“SO‘Z YO‘LI”GA XOS LIRIK “MEN” IFODASI
THE LYRICAL EXPRESSION OF "I" SPECIFIC TO "SO‘Z YO‘LI"
ЛИРИЧЕСКОЕ ВЫРАЖЕНИЕ «Я», СПЕЦИФИЧЕСКОЕ ДЛЯ
«SO‘Z YO‘LI»
Mirqosimova Marg‘uba Mirqobilovna,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professori,
Pedagogika fanlari doktori
Tel.: +998 90 321-61-32
Annotatsiya: O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “So‘z yo‘li” nomli
tanlangan asarlari ikkinchi jildini keyingi yillarda yozgan she’rlari tashkil etgan.
To‘plamdagi hazrat Abu Homid G‘azzoliy hikmatlari, sharq adabiyotining ulug‘
namoyandalari Mavlono Rumiy, Hofiz Sheroziy g‘azallari, Aleksandr Pushkin,
zamonaviy rus she’riyati darg‘alaridan Andrey Voznesenskiy, Aleksandr Faynberg
asarlaridan qilgan tarjimalari ham o‘rin olgan. Maqolada O‘zbekiston xalq shoiri
Sirojiddin Sayyidning “So‘z yo‘li” nomli tanlangan asarlariga kirgan she’rlari hamda
Farida Afro‘z ijod namunalari tahlili orqali bugungi o‘zbek she’riyatiga daxldor
uslubiy xususiyatlar, she’riyatga xos tendensiyalar yoritilgan. She’rlarda “men” so‘zini
qo‘llash orqali shoir o‘zining ichki dunyosi, shaxsiy tuyg‘ulari va hayotiy tajribalarini
o‘quvchilarga taqdim etadi. Bu, o‘z navbatida, o‘zbek she’riyatida lirik tafakkur
tarzining davom etishi va shoirning o‘ziga xos uslubiy yondashuvini aks ettiradi. “So‘z
yo‘li” asarida shoir o‘zining ruhiy kechinmasi jarayonlari va ichki kurashlarini
ko‘rsatadi, bu esa zamonamiz muammolari va insoniy hissiyotlar bilan bog‘liq. Farida
Afro‘zning ijodida esa hayotiy muammolarni o‘zgacha lirik uslub bilan ifodalash,
shaxsiy topilma va badiiylikni birlashtirish tendensiyalari ko‘zga tashlanadi. Ushbu
tahlil orqali she’riyatimizning rivojlanish dinamikasini va o‘ziga xos yondashuvlarni
aniqlashga harakat qilinadi.
Kalit so‘zlar: she’riyat, lirik qahramon, janr, uslub, mahorat, tendensiyalar,
insoniy tuyg‘ular, hayotiy muammolar, an’analar.
Annotation: The second volume of the selected works of the People’s Poet of
Uzbekistan Sirojiddin Sayyid entitled “So‘z yo‘li” is composed of the poems he wrote
in the following years. The collection includes the wisdom of Hazrat Abu Hamid
Ghazzali, the poems of Maulana Rumiy, Hafiz Shiraziy – great figures of Eastern
literature, translations of the works of modern Russian poets Alexander Pushkin,
Andrei Voznesensky, and Alexander Feinberg. The article highlights the stylistic
features of today's Uzbek poetry, the trends specific to poetry through the analysis of
the poems of the People’s Poet of Uzbekistan, Sirojiddin Sayyid, included in the
selected works entitled “So‘z yo‘li” and the works of Farida Afroz. By using the word
"I" (myself) in the poems, the poet presents his inner world, personal feelings and life
experiences to the readers. This, in turn, reflects the continuation of the lyrical way of
thinking in Uzbek poetry and the poet's unique methodological approach. In “So‘z
yo‘li” the poet shows the processes of his spiritual experience and internal struggles,
which are related to the problems of our time and human emotions. In the work of
Farida Afroz, the tendency to express life problems with a unique lyrical style, to
combine personal findings and artistry is noticeable. Through this analysis, an attempt
is made to determine the dynamics of the development of Uzbek poetry and specific
approaches.
Keywords: poetry, lyrical hero, genre, style, skill, tendencies, human feelings,
life problems, traditions.
