ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Turkistonning Rossiya mustamlakasi davri xaritalariga doir

Saidboboyev Zokirjon Abdukarimovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TURKISTONNING ROSSIYA MUSTAMLAKASI DAVRI XARITALARIGA
DOIR

ON THE MAPS OF TURKISTAN IN THE RUSSIAN COLONIAL PERIOD

О КАРТАХ ТУРКЕСТАНА В РОССИЙСКИЙ КОЛОНИАЛЬНЫЙ
ПЕРИОД

Saidboboyev Zokirjon Abdukarimovich,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti
tarix fakulteti professori
Tel.: +998 88 038-19-75

Annotatsiya: Ilmiy bilimlar va fan yo‘nalishlari juda tez rivojlanayotgan hozirgi
zamonda kam o‘rganilgan “aralash” sohadagi fan tarmoqlarini o‘rganish alohida
ahamiyatga ega hisoblanadi. Atrof-muhitdagi voqea-hodisalarni tahlil qilish uchun
avvalo tarixiy jarayonlarni, tarix va geografiyani, qolaversa, tarix va kartografiyani,
chuqurroq bilish talab etiladi. Kartografiya taraqqiyoti asrlar davomida shakllangan
oddiy chizmalardan toki aniq ishlangan xaritalar yaratilishigacha bo‘lgan davrni o‘z
ichiga oladi. Xaritalar mazmuni jihatidan boy bo‘lishi mumkin. Xarita bu tarixiy hujjat
bo‘lib, voqealar davomiyligi haqida hikoya qiluvchi, sodir bo‘lgan voqealar, vayron
bo‘lgan va yana tiklangan shaharlar, daryo o‘zanlarining o‘zgarishi, unutilgan qadimgi
sug‘orish inshootlari, shuningdek, xalqlar tarixini hududlar bilan bog‘lab o‘rganadi.
Shu bois, mazkur maqolada Turkistonning Rossiya mustamlakasi davriga oid xaritalari
tahlil etilib, alohida turkumlarga bo‘lingan holda bayon qilinadi.

Kalit so‘zlar: xarita, kartografiya, geodeziya, imperiya, Turkiston, Harbiytopografik bo‘lim, Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro, Xiva.

Annotation: In modern times, while scientific knowledge and scientific
directions are developing very quickly, it is of particular importance to study the littlestudied “mixed” branches of science. In order to analyze environmental events, first of
all, a deeper knowledge of historical processes, history and geography, as well as
history and cartography is required. The development of cartography covers the period
from simple drawings formed over centuries to the creation of detailed maps. Maps can
be rich in content. A map is a historical document that studies and tells the story of the
sequence of events, the events that happened, the cities that were destroyed and rebuilt,
the changes in river streams, the forgotten ancient irrigation structures, as well as the
history of peoples with regions. Therefore, this article analyzes the maps of Turkestan
related to the period of Russian colonialism and divides them into separate categories.

Keywords: map, cartography, geodesy, empire, Turkestan, Military-topographic
department, General-governorate of Turkestan, Bukhara, Khiva.

Аннотация: В современное время, когда научные знания и научные
направления развиваются очень быстро, особое значение приобретает изучение
малоизученных «смешанных» отраслей науки. Для анализа экологических
событий необходимы, прежде всего, более глубокие знания исторических
процессов, истории и географии, а также истории и картографии. Развитие
картографии охватывает период от простых рисунков, формировавшихся
веками, до создания подробных карт. Карты могут быть богаты по содержанию.
Карта – это исторический документ, который изучает и рассказывает историю
последовательности событий, произошедших событий, разрушенных и
восстановленных городов, изменений в речных потоках, забытых древних
ирригационных сооружениях, а также историю народов и регионов. Поэтому в
данной статье анализируются карты Туркестана, относящиеся к периоду
российского колониализма, и разделяются их на отдельные категории.

Ключевые слова: карта, картография, геодезия, империя, Туркестан,
Военно-топографический отдел, Туркестанское генерал-губернаторство,
Бухара, Хива.

KIRISH
XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar Turkiston hududini kartografik jihatdan
o‘rganilganlik darajasi ancha past bo‘lgan. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib
olgandan keyin iqtisodiy jihatdan muhim bu o‘lkani xaritaga olish ishlari boshlandi.
Zotan, hududning ichki qismlari hali ham yaxshi o‘rganilmagan, manbalar yetarli
darajada to‘liq va aniq bo‘lmagan, chizma tayyorlash asboblari, kartografik tasvirlash
usullari va xarita ishlash texnikasi rivojlanmagan edi. Mazkur sabablar o‘lkani
xaritalarga tushirish ishlarini biroz qiyinlashtirishiga qaramasdan imperiya harbiy
ma’murlari mintaqada kartografik tadqiqotlarni faol davom ettirishga, hudud haqida
ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishga harakat qilishgan. Bundan ko‘zlangan asosiy
maqsad uning yer osti va usti boyliklari joylashgan manzillar haqida batafsil
ma’lumotga ega bo‘lish va u yerlarga harbiy harakatlarni boshlab, o‘z tasarrufiga
bo‘ysundirish edi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mavzuga oid bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Jumladan,
M.Terentyevning 1906-yildagi asari xarita va rejalar orqali Oʻrta Osiyoning bosib
olinishi tarixi haqida maʼlumot beradi. N. Gvozdetskiy, V. Fedchina, A. Azatyan va
Z..Dontsovaning tadqiqotlarida XIX asrdan XX asr boshlarigacha Kavkaz va Oʻrta
Osiyoda olib borilgan rus geografik tadqiqotlari yoritilgan. G. Cherdantsevning

tadqiqotlarida Rossiyaning Oʻrta Osiyodagi geografik kashfiyotlari va izlanishlari
tarixi haqida soʻz boradi.

