NAMANGAN QISHLOQLARI MISOLIDA ETNOTURISTIK
SALOHIYATNING SHAKLLANISHI TARIXI
THE HISTORY OF FORMATION OF ETHNO-TOURISTIC POTENTIAL IN
THE CASE OF NAMANGAN VILLAGES
ИСТОРИЯ ФОРМИРОВАНИЯ ЭТНОТУРИСТИЧЕСКОГО
ПОТЕНЦИАЛА НА ПРИМЕРЕ СЕЛ НАМАНГАНА
Odilov Bobur Ahmadjon oʻgʻli,
Oriental universiteti,
Tarix kafedrasi dotsenti, PhD
Tel: +998 90 353-84-00
odilov1984@bk.ru
Annotatsiya: Etnoturizm sayyohlarga turli etnik guruhlarning noyob madaniy
merosi va urf-odatlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etuvchi sayyohlik sanoatida
rivojlanayotgan yo‘nalishdir. Bu sohaga berilayotgan e’tiborga qo‘shimcha ravishda
tarixan shakllangan va bugungi kungacha saqlab kelinayotgan tabiiy va moddiyma’naviy yodgorliklarimiz haqida ushbu maqolada fikr yuritmoqchimiz.
O‘zbekistonda, xususan, Namangan viloyatidagi qishloqlar aholisi moddiy va
nomoddiy jihatdan oʻzlarining anʼanaviy turmush tarzini saqlab qolgan. Ushbu
jamoalar sayyohlarga o‘tmishga nazar solishni taklif qiladi, ularning etnik-tarixiy
xususiyatlari va qadriyatlarini namoyish etadi. Namangan qishloqlarida etnoturistik
salohiyatning shakllanish tarixi ana shu mahallalarning boy madaniy merosiga
asoslanadi. Mintaqada turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shgan tarixiy omillarni
o‘rganish orqali biz ushbu qishloqlarga tashrif buyuruvchilarni jalb qilish uchun
o‘zlarining noyob an’analaridan qanday foydalanganliklari haqida tushunchaga ega
bo‘lamiz. Umuman olganda, Namangan qishloqlari madaniy merosni asrab-avaylash
va barqaror turizmni rivojlantirish muhimligidan dalolat beradi. Etnoturizmga bo‘lgan
qiziqish orqali ushbu jamoalar o‘zlarining tarixi va an’analarini saqlashda davom
etishlari, namoyish etishlari va tashrifchilar uchun tariximizga oid tushuncha va
ma’lumotlarni taqdim etishlari mumkin.
Kalit so‘zlar: Etnoturizm, qishloq, Yangiqo‘rg‘on tumani, Bekobod qishlog‘i,
Buloqboshisoy, Gayiston qishlog‘i, Do‘ldi qishlog‘i, Zarkent, Iskovot qishlog‘i,
Ko‘kyor qishlog‘i, Yortepa, Mamay qishlog‘i, Mo‘g‘ol qishlog‘i, Nanay qishlog‘i.
Annotation: Ethnotourism is a developing tendency in the tourism industry that
provides tourists with the opportunity to get acquainted with the unique cultural
heritage and customs of various ethnic groups. In addition to the attention given to this
area, in this article we would like to think about our natural, material, and spiritual
heritage that have been formed and preserved historically to this day. In Uzbekistan, in
particular, the inhabitants of the villages of the Namangan region have preserved their
traditional way of life in material and non-material terms. These communities offer
tourists a glimpse into the past, demonstrating their ethno-historical characteristics and
values. The history of formation of ethno-tourist potential in Namangan villages is
based on the rich cultural heritage of these neighborhoods. By examining the historical
factors that contributed to the development of tourism in the region, we gain insight
into how these villages used their unique traditions to attract visitors. In general,
Namangan villages demonstrate the importance of preserving cultural heritage and
developing sustainable tourism. Through interest in ethnotourism, these communities
can continue to preserve, present, and provide visitors with insights and information
about our history and traditions.
Keywords: Ethnotourism, village, Yangikurgan district, Bekobod village,
Bulogboshisoy, Gayiston village, Doldi village, Zarkent, Iskovot village, Kokyor
village, Yortepa, Mamay village, Mogol village, Nanay village.