Аннотация: Второй том избранных произведений народного поэта
Узбекистана Сирожиддина Саййида под названием «Сўз йўли» составлен из
стихотворений, написанных им в последующие годы. В сборник вошли мудрость
Хазрата Абу Хамида Газзали, стихи Мауланы Руми, Хафиза Ширази – великих
деятелей восточной литературы, переводы произведений современных русских
поэтов Александра Пушкина, Андрея Вознесенского и Александра Файнберга. В
статье освещаются стилистические особенности сегодняшней узбекской поэзии,
тенденции, характерные для поэзии, через анализ стихотворений народного
поэта Узбекистана Сирожиддина Саййида, вошедших в избранные произведения
под названием «Сўз йўли», и произведений Фариды Афроз. Используя в
стихотворениях слово «я» (сам), поэт представляет читателям свой внутренний
мир, личные переживания и жизненный опыт. Это, в свою очередь, отражает
продолжение лирического образа мышления в узбекской поэзии и уникальный
методологический подход поэта. В «Сўз йўли» поэт показывает процессы своего
духовного опыта и внутренней борьбы, которые связаны с проблемами
современности и человеческими эмоциями. В творчестве Фариды Афроз заметна
тенденция выражать жизненные проблемы уникальным лирическим стилем,
сочетать личные находки и артистизм. Посредством этого анализа делается
попытка определить динамику развития узбекской поэзии и специфические
подходы.
Ключевые слова: поэзия, лирический герой, жанр, стиль, мастерство,
тенденции, человеческие чувства, жизненные проблемы, традиции.
KIRISH
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “So‘z yo‘li” nomli tanlangan
asarlari ikkinchi jildini keyingi yillarda yozgan she’rlari tashkil etadi. To‘plamdagi
hazrat Abu Homid G‘azzoliy hikmatlari, sharq adabiyotining ulug‘ namoyandalari
Mavlono Rumiy, Hofiz Sheroziy g‘azallari, Aleksandr Pushkin, zamonaviy rus
she’riyati darg‘alaridan Andrey Voznesenskiy va Aleksandr Faynberg asarlaridan
qilgan tarjimalari ham o‘rin olgan. Ayni damda, shoirning mumtoz adabiyotimiz
an’analarini davom ettirib, o‘ziga xos uslub va ohangda bitgan “Yaxshilik eskirmagay”
(“Qirq hadis”), “Shamnoma”, “Ko‘ngil sohili” kabi turkumlari diqqatimizni tortadi.
“Shamnoma”ning yozilish sabablarini shoirning o‘zi quyidagicha izohlaydi: “Bu
to‘rtliklarni men osmondan olib yozmadim. Bolalikda, rahmatli momomdan ko‘p
eshitganim, yangalarimga aytadigan “Qiliqning issig‘i – baxting isirig‘i” yoki “Ayol –
erkakning vaziri” degan gaplardan tortib to hozirga qadar, Toshkentning Eski jo‘va
bozorida “Do‘mboqqina handalaklardan olib keting” degan opaxonning so‘zlarigacha
– hammasi o‘zimga tanish, qadrli, ko‘nglimga, hayotimga daxldor kechinmalardir.
Ularda nomlar, ismlar bor: ulug‘ zotlarning, ustozlarimizning nomlari, yana boshqa
nomlar. Tilga olish bahonasida men bu zotlar oldidagi uzib bo‘lmas qarzimni nazarda
tutganman. “O‘choqdagi o‘t boshqa-yu yurakdagi o‘t boshqa” deganlaridek, bu
yozganlarim – balki mening yana bir urinishim, ko‘ngilga tomon yana bir
chog‘lanishimdir. Yozilmagan katta she’rlarning parchalaridir, balki kunlarim,
tunlarimning bo‘laklaridir”. (Sirojiddin Sayyid, 2008)
ADABIYOTLAR TAHLILI
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ijodi o‘zining badiiy ifoda jarayoni va
san’ati bilan ko‘plab tadqiqotchilarni qiziqtirgan. Uning she’rlari nafaqat mavzusi,
balki uslubi, stilistik xususiyatlari va madaniy konteksti borasida ham chuqur tahlil
etilgan. Ushbu adabiyotlar tahlilida Sirojiddin Sayyid ijodini o‘rganishga yaqindan
e’tibor qaratgan olimlar va adabiyotshunoslarning maqolalarini taqqoslaymiz.
Sirojiddin Sayyidning “So‘z yo‘li” she’rlar to‘plami uning ijodining o‘ziga xos
xususiyatlarini ochib beradi. Farida Afro‘z o‘z asarida Sirojiddin Sayyid she’rlari
orqali ifodalangan tasvirlar va hissiyotlarni tahlil etgan va bu asarlar orqali shoirning
o‘ziga xos ovozi va tarjimai holi haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etadi.