Bundan tashqari, N. Severtsovning asarida Oʻrta Osiyo orografiyasiga eʼtibor
qaratilib, mintaqaning fizik geografiyasi haqida qimmatli maʼlumotlar beriladi.
A.Kaulbarsning olib borgan tadqiqotlarida Tyan-Shan geografiyasiga oid 1869-yilgi
sayohat chog‘ida to‘plangan materiallar taqdim etilgan. A. Fedchenkoning asarlarida
esa uning Turkistonga sayohatlari tasvirlangan. Bu manbalar birlamchi bo‘lib,
Turkistonning rus mustamlakachilik davri xaritasini tuzish va o‘rganish bo‘yicha
tarixiy materiallar havola etadi, mintaqadagi geografik holatni tarixan o‘rganishga
oydinlik kiritadi. Yuqorida qayd etilgan mualliflarning asarlari nomlari adabiyotlar
ro‘yxatida havola qilingan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tarixiy tadqiqotning har qanday predmeti rivojlanishni e’tiborga olishi kerakligi
sababli, maqolada tarixiylik usuli qo‘llanildi. Muammoni o‘rganish jarayonida
obyektivlik usuli bilan obyektivlikka, subyektiv xatolarni bartaraf etishga va ilmiy
haqiqatga erishish bilan bog‘liq bo‘lmagan manfaatlarning ta’siriga va shuningdek,
tadqiqot mavzusini to‘liq tushunish uchun kompleks usulga alohida e’tibor berildi.
Maqolada shuningdek, tizimlashtirish, germentevtik, qiyosiy hamda muammolixronologik kabi ilmiy tadqiqot usullaridan foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Hozirga qadar saqlangan o‘sha davr tarixiy xaritalari harbiy, siyosiy, tabiiy,
iqtisodiy, etnografik xaritalar va shaharlarning alohida topografik planlariga bo‘lib
o‘rganish imkonini beradi.
Harbiy xaritalar. XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiyaning o‘lkani istilo etish
harakatlari aks ettirilgan harbiy xaritalari ushbu harakatlarda ishtirok etgan harbiylar
tomonidan eng ko‘p miqdorda yaratilgan bo‘lib, ular mustamlaka ma’muriyatining
O‘rta Osiyo hududlari haqida yaxshiroq tasavvur hosil qilib borishi, qolaversa, harbiy
amaliyotlarning eng kichik murakkabliklariga qadar ham tasvirlab berishga xizmat
qilgan. Shuningdek, ular istilo harakatlari aks ettirilgan tarixiy manbalarni to‘ldirib,
ba’zan ularning aksariyatida qayd etilmagan ma’lumotlarni beradi.
Rus harbiysi, general-leytenant M.A. Terentyevning “Карты и планы к истории
завоевания Средней Азии” kitobidagi jami 23 ta xaritaning barchasi O‘rta Osiyoning
istilo etilishi bilan bog‘liq harbiy-tarixiy xaritalardir (Терентьев М., 1906).
M.A. Terentyev Toshkentning qamal qilinishiga doir xaritasida Niyozbek
qal’asini egallagan ruslar asosiy kuchlarini keyinroq Bug‘sortepa, Qo‘yliq va
No‘g‘ayqo‘rg‘on yaqinida joylashtirganliklarini, ularning asosiy lageri esa Bo‘zsuv va
Bo‘rjar oralig‘ida No‘g‘ayqo‘rg‘onning shimoli-g‘arbida joylashtirilganini ko‘rsatgan.

1865-yilning 15-iyunida Toshkent shahrini egallanishiga oid xaritada rus harbiy
qo‘shinlarining joylashgan manzillari yanada aniqroq ko‘rsatilgan. Jumladan,
Abramov qo‘l ostidagi kuchlar, Delakroa qarorgohi ham Kamolon darvozasi yaqinida
bo‘lganligini, uning janubida esa Jemchujnikovning asosiy kuchlari joylashtirilgani
ko‘rsatilgan.

Qoshg‘ar darvozasi yaqinida Chovli kanalining o‘ng sohilida Krayevskiyning
askarlari joylashgan bo‘lib, Toshkentni egallash davrida ular Qo‘qon darvozasi
tomondan hujumga o‘tganliklari ko‘rsatilgan. Qo‘qon darvozasiga yaqin joyda shartli
belgi ostida ark ko‘rsatilgan (har holda Oqsaroy bo‘lsa kerak). Xaritada shaharning
asosiy yo‘llari va mavzelari bilan birga faqatgina ikkita inshoot – Ark va bozor o‘z
aksini topgan. Rus askarlari Kamolon darvozasidan shaharga kirishi bilanoq, Abramov
250 askar bilan devor yonidan o‘ng tomonga ketgan ko‘cha bo‘ylab boradi.
Podpolkovnik Abramov, mayor Delakroa va podpolkovnik Jemchujnikovlarning
askarlari Qo‘qon darvozasini ochadilar. Shundan keyin Krayevskiyning harbiy qismi
shahar ichiga kiradi. Toshkent va uning atrofidagi aholini suv bilan ta’minlaydigan
Chirchiq daryosining ikki asosiy tarmog‘i ustidan nazorat o‘rnatibgina mustamlaka
qo‘shini 1865-yilning 17-iyunida shaharga kirishga muvaffaq bo‘ladi hamda shahar
ichkarisidagi qonli to‘qnashuvlardan so‘ng rus harbiylari shaharni egallaydilar.

M.A. Terentyev kitobida Oqmachit, Chimkent, Toshkent, Xo‘jand, O‘ratepa,
Jizzax, Samarqand, Kitob, Andijon, Dengiltepa kabi shaharlarning egallanishiga oid
qimmatli harbiy xarita va chizmalar mavjud.

Bundan tashqari, Xivaning egallanishiga doir asar muallifi, rus harbiysi
N.I..Grodekov o‘z kitobiga ushbu hududning batafsil xaritasini ilova qilgan bo‘lib,
unda Kaspiy dengizidan sharqda joylashgan Xiva mulklari batafsil aks ettirilgan
(Гродеков Н., 1883).

P. Geysmanning M.D. Skobelev haqida yozgan xotiralariga 1864–1881-yillardagi
Skobelev yurishlari aks ettirilgan xaritani ham ilova qilgan (Гейсман П., 1907:1-48).
Unda rus generalining 1870-yildan to 1881-yilga qadar O‘rta Osiyoda olib borilgan
harbiy yurishlardagi ishtiroki batafsil chizib ko‘rsatilgan. Ushbu xaritalar ruslarning
o‘lkadagi harbiy harakatlarining salmog‘i haqida ma’lumot berishi bilan birga, ulardan
o‘lka tarixiga oid manba sifatida ham foydalanish mumkin.

Poruchik Zaytsevning 1871-yildan to 1882-yilga qadar 4-Turkiston liniya
batalyoni safida yurgan yo‘li aks ettirilgan xaritada ham o‘lkaning ruslar tomonidan
egallanishi batafsil ko‘rsatilgan. Xarita gradus to‘ridan foydalangan holda harbiy
harakatlar qachon, qayerda bo‘lganligi qayd etilib ko‘rsatilgan. Unda To‘rg‘ay,
Oqmola viloyatlari va Turkiston okrugining asosiy shaharlari aks ettirilgan.

Umuman, yuqoridagi barcha xaritalar O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli
ma’lumotlarni o‘zida aks ettiribgina qolmay, o‘sha davrning jonli tasviri sifatida ham
ahamiyatli hisoblanadi.

O‘rta Osiyoning rus harbiylari bosib olgan hududlarini boshqarish va yangi harbiy
harakatlarini olib borish maqsadida, hamda xaritalar tuzishning markazlashgan
idorasini tashkil etish maqsadida 1867-yil 25-noyabrda Turkiston Harbiy okrugi
qoshida Harbiy-topografik bo‘lim ochildi. Bo‘lim O‘rta Osiyoning barcha
mintaqalarini tizimli ravishda ilmiy asosli aniq xaritalarini yaratishni boshladi. Bo‘lim
ochilgunga qadar 1984 ming km.kv. maydonni egallagan O‘rta Osiyo hududi ilmiy
asosda deyarli tadqiq etilmagan edi (Гальков Ч., 1956: 124).