Аннотация: Этнотуризм – развивающееся направление в сфере туризма,
предоставляющее туристам возможность познакомиться с уникальным
культурным наследием и обычаями различных этнических групп. Помимо
внимания, уделяемого этой сфере, в данной статье нам хотелось бы подумать о
нашем природном и материальном и духовном наследии, которое исторически
сложилось и сохранилось до наших дней. В Узбекистане, в частности, жители
сел Наманганской области сохранили свой традиционный уклад жизни в
материальном и нематериальном плане. Эти сообщества предлагают туристам
заглянуть в прошлое, демонстрируя свои этноисторические особенности и
ценности. История формирования этнотуристского потенциала в селах
Намангана основана на богатом культурном наследии этих сел. Изучая
исторические факторы, которые способствовали развитию туризма в регионе, мы
получаем представление о том, как эти деревни использовали свои уникальные
традиции для привлечения посетителей. В целом села Намангана демонстрируют
важность сохранения культурного наследия и развития устойчивого туризма.
Благодаря интересу к этнотуризму эти сообщества могут продолжать сохранять,
представлять и предоставлять посетителям информацию о нашей истории и
традициях.
Ключевые слова: Этнотуризм, село, Янгикурганский район, село
Бекобод, Булогбошисой, село Гайистон, село Долди, Заркент, село Исковот, село
Кокёр, Ёртепа, село Мамай, село Моголь, село Нанай.
KIRISH
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda turizm industriyasini rivojlantirish, shu jumladan,
ichki va tashqi sayyohlar uchun qulaylik yaratish, tarmoqning raqobatbardoshligini
mustahkamlash, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va jahon bozoriga milliy
turistik maskanlarni faol tanitib borish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada asrlar davomida saqlanib, bizgacha yetib kelayotgan yodgorliklarimiz,
moddiy va madaniy meros namunalarimiz borki, ular sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb
qila oladi. Mazkur maqolada so‘lim qishloqlarning tarixiy shakllanishi haqida
ma’lumot berar ekanmiz, bu maskanlarning turistik hududlarga aylanish jarayoni
haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Yaqin davrimizdagi islohotlarni sarhisob qilsak,
yurtimizga kirib kelayotgan sayyohlar sonining yildan yilga ortib borayotganligini,
turistik maskanlar infratuzilmasining modernizatsiya qilinib borilayotganligini,
qolaversa, viza rejimini erkinlashtirish borasida sezilarli natijalarga erishishga
muvaffaq bo‘linganini kuzatish mumkin. (Ziyodov O., 2022: 123)
Xususan, Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvardekabr oylarida 6,6 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga
tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 1,4 mlnga yoki 26,6 foizga
oshganligini yuqoridagi fikrlarga misol sifatida qayd etish mumkin. Tashrif buyurgan
sayyohlarning doimiy manzili tahlil qilinganda 2023-yil davomida eng ko‘p tashrif
Tojikiston (2 mln 155,2 ming), Qirg‘iziston (1 mln 757,1 ming) va Qozog‘iston (1 mln
333,3 ming nafar)dan bo‘lganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Sayyoh sifatida
Rossiyadan 714,3 ming kishi kelgan bo‘lsa, Turkiyaning ko‘rsatkichi 106,5 ming
nafarni tashkil etgan. Qolaversa, 2024-yilda 10 million xorijlik sayyoh kelishi
kutilayotganligi haqidagi taxminlar mavjud.31 Undan tashqari, Xitoy, Hindiston, Eron
va Arab mamlakatlaridan ham mintaqa tarixi, tabiati va insonlar turmush tarziga
qiziquvchilar bisyor.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mustaqillik davrida turistik infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha amalga
oshirilayotgan islohotlarni tarixiy jihatdan o‘rgangan bir qancha tadqiqotchilar mavjud.
Jumladan, Suvonqulov Shuhrat tomonidan, “O‘zbekistonda turizm tarixi”, Annayev
Jaloliddin tomonidan “Sayyohlik tizimini rivojlantirishda tarixiy-madaniy mеros
obyektlarining ahamiyati”, Poziljanov Xumoyunmirzo muallifligidagi “Qadimgi
davrda turizm” kabi ilmiy maqolalar tadqiqot davomida ko‘rib chiqildi. Bu ilmiy
ishlarning har biri o‘ziga xos mavzu yo‘nalishida ekanligini hisobga olib, bizning
maqolamiz etnoturizm yo‘nalishi qamrovidan chiqmaganligini, bu borada, sayyohlik
potensiali shakllanishining tarixiy jarayonlariga e’tibor qaratilganini ta’kidlash o‘rinli
deb hisoblayman.