M.Mirqosimova “So‘z iztiroblari” monografiyasida Sirojiddin Sayyidning badiiy tilini
va badiiy usullarini yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qilgan. U, shuningdek,
Sirojiddin Sayyid ijodida jamiyat va inson o‘rtasidagi munosabatlarni ochib berishga
qaratilgan fikrlarni beradi. Jumladan, tadqiqotchi, Sirojiddin Sayyid she’rlari orqali
o‘quvchini tarbiyalashning ahamiyatini ta’kidlaydi, bu esa 2024-yilda bo‘lib o‘tgan
respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida muhokama qilingan edi.
Yana bir muhim tadqiqot Fayzullayeva Ra’no tomonidan olib borilgan bo‘lib, u
Sirojiddin Sayyid ijodida xalq og‘zaki ijodi an’analarini o‘rganadi. Bu ma’lumotlar
shoir asarlarini yanada madaniy kontekstda tahlil qilishga yordam beradi. Shoirning
“Onamning kulchalari” nomli she’ri lingvokulturologik nuqtai nazardan o‘rganilib, bu
asarda mintaqaviy til va madaniyatning muhimligi ko‘rsatilib, she’rning chuqur
ma’nosi ochib beriladi. Gulnoza Oripova esa Sirojiddin Sayyid ijodida mumtoz
mushtarakliklarni tahlil etgan va uning asarlaridan kelib chiqib, mumtoz adabiyot va
zamonaviy ijod o‘rtasidagi aloqalarni ko‘rsatgan. Bu tahlil, shuningdek, shoir ijodidagi
yangi yondashuvlarni ko‘rsatib beradi (Otaqulova A., 2023).
Sherzod Jo‘rayev O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ijodini arab tiliga
tarjima qilinishini tadqiq etish orqali Sirojiddin Sayyid she’rlarining universalizmini
ochib beradi. Bu borada olib borilgan tadqiqotlar shoirning asarlarini turli madaniyatlar
va tillarda qabul qilinishi masalasini o‘rganishga yordam beradi (Jurayev Sh., 2024).
Hozirgi paytda Sirojiddin Sayyid ijodida lingvopoetik tahlil yo‘nalishi ham bir
qator olimlar tomonidan o‘rganilmoqda, bu sohada olib borilgan tadqiqotlar shoirning
dastlabki matnlaridan ko‘ra, uning uslubiy xususiyatlariga e’tibor qaratadi, bu esa yosh
avlod o‘quvchilarni badiiy ijodga jalb qilishda ahamiyatlidir (Otaqulova A., 2023).
Ta’kidlash joizki, Sirojiddin Sayyid ijodi o‘zining xilma-xilligi hamda badiiy
uslubi jihatdan tadqiqotlarni davom ettirish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi.
Uning ijodiga oid adabiyotlar o‘zbek adabiyotshunosligida o‘rin olgan muhim
masalalar, ya’ni xalq og‘zaki ijodi an’analari, lingvokulturologik kontekstlar va badiiy
pedagogika kabi yo‘nalishlarda davom ettirilmoqda. Shoir ijodi nafaqat o‘zbek
adabiyotining asosiy qismiga kiradi, balki xalqimiz madaniyati va merosini anglashda
muhim rol o‘ynaydi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin
Sayyidning she’rlari tahlilini amalga oshirish va uning ijodida ifodalangan badiiy va
madaniy jihatlarni aniqlashdir. Shu bilan birga, shoirning asarlarini o‘rganishda
zamonaviy adabiyotshunoslik uslublaridan foydalanish ham tadqiqotning muhim
yo‘nalishi hisoblanadi. Jumladan, maqolani yozishda quyidagi uslublardan
foydalanildi:
- Badiiy tahlil: Sirojiddin Sayyidning she’rlari uslubiy jihatdan tahlil qilindi,
uning tasviriy vositalari va strukturaviy xususiyatlariga e’tibor qaratildi.
- Lingvistik tahlil: She’rlarda ishlatilgan so‘zlar, mantiqiy va sintaktik tuzilmalar
maxsus tahlil qilindi. Bu usul orqali shoirning til va madaniyatga bog‘liqlik darajasi
o‘rganildi.
