovet idoralarini taftish qilib, u yerdagi bolsheviklar nazdida aytilgan yot unsurlardan

tozalash ishlarini olib bordi.

1925-yilning 23-sentyabrida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti IV-

plenumda “O‘zbekistonda Sovetlar ishini yaxshilashning bugungi holati va istiqboliga

bag‘ishlangan ishlar” masalasini ko‘rib chiqdi. Unda partiya idoralariga batraklardan

tortib o‘rta qatlamgacha bo‘lgan fuqarolarni Sovetlar atrofida birlashtirish va ushbu

kuchlarni boylar zo‘ravonligiga qarshi qo‘yish, quyi sovet apparatini dehqonlar bilan

yaqinlashtirish bo‘yicha barcha kuchlarni safarbar etishni topshirdi. (Правда Востока,

1925, 29 сентябр)

Mahalliy sovetlar barqaror ishlamasligining yana bir sababi ushbu idoralarning,

ayniqsa, quyi idoralar bo‘lgan volost ijroiya qo‘mitasi va qishloq sovetlarining moddiy

ahvoli edi. Tadqiqotimizdan xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qishloq sovetlarining

byudjeti mavjud emas edi. Ular uyezd byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib,

bunda ham volost prezidiumi va qishloq soveti raisi maosh olgan xolos. Bevosita xalq

bilan aloqada bo‘lgan va ularni sovet hukumati tomonga og‘dirishda asosiy tayanch

bo‘lgan ushbu idoralarning moddiy mustaqilligini ta’minlash va ularga ko‘proq

vakolatlar berish hisobiga ularning sovet hukumatiga bo‘lgan sadoqatini oshirish

maqsadida 1924-yildan boshlab Turkiston ASSRda tajriba tariqasida volostlarning

byudjetlarini tashkil etish boshlangan edi. 1925-yilga kelib faqat 6 ta: Toshkent

viloyatining Piskent, Chinoz, G‘oyibota va Farg‘ona viloyatining Qo‘qon-qishloq,

Asaka va Chortoq volostlarida byudjet mavjud edi. O‘zbekiston SSR hukumati bunday

volostlarning sonini kengaytirishni Moliya ishlari bo‘yicha xalq komissarligiga

topshiradi. Lekin, iqtisodiy ahvoldan kelib chiqib faqat har tomonlama yaxshi

shakllangan volostlardagina byudjetlarni tashkil etishga ko‘rsatma berildi.26
Keyinchalik bu masala ham oxiriga yeta olmay qoladi. Chunki O‘zbekistonni iqtisodiy
rayonlashtirish natijasida volostlar tugatiladi va respublikada uch bosqichli ma’muriy
boshqaruv tizimi: Viloyat (okrug), rayon (shahar) va qishloq sovetlari shakllantiriladi.
(Содиқов Ф., 2022: 100)

O‘zbekiston SSR MIQ Respublika Konstitutsiyasi qabul qilinguniga qadar,
mahalliy boshqaruv idoralarining huquqiy maqomini belgilash maqsadida 1925-yil 16-
dekabrda “Qishloq sovetlari to‘g‘risidagi Nizom”ni va O‘zbekiston SSRda saylov
tizimi mexanizmlarini aniqlab beradigan “Sovetlarga saylovlar bo‘yicha qo‘llanma”ni
tasdiqladi. (Сулаймонова X., Ишанов A., 1963: 69) Mazkur qo‘llanmaga asosan
O‘zbekiston SSR hududida yashovchi quyidagi fuqarolar saylash va saylanish
huquqiga ega bo‘lgan:

a) davlat, jamiyat, xususiy idora va muassasalar, sanoat, savdo, qishloq
xo‘jaligida band bo‘lgan ishchi va xizmatchilar;

b) qizil armiya, flot, davlat siyosiy boshqarmasi, ishchi-dehqon militsiyasi
xodimlari;

v) boshqalarning mehnatidan foydalanmaydigan qishloq xo‘jaligi bilan
shug‘ullanadigan dehqonlar;

g) hunarmand va kosiblar, o‘zi ham mehnat qiladigan, tegirmon, moyjuvoz,
temirchilik sexlari egalari;