O‘rta Osiyoning ma’muriy-hududiy va boshqaruv manfaatlaridan kelib chiqib,
suratga olish va xaritalar yaratish bosh vazifa etib belgilandi1. XIX asrning birinchi
yarmida O‘rta Osiyoning kartografik tadqiqotlari Kavkaz va Omsk Harbiy-topografik
bo‘limlari tomonidan olib borilgan. Shu bilan birga o‘lkaga tashrif buyurgan rus
elchilari to‘plagan kartografik ma’lumotlar ham o‘lkaning harbiy va ma’muriy
ehtiyojlarini qondira olmas edi. Shu sababli Turkiston Harbiy-topografik bo‘limi
tuzilgandan so‘ng tezda topografik-geodezik ishlarni boshlab yubordi.

Siyosiy xaritalar. M.A. Terentyevning yuqorida nomi qayd etilgan kitobida
“Rossiya chegaralarining Ivan Grozniy zamonidan buyon kengayishi” nomli tarixiy
xarita bo‘lib, unda O‘rta Osiyo hududlari quyidagi podsholar davrida egallangani
alohida ranglar bilan ajratib ko‘rsatilgan (Терентьев М., 1906):

1. Anna davrida – Orolning shimoli, Kaspiy dengizining sharqidagi hududlar
(1732), Oqmola va Semipalatinskka yaqin yerlar (1740).

2. Yekaterina davrida – To‘rg‘ay viloyati (1782).
3. Aleksandr I davrida – Kaspiy va Orol oralig‘idagi yerlar (1802), Markaziy
Qozog‘iston (1829), Kazalinsk va Perovsk (1855).
4. Nikolay I davrida – Olako‘l atroflari (1846), Balxashdan Issiqko‘lgacha
bo‘lgan yerlar (1854).
5. Aleksandr II davrida – Turkiston, Chimkent, Avliyoota, Toshkent (1865),
Qizilqum sahrosi (1873), Samarqand (1868), Farg‘ona vodiysi (1876), Ashxoboddan
Krasnovodskkacha bo‘lgan hududlar (1881).
6. Aleksandr III davrida – Marv va Xiva hududlari (1885).
7. Nikolay II davrida – Pomir va Afg‘onistonga qo‘shni tog‘li hududlar (1896).
Imperiya hukumati Turkistonni egallagandan so‘ng harbiylari tomonidan tuzilgan
“Turkiston o‘lkasi xaritasi” (“Карта Туркестанского края”) ham ancha qimmatlidir.
Xaritada deyarli ruslarga tegishli Turkistonning barcha hududlari bilan birga Xiva
xonligi va Buxoro amirligiga qarashli yirik aholi punktlari ham aks ettirilgan.
Jumladan, ruslarning harbiy boshqaruviga asoslangan viloyatlar Sirdaryo, Samarqand,

1 Bu haqda qarang: Гальков Ч.В. Туркестанский Военно-топографический отдел и его работы по картографированию
Средней Азии (1867–1914): Автореф. на соиск. канд. геогр. наук. – Ташкент, 1958. – С. 5.

Farg‘ona, Yettisuv (Semirechye), Kaspiyorti (Zakaspiy) va O‘rta Osiyoning shimoliy
viloyatlari – Ural, To‘rg‘ay, Oqmola aks ettirilgan.

Xiva xonligiga qarashli Xiva, Xazavat (Xazorasp), Gurlan, Porsu, Ilyali, Xo‘jayli,
Kitak, To‘rtko‘l, Nukus, Chimboy, Ko‘hna-Urganch, Qo‘ng‘irot, Buxoro amirligiga
qarashli yirik bekliklardan Nurota, Karmana, Kitob, Chiroqchi, Qarshi, G‘uzor,
Ziyadin, Sherobod, Boysun, Denov va sharqda joylashgan bekliklar ham alohida
ko‘rsatilgan.

Ushbu xaritaning diqqatga molik tarafi shundan iboratki, u asosan o‘lkaning yo‘l
tarmoqlarini o‘rganish maqsadida tuzilgan. Sababi, unda karvon yo‘li, yuk tashish
yo‘llari (Amudaryo tomon) aks ettirilgan. Unga ko‘ra eng ko‘p tarmoqli yo‘l – yuk
tashish yo‘llari bo‘lib, u o‘lkaning ko‘p qismini egallagan. So‘ngra karvon yo‘llari
bo‘lib, u asosan Farg‘ona viloyati ichki qismida ancha tarmoqlarga ega. Ruslarning
Amudaryodan daryo transporti sifatida foydalanishlari unga tomon bo‘ladigan yaqin
yo‘llarni ham topishni taqozo etgan. Jumladan, Amudaryoga tomon yo‘l Sharqiy
Buxoro bekliklaridan o‘tib, Amudaryo yaqini – Qobadiyonda to‘xtagan.

Ehtimol, qadimdan ushbu yo‘ldan foydalanilgani boisidan u ruslar uchun ham
qulaylik tug‘dirgan va xaritaga tushirilgan.

1914-yilda Rossiya Dehqonchilik vazirligiga qarashli “Ko‘chirish ishlari
boshqarmasi” (“Переселенческое управление”) tomonidan kompleks tadqiqot ishlari
yakuni sifatida “Атлас Азиатской России” bosilib chiqdi. Bu atlasda Turkiston va
hozirgi O‘zbekiston hududi har tomonlama: tabiati, xo‘jaligi, aholisi, ma’muriy
bo‘linishi va boshqa jihatlari aks ettirilgan (Гальков Ч., Раҳимбеков Р., Югай Р.,
1975:89).

Atlas A.F. Marksning kartografiya muassasasida nashr etilgan. Atlas materiali
qog‘oz, tipografik bosmada karton va charmdan tayyorlangan. Atlasni tuzishga
G.V.Glinka rahbarlik qilgan. Atlas uzunligi 500 mm, kengligi 450 mm, qalinligi 70
mm bo‘lib, 71 ta xaritadan, shuningdek, Rossiyaning Osiyo hududlari tarixiy, tabiiygeografik va iqtisodiy xususiyatlarini aks ettiruvchi chizmalar, diagrammalar va
kartogrammalardan iborat. Xaritalarga I.I.Txorjevskiy tomonidan tahrirlangan bayoniy
matnlar berilgan. Nashr uchun xaritalar va barcha materiallarni A.M..Svetkov
tanlagan. Atlasda 9000 dan ortiq geografik nomlarni o‘z ichiga olgan 24 sahifadan
iborat alifboli ko‘rsatkich mavjud.

Atlasdagi 6-xaritada Rossiyaning Osiyo qismi ma’muriy bo‘linishi berilgan.
Xaritada Rossiyaning Osiyo qismi ma’muriy-siyosiy jihatdan 19 guberniya va
viloyatga bo‘lingan bo‘lib, ularning 15 tasi 4 ta general-gubernatorlikka bo‘lingan
(Stepnoye, Irkutsk, Amurbo‘yi va Turkiston).