- Lingvokulturologik tadqiq: Shoir ijodining madaniy kontekstda o‘rganilishi va
uning xalq og‘zaki ijodi an’analariga taalluqli jihatlari ko‘rib chiqildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Maqolani tadqiq etish jarayonida quyidagi she’rlar tanlab olindi va undagi
ifodalarga diqqat qaratildi. Xususan, ayni ko‘ngil izhori shoirning quyidagi
to‘rtliklarida yanada yorqin ifodasini topgan:
Mening Vatan ichra vatanlarim bor
Mangu zavol bilmas chamanlarim bor.
Termiziylar yanglig‘ xazinalarim,
Buxoriylar kabi ma’danlarim bor.
* **
Men bunda har dildan navolar oldim,
Har giyoh, har guldan sabolar oldim.
Oq fotiha oldim oppoq tog‘lardan,
Azim chinorlardan duolar oldim. (Sirojiddin Sayyid, 2008: 194)
“Rayhonlar bargidan siyoh olgan” shoir qalbi har hisdan o‘z ruhida bir giyoh
ungani, “yurtning turna ko‘zli buloqlaridan” ko‘ngil ko‘zi ochilgani, nigohlari
tiniqlashganini his etadi. Kimdir umr bo‘yi qasr quradi, kimdir mol-dunyo yig‘ish bilan
ovora. Kimdir jabr qilmish va topmish jafo. Bu dunyoda hatto so‘z ham sotildi, begona
ham, do‘st ham sotildi... kechirilgan umr esa tushlarga aylandi...
“Yomg‘irlar yig‘lashib sel bo‘ldi, ona,
Sog‘inchlar birlashib yil bo‘ldi, ona.
To‘planib-to‘planib barcha og‘riqlar,
Mening ko‘kragimda dil bo‘ldi, ona...
* * *
Aytmangiz, biz uzoq manzilga ketdik,
Na daryo va na yo sohilga ketdik.
O‘zga manzillardan izlamang bizni,
Yoronlar, biz dilga, biz dilga ketdik” (Sirojiddin Sayyid, 2008: 203)
Shoir dil yo‘li ko‘ngil tomon olis safarga chog‘lanar ekan, bu manzilga yetguncha
go‘yo ming yil taraddudlangani, talpingani, “ming yil yo‘l yurganini” e’tirof etadi. Kuy
tinglab, “ko‘ngil nayi” esayotgan manzillar, gul husniga maftun ko‘ngil ra’yidan,
mehr-u muhabbat yo‘lidan ketgan shoir “bir umrlik ko‘ngil payidan ketdik”, - deya o‘z
ko‘ngil yo‘liga ishora qiladi. Barchamizni o‘zligimizni tanishga, o‘z ko‘ngil yo‘limizni
tayin etishga undaydi, og‘riqli savollar bilan tuyg‘ularimizni, xayollarimizni siljitadi:
“Dunyoga kelding-u ketgaysan qachon?
Ezgulik naqshini bitgaysan qachon?
Neki bor, yetishding yelib-yugurib,
Ey inson, o‘zingga yetgaysan qachon?”
“Rumiydan bir kosa”, “Xayyomdan bir jom” olib, toqat izlab, ko‘ngil yo‘li aro
kezayotgan shoir mudroqlikdan kechishga, “shabnamday bir toza g‘am”, dard ila
yashashga, ko‘ngil manzaralari ortidagi hikmatlar ma’nosini uqishga intiladi:
“Olis yulduzlarda qanday xabar bor?
Oyning gardishida qanday xatar bor?
Mangu xavotirday aylanar falak,
Bir kun hammamizga katta safar bor...
* **
Ulug‘ Oybeklar-u G‘afur G‘ulomlar
Nechun ulug‘ erdi, ulug‘ kalomlar?
Chunki ulug‘ erdi bu zotlarda qalb,
Qalbda ulug‘ erdi dard-u alamlar” (Sirojiddin Sayyid, 2008: 233)
O‘z umrini “ko‘ngil yo‘liga” burgan shoir sog‘inchlarini, og‘riqlarini, kamlik va
kemtiklarini ham so‘z yo‘li aro bitiklarida – “Shamnoma”-yu “g‘amnoma”sida izhor
etar ekan, o‘tadigan kun – umrimizning “ko‘ngil tomon bir safari”, har on –
“kunimizning bir gavhari”, har otadigan tong – “Ollohning bizlarga xushxabari”
ekanini ta’kidlaydi. Zotan, insonlik a’moli, otayotgan oppoq tong, qarshimizdagi uzun
kun va tun barchamiz uchun ko‘ngil tomon burilishga, ko‘ngil yo‘liga safar qilish,
ko‘ngil manzaralari ortidagi ma’nolarni uqish uchun yana bir imkon, fursat demakdir.