d) birinchi razryad patentiga ega bo‘lgan chakana savdogarlar.
Saylash va saylanish huquqidan quyidagi shaxslar mahrum qilingan:
1) boshqalarning mehnati natijasida foyda oladigan shaxslar;
2) mehnat qilmasdan topadigan daromadda yashaydigan shaxslar (sudxo‘rlar);
3) eski boshqaruv tizimi amaldorlari;
4) ruhiy nosog‘lom shaxslar;
5) barcha din xizmatchilar (mulla, imom, rohib va boshqalar) (Сулаймонова X.,
Ишанов A., 1963: 69)
Yuqoridagi huquqlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, sovet hukumati savdo, sanoat,
hunarmandchilik vakillariga saylov huquqlarini bergan bo‘lsa, hali ham boy, yirik yer
egalari, sudxo‘rlar va din vakillari uchun ular cheklangan bo‘lgan.
1925-yilda umumiy saylov huquqiga ega bo‘lganlarning 1,7 foizi saylov
huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, 1926-yilda bu ko‘rsatkich 1,92 foizni tashkil etgan
(1-rasm) (Содиқов Ф., 2023: 190) RSFSRda esa bu ko‘rsatkich 1925/1926-yillarda 1
foizdan iborat bo‘lgan. (Чернявский Е., 1927: 63)

26 O‘zbekiston МА, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 10-varaq. ISSN 3030-3273

- 126 -

Viloyat yoki okrug Saylovchilar soni (ming 1-rasm
kishi hisobiga)
Toshkent Saylov huquqidan
Samarqand 166 mahrum qilinganlar
Andijon 231
Qo‘qon 310 5382
Xo‘jand 299 4647
Zarafshon 70 4828
Qashqadaryo 238 3940
Surxondaryo 156 1172
Xorazm 87 5296
Konimex tumani 137 2421
14 2259
2779
116

1-rasm. O‘zbekiston SSRda 1926-yilda saylov huquqidan mahrum qilingan aholi
soni

O‘zbekiston SSR MIQ qoshida tuzilgan Markaziy saylov komissiyasi sovetlarga
saylovlar to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga asosan, mahalliy boshqaruv idoralari tarkibini
quyidagicha belgilaydi: okrug ijroiya qo‘mitalari 25-35 nafargacha, uyezd ijroiya
qo‘mitalari 15-25 nafargacha, volost ijroiya qo‘mitalari 7-15 nafargacha, qishloq soveti
prezidiumi 3-5 nafardan tuzildi.27

1925-yilda o‘tkazilgan mahalliy saylovlar ikkita muhim xususiyati bilan ajralib
turdi. Birinchidan, qishloq sovetlariga o‘tkazilgan saylovlarda asosan dehqon,
kambag‘al va o‘rta qatlam vakillari ishtirok etishdi va saylanganlarning 23,9 foizini
batraklar, 35,7 foizini kam yerli dehqonlar va 37 foizini o‘rta qatlam vakillari tashkil
etdi.28 Bu oldingi yillardagi saylov kompaniyalaridan yaxshi natija edi. Ikkinchidan,
sovet hokimiyati o‘rta qatlam kishilari uchun saylov huquqlari berdi va ular
qishloqdagi dehqonlarning markaziy figurasi bo‘lib xizmat qildi. O‘rta qatlam deganda
3 desyatinadan 10 desyatinagacha (Desyatina – Rossiya imperiyasi davrida 1,09
gektarga teng bo‘lgan yer o‘lchov birligi. 1927-yildan ushbu o‘lchov birligidan
foydalanish sovet davlatida tugatilgan) yerga ega bo‘lgan dehqonlar qatlami
tushunilgan. Endi bolsheviklarning asosiy diqqat markazida oldingi yillar kabi faqat
kambag‘allar diktaturasi emas, balki o‘rtahol dehqon va ishchilar diktaturasini
shakllantirish yotardi. Buning sababi, birinchidan, sovet hukumati davlatda
kambag‘allar emas, balki o‘rtahol insonlar asosiy o‘rinni egallashi kerak degan fikrga
kelishdi va bu sotsializm mafkurasining asosiy shartlaridan biri edi. Ikkinchidan,
bolsheviklar shahardagi ishchi va qishloqdagi dehqon o‘rta qatlamga mansub
ekanligini targ‘ib qilish hamda xalqga barcha insonlarni yaxshi yashayotgandek

27 O‘zbekiston МА, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 88-90-varaqlar. ISSN 3030-3273
28 O‘zbekiston МА, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 3103-ish, 37-varaq.