Turkiston general-gubernatorligidagi Sirdaryo, Yettisuv, Samarqand, Farg‘ona va
Kaspiyorti viloyatlari Harbiy vazirlikka bo‘ysungan. Viloyatlar tarkibidagi
uyezdlarning ma’muriy chegaralari ham aks ettirilgan. Jumladan, Yettisuv viloyati 6,

Sirdaryo, Farg‘ona va Kaspiyorti viloyatlari 5, Samarqand viloyati 4 ta uyezdi bilan
tasvirlangan. Turkiston general-gubernatorligida jami 25 ta uyezd siyosiy-ma’muriy
chegaralari bilan chizib ko‘rsatilgan.

Tabiiy xaritalar. Turkiston Harbiy-topografik bo‘limining barcha ofitserlari
Imperatorlik Rossiya Geografiya jamiyatining Turkiston bo‘limi a’zolari edilar.
Shuningdek, harbiy topograf va geodezistlarga tabiatshunos olimlar ham yordam
bergan. P.P.Semyonov (Tyanshanskiy) A.P.Fedchenko, A.V.Kaulbars, I.V.Mushketov
va boshqalar tadqiqot o‘tkazgan yerlarni xaritalarga tushirib borishgan. 60-yillardagi
asosiy tadqiqotlar O‘rta Osiyo sharqidagi tog‘ oldi va tog‘li tumanlar hududlariga
qaratildi. Tyanshanning tog‘li tumanlari haqida ilk ma’lumotni 1856-yilda o‘lkaga
tashrif buyurgan P.P. Semyonov-Tyanshanskiy berdi. Uning asosiy maqsadi Yevropa
faniga hali noma’lum bo‘lgan Tyanshan (Xon-Tangri) tog‘lari tizimiga kiruvchi
o‘lkaning tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosini tekshirib, ilmiy tadqiqotlar olib
borish edi. U Tyanshanga 1856–1857-yillar orasida ikki marta safar qildi va haqiqatdan
geografiya fani uchun qimmatli ma’lumotlar to‘pladi.

Tyanshandagi ilmiy tadqiqotlarning natijasini sayohatchining o‘zi “Tog‘li
Osiyoning shimoli-g‘arbidagi keng ko‘lamdagi ilmiy rekognossirovka” sifatida ko‘rdi.
O‘sha davr uchun bu jahon fanida A. Gumboldt va K. Ritter bilan qiyos qilganda tog‘li
Osiyo tabiati haqidagi ma’lumotlarga katta hissa bo‘lib qo‘shilgan edi (Гвоздецкий
Н., Федчина В., Азатьян А., Донцова З., 1964: 100).

1888-yilda O‘rta Osiyoga yana sayohat qilgan P.P. Semyonov bu gal Kaspiyorti,
Samarqand va Sirdaryo viloyati bo‘ylab qator ekspeditsiyalarni amalga oshiradi
(Черданцев Г., 1950: 56).

Shuni ta’kidlash o‘rinliki, rus qo‘shinlari P.P. Semyonov izidan Tyanshan tog‘lari
sari kirib keldi. Chunki uning birinchi sayohati vaqtida hali Issiqko‘l atroflari,
Tyanshanning asosiy qismi Rossiya qo‘liga o‘tmagan edi. Demak, ruslarga notanish
bo‘lgan bu joylar haqidagi, ayniqsa, qayerda daryo, qayerda tog‘, qay bir go‘shada dam
olish uchun qulay, qay bir manzil xavfsiz ekanligi – bularning barchasi harbiy
yurishlarda bebaho ma’lumot bo‘lib xizmat qilardi.

1864–1868-yillarda Tyanshanning janubiy tumanlaridan Issiqko‘lgacha sayohat
qilgan N.A. Seversov P.P. Semyonovning ma’lumotlarini to‘ldirdi (Северцов Н.,
1872: 140). Ushbu hududlarning aniq ishlangan xaritasi ham aynan N.A. Seversov
tomonidan yaratilgan. Muallif uni Semyonov, Golubev, Venyukov, Protsenko, Lerx,
Poltaratskiy va Osten-Saken, Krayevskiy, Kaulbarslarning Markaziy Tyanshan va
Issiqko‘l atroflarining 1856–1860-yillar davomida olib borgan rekognossirovkalari
natijalarini umumlashtirib tuzgan. N.A. Seversov xaritasida o‘zi bosib o‘tgan yo‘llar,
tog‘ dovonlari, astronomik punktlar, abadiy qorlar va muzliklar, qadimgi ko‘l
qoldiqlari shartli belgilar bilan aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

1858-yil aprelida N.A. Seversov Qo‘qon xonligi hududlariga qilgan
ekspeditsiyasi davrida asirlikka tushib qoladi. Bu haqda u alohida kitob chop qilgan
bo‘lib (Северцов Н., 1860), unda Sirdaryoning quyi oqimlari aks ettirilgan xarita ham
berilgan. Xarita, asosan, o‘lkaning suv tarmoqlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Orol
dengizi hamda Sirdaryoning Turkiston shahri yaqinidan to dengizga quyilishigacha
bo‘lgan oqimi irmoqlari (Yangidaryo, Quvondaryo) bilan aks ettirilgan. Xaritada Orol
dengizi yaqinida ruslarning sobiq Orol istehkomi, Fort №1 (Kazala), Fort №2
(Karmachi) Perovskiy forti (Oqmachit), Jo‘lak qal’a, Yangiqo‘rg‘on va Turkiston
shaharlari aniqlik bilan ko‘rsatilgan.

1869-yilda janubiy Tyanshan hududlarida tadqiqot olib borgan V.A..Kaulbars
esa Norin va Talas vodiylarida 33 punktdan ortiq manzilni taxminiy suratga oldi hamda
mazkur hududlarning xaritasini tuzdi (Каульбарс А., 1869: 320).

1868-yilda markazi Samarqand shahri bo‘lgan Zarafshon okrugi tashkil etilgach,
O‘rta Osiyoning janubi-sharqida ham suratga olish ishlari ancha jonlandi. Unda
A.P.Fedchenko ham ishtirok etib, ekspeditsiya 1869-yilda Samarqandga, so‘ngra
Kattaqo‘rg‘on, Jom, Shahrisabz, Mag‘yon va Kishtut daralaridan o‘tib,
Iskandarko‘lgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi. A.P..Fedchenko o‘z ishlarining
yakuniy natijalari o‘laroq “instrumental suratga olishlar asosida Zarafshon vodiysi,
aniqrog‘i uning janubiy qismining aniq xaritasini tuzish” (Федченко А., 1950:10) deb
alohida ko‘rsatib o‘tgan edi.

Sirdaryo viloyati boshqaruvidan Toshkent shahri boshlig‘iga 1869-yil yanvarida
jo‘natilgan xatda Imperatorlik Tabiat ishqibozlari jamiyati Turkiston generalgubernatori – ilmiy jamiyat prezidenti oldida o‘zining Turkiston o‘lkasini tabiiy-tarixiy
jihatdan o‘rganishda ishtirok etishga xohishini bildirgan. General-gubernator bunday
o‘rganish mutlaq zarurligini, ma’muriy maqsadlar, shuningdek, o‘lkani Rossiya
tadqiqotlarida kam o‘rganilganidan jamiyat tavsiya qilgan olimni moddiy ta’minlashga
rozilik bildirgan. Mo‘ljallangan maqsadlarni ado etishda Imperatorlik Tabiat
ishqibozlari jamiyati Antropologiya bo‘limiga kotib, jamiyatning Entomologiya
bo‘limiga esa rais ham saylashgan. General-adyutant fon Kaufman A.P. Fedchenkoni
yangidan egallangan Zarafshon okrugini o‘rganish yuzasidan xizmat safariga
jo‘natishga farmoyish bergan.