31 “O‘zbekistonga 2023-yilda 7 millionga yaqin sayyoh keldi” Gazeta.uz xabari. Manba: ISSN 3030-3273
https://www.gazeta.uz/uz/2024/02/21/tourists/
- 134 -
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Namangan qishloqlarida etnoturistik salohiyatning shakllanish tarixini
o‘rganishda bir qator tadqiqot usullari qo‘llanildi. Qishloqlarning an’anaviy urfodatlari, madaniy merosi va tarixiy ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot to‘plash maqsadida
mahalliy aholi, mutasaddi tashkilotlar va mahallalar yetakchilari bilan suhbatlar
o‘tkazildi.
Ma’lumotlar yig‘ish, shuningdek, qishloqlarning moddiy va nomoddiy
tomonlarini, jumladan, me’morchilik, an’anaviy hunarmandchilik, marosimlar, urfodatlar va folklorni hujjatlashtirish uchun tadqiqotimiz keng ko‘lamli dala
kuzatuvlarini o‘z ichiga oldi. Keyinchalik tahlil qilish uchun qishloqlarning vizual
elementlari suratga olindi. Bundan tashqari, qishloqlarning tarixiy rivojlanishi va
ularning etnik-tarixiy xususiyatlarini kuzatish uchun arxiv tadqiqotlari va adabiyotlar
o‘rganildi. Bu vazifa qishloqlarga oid tarixiy hujjatlar, yozuvlar va ilmiy nashrlarni
o‘rganishni o‘z ichiga olgan.
Qolaversa, tadqiqotda mahalliy hokimiyat va tashkilotlar tomonidan amalga
oshirilayotgan rivojlanish tashabbuslari, infratuzilmani yaxshilash, marketing
strategiyalari va jamoatchilikni jalb qilish dasturlarini o‘rganish orqali qishloqlarda
turizmni rivojlantirishga yordam beruvchi omillar tahlil qilindi.
Umuman olganda, sifatli tadqiqot usullari Namangan qishloqlarida etnoturistik
salohiyatning shakllanish tarixini har tomonlama tahlil qilish, mintaqadagi noyob
madaniy meros va turizmni rivojlantirish istiqbollarini yoritish imkonini berdi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Tahlillarga ko‘ra, 2023-yilda 810 ta yangi turoperator va turfirmalar faoliyati
yo‘lga qo‘yilgan, turizm va unga yondosh sohalarda 70 mingta yangi ish o‘rinlari
yaratilgan, 183 ta mehmonxona, 215 ta hostel, 356 ta oilaviy mehmon uyi ishga
tushgan. Joylashtirish vositalari 5477 taga, o‘rinlar soni esa 142 ming 720 taga
yetkazilgan. (Ziyodov O., 2022: 134)
Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘ndan ziyod qadimiy qishloqlar joylashgan bo‘lib, ular
tarixiy davrlarda Farg‘ona vodiysining eng so‘lim go‘shalaridan hisoblab kelingan. Bu
zamin o‘zining salqin va go‘zal tabiati, serhosil yerlari, olmazor bog‘lari, uzumzor
ishkomlari, bug‘doyzor, chorvalari, sokin va osuda oromgohlari bilan mashhur.