Ko‘ngil yo‘li esa shoir uchun so‘z yo‘li, so‘z iztiroblari-yu quvonchlariga to‘liq,
bepoyon, olis, mashaqqatli yo‘l...
Uyqashdir bu yo‘lning shom-u sahari,
Xabarlari bisyor, ko‘pdur xatari.
Ey do‘st, Fariduddin Attordin o‘rgan,
Eng uzoq safardir ko‘ngil safari.
Shoir goh bu yo‘lning “tufroq yanglig‘ so‘qmoqlaridan, goh toshqin sel, ko‘kdagi
chaqmoqlaridan” o‘tib, ko‘ngil yo‘lida darbadar kezadi, o‘zini “ko‘ngil devorining
xasi”day, goh shabnam qo‘ngan yaproqday his qiladi. Dasht-u sahro kezib, qay bir
qirg‘oqlariga bosh urib, “axtara-axtara ko‘ngilni topganligi”ni e’tirof etadi. Shu dam
daraxtlar bandida titroq, yaproqlar ichra xavotir, qoyalar aro junjikish, daryolarning
shiddatla to‘lg‘onishini his etadi. Hatto yomg‘irlar ham “hasrat o‘chog‘idan to‘kilgan
cho‘g‘”day issiq, kuydirguvchi. Bu manzara qanday ma’nolarni ifoda etadi?
O‘zini “hasrat o‘chog‘ida o‘tinga”, “qismat qirg‘og‘ida tutunga” qiyoslagan shoir
ishqsizlik qirg‘og‘iga yetib kelganligini ayon etadi. Ishqsizlikdan mung‘aygan,
dardsizlikdan nurab borayotgan “ko‘ngil yo‘li”ga qarab shoir ko‘zlariga mung,
ko‘ngliga “qirov to‘shaldi”. Bu manzaraga dosh berolmagan shoir ahvolni tuzatish
ilinjida “yaproqlardan uy quradi”, maysadan xona, “shudring va yulduzdan o‘rnatdi
oyna”. “Osmondan zangori darchalar ochib”, “guldan eshik qildi, dildan ostona”. Shu
damda “shoir tanida yaproq bo‘ldi dard, ko‘ngil jahonida tuproq bo‘ldi dard”. Zero,
so‘z yo‘li, ko‘ngil yo‘li dardsizlar uchun begona. Ko‘ngilni dard chekib izlash, dard ila
topish va yaratish mumkin. Dard esa bedor, yaratuvchi, mehr-muhabbatga, ezgulikka
baxshida ko‘ngilda yashaydi. Binobarin, so‘z yo‘li ezgu tuyg‘ular va maqsadlar
yo‘lidir. Shu bois shoir o‘zi tanlagan so‘z yo‘lini dil yo‘li, “ko‘ngil sohili” deb ataydi.
So‘z yo‘llarida ungan chechaklarini esa siz-u bizga, shoir dardlariga hamdard ko‘ngil
egalariga taqdim etib, bu dunyo yo‘llari eltguvchi so‘nggi, yagona manzilga yorug‘ yuz
bilan yetib borishga undaydi.
“Yaxshilik eskirmagay” (“Qirq hadis”) to‘plami avvalgi “Ko‘ngil sohiliga jo
ma’no va manzaralarning badiiy-falsafiy jihatdan teran talqiniy davomiyligini
ta’minlagan. Sakkiz va o‘n ikkilik misralar orqali shoir insoniy burch va mas’uliyat,
ezgulik, ma’rifat, yaxshilik, ona yurtga, xotiralarimizga sadoqat tuyg‘ulari mohiyatini,
ma’no qirralarini falsafiy yo‘sinda poetik talqin etishga erishgan:
... Har kim bu dunyoda qilganlariga
Yarasha ajr ila mukofot ko‘rgay.