Shahar boshlig‘iga “janob A.P. Fedchenkoga yuklatilgan topshiriqni
muvaffaqiyatli bajarishida uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘roviga har qanday yordam
bo‘yicha imkoniyatidagi barcha choralarni ko‘rish” tayinlangan (O‘zMA, I-36-fond,
1-ro‘yxat, 483-yig‘ma jild).

1871-yil 24-may sanasi bilan Turkiston ilmiy ekspeditsiyasi rahbari
A.P..Fedchenko qaydlarida Qo‘qon xonligidan borishda “dovonlarning biridan o‘tishni
mo‘ljallaganligi, ekspeditsiya davomida unga rafiqasi Olga Aleksandrovna,
eskpeditsiya yordamchisi Savelyev, xizmatchi V. Ivanov, tarjimon, jihozlarni tashish

va otlarga qarash uchun tub joyli 6 ta yigit, jo‘natmalar uchun 2 ta yigit hamrohlik
qilishini, yigitlar masalasida ishonchli odamlarni yollashda shahar boshlig‘i va Qurama
uyezdi boshlig‘i yordam ko‘rsatishini” so‘ragan (O‘zMA, I-36-fond, 1-ro‘yxat, 483-
yig‘ma jild).

1871-yilda Qo‘qon xonligiga sayohati asosida A.P. Fedchenko Janubiy Tyanshan,
Farg‘ona, Oloy, Pomir geografiyasi bo‘yicha fanga boy va qiziqarli materiallar berdi.
Qo‘qon xonligiga qilgan sayohati davrida to‘plangan ma’lumotlar asosida A.P.
Fedchenko ushbu hududning xaritasini tuzdi. U “Qo‘qon xonligi va Amudaryoning
yuqori oqimi” deb nomlanib, bu davrgacha noma’lum bo‘lib kelayotgan ushbu
hududlar tasviri taqdim etilgan edi. A.P..Fedchenko o‘zi bosib o‘tgan yo‘llarini ko‘z
bilan chamalab xaritaga tushirgan edi (Семенов П., 1896: 745).

Ushbu xaritada Samarqand atrofidan to Qoshg‘argacha bo‘lgan hudud o‘z aksini
topgan. I.V. Mushketov ushbu xarita haqida shunday yozgan edi: “Qo‘qon xonligi va
Pomirning xaritasi avvalgi xaritalardan yangi o‘zgarishlar va ma’lumotlari bilan yalpi
diqqatga sazovordir” (Мушкетов И., 1915: 332).

1869-yildan boshlab esa O‘rta Osiyoning markaziy va janubi-g‘arbiy hududlarini
tadqiq etish va xaritalarga tushirish boshlandi. Krasnovodsk tumanida relyef aniqlandi.
Mixaylovsk qo‘ltig‘ining joylashishi va undan 16-22 verstli uzoqdagi hudud orollar
deya e’tirof etildi.

Iqtisodiy xaritalar. Ruslar o‘lkaning sug‘orish tarmoqlarini yaxshi bilishlari va
ularga e’tibori avvalo bu yerdagi iqtisodiy siyosatning garovi degani edi. Shu sababli
ular yirik daryolarning yo‘nalishi va undan hosil bo‘lgan kanallar, ariq va dambalarni
o‘rganib, ularni ham xaritaga tushirganlar. Rossiya Imperatorlik Geografiya
jamiyatining Kavkaz bo‘limi tomonidan nashr etilgan atlasda Amudaryo orqali Xiva
xonligi yerlarini suv bilan ta’minlaydigan asosiy kanallar aks ettirilgan xarita
ahamiyatlidir.

Xaritada 6 ta kanal (Yasovul-boshyorg‘on, Devonbeshyorg‘on, Yoqubyorg‘on,
Katta anhor, O‘nqo‘loch, Artaxob) 2 ta to‘g‘on (Shomrot, Qiziltaqir), Amudaryoning
quruq o‘zani – O‘zboy ham ikkita to‘g‘oni bilan (Ushoqband, Saloxband) aks
ettirilgan.

Atlasdagi ikkinchi bir xarita 1878-yilda Amudaryoning quyi oqimida hosil qilgan
irmoqlari xaritasida ham Amudaryoning Chimboy, Nukus, Xo‘jayli, Amudaryo,
Qo‘ng‘irot va Mang‘it atroflarida ko‘plab o‘zanlar, botqoqliklar hosil qilganligi
ko‘rsatilgan. Shuningdek, to‘g‘onlar, ko‘llar va asosiy yo‘llar ham shartli belgilar
asosida qayd etilgan.

1883-yilda ham “Zarafshon okrugining Zarafshon daryosi suvi bilan
sug‘oriladigan qismi xaritasi” rus irrigatsiya tarmoqlarida ishlagan xodim tomonidan
tuzilgan. Xarita 1 dyumda 10 verst masshtabida tuzilgan bo‘lib, sharqda Panjikent
atroflaridan toki g‘arbda Buxoro chegaralari – Xatirchigacha bo‘lgan hududlarni o‘z

ichiga olgan (O‘zMA, 5-fond, 1-ro‘yxat, 3405a-yig‘ma jild). Xaritada asosan
Zarafshon daryosining suvi bilan sug‘oriladigan maydonlarning 1878-yilgacha va
1878-yildan 1883-yilga qadar bo‘lgan o‘zgarishi aks ettirilgan. Zarafshonning
Samarqand yaqinida ikkiga – Qoradaryo va Oqdaryoga ajralib, to ular Buxoro
chegaralarida yana qo‘shilgunicha bo‘lgan hududlardagi sug‘orish kanallari va ariqlar
ko‘rsatilgan. Jumladan, Darg‘om, Siyob, Qozon, Xo‘ja, Shovot, Bulung‘ur, Mirza,
Bog‘ishamol, Xishrav, Shahar, Toz, Ani kabi ariqlar, Jumabozor, Kamadus, Anshi,
Dahbed, Jomboy va boshqa kanallar aks ettirilgan.

Xaritadagi bosh mavzu – Zarafshonning sug‘orilish maydonlari yillar bo‘yicha
o‘zgarishga uchrashi quyidagicha berilgan: 1878-yilga qaraganda 1878–1883-yillar
oralig‘ida daryo ancha ko‘p maydonga o‘z suvini ulashgan (qariyb ikki baravar ko‘p).
Xaritada Zarafshon vodiysidagi yirik aholi manzillaridan Samarqand, Panjikent,
Chelak, Kattaqo‘rg‘on, Payshanba, Xatirchi va boshqa maskanlar aks ettirilgan.