Ayniqsa, bu maskanning muhim omili mehnatkash, mard, tanti, pok niyatli, toza qalbli
va mehmondo‘st odamlaridir. Ularning ota-bobolarimizdan avlodlarga o‘tib
kelayotgan kundalik turmush tarzi sodda, an’anaviylikni saqlab qolganligi mintaqada
etnoturizm imkoniyatlarini oshiradi. Shahar hayotidan biroz chalg‘ishni, sun’iy
shaharlardan oddiylikka intiluvchi sayyohlarning elita qatlamini mazkur mintaqaga
jalb etishi tabiiy. Qishloqlarda mavjud mehmon uylarining ko‘paytirilishi, ularning
dizaynini tarixiy-an’anaviy uslublardan foydalangan holda ishlab chiqilishi, odatiy
hayot, to‘y va boshqa marosimlarni aslicha, qolaversa, mahalliy aholining oziqovqatlari tabiiy mahsulotlarga asoslanganligi, taomlarni tayyorlash jarayonini vizual
kuzatish imkoniyatlari yaratilishi sayyohlar uchun qiziq kechadi. Quyida etnoturizm
imkoniyatlariga ega ba’zi qishloqlar va ularda joylashgan tarixiy ziyoratgohlarni qayd
etishni joiz topdik.
Jumladan, Bekobod qishlog‘i – Bekberdi dodxoh nomidan shakllangan tarixiy
hudud. Dehqonchilik va chorvachilikka oid an’analarni o‘zida saqlab qolgan aholi
kundalik turmush tarzi va urf-odatlarida ushbu jarayonni kuzatish mumkin.
Tarixiy qishloqlardan yana biri Buloqboshi – buloqlar boshida joylashgan qishloq
ma’nosini bildiradi. Buloqboshi qishlog‘i mahalliy aholini turkiy qabilalar bilan
aralashuvi jarayonida vujudga kelgan. Bu yerda o‘rnashgan qipchoq aholisi ta’sirida
qishloq aholisining til xususiyatlari, urf-odatlari birmuncha o‘zgargan, qipchoqlar
o‘troqlashgan cho‘ngbag‘ishlar bilan birga aholining qadimiy o‘zagini tashkil etadi.
Ularning kundalik hayotida chorvadorlarning o‘troqlashuvi natijasida shakllangan
o‘ziga xos madaniyatni kuzatish mumkin. Qishloqning so‘lim go‘shalari ham mavjud
bo‘lib, Buloqboshisoy sayyohlarga go‘zal tabiatni kuzatish imkonini beradi. U yerning
asosiy jihati tabiiy yer osti, buloq suvlari hisoblanadi. Mahalliy aholining rivoyatlariga
ko‘ra, Buloqboshi soyi yer ostidan qaynab chiqib turgan 1001 ta buloqlar suvining
qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Buloq suvining sharqiragan ovozi uni “Jingirbuloq” deb
atalishiga sabab bo‘lgan (Abdurauf ota bilan intervyu, 2023-yil, 17-may). Shu o‘rinda
Baykal ko‘li atrofida joylashgan qishloqlarga tashrif buyuruvchi sayyohlar ayni ko‘l
haqidagi hikoyalarga ko‘proq qiziqishlarini ta’kidlash o‘rinlidir.
Gayiston qishlog‘i ham o‘z tarixiga ega bo‘lib, adirliklar yonbag‘rida,
Namangansoyning o‘ng sohilida joylashgan. Adir etaklaridagi tekisliklarning asosiy
qismida sizot suvlari yuqorida bo‘lganligi uchun yerlari sho‘rxok. Bu jarayon aholining
chorvachilik, ayniqsa, zotli otlarni yetishtirish va parvarishlash bilan mashg‘ul
bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Qishloq aholisining kundalik hayotida chorvachilik bilan
bog‘liq qadriyatlar va tajribalar sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.
Do‘ldi qishlog‘ida ham etnoturizm imkoniyatlari tarixan shakllangan bo‘lib, 17-
asr oxiri 18-asr boshlarida qishloqning janubiy tomonidagi to‘qayzor va qo‘riq yerlarga
ko‘chmanchi do‘ldoy urug‘i vakillari kelib o‘rnashganlar. Ular dastlab ovchilik,
baliqchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadilar. Aholi soni ko‘paya borgach to‘qay va
qamishzorlarni, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar.
Qishloq hududi kengayib, yangi sug‘orish inshootlari – chig‘ir, charxpalaklar va
to‘g‘onlar quriladi, hunarmandchilik (temirchilik, to‘quvchilik, kosiblik,
sangtaroshlik, tegirmonchilik, do‘lchilik) bilan shug‘ullanuvchilar soni ortadi. Qishloq
esa urug‘ nomi bilan Do‘ldoy, bora-bora Do‘ldi deb ataladi. Bu yerda ham mahalliy
aholi etnomadaniy an’analarni saqlab rivojlantirib kelmoqda.