Oqargan sochlaring mahshar kunida
Nur bo‘lib yo‘llaring yoritib turgay (Sirojiddin Sayyid, 2008: 235)
Shunisi diqqatga sazovorki, keltirilgan hadislar va hikmatlar ma’nosi sakkizlik va
o‘n ikkilik misralarga singdirilganidan tashqari shoir xilma-xil tashbehlar, metafora,
metonimiya, poetik ko‘chimlardan foydalanib, g‘oya ta’sirchanligini ta’minlashga
erishgan. Qofiya tartibi b-b yoki a-b; a-b tarzida kelib, o‘ziga xos ohangni yuzaga
keltirgan. “Insonga bir vodiy to‘la mol-u dunyo berilsa, u ikkinchi vodiyning ham
berilishini xohlashi” haqidagi hadis mazmuni “nafs” sarlavhali har biri to‘rt alohida
misradan tarkib topgan sakkizlikda o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, “Xudo aytadiki”,
“Baxtsizlik”, “Foydali yomg‘ir” kabi sakkizliklar orqali shoir odamlarni insofga, ezgu
va foydali amallarga undaydi; “O‘lim”, “Meros”, “Sadaqa”, “Odam tanasidagi idish”
kabi to‘rt va oltilikdan tashkil topgan misralarga jo ma’nolar esa umrning g‘animatligi,
befoyda so‘zdan sukut yaxshiroq ekani, xulq-u odobdan ulug‘roq meros yo‘qligi,
Ollohdan foydali ilm so‘rash, fursatni g‘animat bilish, qalb va axloq go‘zalligiga
erishishiga da’vat etadi.
“Imoratlar quring, soling qasrlar,
Istang olam kezib, baxshilik qiling.
Neki qilsangiz ham qay kasb, amalda
Avval duo oling, yaxshilik qiling...”
“Qirq hadis”ni o‘qir ekanmiz, sinovlar dunyosidagi o‘z hayotimizni sarhisob
etish, amallarimiz nechog‘lik ezgulikka xizmat qilishi haqida o‘ylash, mehr ko‘rsatish,
go‘zallikni qadrlash, chanqagan insonga suv tutish, mung‘aygan odamlarga ko‘mak
berish, noumidlar uchun umid chiroqlarini yoqish, tuyg‘usizlarga his-tuyg‘u ulashish
istagi tug‘iladi. Zotan, so‘z inson dilining ko‘rki, libosidir. So‘z yo‘li esa mehrmuhabbat, ezgulik, go‘zallik, rostlik, mas’ullik, hikmat yo‘lidir. Shoir aytmoqchi:
“Bu olam yashnagay ezguliklardan
Toki insonlarda qalb va hikmat bor,
She’r ham yaralmagay bekorga asli
She’rda rasululloh aytgan hikmat bor.”
Sirojiddin Sayyidning “So‘z yo‘li” asari so‘nggi davr o‘zbek she’riyatiga xos
yangicha shakliy izlanishlar, xilma-xil mavzular va g‘oyalar mujassamligida o‘ziga
xos ohanglarni olib kirayotganidan dalolat beradi. Janrlar rang-barangligi, an’anaviy
va yangicha ifoda yo‘llaridan, shakllaridan mahorat bilan foydalanish natijasida o‘ziga
xos falsafiy mushohada bilan tasvirning jozibaliligi, musiqiylik, sodda va ravon ifoda
tarzi lirik qahramon kechinmalarini, ruhiy evrilishlarini poetik talqin yoki ichki nutq
vositasida yoritish imkonini bermoqda. His-tuyg‘u, kechinma va poetik fikr
uyg‘unligidan yuzaga kelgan lirik obraz o‘z “men”ini, o‘z ko‘ngil olamiga xos
manzaralarni tasavvur etib, anglashga undaydi. O‘zini o‘z ko‘ngli orqali taniydi. “So‘z
yo‘li” ham kitobxonni ruhiyat kengliklariga, ko‘ngil manzaralari jo bo‘lgan tuyg‘ular
olamiga olib kiradi.