O‘rta Osiyoda Raim qal’asining barpo etilishi va Orol flotiliyasining tashkil
etilishi, avval Fort №1 nomi, keyinroq Kazalinsk bilan tanilgan shaharning qurilishi,
Irtish liniyasi bo‘ylab janubda Sergiopol va Kopal bekatlarining qurilishi, G‘o‘ljaga
rus vakillarining tashrifi va Xitoy bilan savdo shartnomasining imzolanishi – bularning
bari o‘lkaning to‘la egallanishiga qo‘yilgan dastlabki qadam edi.

Etnografik xaritalar. Podsho Rossiyasi Markaziy Rossiyaning agrar sohaga
ixtisoslashgan tumanlaridan rus aholisini O‘rta Osiyo hududlariga ko‘chirib, bu yerda
rus samoderjaviyasining siyosiy mavqeini mustahkamlashni ko‘zda tutgan edi.
Shuningdek, mazkur hududlardagi qashshoqlashgan rus aholisining agrar inqilobidan
qo‘rqish ham hukumatni ana shunday qaror qabul qilishiga sabab bo‘lgan edi.

Rossiyadan O‘rta Osiyoga ko‘chirib keltirilgan ruslarning asosiy qismi Sirdaryo
viloyatiga joylashtirilgan bo‘lib, bu yerda ularning alohida qishloqlari mavjud edi.
Shuning uchun ham rus hukumati ana shu viloyatda rus aholisining joylashgan
hududlari aks ettirilgan xaritalarni ham tuzishga e’tibor qaratgan. Sirdaryo viloyati
janubiy qismlariga Rossiyadan ko‘chib kelganlar hisobiga ko‘plab yangi aholi
maskanlari vujudga keladi. Ularning ko‘pi Avliyoota va Chimkent uyezdlarida (38 va
37 tadan), Toshkent uyezdida (16 posyolka) joylashgan (Чабров Г., 1957: 190).

Umuman olganda, 1897-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga e’tibor
beradigan bo‘lsak, ruslar o‘lkadagi jami aholining 3,7% ini tashkil etgan. Shu sababli
rus kartograflari ushbu hududning rus aholi punktlari aks ettirilgan xaritasini yaratib,
unda 35 ga yaqin aholi punkti va Toshkent shahrini ko‘rsatishgan. Xaritada Angren
daryosi Piskom (xaritada Biskan) Chirchiq daryolari, Chimkent va Chinozga boruvchi
asosiy yo‘llar ko‘rsatilgan. Shu bilan birga Chilik, Xo‘jakent, Obliq kabi mahalliy aholi
istiqomat qiluvchi qishloqlar ham aks ettirilgan. Ushbu xarita shunisi bilan diqqatga
sazovorki, unga ilova tarzda podporuchik Y. Zarakov tomonidan tuzilgan mos jadval
ham keltirilgan.

Boshqa bir – “Sirdaryo viloyati rus qishloqlari xaritasi”da Avliyoota atroflaridan
to Chimkentgacha, Chimkentdan esa Chinozgacha bo‘lgan hududlardagi ruslar
istiqomat qilayotgan aholi maskanlari to‘laligicha ko‘rsatilgan. Jumladan,
Avliyootadan sharqqa tomon 20 ta, Avliyootadan Chimkent atroflarigacha 18 ta,
Chimkentdan to Chinozgacha 18 ta rus qishlog‘i nomma-nom qayd etilgan (O‘zMA,
17-fond, 2-ro‘yxat, 517-yig‘ma jilddagi xarita).

N.I. Grodekovning “Киргизы и каракиргизи Сыр-Даринской области”
kitobiga Sirdaryo viloyatining etnografik xaritasi ilova qilingan (Гродеков Н., 1889).
Unda Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 9 millat vakillari joylashgan maskanlar
shartli belgi asosida berilib, qirg‘iz (qozoq)larning uchta o‘rdasi (katta, o‘rta, kichik
o‘rdalar) ham ko‘rsatilgan. Xaritada eng ko‘p millat vakillari o‘zbeklarni tashkil etishi
qayd etilgan.

Shaharlar chizmalari. Ko‘rib chiqilayotgan davrda Rossiyada tuzilgan barcha
xaritalarda Toshkent shahri ko‘rsatilgan. Rus ma’muriyati shaharning o‘lka siyosiy
hayotida tutgan o‘rni alohida e’tiborga ega ekanligini istilodan keyin ham yaxshi
tushungan. Buni shaharning 1890-yilda Turkiston Harbiy-topografik bo‘limi
tomonidan tuzilgan shahar chizmasidan ham bilishimiz mumkin.

Shaharning ichki qismlarini yaxshi bilish, uning ko‘chalari, madrasa, masjidlari,
aholi manzillari va bozorlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish, ruslarning shahardagi
ulkan harbiy-siyosiy ma’muriyati – Turkiston general-gubernatorligi uchun ham zarur
edi.

Ushbu chizmada 8 ta madrasa, 42 ta masjid, 9 ta guzar, 21 ta qabriston, 2 ta mozormaqbara (Azlar va Abulqosim Eshon) tarhi berilgan. Shaharning 12 ta darvozasi ham
o‘z aksini topgan. Bunda shaharning ko‘rinishi quyidagi shartli belgilar asosida
berilgan:

1. Aholi istiqomat qiluvchi mavzelar.
2. Bozorlar.
3. Masjid, madrasa va bog‘lar.
4. Qabriston va alohida qabr (maqbara)lar (O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 549-
yig‘ma jild).
Shuningdek, 1893-yilda Turkiston Harbiy-topografik bo‘limi tomonidan
tuzilgan Buxoro shahri xaritasi (O‘zMA, 126-fond, 1-ro‘yxat, 72-yig‘ma jild) o‘z
davri uchungina emas, hozirda ham katta ahamiyatga ega. Chunki Buxoro hali to‘la
mustamlakaga aylanmagan bir sharoitda shaharning chizmasini ishlab chiqish
ruslarning bu yerdagi manfaatlari ustun ekanligidan dalolat beradi. Xarita
podpolkovnik Rodionov tahriri ostida chop etilgan, unda shaharning yirik
darvozalari (Samarqand, Mozor, Qarshi, Sallixon, Namozgoh, Shohjalol,
Qorako‘l, Talipoch, O‘g‘lon, Imom), machitlari (Abdullaxon, Balandhovuz,

Kalon, Govkushon, Registon, Labihovuz), madrasalari (Rashid, Modarixon,
Zargaron, Mir Arab), zindon hamda shaharning asosiy ko‘chalari aks ettirilgan.

Shahar atrofidagi qishloqlar (Qalandarxona, Jo‘yboriberdi, Qal’ai Hur,
Namozgoh) bilan birga amirning shahar atrofida joylashgan Dilkusho va Xossa
(Sitorai Mohi Xosa) kabi yozgi qarorgohlari ham ko‘rsatilgan.