Qadimiy qishloqlardan yana biri Zarkent bo‘lib, qishloqning paydo bo‘lish davri
bundan 800-1000 yildan ortiqroq vaqtga bog‘lanadi. Qishloq katta savdo
karvonlarining yo‘lida joylashganligi uchun ham u qadimdan juda obod va boy qishloq
bo‘lgan. Qishloq markazidagi katta yo‘lning ikki tomoni savdo rastalari, do‘kon va
zargarlik ustaxonalaridan iborat bo‘lib, ularda asosan zargarlik buyumlari: tilla va
kumushdan yasalgan uzuklar, baldoq, isirg‘a, soch va ko‘krak tumorlar yasalib,
zarchoponlar tikilgan. Zar, dur, tilla va kumush bilan savdo qiluvchi Qo‘qonlik,
Kosonlik, Namanganlik, Toshkentlik, Samarqandlik va Buxorolik savdogarlar bu
yerda bir necha kunlab qolib ketishgan. Qishloqda bozor, karvonsaroy, choyxona,
oshxona, mehmonxonalar qurilgan. Qishloq Zarxon, Zarga kon, Zarkon, Zarkent
nomlari bilan atala boshlangan. Bundan 200-250 yil muqaddam qishloq Zarkent
nomini olgan.
Ko‘kyor qishlog‘i ham qadriyatlarini o‘zida saqlagan aholi manzilgohi
hisoblanib, tabiiy joylashuvi va tabiati sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Qishloqqa bundan
300-350 yillar muqaddam asos solingan. O‘sha vaqtlarda Qozog‘istonning Sayram
qishlog‘ida yashagan uyg‘ur, qoramurt qabilalari Podshootasoyning hozirgi Ko‘kyor
qishlog‘idan oqib o‘tgan o‘ng sohillariga kelib joylashganlar. “Mahmud
Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida ta’kidlanishicha, “yor” so‘zi jar,
o‘yilgan yer ma’nosini beradi. Bu so‘zdan o‘zbek tilining ayrim shevalarida hozir ham
shu ma’noda foydalaniladi. Yortepa, Yorqo‘rg‘on, Yorilgan kabi nomlar ham shu
ma’nolarda ishlatilgan.” (Qirg‘izov Y., 1996: 45)
Mamay qishlog‘i hududiga bundan 800-850 yil muqaddam hozirgi Toshkent
viloyatining Chotqol tog‘i etaklarida yashagan chorvador qirg‘iz, qipchoq
urug‘larining oilalari ko‘chib kelib joylashganlar. O‘sha vaqtda qishloq o‘rni
to‘qayzor, tog‘ oldi yaylovlaridan iborat bo‘lgan. Dastavval ovchilik chorvachilik bilan
mashg‘ul bo‘lgan aholi to‘qaylarni o‘zlashtirib, ariqlar chiqarishgan, yangi yerlarni
o‘zlashtirib dehqonchilik qila boshlaganlar. Daraxt ekib, bog‘lar barpo etganlar.
Mahsulotlarini atrof qishloqlardagi bozorlarga olib borganlar. Qishloq kengayib, uni
boshqarish uchun qirg‘iz urug‘i boshlig‘i Mamayni qishloq biyi etib saylaganlar.
Qishloq ham qirg‘iz biyi nomi bilan Mamay qishlog‘i deb nomlangan.
Mo‘g‘ol qishlog‘ining tarixi atrof qishloqlarga nisbatan qadimiyroq bo‘lib,
mo‘g‘ullar istilosi davri bilan bog‘liq. Qishloq o‘rni chorva hayvonlarini boqish uchun
qulay tog‘ oldi yaylovlaridan iborat bo‘lganligi uchun bu hududga asosiy mashg‘ulot
turi chorvachilik bo‘lgan mo‘g‘ol urug‘i vakillari kelib joylashganlar. Hozirda
mahalliy aholi hayotida transformatsion jarayonlar kechgan bo‘lsa-da, ba’zi qadriyatlar
saqlanib qolmoqda. Ushbu jarayon sayyohlarni qiziqtirishi tabiiy, albatta.