- 127 -

ko‘rsatmoqchi bo‘lishdi. Shuningdek, ushbu siyosatni amalga oshirishdan yana bir
maqsad, jamiyatda o‘z tarafdorlari sonini ko‘paytirish edi.

Bevosita saylov jarayoniga nazar solinsa, 1925-yilning aprel va iyul oylarida
Jizzax, Samarqand va Mirzacho‘l uyezdlarida mahalliy sovetlarga saylovlar bo‘lib
o‘tdi. Mirzacho‘l uyezdida 39 ta qishloq soveti va volost sovetlarida saylovlar
o‘tkazildi. Saylovlarda 30 foiz o‘rta qatlam vakillari qatnashishdi. Jizzax uyezdidagi
saylovlarda uyezd ijroiya qo‘mitasi tarkibiga 83 foiz dehqon va 17 foiz shaharliklar
saylandi, ungacha shaharliklar 56 foizni tashkil etishgandi. Samarqand uyezdidagi
qishloq sovetlarida 52 foiz batraklar, 18 foiz kam yerli dehqonlar va 30 foiz o‘rtahol
kishilar saylandi.29

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan saylovlarda 50 foiz mahalliy sovetlar
yangilandi.30 Qishloq sovetlariga jami 9589 nafar deputatlar saylangan bo‘lib, bu
oldingi saylovlarga qaraganda 3 barobar ko‘p bo‘lgan. (Правда Востока, 1926, 5
февраль)

1925-yilgi qishloq va ovul sovetlari saylovlarida saylov huquqiga ega bo‘lgan
aholining 45,9 foizi ishtirok etgan bo‘lsa, 1926-yilda bu ko‘rsatkich 46,4 foizni tashkil
etgan. RSFSR bilan solishtirilsa, 1925-yilda 47 foiz saylov huquqiga ega bo‘lgan aholi
saylovlarda ishtirok etgan. (Чернявский Е., 1927: 65)

Turkiston SSRda 1921–1922-yillarda yer-suv islohotining birinchi bosqichi
o‘tkazilgan edi. O‘zbekiston SSR tashkil topgach, sovet hukumati tomonidan yer-suv
islohotining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. O‘zbekiston Kompartiyasining 1925-yilning
noyabr oyidagi II syezdida respublikaning siyosiy rahbariyati “shu kunga qadar
qishloqlarda saqlanib qolgan yerga nisbatan xususiy mulkchilik feodal munosabat
sarqitlaridan bo‘lib, shahar va qishloqlardagi bir guruh zamindorlar va boy-quloq
unsurlar qo‘lida barcha ekin ekiladigan yerlarning 1/3 qismi jamlanishiga va
kambag‘al-o‘rtahol qishloq aholisining ezilishiga olib kelgani”ni ma’lum qilib, partiya
va sovet hokimiyati oldiga O‘zbekistonda “yer va suvni milliylashtirishni amalga
oshirishga kirishishni asosiy vazifa sifatida ilgari suradi”. O‘zbekiston SSR MIQning
1925-yil 2-dekabrdagi favqulodda sessiyasida “Yer va suvni natsionalizatsiya qilish
to‘g‘risida” va “Yer-suv islohoti to‘g‘risida”gi dekretlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar
yer-suv islohotini majburiy usulda amalga oshirish uchun me’yoriy asos bo‘lib qoldi.
(Ўзбекистон тарихи. 1917-1991-йиллар, 2019: 481-482)

Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab uch
bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich: 1925–1926-yillarda Farg‘ona, Toshkent,
Samarqand viloyatlarida bo‘ldi. Ikkinchi bosqich: 1927-yili Zarafshon viloyati
(Buxoro va O‘rta Zarafshon okruglari)da yer-suv islohoti o‘tkazildi. Uchinchi bosqich:

29 O‘zbekiston МА, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 81-82-varaqlar. ISSN 3030-3273
30 O‘zbekiston МА, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 90-varaq.