She’rda shakl ixchamligi, g‘oyaning esa falsafiy ko‘lamdorligi ta’minlanishi
taniqli shoira Farida Afro‘z ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shoiraning “Tasbeh”,
“Ushshoq” kabi she’riy to‘plamlariga xos xususiyatlar keyingi yillardagi ijodida
yanada to‘la-to‘kis namoyon bo‘lmoqda. To‘rtliklar (Azim Suyun, Sirojiddin Sayyid),
ikkiliklar, hatto birlik she’rlar (Tohir Qahhor, Faxriyor, Ulug‘bek Hamdam, Tursun
Ali) qatori bugungi she’riyatda inson ruhiyatini, qalbdagi kechinmalarni shaklan qisqa
uchliklarga joylashtirib, tagma’noni davr o‘zbek she’riyatiga xos shakliy qisqalikka
quyma, mantiqiy shiorlar orqali ifodalash tendensiyasi kuzatilmoqda. Bunday
izlanishlarni mahorat bilan uddalayotgan Farida Afro‘zning uchlik tasbehlarini o‘qigan
kitobxon matn tagma’nosini o‘zi ta’sirlangan holatda hissiyotlari, o‘y-kechinmalariga
monand uqib oladi. Shunisi ajablanarliki, shoira o‘ttiz uch tasbehdan to‘qson to‘qqiz
misrali shoda yaratib, o‘z dunyosiga xos rangin holatlardan falsafiy-ruhiy mantiq
asosidagi badiiy umumlashmalar kashf qilishda foydalangan. Uchliklarning ichki
qurilishi, ohangi, bo‘g‘inlar soni, mazmuni turlicha bo‘lsa-da, ularni yagona shodaga
birlashtirib turuvchi lirik “men” olami, tuyg‘ulari, hukm-xulosalari, mushohadalari,
alam-o‘kinch, afsus-nolalari Yaratganga munojot shaklida yaxlitlashadi va mantiqan
birlashadi. Yagona shodani tashkil etuvchi uchliklar ohangini turoq tartibi, vazn yo
qofiya emas, ko‘proq “men” ruhiyatidagi evrilishlar shiddati va “sen” ni anglash
mashaqqati yuzaga keltiradi. Lirik “men” olamini, uning turfa kinoyalari ortidagi
ma’nolarni o‘zligini idrok etish barobarida “sen”ga ba’zan “uchinchi odam”ga
murojaat qiladi. Poetik to‘xtamlar, tuyg‘ular ziddiyatidan, insonni anglash yo‘lidagi
ikkilanishlar, yo‘qotishlar, aldanishlar, iztirobli og‘riqlar zarbini kitobxonga yuqtiradi.
Yig‘lasam gar sen uchun emas,
O‘zim uchun ham yig‘lamadim, yo‘q.
Peshonamni o‘qidim, xolos.
***
Telefonning dastagi botdi,
Yonib ketdi qulog‘im lov-lov.
Sinib tushdi tilla baldog‘im.
***
Sovib ketdi havolar birdan,
Quyoshni kim o‘g‘irladi, kim?
Kimga kerak muzlagan bag‘ir?!
***
Shukrki, sen boqiy emassan, hayot!
Xayriyat, sen borsan, o‘lim!..
Yaxshiyamki, yutib turasan, Yer!
***
Tariq ekdim chumchuqdan qo‘rqmay,
Qo‘rquvlarim tariqdek sochdim.
To‘ying endi, nokaslar.
***
Men ham adashib “Haqman!” dedim.
Sen ham telbalarcha “Haqman!” deding.
Haq esa hayron (Farida Afro‘z, 2007: 66)
Shoira “men” ruhiyati manzaralarini chizishda davom etib, har bir holat
mohiyatini anglashga yo‘llovchi vaziyat yaratadi. Bu vaziyatdan foydalana olsakkina
tasbehlar ta’mini – ma’nolar mag‘zini tuyamiz, olamni hissiy anglash orqali turfa
jilolarda tasavvur qilamiz, natijada jozibador tuyg‘ularga sherik bo‘lamiz.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Sirojiddin Sayyid ijodini tadqiq etish, uning she’rlari va badiiy ifodasi haqidagi
bilimlarni kengaytirish imkonini beradi. Mazkur tadqiqot, “So‘z yo‘li” she’rlar
to‘plami va boshqa muhim asarlari orqali shoirning estetik qirralarini va uning ijodida
aks etgan madaniy an’analarni anglashga hissa qo‘shadi. Tadqiqot jarayonida
qo‘llanilgan badiiy, lingvistik va lingvokulturologik usullar shoir ijodining o‘ziga
xosligini va tarjimai holini ochib berishda muhim rol o‘ynadi. Unga oid adabiyotlar va
ilmiy tahlillar tufayli shoirning xalqqa boʻlgan munosabati, hayotiy g‘oyalari va
insoniy hissiyotlarni ifoda etishidagi ustunliklari aniqlandi.