Nanay qishlog‘i ham tarixiy maskanlardan hisoblanib, ushbu qishloqning
nomlanishi bilan bog‘liq mahalliy aholining turli rivoyatlari mavjud. Qadimgi
Mesopotamiyaliklar va mamlakatimiz hududlarida yashagan Zardushtiylar unumdorlik
ma’budini Nanay deb atashgan. Ayni paytda qadimgi So‘g‘dliklar ham yetishtirilgan
mo‘l hosilni Nanidat ya’ni Nanay ehsoni sifatida qabul qilganlar. “1365-yilda Chinoz
yaqinidagi “Jangi loy”dan so‘ng aholining bir qismi Chotqol etaklari, Qurama tog‘lari
osha hozirgi Nanay qishlog‘iga kelib o‘rnashganlar. Namangan uezd boshlig‘i, bir
necha yil Nanay qishlog‘ida yashagan Nalivkin ham: chorva mollarini boqish uchun
Bo‘stonliqning Nanay qishlog‘idan 10 uylik oila ham ko‘chib kelganligini hamda bu
joyni ham Nanay deb atalganini ta’kidlagan.” (Qirg‘izov Y., 1996: 49) Demak,
yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, hozirgi Toshkent viloyatining Nanay, Zarkent
qishloqlari aholisi bilan bugungi Namangan viloyatining Nanay, Zarkent qishloqlari
aholisi yaqin qon-qarindoshlik munosabatlarida bo‘lganlar. Shuningdek, har ikki
viloyat qishloqlari Chotqol, Qurama tog‘ tizmalari orasidan o‘tgan tog‘ so‘qmoq
yo‘llari orqali savdo-sotiq qilish, mol ayirboshlash imkoniga ega bo‘lganlar.
Poromon qishlog‘ining ham tarixi qadimiy bo‘lib, tabiiy geografik jihatdan aholi
yashashi uchun qulay joyda joylashganligi sababli Poromon qishlog‘i atrofdagi boshqa
qishloqlarga nisbatan avvalroq paydo bo‘lgan. Dastlab bu yerlarga ko‘chib kelgan
oilalar ovchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib, asta-sekin dehqonchilik va
bog‘dorchilikni o‘rgana boshlaganlar. Yuqori navli tok ekib, uzum yetishtirishni va uni
quritib, mayiz tayyorlashni juda yaxshi o‘zlashtirganlar. Qishloq Poromon, aholi esa
poromonliklar deb atala boshlangan. Shuningdek, qishloq toponimikasi bo‘yicha
“Poranon”, “Qoranon” to‘g‘risidagi rivoyatlar ham mavjud. Aslida qishloq tog‘
yonbag‘rida joylashganligidan uni ayvondagi piramonga o‘xshatishgan va
piramondagi qishloq deb atashgan. Piramon so‘zidan esa Poromon qishlog‘i nomi
paydo bo‘lgan.
Qorayontoq qishlog‘i ham tumandagi eng ko‘hna va qadimiy aholi yashash
manzilgohlaridan biri hisoblanadi. Tabiiy-geografik jihatdan hozirgi Qorayontoq
qishlog‘ida o‘troq dehqonchilikning paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun yetarli sharoit
va imkoniyat bo‘lgan. Hududda soy va buloqlarning, ayniqsa, unumdor yerlarning
ko‘pligi, bu yerlarda yashagan dastlabki odamlarga ovchilik, chorvachilikdan tashqari
ziroatchilik bilan ham shug‘ullanish imkonini bergan. Ovchilik va chorvachilik bilan
shug‘ullanib, tog‘ va cho‘l hududlarida yashagan ko‘chmanchi qipchoq qabilalari soy
va buloqlar atrofiga kelib o‘troqlashadilar. XII-XIII asrlarga kelib qishloq iqtisodiy
jihatdan ancha taraqqiy etgan. Vaqtlar o‘tishi bilan Qorajontaxt atamasi Qorajontoqqa
so‘ngra Qorayontoqqa aylanadi.
Choshtepa qishlog‘i nomi mahalliy aholining mashg‘ulot turi bilan bog‘liq.