Yuqorida ko‘rib chiqqanimizdek, ruslar O‘rta Osiyo shaharlarining topografik
chizmalarini XIX asrning 90-yillarida, ya’ni bu hududda o‘z ta’sirlarini uzil-kesil
o‘rnatganlaridan so‘nggina tuzganlar, xolos.

Rossiya harbiylari o‘zlari egallagan hududlarning alohida xaritalarini tuzishga
ham harakat qilishib, bu borada ma’lum ishlarni amalga oshirishgan. Arxiv
hujjatlarida Turkiston o‘lkasining alohida hududlari aks ettirilgan xaritalar va
ularga berilgan batafsil ma’lumotnomalar ancha miqdorni tashkil etadi. 1868-
yilning 12-dekabrida Jizzax uyezdi boshlig‘i, polkovnik Nosovich tomonidan
Turkiston Okrugi Bosh shtabiga yo‘llangan yozishma Sangzor vodiysi, ruslarning bu
yerda o‘z mavqelarini o‘rnatishlari haqida boradi. Hududning geografik manzarasini
bayon etib: “Sangzor vodiysidan sharqqa tomon tog‘larda 40 ga yaqin qishloq bo‘lib,
ular hozirgacha mustaqil bekliklarni tashkil etadi: Urmitan (bek – Abdulg‘affor),
O‘razminor (bek – Ibodullo) va Machin (bek – Shoh). Samarqand shahrini
egallagunimizga qadar ular Buxoro xonligiga qarar edi. Endi Buxoro hududlaridan
ajralib qolgan bu bekliklar rus hududlariga ham qo‘shilmasdan amalda monarxik
respublikalar bo‘lib qolmoqdalar. Beklar amirga to‘lovlar to‘lashmaydi”, - deb xabar
qiladi. Polkovnik ushbu hududlarda joylashgan aholining rus hududlariga bo‘lgan
xavfi kuchli ekanligini hamda “Xo‘jand uyezdi boshlig‘ining rasmiy ma’lumotlariga
qaraganda Machindan O‘ratepagacha bo‘lgan tog‘li yo‘lda butun yoz davomida, ko‘p
miqdordagi qurollangan guruhlar paydo bo‘lganligini” alohida uqtiradi (O‘zMA, 1-
fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jild).

Ushbu bekliklarni egallash uchun “Jizzaxdan Sangzorga ikki kolonna jo‘natib,
ularning birini Urmitanga, ikkinchisini esa, O‘ratepa orqali Machinga jo‘natish”
taklifini ilgari surgan polkovnik Nosovich “ikkita tog‘ artilleriyasi 10 kun davomida
ushbu hududlarni egallashi va rus quroliga hech qanday qarshilik bo‘lmasligini”
avvaldan bashorat qiladi.

Uyezd boshlig‘i bu yerlar haqida yaxshi ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun
shtabga o‘sha yilning 18-noyabrida tuzilgan Sangzor vodiysi xaritasini ham jo‘natgan.
Xarita rangli bo‘lib, masshtabi 10 verstli ingliz dyumida ishlangan. Jizzax va 10 ta
tuman hududlari eng katta qal’alar mavjud shaharlar birmuncha yirik to‘q bo‘yoqli
harflarda, qishloqlar esa kichik harflar bilan qayd etilgan.

Jizzax qal’asi yaqinida “Klyuchevoy” degan yozuv bo‘lib, bu harbiylarning hal
qiluvchi marralari shu yerda ekanligidan darak beradi. Qal’a-shaharlarga Oqqo‘rg‘on,

Urgut, Yangiqo‘rg‘on, Urmitan, Zomin, Nav, O‘ratepa, Panjikent kirgan (O‘zMA, 1-
fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jild).

Xaritada Samarqand shahri aks etmagan bo‘lsa-da, Samarqand, Jizzax, Urgut,
Shahrisabz va Panjikentga eltuvchi yo‘llar belgilab ko‘rsatilgan. Samarqanddan
Jizzaxga boruvchi yo‘l Zarafshon daryosidan so‘ng boshlangan.

Xaritaning janubiy qismida Urmitan bekligi va unga qarashli 10 ta qishloq:
Dardor, Ishqador, Xareyshakon, Irantishon, Choramakor, Fon, Migdana, Yari,
Dashqochi, Maydana ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, O‘razminor va Machin bekligiga qarashli
qishloqlarning sonigina berilgan (O‘razminorda 5 ta qishloq, Machinda 15 ta qishloq)
(O‘zMA, 1-fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jilddagi xarita).

XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqoridagi kartografik manbalar orqali XIX asr ikkinchi yarmiga oid Turkiston
tarixining siyosiy-harbiy, iqtisodiy, tabiiy, etnik va shaharlar topografiyasi bo‘yicha
faktik ma’lumotlarni qo‘lga kiritish mumkin. Mazkur tarixiy xaritalar yozma manbalar
va tarixiy adabiyotlarni to‘ldiribgina qolmay, bu davr tarixini o‘rganishda birlamchi
manba bo‘lib ham xizmat qiladi.
Shu jihatdan:
1. O‘rta Osiyo hududi aks ettirilgan xaritalardagi joy nomlari (toponimika), bezak
(tasvir, rang)lariga doir geografiya, filologiya, san’atshunoslik bo‘yicha alohida ilmiy
tadqiqotlar yaratish;
2. “O‘zbekiston tarixiy atlasi” va Respublikaning tarix, o‘lkashunoslik muzeylari
fondlari eksponatlarini tarixiy xaritalar bilan boyitish va ularni keng ommalashtirish
dolzarb hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Терентьев М.А. (1906) Карты и планы к истории завоевания Средней
Азии. – СПб.: Тип. Лит. В. Комарова.
2. Ўзбекистон давлатчилиги тарихи очерклари. – Тошкент: “Шарқ”, 2001.
3. Гродеков Н.И. (1883) Хивинский поход 1873 года. – СПб.
4. Гейсман П. (1907) Михаил Дмитриевич Скобелев. Очерки военной и
государственной деятельности // “Военный сборник”. №6.
5. Гальков Ч.В. (1956) Триангуляционные работы в Средней Азии //
Известия Узбекистанского филиала Географического Общества СССР. Т. II. –
Ташкент: Изд-во АН УзССР.
6. O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 549-yig‘ma jild.
7. Гальков Ч.В., Раҳимбеков Р.У., Югай Р.Л. (1975) Ўзбекистон карталари.
– Тошкент: “Ўқитувчи”.
8. Туркистон чор Россияси мустамлакачилиги даврида. Ўзбекистоннинг
янги тарихи. I жилд. – Тошкент: “Шарқ”, 2000.

9. Гвоздецкий Н.А., Федчина В.Н., Азатьян А.А., Донцова З.Н. (1964)
Русские географические исследования Кавказа и Средней Азии в ХIХ – начале
XX в. – Москва: “Наука”.

10. Черданцев Г.Н. (1950) Из истории русских географических открытий и
исследований в Средней Азии // Труды Московского института инженеров
геодезии, аэрофотосъемки и картографии. Вып. 5. – Москва: Геогдезиздат.

11. Северцов Н.А. (1872) Об орографии Средней Азии. // Известия
Императорского Русского Географического общества. Т. VIII. №1.