Shu bilan birga, tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, Sirojiddin Sayyid ijodiga
nisbatan quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:
1. Sirojiddin Sayyid asarlarini o‘rganish va tahlil qilish jarayonida muayyan
metodologik yondashuvlar birlashtirilishi tavsiya etiladi, masalan, badiiy va lingvistik
usullar jamlanmasi;
2. Shoir ijodini yangi avlod o‘quvchilariga tanishtirish, ularni badiiy ijodga jalb
qilish maqsadida darslik va o‘quv qo‘llanmalarida uning asarlari ko‘proq berib
borilishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, Sirojiddin Sayyid ijodi milliy adabiyotimizning
qimmatbaho xazinasidir va uning badiiy olami yashirin qirralarini o‘rganish, kelajak
avlod uchun ahamiyatli hisoblanadi. Bu tadqiqot an’anaviy va zamonaviy
adabiyotshunoslikdagi muhim masalalarga qo‘shimcha ruh berishi kutilmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Sirojiddin Sayyid. (2008) “So‘z yo‘li”. She’rlar to‘plami. 2-jild. – Toshkent:
Sharq. – 193 b.
2. Farida Afro‘z. (2007) Tasbeh. – Toshkent: Sharq. – 66 b.
3. Mirqosimova M. (2010) So‘z iztiroblari. Monografiya. – Toshkent. – 180 b.
4. Mirqosimova M. (2024) Kitobxon o‘quvchini tarbiyalash. Din
psixologiyasining dolzarb muammolari. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
to‘plami. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
5. Mirqosimova M. (2022) Badiiy pedagogika – yoshlarda kitobxonlik
madaniyatini shakllantirish omili sifatida. TDPU Ilmiy Axborotnomasi, 9-son. – B. 35-41.
6. Fayzullayeva, Ra’no (2024) Sirojiddin Sayyid ijodida xalq ogʻzaki ijodi
an’analari. O‘zbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalari mavzusidagi xalqaro
ilmiy-amaliy konferensiya toʻplami.
7. Otaqulova, Adiba (2023) Sirojiddin Sayyid “Onamning kulchalari” she’rining
lingvokulturologik tadqiqi // Economy and Innovation jurnali, J. 34.
8. Oripova, Gulnoza (2022) Sirojiddin Sayyid ijodida mumtoz mushtarakliklar //
International scientific journal of Biruni. Vol. 1, Issue 2.
9. Jurayev, Sherzod (2024) O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ijodi
va “Onamning kalishlari” she’rining arab tiliga tarjimasi // Educational Research in
Universal Sciences, J. 3.
10. Otaqulova, Adiba (2023) Sirojiddin Sayyid “Mening to‘rtliklarim”
she’rining lingvopoetik tahlili // Golden brain, J. 1, 11-son.
REFERENCES:
1. Sirojiddin Sayyid. (2008) “So‘z yo‘li”. She’rlar to‘plami. 2-jild. – Toshkent:
Sharq. – 193 b. (In Uzbek)
2. Farida Afro‘z. (2007) Tasbeh. – Toshkent: Sharq. – 66 b. (In Uzbek)
3. Mirqosimova M. (2010) So‘z iztiroblari. Monografiya. – Toshkent. – 180 b.
(In Uzbek)
4. Mirqosimova M. (2024) Kitobxon o‘quvchini tarbiyalash. Din
psixologiyasining dolzarb muammolari. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
to‘plami. – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi. (In Uzbek)
5. Mirqosimova M. (2022) Badiiy pedagogika – yoshlarda kitobxonlik
madaniyatini shakllantirish omili sifatida. TDPU Ilmiy Axborotnomasi, 9-son. – B. 35-
41. (In Uzbek)
6. Fayzullayeva, Ra’no (2024) Sirojiddin Sayyid ijodida xalq ogʻzaki ijodi
an’analari. O‘zbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalari mavzusidagi xalqaro
ilmiy-amaliy konferensiya toʻplami. (In Uzbek)
7. Otaqulova, Adiba (2023) Sirojiddin Sayyid “Onamning kulchalari” she’rining
lingvokulturologik tadqiqi // Economy and Innovation jurnali, J. 34. (In Uzbek)
8. Oripova, Gulnoza (2022) Sirojiddin Sayyid ijodida mumtoz mushtarakliklar
// International scientific journal of Biruni. Vol. 1, Issue 2. (In Uzbek)
9. Jurayev, Sherzod (2024) O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ijodi
va “Onamning kalishlari” she’rining arab tiliga tarjimasi // Educational Research in
Universal Sciences, J. 3. (In Uzbek)
10. Otaqulova, Adiba (2023) Sirojiddin Sayyid “Mening to‘rtliklarim” she’rining
lingvopoetik tahlili // Golden brain, J. 1, 11-son. (In Uzbek)