Dastlab qishloq hududida yashagan aholi asosan g‘alla, bug‘doy yetishtirish bilan
shug‘ullangan. Hosil pishib yetilgach, uni yanchib, qishloqdagi baland tepalikka olib
chiqilgan. Adir shamolida bug‘doyni sovurib, somonidan batamom ajratib olingach,
bir yerga uyib, to‘plab qo‘yilgan. Somondan tozalab bir yerga to‘plab qo‘yilgan don
uyumi esa chosh deb atalgan. Dehqonlar tomonidan yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirish
marosimi chosh bog‘lash deb atalgan. Bu marosimda dehqon choshdagi dondan etagini
to‘ldirib, bir qismini choshga yaqin yerda to‘kkan, qolgan qismini chosh atrofidan
aylantirib to‘kib chiqqan. Bu bilan dehqon choshning “belidan bog‘lagan” deb
hisoblangan. Chosh bog‘lash bobodehqon nazar qilib, choshga baraka bersin degan
maqsadda o‘tkazilgan. Mazkur marosim tufayli qishloqqa Choshtepa nomi berilgan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqorida qayd etilgan ma’lumotlardan anglash mumkinki, Yangiqo‘rg‘on
tumanida qadimiy, an’analarga boy qishloqlar ko‘pchilikni tashkil etib, ulardan
etnoturizm imkoniyatlarini kengaytirishda foydalanish muhim ahamiyatga ega
hisoblanadi.
Mazkur tumanda, sayyohlarni qiziqtiruvchi yana bir qator muhim joylar
mavjudki, ushbu maskanlarni mahalliy aholi tomonidan e’zozlanishini qayd etish
o‘rinlidir. Xususan, Navkent qishlog‘ining hududida joylashgan To‘raqul Hoji masjidi
binosi 1774-yilda shu qishloqlik katta yer egasi, tadbirkor savdogar To‘raqul Hoji boy
tomonidan mahalliy me’morlarga qurdirilgan. Binoning umumiy maydoni 312 kvadrat
metrdan iborat. Binoning asosi tosh poydevordan iborat. Masjid 1994-yilda adliya
boshqarmasida jome’ masjidi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. To‘raqul Hoji masjidi
me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Ushbu masjid me’morchilik
madaniyatining o‘ziga xos an’analarini mujassam etadi va uning konstruksiyasi
ko‘plab sayyohlarning qiziqish bildirishiga sabab bo‘ladi.
Tarixiy obidalardan tashqari ma’lum bir funksiyalarni bajargan manzilgohlar ham
mavjud bo‘lib, ularga ham aholi tomonidan alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, Nanay
qishloq fuqarolar yig‘inining Mamay qishlog‘ida joylashgan To‘xtamattepa tepaligi.
Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot, kuzatuv
ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi aniqlanmagan. To‘xtamattepa baland tepalik
bo‘lib, maydoni 0,75 gektardan iborat. Tepalik tarkibi tosh va tuproq aralashmasidan
iborat. Tepalik haqidagi mahalliy aholining o‘ziga xos qarashlari mavjud. (Qirg‘izov
Y., 1996: 49)
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, mahalliy aholi va tarixchilar bilan suhbat o‘tkazish
davomida qo‘lga kiritilgan mazkur ma’lumotlar tarixiy jihatdan tahlil etilishi,
qolaversa, mazkur tarixiy maskanlarning zarar yetgan qismlarini aslicha qayta
tiklanishi mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladi. Qolaversa,
mamlakatimizda etnoturizm yo‘nalishini yanada rivojlantirishga asos yaratiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. “O‘zbekistonga 2023-yilda 7 millionga yaqin sayyoh keldi” Gazeta.uz xabari.
Manba: https://www.gazeta.uz/uz/2024/02/21/tourists/
2. Ziyodov, O. (2022) “Turizmning iqtisodiyot rivojiga ta’sirini oshirish va
investitsiya muhitidan unumli foydalanish”. Scientific Impulse, 1(2)
3. Назаров, Зафаржон. (2023) “Появление государственных музеев и домовмузеев Наманганской области и их место в развитии туризма”. Образование и
инновационные исследования. № 9.
4. Қирғизов, Ю.Т. (1996) “Бир ўлкаки”. – Наманган: “Наманган” нашриёти.
– 189 б.
5. Suvonqulov, Sh. (2024) “O‘zbekistonda turizm tarixi” Образование наука и
инновационные идеи в мире. Выпуск журнала № 44, Часть-8. – C. 181-184.