12. Северцов Н.А. (1860) Месяц плена у кокандцев. С картою низовьев
Сырь-Дарьи. – СПб.

13. Каульбарс А.В. (1875) Материалы по географии Тянь-Шанья, собранные
во время путешествие в 1869 г. // Записки Императорского Русского
Географического общества. Т. V.

14. Федченко А.П. (1950) Путешествие в Туркестан. – Москва: Географгиз.
15. O‘zMA, I-36-fond, 1-ro‘yxat, 483-yig‘ma jild.
16. Семенов П.П. (1896) История полувековой деятельности
Императорского Русского географического общества. Ч. 2. – СПб.
17. Мушкетов И.В. (1915) Туркестан. Т. I. Изд. 2. – Петроград.
18. Топографические сведения о Красноводске и ближайших к нему
местностях о пути пройденном при рекогносцировках 1869 по март 1870 //
Известия Императорского Русского Географического общества. Т. VI. 1870, №
1-8.
19. Атлас к X книжке Кавказского отдела императорского Русского
Географического общества. – Тифлис, 1879. Карта №1.
20. O‘zMA, 5-fond, 1-ro‘yxat, 3405a-yig‘ma jild.
21. Чабров Г.Н. (1957) Русские поселения между Оренбургом и Ташкентом
в ХIХ – начале XX вв. (1824–1917) // Труды САГУ. Вып. XС. Исторические
науки. – Ташкент: Изд-во САГУ.
22. Россия. Полное географическое описание нашего отечества. Под ред.
В.П. Семенова-Тянь-Шанского. – СПб.: Изд. А.Ф. Девриена, 1913.
23. O‘zMA, 517-fond, 2-ro‘yxat, 17-yig‘ma jild.
24. O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 517-yig‘ma jilddagi xarita.
25. Гродеков Н.И. (1889) Киргизы и каракиргизы Сырь-Дарьинской области.
– Ташкент.
26. O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 549-yig‘ma jild.
27. O‘zMA, 126-fond, 1-ro‘yxat, 72-yig‘ma jild.
28. O‘zMA, 1-fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jild.
29. O‘zMA, 1-fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jilddagi xarita.

REFERENCES:
1. Terentyev M.A. (1906) Karti i plani k istorii zavoyevaniya Sredney Azii. –
SPb.: Tip. Lit. V. Komarova. (In Russian)
2. O‘zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari. – Toshkent: “Sharq”, 2001. (In
Uzbek)
3. Grodekov N.I. (1883) Xivinskiy poxod 1873 goda. – SPb. (In Russian)
4. Geysman P. (1907) Mixail Dmitriyevich Skobelev. Ocherki voyennoy i
gosudarstvennoy deyatelnosti // “Voyenniy sbornik”. №6. (In Russian)
5. Galkov Ch.V. (1956) Triangulyatsionniye raboti v Sredney Azii // Izvestiya
Uzbekistanskogo filiala Geograficheskogo Obshyestva SSSR. T. II. – Tashkent: Izdvo AN UzSSR. (In Russian)
6. O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 549-yig‘ma jild. (In Uzbek)
7. Galkov Ch.V., Rahimbekov R.U., Yugay R.L. (1975) O‘zbekiston kartalari. –
Toshkent: “O‘qituvchi”. (In Uzbek)
8. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. O‘zbekistonning yangi
tarixi. I jild. – Toshkent: “Sharq”, 2000. (In Uzbek)
9. Gvozdeskiy N.A., Fedchina V.N., Azatyan A.A., Donsova Z.N. (1964)
Russkiye geograficheskiye issledovaniya Kavkaza i Sredney Azii v XIX – nachale XX
v. – Moskva: “Nauka”. (In Russian)
10. Cherdansev G.N. (1950) Iz istorii russkix geograficheskix otkritiy i
issledovaniy v Sredney Azii // Trudi Moskovskogo instituta injenerov geodezii,
aerofotosyemki i kartografii. Vip. 5. – Moskva: Geogdezizdat. (In Russian)
11. Seversov N.A. (1872) Ob orografii Sredney Azii. // Izvestiya Imperatorskogo
Russkogo Geograficheskogo obshyestva. T. VIII. №1. (In Russian)
12. Seversov N.A. (1860) Mesyas plena u kokandsev. S kartoyu nizovyev Sir-
Daryi. – SPb. (In Russian)
13. Kaulbars A.V. (1875) Materiali po geografii Tyan-Shanya, sobranniye vo
vremya puteshestviye v 1869 g. // Zapiski Imperatorskogo Russkogo
Geograficheskogo obshyestva. T. V. (In Russian)
14. Fedchenko A.P. (1950) Puteshestviye v Turkestan. – Moskva: Geografgiz.
15. O‘zMA, I-36-fond, 1-ro‘yxat, 483-yig‘ma jild. (In Russian)
16. Semenov P.P. (1896) Istoriya poluvekovoy deyatelnosti Imperatorskogo
Russkogo geograficheskogo obshyestva. Ch. 2. – SPb. (In Russian)
17. Mushketov I.V. (1915) Turkestan. T. I. Izd. 2. – Petrograd. (In Russian)
18. Topograficheskiye svedeniya o Krasnovodske i blijayshix k nemu
mestnostyax o puti proydennom pri rekognossirovkax 1869 po mart 1870 // Izvestiya
Imperatorskogo Russkogo Geograficheskogo obshyestva. T. VI. 1870, № 1-8. (In
Russian)

19. Atlas k X knijke Kavkazskogo otdela imperatorskogo Russkogo
Geograficheskogo obshyestva. – Tiflis, 1879. Karta №1. (In Russian)

20. O‘zMA, 5-fond, 1-ro‘yxat, 3405a-yig‘ma jild. (In Uzbek)
21. Chabrov G.N. (1957) Russkiye poseleniya mejdu Orenburgom i Tashkentom
v XIX – nachale XX vv. (1824–1917) // Trudi SAGU. Vip. XS. Istoricheskiye nauki.
– Tashkent: Izd-vo SAGU. (In Russian)
22. Rossiya. Polnoye geograficheskoye opisaniye nashego otechestva. Pod red.
V.P. Semenova-Tyan-Shanskogo. – SPb.: Izd. A.F. Devriyena, 1913. (In Russian)
23. O‘zMA, 517-fond, 2-ro‘yxat, 17-yig‘ma jild. (In Uzbek)
24. O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 517-yig‘ma jilddagi xarita. (In Uzbek)
25. Grodekov N.I. (1889) Kirgizi i karakirgizi Sir-Darinskoy oblasti. – Tashkent.
(In Russian)
26. O‘zMA, 17-fond, 2-ro‘yxat, 549-yig‘ma jild. (In Uzbek)
27. O‘zMA, 126-fond, 1-ro‘yxat, 72-yig‘ma jild. (In Uzbek)
28. O‘zMA, 1-fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jild. (In Uzbek)
29. O‘zMA, 1-fond, 34-ro‘yxat, 37-yig‘ma jilddagi xarita. (In Uzbek)