- 128 -

1928–1929-yillarda Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm okruglarida amalga oshirildi.
Qabul qilingan qarorlar asosida belgilanganidan ortiq yerlar, ish hayvonlari va mehnat
qurollari tortib olingan. Boylar, yirik savdogarlar, ulamolar va boshqa mulkdorlarning
yerlari va butun mol-mulki musodara qilindi. O‘tkazilgan yer-suv islohoti natijasida
bolsheviklar qishloqlarda turli qatlamdagi xalqni bir-biriga qarshi qo‘ydi, tezkorlik
bilan olib borilgan kompaniya vaqtida nafaqat yirik yer egalari, balki o‘rtahol
dehqonlarning ham yer-mulklari tortib olindi. Natijada joylarda ushbu islohotga qarshi
norozilik namoyishlari o‘tkazildi, ko‘plab insonlar qurolli harakat vakillari safiga
qo‘shilib ketdi. 1928-yil 1-avgustda O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasining
qarori bilan Vaqf yerlari ham tugatildi. (Зайченко Ж., 1989: 71)

Yer-suv islohotini o‘tkazishda mahalliy sovetlar va “Qo‘shchi” ittifoqining
xizmatidan keng foydalanildi. Mahalliy sovetlar yirik yer egalari, sudxo‘rlar, boy va
savdogarlar hamda diniy ulamolarni aniqlab berish kabi vazifalarini bajargan.
Shuningdek, ular sovet hokimiyatiga qarshi bo‘lgan kishilarni va qurolli harakatga har
qanday aloqasi bo‘lganlarni aniqlashda ko‘maklashgan. 1919-yilda Turkiston ASSRda
sovet hokimiyatini mustahkamlash va qishloqlardagi odamlarga sovet hukumatining
g‘oyalarini singdirishga xizmat qilgan kambag‘allar qo‘mitalarining o‘rniga
“Qo‘shchi” ittifoqi tuzilgan edi. Yer-suv islohoti paytida mazkur ittifoq qishloqlardagi
yirik yer egalarini aniqlash, ularning yer-mulkini musodara qilishda qatnashish,
musodara qilingan yerlarni yersiz kambag‘al dehqonlarga taqsimlash, kambag‘al
dehqonlar, chorikor (mahsulotning 1/4 qismi uchun mehnat qiluvchi)lar va o‘rtahol
dehqonlarni birlashtirish, yot unsurlar qatlamining mahalliy sovetlar tarkibiga
kirmasligini nazorat qilish, qurolli harakatga qarshi mahalliy xalqqa tashviqot ishlarini
olib borish kabi vazifalar bilan shug‘ullangan. 1926-yilning oxiriga kelib “Qo‘shchi”
ittifoqi a’zolarining soni 120,7 ming kishiga yoki shu yil boshiga nisbatan 51,5 foizga
ortgan. (Зайченко Ж., 1989: 76)

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston SSR tashkil topgach, mahalliy
boshqaruv idoralaridagi muammolar saqlanib qoldi. Bular qurolli harakat, sinfiy
kurash, iqtisodiy muammolar, kadrlar yetishmasligi va hokazolar. Sovet hukumati va
kommunistik partiya ularni bartaraf etishga qarshi turli xil choralar ko‘rishiga qaramay,
ular kerakli samarasini bermagan. Buning sababi esa mintaqada milliy ozodlik
harakatining davom etishi, mahalliy xalqning ayrim qatlamlari tomonidan sovet
hokimiyati yuritayotgan noto‘g‘ri siyosat (yer-suv islohoti, saylov tizimidagi sinfiy
adolatsizlik, jamiyatdagi sinfiy adolatsizlik, islom diniga bo‘lgan munosabat va
boshqalar)ni qo‘llab-quvvatlamasligi, joylarda iqtisodiy ahvolning og‘irligi va
boshqalar edi.
Tadqiqot yakunida erishilgan natijalardan o‘quv darsliklarida, tarixiy-ma’rifiy