6. Annayev, Jaloliddin. (2024) “Sayyohlik tizimini rivojlantirishda tarixiymadaniy mеros obyektlarining ahamiyati”, Tarixiy obyektlar va tabiiy maskanlar
uyg‘unligi asosida O‘zbekistonning turistik salohiyatini rivojlantirishning asosiy
yo‘nalishlari va istiqbollari. Konferensiya to‘plami. O‘zMU, 15.03.2024.
7. Poziljanov, Xumoyunmirzo. (2021) “Qadimgi davrda turizm” Ijtimoiy fanlarda
innovatsiya. Onlayn ilmiy jurnal, 1-jild, № 3.
8. Tobirov O., Xoshimov A., Berdiyev G‘. (2023) “Farg‘ona vodiysi hududini
geografik-turistik rayonlashtirish” Barqarorlik va yetakchi tadqiqotlar onlayn ilmiyamaliy jurnali, 3-jild, № 12.
9. Urunbayev O., Abdug‘afforov A., Ro‘ziyev A. (2023) “Namangan viloyatida
rekreatsion turizmni rivojlantirishda rekreatsion obyektlarning ahamiyati”
Евразийский журнал технологий и инноваций, Том 1, № 10.
10. Ochilov, Iskandar. (2022) “Xalqaro turizm tarixi va rivojlanishining o‘ziga
xos geografik jihatlari” Science and Innovation. International scientific journal
Volume 1, Issue 6. UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
REFERENCES:
1. “O‘zbekistonga 2023-yilda 7 millionga yaqin sayyoh keldi” Gazeta.uz xabari.
Manba: https://www.gazeta.uz/uz/2024/02/21/tourists/ (In Uzbek)
2. Ziyodov, O. (2022) “Turizmning iqtisodiyot rivojiga ta’sirini oshirish va
investitsiya muhitidan unumli foydalanish”. Scientific Impulse, 1(2). (In Uzbek)
3. Nazarov, Zafarjon. (2023) “Poyavleniye gosudarstvennix muzeyev i domovmuzeyev Namanganskoy oblasti i ix mesto v razvitii turizma”. Obrazovaniye i
innovatsionniye issledovaniya. № 9. (In Russian)
4. Qirg‘izov, Yu.T. (1996) “Bir o‘lkaki”. – Namangan: “Namangan” nashriyoti.
– 189 b. (In Uzbek)
5. Suvonqulov, Sh. (2024) “O‘zbekistonda turizm tarixi” Образование наука и
инновационные идеи в мире. Выпуск журнала № 44, Часть-8. – C. 181-184. (In
Uzbek)
6. Annayev, Jaloliddin. (2024) “Sayyohlik tizimini rivojlantirishda tarixiymadaniy mеros obyektlarining ahamiyati”, Tarixiy obyektlar va tabiiy maskanlar
uyg‘unligi asosida O‘zbekistonning turistik salohiyatini rivojlantirishning asosiy
yo‘nalishlari va istiqbollari. Konferensiya to‘plami. O‘zMU, 15.03.2024. (In Uzbek)
7. Poziljanov, Xumoyunmirzo. (2021) “Qadimgi davrda turizm” Ijtimoiy fanlarda
innovatsiya. Onlayn ilmiy jurnal, 1-jild, № 3. (In Uzbek)
8. Tobirov O., Xoshimov A., Berdiyev G‘. (2023) “Farg‘ona vodiysi hududini
geografik-turistik rayonlashtirish” Barqarorlik va yetakchi tadqiqotlar onlayn ilmiyamaliy jurnali, 3-jild, № 12. (In Uzbek)
9. Urunbayev O., Abdug‘afforov A., Ro‘ziyev A. (2023) “Namangan viloyatida
rekreatsion turizmni rivojlantirishda rekreatsion obyektlarning ahamiyati”
Евразийский журнал технологий и инноваций, Том 1, № 10. (In Uzbek)
10. Ochilov, Iskandar. (2022) “Xalqaro turizm tarixi va rivojlanishining o‘ziga
xos geografik jihatlari” Science and Innovation. International scientific journal
Volume 1, Issue 6. UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337 (In Uzbek)