ko‘rsatuvlarda va matbuot uchun maqolalar yozishda foydalanish mumkin. Bu orqali,
yaqin o‘tmishimizdagi xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, sovet davrini
qumsatuvchi tashviqotlarga aldanmaslik, ongimizda axborot immunitetini hosil
qilishda maqolada ko‘rsatilgan ma’lumotlar manfaatli bo‘ladi, degan umiddamiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. «Совершенно секретно»: Лубянка – Сталину о положении в стране
(1922-1934 гг.). Т. 3. 1925 г. Ч.2. – Москва, 2002. – 560 c.
2. История советского государства и права Узбекистана: 1924-1937 гг. Т2.
Отв. ред.: Х.С.Сулаймонова и А.И.Ишанов. – Ташкент: Издателство АН УзССР,
1963.
3. Зайченко Ж.А. (1989) Классовая борба в узбекском кишлаке. (1925-1929
гг.). – Ташкент: Узбекистан.
4. Ўзбекистон тарихи. 1917-1991 йиллар. (2019) Биринчи китоб,
Ўзбекистон 1917-1939 йилларда. – Тoшкент.
5. Содиқов Ф. (2022) Ўзбекистон CCРда маҳаллий бошқарув идоралари
фаолияти (1917-1938 йиллар). Тарих фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD)
диссертацияси. – Тошкент.
6. Содиқов Ф. (2023) Ўзбекистон CCРда маҳаллий бошқарув идоралари
фаолияти (1917-1938 йиллар). – Тошкент: “Маҳалла ва оила” нашриёти.
7. Чернявский Е. (1927) Сайлаулар-саили. Праздник выборов. – Ташкент:
Узгиз.
8. Ўзбекистон МА, Р-86-фонд, 1-рўйхат, 2445-иш, 10-вараq.
9. Ўзбекистон МА, Р-86-фонд, 1-рўйхат, 2445-иш, 88-90 вараqлар.
10. Ўзбекистон МА, Р-86-фонд, 1-рўйхат, 3103-иш, 37 вараq.
11. Ўзбекистон МА, Р-86-фонд, 1-рўйхат, 2445-иш, 81-82 вараqлар.
12. Ўзбекистон МА, Р-86-фонд, 1-рўйхат, 2445-иш, 90 вараq.
13. Правда Востока, 1926 г, 5 феврал.
14. Правда Востока, 1925 г, 29 сентябр.

REFERENCES:
1. «Sovershenno sekretno»: Lubyanka – Stalinu o polojenii v strane (1922-1934
gg.). T. 3. 1925 g. Ch.2. – Moskva, 2002. – 560 c. (In Russian)
2. Istoriya sovetskogo gosudarstva i prava Uzbekistana: 1924-1937 gg. T2. Otv.
red.: X.S.Sulaymonova i A.I.Ishanov. – Tashkent: Izdatelstvo AN UzSSR, 1963. (In
Russian)
3. Zaychenko J.A. (1989) Klassovaya borba v uzbekskom kishlake. (1925-1929
gg.). – Tashkent: Uzbekistan. (In Russian)
4. O‘zbekiston tarixi. 1917-1991 yillar. (2019) Birinchi kitob, O‘zbekiston
1917-1939 yillarda. – Toshkent. (In Uzbek)

5. Sodiqov F. (2022) O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati
(1917-1938 yillar). Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. –
Toshkent. (In Uzbek)

6. Sodiqov F. (2023) O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati
(1917-1938 yillar). – Toshkent: “Mahalla va oila” nashriyoti. (In Uzbek)

7. Chernyavskiy E. (1927) Saylaular-saili. Prazdnik viborov. – Tashkent: Uzgiz.
(In Karakalpak/Russian)

8. O‘zbekiston MA, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 10-varaq. (In Russian)
9. O‘zbekiston MA, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 88-90 varaqlar. (In
Russian)
10. O‘zbekiston MA, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 3103-ish, 37 varaq. (In Russian)
11. O‘zbekiston MA, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 81-82 varaqlar. (In
Russian)
12. O‘zbekiston MA, R-86-fond, 1-ro‘yxat, 2445-ish, 90 varaq. (In Russian)
13. Pravda Vostoka, 1926 g, 5 fevral. (In Russian)
14. Pravda Vostoka, 1925 g, 29 sentyabr. (In Russian)